| “Rahmatli buvim kichkinaligida aka-ukalari bilan kurash tushib, ularni yiqitib yurar ekan. Ammo o‘sha davr mentaliteti, jamiyat sterotiplari tufayli sport bilan jiddiy shug‘ullanmagan. O‘zining orzularini bizda ko‘rishni istab, besh nevarasini sport maktabiga olib borgan. Boshida samboga qatnaganmiz, keyinchalik dzyudoga o‘tganmiz. Buvim bozorda meva-sabzavot sotardi. Shunday bo‘lsa-da, biz uchun vaqt ajratib, har kuni do‘konini yopib, ikki soatlik mashg‘ulotlarimizga o‘zi olib borib, o‘zi olib kelardi. O‘zbekistonning turli joylarida bo‘ladigan musobaqalarga ham biz bilan birga borardi. Yo‘lkira, yeb-ichish, kimono uchun xarajatlarimiz qoplardi. Aniq esimda, buvimning kichkina fotoapparati bo‘lardi, musobaqalar va mashg‘ulotlar vaqtida bizni suratga tushirardi. O‘qishimizni ham qattiq nazorat qilardi. Ingliz va rus tillarini o‘rganishimda ham buvimning hissasi katta. “Nevaralarimga ishonaman, shu sportning orqasidan ketadi oxirigacha. Chempion bo‘lish bularning qo‘lidan keladi”, degan gapni ko‘p takrorlardi. Hozirga kelib besh nevarasidan faqat men professional sport bilan shug‘ullanyapman. Har gal biror yutuqqa erishsam birinchi bo‘lib ko‘z oldimda buvim gavdalanadi. Ayni vaqtda, katta-katta muvaffaqiyatlarimni ko‘ra olmaganliklaridan afsuslanaman. Biroq, meni sport olamiga olib kirganliklari uchun buvimdan o‘la-o‘lguncha minnatdorman". |
| “Men eng baxtli ayollardan biriman” Diyora Keldiyorovaning ta’kidlashicha, sportdagi muvaffaqiyatlarida turmush o‘rtog‘i Azamat Matyoqubov va uning oilasi, ya’ni qaynota-qaynonasining ham hissasi katta bor. Azamat dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasida murabbiylik qiladi. Diyora er-xotinning bir sohada bo‘lishiga ijobiy qaraydi — shunda ular hamisha bir-birini to‘g‘ri tushunib, o‘zaro qo‘llab-quvvatlab yashaydi, deb hisoblaydi. “Professional sportchi bo‘lganim uchun ham oilamizda turmushga uzatish masalasi ko‘p muhokama qilinmagan. Yaqinlarimdan “Yoshing o‘tib ketyapti, oila qurishing kerak, sportni yig‘ishtir”, degan turli fikrlarni deyarli eshitmaganman. Dadam har doim oldin magistraturada o‘qishing, sportda katta natijalarga erishishing kerak, derdi. Turmush o‘rtog‘im bilan 2015-yili Termizdagi musobaqada tanishganmiz: o‘shanda men 17 yosh, u esa 19 yoshda edi. Oradan yetti yil o‘tib, oila qurdik, bu masalada ikkimiz qaror qabul qilganmiz. Bu vaqt oralig‘ida O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining bakalavr hamda magistratura bosqichlarida tahsil oldim. |
Matnni Mirolim Isajonov tayyorladi.
Fotosuratlar muallifi: Yevgeniy Sorochin.
Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar Gazeta nashriga tegishli. Gazeta internet-nashrida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.
Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.