Deputat bo‘lish orzusi va bu orzuning ro‘yobiga xalal berayotgan infratuzilma

Murod Egamov hikoyasi
U “Sharoit Plyus”da a’zolar bo‘yicha koordinator bo‘lib ishlaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda inklyuzivlikni targ‘ib qiluvchi blog yuritadi. “Iroda” loyihasining navbatdagi qahramoni Murod Egamov bilan bolalar uyidagi ahvol, infratuzilmadagi muammolar va u nega o‘qishni tashlashga majbur bo‘layotgani haqida gaplashdik.

U “Sharoit Plyus”da a’zolar bo‘yicha koordinator bo‘lib ishlaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda inklyuzivlikni targ‘ib qiluvchi blog yuritadi. “Iroda” loyihasining navbatdagi qahramoni Murod Egamov bilan bolalar uyidagi ahvol, infratuzilmadagi muammolar va u nega o‘qishni tashlashga majbur bo‘layotgani haqida gaplashdik.

“Iroda” — sinovlarga boy hayoti haqida hikoyasi bor, ammo oʻzi haqida gap ketganida birinchi galda boshqalardan farqli jihatlariga emas, balki uning ham inson ekanligiga, qobiliyatu salohiyatiga eʼtibor qaratilishini istovchi vatandoshlarning kechmishlari berib boriladigan loyihadir. Unda oʻz hayot hikoyasi bilan boʻlishmoqchi boʻlganlar Telegramʻda @Iroda_loyihaBot orqali bogʻlanishi mumkin.
Murod Egamov bundan avval ham “Iroda” loyihasida qatnashgan — “Sharoit Plyus” haqidagi materialda uning ham fikrlari berilgan edi. Bu safargi hikoya esa faqat Murod Egamovning o‘z hayoti va “minus sharoitlar” haqidagi mulohazalaridan iborat.
Yonma-yon
“Bolalar uyidagi o‘g‘il-qizlar mehr bilan kech, nafrat bilan esa juda erta tanishadi”, — derkan, Murodning tomog‘iga nimadir tiqilgandek bo‘ladi. Ko‘p o‘tmay o‘zini qo‘lga oladi va uch kunlik chaqaloqligidan boshlab to 12 yoshigacha o‘zi yashagan Qibraydagi maskan bilan bog‘liq yaxshi-yomon xotiralari bilan bo‘lishadi.
Atrofi daraxtlar bilan o‘ralgan ikki qavatli binoni tasvirlaganda, u o‘sha paytda bolalar uyining ikkita — biri qadrdon, boshqasi esa begonadek his qildirgan darvozasi bo‘lganiga alohida to‘xtaladi.
реклама
реклама
Do‘stlari bilan birga asosiy darvozadan kelib-ketayotganlarni kuzatgani, qo‘shni mahalladagilar shu darvoza oldiga kelib, ularga shirinliklar ulashganini eslab yuzi yorishadi. Ikkinchi darvozani esa faqat tekshiruvchilar kelgandagina ochilgani bilan eslaydi.
Biz komissiya kelishini va bayramlarni kutib yashardik. Faqat shunda go‘shtli va to‘yimli ovqat yeyish nasib qilardi. Homiylar keltirgan sovg‘alar ular ketgach olib qo‘yilardi. Nega bu haqda tekshiruvchilarga aytib bermaganmiz, bilasizmi? Chunki ular shunday kelib, shunday ketardi, biz esa bu yerda doimiy qolardik, yashardik. Kimdir gullab qo‘ysa, kaltak yerdi.
Uning o‘zi ham bir safar ta’zirini yegan. Uxlash o‘rniga do‘stlari bilan gaplashib yotgani uchun. Tarbiyachi qoshiqning orqa tomoni bilan uning boshiga bir necha marta urgan. “Ay!” degan ovoz “jazo” sonining ko‘payishiga olib kelishini yaxshi bilgan Murod, joni og‘risa ham, 10 ta kaltakkacha churq etmay chidab turgan.

“Kaltaklashdan tashqari ovqat bermay jazolash ham bo‘lardi va bu jazolar ko‘pincha bolalar nimanidir noto‘g‘ri qilgani uchun tayinlanmasdi. Ulg‘ayganimiz sari, tabiiyki, uyqumiz kamaygan. Ammo ba’zi tarbiyachilar uchun bola shunchaki jim yotishi, hech nimaga aralashmasligi, shovqin solmasligi kerak edi. Shunga tushlik payti 13:00 dan 16:00 gacha, kechqurun 20:30 dan tonggi 7:00 gacha majburlab uxlatishar, ba’zan uxlatadigan dori ham berishardi. Non orasiga yoki kasha ichiga dori solayotganini birov ko‘rib qolgudek bo‘lsa, tarbiyachi ko‘zini qisib qo‘yardi. Bu holat o‘zim bilan ham bo‘lgan”, — deydi u.

O‘sha payt “Chip va Deyl” multfilmini yoki “Jumong” serialini sevib tomosha qilgan Murod televizorni kun bo‘yi yoqib qo‘yish ham bolalarni jim olib o‘tirishning bir usuli ekanini keyinroq payqaydi.
Lekin tarbiyachilarning hammasini maqsadi ham bolalarni tinchlantirish bo‘lmagan, ularning orasida bolalar bilan sidqidildan shug‘ullanib, ularning rivojlanishiga hissa qo‘shganlari ham bor edi, albatta. Yaxshilik va yomonlik yonma-yon yurishini ta’kidlagan Murod salbiy deb bilganlarining ismini tilga olishni ham xohlamaydi. Uyidan qatiq-sut olib kelib ilinadigan Lyubani, ularni o‘z bolasidek yaxshi ko‘radigan Lenani va Murodning oyoqqa turishiga sababchi bo‘lgan Gulchehra opani minnatdorlik bilan xotirlaydi.
Bolalar uyida yuradigan va yurmaydigan bolalar alohida guruhlarga bo‘lingan edi. Men besh yoshimgacha faqat yotardim, chunki tashxisga ko‘ra suyaklarim yetarlicha rivojlanmagan, vaholanki, o‘tirish uchun ham ular yetarlicha o‘sgan bo‘lishi kerak edi. To‘qqiz yoshimda homiylar olib kelgan germaniyalik bir shifokor meni ko‘rib: „Bu bola vaqtida muolaja, ayniqsa massaj olganida, yurib ketardi“, degan. Shundan keyin umid borligini bilgan Gulchehra opa meni harakat qilishga unday boshladi. Qo‘limga qalam tutqazib mashqlar qildirdi, hozirgidek tizzalab yurishga o‘rgatgan ham aynan Gulchehra opam.
Anglash
Murodni 12 yoshida amakisi asrab olgan. Ungacha u o‘z oilasi haqida hech nima bilmasdi. Hammasi juda tezlashib ketgani, o‘zi bunga oldindan ruhiy tayyor bo‘lmagani uchun juda kuchli hayajonlangan. “Meni qanday qabul qilishadi?”, “Menga yaxshi munosabatda bo‘lisharmikin?”, deya rosa tashvishlangan.
реклама
реклама
Bu orada uni o‘z ota-onasi olib ketadi va, o‘qish bahona, biroz chalg‘igandek bo‘ladi. O‘rtachirchiq tumanidagi 11-maktab uyidan 3 km uzoqdaligi, qishloq sharoitida buncha masofani bosib o‘tish oson emasligi bois o‘qituvchilar uning uyiga kelib dars o‘tadi.
Bolalar uyida yashaganimda chet ellik mutaxassis ochgan kichik ta’lim markaziga qatnaganman. Men borishni, vaqt o‘tkazishni yoqtiradigan u dargohda hamma fanlar ruscha o‘tilardi. Meni esa uyda o‘zbekcha va, dabdurustdan, 6-sinf dasturi bo‘yicha o‘qita boshlashgan. Bunga men tengqur 13 yoshli bolalar qaysi sinfda o‘qiyotgan bo‘lsa, men ham o‘sha sinf dasturi bo‘yicha o‘qishim kerakligi haqidagi qaror sabab bo‘lgan.
Ustozlar masofa uzoqligini bahona qilib orada kelmay qo‘yishidan, kelsa ham minnat qilishidan Murodning dili xira bo‘lgan, albatta. U bilan fikr almashadigan sinfdosh do‘stlari yo‘qligi ham kayfiyatiga ta’sir qilgan.

8-sinfga o‘tgach, o‘qishdan ko‘ngli qolib, vaqtini faqat o‘yin o‘ynash bilan o‘tkazadi. Faqat bir kuni “O‘zingdan kichkina bolalar bilan o‘ynayverasanmi?” degan gap boshqacharoq ta’sir qilib, o‘yinqaroqlikni bas qiladi, o‘zini qo‘lga oladi.
Maktabni bitirgach, vaziyatni tahlil qilib, kelajagim uchun biror narsa bilan mashg‘ul bo‘lishim kerak, deb o‘ylay boshladim. Lekin tayinli ish bilan shug‘ullanishim uchun ham sharoit bo‘lishi, ota-onam boshqa farzandlari singari meni ham yo‘naltirishi, qo‘llab-quvvatlashi kerak edi. Unday bo‘lmagach, shu ketishda davom etsam, hayotim o‘zgarmasligi mumkinligidan xavotirga tushganman. O‘zimga imkon topish, o‘tirib qolmaslik maqsadida uydan ketishga ahd qilganman.
Ketishdan ikki-uch oy avval tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi. Avval ko‘p yurmagani va uzoq masofani bosib o‘tayotganda toliqib qolmasligi uchun oyoqlarini jismoniy mashq bilan chiniqtiradi. 16 yoshining avgust oqshomlaridan birida jamg‘argan 500 ming so‘m puli bilan, Xudoga tavakkal qilib, uyini tark etadi. Yostig‘ining ustida esa xayrlashuv maktubini qoldiradi.
“Ota, ona, meni kechiring! Men bu yerda o‘z o‘rnimni topolmadim. Hammamiz issiq jon — siz ham bugun bor, ertaga esa yo‘qsiz. Mening hayotim akamning qo‘liga qarab qolyapti. U menga qarasinmi yoki oilasiga? Men ham rivojlanishim, oyoqqa turishim kerak. Menga imkon bering, rivojlanishimga to‘sqinlik qilmang, iltimos. Bergan non-tuzingizga rozi bo‘ling”, — deb yozilgandi o‘sha xatda.
Yurakdan chiqqani uchun maktubning har bir satrini so‘zma-so‘z eslab qolgan Murod taxminan 3−4 kilometr yurgach, taksiga o‘tiradi va qanday borishni biladigan yagona manzili — o‘zi o‘sib-ulg‘aygan bolalar uyiga boradi. Uni kutib olgan muassasa xodimlari, Murodning yalinib-yolvorishiga qaramay, ota-onasiga xabar beradi.

“Meni uyga olib ketishdi. Ammo hayotimda hech nima o‘zgarmadi. Keyin yana qochdim — bu safar yarim yo‘ldan topib kelishdi. Keyin, o‘zimni chalg‘itish uchun singillarimning huquqqa oid kitoblarini o‘qiy boshladim, shu sohani ko‘proq o‘rganishga kirishdim. Bu orada vasiylik va homiylik organi xodimi menga Redmi A6 smartfonini sovg‘a qildi. Unda internetdan foydalanib, „Sharoit Plyus“ haqida xabar topdim. Ular bilan bog‘lanib, meni jamiyatga a’zo qilib olishlarini so‘radim”, — eslaydi u.
Murod aynan shu telefoni orqali imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan Respublika kasb-hunar kollejiga hujjat topshirib, kompyuter yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga qabul qilinadi. Kollej uning uydan ketishi va mustaqil hayot boshlashi uchun bir “omad chiptasi” vazifasini bajarib beradi.

“Jamiyat menga, men jamiyatga moslashishim uchun faollashishga, imkoniyatlar izlashga harakat qildim. “Sharoit Plyus”ga a’zo bo‘lish bilan birga, 2019-yildan “Oltin qanot” yosh volontyorlar markazi va yana bir tashkilotda volontyorlik qildim” , — deydi u.
Murod oxirgi tashkilotning nomini aytishni xohlamasligini u yerda ko‘ngilni xijil qiladigan voqea sodir bo‘lgani bilan izohlaydi. Aytishicha, unga saxiy bir inson elektron aravacha sovg‘a qilgan. O‘sha tashkilot rahbari esa bu aravacha niboshqa saraton tashhisli boshqa bir bolaga bermoqchi bo‘lgan.
"Yaqinda o‘ladi u, berib yuboravermaysanmi?" qabilidagi gaplarni eshitib, ehson pullari hisobidan ziyofatlar qilinishidan xabar topgach, ko‘nglim qolgan. O‘sha tashkilotdagilar ochgan oilaviy bolalar uyida esa bolalar xo‘rlanayotgani, haqorat qilinayotganiga guvoh bo‘lganman. Shularni ko‘rib, muammolar hal bo‘lishi va odamlarga chinakam foyda yetishi uchun ehson va xayriyalardan ko‘ra shart-sharoitlarni to‘g‘rilash va huquqlarning ta’minlanishi muhimroqligini tushunib yetganman.
Muammo
Uch yil o‘qishga topshirib, to‘rtinchisida omadi kelgan Murod Egamov 2025-yil Toshkent davlat transport universitetining yurisprudensiya yo‘nalishiga o‘qishga kirdi. Lekin u hozir o‘qishni tashlash arafasida, shunga majbur bo‘lyapti. Bunga eng asosiy sabab — shaharsozlik va infratuzilma bilan bog‘liq muammolar.

Universitetining asosiy binosidagi pandus, Murodning aytishicha, talabga javob bermaydi. U o‘qiydigan to‘rt qavatli binoda esa na pandus va na lift bor.
Dars uchun uchinchi qavatga chiqishim kerak. Lekin o‘zim chiqolmayman. Menga yordamlashish uchun zinadan ko‘tarib olib chiqadigan kursdoshimdan biri churra orttirib oldi. Yana biri olib chiqayotganida esa o‘zim yiqilib tushdim.
“Beruniy” metro bekati yaqinida yashaydigan Murodning darslari asosan peshindan keyin bo‘ladi. Masalan 14:30 da bo‘ladigan darsi uchun u uydan qancha erta chiqsa ham o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablar bilan darsga kechikadi. Bunga — trotuardagi noqulayliklar, metrodagi avtomatik pandusning bir ishlab, bir ishlamasligi va ba’zi avtobus haydovchilarining pandusni tushirib berishni xohlamasligi sabab bo‘ladi.

“„Beruniy“ metro bekatigacha talabga javob bermaydigan trotuar va mashina yuradigan asosiy yo‘lni bosib o‘tishimga to‘g‘ri keladi”, — deydi u.
Qurilish obyektlari atrofidagi trotuarlar kengligi 1,5 metrdan kam bo‘lmasligi, keksalar aravachada harakatlanadigan, yosh bolalarning aravachasi yetaklab yuriladigan serqatnov joylarda esa piyodalar yo‘lkasining kengligi kamida 2,4 metr bo‘lishi kerak. Shahar, tuman markazlarida bo‘lsa kamida 3,6 metr bo‘lishi kerak. Shuningdek, turar joy mavzelaridagi piyodalar yo‘lkasining kengligi 2,0 metrdan, transport harakatlanadigan ko‘chalarda esa 2,4 — 3,0 metrdan kam bo‘lmasligi kerak.
“Metroning oldiga qancha erta kelmay, meni pastga olib tushib qo‘yadigan marhamatli insonni kutib turishga majburman. Sababi — barcha metro bekatlarida ham avtomatik panduslar hali to‘la ishga tushmagan”, — deydi u.
Murod bunday muammolarga, ayrim istisnoli holatlarni hisobga olmasa, deyarli har kuni duch keladi. “Iroda” loyihasi uchun suratga tushish kuni ham shunday kamyob istisnoli kunlar qatoriga kirdi — uning yonida suratga olayotgan fotograf borligini ko‘rgan metro xodimlari unga odatdagidan-da iliqroq munosabatda bo‘lib, zinadan tushib-chiqishida yordam ko‘rsatdi. Bundan hayratini yashirolmagan Murod: “kamera bilan yurish kerak ekan-da”, — deydi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent metropolitenining “Buyuk Ipak yo‘li”, “Amir Temur xiyoboni”, “Xalqlar do‘stligi”, “Novza” “Chilonzor”, “Olmazor” va “Beruniy” bekatlariga jami 45 ta avtomatik elektron pandus o‘rnatilgan va ulardan 21 tasi ishga tushirilgan, qolgan 24 tasida esa montaj ishlari davom etmoqda.
“Sharoit Plyus”ning SMM-kursida o‘qigach, Instagram va Telegramʼda “Inklyuziv O‘zbekiston” blogini yurita boshlagan Murod yaqinda metro bekatlarida panduslar qanday ishlayotgani haqida bir video oldi. Jarayonga to‘sqinlik qilishga uringan metropolitenning ayrim xodimlari unga “shuncha sharoit yaratib bergani uchun shahar hokimiga rahmat aytishni, uni maqtashni” tavsiya qilgan.
“Metroning „Toshkent“ stansiyasidan chiqib, 46, 40, 12-avtobuslarini kutaman. Talabalar ko‘p bo‘lgani uchun ba’zilarida bizga aravacha bilan joy bo‘lmasligi, ayrimlari to‘xtamay o‘tib ketishi yoki pandusni ochib bermasligi mumkin”, — deydi Murod Egamov. Shu kabi sabablarni deb bir necha bor o‘qishga kech qolgan Murod oxiri dekanatdan tanbeh ham eshitgan.

Vaziyatni tushuntirganida esa unga yechim sifatida onlayn ta’lim olish taklif qilingan. Bir vaqtlar uyda ta’lim olib, uning sifatsiz va samarasiz bo‘lishini o‘z tanida his qilib ko‘rgan suhbatdoshimiz esa yaratilmagan sharoitni deb nega inson o‘zini cheklashi, o‘zini uyga qamashi kerak, deb savol qo‘yadi. Nima, u jamiyatga qo‘shilish, odamlar bilan birga bo‘lish uchun bekordan-bekorga shuncha tirishib-tirmashdimi?
Parlamentda nogironligi bor shaxslarning bo‘lishi siyosiy vakillikni kengaytiradi, qarorlar nogironligi bor fuqarolarning ehtiyojlarini hisobga olgan holda qabul qilinadi, inklyuziv, adolatli siyosat shakllanadi, deb hisoblaganim uchun ham deputat bo‘lishni orzu qilaman. Lekin bu ketishda orzum qanday amalga oshadi? Deputat bo‘lish uchun ham oliy ta’lim kerak. Elementar sharoitlar yo‘qligi sabab esa nogironligi bor shaxslar oliy ta’limga yetib borolmasligi, borsa ham mendek o‘qishni tashlashga majbur bo‘lishi mumkin. Ya’ni, bu nogironligi bor shaxslarning nafaqat deputat bo‘lish, balki kunlik yashashi uchun ham boshqalarga oddiydek tuyiladigan to‘siqlarga duch kelishiga bir misol.
Shuningdek, u nogironligi bor shaxslarning oila qurish masalasiga ham e’tibor qaratilishi kerak, deb hisoblaydi. Uning fikricha, nogironligi bor shaxslarning oilaviy hayotga layoqatli emas degan stereotiplar ularning normal, faol va mustaqil hayot kechirishi yo‘lidagi yana bir katta g‘ov.

“To‘rt yil yaxshi ko‘rib yurgan qizimning ham nogironligi bor edi, lekin ota-onasi oila qurishimizga qarshi chiqdi. Bunday holatlar ko‘p va bu ham nogironligi bor shaxslarning huquq va erkinliklari cheklanishiga yana bir yorqin misol. Shu sababli bu masala haqida jamiyat ko‘proq gapirishini, ommaviy axborot vositalari esa bu muammoni ko‘proq yoritishini istardim”, — deydi Murod Egamov.
Materialni Guliraʼno Musayeva tayyorladi.
Fotosuratlar muallifi: Dilruh Isomiddinova/ Gazeta

Matn va barcha grafik materiallarga boʻlgan huquqlar Gazeta nashriga tegishli. Gazeta internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? Oʻz hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda