Ramazon shukuhi xorijdagi o‘zbekistonliklar nigohida
Saharlikda chalinadigan nog‘ora, turli millat vakillari bilan iftorlik va qayda bo‘lmasin tayyorlanadigan o‘zbek palovi.
Ramazon shukuhi xorijdagi o‘zbekistonliklar nigohida
Saharlikda chalinadigan nog‘ora, turli millat vakillari bilan iftorlik va qayda bo‘lmasin tayyorlanadigan o‘zbek palovi
Germaniya, Yaponiya, Kanada, Vengriya, shuningdek, Turkiya va Singapur kabi davlatlarda Ramazon qanday o‘tadi? O‘zbekistondagidan nimasi bilan farq qiladi? Vatandan uzoqda bo‘lish odatlar va taomnomaga ta’sir ko‘rsatadimi? Gazeta ushbu savollarga javob topish uchun xorijdagi o‘zbekistonliklar bilan suhbatlashdi.
Germaniya, Yaponiya, Kanada, Vengriya, shuningdek, Turkiya va Singapur kabi davlatlarda Ramazon qanday o‘tadi? O‘zbekistondagidan nimasi bilan farq qiladi? Vatandan uzoqda bo‘lish odatlar va taomnomaga ta’sir ko‘rsatadimi? Gazeta ushbu savollarga javob topish uchun xorijdagi o‘zbekistonliklar bilan suhbatlashdi.
Ramazon — chiroyli amallar, sabr va saxovat oyidir. O‘zbekistonda bu oy yaqinlar davrasidagi fayzli iftorliklar, masjidlardagi taroveh namozi va yoshi ulug‘larni ziyorat qilish bilan o‘ziga xos. Vatandan uzoqda-chi, Ramazon shukuhi va unga xos odatlar qanday ko‘rinishda namoyon bo‘ladi? Iftorlik dasturxonidan asosan qanday yeguliklar o‘rin oladi? Boshqa millat vakillari ro‘za tutish bilan bog‘liq masalalarga qanday munosabatda? Gazeta xorijdagi o‘zbekistonliklar bilan suhbatlashib, shu kabi savollarga javob izladi.
Yaponlarga Ramazonning ahamiyati haqida yapon olimining ixtirosi misolida tushuntirganman
Ashrafbek Olimov — 2010-yildan buyon Yaponiyada (hozir Tokioda) yashaydi. Nissan Motor kompaniyasida moliya bosh menejeri bo‘lib ishlaydi.
Albatta, Yaponiyada Ramazon shukuhi vatandagidek emas. O‘zbekiston masjidlaridagi singari taroveh namozida xatmi-qur’onlar qilinishi deyarli sezilmaydi. Shunga qaramay, Ramazonni oila va vatandosh do‘stlar davrasida, o‘ziga yarasha ishtiyoq bilan o‘tkazishga harakat qilamiz.
Xorijda farzand katta qilayotgan ota-onalar, o‘z o‘g‘il-qizlariga ba’zan esa ularning o‘qituvchilariga ham Ramazon, ro‘za tutishning mohiyatini anglatishi muhim. Sababi bolalarining atrofida ro‘za tutuvchilar kam bo‘lishi yoki umuman bo‘lmasligi ham mumkin.
Bu yerda hayit bayramida dam olish, iftorlik degan narsalar yo‘q. Lekin nafaqat mening, balki boshqa ko‘p o‘rtoqlarimning ishxonasida ham iftor paytida tanaffus olib, og‘iz ochib olishga so‘zsiz ruxsat beriladi.
Atrofda Ramazonga oid tushunchalar nimani anglatishi, ular qanday ahamiyatga ega ekanligiga qiziqadiganlar ham topiladi. Masalan, bir-ikki hamkasbim menga iftor qilib bergan va mendan Ramazon haqida so‘zlab berishimni so‘ragan. Men ularga Ramazonning foydasi haqida yapon olimi Yoshinori Ohsumining ixtirosi orqali tushuntirib berganman.
2016-yilda tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan olim avtofagiya — ochlik paytida hujayralar eskirgan va zararli qismlarni parchalab, o‘zini-o‘zi tozalashini kashf qilgan. Mazkur jarayon organizmni yangilabgina qolmay, energiyaning tejalishiga ham hissa qo‘shadi. Shuningdek, ushbu tadqiqot saraton, keksayish hamda asab tizimi kasalliklarini anglashda ham muhim ekani haqida ta’kidlaganman.
Ashrafbek Olimov oila aʼzolari bilan
Ashrafbek Olimov oila aʼzolari bilan
“
Darvoqe, yaqinda xizmat safari bilan Fransiyaga borganimda ajoyib bir voqea bo‘ldi. Saharlik qilish u yerning vaqti bilan ertalabki 6:08 ga to‘g‘ri keldi. Mehmonxonadagi nonushta esa mavjud tartibga binoan tonggi 7:00 dan boshlanar ekan. Ro‘za tutishimdan xabar topgan mehmonxona xodimlari esa men uchun 5:00 da, alohida dasturxon yozishi mumkinligini bildirdi. Mehmonga, uning qadriyatiga bo‘lgan bunday ehtiromga qoyil qoldim
Ramazon dasturxonimizdan uzum, topilsa anor singari mevalar o‘rin oladi. Iloji boricha mastava, osh singari taomlarimizni ham tayyorlab turamiz. Lekin, deylik, palov pishirishga taxminan ikki soatcha vaqt ketsa, yapon taomlari odatda tez tayyorlanadi.
Qolaversa, barra mahsulotlardan tayyorlangan yemaklarni deyarli barcha supermarketlardan topish mumkin. Shu bois, ko‘pincha sushi, maguro-don yoki okonomiyaki kabi baliqli taomlar bilan iftorlik qilinadi.
реклама
реклама
Iftorlik boshqa millat vakillarining urf-odati bilan tanishish uchun yaxshi imkon
Madina Aliyeva — 2023-yildan buyon Kanadaning Toronto shahrida yashaydi. Queenʼs universitetining immigratsiya huquqi yo‘nalishida o‘qiydi, immigratsiya huquqiga ixtisoslashgan firmada faoliyat yuritadi.
G‘arb mamlakati ekaniga qaramay, Ramazon Kanada, xususan, Torontoda keng miqyosda nishonlanadi. Masalan, markaziy ko‘chalardan birida “Ramadan Mubarak” degan yozuvga ko‘zingiz tushadi.
Deyarli har bir tuman masjidlarida turli tadbir-u iftorliklar o‘tkaziladi. Millati, qadriyati va hatto dini boshqa, ammo bir-biriga o‘zaro hurmatni kanda qilmaydigan insonlar bir dasturxon atrofida birlashadi.
Iftorlik uchun yozilgan dasturxonlar — turfa urf-odatlar, an’analar va boshqa mamlakatlarda Ramazon qanday o‘tishi haqida o‘rganish uchun yaxshi bir imkon.
Kanadada ko‘pchilik o‘zi odatda masofadan turib faoliyat yuritadi. Davlat ishchilari ko‘pi bilan haftasiga uch kun, ayrim xodimlar esa ikki kun ofisga boradi.
Ramazon paytida esa ro‘zadorlarga qulay rejimda ishlash imkoniyati beriladi. Masalan, ishni ertaroq boshlab, vaqtli tugatish yoki aksincha, biroz kech boshlab, keyinroq tugatish ham mumkin.
Ta’lim muassasalari, xususan, farzandlarimning maktabida ham iftorliklar bo‘lib turadi. Shunga qaramay, chet elda farzandlarga Ramazon shukuhini his qildirish biroz qiyinroq kechishi mumkin. Sababi O‘zbekistonda buvi-do‘dalar, amma-xolalar bu borada ibrat bo‘ladi, bolalar ulardan o‘rnak oladi. Vatandan, oiladan uzoqda bo‘lganda esa bu mas’uliyat yolg‘iz sizning zimmangizda bo‘ladi.
Torontodagi Natan Fillips maydoni
“
Aslida migratsiya odamni har tomonlama chiniqtiradi, ruhan kuchli qiladi. Biroq bayram kunlarida, ayniqsa, oila davrasidagi shodiyonalardan uzoqda bo‘lish tufayli odam o‘zini ba’zan yolg‘iz his qiladi. Ramazon esa ana shunday paytda ruhiyatni oziqlantiradi. Bu oy insonning o‘z ustida ishlashi, ko‘p narsalar haqida mulohaza qilishi uchun ajoyib bir fursatdir.
O‘zbekistondagi iftorliklar odatda ko‘pchilik bilan — oila, do‘st-u tanishlar davrasida tez-tez, hatto dab-durustdan tashkillashtiriladi. Kanadada bo‘lsa barcha ish va o‘qish bilan band ekani bois hamma tadbirlar singari iftorlikni ham oldindan rejalashtirishga to‘g‘ri keladi.
Shunga qaramay, biz o‘zbekistonliklar turli bahonalar bilan tez-tez yig‘ilib turishga, masalan, Ramazonda birga iftorlik qilishga harakat qilamiz. Darvoqe, bu yerda o‘zbek diasporasi ancha katta.
Madina Aliyeva Torontodagi oʻzbekistonliklar bilan iftorlikda
Iftorlik dasturxoni
Solishtirsak O‘zbekistondagi iftor dasturxonlarini o‘ta dabdabali deb atasa yanglish bo‘lmaydi, nazarimda. Bu yerda esa odamlar taom pishirishga ortiqcha vaqt sarflamaydi. Tezpishar, foydali va yengil yeguliklar tayyorlaydi.
Ratsiondan asosan barra sabzavotlar va dengiz mahsulotlari o‘rin oladi. Gazli, shirin ichimliklarni deyarli iste’mol qilmaymiz. Onda-sonda choy, asosan suv ichamiz. Iftorlik dasturxonimizdan, albatta xurmo, barra mahsulotlar va ko‘katlar joy oladi.
Turklarning yasmiqli sho‘rvasi, yengil va to‘yimli bo‘lgani uchun guruchli ovqatlar tayyorlashga harakat qilimiz. O‘zbekistondagi mahsulotlarni topish biroz mushkul. Shunga qaramay, bor mahsulotlar asosida o‘zbekcha ovqatlar tayyorlaymiz. Bu tabiiyki osh, lag‘mon va chuchvara, yana orada non ham pishirib turamiz.
Boshqalarni hurmat qilgan holda o‘z e’tiqodini saqlash
Dilshod Rahmatov — 2012-yildan beri Germaniyaning Quyi Saksoniya hududida yashlaydi. IT sohasida Senior Software Engineer sifatida veb va mobil ilovalar ishlab chiqish (Full-stack developer) bilan shug‘ullanadi.
Men uchun Ramazon — nafaqat ro‘za tutish, balki xulq-atvor, muomala va insonlarga munosabatni tarbiyalaydigan oy. Germaniyada Ramazon tinch, tartibli va ko‘proq “oilaviy rejim”da o‘tadi.
O‘zbekistonda masjidlar, bozorlar, qo‘ni-qo‘shnichilik, jamoaviy iftorlar tabiiy ravishda juda faol bo‘ladi. Bu yerda ham musulmonlar jamoasi bor, lekin hayot umumiy ritmga aralashib ketgan.
Ish jadvali, maktab, kundalik logistika sabab Ramazonni — iftorlik va saharlikni oldindan rejalashtirishga to‘g‘ri keladi. Germaniyada turli millat musulmonlari ko‘p bo‘lgani uchun Ramazonda turli taomlar va madaniy an’analarni ko‘rish mumkin.
Yana bir muhim jihat — bu yerda boshqa din va e’tiqod vakillariga hurmat masalasi juda erta yoshdan o‘rgatiladi. Bu ayniqsa bolalar orqali yanada yaqqol seziladi.
O‘tgan yili farzandim bilan sodir bo‘lgan voqea bunga yaxshi bir misol bo‘ladi. Yasmina qizim (9 yosh, 4-sinf) va Asadbek o‘g‘lim (11 yosh, 6-sinf) mendan tez-tez: “Ro‘za tutsak bo‘ladimi?”, deb so‘rab turishadi. Men esa bunday tashabbuslarga hech qachon qarshi bo‘lmayman. Yaxshi niyat bilan boshlangan har qanday urinishni qo‘llab-quvvatlash, o‘z tajribalaridan o‘tib ko‘rishlariga imkon berish tarafdoriman. Faqat o‘qishlariga salbiy ta’sir qilmaslik lozimligini uqtiraman.
Xullas, aka-singil birga turib, internetdan duolar izlab, saharlik qilishgandi. Yasminaning maktabidagi ustozi o‘quvchilarga ro‘za tutish mumkinligini, ammo ro‘za tutgan bo‘lsa, o‘qituvchini ogohlantirish kerakligini tushuntiribdi. Yasmina o‘sha kuniyoq ustozining oldiga borib, ro‘zadorligini ma’lum qilibdi.
Shundan keyin nonushtasini o‘zi bilan olib kelib, birga ovqatlanadigan sinfdoshlari-yu o‘qituvchising o‘zi ham Yasmina xijolat bo‘lmasligi uchun, unga bilintirmay tanovul qilishga harakat qilibdi. Hatto bir dugonasi uning yoniga kelib: “Men nonushta qilib bo‘ldim, oldingda o‘tirsam bo‘ladimi?”, deb so‘rabdi ham.
Bu voqea biz uchun juda ta’sirli bo‘lgan. Nemis maktabida ro‘zador oldida ovqatlanish odobsizlik sanalishi, boshqa din vakillarini hurmat qilish va bag‘rikenglikni targ‘ib qilish bolalarga yoshligidan o‘rgatilishini ko‘rib, beixtiyor xursand bo‘lasan, kishi.
Dilshod Rahmatov oila aʼzolari bilan
“
Xorijda yashash insonni ko‘proq mustaqil, rejali va mas’uliyatli qiladi. Ramazon esa bu fazilatlarni yanada mustahkamlaydi, Vaqtni qadrlashni, sabr, kamtarlik va intizomni oshiradi. Bolalarim bilan bog‘liq ana shunday voqealar esa bag‘rikenglik, hurmat va insoniylik kabi qadriyatlarning naqadar universal ekanini yana bir bor eslatadi. Turli din va madaniyat vakillari yashaydigan jamiyatda o‘z e’tiqodingni saqlab qolish bilan birga, boshqalarnikini ham hurmat qilish — eng muhim saboqlardan biri ekanini his qilasan.
Ish va bolalarning maktabi sabab iftorni juda og‘ir qilmaslikka harakat qilamiz. Ko‘proq yengil va foydali ovqatlarga e’tibor beramiz. Sho‘rva, salat, sabzavotlar, mevali myusli, protein va foydali mahsulotlarga boy taomlar, kamroq yog‘li ovqatlar o‘rin oladi.
Odatda xurmo va suv bilan og‘iz ochamiz. Keyin yengilroq taom — sho‘rva yoki salat, ayron yo yogurt, mevalar tortiladi. Bayramona shukuhni saqlash uchun milliy ovqatlarimizdan palov, somsa, manti yoki lag‘monni tayyorlab turamiz.
O‘zbek taomlari shunchaki ovqat emas, balki uyning isi, bolalar uchun xotira va o‘zlikni saqlashning bir ko‘rinishi. Germaniya oshxonasidan ko‘proq yengil salatlar, turli non mahsulotlari, yogurt va kvarkka o‘xshash sut mahsulotlari dasturxonimizga kirgan.
реклама
реклама
Ramazon siylovlari — saxovatning go‘zal namunasi
Elshod Salimov — 2024-yildan buyon Turkiyaning Anqara shahrida yashaydi. Anqara universitetining magistratura bosqichida, jurnalistika yo‘nalishi bo‘yicha o‘qiydi.
Turkiyada Ramazon shukuhini kallayi saharlab, deraza ortida yangraydigan nog‘ora sadolari orqali “eshitasiz”. Ko‘chama-ko‘cha nog‘ora chalib, odamlarni saharlikka uyg‘otadigan kishilar ramazon nog‘orachisi (davulcu) deb ataladi.
Lekin har kim ham ramazon nog‘orachisi bo‘lolmaydi. Bu ishni bajaradigan kishi mahalliy hokimiyat yoki mahalla oqsoqoli tomonidan tanlanishi va maxsus guvohnomaga ega bo‘lishi lozim.
