Foto: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
Nima o‘qiymiz? 
Jurnalist Jahongir Azimov tavsiya qiladi

Gazeta va Yandex Books birgalikda jamoat arboblari va  adiblarning kitob javonlariga nazar tashlaydi. Bu safar jurnalist va “O‘zbekistonda yana bir kun” kitobi muallifi Jahongir Azimov o‘zi sevgan uch kitob, qadriyatlar shakllanishida badiiy adabiyotning roli, nima uchun o‘zbek adabiyotini o‘qish va tarjima qilish kerakligi borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashadi.
Gazeta va Yandex Books birgalikda jamoat arboblari va adiblarning kitob javonlariga nazar tashlaydi. Bu safar jurnalist va “O‘zbekistonda yana bir kun” kitobi muallifi Jahongir Azimov o‘zi sevgan uch kitob, qadriyatlar shakllanishida badiiy adabiyotning roli, nima uchun o‘zbek adabiyotini o‘qish va tarjima qilish kerakligi borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashadi.
“Nima o‘qiymiz?” loyihasi kitobxonlik madaniyatini yanada ommaviylashtirish maqsadida boshlangan. Biz bu loyihada kitob javonlari oldida olimlar, yozuvchilar, shoirlar, tarjimonlar, jurnalistlar va jamoat faollari bilan ularning nazarida o‘qish shart bo‘lgan kitoblar va umuman adabiyot haqida suhbatlashamiz.

Mutolaa — bu mening ishim

Mutolaa bilan muntazam shug‘ullanaman, chunki bu men uchun hordiq chiqarish usuli, hayot tarzi. O‘qish sevimli kasbimning bir qismi — men jurnalist va qalam tebratishga urinayotgan insonman. Mutolaa men uchun o‘rganish, ilhom olish va o‘zimni aqliy jihatdan bir maromda ushlab turish vositasi.

Ko‘p o‘qishim haqida ta’kidlab “voh, qarang, men naqadar zakiyman” demoqchi emasman. Mutolaa bilan mashg‘ul bo‘lish ishimning zaruriy bir qismi. Masalan, birgina longrid yozish uchun jurnalist ko‘pincha mavzuni chuqur o‘rganishi kerak, buning uchun esa ko‘p o‘qishiga to‘g‘ri keladi. Ba’zida ikki yo uchta kitob yetarli bo‘ladi, ba’zan esa katta hajmdagi matnlarni — arxiv hujjatlari, tahliliy, tarixiy tadqiqotlarni o‘rganish talab etiladi. Gohida, o‘qish jarayonidagi kichik bir topilma materialning taqdiri, uning g‘oyasiyu ohangini belgilab beradi.

O‘zim ham yozish bilan shug‘ullanganim (Jahongir Azimov — “O‘zbekistonda yana bir kun” kitobi va Another Day telegram-kanali muallifi — tahr.) bois, badiiy adabiyot mutolaasi men uchun muhim ahamiyatga ega. U tilni, ritmni va o‘quvchi bilan qanday gaplashish kerakligini o‘rgatadi.

Kitoblarning yana bir muhim jihati shundaki, ular menga dunyodagi, jumladan O‘zbekiston kontekstidagi o‘rnimni anglashga yordam beradi. Inson o‘z mamlakatidan tashqariga chiqqanda, u endi yakka o‘zi emas, balki global tizimning bir qismiga aylanadi. Kitoblar esa mana shu keng miqyosda kim ekanligingizni anglashga yordam beradi.
“Uch ildiz”
Pirimqul Qodirov
Men mutlaq barchaga tavsiya qilmoqchi bo‘lgan kitob — Abdulla Qahhorning shogirdi, o‘zbek yozuvchisi Pirimqul Qodirovning “Uch ildiz” asari. Atoqli adib, hikoyanavis va faylasuf Pirimqul Qodirov murakkab ijtimoiy muammolar haqida oddiy, tushunarli tilda gapirishni maromiga yetkazadi. Yozuvchining “Olmos kamar”, “Meros” va “Qora ko‘zlar” singari asarlarini o‘qigan bo‘lsam-da, aynan “Uch ildiz” romani o‘zbek adabiyotidagi eng sevimli asarlarimdan biriga aylangan.
“Uch ildiz” romanida adib universitet hayoti misolida mafkuraning kundalik turmushga qay tariqa singib borishini — talabalar va dekan, ma’muriyat hamda ilmiy hamjamiyat o‘rtasidagi munosabatlar orqali ko‘rsatib beradi. Asarda OTM davlat modeli sifatida namoyon bo‘ladi.

Roman 1958-yilda, oshkoralik davrida yozilgani uchun Pirimqul Qodirov ma’lum bir siyosiy va ideologik tizim ichida yashab turgan inson shaxsiy qadriyatlari bilan davlat targ‘ib qilayotgan qadriyatlar o‘rtasida qanday qilib muvozanatni topishi va insoniyligini yo‘qotmasligi mumkinligi haqida mulohaza qilolgan.

O‘zbekistonning tarixi xonlik, jadidchilik, sovet va hozirgi zamon kabi murakkab, g‘oyat xilma-xil davrlar silsilasidan iborat. Shuning uchun biz siyosiy tizim insonga qanday ta’sir qilishini va har bir odam, individ ushbu tizimda qanday qilib fundamental axloqiy qadriyatlarini saqlagan holda o‘z o‘rnini topishi mumkinligini tushunishimiz kerak.

Muallif mafkuraga bo‘lgan ishonchning o‘zini inkor qilmaydi. Ishonishning tabiiy hol ekanini ko‘rsatib beradi. Masala boshqa — biz bu ishonchga qanday shakl berishimizda. Jamiyatning taqdiri ko‘p jihatdan shunga bog‘liq bo‘ladi.
Masalan, men davlat axborot agentligida ham, xususiy medialarda ham faoliyat yuritganman va bu tizimlar qanchalik farq qilishini, ularda qanday axloqiy qarorlar qabul qilishga to‘g‘ri kelishini yaxshi tushunaman. Davlat ommaviy axborot vositalarida ishlar ekansiz, tabiiyki davlatning pozitsiyasini yoqlaysiz — chunki siz davlat xizmatidasiz. Biroq shunday vaziyatlar bo‘ladiki, qabul qilinayotgan qarorlar sizga bahsli, hatto jamiyat uchun zararli tuyuladi.

Ichki ziddiyat yuzaga keladi. Ko‘pincha bunday holatlarda odamlar yo “davlat mutlaqo yovuz” yoki “har qanday murosa bu — xoinlikdir”, deya keskin fikrlay boshlaydi. Biroq reallik bundan ancha murakkabroq.

Men davlatchilik g‘oyasiga vijdonan va chin dildan xizmat qilgan va shu bilan birga o‘zligini yo‘qotmagan insonlarni ko‘rganman. Shuningdek, hokimiyatni keskin tanqid qilolmagan — buni o‘zi uchun axloqiy nomaqbul hisoblab, xususiy OAVdan ketganlarni ham bilaman. Odamlar shunday fikrlaydi — va buni inkor etib bo‘lmaydi.

“Uch ildiz” asari muvozanatni topishga — qayerda inson, qayerda esa tizimning bir qismi ekanligingizni fahmlashga ko‘maklashadi. Tizim hayotingizga ta’sir ko‘rsatishini, shunga qaramay siz muhim bo‘g‘in bo‘lib qolishingizni anglaysiz.

O‘zbekcha bo‘ladimi, rus yo inglizcha — qaysi tildaligidan qat’i nazar, barchaga o‘zbek adabiyotini o‘qishni nihoyatda tavsiya qilaman. Ayniqsa, jadidlar va sovet davrida ijod qilgan yozuvchilarning asarlariga e’tibor qaratish g‘oyat muhim. Chunki ular orqali biz o‘zimiz yashayotgan mamlakatni va o‘zimizning madaniy hamda global kontekstdagi o‘rnimizni yaxshiroq tushunamiz.
Foto: Jahongir Azimov / Another Day

Kitoblar va okean o‘rtasidagi umumiylik

Maktabda unchalik yaxshi o‘qimaganman. Es-hushimni esa litsey paytim — universitetga kirish uchun tayyorlanish kerak bo‘lganida yig‘ib olganman. Bakalavrda esa ijtimoiy loyihalarga qattiq berilib ketdim. Yoshlar anjumanlarini tashkillashtirdim, jamoat ishlarida faol qatnashdim va o‘qish ko‘pincha ikkinchi darajaga o‘tib qoldi.

Universitetni tamomlab, BMT tizimida ishlay boshlaganimda ham hammasi yana protokollar, tadbir va tashkiliy ishlardan iborat bo‘lib qoldi. Qaysidir lahzada esa “intellektual mushaklarim” yaqqol bo‘shashayotganini sezib qoldim. Eng muhimi, hunar egallaganimni his qilmasdim. O‘sha payt media sohasida sakkiz yillik tajribam bor edi, yozishni esa uncha-muncha do‘ndirardim. Va oxir-oqibat butunlay jurnalistika sohasiga o‘tib ketishga qaror qildim. Qalam tebratishni yoqtirardim, bu soha menga malaka berishini va eng muhimi, kasb-kor bo‘lishini tushunib turardim. Rivojlanish uchun esa o‘qishni davom ettirish kerak edi. Shu bois magistraturaga hujjat topshirdim, baxtim kulib o‘qishga kirdim ham.

Alabamadagi o‘qish paytida esa o‘zimdagi noprofessionallikni anglash orqali kitoblarga mukkasidan ketdim. Yaxshi ma’noda “kitobxo‘r”ga aylandim. Bir yarim yil mobaynida xonamdan deyarli chiqmay, faqat o‘qish bilan mashg‘ul bo‘ldim. O‘quv dasturidagi va o‘zim xohlagan kitoblarni mutolaa qildim. Magistraturadan so‘ng esa uyga, chamasi, to‘rt quti kitob bilan qaytdim.
Menimcha, inson aynan nima uchun o‘qiyotganini anglashi lozim. Kerak bo‘lgani uchungina o‘qishdan naf yo‘q. Buni tushunib yetishning esa o‘z vaqti-soati bor va inson bunga hali yetib kelmagan bo‘lsa, bu o‘ta normal. Mutolaa ko‘pincha murakkab, deyarli muqaddas bir ishdek qabul qilinadi. Qaysidir ma’noda shunday ham, biroq bu dunyoni kashf qilishning yagona usuli emas. Kino, teatr, suhbat, kuzatuv bor — ularning har biri esa o‘z formatiga ega. Yozuv bo‘lsa ma’lumot olib-yetkazishning usullaridan biri, xolos.

Aftidan, aynan shuning uchun ham media sohasida ishlayman. Muloqot fenomenining o‘zi — odamlarning kitob, jurnal, video yoki podkast kabi turli vositalar orqali biri-biriga g‘oya va ma’nolarni yetkazishi meni hayratga soladi. Pirovardida, har bir inson nima uchun bu dunyoga kelganini anglashga intiladi. Kimgadir buni matn orqali, boshqa birovga esa film va spektakllardan tushunish qulay. Hamma ham kitob o‘qishga majbur emas. Qo‘lga kitob ololmaydigan yoki o‘qishni istamaydiganlarni esa izza qilish yaramaydi.

Biroq, kitob mutolaasi o‘zi mavjud bo‘lmagan, ammo ayni paytda haqiqiy bir olamga sho‘ng‘ish demak. Kitobxon uni o‘qir ekan, xayolot va borliq orasida chalkashadi, chegara asta-sekin yo‘qolib boradi. Badiiy asar shunchaki g‘oyalar yig‘indisigina emas, yashab, qayta tafakkur qilingan holda o‘quvchiga yetkazilgan bir olam demak. Kitob xuddi okean singari — unga butun vujudingiz bilan g‘arq bo‘lasiz, sizga og‘ir, ba’zan hatto qo‘rqinchli ham bo‘lishi mumkin. Lekin undan iloji boricha, ichingizda yangi nimadirlarni kashf qilgan holda chiqishingiz kerak. Ijtimoiy tarmoqlardagi qisqa matn va postlar esa bunday tajriba bermaydi.

Fundamental kitoblarni mutolaa qilishga men aynan shu yo‘sinda kelganman.
“Notiq bilimi haqida”
Mark Fabiy Kvintilian
Men tavsiya qilmoqchi bo‘lgan va odamlar qanday qilib o‘ziga kerakli adabiyot bilan yuzlashishiga misol bo‘ladigan ikkinchi kitob — qadimgi Rim notig‘i va pedagogi Kvintilianning “Notiq bilimi haqida” (“Institutio Oratoria”) asari.

2017-yilda O‘zbekistondagi ilk TED TALKʻni tashkil qilganmiz. O‘shanda ushbu sohada hali no‘noqroq ekanligim sabab notiqlik san’atiga oid adabiyotlarni izlashga kirishganman. Menga boshlang‘ich ma’lumotlardan boshlash va mavzuni chindan ham tushunish muhim edi. Qadimgi Yunon va Rimning Aristotel, Sitseron singari mutafakkir va notiqlariga murojaat qilganimda, Kvintilian, ayniqsa, e’tiborimni tortgan. Uning katta, deyarli fundamental asarini singlim Nargiza o‘sha payt Amerikadan olib kelgan — buning uchun undan hali-hanuz minnatdorman.
Mazkur kitobning o‘ziga xosligi shundaki, tez va tayyor “retsept”li ko‘plab zamonaviy nashrlardan farqli o‘laroq, Kvintilian notiq o‘zi qanday bo‘lishi kerakligi haqida mulohaza yuritadi. U texnik jihatlardan ham ko‘ra, omma qarshisiga chiqadigan kishining ma’naviy va axloqiy fazilatlariga ko‘proq e’tibor qaratadi.

Ko‘pincha notiqlik san’atini faqat kamera yoki auditoriya qarshisida nutq so‘zlashdan iborat deb bilamiz, aslida esa u butun insoniy muloqotning asosi hisoblanadi. Biz hamisha dalillar keltiramiz, o‘zimiz haqimizda so‘ylaymiz, o‘z nuqtai nazarimizni himoya qilamiz, bahs va munozaralarga kirishamiz. Bunday vaziyatlarda chiroyli gapirishgina emas, balki suhbatdoshga fikrni u nafaqat dalillar, balki ularning ortidagi qadriyatlarni ham anglay oladigan darajada yetkazish muhim.

Ushbu asarda Kvintilian notiq, o‘qituvchi va talabaning, ayniqsa ta’lim muhitida qanday bo‘lishi darkorligi xususida batafsil mushohada qiladi. Shu bilan birga, kitob faqat axloqiy falsafa bilan cheklanib qolmaydi. Unda omma qarshisida nutq so‘zlash, nimani gapirish va qanday gapirishga doir amaliy usullar ham bayon etilgan. Men bu asarni notiqlik san’ati bo‘yicha fundamental ishlardan biri deb hisoblayman.

O‘qish algoritmi

Men o‘qishning qat’iy algoritmi asosida mutolaa qilaman va u menga kitoblarni shunchaki jamlash emas, ularning konteksti va mualliflar yashagan davrni yaxshiroq tushunishga yordam beradi. Unga ko‘ra, asarlarni, ayniqsa, o‘zbek adabiyotini yo‘nalish va davrlar ketma-ketligi bo‘yicha o‘qiyman. Chunki o‘zbek adabiyoti faqat ikki yo uch kitobdangina iborat emas — har bir muallif va u ijod qilgan davr o‘ziga xos.

Mutolaani jadid adabiyotidan boshlab, uni deyarli butunlay — matnlarning taxminan 70 foizi, jumladan, maqolalarni ham o‘qib chiqqanman. Ularni “Ziyo.uz” portalidan topish mumkin. Keyin izchillikni kuzatish maqsadida, xronologik tartib bo‘yicha jadidlarning shogirdi va ma’lum ma’noda izdoshi bo‘lgan Oybek va Abdulla Qahhor kabi yozuvchilarning asarlari bilan tanishdim. So‘ngra Pirimqul Qodirov, Odil Yoqubov, Asqad Muxtor va Tog‘ay Murod kabi adiblarning ijodini o‘rgandim.

Hozir mustaqillik davrining O‘tkir Hoshimov, Ulug‘bek Hamdam, Murod Muhammad Do‘st kabi yozuvchilari va boshqa zamonaviy mualliflarning ijodini asta-sekinlik bilan o‘rganib chiqyapman. Ayni vaqtning o‘zida, mamlakat kontekstini chuqurroq anglash uchun O‘zbekiston tarixiga oid ilmiy adabiyotlarni ham o‘qiyapman. Ularning orasidan Adib Holid, Marianna Kemp, Kler Ruzin, Viki Devis, Maya Piterson va Kris Fort singari yozuvchilarning asarlari ham o‘rin olgan.

“‘Hikoyasi' bor kitoblar jon-u dilim”

Podkastlarga ishqiboz ekanimga qaramay, audiokitob formatini hech xushlamayman. Doim qog‘oz kitoblarni afzal bilaman — bu, ehtimol, o‘zim “yozadigan inson sifatida” o‘qimay turib, ijod qilolmasligim bilan bog‘liqdir.

Yangi kitoblarni kamdan-kam hollarda sotib olaman. Odatda eski va hatto xorij nashrlarini qidiraman. Ularning oldingi egasi tomonidan “yozilgan” o‘z hikoyasi, ruhi bo‘ladi. Mayli, kitob eski bo‘lsin yoki but emasdir, lekin bu uning o‘qilganini, uning “yashagani”ni bildiradi. Javonda yotgan yangi kitob esa haqiqiy hayot qandayligidan hali bexabar.

Kamyob nashrlar, masalan, sovet davrida ijod qilgan adiblarning bozordan topish qiyin bo‘lgan kitoblarini kolleksiya qilishni yaxshi ko‘raman va ularni to‘plab boraman.
Masalan, menda Sadriddin Ayniy qalamiga mansub aynan bir kitobining turli nashrdagi bir nechta nusxasi bor, sababi ular ikkilamchi bozorda deyarli qolmagan. Bunday kitoblarni topgudek bo‘lsam, o‘sha zahotiyoq sotib olaman. Bunday kitoblar atigi 20−30 ming so‘m — narxi juda arzon, qadru-qimmati esa baland. Bu Pirimqul Qodirovning asarlariga ham taalluqli — hozir uning “Qora ko‘zlar”, “Uch ildiz” kabi asarlarini deyarli topib bo‘lmaydi.
“Nisbiylik va mutlaqlik”
Ferrol Seyms
Men uchun bag‘oyat muhim bo‘lgan uchinchi kitob — amerikalik yozuvchi Ferrol Seymsning “Nisbiylik va mutlaqlik” (“Relative and Absolute”) asari.

Ta’kidlaganimdek, ikki yil davomida Alabama shtatida yashaganman. Irqchilik, fuqarolar urushi, qullik va paxta ekspluatatsiyasi tarixi bilan “boy” bo‘lgan Amerikaning ushbu janubi, o‘z solnomasidagi qora boblar tufayli “dunyoga kelgan” adabiyot, Uilyam Folkner, Tennessi Uilyams, Harper Li va Fenni Flegg singari buyuk yozuvchilari bilan ham ma’lum.

Jorjiya shtatidan bo‘lgan Ferrol Seymsni alohida ta’kidlashni xohlardim. U deyarli butun umr shifokor bo‘lib ishlagan va bemorlaridan ijtimoiy-siyosiy tizimning odamlar hayotiga ta’siri — qashshoqlik, oila munosabatlari, voyaga yetishda yuzaga keladigan qiyinchiliklar haqida ko‘plab hikoyalarni eshitgan. Nafaqaga yaqin yozishni boshlagan va keyinchalik taniqli muallifga aylangan.
Seyms o‘zining “Nisbiylik va mutlaqlik” nomli asarida maktab gazetasini yurituvchi, ko‘pni ko‘rgan mo‘ysafiddan intervyu olgan o‘quvchilar haqida hikoya qiladi. O‘quvchilar qullik, fuqarolar urushi, siyosiy voqealar va ularning avlodlarga ta’siri haqida savollar berishadi.

Kitob muallifning o‘ta radikal o‘ng yo so‘l baho bermasligi bilan o‘ziga xos. Seyms tarix va voqealarga markaziy, vazmin nazarni saqlab qoladi. U o‘tmishga radikal baho berish, zamonaviy dunyoda keskin oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatadi. Ba’zan hozir bizga g‘ayritabiiy tuyuladigan narsalar o‘tmishda odatiy hol bo‘lgan.

Ushbu kitob hayot va hodisalarga kuzatuvchi sifatida — chetdan turib, xolis, oniy uzil-kesil javob berish zaruriyatisiz qarashni o‘rgatadi. Keskin qarashlar ko‘pincha millionlab kishilarning taqdirini belgilayotgan davrda, bu kabi adabiyot insonlarga, tarixga va jamiyatga nisbatan sog‘lom va vazmin yondashuvni saqlashga yordam beradi. Aynan shuning uchun ham kitoblarni o‘qish muhim — ular biz yashayotgan reallikni chuqurroq anglash imkonini beradi.

O‘zbek adabiyotini tarjima qilish va ommalashtirish ahamiyati haqida

Men rus, ingliz va o‘zbek tillarida o‘qiyman. O‘zbekchani adabiy til darajasida bilmaganim uchun menga rus va ingliz tillarida mutolaa qilish ancha oson.

O‘zbek adabiyoti nihoyatda boy. Tarixda nom qoldirgan atoqli adiblarimiz, hozirgi kunda ijod qilayotgan zamondosh yozuvchilarimiz bor. Ularning ijodiy ishlari haqiqiy madaniy xazina biroq ular, afsuski, yetarlicha mashhur emas. Bu katta muammo, shuning uchun ham o‘zbek asarlarini qo‘limdan kelgancha, masalan, o‘zimning mualliflik Telegram kanalim orqali targ‘ib qilishga harakat qilaman.

Biz o‘zbek tilidagi adabiyotni ommalashtirishimiz zarur, chunki u yurtimizning hikoya qilish uslubini, madaniyatini va o‘ziga xosligini aks ettiradi. Lekin ayni paytda uni boshqa tillarga, jumladan, rus tiliga ham tarjima qilish muhim. Bugungi kunda rus tilidagi o‘zbek adabiyotini faqat bukinist do‘konlaridan topish mumkin, va u deyarli har doim sovet nashrlari bo‘ladi.
O‘zbek adabiyotini ommalashtirmoqchi bo‘lsak, uni bir vaqtning o‘zida uchta — o‘zbek, rus va ingliz tillarida targ‘ib qilishimiz kerak. Behbudiy ham dunyoni anglash, unga “ochilish” uchun insonning to‘rt tilni bilishi muhimligini ta’kidlagan.

Oybek va Abdulla Qahhorning asarlari rus tilida mavjudligi uchun ularning Rossiyada mashhurligi bunga yorqin misol bo‘la oladi. Biz adabiyotdan faqat madaniy meros sifatida emas, balki intellektual kapital sifatida ham foydalanishimiz mumkin. Muallifning asari dunyoning o‘nta tiliga tarjima qilinsa, zo‘r-ku, axir.

Shu bilan birga, o‘zbek tilini o‘rganishdan bosh tortib, faqat rus tilida o‘qiydiganlar, madaniy kontekstning bir qismini o‘tkazib yuboradi, deb hisoblayman. Mening o‘zbek tilim mukammal emas, lekin o‘qishga, gapirishga harakat qilaman. Tilga, vatanga hurmat sifatida ham o‘zbek tilida, ham rus tilida kitob chiqardim.

Matnni Sabina Davletmuradova tayyorladi.

Fotosuratlar muallifi: Yevgeniy Sorochin.


Matn va grafik materiallarga boʻlgan barcha huquqlar Gazetaʼga tegishli.

Gazetaʼda eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan

havola orqali tanishish mumkin.


Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? Oʻz hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda