“Singan buyumlar butun oilamizni boqqan”
Qo‘qonlik chegachi hikoyasi
Gazeta va Uklon’ning hamkorlikdagi “Otameros” loyihasi davom etadi. Zamon taraqqiyoti bilan ahamiyatini yo‘qotib borayotgan eski kasblar va taqdiri shu kasblarga tutash o‘z ishining ustalariga bag‘ishlangan loyiha yana bir qahramon — chegachilikni 12 yoshida boshlagan qo‘qonlik Habibullo Ne’matullayevni kashf etdi.
Gazeta va Uklon’ning hamkorlikdagi “Otameros” loyihasi davom etadi. Zamon taraqqiyoti bilan ahamiyatini yo‘qotib borayotgan eski kasblar va taqdiri shu kasblarga tutash o‘z ishining ustalariga bag‘ishlangan loyiha yana bir qahramon — chegachilikni 12 yoshida boshlagan qo‘qonlik Habibullo Ne’matullayevni kashf etdi.
Ro‘zg‘orda biror idish-tovoq sinib qolgudek bo‘lsa, “kelgan balo-qazo shunga ursin”, deb hatto qadrli bo‘lgan buyumni ham tashlab yuborish odatiy hol bo‘lib qolgan. O‘rniga yangisini xarid qilish yaxshiroq bo‘lganigami yoki bir zamonlarda bo‘lgani kabi siniq idishlarni yamatib ishlatish malol kelgani uchunmikin, shu ish bilan shug‘ullanuvchilar — chegachilarga ham ish qolmadi hisob.

Gazeta va Uklon hamkorlikda tayyorlayotgan “Otameros” loyihasining bu galgi soni singan, darz ketgan chinni idishlarni qayta tiklovchi usta — chegachi haqida.
Hunarmandlar zamini atalmish Qo‘qonda ajdodlardan meros qolgan kasb — chegachilik sir-asrorlarini asrab-avaylab kelayotgan bir oila bor. 70 yoshni qarshilayotgan Habibullo Ne’matullayev chegachilikni otasi Ummatillo Ne’matullayevdan, otasi esa amakisi Baxtiyor akadan o‘rgangan.
“Baxtiyor amakim chegachilikni kim yo qayerdan o‘rgangani ma’lum emas. Ma’lumi shuki, u kishi xushovoz xonanda va mohir sozanda ham bo‘lib, kechki mahal Vodilda, Qirg‘izistonning ko‘p qishloqlarida odamlarning to‘ylarini o‘tkazib, kunduzi chegachilik qilarkan. Urushda qo‘lidan o‘q yeb qaytgan otam mana shu amakimning yonida yurib, shu holida ham har ikkala kasbni o‘zlashtirganlar”, — deya eslaydi Habibullo chegachi.

Habibullo aka Qo‘qonning Shayxon mahallasidagi hovlilardan birida yashaydi. Darvozasidan kirganda chap qo‘ldagi kichik xona — uning ustaxonasi. Bir vaqtlar ta’mirtalab idish-tovoqlarni uzzukun shu yerda tuzatgan.
Usta hozir bu hujrasini do‘konchaga aylantirgan. Mahallaga yaqin bozorga kelganlarga, o‘tgan-ketganlarga qurut, pista degandek mayda-chuydalar sotadi. Singan ro‘zg‘or buyumlarini yamab ishlatayotganlar yo‘qligigami, chegachining asbob-uskunalari karavot ostida chang bosib yotgan ko‘rindi.

Lekin Habibullo aka otakasbni butkul tark qilmagan. Oyda-yilda bir “chegachi bormi?” deb uyini so‘roqlagan kishining hojatini chiqarishdan istihola qilmaydi, otasining anjomlarini tag‘in ishga soladi.

