Foto: Xolida Musulmon
"Hayratlanmasa, odam muzeyni unutadi"
Toshkentdagi Qovoq uy-muzeyi va uning asoschilari haqida
Toshkentda qariyb 20 yildan beri Qovoq uy-muzeyi ishlaydi. Unga sobiq pedagoglar Baxtiyor va Dildora Po'latovlar asos solgan. Bu yerda qovoqning 50 dan ortiq turi bor, mahorat mashg'ulotlari o'tkaziladi, qo'g'irchoq teatrlari qo'yiladi. "Gazeta.uz" asoschilar bilan muzeyning yaratilish tarixi, uning xizmatlari va o'ziga xos bolalar bilan ishlash haqida suhbatlashdi.
Toshkentda qariyb 20 yildan beri Qovoq uy-muzeyi ishlaydi. Unga sobiq pedagoglar Baxtiyor va Dildora Po'latovlar asos solgan. Bu yerda qovoqning 50 dan ortiq turi bor, mahorat mashg'ulotlari o'tkaziladi, qo'g'irchoq teatrlari qo'yiladi. "Gazeta.uz" asoschilar bilan muzeyning yaratilish tarixi, uning xizmatlari va o'ziga xos bolalar bilan ishlash haqida suhbatlashdi.
Toshkentdagi Qovoq muzeyi haqida ko'pchilik bilmaydi. Bo'yab-chizilgan qovoqlar va qo'lda yasalgan qo'g'irchoqlar bilan yorqin bezatilgan eski uy-muzey Mirzo Ulug'bek tumanidagi Sultoniya ko'chasi 62-uy manzilida joylashgan. Muzeyga kirish joyida somon tuya qorovullik qiladi, uning qovoqdan yasalgan xonimi esa mehmonlarni tabassum bilan kutib olib, peshtoqiga qovoqlar osilgan darvozaga taklif qiladi.
Muzeyga tug'ma pedagoglar hisoblangan Baxtiyor va Dildora Po'latovlar asos solgan. Muzeyni ochishga qadar oila boshlig'i Mirzo Ulug'bek tumanidagi 65-maktabda fizikadan, uning rafiqasi esa matematikadan dars bergan.

Avvalboshi muzeyda qovoq degan narsa yo'q edi. Ekspozitsiya Baxtiyor Po'latov o'zi juda qiziqqan va ko'p yillar davomida to'plagan antikvariatdan iborat edi. Bu eski buyumlar Baxtiyor aka tomonidan yo tasodifan topib olingan, yo tanish-bilishlar va eski-tuskilar sotiladigan bozorlardan xarid qilingan edi.
"Dildora Rahimovnaga bu borada hech narsa demaganman. O'zimning yig'ib-tergan pullarim bor edi", — deya eslaydi Baxtiyor aka.

Shunday qilib, ikkiminginchi yillarning o'rtalarida bugun yetti xonani egallagan muzeyning xonalaridan biri ilk bor dazmollar, lampa (chiroq)lar, ko'zalar, qurilish asbob-uskunalari kabi eski buyumlar bilan to'ldirilgan. Dildora Po'latovaning aytishicha, odamlar o'z xohishi bilan narsalarni olib kelib, darvoza oldida qoldirib keta boshlagan. Ba'zi buyumlarning egalari kim ekanini Baxtiyor aka ham, Dildora opa ham bilmaydi.
"Bu narsalar — dazmollar, randa, arra qanday ishlashini; odamlar elektr paydo bo'lguniga qadar qanday yashaganini ko'rsatib berardik, — deydi Baxtiyor Po'latov. — Boshqa muzeylarda hamma narsa oyna ortida, hech narsaga teginib bo'lmaydi. Bizning muzeyimiz esa interfaol".

Bir kuni muzey mehmonlaridan biri Baxtiyor aka va Dildora opaga to'rtta qovoq (suvqovoq) sovg'a qiladi. Avvaliga ularni eksponat sifatida qo'yishadi, ammo keyinroq mehmonlar bu qovoqni urug'idan undirish mumkinligini Po'latovlarga tushuntiradi. Shu tariqa oila o'simlikshunoslik bilan ham shug'ullana boshlaydi.
реклама
реклама
Po'latovlar qovoqlarning tanovul qilish mumkin bo'lgan va dekorativ turlarini shundoqqina muzey ekinzorida yetishtiradi. Qovoqni ekishga yil bo'yi tayyorlanishadi: urug'larni undirishadi, so'ng oldindan yaxshilab ishlanib, to'yintirilgan tuproqqa o'tqazishadi. Kuzga borib hosilni yig'ib olishadi. Qovoqlarning shakli qiziqarliroq chiqishi uchun ba'zida qovoqqa "baklajka" ham kiydirib qo'yishadi. Muzeyda etik ichida o'sgan qovoq shakllari ham bor.

"Qadimda bunday qovoqlardan idish sifatida foydalanilgan, — deydi Dildora Po'latova. — Ehtiyotlab ishlatilsa, qovoq idishlar yuz yillab saqlanishi mumkin".
Bugun uy-muzeyda 50 turga oid 1000 dan ortiq qovoq bor. Ular orasida yo'qolib borayotgan turlarni ham uchratish mumkin. Dildora opaning ta'kidlashicha, kelayotgan mehmonlarni kamyob turlar bilan tanishtirish — oilaning asosiy maqsadlaridan biri.

Bu g'aroyib joyga nomni esa oilaning mehmonlari o'ylab topgan.

"Odamlar har joyda suratlarni e'lon qilib, bu Qovoq uy-muzeyi deb gapirib yurishdi. Shuning uchun ham biz nomni xalqning o'zi qo'ygan, deymiz", — hikoya qiladi Baxtiyor Po'latov.
Er-xotin qovoqlardan qo'g'irchoqlar va bezak buyumlar yasaydi. Muzey ustaxonasida qovoqlar bo'yaladi, ularga har xil suratlar solinadi, qo'g'irchoqlarga kiyimlar tikiladi.

Baxtiyor Po'latovning aytishicha, qovoqlar o'ziga o'zi surat tanlaydi. Biror bir qovoq osma bezak bo'ladimi, qo'g'irchoqqa yo qandaydir afsonaviy qahramonga aylanadimi — buni uning shakli "aytadi".

"Bu xuddi yangi odamni yasashdek gap. Alohida san'at, — deydi Baxtiyor aka. — Bir qovoqni uch-to'rt kunda chizib, bo'yab tashlashing mumkin, boshqa birini tayyor holga keltirishingga to'rt yil ham vaqt ketishi mumkin. Bir safar bir qovoqqa qanday surat solishni bilmay, ancha boshim qotgan. Keyin xotinim meni kartoshka olib keling deb bozorga jo'natganida, u yerda bir polvonni ko'rdim — uning ko'zi, mo'ylovi meni shunday ilhomlantirdiki, uyga kelishim bilan chizib tashladim".
Po'latovlar o'zini muzey tashrifchilariga o'zbek madaniyatini tanishtiryapmiz, deb hisoblaydi. Qo'g'irchoqlar, eski buyumlar va qurilish asboblaridan tashqari muzey egalari ixtiyorida musiqa asboblari va milliy liboslar ham bor. Faqat, boshqa muzeylardan farqli o'laroq, bu yerda barcha buyumlarni qo'l bilan ushlash, kiyib ko'rish, qo'g'irchoqsoz usta bo'lish, taxtaga randa bilan ishlov berish, childirma yo tor chalish mumkin.

"Biz odamlar hammasini sinab ko'rishlarini istaymiz, chunki bu buyumlar, anjomlarni o'zlari ham ishlata olishlarini bilib, hayratlanishadi. Hayrat xotirada qoladi. Shu tariqa ular bizni eslab qolishadi. Agar hayratlanish bo'lmasa, odamlar muzeyni unutadi", — deb hisoblaydi Baxtiyor Po'latov.
реклама
реклама
Muzey tashrifchilari uchun maxsus dastur tayyorlangan. Dastlabki xonalarda mehmonlarga odam bo'yi keladigan qovoq-qo'g'irchoqlar ko'rsatiladi. So'ng Baxtiyor Po'latov ularni doira, rubob, tor va dutor ovozlari bilan tanishtiradi. Keluvchilarning asosiy qismi bolalar bo'lgani uchun ularga bu musiqa asboblari qay tariqa tayyorlanishi, qanday qismlardan iborat bo'lishi tushuntiriladi.

"Bularning barini ko'rsatishimizdan maqsad, milliy musiqa asboblarimiz ham yo'qolib boryapti, — deydi Baxtiyor aka. — Hozir hamma san'atkorlar „fleshka" bilan ishlaydi. Biz esa qadriyatni qayta tiklayapmiz. Bularni yoshlarga o'rgatmasa, hammasi unutiladi, yo'qoladi. Biz shu narsalarning bariga ikkinchi umr beryapmiz".
Ular bolalarga o'zbek xalq ertaklari asosida qo'g'irchoq teatrlari qo'yib berishadi, bolalar bilan birga guruh bo'lib o'yinlar o'ynashadi, jahon xalqlari musiqalari sadolari ostida birga-birga raqsga tushishadi. Ular, yoshlari katta bo'lsa-da, sidqidildan, bor kuchlari harakat qilishadi va shuning uchun ham, Dildora opaning so'zlariga ko'ra, bunday dastur pensionerlarning ko'p kuchini olib qo'yadi.

"Bolalar bilan tengma-teng o'ynab, sakrab raqsga tushish uchun katta kuch kerak, — deydi u. — Lekin bolalar bilan ishlash bizga qiyin emas. Biz darhol ularning xarakterini bila olamiz, ular bilan til topishish biz uchun oson".
Po'latovlarning hayotida alohida e'tiborga muhtoj bolalar muhim o'rin tutadi. Oila alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 105-maktab-internat bilan hamkorlik qiladi. Muassasa xodimlari o'quvchilarni bu muzeyga muntazam olib kelishadi. Po'latovlar bolajonlar uchun mahorat mashg'ulotlari o'tkazadi, bayramlarda esa mehmon bo'lib maktab-internatga ham borishadi. Masalan, Yangi yil bayramida Baxtiyor aka Qorbobo libosini kiyib, bolalarga bayram tomoshalarini ko'rsatadi. Sovg'alarni esa maxsus maktabni otaliqqa olgan Toshkent davlat agrar universiteti ajratgan mablag' hisobidan sotib olishadi.

Dildora opaning so'zlariga ko'ra, ular muzeyga asos solingan vaqtdan bolalar bilan ishlab kelishadi. Masalan, boshida mehribonlik uylarining, shuningdek, nogironligi bor bolalar uchun ixtisoslashtirilgan muassasalarning tarbiyalanuvchilari ko'p mehmon bo'lardi. Karantinga qadar Po'latovlar eshitishida nuqsoni bor bolalarning 101-maxsus maktabi o'quvchilarini ko'proq qabul qilishardi. Ular bilan ishlash uchun surdo-tarjimon kerak bo'lardi.

"Keyin ularning eski o'qituvchilari pensiyaga chiqib ketdi, yangilari esa biz haqimizda bilmaydi", — deydi Dildora opa.
Baxtiyor Po'latovning qayd etishicha, 105-maktab o'quvchilarining ma'lum bir o'ziga xosliklari borligi sabab, ular san'at, go'zallik va umuman dunyoni boshqacharoq idrok etadi. Ular birdan ashula aytib yuborishi, xursand bo'lib ketishi mumkin.

"Bizning muzeyimizni aynan ular yaxshiroq tushunadi, — deya tushuntiradi Dildora opa. — Bizda bolalar mahorat mashg'ulotlarida o'z qo'llari bilan nimalardir qilishi mumkin. Shu tariqa ularda motorika rivojlanadi, o'z-o'zidan miya ham yaxshiroq ishlay boshlaydi".
реклама
реклама
Po'latovlar mahorat mashg'ulotlarini o'tkazish va bu mashg'ulotlarda kerak bo'ladigan materiallar uchun internatdan pul olmaydi. Bunday qilish mumkin emas, deydi Dildora opa.

"Bizda boyib ketish majburiyati o'yq. Biz sobiq o'qituvchilarmiz-ku. Biz shu ishlarimiz bilan alohida e'tiborga muhtoj bu bolalarning o'sishiga o'z hissamizni qo'shamiz, — deya qo'shimcha qiladi u. — Hozir ayrim maktablarda bunday bolalar sog'lom hisoblanadigan bolalar bilan birga o'qiyapti. Avvallari bizda ularni ajratib qo'yishardi. Inklyuzivlik, ehtimol, biroz qiyinroq narsa bo'lishi mumkin, ammo u boshqa bolalarni ham o'ziga xoslarni hurmat qilishga o'rgatadi, ularda hamdardlik hissi va yordamga shaylik hislarini kuchaytiradi. Ularni ajratib qo'ysang, sog'lom bolalar alohida e'tiborga muhtoj tengdoshlariga boshqacharoq qaraydi, ulardan qo'rqadi ham".

O'quv yili oxirida internatda boshqa maktablarda o'tkazilmaydigan mehnat kuni nishonlanadi. Muzeydagi mahorat mashg'ulotlari va umuman muzey ish faoliyatining o'ziyoq maktab bitiruvchilarining kasb tanlovi borasidagi ishlarini yengillashtirishi mumkin, deb hisoblaydi Dildora Po'latova.
Muzeyda kattalar va uch yoshdan katta bolalar uchun mo'ljallangan pulli mahorat mashg'ulotlari ham bo'ladi. Bunday mashg'ulotlarni oila oldindan buyurtma asosida o'tkazadi. Bir guruhda 30 nafargacha odam qatnashishi mumkin. Manzarali qovoqlarga chizishdan tashqari mashg'ulot ishtirokchilari hajmli kompozitsiyalar ham yasashi mumkin. Mahorat mashg'ulotlarining narxi 10 ming so'mdan 40 ming so'mgacha boradi.

Bundan tashqari, tashrifchilarni choy va shirinliklar bilan ham siylashadi. Muzeyda turli suvenirlar — chizilgan qovoqlar, dekorativ panno va sopol magnitlar ham sotib olish mumkin. Ularni ham Po'latovlarning o'zi tayyorlagan.
Qovoq uy-muzeyiga har yili 3000 ga yaqin odam keladi. Bu joy sayyohlar orasida ayniqsa mashhur. Muzey ish kunlari soat 10:00 dan 18:00 ga qadar, dam olish kunlari esa 11:00 dan 17:00 ga qadar ishlaydi.
Suratlar muallifi: Xolida Musulmon / "Gazeta.uz".
Matn muallifi: Umida Ergasheva / "Gazeta.uz".

Matn va barcha grafik materiallarga bo'lgan huquqlar "Gazeta.uz" nashriga tegishli. "Gazeta.uz" internet-nashrida e'lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O'z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.
Made on
Tilda