Men ayollarga ko‘p aytaman: biz mansab pillapoyalaridan ko‘tarilayotgan va o‘zimizni namoyon etayotgan dunyo, asosan, erkaklar tomonidan shakllantirilgan. Ba’zan muvaffaqiyatga erishish uchun ayol murakkab yo‘lni bosib o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, “yubka kiygan erkak”ka aylanishga urinmaslik muhim. Maslahatim shuki, ayoldek fikrlang, ayoldek qaror qabul qiling, ayoldek harakat qiling. Bizning o‘ziga xos ish uslubimiz bor — u ko‘proq sezgilarga tayanadigan, moslashuvchan va insonparvar. Bizning kuchimiz aynan shunda. Ayol o‘z tabiatini, donishmandligini va ichki ishonchini saqlab qolsa, kasbda ham, hayotda ham ulkan natijalarga erisha oladi.