“Mijoz kelsa, qaytarib yubormayman. Otamdan qolgan, onamdan qolgan deb, kimdir biror buyum olib kelsa, ilojim yo‘q — tuzatib beraveraman”, — deydi Habibullo aka.
Usta o‘zining ishini qadoqchilik deb atasa-da, bu kasb azaldan chegachilik degan nom bilan eslanadi. Sinib, bo‘laklarga bo‘lingan yoki darz ketgan chinni idishlar, ba’zan sopol buyumlar ham chegachining qo‘lidan o‘tgach binoyidek holga keladi. Garchi yuzasida bo‘rtib turgan simlari bo‘lsa ham, har qalay, yamalgan idish-tovoq o‘z vazifasini avvalgidek bajara olgan.

“Sopolni ham tuzatib berganman. Qishloqda ishlab yurganimda bir kishi moshinasida kelib, „usta aka, uyimda ikki asrlik lagan bor, osh solsak, yog‘i sizib chiqyapti, shuni ko‘rib bering“ deb qoldi. Uch soatlar vaqtim ketdi. Ishni bitirgach, suv solib ko‘rdik, oqmadi. Aytgan pulimdan ham ortig‘ini bergandi o‘shanda”, — deydi chegachi ilk marta sopol idishga qadoq solganini eslab.
Chegachining qanday asbob-uskunalari bo‘ladi? Yoriqlarni mahkamlash uchun qadoq simlar, bolg‘acha, tunuka kesadigan qaychi, tunukaning o‘zi ham, ombur, sandon, kamon, uchiga olmos bo‘lagi mahkamlangan parmalar, choynak qopqog‘i — eng asosiysi shular.
Habibullo aka ishni qadoq yasashdan boshlaydi. Qadoq xuddi qog‘oz sahifalarini biriktirishda ishlatiladigan stepler simiga o‘xshaydi. Sim bo‘lagining o‘rtasi bolg‘a bilan tekislanadi, chunki u idish yuzasiga chippa yopishishi zarur. Qayrilgan qismlari idishning parmalangan teshiklaridan kirib, ikki tomonga ajralgan bo‘laklarni mahkam tortib turadi. Bu shunchaki yelimlab qo‘yishdan ko‘ra ancha ishonchli.
Yelimning ham ishlatiladigan joyi bor, albatta. Avvallari siniq bo‘laklarga qadoq solishdan avval ular chilvir yordamida bog‘lab, mahkamlangan. Biroq chilvir ochilib ketgudek bo‘lsa, ustaning butun qilgan ishi havoga uchgan. Shu bois Habibullo aka, masalan, siniq likopchani parmalash oson bo‘lishi uchun uning bo‘laklarini avval yelimlab chiqadi.
Usta likopchaning yelimi qotguncha ostidan darz ketgan va jo‘mragi singan choynak bilan mahorat ko‘rsatishni ma’qul ko‘rdi. Yoriqning har ikki tomonidan teshik ochish uchun parma, kamon va choynakning qopqog‘i kerak. Parmaning tepa qismi qopqoqning ichiga tirkaladi, shunda parma oson aylanadi. Olmosi bor tomoni bilan teshik hosil qilinadi. Kamonning torini parmaning beliga ildirsa, kamonni harakatlantirish evaziga parma shitob bilan aylanadi.
Shu bilan choynakning yuzasida teshik hosil bo‘ladi. Bunda ham parmalangan teshiklarga qadoq mahkamlansa bo‘lgani. Shu zaylda yoriq bo‘ylab kerakligicha qadoq solib chiqilsa, ishning asosiy qismi tugaydi.
Shu bilan birga, uchi sinib qolgan bu choynakka tunukadan jo‘mrak yasab qo‘yish kerak. Uning o‘lchami ham muhim, choy quyganda choynakning dahanidan to‘kilib ketmasligi uchun jo‘mrak uzunligi inobatga olinishi zarur. Buning uchun siniq jo‘mrakning uchini ombur bilan biroz sindirib olish kerak.

Jo‘mrakni oddiy yelim bilan mahkamlab bo‘lmaydi. Unga tuxumning oqi va oftobda kuydirilgan ohakdan iborat ozgina qorishma qo‘shiladi. Jo‘mrak va yoriqlarga solingan qadoqchalar atrofi ana shu “oq sement” bilan to‘ldiriladi.
“Bir gal bir otaxon 10 tacha choynak olib keldi. Hammasining jo‘mragi siniq. Birma-bir jo‘mrak yasab o‘rnatib chiqayotsam, ichidan bitta butuni ham chiqib qoldi. „Otaxon, bitta butunini adashib qo‘shib yuboribsiz“ desam, „Yo‘q, shunisini ham sindirib, yangi jo‘mrak qo‘yib beravering, qachondir baribir sinadi-ku“, degandi”.
Chegachiga ba’zan bir qarashda umuman tuzatib bo‘lmas buyumlarni ham olib kelishadi. Ya’ni, chegalashga noqulay holatda sinib qolgan buyumlar ta’mirlangandan keyin ham foydalanishga yaroqsiz bo‘lishi mumkin. Habibullo aka “bo‘lmaydigan ishni ham bo‘ldirish mumkin”ligini aytadi. Faqat mijoz puliga chidasa bo‘lgani.

“Bir safar parcha-parcha bo‘lib ketgan qimmatbaho suvenir ot haykalini olib kelishdi. Iloji bormi deganda, harakat qilib ko‘raman-u, lekin va’da berolmayman, dedim. Bir haftalar vaqtim ketdi. Avvaliga bo‘laklarning joylashuvini aniqlab, bir-biriga yetimlab chiqdim. Ko‘z ilg‘amas joylariga qadoq solib chiqdim, bilinmasligi uchun ustidan bo‘yab ham qo‘ydim. Egasi o‘zida yo‘q xursand!”, — eslaydi chegachi.
Chegachilarga talab yuqori bo‘lgan yillarda ustalarning o‘zlari qishloqlar oralab odamlarning singan buyumlarini tuzatib yurgan. Bir qishloqqa kirgan chegachi ertadan kechgacha qo‘li qo‘liga tegmay ishlagan. Habibullo aka o‘sha vaqtlarda kuniga 20 ga yaqin idishlarni tuzatib bergan kunlari bo‘lganini eslaydi.

Ustaga haqini berishga chaqasi yo‘qlar mosh-guruch, sabzi-sholg‘om, olma-anor bilan hisob-kitob qilavergan. Qishloq ahli ustani tushlik mahal osh-ovqat bilan ham siylagan. Habibullo aka kechga yaqin cho‘ntagi pulga, xaltasi esa yeguliklarga to‘la holda uyga qaytgan ana shunday damlarini mamnunlik bilan xotirlaydi.
Umuman olganda, qahramonimiz chegachilik bilangina cheklanib qolmagan. U otasidan o‘rganganlarining barini bugungacha meros qilib saqlab keladi. Chegalashga ish qolmasa, otasidan qolgan surnayni olib, dor o‘yinlarida ishtirok etgan, to‘y-hashamlarda davralarni qizdirgan. Nog‘ora, doira kabi musiqa asboblarini-da ta’mirlashni eplagan. Novvoychilikni o‘rganib, farzandlari bilan tirikchilik yukini yengillatgan.
Suhbatimiz avjlansin, ko‘ngillar sel bo‘lsin deb bizga surnay-yu nog‘orada “Otmagay tong”dan bir shingil chalib ham berishdi. Ochig‘i, Habibullo akaning bu torgina hujrasi san’atning nozik jilvalari, milliy hunarmanchilikning yo‘qolib borayotgan namunasini saqlab qolish uchun xavfsiz joydek ko‘rindi. Chunki bu yerda bunday merosni asrash kerak, degan shiorlarga ehtiyoj yo‘q, bu yerda u shundoq ham turmushning ajralmas qismiga aylangan.
“Menga kasbning yaxshi-yomoni yo‘q, halol pul topadigan kasbning hammasi yaxshi. Har qaysisidan pul topsam ham, aylanay otamning kasbidan deb, ishimni qilib ketaveraman”
Habibullo aka bugun chegachilikka ehtiyoj va qiziqish yo‘qligidan uni o‘rganishga, shogirdlikka hech kim kelmasligini aytadi. Biroq ishtiyoq bilan kelgan kishiga bu kasbning sirlarini bajonidil o‘rgatishga tayyor.

Ustaning to‘ng‘ich o‘g‘li Xayrullo aka ham bobokasbni ipidan ignasigacha o‘zlashtirgan. Shu kungacha otasining yonida yurib, ko‘zi chegachilikda pishgan. Biroq bu bilan non topish mushkul, u avtomashinalarning oynalarini ta’mirlashni o‘ziga kasb qilib olgan. Mijozlari ham talaygina.
“Hozir ehtiyoj bo‘lmasa ham o‘rganib qo‘ygani yaxshi. Kichkinaligimda quloqsiz bo‘lib yurardim. Otam „o‘rganib qo‘yaver, vaqti-soati kelganda foydasi tegadi“, derdilar. Aytganlarini qildim, mana, kam bo‘lmadim. Shuning uchun farzandlarimga ham uqtiraman: o‘rganganing zarar qilmaydi, chegachilik qachondir baribir kerak bo‘ladi, deb”, — deydi Habibullo aka chegachilikni asrab qolish uchun hech bo‘lmaganda uni o‘rganib qo‘yish zarurligini ta’kidlarkan.
Aslini olganda, chegachilik faqat bizga — O‘rta Osiyo xalqlariga xos hunar emas. Uni dastlab kunchiqar mamlakatlarda paydo bo‘lgani aytiladi. Chegachilik Yaponiyada kinsugi deb atalsa, Xitoyda ju si deyiladi. Yapon chegachiligi xitoycha uslubga nisbatan jozibali va nafisroq. Chunki unda idishning yoriqlariga oltin, kumush kabi qimmatbaho metal kukunlari bilan ishlov beriladi. Bu esa singan buyumning qiymati va qadrini oshiradi.

Kinsugi ommalashgan davrlarda yapon zodagonlari o‘z uylaridagi qimmatbaho idishlarni atay sindirib, yorilgan joylarini tilla bilan bezatib ta’mirlatishni so‘ragan. Natijada idish avvalgidan ko‘ra qimmatli va chiroyli tusga kirgan.
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti o‘qituvchisi Akmal O‘lmasovning chegachilik haqida qilgan ilmiy ishida ushbu kasbning nafaqat Osiyo, balki Yevropa davlatlarida ham keng tarqalgani borasida so‘z boradi.

Bizda chegachilik ko‘z o‘ngimizda yo‘qolib borayotgan bo‘lsa, masalan, xitoylik Tong Veycheng ismli chegachi sohaning tarixini o‘rganish va uni kelajakda ham kerakli kasb bo‘lib qolishi uchun qattiq bel bog‘lagan. Veychangning ishlari noyob san’at asaridek o‘z ishqibozlarini topib ulgurgan.
Dunyoda bo‘layotgan bunday ishlarni ko‘rib, demak qandaydir jozibador usullar kiritib, o‘zimizning chegachilikni ham saqlab qolish yoki san’at darajasiga ko‘tarib, kasbning umrini uzaytirish mumkin ekan-da, deb o‘ylab qolasan. Hunarmandchilikka faqat pul topish vositasi emas, balki qadriyat, milliy meros sifatida qarash uning umrboqiyligiga asos bo‘lsa ne ajab.
Texnologiyalar shaharlarni o‘zgartiradi, bizni olg‘a undaydi va hayotni qulaylashtirishga yordam beradi. Shuningdek, bizni tark etayotgan narsalar haqidagi xotiralarni saqlab qolishga ham imkon beradi.

Taraqqiyot ortida doimo inson, uning mehnati va hikoyasi turishini eslatuvchi “Otameros” loyihasining bir bo‘lagi ekanimizdan mamnunmiz. Zotan biz kelajakni o‘z ildizlarimizga suyangan holdagina qurish mumkinligiga ishonamiz.
Matn va fotosuratlar muallifi: Otabek Turdiyev.

Matn va grafik materiallarga bo‘lgan barcha huquqlar Gazeta’ga tegishli.
Gazeta’da e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan havola orqali tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.
Made on
Tilda