Orada o‘zbek she’riyatining — o‘zim uchun ruhiyat jihatidan ko‘proq yaqin bo‘lgan o‘tgan asrning 80-yillar avlodlariga murojaat qildim. Halima Xudoyberdiyeva, Faxriyor, Bahrom Ro‘zimuhammad, Ulug‘bek Hamdamning she’rlaridan ilhomlandim.
25−26 yoshdan keyin esa falsafiy, jamiyatni tahlil qilishga undaydigan kitoblar bilan tanishdim. Bu jarayon ta’kidlaganimdek, o‘z-o‘zidan sodir bo‘lgani uchun dastlab falsafiy adabiyotlar, mavjudlikka ta’sir qilishga qiziqish uyg‘onayotganidan bexabar bo‘lganman.
Nitsshening
“Zardo‘sht tavallosi” (“Also sprach Zarathustra”),
“Dajjol” (“Der Antichrist. Fluch auf das Christenthum”)i,
Zigmun Freyd, Jeyms Frezerlarning kitoblari va
Karl Gustav Yungning arxetiplar haqidagi asaridan hayotimni ilmga solingan holda ko‘rishni, o‘zim, jamiyat va siyosiy vaziyatni tahlil qilishni o‘rgandim.
Hayotimning hozirgi bosqichidagi mutolaa esa ko‘proq — noshirlik faoliyatim, o‘zim tarjima qilayotgan asarlar bilan bog‘liq. Ularning orasidan Nobel sovrindori Oktavio Pazning
“Blanko” poemasini alohida ta’kidlashni xohlardim. Sababi, u shunchaki she’riyat yoki falsafa emas — Hindiston va Meksika madaniyatlari, vaqt-fazo idroki, ranglar, sezgi hamda anglash jarayonining bosqichlarini o‘zida jamlagan ajoyib asar.
Umuman, adabiyotda, she’riyatda yangilanish bo‘lishi uchun dunyodan ta’sirlanish kerak,
shakl o‘zgarsagina — mazmun o‘zgaradi, deb hisoblayman.