“Poyga — vaqt davomida shakllanadigan katta hujjat”
Gazeta fotomuxbiri Yevgeniy Sorochin
24H Dubai poygasidagi ishi haqida
Gazeta fotomuxbiri Yevgeniy Sorochin bu yil birinchi marta poyga musobaqasida ishladi — u 24H Dubai 2026 poygasini suratga oldi. Unda Rossa Racing jamoasi tarkibida o‘zbekistonlik pilot debyut qildi. Tahririyat iltimosiga ko‘ra, u trekdagi ish taassurotlari va ekipajlar haqidagi kuzatuvlari bilan o‘rtoqlashdi.
Gazeta fotomuxbiri Yevgeniy Sorochin bu yil birinchi marta poyga musobaqasida ishladi — u 24H Dubai 2026 poygasini suratga oldi. Unda Rossa Racing jamoasi tarkibida o‘zbekistonlik pilot debyut qildi. Tahririyat iltimosiga ko‘ra, u trekdagi ish taassurotlari va ekipajlar haqidagi kuzatuvlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Orzu qilish va vizualizatsiya ba’zan ish beradi”

Hammasi o‘tgan yozda chiqqan Bred Pitt ishtirokidagi “Formula-1” filmi tomoshasidan boshlandi. Uni ko‘rgach, avtopoygalar juda vizual va kinematografik hodisa ekani, bir kuni shunday musobaqani suratga olish qanchalik qiziq bo‘lishini o‘ylab qoldim. Bu albatta “Formula-1” bo‘lishi shart emas — istalgan poyga. Aslida bunday tajriba menda avval ham bo‘lgan: 2019 yilda karting bo‘yicha yoshlar kubogida ishlaganman. O‘shanda trassa Amir Temur xiyobonida tashkil etilgan, lekin masshtab va ritm jihatidan bu mutlaqo boshqa mavzu edi.
2025-yil sentabrida Bokuda “Formula-1” bosqichi o‘tishi kerak edi. Masofa yaqin bo‘lgani uchun u yerga qanday borish mumkinligini o‘ylay boshladim, ammo kech qolganim ma’lum bo‘ldi — akkreditatsiyadan o‘tishga ulgurmadim. Ozarbayjondagi poygani o‘tkazib yuborishga to‘g‘ri keldi, lekin xohish saqlanib qoldi. Dekabr oxirida Rossa Racing jamoasi vakillari tahririyat bilan bog‘landi. Jamoa tarkibida o‘zbekistonlik pilot Ismoil Ahmedxodjayev ham bor edi. Ular Gazetaʼni Dubayga taklif qildi va men baribir poygaga bordim. Qanchalik oddiy eshitilmasin, orzu qilish va uni tasavvurda jonlantirish (vizualizatsiya) ba’zan haqiqatan ham ish beradi.
Safar oldidan poygani suratga olish uchun maxsus tayyorgarlik ko‘rmadim. Dubai Autodrome trassasini alohida o‘rganmadim, musobaqa fotosuratlaridan ko‘ra hamkasbim yuborgan shu formatdagi poygalar videolarini ko‘rishni ma’qul ko‘rdim. Men uchun muhim bo‘lgani — chiroyli kadr emas, jarayonning o‘zi qanday kechishini tushunish edi: poyga qanday rivojlanadi, bosim qayerda paydo bo‘ladi, ritm qanday o‘zgaradi?

“Muhimi — chaqqon bo‘lish”

Avtodromda ish qanday tashkil etilgani kutganimdan ancha farq qildi. Hudud bo‘ylab harakatlanish qiyin, kirish bo‘yicha esa jiddiy cheklovlar bo‘ladi, deb o‘ylagandim. Eng yaxshi holatda tribunalardan suratga olish, ko‘pi bilan poygadan tashqari rasmiy tadbirlarga kirish mumkin, deb tasavvur qilgandim. Aslida esa barchasi boshqacha bo‘lib chiqdi: trek hududida erkin harakatlanish, deyarli istalgan jamoa bokslariga kirish mumkin edi. Men mashina va dvigateldan bir necha santimetr masofada turib ishladim.
Bizni oldindan ogohlantirishdi: poyga paytida jamoa to‘liq o‘z vazifasiga beriladi. Hech kim atrofga qaramaydi — har kim o‘z ishini maksimal tez va aniq bajaradi. Yo‘lda tursangiz, ular to‘xtamaydi va aylanib o‘tmaydi — shunchaki surib o‘tib ketishi mumkin. Bu qo‘pollik emas, balki vaqt va mas’uliyat masalasi.
Asosiy poygadan oldin kvalifikatsiya bosqichi o‘tkazildi — u mohiyatan, poyganing o‘ziga tayyorgarlik, repetitsiya. Biz, fotograflar uchun bu “jangovar” sharoitni oldindan ko‘rish imkoni bo‘ldi: start, pit-stoplar, shinalar almashishi, pilotlar almashishi, ehtimoliy taʼmirlar. Aynan shu kuni qayerda va qanday ishlash kerakligini tushuna boshladim. Qaysi joyda xalaqit berayotganingni va qayerda oldindan pozitsiyani egallab, joyingda turish maʼqulligini anglaysan.

Faqat ko‘z bilan emas, quloq bilan ham mo‘ljal olishga to‘g‘ri keldi. Trek bo‘ylab uzluksiz shovqin eshitilardi: har biri kuchli dvigatelga ega qariyb 70 ta mashina doimiy harakatda edi. Bu juda baland ovoz. Mashina bir aylanani taxminan ikki daqiqada bosib o‘tadi, bir joyda turib esa bir xil avtomobilni qayta-qayta ko‘raverasiz. Shu ritmga moslashib ishlaysiz.
Ko‘pchilikda quloqchin yoki berushi (quloq tiqini) bor edi, bizda esa yo‘q. Sog‘liq nuqtai nazaridan bu to‘g‘ri qaror emasdir, ammo barchasini filtrsiz eshitganimdan xursandman. Bu jarayonni boshqacha his qildirdi. Sen faqat motorlar gurillashini emas, balki vibratsiyani va butun ovoz muhitini — trassaning qattiq shovqinidan tortib, bokslarda muhandislarning deyarli shivirlab aytgan gaplarigacha — to‘liq his qilasan. Menga ular ataylab past ovozda gapirayotgandek tuyuldi — bu biror narsani sir tutish uchun emas, jamoada xotirjam muhitni saqlash uchun edi.
Bunday tadbirlarda juda tezkor bo‘lish bilan birga ehtiyotkor va mas’uliyatli ham bo‘lish kerak — jarayonga xalaqit bermaslik va voqealar rivojiga ta’sir qilmaslik muhim. Ba’zan bu holat DC komikslaridagi Flesh superqahramonini eslatardi: u ham juda tez harakat qiladi, lekin harakatlari bilan voqealar oqimini o‘zgartirmaslikka intiladi.

Ko‘p jihat joyning o‘zida ma’lumot to‘plash qobiliyatiga bog‘liq edi — faqat vizual emas, balki suhbatlar orqali olingan ma’lumot ham. Rossa Racing jamoasining fotograf va videograflari menga katta yordam berdi: qayerda va qachon turish yaxshiroq ekanini, qaysi payt yaqinlashish mumkinligini, qayerda esa chetda turish kerakligini aytib turishdi. Men uchun bu birinchi poyga edi, ular uchun esa odatiy muhit.

“Poyga — bu faqat tezlik bo‘yicha musobaqa emas, balki o‘zingni yengish”

Bungacha futbol o‘yinlaridan ko‘p fotoreportajlar qilganman va farqni darhol his qildim. Men futbol yoki avtosport muxlisi emasman, ammo aynan poygalar kutilmagan darajada men uchun ancha jozibali bo‘lib chiqdi. Trassaga chiqqanimning ilk daqiqalaridanoq bu his yo‘qolmadi.
реклама
реклама
Futbol o‘yini taxminan bir yarim soat davom etadi — hatto qo‘shimcha vaqt bilan ham bu aniq vaqt chegarasiga ega voqea. Poyga esa kunduzi boshlanib, 24 soat uzluksiz davom etadi. Mexaniklar, muhandislar, texnik xodimlar — butun jamoa doim ish jarayonida bo‘ladi. Yuklama juda katta, shu bilan birga har bir insonning umumiy natijaga qay darajada jalb etilgani aniq ko‘rinib turadi.

Jamoada besh nafar pilot bor. Ular navbat bilan almashib turishadi, har biriga zayezdlar orasida dam olish imkoniyati beriladi — bu zarur, chunki trassada maksimal konsentratsiya talab etiladi, charchoq esa qimmatga tushishi mumkin. Texnik jamoa ham qisqa vaqtga o‘tirib, ovqatlanib, nafas rostlab olishi mumkin, ammo to‘liq uxlab olish imkoniyati yo‘q edi. Poyga — uzluksiz jarayon, va bu yerda natija uchun har bir ishtirokchining o‘rni qanchalik muhim ekani yaqqol ko‘rinadi: muhandisdan tortib, boksda tozalikka javob beradigan xodimgacha.
Poygani suratga olayotgan fotograf uchun eng katta qiyinchilik — bir vaqtning o‘zida bir nechta joyda bo‘lolmaslik. Trassada juda ko‘p voqealar sodir bo‘lardi, men esa yonimda yuz berganlarini qayd eta oldim xolos. Masalan, pilotni mashinadan chiqarishga yordam berishganini ko‘rdim. Balki bunday holatlar ko‘proq bo‘lgandir, balki bu yagona epizoddir — aniq bilmayman. Jamoaga xalaqit bermaslik uchun masofada turdim. Nima bo‘lganini ham bilmadim: eshik qisilib qolganmi yoki pilot shunchalik charchaganmidi — ochiq havoga chiqishi uchun yordam kerak bo‘ldi.
Bunday holatlarsiz ham pilotlar uchun qanchalik og‘ir ekani ko‘rinib turadi. Startga kuzatar ekansangiz, pilot tetik, kuchga to‘la, diqqati jamlangan, hatto hali toza holda bo‘ladi. Ikki-uch soatdan keyin trassadan qaytganda esa butunlay boshqa odamni ko‘rasiz: yuzi qizargan, terga botgan, charchagan, ba’zan gapirishga ham qiynaladi.
Jamoa a’zolari menga ko‘p bor poyga faqat tezlik bo‘yicha musobaqa emas, balki insonning o‘z-o‘zi bilan kurashi, o‘zini yengishi ekanini aytdi. Bu fikrni joyida yanada chuqurroq his qildim. Uni vizual tarzda yetkazishga harakat qildim — soyalar, akslar va siluetlar orqali: ba’zan kadrda inson deyarli kontekstsiz, o‘z-o‘zi bilan yakka qolgan holda namoyon bo‘ladi.

“Jamoa ishni men bir finjon qahva damlaguncha tugatdi”

Avariyaning aniq vaqtini eslay olmayman. O‘sha payt fud-kort yonida edim. U yerda poyganing jonli translyatsiyasi beriladigan katta ekran o‘rnatilgan, kommentariylar eshittiriladigan audiotizim ishlab turardi, yonginamda esa fotograflar uchun trekka eng yaqin kirish joyi bor edi. Shu nuqtadan zigzagsimon burilishda harakatlanayotgan mashinalar yaxshi ko‘rinadi — suratga olish uchun juda qulay joy.
Mashinalarni vaqtga qarab suratga olardim: qaysi mashina yoki jamoamiz bolidi qachon o‘tishi kerakligini taxminan bilardim va kadrga oldindan tayyorgarlik ko‘rardim. Bir payt yonimda marshallar paydo bo‘ldi. Ular bayroq ko‘tarib, qizil signal chiroqlarini yoqishdi. Bu tezlik cheklangani va quvib o‘tish taqiqlanganini anglatardi. Bunday holatlar poyga davomida oldin ham bo‘lgani uchun avvaliga bunga jiddiy ahamiyat bermadim. Keyin Rossa Racing bolidi kutilgan vaqtda trassada ko‘rinmaganini payqadim. Ekranga qarasam, mashina yo‘l chetida to‘xtab turgan ekan.

Bir gap borligini tushundim. Darhol bokslarga qaytishga qaror qildim. Fud-kort va kirish zonasi orqali yugurganim yodimda, keyingi tafsilotlar xira — ehtimol, o‘tishni kutib turgandirman yoki shunchaki ichkariga kirib ketgandirman. Oxiri jamoaga yetib bordim va mashina avariyaga uchraganini aytishdi.

Birinchi bo‘lib pilotlar ahvolini so‘radim. Hech kim jabrlanmagani, ammo bolid poygani davom ettira olmasligi aytildi. Jamoa evakuatorni kuta boshladi, odamlar chehrasida esa turli his-tuyg‘ular — sarosima, charchoq, nima bo‘layotganini anglamaslik aks etardi.
Bungacha ham Rossa Racing jamoasida bunday holatlar bo‘lgan. Birinchi hodisa xavfsizlik kamari bilan bog‘liq, ikkinchisi esa kuzov yoki bamper shikastlanishi bilan. Tashqaridan kuzatuvchi sifatida menga bu poyganing oxiriday tuyuldi: bolidni boksga olib kirishdi, ko‘tarishdi, g‘ildiraklarni yechishdi, korpusni ajrata boshlashdi. Shu payt u endi trassaga qaytmaydi, deb o‘ylagandim, ammo bir zumda mashinani yig‘ib, yana trassaga chiqarishdi — men hali nima bo‘layotganini anglab ham ulgurmadim. Barchasi bir necha daqiqada sodir bo‘ldi. Jamoa xuddi o‘z ishini men bir finjon qahva damlashga ketkazadigan vaqtdan ancha tezroq tugatdi.

Bunday uyg‘unlikni ko‘rishning o‘zi alohida tajriba: odamlar bir-birini deyarli so‘zsiz, bir qarashdan tushunadi va faqat o‘z harakatini emas, balki butun jamoaning ish ketma-ketligini ham aniq biladi.
Afsuski, uchinchi marta Rossa Racing avtomobili trassaga qaytmadi — shikastlar poygani davom ettirish uchun juda jiddiy edi.

“Hammasi shunday yakunlangani uchun avtomobildan minnatdor edi”

24H Dubai poygasida ishlash jarayonida meni eng ko‘p hayratga solgan jihat — Rossa Racing jamoasi kapitani va eng tajribali piloti Roman Rusinovning xarakteri bo‘ldi. Uning sovuqqonligi va aniqligi — men surat orqali to‘liq yetkazib bera olmagan jihatlardan biri bo‘lsa kerak.

Poyga davomida trassada va bolid salonida sodir bo‘layotgan voqealarni monitorlar orqali kuzatish imkoni bor edi. Birinchi nosozlikkacha jamoa o‘z sinfida uzoq vaqt yetakchilik qildi. Texnik muammodan keyin pozitsiyalar yo‘qotildi, shundan so‘ng rulga yana Roman o‘tirdi. Uning raqiblarni birin-ketin ortda qoldirishi juda ta’sirli manzara edi.
Meni eng ko‘p hayratga solgan holat — uning amalda jamoani poygadan chiqarib qo‘ygan avariyadan keyingi reaksiyasi bo‘ldi. Bolid evakuatorda olib kelinganda, jamoa a’zolari ko‘zlarida og‘riq sezilardi — uzoq soatlik og‘ir mehnatdan keyin ular deyarli temir bo‘laklariga aylangan mashinani ko‘rishdi. Ammo Romanning munosabatida tushkunlik ham, sarosima ham yo‘q edi. Menda u avtomobilga barchasi aynan shunday — og‘ir oqibatlarsiz, jabrlanuvchilarsiz yakunlangani uchun chin dildan minnatdorlik bildirayotgandek taassurot qoldirdi.
Kapitan boksga qaytganida, uni jurnalistlar o‘rab oldi. Roman go‘yo bir zumda o‘zini qo‘lga oldi: emotsiyalar yo‘qoldi, ovozi sokinlashdi, savollarga aniq va bosiq javob berdi. Inson bir necha soniya ichida turli hissiy holatlardan o‘tib, baribir o‘zini tuta olishi — meni eng ko‘p hayratga solgan holat shu bo‘ldi. Eng esda qolgan lahza ham aynan shu.

“Dunyo qanchalik shiddatli bo‘lishi mumkinligini his qilish”

Poyga — uzoq davom etadigan jarayon, vaqtning o‘ziga xos hujjati. Bir yoki bir nechta kadr orqali voqealar rivoji va ulardagi taranglikni to‘liq yetkazib berish qiyin. Shuning uchun alohida biror suratni ajratib ko‘rsata olmayman — men uchun muhim narsa aynan ketma-ketlik.

Bu poyga men uchun mutlaqo yangi tajriba bo‘ldi. Ilgari bunday masshtab va darajadagi, xalqaro toifadagi professionallar ishtirok etgan tadbirda ishlamaganman. Fotograf hamkasblarga kamida bir marta shunday musobaqada qatnashishni tavsiya qilar edim — reportaj suratga olish qanchalik tezkor ekani va atrofdagi dunyo qanchalik shiddatli bo‘lishi mumkinligini his qilish uchun
O‘zim uchun avtopoygalarni suratga olishda qanday texnika zarurligini ham tushundim. Ideal holatda yuqori tezlikda suratga oladigan kamera va yorug‘ optika — kamida f/2.8 diafragmali obyektivlar kerak.

Men Canon R6 Mark II kamerasida ishladim, Canon RF 24−70 f/2.8, Canon RF 70−200 f/2.8 va o‘zgaruvchan yorug‘likka ega Canon RF 100−500 obyektivlaridan foydalandim. Texnika vazifani bajardi, ammo yanada tezkor kamera bilan natija yanada ta’sirli bo‘lishi mumkin edi. Suratga olishda keng burchak — 14 yoki 16 mm obyektiv juda asqotgan bo‘lardi. Yanada keng qamrovli, hajmli kadrlar olish g‘oyasi bor edi — kadrga butun jamoa sig‘adi, biroq markazda bitta muhim qahramon qoladi. Bunday yondashuv voqeaning ko‘lamini va shu katta, uyg‘un tizim ichida har bir insonning o‘rnini yaxshiroq ko‘rsatishga yordam bergan bo‘lardi.
Yana bir muhim xulosaga keldim: bunday tadbirlarga kamida ikki marta borish kerak. Birinchi safar — tanishish uchun: jarayonga kirib borish, poyga ritmini va uning ichki mantig‘ini his qilish. Ikkinchi safar esa — allaqachon aniq tasavvur bilan, qanday ijodiy vazifa turgani va qanday kadrlar olishni xohlashingni bilib boriladi. Har bir suratga olish, qanday bo‘lishidan qat’i nazar, tajriba qo‘shadi va keyingi safar nimani yaxshiroq qilish mumkinligini anglatadi.

Matnni Orifjon Xoshimov tayyorladi.

Fotosuratlar muallifi: Yevgeniy Sorochin.

Matn va grafik materiallarga boʻlgan barcha huquqlar Gazetaʼga tegishli.

Gazetaʼda eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan

havola orqali tanishish mumkin.


Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? Oʻz hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda