Foto: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
Nima o‘qiymiz?
Bolalar yozuvchisi Madina Mo‘minova tavsiya qiladi
Gazeta va Yandex Books birgalikda jamoat arboblari va adiblarning kitob javonlariga nazar tashlaydi. Bu safar bolalar yozuvchisi Madina Mo‘minova o‘zi uchun qadrli uch asar, bolalarda kitobga mehr uyg‘otishga doir maslahatlari va O‘zbekistondagi kitobxonlik madaniyati haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Gazeta va Yandex Books birgalikda jamoat arboblari va adiblarning kitob javonlariga nazar tashlaydi. Bu safar bolalar yozuvchisi Madina Mo‘minova o‘zi uchun qadrli uch asar, bolalarda kitobga mehr uyg‘otishga doir maslahatlari va O‘zbekistondagi kitobxonlik madaniyati haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Nima o‘qiymiz?” loyihasi kitobxonlik madaniyatini yanada ommaviylashtirish maqsadida boshlangan. Biz bu loyihada kitob javonlari oldida olimlar, yozuvchilar, shoirlar, tarjimonlar, jurnalistlar va jamoat faollari bilan ularning nazarida o‘qish shart bo‘lgan kitoblar va umuman adabiyot haqida suhbatlashamiz.
Mutolaa — hayotning ajralmas qismi
Mutolaa men uchun hayotning mutlaqo zarur qismi. Doim o‘ziga xos “kitob o‘qishga chanqoqlik”ni his qilaman. Men uchun aynan badiiy axborotni uzluksiz olish muhim.

Kitob o‘qishni har safar yangi olamga sayohat qilish imkoni borligi uchun ham yaxshi ko‘raman: kimningdir hayoti bilan yashaysan, sinovlardan o‘tasan, boshqa odamlarning taqdirini ko‘rasan. Bularning bari dunyoqarash va fikrlashni g‘oyat kengaytiradi — tor doirada fikrlashdan voz kechib, vaziyatga kengroq nigoh bilan qaray boshlaysan.

O‘zim ham yozaman va ko‘p badiiy adabiyot o‘qiyman. U mening hissiyotlarim va ichki holatim uchun oziqa. Yozuvchilarning uslubi va mahoratidan — so‘zlarni qo‘llashi, ichki holatga ta’siri, qalbingni larzaga solishidan cheksiz zavq olaman.

Agar ish bilan juda band bo‘lsam va odatdagidek o‘qiy olmasam, masalan, ovqat tayyorlayotganimda yoki uy ishlarini bajarayotganimda, audiokitoblar tinglayman.

Men hech qachon bir vaqtning o‘zida faqat bitta kitobni o‘qimayman. Badiiy adabiyot bilan bir qatorda, albatta kasbga doir adabiyotlar va shaxsiy rivojlanishga oid kitoblarni ham o‘qib boraman. Masalan, Jodi Archer va Metyu Jokersning “Bestseller kodi” kabi asarlar, ularda ayrim kitoblar nima uchun bestsellerga aylanishi batafsil tahlil qilinadi. Bu muvaffaqiyat mexanizmlari va ijodiy jarayonni tushunishga yordam beradigan, tadqiqot asosidagi nobadiiy adabiyot.
Boshqa odamlarning hayot yo‘li, qarorlari va xatolarini o‘rganish menga qiziq — bu har doim foydali va ilhomlantiradigan jarayon. Badiiy kitoblar bilan birgalikda bunday yondashuv dunyoqarashni kengaytirish, qadriyatlarni shakllantirish va tafakkurni o‘stirishga yordam beradi. Men uchun mutolaa bir vaqtning o‘zida zavq, o‘rganish va uzluksiz rivojlanishdir.

Ishonchim komilki, kitobxon insonlar boshqalardan farq qiladi. Miyamizga “joylashtirgan” har bir narsa bizni shakllantiradi. Miya ham mushaklar kabi doimiy ishlashi lozim. O‘qish, fikrlash, voqealar rivojini oldindan sezishga urinish, hamma narsa nimaga olib kelishini anglash — bularning barchasi uzluksiz aqliy mashq.

Bunday odamlar, nazarimda, kundalik tashvishlar va oddiylikdan oson qocha biladi, yuqoriroq turadi. Ularning dunyoqarashi kengroq, qaror qabul qilishi osonroq, moslashuvchan va terandir. Ular bilan suhbatlashishga har doim mavzu topa olasan.
“Yo‘qotilgan ma’rifat”
Stiven Frederik Starr
Men tavsiya etmoqchi bo‘lgan va juda muhim deb hisoblaydigan birinchi kitob — mashhur madaniyatshunos, tarixchi va Yevropa tadqiqotchisi Stiven Frederik Starrning “Yo‘qotilgan ma’rifat” asaridir. Unda muallif Sharq, ya’ni hozirgi O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va mintaqamizdagi boshqa mamlakatlar qay darajada ilm-fan, san’at va ma’rifat beshigi bo‘lgani haqida so‘z yuritadi.

Starr bizning zaminimizda arab istilosidan to Amir Temur saltanati davrigacha qanchadan-qancha buyuk shaxslar yashagani va ularsiz, masalan, jahon ilm-fan tarixini tasavvur qilib bo‘lmasligi haqida hikoya qiladi.
Masalan, bu kitobda muallif qomusiy olim va tadqiqotchi al-Beruniy Xristofor Kolumbdan ancha avval Amerikaning mavjudligini anglagani va o‘z kashfiyotlarining chuqurligi bilan Yevropani lol qoldirganini yozadi.

Bu yerda muallif, shuningdek, olti asr davomida Yevropa olimlari tayanib kelgan asosiy tibbiy asar — Ibn Sinoning “Tib qonunlari” haqida ham to‘xtaladi.

Men uchun bu kitob tarixiy va madaniy g‘urur tuyg‘usini qayta uyg‘ota olishi bilan juda muhim ahamiyatga ega.

O‘ylaymanki, har bir kitobxon ushbu asardan biz yashayotgan zamin haqida juda ko‘p qiziqarli, hayratlanarli va jozibali ma’lumotlarni topishi mumkin.
“Aretsso maydonidagi to‘tiqush”
Erik-Emmanuel Shmitt
Men sevib o‘qiydigan barcha adiblar orasida eng suyuklisi fransuz yozuvchisi va dramaturgi Erik-Emmanuel Shmittdir. Uning barcha asarlarini g‘oyat qiziqarli deb bilaman. U go‘yo nozik to‘r to‘qiyotgandek yozadi.

Ko‘pchilik uni bolalar uchun mo‘ljallangan “Oskar va Pushti xonim” turkumidan biladi — bu uchta roman, fikrimcha, bolalar uchun ham, kattalar uchun ham birdek muhim va qiziqarli.

Aretsso maydoni — Bryusseldagi turar joy binolari va mahallalar bilan o‘ralgan katta xiyobon. Voqea oddiy kunlarning birida bu maydon aholisi sariq xatjildlarni olishi bilan boshlanadi. Konvert ichida faqat bir jumla yozilgan: “Shunchaki seni yaxshi ko‘rishimni bilib qo‘y”. Bu xabar uni olgan har bir insonning hayotini asta-sekin o‘zgartiradi.
Bu ko‘plab taqdirlar, hayotiy vaziyatlar, mulohazalar, umidsizliklar va ilhomlarning o‘zaro bog‘liqligi haqidagi bir qissa.

Nazarimda, Shmittning badiiy asarlari har qanday kitobxon, o‘zligini izlayotgan va sevgi, romantika hamda qandaydir belgilarga ishongan har bir inson uchun qiziqarli bo‘ladi.
Bolani qanday qilib kitobxon qilish mumkin?
Men voyaga yetgan oilada mutolaa madaniyati har doim yuksak bo‘lgan. Bobom kutubxona to‘plagan, keyin ota-onam bu ishni davom ettirgan. Kitoblar uyimizning ajralmas qismi, kundalik hayotimizning bir bo‘lagi edi.

Sakkiz yoshimda ukam tug‘ilgach, meni alohida xonaga ko‘chirishdi. Menga berilgan bu xona kutubxonamiz edi — chunki o‘sha vaqtda uyimizdagi yagona bo‘sh xona shu edi. U kitob javonlari bilan to‘ldirilgandi. Kichkinligimda kattalar asarlarining mazmunini tushunmasam-da, barcha kitob muqovalarini yodlab olgandim. “So‘nggi mogikan”, “Jinoyat va jazo”, “Urush va tinchlik” kabi sarlavhalarning o‘ziyoq meni o‘ziga maftun etardi. Ba’zan so‘zlarni tushunmasam-da, kitob ichida nima yashiringanini bilishga qiziqardim.

Keyinchalik bu kitoblarni ongli ravishda o‘qiy boshladim — bir tasavvur bilan matnga sho‘ng‘irdim-u, butunlay boshqa dunyoni kashf etardim.
Ehtimol, aynan o‘shanda menda ijod qilish istagi paydo bo‘lgandir. Avvaliga xayol surish, keyin o‘z hikoyalarimni o‘ylab topish vaqt o‘tishi bilan meni asta-sekin yozuvchilik yo‘liga yetaklab keldi.

Shuning uchun ham bolaga kitobga muhabbat uyg‘otish uchun uni o‘rab turgan muhitga e’tibor qaratish juda muhim deb hisoblayman. O‘zing o‘qimasang, bolaga “o‘qi” deyish yoki qo‘pollik begona bo‘lmagan oilada tarbiyalanib, boladan odobli bo‘lishni talab qilish mumkin emas. Bolalar so‘zlarni emas, xatti-harakatlarni o‘zlashtiradi.

Ota-onalar bolaligidanoq farzandlariga, hatto hali o‘qishni bilmaydiganlarga ham, ovoz chiqarib, jo‘shqinlik bilan, yuzma-yuz o‘qib berishlari juda muhim. Masalan, biz bolalar bilan birga Jeyms Kryusning “Tim Taler yoki Sotilgan kulgi” asarini o‘qiganmiz va bu nafaqat bolalarga, balki menga ham qiziqarli bo‘lgan. “Garri Potter” bilan ham shunday bo‘ldi: kenja o‘g‘limga o‘qib berardim va hatto u uxlab qolganida ham o‘qishni davom ettirgim kelardi. Bu o‘smirlar adabiyoti bo‘lishiga qaramay, voqealar rivoji juda qiziqarli edi.

Agar bola kitob o‘qish oila hayotining tabiiy bir qismi ekanligini, kitoblar shunchaki stol uchun taglik emas, balki uyda haqiqatan ham yashashi va e’zozlanishini ko‘rsa, uning madaniy qarashlarini asta-sekin shakllantirib boradi. U buni me’yor sifatida qabul qiladi va kitoblar bilan munosabatni o‘zi yo‘lga qo‘yadi.
“Rivojlanishni istagan odam kitoblarga yuzlanishi muqarrar”
Shu bilan birga, agar bola maktab davridayoq zo‘r berib kitob o‘qimayotgan bo‘lsa, bu hech ham fojia emas. Bundan ota-onalar tushkunlikka tushmasligi kerak. Kitobga bo‘lgan qiziqishni asta-sekin shakllantirish mumkin. Mening shaxsiy tajribamda ham o‘g‘lim darhol faol o‘qishni boshlamagan. Uni uzoq vaqt davomida o‘rgatishga harakat qildik va bu oson kechmadi — ayniqsa, YouTube mavjud bo‘lgan va o‘g‘lim menga “isbotlaganidek”, har qanday ma’lumotni video formatda besh daqiqada olish mumkin bo‘lgan klip (fragmentar) tafakkuri davrida.

Ammo o‘z kasbini tanlagach, u kerakli kitoblarni o‘zi qidirib topib, sotib olib o‘qiy boshladi. Bu esa atrofdagi muhit vaqt o‘tishi bilan baribir ta’sir qilishining natijasidir. Bola oilasi kitobxon ekanligini, kitobning qadr-qimmati borligini ko‘radi va ularga o‘zi yo‘l topadi.
Shuning uchun ba’zida kitoblar ikkinchi darajali bo‘lib qolgandek tuyulishi mumkin. Lekin inson rivojlanishni istasa, ertami-kechmi kitoblarga yuzlanadi. Asosiysi — majburlamaslik kerak. Doimiy “o‘qi, o‘qi” degan gap xuddi “xonangni yig‘ishtir” yoki “idish-tovoqlarni yuv” degandek eshitiladi — bu qiziqish uyg‘otish emas, balki nazorat qilish yo‘li.

Inson kitob o‘qishga o‘z xohishi bilan — qiziqib, berilib, kimdir bo‘lish va nimanidir chuqurroq tushunish istagi bilan kelganda, uni mutolaadan to‘xtatib bo‘lmay qoladi. Agar u kitoblar yangi bilim va imkoniyatlar ochishini anglab yetsa, ularga qayta-qayta murojaat qilaveradi.

Shu ma’noda Jek Londonning “Martin Iden” asari doim yodimga tushadi. Men bu kitobni tez-tez tavsiya qilaman, chunki u deyarli o‘qishni bilmaydigan, lekin o‘ziga mos kelish istagi, muhabbati va rivojlanishga intilishi tufayli o‘zida aql bovar qilmas intizomni shakllantirgan oddiy yigit haqida hikoya qiladi. U uyqusini kamaytiradi, ishlaydi, o‘qiydi, o‘zi tushunmagan matnlarni qiynalib bo‘lsa-da o‘zlashtiradi. Bu kuchli xarakter va inson o‘zini qanday eplashi haqidagi hikoya. Mening nazarimda, bu juda muhim jihat.

Agar odamga qiziq bo‘lsa va u chindan ham rivojlanishni istasa, u albatta kitoblarga yuzlanadi. Asosiysi — majburlamaslik kerak.
“O‘tkan kunlar”
Abdulla Qodiriy
Afsuski, bu tavsiyalarda faqat uchta sevimli kitobni ajratib ko‘rsatish mumkin, vaholanki menda unday kitoblar juda ko‘p. Shunday bo‘lsa-da, o‘qigan har bir o‘zbekistonlik sevib qoladigan bir romanni bu uchlikka qo‘shmay ilojim yo‘q. Bu Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asaridir.

Men bu romanni adabiyotimizning nihoyatda go‘zal, o‘zbek tilida yozilgan bebaho xazinasi deb bilaman. O‘zbek tilini o‘rganmoqchi bo‘lsangiz, ishni aynan shu asarni o‘qishdan boshlashni chin dildan maslahat beraman. Agar odamlar Qodiriy yozganidek chiroyli so‘zlashganda edi, bu bizning umumiy madaniy yutug‘imiz bo‘lardi.
Fursatdan foydalanib, bu romanning Karimov fondi tomonidan chop etilgan nashrini alohida ta’kidlab ketishni istardim. U sevimli rassomim va yaqin do‘stim Bobur Ismoilovning suratlari bilan bezatilgan. Ushbu nashrdagi romanni o‘qiganda nafaqat matnga sho‘ng‘ish, balki uning illyustratsiyalaridan zavqlanish mumkin. Bolalar yozuvchisi sifatida menga kitobning tashqi ko‘rinishi muhim, chunki bu did va estetik tarbiyaga ta’sir ko‘rsatadi.
Mutolaa madaniyati va uning rivojlanishi haqida
Afsuski, bizda kitobxonlik madaniyati past darajada. Hatto o‘z kitoblarim bo‘yicha kichik tadqiqot o‘tkazdim: bolalar uchun yozgan birinchi kitobim 10 ming nusxada chop etilgan bo‘lib, shundan 80 foizi rus tilida, 20 foizi o‘zbek tilida edi. Rus tilidagilari o‘n kun ichida sotilib ketdi, o‘zbek tilidagilari esa juda sekin sotildi.

Hozirgi kunda ko‘plab mumtoz va mashhur adabiyotlar o‘zbek tiliga tarjima qilinayotgan bo‘lsa-da, amalda odamlarda hali kitob sotib olishga pul sarflash odati shakllanmagan. Kitob arzon narsa emas: sifatli rasmlar va mualliflik mehnati bilan yaratilgan bolalar kitobining narxi 50 ming so‘mdan boshlanadi.

Quvonarlisi shuki, davlat tashkilotlari mahallalarda kutubxonalar ochyapti, sayyor kutubxonalar ishlab turibdi va noshirlik faoliyatiga homiylik harakati ommalashmoqda. Misol uchun, tadbirkor va ajoyib inson Dima Qayum boshqa fidoyi insonlar bilan birga o‘z puliga Farg‘onaning Rishton tumanida qishloqdoshlari uchun kutubxona tashkil etgan.

Kitobxonlik madaniyati, asta-sekin bo‘lsa-da, ammo ishonch bilan o‘sib boryapti. Eng muhimi, to‘xtab qolmaslik, chunki kitoblar millatning madaniy, ma’rifiy va ta’lim ko‘rsatkichidir.

Matnni Sabina Davletmuradova tayyorladi.

Fotosuratlar muallifi: Yevgeniy Sorochin.


Matn va grafik materiallarga bo‘lgan barcha huquqlar Gazeta’ga tegishli.

Gazeta’da e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan

havola orqali tanishish mumkin.


Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda