Foto: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
Gazeta ortidagi odamlar
Gazeta 17 yildirki yangiliklar yozadi, muhim voqealarni yoritadi, qiziqarli insonlar haqida hikoya qiladi va dolzarb savollarga javob izlaydi. Bu ish bilan kimlar shug‘ullanadi, ularni nima olg‘a undaydi va qanday qadriyatlar birlashtiradi — Gazeta ortidagi odamlar haqidagi material aynan shu haqda.
Gazeta 17 yildirki yangiliklar yozadi, muhim voqealarni yoritadi, qiziqarli insonlar haqida hikoya qiladi va dolzarb savollarga javob izlaydi. Bu ish bilan kimlar shug‘ullanadi, ularni nima olg‘a undaydi va qanday qadriyatlar birlashtiradi — Gazeta ortidagi odamlar haqidagi material aynan shu haqda.
Asoschilar va rahbariyat
Suren Sapov
Asoschi
Gazeta tashkil etilishidan bir necha yil oldin men gazeta.uz domenini sotib olgan edim. Ilk kunlardanoq Gazeta shunchaki odamlar uchun yangilik yozishi bilan emas, balki sifati bilan ajralib turdi. Sifat standartlari, xotirjam uslubdagi bayon, puxta tekshirilgan axborot va xolislik — nashr tayanadigan asosiy ustunlar bo‘lib kelgan. Uning o‘ziga xosligi uslubida, formatlarida va, albatta, jamoasida.
Azamat Atajanov
Asoschi
2008-yil avgust oyida Suren bilan tushlik payti O‘zbekistonda yangiliklarni «odamlar uchun» beradigan sayt yo‘qligi, asosan rasmiy axborotlar berilishi haqida gaplashgandik. Bir hafta o‘tib Gazeta‘ni ishga tushirdik va u darhol o‘z auditoriyasini topdi, chunki odamlarga yetishmayotgan narsani bera olgandik. Bir kishidan iborat tahririyat o‘nlab xodimlardan iborat jamoaga aylandi, «Odamlar uchun yangiliklar» shiori esa hanuz dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Bizning ishimizga eng yuksak baho, bu: «Gazeta borligi qanchalik yaxshi» deyishlari. Va buni ikki toifadagi odamlar — mushtariylar va xodimlarimiz aytishadi.

Sayt ishga tushirilganida belgilangan qadriyatlari, tamoyillari va standartlariga haligacha sodiq qolgan. Nashrda har kuni o‘rnak olish mumkin bo‘lgan hamjihat professionallar jamoasi faoliyat yuritadi. Barchani mamlakat va odamlarga foyda keltirish, eng muhim va zarur maʼlumotlarni yetkazish istagi birlashtiradi.
Davlat Umarov
Kompaniya rahbari
2020-yili Gazeta‘ga kelganimda, «Odamlar uchun yangiliklar» davlat tilida ham muntazam chiqishi uchun o‘zbek tilidagi tahririyatni noldan qurishni boshlaganmiz.

Bugun men ish jarayonida hamkasblarni qo‘llab-quvvatlashga va hech kimga xalal bermaslikka harakat qilaman. Isteʼdodli va qiziqarli shaxslar bilan bir jamoada ishlash, ularning turli yo‘nalishlarda rivojlanishiga yordam berish menga yoqadi. Hech qanday illyuziyalarsiz, ammo umid bilan yashash uchun yetarli darajada o‘z-o‘zimizga tanqidiy qarashga qodir ekanimiz ham menga yoqadi.

Gazeta‘da ishlash — shov-shuv yoki shovqin emas, balki mazmun, ongli yondashuv va uzoqni ko‘zlab ishlash demak. Biz to‘g‘ri ish qilayotganimizga ishonaman. Shu narsa meni Gazeta bilan bog‘lab turadi.
Yangiliklar bo‘limi
O‘zbek tilidagi tahririyat
Nurulloh Sharipov
Mas'ul muharrir
Men nyusmeykerman — xabarlarni tushunarsiz rasmiy tildan xalq tiliga “tarjima” qilaman. Gazeta‘da 3,5 yildan beri ishlayman.

Bu yerda professional muxbir va jurnalistlar bilan ishlash yoqadi. Tahririyatda meni uning qadriyatlari ushlab turadi.
Elshod Salimov
Mas'ul muharrir
Kechasi uyg‘onib ketib, xabar yozib turaman. Gazeta‘da uch yildan beri ishlayman. Tahririyat meni eshitishini his qilaman.

Menga tahririyatning bir qismi ekanimni his qilish yoqadi. Boshqa joyda ishlab, Gazeta‘ni o‘qigandan ko‘ra, bu yerda o‘zimni ko‘rishim kuch beradi. Rahbariyatning open-minded ekani, yaʼni yangi g‘oyalarni, fikrlarni va tajribalarni xurofotlarsiz qabul qila olishi meni ushlab turadi.
Shohruh Haydarov
Gazeta‘ning ko‘zi va ovozi
Bir qo‘limda kamera bilan muhim voqea-hodisalarni kadrlarga muhrlayman, ikkinchisida esa ularni reels orqali odamlarga aytib beraman. Orada o‘quvchilar qayerda nima bo‘lganidan bexabar qolmasligi uchun xabarlar yozib turaman. Xullas, xabarchi, muxbir va fotografman.

Menga voqealar markazida bo‘lish drayvi, professional muhit va erkinlik yoqadi. Qolaversa, bu yerda har bir fikr tinglanadi, hamma mavzuga vijdonan yondashiladi, shu jihatlari men uchun juda qadrli!

O‘zbekistonda sifatli media mahsulot yaratayotgan jamoaning bir bo‘lagi ekanligim va biz qilayotgan ishning kichik bo‘lsa-da natijasi borligini ko‘rayotganim meni bu yerda ushlab tursa kerak. Tayyorlagan maqolalarimizdan keyin qaysidir muammo hal bo‘lsa yoki kimningdir dunyoqarashi o‘zgarsa, demak, men to‘g‘ri joydaman.
Abduqahhor Qosimov
Tungi muharrir
Ikki yildan beri hamma uxlayotganda saytda “xo‘jayinlik” qilaman. Gazeta‘ning prinsiplari menga yoqadi. Buyuk loyihaning bir qismi ekanligim haqidagi ishonch meni bu yerda ushlab turadi.
Shoira Yakubova
Kichik muharrir
Yangiliklar shovqini ichidan muhimini ajratib, o‘quvchilarga sodda tilda yetkazaman. Gazeta‘da raqamlar ortidan quvilmaydi, bu yerda sifat va mazmun muhim.

O‘sishga undaydigan, do‘stona va qo‘llab-quvvatlovchi muhit meni tahririyatda ushlab turadi.
Yangiliklar bo‘limi
Rus tilidagi tahririyat
Elina Sakayeva
Mas'ul muharrir
Katta hisobotlar va uzun nutqlar ichidan mushtariylar uchun eng muhim maʼlumotlarni qidiraman. Yangiliklarda raqamlar mos kelishi, iqtiboslar aniq bo‘lishi, ifodalar esa to‘g‘ri (baʼzan hatto siyosiy jihatdan ham to‘g‘ri) qo‘llanilishini nazorat qilaman. Intervyular uchun savollar tayyorlashga yordam beraman va baʼzan o‘zim ham kim bilandir suhbatlashaman. Taʼtillar va xizmat safarlaridan media-bazamiz uchun suratlar olib kelaman.

Gazeta‘da men prinsipga asoslangan halollikni, axborotga asosli va jiddiy yondashuvni, ko‘rishlar ortidan quvish yo‘qligini hamda nashrning intellektual va ziyoli ruhiyatini qadrlayman.

Bizda ajoyib jamoa bor! Ko‘plab hamkasblar shaxsiy rivojimga hissa qo‘shgan va dunyoqarashimni kengaytirgan. Ularning har biri bilan birga ishlashimdan faxrlanaman.

Nashrda meni kasbga sadoqat va kundalik hayotimizga taʼsir qila olish imkoniyati ushlab turadi.
Parvina Ayubova
Jahon yangiliklari muharriri va tahririyat mushuklarining onasi
Gazeta‘da olti yildan beri ishlayman. Uning sifatli jurnalistikaga sodiqligini juda qadrlayman.

Nashrda meni hamjihat va isteʼdodli jamoa, sog‘lom korporativ madaniyat va umumiy maqsad — dunyoni tushunarliroq va biroz yaxshiroq qilish g‘oyasi ushlab turibdi. Yana, men va hamkasblarim ofis mushuklari Persi, Eskimo va Barsikka g‘amxo‘rlik ham qilamiz.
Shuhrat Latipov
Eng zo‘r xabarchi, korrupsionerlarning qo‘rquvi va nafrati
Yangiliklar, tahliliy maqolalar yozaman, baʼzida surishtiruv va reportajlar tayyorlayman, onda-sonda suratga ham olaman. Eng yoqadigani — raqamlarni tahlil qilish, ulardagi g‘ayritabiiy holatlarni topish va savol berish.

Nashrning pozitsiyasi va tamoyillari, tahririyat siyosatini yaxshi ko‘raman. Meni ushlab turadigan narsa bu — odamlar, albatta.
Dmitriy Povarov
Sharhlovchi, Gazeta shtatidagi birinchi xodim
Gazeta bilan u paydo bo‘lganidan beri hamkorlik qilib kelaman.

Yangiliklar tahririyatining olovlari-yu chaqmoqlari hamda subyektivlik, qolipsiz va janr qoidalarini pisand qilmaslikka to‘la o‘z uslubim o‘rtasida ijodiy tarzda sirg‘alib o‘tishga harakat qilaman.

Gazeta‘da shaxsan o‘zimni qaytib kelmas tarzda tark etib borayotgan narsalar yoqadi — yoshlik, jo‘shqinlik, adolat va ezgulikka bo‘lgan ishonch.
Yulianna Moroz
Kichik muharrir
Axborot shovqini ichida yangilik uchun asos bo‘ladigan narsalarni izlayman. Nashrda ishlayotganimga yetti oy bo‘ldi va shu vaqt ichida ish jarayonidagi tartib va xaosning kamligini sevib qoldim. Gazeta‘da meni illyuziya ushlab turadi. Jurnalistlar nimanidir yaxshilik tomonga o‘zgartira olishi haqidagi illyuziya.
Jamila Fadl
Kichik muharrir
Yangiliklar yozaman va muhim voqealarni o‘quvchilarimiz uchun tushunarli hikoyalarga aylantiraman. Gazeta‘da har kimning fikri qadrlanishi va masalalarni nizosiz muhokama qila olishlari menga yoqadi. Nashrda jamoa va muhit juda yaxshi. Bu yerda xotirjamlik bor, ishlash yoqimli va rivojlanish imkoniyati mavjud.
Maxsus bo‘lim
O‘zbek tilidagi tahririyat
Muhrimxon Aʼzamxo‘jayev
Bo‘lim bosh muharriri
O‘zbek tahririyatdagi, adashmasam, eng yoshi ulug‘ xodim sifatida har xil bo‘lgan va bo‘lmagan voqealarni aytib berib, biri biridan qiziq va dolzarb materiallar tayyorlayotgan yosh hamkasblarimni chalg‘itish va vaqtlarini o‘g‘irlash bilan shug‘ullanaman — asosan qiladigan ishim shu.

Shu sevimli mashg‘ulotimdan bo‘sh vaqtimda esa Maxsus bo‘lim jurnalistlari (“spesnaz”) materiallarini bir amallab ko‘rib beraman. Tabiiyki, bo‘sh vaqtim kam, shuning uchun materiallar kechikib ketadi. Biz bu haqda “Oy materiali” podkastimizda ham ko‘p gaplashganmiz — YouTubeda ko‘ringlar shu podkastni. O‘zbekistondagi eng zo‘r podkast, har soni deyarli million marta ko‘riladi. Deyarli.
Gazeta‘da menga jamoaviy ruh yoqadi. Bu muhit senga, masalan, bilmaganlaringni o‘rgatib tashlaydi — universitetda to‘rt yil o‘qib ham ololmaysan bunday bilimlarni. Bu yerdagi erkin ijodiy muhitni sevamanGazeta tashqaridan go‘yo qatʼiy belgilab qo‘yilgan qolipda ishlaydigandek ko‘rinsa-da, aslida tajribalarga ochiq, media-bozorimiz trendsetteri.

Shuningdek, bu yerda erksevar yoshlarning juda ko‘pligi ham yoqadi — ular baʼzan mahmadonadek ko‘rinadi, lekin ularning ko‘pligi baribir ham yaxshi.

Meni Gazeta‘da nima ushlab turadi? Savolnomadagi men uchun eng og‘ir savol shu bo‘ldi, chunki 2025 yil 30 dekabr kuni Gazeta bilan shartnomam tugaydi. Lekin, kun kelib, men aynan hozirgi jamoaviy ruh va erkin ijodiy muhit uchun ham Gazeta‘ga qaytgan bo‘lardim. Fursatdan foydalanib, Gazeta‘ga, Azamat aka Atajanovga, Suren aka Sapovga, Davlat Umarovga, shuningdek, bu yerda qolayotgan barcha hamkasblarga hammasi uchun rahmat, deb qolaman. Rahmat!
Bahodir Abdullayev
Muxbir
Gazeta‘da 2,5 yildan beri ishlayman. Nima qiziq va muhim deb o‘ylasam, o‘sha mavzu haqida turli formatlarda odamlarga gapirib beraman. Bu yerda hamma nima bilan va nima uchun shug‘ullanayotganini yaxshi biladi. Meni tahririyatda jamoa, missiya, empatiya, insonlar uchun yozish ushlab turadi.
Guliraʼno Musayeva
Muxbir
  • Ashula eshitaman, kitob o‘qiyman, kino ko‘raman, keyin ularni asosida testlar tuzaman;
  • Rasmiyatchilikdan yiroq odamlar bilan gaplashib, ular haqida “Iroda” nomli loyihada hikoya qilaman;
  • Qadrli hamkasbim Charos Nizomiddinova Gazeta‘da boshlab bergan “Ayol” nomli loyihani davom ettiryapman. Bu loyiha stereotiplarni parchalagan, dunyoni aql-zakovati va qatʼiyati bilan rom qilgan, ilm-fan va jamiyat rivojiga ulkan hissa qo‘shishi bilan tarixda qolgan xotin-qizlar haqida hikoya qiladi.
Gazeta‘ni aynan Gazeta‘ligi uchun, jamoani esa ayni hozirgi (2025 yil 25 dekabr holatiga ko‘ra) tarkibda ekanligi uchun yoqtiraman.

Ichimda inson va jurnalist sifatida o‘zim uchun muhim bo‘lgan, yo‘qotgim kelmaydigan baʼzi narsalar bor. Ularni o‘ldirgim kelmaydi, yashashini xohlayman. Ular faqat men sevgan romanlarda qolmasin, uvol-isrof bo‘lmasin. Yoshim bir joyga borib, ular haqida gap ketganda «kitoblarda yoziladigan» deb emas, men amal qilgan va alal-oqibat bunga pushaymon qilmagan “narsalar” deb eslagim keladi. Ana o‘sha asragim, shu bilan birga, xafa qildirib qo‘ygim kelmaydigan “narsalar”ning ovoziga ko‘ra, men hozir to‘g‘ri joydaman.
Mirolim Isajonov
Muxbir
Mening ishim axborot izlash, qayta ishlash va uni ommaga uzatish. Shu sababli ham turli davralar va vaziyatlarda amaldorlar va fuqarolar bilan muloqot qilib, ularni savolga tutish odat bo‘lib qolgan. Kecha tadbirga borgan bo‘lsam, bugun bir holat bo‘yicha surishtiruv olib boraman, erataga esa faoliyati ko‘pchilikka qiziq bo‘lgan shaxsdan intervyu olaman... Bizning soha mana shunday rang-barangligi bilan ham qiziq.

Gazeta‘da boshqa OAVlarga nisbatan erkinlik bor. Jamoada yoshlar, tengdoshlar ko‘pligi uchun ham fikrlarimiz va g‘oyalarimizni bemalol muhokama qilib, pishitib, so‘ng uni tayyorlashga yeng shimaramiz.
«Har qanday axborotni xalq uchun xalqona tilda berish zarur. Axborot ommaga kech uzatilsa-da, u puxta, chuqurroq va ishonchli bo‘lishi, odamlarda savollar tug‘dirmaydigan darajada tayyorlanishi kerak», degan g‘oya bilan ijod qilamiz.

Biz qandaydir mukofot yoki qaysidir amaldorning nazariga tushish niyatida axborot uzatmaymiz. Faqat o‘quvchilarning dunyoqarashini o‘stirish, ularga ishonchli maʼlumot berish yo‘lida harakat qilamiz, xolos.
Ziyoda Ramazonova
Muxbir
Jamiyat hayotiga daxldor mavzularda reportajlar tayyorlayman, turli masalalar yuzasidan intervyular olaman. Insonlarni tinglash va ularning hislari, o‘ylari, og‘riqlarini qog‘ozga tushirish — bularsiz ishimni tasavvur qilolmayman.

Gazeta‘da menga erkinlik, hurmat va qadrlanish yoqadi. 3,5 yildan beri yozadigan mavzularimni erkin tanlayman va, tanladimmi, bemalol, yorita olaman. Natijasi qanday bo‘lishidan qatʼiy nazar, «bu mavzu bilan shug‘ullanib ko‘rishingiz mumkin», degan quvvatlov bor. Buni qarorlarim va tanlovlarimga hurmat ifodasi sifatida qabul qilaman.

Muharrirlarim so‘zda yoki biror belgi orqali tahririyatga kerakligim, ishim qadrlanishini doimo sezdiradi. Bular ijodkorning eng birlamchi ehtiyojlari. Ular qondirilmasa, boshqa narsalarning bo‘lish-bo‘lmasligi ahamiyatsiz.
Gazeta‘ga kelganimda talaba edim. Maqsadim esa O‘zbekistonning eng yaxshi nashrlaridan biri sifatida ko‘rsatiladigan tahririyatda o‘rnimni topish bo‘lgan. Ammo yillar o‘tib, qadriyatlarim o‘zgardi, ehtimol, Gazeta‘niki bilan bog‘lanib ketdi. Endi men qilayotgan ishim orqali o‘zim va yaqinlarim bir bo‘lagi bo‘lgan jamiyatga, undagi odamlarning hayotiga, hech bo‘lmasa, birgina insonning fikriga yaxshi maʼnoda taʼsir qilishni maqsad qilganman.

Aslida odamlar Yer yuziga uni yana-da go‘zallashtirish uchun yuboriladi, deb hisoblayman. Hamma biror bir ishi orqali bu jarayonga hissa qo‘shadi. Masalan, novvoy non yopish, o‘qituvchi ilm berish bilan va hokazo. Mening chekimga esa odamlarni tinglash va yozish masʼuliyati tushganini ich-ichimdan his qilaman. Aks holda, bu ish bilan bunchalik uzoq shug‘ullana olmas va undan mazmun topa olmagan bo‘lardim. Gazeta — ana shu jarayon uchun yaxshi va to‘g‘ri minbar. Uning doim o‘ziga xos jiddiyligi, salobati va qatʼiyati bo‘lgan.

Shu minbarda har bir materialim chiqqandan so‘ng kichik belgilar bilan bo‘lsa-da, maqsadlarimning amalga oshayotganini sezaman: kimdir ko‘tarilgan muammo haqida gapira boshlaydi, yana kimdir mavzuni muhokama qiladi, baʼzan vaziyatga masʼullar eʼtibor qaratadi, kutilmaganda notanish odamlardan qaysidir qahramonlarimning tajribasi ularni ilhomlantirgani, taʼsirlantirgani haqida xabarlar olaman.

Maqsadingiz qanchalik sof va katta bo‘lmasin, atrofingizda to‘g‘ri, o‘ylari sizniki bilan tutashadigan, niyati beg‘araz insonlar bo‘lmasa, unga olib boradigan yo‘l siz uchun mashaqqatga aylanadi. Tahririyatdagi hamkasblarim, jamoa bilan bizning maslagimiz bir, jamiyatdagi og‘riqlarni ham, yutuqlarni ham o‘xshash his qilamiz.

Katta bo‘lganim sari yaxshi odamlar davrasiga tushib qolish ham bir neʼmat ekani, u hammaga ham, xohlasa ham berilavermasligini ko‘rib, buni yanayam qadrlay boshlaganman. Aynan shular: ham hayotimning mazmuniga aylangan ish bilan erkin shug‘ullanish, ham buni to‘g‘ri insonlar bilan amalga oshirish imkoniyati meni Gazeta‘da ushlab turadi.
Otabek Turdiyev
Muxbir
Gazeta‘da dokumentalist bo‘lib ishlasam kerak —reportajlarni hujjatli filmlarga aylantiraman. Hamkasblarimdagi professionallik, hamma bir-birini tushunishi, shaxsiy chegaralarni hurmat qilishi menga yoqadi.

Har doim qandaydir yaxshi materialim saytda chiqishi va uni o‘zim uchun tarix sifatida ko‘rishim bu yerda ishlashga undaydi.
Mushtariy Oqboyeva
Gazeta tarixida birinchi bo‘lib dekretga chiqqan xodim, muxbir
Gazeta matnni sevadi, men esa videoni sevaman. Mening asosiy vazifam - tahririyat uchun video formatda material tayyorlash.

Tahririyatning haqqoniylik uchun qiladigan harakati, haftada ikki kunlik dam, yaxshi jamoa va hammamiz MacBook‘da ishlashimiz juda yoqadi.
Muqaddamxon Saidrasulova
Muharrir
Gazeta‘da to‘rt yildan beri ishlashimga qaramay, ko‘plab hamkasblarimiz meni tanimasa ham kerak — masofaviy ish shunaqa ekan-da. Men Gazeta‘da odamlarni ularga daxldor eng muhim yangiliklardan boxabar qilaman, rus tilidagi tahririyat tayyorlagan sara materiallarni o‘zbek tilida o‘quvchilarga yetkazaman, baʼzan ijod qilaman: kitoblarga taqrizlar va mualliflik maqolalari yozaman.

Gazeta‘da menga odamlarga nisbatan g‘amxo‘rlik, xolislik, professionallik yoqadi.

Masofadan turib ishlasam-da, tahririyatdagi erkinlik ruhini his qilaman. Gazeta‘ning yangi tashabbus va g‘oyalarga ochiqligi, bu yerda har tomonlama o‘sish imkoniyati borligi, jamoadagi sog‘lom fikrlilik, ahillik va o‘zaro hurmat yoqadi. Aynan shu jihatlar meni doim ruhlantiradi. Gazeta‘ning, Gazeta jamoasining bir qismi ekanligimdan faxrlanaman.
Erkin Abdulahatov
Ob-havo maʼlumotlari bo‘yicha maxsus sharhlovchi, materiallarining ko‘rishlari soni bo‘yicha mutlaq rekordchi
Haftalik ob-havo sharhlarini matn va video formatda taqdim etaman. Oylik ob-havo sharhlari, magnit bo‘ronlari, iqlim o‘zgarishi, suv va havo ifloslanishi bo‘yicha ilmiy asoslanlangan, lekin ommabop tahliliy materiallar tayyorlayman.

Gazeta‘dagi ahil, o‘z ishining ustasi bo‘lgan jamoa bilan ishlash, shuningdek, tahririyatning juda ham uzoqni ko‘ra olgan sokin, barqaror boshqaruvi yoqadi.

Aynan ajoyib yondashuv va qarashlarga ega professional jamoa bilan ishlash imkoniyati meni bu tahririyatda ushlab turadi.
Sarvar Karimov
Kino sharhlovchisi
YouTube‘da qaysi kino va seriallarni ko‘rish kerakligi haqida tavsiyalar berib boraman.

Gazeta‘da ishlash, bu — orzudagi ish, chunki menga eng sevimli mashg‘ulotim — kino ko‘rganim uchun pul to‘lashadi.
Maxsus bo‘lim
Rus tilidagi tahririyat
Sabina Bakayeva
Bo‘lim bosh muharriri
2019 yilda Gazeta`ga tajribasiz va oliy maʼlumotsiz, hali g‘o‘r muxbir bo‘lib kelgandim (oliy maʼlumot masalasi yillar o‘tib ham o‘zgarmadi, lekin o‘shanda uning yo‘qligi meni qo‘rqitardi, chunki «diplomsiz hech qayerga ishga olishmaydi» deb o‘ylardim). Menga Gazetani O‘zbekistonning «Nyu-York Tayms»i, deyishardi. Bu men uchun shuni anglatardiki, agar bu yerda eplay olmasam, demak, yuqoriga yo‘llar men uchun yopiladi.

Oradan deyarli yetti yil o‘tib ham ishonchim komilki, Gazeta — mamlakatdagi sifatli jurnalistikaga ega yagona nashr. Bu menda bir vaqtning o‘zida ham faxr, ham taassuf uyg‘otadi, chunki maydonda kurashadiganlar baribir ko‘proq bo‘lishi kerak.
Men Gazeta‘ning tamoyillarini yaxshi ko‘raman, ular mening hayotiy qadriyatlarimga juda mos tushadi. Masalan, so‘z berish mumkin emas deya taqiq qo‘yilgan birorta ham shaxs yo‘q. Fikrlar xilma-xilligi muhim. Jurnalist hikoyasidagi har bir yangi chehra — yangi manba. Ëki ahmoqona savol degan narsaning o‘zi yo‘qligi haqidagi tamoyillar. Menga nashrning har qanday qiyin vaziyatlarda ham saqlab qoladigan sovuqqonligi, insoniyligi, o‘ta ziyrakligi va o‘z ichki sezgisiga qattiq ishonishi yoqadi. Bu ishonch o‘z-o‘zini tanqid qilish va tekshirish bilan hamnafas bo‘lib ketgan.

Gazeta‘da o‘zgacha va ajoyib insonlar ishlaydi deb hisoblayman. Ular erkin, sotilmaydigan, o‘ta to‘g‘riso‘z, lekin birovning chegarasini hurmat qiladigan odamlardir. Jamoamiz jamiyatimizda kam uchraydigan o‘zaro hurmat muhiti bilan maqtana oladi. Bu yerda shunchaki inson bo‘lganingiz uchun o‘zingizni qadrli his qilasiz. Aynan shu narsa bizga inson huquqlarini taʼminlash yo‘lida ishlashga yordamlashadi.

Gazeta men uchun har doim suyanch bo‘lgan, chunki ish orqali bekorchilikdan chalg‘iyman. Tan olaman, yillar o‘tgan sari bu yerda o‘sishim uchun joy qolmadi deb tez-tez o‘ylab qolaman. Lekin har safar Gazeta yangi o‘sish nuqtasini ko‘rsatib, meni bu inqirozdan olib chiqa oladi. Yetti yillik ishim davomida o‘nlab bunday holat bo‘ldi. Rivojlanish imkoniyati va ajoyib hamkasblar — meni tahririyatda ushlab turgan narsalar shu.
Viktoriya Abdurahimova
Katta muharrir, “Madaniyat” bo‘limi muharriri, ofis mushuklari onasining o‘rinbosari
To‘rt yildan beri yozaman, tahrirlayman, bahslashaman va ofis mushukchalarini “tarbiyalayman”. Menga tahririyatimiz siyosati, qadriyatlarimiz va jamoamiz, shuningdek madaniyat haqida yozish va unga alohida o‘rin ajratish imkoniyati yoqadi.

Gazeta men uchun — mahalliy jurnalistikaning Olimp cho‘qqisi. U obro‘-eʼtiborli, tahririyatga ishonadigan o‘quvchilar doirasiga ega nashr. Bu yerda o‘z o‘rnimni topganimni his qilish meni ushlab turadi. Qadriyatlarimiz tutash bo‘lgan juda kuchli jamoaning bir qismi bo‘lish menga yoqadi. Biz haqiqatan ham hamfikr odamlarmiz: shahrimiz va mamlakatimiz uchun yaxshiroq kelajakka ishonamiz va (umid qilamanki) o‘z ishimiz bilan, garchi kichik qadamlar bilan bo‘lsa-da, uni yaqinlashtiramiz, haqiqatga aylantiramiz.
Aleksandr aka DrugShem Shemdanov
Instagram muharriri
  • Haftasiga uch marta ofisga kelaman, Telegram Yulduzlari va Pressa.uz yangiliklarini o‘qiyman (tahririyatdagi shu ish bilan shug‘ullanuvchi yagona xodim bo‘lsam kerak);
  • Longridlarni mohirona qisqartiraman;
  • Photoshop sotib olaman;
  • Mamlakatdagi eng nufuzli nashrlardan biri materiallariga “sarg‘ishlik” va “nojiddiylik”ni qo‘shaman;
  • Saytda hech qachon chiqmaydigan materiallarni Gazeta brendi ostida eʼlon qilaman;
  • «Gazetachilik uslubi»ga qarshi kurashaman — hozircha bu kurash faqat Instagram jabhasida va u ko‘p ham muvaffaqiyatli kechayotgani yo‘q;
  • Hali ham obunachilar sonini 100 mingtaga yetkaza olagnim yo‘q, lekin yetkazishga harakat qilyapman;
  • Baʼzan o‘rinli, baʼzan esa shunchaki aqllilik qilaman, har doim hamma narsa haqida o‘z fikrim bor — hatto so‘rashmasa ham.
Gazeta‘ni to‘g‘riligi, ortiqcha shov-shuv yo‘qligi va nimaga urg‘u berishni bilgani uchun yoqtiraman.

Bu yerda besh yildan beri ishlayman — boshqa hech qayerda bunchalik uzoq vaqt ishlamaganman. Gazeta‘ning siri nimada? Ishonch, o‘zaro hurmat, gorizontal iyerarxiya va sog‘lom aqlda. Gazeta menga qilgan ishim uchun javobgarlikni his qilishni va nimagadir qodir ekanimni, qolaversa, buni yaxshi uddalay olishimni o‘rgatdi.
Zilola Toirova
Instagram kichik muharriri, muxbir
Ijtimoiy tarmoqlar uchun yangiliklarni tahrirlayman, baʼzan esa memlar va virusli “tredlar” ham qilaman. Baʼzida intervyu olaman, maqolalar yozaman va ingliz tiliga tarjima qilaman.

Menga hamkasblarning g‘amxo‘rligi va o‘simliklarga to‘la ochiq ofis va qahva yoqadi! Gap ish haqida ketyapti-ku, to‘g‘rimi? Agar Gazeta‘ni nashr sifatida olsak, unda faktcheking, manbalar bilan ishlash, reportajlar va longridlarni juda qadrlayman.

Bu yerda meni tahririyat standartlari hamda shahar va mamlakatni yaxshiroq qilish uchun har kim o‘z hissasini qo‘shishga intiladigan jamoa ushlab turadi. Men ham bu jamoaning, ham o‘zgarishlarning bir qismi bo‘lishni istayman. Gazeta‘ga kelishimdan oldin jurnalistika sohasida ishlamaganman, ammo shunga qaramay, hamkasblarim boshlang‘ich qadamlarimda juda ko‘p yordam berishyapti va qo‘llab-quvvatlashyapti. Jurnalistlar, fotograflar, muxbirlar va ayniqsa muharrirlar — har biringizni hurmat qilaman va sizlardan ilhom olaman.
Farzona Hamidova
Muxbir
Menda doim odamlarga yordam berish va ularning hayotini yaxshiroq tomonga o‘zgartirish istagi bo‘lgan. Vaqt o‘tib, bunga so‘z orqali erishish men uchun to‘g‘ri yo‘l ekanini angladim. Atrof-muhitni kuzatar ekanman, uning go‘zalligini oddiy narsalarda ko‘raman: yo‘lovchilar tabassumlarida, samimiy suhbatlarda, begona bo‘lsa-da, juda yaqin taqdirlarda.

Men insoniy hikoyalarini ehtiyotkorlik, diqqat va iliqlik bilan yig‘aman va ularni har kim o‘zini ko‘rishi mumkin bo‘lgan matnlarga aylantiraman.

Gazeta‘da ishlayotganimga uch yil bo‘ldi. Bu yerda men odamlarni birlashtiraman — biror bir inson haqida hikoya qilar ekanman, uning hikoyasini umumiy, katta va jonli manzaraning bir bo‘lagi sifatida ko‘raman. Bir inson taqdirini dunyoga so‘zlab berib, yuzlab boshqa odamlarni yaqinlashtirish mumkinligiga ishonaman. Ishimning maʼnosi ham aynan shundan kelib chiqadi — eshitiladigan ovoz bo‘lish va birlashtiruvchi ko‘prikka aylanish.

Gazeta menga tinglash, so‘zlash va eshitilish, jonli hikoyalar bilan ishlash va o‘quvchilarning munosabatini ko‘rish imkonini beradi. Kerakli va foydali ekanimni his qilishim meni bu yerda ushlab turadi. Bu yerda materiallarim odamlarni qo‘llab-quvvatlashi, ilhomlantirishi va birlashtirishi, ularning qalbida aks-sado topishi va o‘zlarinining ahamiyatini his qilishlariga yordam berishi mumkinligini tushunaman.

Men uchun o‘quvchi materiallarimni o‘qib, u yolg‘iz emasligini, uni eshitishlarini va tushunishlarini anglashi muhim. Agar hikoya qilingan bittagina voqea ham kimgadir boshqa bir insonga yoki o‘ziga qarab bir qadam tashlashga yordam bersa, demak, barchasi bejiz emas.
Dilyaver Ablyakimov
Muxbir
Hozir va shu yerda — bizning davrimizda nima sodir bo‘layotganini qog‘ozga tushiraman. Ko‘p suratga olaman, mikrofon bilan o‘tga ham, suvga ham kiraman, aholi qurilish kompaniyalariga qarshi qanday kurashayotgani haqidagi hikoyalarni tinglayman. Vaqtimning yarmini davlat idoralari matbuot xizmatlaridan javob kutib o‘tkazaman.

Gazeta‘da ikki yildan beri ishlayman, foydali va mazmunli ish qilayotganimni his etish menga yoqadi.

Nashrni taʼsir o‘tkazish dastagi, deb bilaman. Shuning o‘zi ham, auditoriyamiz ham meni ushlab turadi. Gazeta — mamlakat va shaharlar dardini muhim qarorlar qabul qilayotganlarga yetkazish, shahar va aholining yaxshiroq yashashiga to‘sqinlik qilayotgan narsalarga qandaydir darajada qarshi turish imkonini beradigan vosita.

Jurnalistika qoidalariga ko‘ra, Gazeta jamiyat va hokimiyat o‘rtasidagi haqiqiy ko‘prik hisoblanadi.
Orifjon Hoshimov
Muxbir
Matnli va fotomateriallarimda shahar va mamlakat qanday o‘zgarib borayotgani haqidagi kuzatuvlarimni qayd etishga harakat qilaman.

Menga Gazeta reallikning o‘zidan balandroq bo‘lishga intilmasligi yoqadi. Bu yerda meni ishimning ahamiyatli ekanini his qilish ushlab turadi. Baʼzan materiallarimizga tayanilgan muhokamalarni, inflyuyenserlarning fikrlarini ko‘raman.
Sabina Davletmuradova
Muxbir
Men maxsus materiallar bilan shug‘ullanaman: mavzularga chuqur kirib boraman, ekspertlar bilan muloqot qilaman va ular bilan birga murakkab hamda muhim masalalarni tushunarli tilda yoritishga harakat qilaman. Ekologik kun tartibi bilan imkoni boricha ko‘proq ishlashga intilaman, shuningdek ijtimoiy tarmoqlar va YouTube uchun videokontent tayyorlashda ishtirok etaman.

Fridrix Shiller o‘zining «Insonning estetik tarbiyasi haqidagi maktublar» asarida shunday yozgan: «Asring bilan yashagin, ammo uning mahsuli bo‘lmagin; zamondoshlaringga xizmat qil, ammo ular maqtagan narsa bilan emas, balki ular ehtiyoj sezgan narsa bilan xizmat qil».
Bu satrlar men uchun nafaqat jurnalistikada, balki boshqa sohalarda ham yo‘l-yo‘riq bo‘lib xizmat qiladi. Gazeta‘da biz qamrov yoki ko‘rishlar soni ortidan quvmay, haqiqatan ham ahamiyatli bo‘lgan mavzular haqida yozishimiz men uchun juda muhim. Bu yerda o‘quvchiga hurmat bilan qaraladi va auditoriya fikrlaydi, degan qarash ustuvor. Shu sababli shoshilmaslikka, “klik” uchun bosim qilmaslikka, mavzularga chuqur kirishga, faktlarni tekshirishga va material to‘la tushunarli bo‘lmaguncha uni eʼlon qilmaslikka imkoniyatimiz bor.

Meni bu nashrda ishimning jamoatchilik uchun ahamiyatga ega ekanini his qilish ushlab turadi. Shuningdek, rivojlanish, yangi mavzularni sinab ko‘rish, ularga chuqurroq kirish va turli sohalardan bo‘lgan qiziqarli, kuchli ekspertlar bilan tanishish hamda muloqot qilish imkoniyati ham muhim.
Media bo‘limi
Yevgeniy Sorochin
Bo‘lim rahbari, muzyorar odam
  • Prodakshn-direktor
  • Fotograf
  • Operator
  • Dokumentalist
  • Nashrda to‘liq metrajli film suratga oladigan yagona inson
  • Kolorist
  • Retushchi
  • Kutubxonachi
  • Texnik direktor o‘rinbosari
  • Muxbir
  • Suzish bo‘yicha instruktor
  • Bog‘bon va dehqon
  • Sayohatchi
Qobiliyatlarimning hisobi yo‘q — men haqimda ko‘proq hamkasblarim ayta oladi.
Gazeta‘da taxminan besh yildan beri ishlayman, ammo o‘zimni u bilan deyarli asos solingan paytdan beri birgadek his qilaman. Nashr jamoasi va hamkasblar qo‘llab-quvvatlashi menga yoqadi. Bizda hamma rivojlanishga, masʼuliyatli, ochiq va to‘g‘ri bo‘lishga intiladi.

Nashrda qolishimga sabab — «hayotda ham, suratga olishda ham yorug‘lik muhim» degan qarashga amal qilishim. Jamiyatga foyda keltirish, doim ham yoqimli bo‘lmagan mavzularni ko‘tarish, biroq eʼtiborni ijobiy va go‘zal tomonga qaratish men uchun muhim. Bularning barchasini Gazeta‘da bir vaqtning o‘zida qilish mumkin. Shu bois men ham, atrofimdagilar ham, jamiyat va mamlakatimiz ham yaxshiroq bo‘lib bormoqda.

Gazeta‘da taqiqlangan mavzular yo‘q. Bir ish kuni ichida yong‘inga guvoh bo‘lishim, yulduz bilan eksklyuziv intervyuda qatnashishim, adolatsizlikka duch kelishim, ko‘rgazmaga borishim, bir sutka o‘tib esa okean ortiga uchib, nomaʼlum joyda paydo bo‘lishim mumkin. Eng muhimi — batareya va xotira doim yetarli bo‘lsin.
Iskandar Mirzaahmedov
Operator, montaj rejissyori, marafonchi
Har yili 1 yanvar tongida Toshkentni suratga olaman. Rus tilidagi tahririyat uchun barcha gorizontal va vertikal videolarni montaj qilaman. Baʼzan esa shunchaki odamlar, shahar yoki voqealarni suratga olaman.

Jamiyat va o‘z shahri uchun nimadir qilishni istaydigan odamlar bilan ishlashni yaxshi ko‘raman. Jamoada umumiy maqsad bo‘lsa, ish ham oson, ham yoqimli bo‘ladi.

Gazeta bilan qolishimga sabab — bu yerda har kim mamlakat hayotini yaxshilashga, O‘zbekistonda ijobiy o‘zgarishlar va qulay hayot yaratishga o‘z hissasini qo‘shayotgani. Mamlakatga foyda keltirayotganimni his qilish meni bu nashrda ushlab turadi.
Maʼmurjon Obrahmatov
Operator
Kanalimizga kumush knopka berishi uchun YouTube bilan “kelishganman”.

Video tasvirga olaman, uni montaj qilaman, ijtimoiy tarmoqlarga yuklayman va baʼzida kerak bo‘lsa suratlar olaman.

Gazeta oshxonasida mikroto‘lqinli pech borligi menga yoqadi. Chunki menda ovqatlanish uchun kam vaqt bo‘ladi. Yarim tayyor ovqatni qizdirib yeyish uchun 10-15 daqiqa ketadi. Bu ishga ko‘proq fokus qaratishimga yordam beradi.
Ish sifati uchun mikrovolnovka bo‘lishi juda muhim!

Bu yerda meni ushlab turgan narsalar — hurmat va muhabbat!
Shahzod Habibullayev
Montaj rejissyori
De yure — montaj rejissyoriman, de fakto — Adobe dasturlarini ushlab turadigan sakkizoyoq.

Gazeta‘da «Asosiysi ishni do‘ndirib qo‘y, qolganini eplasa bo‘ladi», degan munosabat bor, menga shu yoqadi.

Gazeta‘da introvertligim ushlab turadi. Chunki yangi joyda yana yangi hamkasblar bilan tanishish kerak.
Behzod Habibullayev
Montaj rejissyori
Odamlarga yangiliklarni video ko‘rinishida yetib borishi uchun xizmat qilaman.

Gazeta‘dagi muhit, undagi insonlar va kompaniya tanlagan yo‘li menga juda yoqadi. Tahririyatga bo‘lgan mehrim meni bu yerda ushlab turadi.
Murobek Yusuf
Fotograf
Asosan fotoreportajlar tayyorlayman. Gazeta‘da menga hamma narsa yoqadi, ayniqsa xodimlar va ichki muhit. Jamoaning menga bo‘lgan ishonchi — meni ular bilan ishlashimning asosiy sababi.
Dilruh Isomiddinova
Fotomuxbir
“Iroda” loyihasi qahramonlarini suratga olaman, hamkasblarimga stenogramma qilishda ham yordam berganman.

Gazeta‘dagi xolislik, og‘ir-vazminlik bilan yondashilgan materiallar, mavzularning chertib-chertib tanlanishi, jamoadagi do‘stona va samimiy muhit, erkinlik va empatlik menga juda yoqadi.
Bekofis — barcha ish shu bo‘limga tayanadi
Shuhrat Tadjiyev
GR bo‘yicha maslahatchi
Davlat organlari bilan aloqalarni qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashaman, materiallar tayyorlayman, tahririyat xodimlari uchun mehribon va yordamga shay hamkasb bo‘lishni istayman.

Menga Gazeta‘ning prinsipialligi, mustaqilligi, dolzarb siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni aniqlab, ularga javob topa olishi, odamlarga yordam berishga tayyorligi, yuqori intellektual darajasi va professionalligi yoqadi.
Natalya Baymuratova
Buxgalter
Debet bilan kreditni tenglashtirib boraman, hisob-kitoblar, hisobotlar va balanslarni yuritaman.

Gazeta — bu har doim eng dolzarb va ishonchli axborot, shuningdek, ajoyib jamoa.
Kamila Kuvandikova
Kadrlar bo‘limi boshlig‘i
Buxgalteriya va kadrlar bilan shug‘ullanaman, Gazeta kontentini ham, undagi odamlarni ham yaxshi ko‘raman.
Damir Sagdiyev
O‘lmas Koshchey
Men Gazeta‘da u hali yo‘q paytda ham ishlaganman. Nima bilan shug‘ullanishimni hech kim bilmaydi, hatto o‘zim ham. Ammo gap-so‘zlarga qaraganda, texnik muammolar chiqqanida men ularni hal qilaman. Shuningdek, nashr barqaror ishlashi va rivojlanishiga hissa qo‘shaman. Orzum — barcha muharrirlarni sunʼiy intellektga almashtirish.

Gazeta‘da ishlashimni aytsam, menga hurmat bilan munosabatda bo‘lishadi. Aynan shu, shuningdek, tuganmas qahva meni Gazeta‘da ushlab turadi (afsuski, pechenye yo‘q).
Dmitriy Ustinov
IT
Xogvartsdan tashqarida ruxsat etilgan sehrdan foydalanib, barcha mexanizmlar soz ishlashini taʼminlayman, baʼzan nimanidir yaxshilayman va sayt hamda u bilan bog‘liq servislarga yangi, (umid qilamanki) foydali imkoniyatlar qo‘shaman.

Menga jamoaning professionalligi, ishga chuqur va puxta yondashuvi, qiziqarli ixtisoslashgan vazifalar qo‘yishi yoqadi. Gazeta menga — xodimlarini qadrlaydigan va hurmat qiladigan kompaniyaning bir qismi bo‘lib qolgan holda — o‘zimni rivojlantirish, dasturchi sifatida ko‘nikmalarimni oshirish imkonini beradi.
Va bu hali hamma emas. Gazeta‘ning ingliz tili tahririyati muharrirlari ingliz tilidagi auditoriya uchun qiziq bo‘lgan materiallarni tayyorlashadi va tarjima qilishadi. Tijorat bo‘limidagi hamkasblarimiz reklama beruvchilarni topib, ular bilan aloqada bo‘lib turishadi, va shuning hisobiga sayt doimgidek ishlashi va rivojlanishi mumkin. O‘nlab insonlar ko‘p yillar davomida muallif, fotograf va ekspert sifatida tahririyat ishiga beqiyos hissa qo‘shib kelishmoqda. Ular orasida taʼlim sohasidagi ekspert Komil Jalilov, iqtisodchilar Behzod Hoshimov va Botir Qobilov, inklyuziv rivojlanish sohasidagi tadqiqotchi Dilmurod Yusupov, dizayner Azamat Shamuzafarov va boshqa ko‘plab kishilar bor. Fotograf Husniddin Ato Gazeta ochilganidan buyon tahririyat bilan hamkorlik qiladi, oxirgi yillarda esa o‘zining ko‘plab shogirdlarini ham ishga jalb qilmoqda. Ko‘plab sobiq xodimlarimiz boshqa tahririyatlarda, kompaniyalarda va tashkilotlarda ishlashadi. Biz har bir kishidan ularning ishtiroki va qo‘llab-quvvatlagani uchun chuqur minnatdormiz.
Post Scriptum
Va albatta, aziz mushtariylar, sizlar bo‘lmaganingizda Gazeta ham bo‘lmasdi.
Bizni kuzatishda davom etayotganligingiz uchun rahmat.

Fotosuratlar muallifi: Yevgeniy Sorochin.

Matn va grafik materiallarga bo‘lgan barcha huquqlar Gazeta tahririyatiga tegishli. Gazeta internet-nashri saytida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda