Foto: Yevgeniy Corochin / Gazeta
Nima o‘qiymiz?
Irina Matviyenko tavsiya qiladi
Gazeta va Yandex Books birgalikda jamoat arboblari va adiblarning kitob javonlariga nazar tashlaydi. Bu safar “Nemolchi.uz” loyihasi asoschisi Irina Matviyenko mutolaa madaniyati, maktab dasturi, mualliflik huquqi va adabiyotlarning o‘zbek tilida mavjudligi masalasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Gazeta va Yandex Books birgalikda jamoat arboblari va adiblarning kitob javonlariga nazar tashlaydi. Bu safar “Nemolchi.uz” loyihasi asoschisi Irina Matviyenko mutolaa madaniyati, maktab dasturi, mualliflik huquqi va adabiyotlarning o‘zbek tilida mavjudligi masalasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Nima o‘qiymiz?” loyihasi kitobxonlik madaniyatini yanada ommaviylashtirish maqsadida boshlangan. Biz bu loyihada kitob javonlari oldida olimlar, yozuvchilar, shoirlar, tarjimonlar, jurnalistlar va jamoat faollari bilan ularning nazarida o‘qish shart bo‘lgan kitoblar va umuman adabiyot haqida suhbatlashamiz.
Ongli mutolaa
O‘qishni yangi ma’lumot olish, neyron aloqalarini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, miyani tizimli fikrlashga o‘rgatishning asosiy usullaridan biri, deb hisoblayman. Hozirgi kunda kitoblar juda ko‘p va ularning bir qismi allaqachondan beri sun’iy idrok yordamida yozilayotgani ta’kidlanyapti. Shuning uchun ham u yoki bu kitobni nima uchun olayotganimni va u menga nima berishini tushunishga intilaman.

Mutolaa ro‘yxatimning katta qismini faktlar, ma’lumotlar va tadqiqotlar mavjud bo‘lgan adabiyotlar tashkil etadi. Mavhum mulohazalar bilan to‘la falsafiy matnlarni uncha xush ko‘rmayman. Men mantiq, raqamlar, dalillar — tekshirsa bo‘ladigan narsalarni ko‘rishni istayman.

So‘nggi yillardagi ishim doirasida eng ko‘p o‘qigan “kitoblar”im Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks bo‘ldi. Shunchalik ko‘p o‘qidimki, menimcha, ba’zi boblarni allaqachon yoddan bilaman. Shunday bo‘lsa-da, ta’riflarni aniqlashtirish uchun doimo ularga qaytaman. Hozir Toshkent davlat yuridik universitetida magistratura o‘qiyotganim sababli ularni yanada ko‘proq ko‘zdan kechiryapman. Bunday mutolaa men uchun nafaqat kasbiy zarurat, balki hayotimning ajralmas qismiga aylanib bo‘lgan.

Ba’zida ish juda tig‘iz bo‘lganda, hujjatlar va tadqiqotlardan boshqa hech narsani o‘qishga ulgurolmayman. Shu bois “Nemolchi.uz” loyihasi qoshidagi feministik kitob klubimiz men uchun najot bo‘ldi. U kitob o‘qish odatini tashlamaslikka yordam beradi — mutolaa majburiyatdan emas, balki ishtiyoq bilan bo‘lishi kerak. Klubda dunyoqarashimni kengaytiradigan va shunchaki zavq beradigan kitoblarni o‘qiyman.
“Ko‘rinmas ayollar”
Kerolayn Kriado Peres
So‘nggi yillarda o‘qiganlarim orasida men uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lgan bir necha kitob bor. Birinchisi — Kerolayn Kriado Peresning “Ko‘rinmas ayollar: Nima uchun biz faqat erkaklar uchun qulay dunyoda yashayapmiz? Ma’lumotlarga asoslangan tengsizlik” asari. Menimcha, tengsizlik qanday o‘rnatilgani va nima uchun saqlanib qolayotganini tushunmoqchi bo‘lsangiz, ishni aynan shu kitobni o‘qishdan boshlash kerak. Ayniqsa, hech qanday tengsizlik yo‘q va “bu gaplarning hammasi uydirma” deb hisoblaydiganlar o‘qishi kerak bu kitobni.
“Ko‘rinmas ayollar” jamiyatda ayollarga nisbatan zulm qanchalik chuqur ildiz otganini, tengsizlik barcha sohalarni: arxitektura, shaharsozlik, sog‘liqni saqlash, huquqshunoslik va sportni qamrab olganini ko‘rsatadi. Har bir bob haqiqiy tadqiqotlar va raqamlarga asoslangan. Masalan, tibbiyot haqida gap ketganda, muallif davolash va mashq qilish bo‘yicha tavsiyalar ko‘pincha erkaklardan olingan ma’lumotlarga asoslanishini, ayol organizmiga esa har doim ham to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlaydi.

Men kitobni rus tilida o‘qidim. Keyinchalik bildimki, uni ayol rahbarlik qilayotgan mahalliy nashriyotlardan biri — Factor Books ham o‘zbek tiliga tarjima qilib, nashr etgan ekan. Tarjimaning o‘zi ham ayol kishi tomonidan amalga oshirilgan va shu faktlarning o‘zi ham ramziy ma’noga ega, deb o‘ylayman.
Mualliflik huquqi bo‘yicha nuqtai nazar
Kitoblar mualliflik huquqiga rioya qilingan holda nashr etilishi men uchun prinsipial ahamiyatga ega. Noqonuniy nusxalar shunchaki qonunbuzarlik emas, balki muallifning mehnatiga nisbatan hurmatsizlikdir. Ayniqsa, ayol yozuvchilar haqida gap ketganda — ayol kishi yozgan kitobni o‘g‘irlab, shu bilan birga ayollar huquqlarini qo‘llab-quvvatlash haqida gapirish, menimcha, juda axloqsizlik.

Noqonuniy nashrlarni sotib olmayman va ko‘pincha kitob rastalarida yoki internet do‘konlarida uch baravar arzon sotiladigan nusxalarni ham o‘qimayman. Kimdir buni arzonligi bilan oqlaydi, lekin, menimcha, agar inson biror mahsulotni yaratib, unga kuch, resurs va vaqt sarflagan bo‘lsa, bunga hurmat bilan munosabatda bo‘lish lozim.

O‘qigim kelgan kitobning asl nusxasini Toshkentdan topa olmasam, xorijiy internet do‘konlar orqali buyurtma beraman. Kitob tanlash va sotib olishga ongli ravishda yondashaman. Ofisimizda o‘zimizning kichik kutubxonamiz bor va unda joy cheklangan. Shuning uchun javonda joy olishga arziydigan, ya’ni uzoq vaqt o‘zimda saqlaydigan kitoblarnigina sotib olaman.
“Ko‘rinmas yurak”
Nensi Folbre
Iqtisodchi Nensi Folbrening “Ko‘rinmas yurak” kitobi nashr etilganiga 20 yildan oshgan bo‘lsa-da, hali hanuz dolzarbligini yo‘qotmagan. U odatda ko‘zga tashlanmaydigan narsani: ayollarning ko‘zga ko‘rinmas mehnatini ko‘rishga yordam beradi, chunki bu mehnat tufayli butun dunyo harakatga keladi. Gap bolalar, keksalar, bemorlarga g‘amxo‘rlik qilish, oila va uyni saqlab turish haqida ketmoqda. Bu asosan ayollar tomonidan bajariladigan va iqtisodiy jihatdan baholanmaydigan ish, chunki u “sevgi tufayli” qilinadi, deb hisoblanadi.

Menimcha, go‘yoki “g‘amxo‘rlik mukofot talab qilmaydi, chunki u his-tuyg‘ularga asoslangan”, degan fikr eng chuqur ildiz otgan yanglish qarashlardan biridir. G‘amxo‘rlik nafaqat his-tuyg‘ular, balki ulkan jismoniy va ruhiy mehnatdir. Hamdardlik va insoniy e’tiborsiz boshqa odamga sifatli g‘amxo‘rlik ko‘rsatib bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, bu sun’iy idrok o‘rnini bosa olmaydigan mehnat turi hamdir, chunki u algoritmlarga emas, balki insoniy iliqlik va hissiy aloqaga asoslanadi. Muallif juda o‘rinli savol qo‘yadi: agar kasb nafaqat ko‘nikmalarni, balki hissiy resurslarni ham talab qilsa, u yuqoriroq baholanishi kerak emasmi?
Folbre amerikalik iqtisodchi bo‘lgani uchun kitobda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimi biznikidan ancha zaifroq bo‘lgan AQShga alohida e’tibor qaratilgan. Postsovet mamlakatlarida sotsialistik davrning merosi — homiladorlik ta’tili, ikki yoshgacha bolani parvarishlash ta’tili saqlanib qolgan. Kapitalistik mamlakatlarda esa bunday yechimlar odatda mavjud emas. Ayol tug‘ruqdan so‘ng tezda ishga qaytishga majbur bo‘ladi va hech kim chaqaloqqa kim g‘amxo‘rlik qiladi, deb o‘ylamaydi. Bu hatto rivojlangan mamlakatlarda ham g‘amxo‘rlik iqtisodiyoti qanchalik past baholanishini yaqqol ko‘rsatadi.

Iqtisodiyot va gender tengsizligi o‘rtasidagi bog‘liqlikni hamda nima uchun g‘amxo‘rlik, hamdardlik va sevgi ham iqtisodiyotning bir qismi sifatida tan olinishi kerakligini tushunishni istagan har bir kishiga “Ko‘rinmas yurak”ni o‘qishni tavsiya etaman.
O‘zbek tilidagi adabiyotlarning mavjudligi haqida
Davlat tilida bilim va ilmiy materiallarga kirish imkoniyatini kengaytirish g‘oyat muhim, deb hisoblayman. Bizda o‘zbek tilida ko‘plab ilmiy maqolalar mavjud, biroq sifatli, ya’ni tahlil darajasi yuqori, akademik standartlarga javob beradiganlari juda kam.

O‘zbekiston haqida xorijiy mualliflar tomonidan yozilgan ajoyib tadqiqotlar bor, lekin, afsuski, ular til to‘sig‘i tufayli ko‘pchilikka yetib bormaydi. Bu epistemik adolatsizlikka misol bo‘ladi — mamlakat haqidagi bilimlar uning fuqarolari uchun tushunarsiz bo‘lib qoladi, chunki u ularning tilida bayon etilmagan.

Bu holat “Nemolchi.uz” saytida ilmiy maqolalarni o‘zbek tiliga tarjima qilib, saytimizda e’lon qilish loyihasining tug‘ilishiga turtki bo‘ldi. Tashabbus Shveysariya elchixonasi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Hozircha beshta matn bilan tanishish mumkin. Ular orasida kelib chiqishi turk bo‘lgan mashhur tadqiqotchi Deniz Kandiotining 1980-yillarda yozilgan “Patriarxal bitim” maqolasi ham bor. Feministik nazariyaning klassikasi hisoblangan ushbu materialda muallif ayollarning patriarxal tuzilmalarga qanday moslashishini, ularda o‘z ta’sirini o‘tkazish va tan olinish yo‘llarini qanday topishini ko‘rsatadi.
Bir kuni men Londonda Deniz bilan uchrashdim va keyinchalik tarjimaga ruxsat olish uchun unga xat yozdim. Biz uchun ishdagi bu bosqich prinsipial jihatdan muhim, chunki tarjima har doim matnni o‘zgartirishdir. Buning uchun rasman muallifning yoki maqolani chop etgan jurnalning ruxsati talab qilinadi. Ko‘pincha tahririyatlardan javob ololmaysiz, shuning uchun mualliflarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishga to‘g‘ri keladi va ular deyarli har doim katta ishtiyoq bilan javob beradi, chunki olimlar uchun maqoladan pul ishlash emas, balki ularning g‘oyalari tinglanishi va jamiyatga foyda keltirishi muhimdir.

Masalan, Marianna Kampning ingliz tilidagi “O‘zbekistonning yangi ayoli” nomli ajoyib kitobi bor — bu XX asr o‘zbek ayollari hayoti haqidagi fundamental tadqiqot. Bu juda chuqur tahlil bo‘lib, hikoya 1917-yilgi inqiloblar davridan boshlanadi. Bunday asarlar haqiqatan ham unchalik ko‘p emas.
Mariannaga xat yozib, bir bobni tarjima qilishga ruxsat so‘radim. U jahon gumanitar tafakkurining asosiy asarlarini qamrab olayotgan keng ko‘lamli “1000 kitob” loyihasi doirasida kitobi allaqachon o‘zbek tiliga tarjima qilinayotganini aytdi. Ushbu muhim tadqiqot keng auditoriyaga taqdim etilishidan xursandman. Zero, sifatli matnlar yangi tafakkur madaniyatini shakllantiradi va o‘z tajribasini ona tilida anglash imkonini beradi.
Yeva
Ket Bohennon
Uchinchi kitob — Ket Bohennon qalamiga mansub “Yeva. Ayol tanasi evolyutsiyasi tarixi. Insoniyat tarixi”. Bu evolyutsiyaning ayol tanasi nuqtai nazaridan keng qamrovli tarixidir. Unda ayol tanasining tarixiy va biologik jihatdan qanday shakllanishi va buning ayollarning bugungi jamiyatdagi o‘rni bilan qanday bog‘liqligi haqidagi faktlar va tushuntirishlar jamlangan.

Kitobning har bir bobi muhim bir jihatni qamrab oladi. Birinchisi, masalan, “Sut” deb nomlanadi va unda emizish evolyutsiyasi haqida so‘z boradi. Reproduktiv a’zolar, miya tuzilishining o‘ziga xos xususiyatlari haqida ham boblar bor.
His-tuyg‘u va idrok haqidagi bob juda qiziqarli. Dunyoda uzoq vaqt davomida gender ustunligi nazariyasi hukmron bo‘lib, unda erkaklarning xulq-atvor modeli va jismoniy kuchi me’yor sifatida qabul qilingan, boshqacha tana tuzilishiga ega bo‘lgan ayollar esa himoya va itoatga muhtoj “zaif jins” deb hisoblangan. Biroq, kuch hech qachon turning omon qolishining asosiy omili bo‘lmagan. Ayollarda shakllangan fazilatlar ko‘pincha jismoniy qarshilik bilan emas, balki xavfning oldini olish, ziyraklik va sezgirlik bilan bog‘liq edi. Erkaklar ov qilganda, ayollar o‘choqni asragan, bolalarga g‘amxo‘rlik qilgan va aynan shu sababli ularda o‘tkirroq eshitish qobiliyati, hid bilish, intuitsiya — xavf-xatarni oldindan sezish va hayotni asrashga qaratilgan ko‘nikmalar rivojlangan.
Mutolaa madaniyati
Atrofimdagilar ko‘proq kitob o‘qishini juda istardim. Bir yil Buyuk Britaniyada yashaganimdan so‘ng, u yerda mutolaa madaniyatning ajralmas bir qismi ekanligini his qildim. Barcha va hamma joyda — metroda, bog‘larda, qahvaxonalarda o‘qiydi. Metro bekatlari yonida bepul gazetalar taxlangan. Odamlar ularni ertalab olib, yo‘l-yo‘lakay o‘qiydi, keyin esa o‘rindiqda qoldiradi — boshqa odam o‘tirib, oxirigacha o‘qib chiqadi. Bu mayda narsa, lekin unda axborotga hurmat, o‘qishga odatlanish sezilib turadi. Har qadamda kutubxona — shahar bo‘ylab sayr qilib yurganingizda tasodifan birortasiga kirib qolishingiz ham mumkin.
Menimcha, madaniyatlarimiz o‘rtasidagi farq shundaki, Britaniyada butun ta’lim tizimi “o‘qimasang, o‘rgana olmaysan” degan g‘oyaga asoslangan. Seminarlarda o‘qituvchilar shunday savollar beradiki, ularga oldindan o‘nlab ilmiy maqolalarni o‘qimay turib javob berib bo‘lmaydi. Bu intizomga undaydi. Bizda esa umuman zo‘riqmasa ham bo‘ladi — darsda ChatGPT’dan so‘raysiz va tezda javob berasiz. U yerda esa bunday emas, bunday qilinmaydi.
Sovet Ittifoqida mutolaa madaniyati mavjud edi, lekin, menimcha, u ko‘proq yuzaki edi. Masalan, uylardagi kutubxonalar ko‘proq mavqe belgisi sifatida tashkil etilardi. Bolaligimdan esimda, uyda Pushkin, Lermontov asarlari to‘plamlari, buvim “Akademkniga”dan olib kelgan qandaydir xatlar to‘plamlari bilan to‘la javonlar turardi. Noyob nashrlar, hamma narsa chiroyli — qora muqovalar, oltin, silliq qog‘ozlar. Biroq oddiy kitobxonlardan ko‘ra ko‘proq adabiyotshunoslarga mo‘ljallangan og‘ir akademik matnlarni o‘qishning iloji yo‘q edi. Ularni o‘qish uchun emas, ko‘proq ziyolilikni namoyish qilish uchun saqlashardi.
Janrlar va formatlar
Menimcha, odamni badiiy yoki nobadiiy adabiyotni o‘qiganiga qarab baholab bo‘lmaydi. Odamlarni ko‘p narsalar: muhit, oila, kasb, atrofdagilar shakllantiradi. Yuzlab kitoblar o‘qish, professor bo‘lish mumkin, lekin axloqi o‘ta shubhali inson bo‘lib qolaverish mumkin. Va aksincha.

Ma’lumotni turli yo‘llar bilan olish mumkin — kitoblardan, podkastlardan, videolardan. Podkastlar shaxsan menga to‘g‘ri kelmaydi. Mening fotografik xotiram bor: matnni, so‘zlarning sahifada joylashuvini yaxshi eslab qolaman. Ammo audio ma’lumotlar ongimda qolmaydi — osongina chalg‘iyman. Audio kitoblar bilan ham xuddi shunday: men yurib, tinglab ketayotganimda birdan fikrlarim butunlay boshqa joyda ekanligini anglayman. Keyin qayta o‘rab, yangitdan boshlashga to‘g‘ri keladi. Men uchun bu shunchaki samarasiz. Ko‘p vazifalilikni yomon deb hisoblayman. Ilgari bir vaqtning o‘zida bir nechta ishni bajara olsam, bu ajoyib bo‘lib tuyulardi, ammo tajriba orttirgach tushundimki, agar sifatli bo‘lishni istasang, diqqatni jamlashing kerak.
Biz ma’lumotni qanday qabul qilmaylik, shunchaki o‘qish emas, balki aynan nimani o‘qiyotganimizni va undan nimani olayotganimizni tushunish muhim. Bu ovqatga o‘xshaydi: hamma ochlikni qondirishi kerak, lekin kimdir tez tayyorlanadigan ovqat iste’mol qiladi, kimdir esa foyda va muvozanatni o‘ylaydi. Tez tayyorlanadigan ovqat to‘ydiradi, lekin sog‘lomlashtirmaydi. Kitoblar bilan ham shunday: ba’zi kitoblar shunchaki “axlat” bo‘lishi mumkin. Ular “rivojlanish uchun” nimadir qilayotganingni his qilishdan boshqa hech narsa bermaydi. Ayniqsa, hozir “muvaffaqiyatli muvaffaqiyat” haqidagi kitoblarni o‘qish ommalashgan. Ularning yarmi boshqalarning g‘oyalarini yangi muqova ostida qayta yozishdir. Bu adabiyot emas, bu biznes. Shuning uchun men “shunchaki o‘qing” deydiganlardan emasman. O‘qilgan kitoblar soni kamroq bo‘lsa ham, mutolaa sifatli bo‘lsin.
Badiiy adabiyot
Badiiy adabiyot haqida gapiradigan bo‘lsak, qachonlardir menda alohida taassurot qoldirgan kitob, bu — Richard Baxning “Yagona” asari. Uni o‘smirligimda o‘qiganman va u hayotga bo‘lgan qarashlarimga katta ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa kerak. Syujet oddiy ko‘rinadi: er-xotin samolyotda sayohatga chiqadi va o‘z hayotlarining turli talqinlariga, go‘yo parallel olamlarga tushib qoladi. Aslida bu kitob tanlov haqida. Har bir qarorimiz, hatto eng ahamiyatsizi ham, kelajak yo‘nalishini o‘zgartirishini tasvirlaydi. O‘shanda bu fikr menga g‘oyat muhim tuyulgan edi. O‘shandan beri qilayotgan ishlarimga juda ongli yondashaman.

Maktab davrida o‘qiganim Chingiz Aytmatovning “Qiyomat” asari ham menda kuchli taassurot qoldirgan. Butun sinfda uni oxirigacha o‘qigan yagona o‘quvchi men edim, shekilli. O‘qituvchi u haqda hatto muhokama ham o‘tkazmagan — ehtimol, kitobning o‘zi og‘ir, falsafiy bo‘lgani va uni tushunish hammaga ham oson bo‘lmagani uchundir. Uni hozir qayta o‘qiy olishimga ishonchim komil emas.
Aka-uka Strugatskiylarni juda yaxshi ko‘raman. Ularning asarlarini nafaqat sovet, balki jahon adabiyotining mumtoz namunalari deb bilaman. Menga ayniqsa ikkita asari juda yoqadi — “Mahkum shahar” va “Dushanba shanbadan boshlanadi”. Ular kayfiyat jihatidan mutlaqo boshqacha. Birinchisi — murakkab, majoziy, chuqur o‘ylashni talab qilsa, ikkinchisi — go‘yo yengil, ammo hazil ortida juda jiddiy falsafiy va ijtimoiy mavzular yashiringan. Hayratlanarlisi, ular qanchalik xilma-xil uslubda yoza olishlari va fantastika orqali narsalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytmay, tizimga qarshi e’tiroz bildirishlari, uni tasvirlashlarida. Axir bu ham o‘ziga xos qarshilik ko‘rsatish usuli, shunday emasmi?
Maktab dasturi
Menimcha, maktab dasturi ko‘pincha bolalarning o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqini so‘ndiradi. Biz shu mavzuda bahslashdik: maktabda “Urush va tinchlik”ni o‘qitish kerakmi? Menimcha, yo‘q. Bu asar o‘smirlar uchun emas. Agar bu adabiyotlar maktab dasturida bo‘lmasa, ularni hech kim o‘qimaydi, degan mashhur qarshi fikr bor. Bunda jon bor. Ehtimol, mumtoz asarlarning aksariyatini faqat maktab dasturiga kiritilgani uchun o‘qigandirmiz. Masalan, men 8-sinfda Chernishevskiyning “Nima qilmoq kerak?” asarini o‘qiganman, lekin uning mazmuni esimda yo‘q.

Ishonchim komilki, maktab adabiyotlari ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqish va unga zamonaviy bolalar va o‘smirlar kitoblarini — yorqin, jonli, bugungi avlod tilida yozilgan asarlarni qo‘shish kerak. Masalan, “Garri Potter” haqidagi kitoblarda ham mehr, adolat, do‘stlik kabi qadriyatlar haqida so‘z yuritiladi, faqat bolalar tushunadigan tilda. Menimcha, maktab o‘quvchilari Tolstoy, Radishchev va Chernishevskiydan ko‘ra Garri Potterni ko‘proq qiziqish bilan o‘qigan bo‘lardi.

Maktab dasturi, fikrimcha, ortiqcha yuk bo‘lmasligi, aksincha mutolaaga bo‘lgan qiziqishni uyg‘otishi kerak. Chunki kitob o‘qish odati insonda keyinchalik bir umrga qoladigan ko‘nikmaga aylanadi.

Matnni Sabina Davletmuradova tayyorladi.

Suratlar muallifi: Yevgeniy Sorochin.


Matn va grafik materiallarga bo‘lgan barcha huquqlar Gazeta’ga tegishli. Gazeta’da e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan havola orqali tanishish mumkin.


Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda