Foto: Mumtozbegim / PressPhoto.Uz
Erkinlik festivali
Ochiq osmon ostidagi 16 ta jaz konserti qanday qilib Toshkentni erkinroq qilgani haqida
Madaniyat va sa’natni rivojlantirish jamg‘armasining Toshkentdagi Xalqaro jaz festivali barcha konsertlarini ochiq havoda o‘tkazish tashabbusi shaharliklarga o‘zlarining yashirin jihatlarini kashf etish imkonini berdi. Bunday tadbirlar nimasi bilan muhim va qanday qilib ularni yanada yaxshiroq qilish mumkin — Sabina Bakayeva shu haqda mushohada yuritadi.
Madaniyat va sa’natni rivojlantirish jamg‘armasining Toshkentdagi Xalqaro jaz festivali barcha konsertlarini ochiq havoda o‘tkazish tashabbusi shaharliklarga o‘zlarining yashirin jihatlarini kashf etish imkonini berdi. Bunday tadbirlar nimasi bilan muhim va qanday qilib ularni yanada yaxshiroq qilish mumkin — Sabina Bakayeva shu haqda mushohada yuritadi.
Nolinchi yillarning boshida pochcham — hozirda Navoiy teatri simfonik orkestrining eng keksa sozandasi — G‘afur G‘ulom nomidagi bog‘da pensionerlar uchun valslar chalardi. Bunday kamer konsertlar yilning iliq davrida, shanba kunlari qo‘yilardi. Bola chog‘im ko‘pincha bir-biriga notanish bu keksa kishilarning kursida o‘tirgan mashshoqlar oldida taxtasupaga chiqib, raqsga tushishini tomosha qilishni yaxshi ko‘rardim. Bu jarayonda erkinlik shu qadar ko‘p ediki, bunaqasini hozir Toshkentning ko‘chalari tugul parklarida ham tasavvur qilolmaysan.
Kristofer Aleksanderning shaharlarni loyihalashtirishga bag‘ishlangan “Qoliplar tili” (“A Pattern Language”) kitobida alohida bir bob ko‘cha raqslariga bag‘ishlangan. Uning yozishicha, qachonlardir butun Yer yuzidagi odamlar ko‘chalarda raqsga tushardi. Insonning bu harakatdagi erkinlik darajasi eng katta quvonchni o‘zida ifoda etadi. Ko‘chada raqsga tushish an’anasi hozir ham butun dunyoda saqlanib qolgan, ammo “dunyoning „zamonaviy“ tamaddun qaror topgan va murakkab texnologiyalar paydo bo‘lgan qismlarida bu an’analar o‘ldi”, deb yozadi muallif. Bunday joylarda odamlar o‘zini ko‘chada o‘ng‘aysiz, noqulay his qiladi. Bunday siqiqlik Toshkent ahliga ham xosmi yo yo‘q?
Xalqaro jaz festivalidagi “yopiq” holatdagi tomoshabinlar.
Foto: Husniddin Ato / PressPhoto.uz
2023-yilning bahorida (tosdagi) bloklarni yechish bo‘yicha raqsli retrit (uzlat)larning birida belaruslik muhojirdan o‘zim uchun hayratlanarli bir fikrni eshitdim. Yosh raqqosa boshqa hech bir joyda raqs orqali o‘z his-tuyg‘ularini ifodalashda Toshkentdagichalik siqiqlikni his qilmagani haqida gapirgandi. Bunday tanqidiy fikr o‘zbekistonliklarga yoqmasligi mumkin, shuning uchun ham u qizning mulohazalarini sizga batafsilroq yetkazaman. Uning so‘zlariga ko‘ra, sayohatlar vaqtida u har doim ko‘chada — hatto musiqa bo‘lmasa ham yoki qulog‘ida quloqchini bilan ham — erkin raqsga tusha olgan. Ammo Toshkentda ayol kishining raqsi muqarrar yomon ma’noda qabul qilinishini payqagan. Kutilmagan joyda raqsga tusha boshlasa, ayol o‘zini xavfsiz his qila olmaydi. Erkaklar esa raqsga tushmaydi, chunki madaniyat “kuchli jins vakillari”ning nozik hissiyotlarni ifoda etishini ma’qullamaydi. Shunday qilib, raqs uchun hammaga tushunarli sabab (toki chetdan qaraganlar seni tentak deb o‘ylamasin), musiqa, makon va fursat kerak.
реклама
реклама
Raqsga tushish toshkentliklar uchun naqadar og‘irligiga 26-apreldan 12-mayga qadar YUNESKO shafeligida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan o‘tkazilgan VIII Xalqaro jaz festivalida jonli guvoh bo‘ldim (va o‘zim ham shunday shaharliklardan biri edim). Bu yil 16 ta bepul konsert Xalqaro forumlar saroyi oldidagi maydonda, ochiq havoda bo‘lib o‘tdi. Jahonga mashhur guruhlarning chiqishlariga Toshkentning havosi yoqimli, daraxtlari gullagan maftunkor bahori va shahar ahlining ko‘tarinki kayfiyati hamroh bo‘ldi. Shuncha rag‘batga qaramay, tomoshabinlar ko‘pincha, ayniqsa, festivalning dastlabki kunlari juda og‘irkarvonlik qildi. Ammo, tanani musiqaga hamohang yengil qimirlatib turish yoki oyoqni qo‘shiq maromiga moslab yerga urish ortida ko‘pincha bazo‘r ushlab turilgan raqsga tushish istagi yashirin ekanini sezmaslik mumkin emasdi.

Omma raqsga tushishdan uyalayotgani haqida fikrimga fotosuratchi va fotojurnalistika o‘qituvchisi Husniddin Ato ham qo‘shildi — men undan o‘z talabalari bilan birga jaz festivali qanday qilib shaharliklarni turli keraksiz, cheklovchi o‘y-fikrlardan ozod qilayotganini ko‘rsatuvchi fotosuratlar olib berishni iltimos qilgandim. Ammo kamera tinglovchilarning sezilar-sezilmas harakatlarini aks ettirolmasdi. Tanishlar esa bu “uyat hissi”ni biror qadah “qonni qizdiruvchi” ichimliksiz yengib o‘tish qiyinligi necha bor aytdi.
Foto: Samira Hojimurotova / PressPhoto.uz
Festivalning keyingi kunlari esa odamlarga shunchaki biroz vaqt kerakligini tasdiqladi. Toshkentliklar tadbirga chuqurroq kirib borganlari sari shunchalik erkinroq ham bo‘lishdi. Tadbir ayni avjiga chiqqan pallada esa, festivalning avvalgi mavsumlarida bo‘lgani kabi, poytaxt markazida odatda uning ko‘chalarida uchramaydigan Toshkentni ko‘rish mumkin edi.
Shahar ahli Forumlar saroyining orqa tarafidagi maydonchaga Istiqbol va Maxtumquli ko‘chalaridagi qo‘riqlanadigan ramkalar orqali kirardi. Ko‘pchilik piyoda yoki jamoat transporti va taksida kelayotganga o‘xshardi, chunki konsert maydoni atrofidagi mashinalar soni boshqa vaqt qanday bo‘lsa, festival kunlari ham shunday edi. Tomoshabinlarning bir qismi velosipedlarda keldi. Maydonning ikki chetiga o‘rnatilgan to‘siqlar velosiped qo‘yish uchun yaxshi joy bo‘ldi (lekin bu shaharning veloturargohlarga bo‘lgan ehtiyojini bekor qilmaydi, albatta).

Afsuski, 2023-yilgi festivaldan farqli o‘laroq, qo‘riqchilar bu safar odamlarga sahnaning ikki tomonidagi maysazorga chiqishni taqiqladi. Maysazorning muqaddaslashtirilishi va undan foydalanishni taqiqlashni hech tushunib bo‘lmaydi. Shu bois odamlar atrofdagi bordyurlarning har bir bo‘sh parchasini to‘liq egalladi. Yo‘l va trotuar orasidagi tor yashil yo‘lakka bolalar uchun yoga gilamchalarini to‘shadi. Mahallalar uyushmasining zinalariga o‘tirishdi — bu tashkilot xodimlari hech bo‘lmasa o‘z mahalladoshlari uchun stullar olib chiqib bersa bo‘lardi, lekin bunday qilishmadi. Ba’zilar o‘zi bilan sayohat o‘rindiqlarini olib keldi, boshqalari gilamchalarini shundoq asfaltga to‘shab o‘tiraverdi. Bularning barchasi shundan dalolatki, hatto open-air konsertlarda ham o‘tirish joylari, hech bo‘lmasa xarrak (skameyka)lar bo‘lishi kerak.

Kattalar jahon jaz yulduzlarini tinglayotgan vaqtda, bolalar yo‘lning kichik bir bo‘lagida yugurib, o‘ynardi. Ular bo‘r bilan asfaltga suratlar soldi, samokat va roliklarda uchdi va, serhijolat kattalardan farqli o‘laroq, hech uyalmay kulgili raqslarga ham tushdi.
Kristofer Aleksander atrofdagi muhit odamlarda raqsga tushish istagi shakllanishiga yoki, aksincha, shunday istak shakllanmasligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladi, deb yozadi. Uning ta’kidlashicha, muhitning o‘zgarishi vaziyatni ham darhol o‘zgartirib yubora olmaydi, lekin o‘zgarishlar sodir bo‘lishi muqarrardir. Kuzatuvlarimga ko‘ra, Toshkentdagi xalqaro jaz festivali uning fikrlarini tasdiqladi. Festival oxiriga yaqinlashavergani sayin toshkentliklar ham yanada erkinroq, madaniy cheklovlar va muhit chegaralaridan yanada mustaqilroq bo‘la bordi. Ko‘pchilik endi shunchaki tebranmas, balki chinakamiga raqs tushar, kular, quvonar, yangi tanishlar orttirardi.
Ammo 12-may kuni, jaz festivali tugashi bilan, shahar yana o‘zining avvalgi maromiga qaytdi. Turgan gapki, shaharda konsertlar bundan keyin ham o‘tkaziladi, ammo ular pullik va yopiq maydonlarda bo‘ladi. Boz ustiga, jazdan farqli o‘laroq, aksariyat konsertlardagi musiqa keng ommaga mo‘ljallanmagan. Jahonning ko‘plab shaharlarida hamma uchun mo‘ljallangan kuy-qo‘shiqlarni ko‘cha mashshoqlari ijro etadi. Ularning ijrosi uchun katta sahnalarning keragi yo‘q, ammo raqs uchun ko‘cha mashshoqlarining bo‘lishi muhim.

“Raqs maydonchalarini tashkil etishning shaharga nima keragi bor?”, degan savol tug‘ilishi mumkin. Edinburg universiteti tadqiqotchisi Idan Chen raqsning terapevtik foydasi va inson salomatligiga ijobiy ta’sirini alohida qayd etadi. Raqs emotsional muammolar yechimi bo‘lishi mumkin, chunki u stressni kamaytirishga yordam berib, yaxshi kayfiyat gormoni hisoblangan serotoninning ko‘paytiradi, deb yozadi Harvard tibbiyot maktabi. Bundan tashqari, tadqiqotchilarning aniqlashicha, raqs demensiyadan aziyat chekayotgan kishilarning kognitiv qobiliyatlariga ham ijobiy ta’sir qiladi — raqs terapiyasi natijasida ularda diqqat-e’tibor (konsentratsiya) va muloqot ko‘nikmalari yaxshilanadi. Raqs terapiyasi shizofreniyaning salbiy simptomlarini ham kamaytirishi aniqlangan. Va oxir-oqibat — raqs shunchaki yoqimli jismoniy mashg‘ulot.
реклама
реклама
Shuning uchun ham Kristofer Aleksander odamlar muhim deb hisoblagan degan joylarda ko‘cha raqslari uchun sharoit tashkil etishni taklif qiladi. Bu — sayr joylari, maydonlar, tungi hordiq markazlari bo‘lishi mumkin. Makonning to‘g‘ri tashkil etilishi odamlarga raqsga tushish istagini qaytarishga va bu odatning chuqur ildiz otishiga, harakatlanish va quvonish xohishini oddiy holga aylantirishga yordam beradi, deydi arxitektor. Shahardagi raqslar uchun musiqachilar joylashadigan taxtasupacha, uning atrofida raqsga tushuvchilar uchun qattiq qoplamali maydon va qo‘shiq eshitib yoki raqsga tushayotganlarni tomosha qilib, shunchaki dam olmoqchi bo‘lganlar uchun o‘rindiqlar qo‘yilsa kifoya. Bunday joyga kichik biznes yeguligu ichimliklari va davlat budjetiga soliqlari bilan o‘z oyog‘i bilan keladi.
Ushbu yechimlarning ayrimlarini Toshkentdagi Xalqaro jaz festivali tashkilotchilari ham qo‘llashi mumkin. Agar festival kelasi yili ham 2024-yilgi joyida bo‘lsa, u holda aynan shahar ahlining soliqlari hisobidan saqlanib, ta’minlanadigan Forumlar saroyi maysazorlariga odamlarning chiqishiga ruxsat bersa arziydi.
Matnni Sabina Bakayeva tayyorladi.
“Gazeta.uz”ga fotosuratlar “PressPhoto.uz” agentligi mualliflari — Mumtozbegim, Gulnoza Shermamatova, Murod Yusuf, Samira Hojimurotova, Xusniddin Ato tomonidan taqdim etildi.

“Gazeta.uz” internet-nashrida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.

Biror qiziqarli voqea yoki hodisani bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? Hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.
Made on
Tilda