Milliy standartlarning zarurati, shuningdek, monitoring ma’lumotlarini qayta ishlashdagi yondashuvlarning turlichaligi bilan izohlanadi. O‘zbekistonda atmosfera havosining ifloslanish indeksi yoki
IZA, AQShda esa — Havo sifati indeksi (Air Quality Index — AQI) amal qiladi.
IZA qanday hisoblanadi? IZA monitoring stansiyasi o‘rnatilgan hudud uchun eng yuqori konsentratsiyaga ega bo‘lgan beshta ifloslantiruvchi modda bo‘yicha hisoblanadi.
Stansiyalar quyidagi moddalarni aniqlaydi: oltingugurt dioksidi, uglerod oksidi, azot dioksidi, azot oksidi, PM10 va PM2,5 muallaq moddalar, ammiak, ozon, fenol va formaldegid.
Indeks moddalarning xavflilik darajasini hisobga oladi va
havoning uzoq vaqt ifloslanish darajasini ko‘rsatadi. Stansiyalar aniqlaydigan barcha moddalar ham indeksda hisobga olinmaydi. IZA ifloslantiruvchi moddani hisobga olishi uchun u bo‘yicha milliy standartlar qabul qilinishi va ularning ruxsat etilgan konsentratsiyalari (REK) belgilanishi kerak. Shu bilan birga, moddalarning sutkalik va bir martalik REKlari farqlanadi.
PM2,5 bo‘yicha milliy standartlar ishlab chiqilmaganligi va REK belgilanmaganligi sababli, monitoring stansiyasi o‘rnatilgan hudud uchun uning konsentratsiyasi eng yuqori bo‘lsa ham, IZA diametri 2,5 mikrometr va undan kichik bo‘lgan chang konsentratsiyasini hisobga olmaydi. Indeks, shuningdek, PM10 qattiq zarrachalarini ham hisobga olmaydi, chunki PM10 uchun 2011-yilda qabul qilingan REK juda yuqori, deydi Bahriddin Nishonov.