Guvohlarning aytishicha, u aslida qancha bino qurganu, qanchadan qancha yaxshilik qilgan — sanab sanog'iga yetib bo'lmaydi. Allaniyaz Uteniyazov unga murojaat qilgan hammaga yordam berishga harakat qilgan. "U har doim insonni tushunishga harakat qilardi. Uning muammolari haqida u bilan birga qayg'urardi. U juda taqvodor, kamtar inson edi va hech qachon o'zini ko'z-ko'z qilmasdi", — deydi Muallimni shaxsan tanigan Kudaybergen Naurizbayev. |
Allaniyaz o'z otasining nasihatini bajardi. U nafaqat hayotini bolalar tarbiyasiga bag'ishladi, balki yetimlarni ham uyiga olib keldi. Urushdan keyin yetimlar shu qadar ko'p ediki, Muallim ular uchun bolalar uyi qurishga qaror qildi. Lekin unga bu ham kamdek ko'rindi. Paxta dalasida ishlab topgan pullariga bolalar uchun mebel va sovg'alar sotib oldi. "Bu bolakaylarning ko'ziga qarash men uchun har doim og'ir. Ostonada paydo bo'lishing bilan, gur etib oldingga yugurib kelishadi, quchoqlab olishadi", — degandi u 1988-yilda bergan intervyularining birida. Nukusdagi 8-sonli maktabga — Allaniyaz Uteniyazov bir umr ishlagan ta'lim muassasasiga kiramiz. Bu — maktabning yangi, 1986-yilda qurilgan binosi. Uning devorlarida — Muallimning portretlari, partalarida esa — Muallimning yaqinda nishonlangan 80 yillik yubileyi munosabati bilan o'quvchilar tomonidan yozilgan insholar. Allaniyaz bu yerda butun faoliyati davomida Qoraqalpog'iston bolalariga ingliz tilidan dars bergan. Bugun esa shu maktabda uning qizi ingliz tili o'qituvchisi. |
Muxbir bilan uchrashuvdan uch yil avval esa Allaniyaz Uteniyazov dardini Qoraqalpog'iston xalq yozuvchisi Tulepbergen Qaipbergenovga ochgandi: "Odamlar nafaqat bo'y-basti bilan, balki, kechirasizu, bag'rining kengligi bilan bir-biridan farq qiladi. Insoniy burchni har kim o'zicha tushunadi. Yozgi ta'til arafasida men pedagogik kengash oldida chiqish qilib, uchinchi brigada haqida gapirdim. U yerda birorta ham tibbiyot punkti, bolalar bog'chasi yo'qligi, zudlik bilan qurish zarurligi, kimda imkon bo'lsa, kelib yordam berishini aytdim. O'qituvchilar bir-biriga qarab, ko'zlarini olib qochishdi... Oxiri hech kim kelmadi ham". |
Muallim Yozuvchiga shunday degandi: "Yozda ishlab tursang, yoningdan direksiyadanmi yo kasaba uyushmasidanmi kimdir o'tib qolardi, to'xtab hol-ahvol ham so'ramasdi. Mabodo kelsa ham, aql o'rgatardi: "Bu ishlarning senga nima keragi bor?", deb. Nima emish, davlatning o'zi eplab olarmish! Qo'shilaman, davlat eplaydi. Lekin davlatning nazari ham birdaniga hammaga yetmaydi. Ehtimol, davlatning ko'magini pishiq-puxtaroq va tutgan joyini qo'yvormaydiganlar olib ketayotgandir. Mana, bizda bir urush nogironi bor edi, uy masalasida rosa yurdi. Bormagan joyi qolmadi — tuman ijroqo'miga chiqdi, tuman rahbarining o'ziga ham chiqdi, hatto respublika Oliy kengashiga ham murojaat qildi — hammasi va'da ketidan va'da berdi. Mening oldimga ham keldi u. Unga uy qurib berdim". |