Nog‘orachilar odatda ko‘ngilli sifatida ishlaydi va buning uchun ularga haq to‘lanmaydi. Shu bois iftordan keyin uyma-uy yurib, ko‘ngildan beriladigan ehson (bahşiş) yig‘ish odati ham bor. Bu qaysidir ma’noda, O‘zbekistonda bolalarning ramazon qo‘shig‘ini aytib, pul yig‘ishiga o‘xshab ham ketadi.
Yana ushbu shukuhni yemakxonalardagi saharlik va iftorlik uchun maxsus menyu takliflari, ramazon chegirmalari orqali his qilasiz, “ikromlar” orqali tatib ko‘rasiz. O‘zbekcha siylov ma’nosini anglatadigan ikromlar bilan xushnud qilish nafaqat Ramazon, balki boshqa vaqtlarda ham odatga aylangan.
Ya’ni tamaddixonalarda mijozlar asosan tekinga beriladigan choy yoki shirinlik ko‘rinishidagi siylovlar bilan mehmon qilinadi. Bu — saxovatning go‘zal misoli.
Ramazon nogʻorachisi
Foto: Gazete Detay
Ramazon nogʻorachisi
Fotо: Demiroren Haber Ajansi
Uyushmalar, federatsiyalar, elchixona yoki o‘zbekistonlik tadbirkorlar tomonidan tez-tez iftorliklar tashkil qilinadi. Masalan, 2025-yilda o‘zim o‘qiydigan universitetning yashil maydonida 8 ming talaba uchun iftorlik qilindi. Yotoqxonada yashaganimda esa 100 dan ortiq talaba bir vaqtda iftorlik qilardi.
6-mart kuni Oʻzbekiston hukumati Anqarada oʻzbekistonlik vatandoshlar uchun iftorlik tashkillashtirgandi.
“
Bu shunchaki qorin to‘ydirish emas, birgalikni his qilish, tanishlar bilan bir yerda to‘planish va men kabi xorijliklar uchun madaniyatning yangi bir parchasini o‘rganish imkonini beradi. Ana shuning uchun ham menga bu yerdagi iftorlik madaniyati juda yoqadi.
Elshod Salimov Anqara universitetida tashkil etilgan iftorlikda doʻstlari bilan
Talabalar uchun tashkil qilingan boshqa bir iftorlik dasturxoni
Turkiyada iftorlik menyusi ancha o‘xshash, asosan ayron, qaynatilgan guruch, qovurilgan go‘sht va sho‘rvalar (Ezogelin sho‘rvasi, yayla, tarhana sho‘rvaci, pomidor sho‘rvasi hamda yasmiq sho‘rva)dan iborat.
Darvoqe, bu yerda zaytun iste’moli odatga aylangan. Men bunga haligacha moslasha olmagan bo‘lsam ham taom tayyorlashda zaytun yog‘idan foydalanaman. Dasturxondan odatda xurmo, ba’zan ayron va sharbat joy oladi. Shuningdek, mavsumiy maxsus tayyorlanadigan ramazon pidesi — katta va yumshoq non ham qo‘yiladi.
Anqara dasturxonidagi oʻzbekona taʼm
Iftorlik boshlanishiga 1,5−2 soat qolganda novvoyxonalar oldida uzun navbatlar paydo bo‘ladi. U yerda faqat non emas, quruq yegulik va shirinliklar ham sotiladi.
Baklava singari qiyomli shirinliklar oshqozonga og‘irlik qilishi mumkin. Shunga Gullach kabi yengil sutli shirinliklar yeb turamiz.
O‘zbek taomlaridan tabiiyki oshni, keyin mastava, sho‘rva, grechkani ham tayyorlaymiz. Ularni hazmi yengil salatlar bilan tanovul qilishga harakat qilamiz.
Xorijliklar ro‘zadorligimni hurmat qiladi, men esa ularning g‘arbcha erkinligini qabul qilaman
Barno Dusiyarova 2024-yildan buyon Vengriyaning poytaxti Budapeshtda yashaydi. Eotvos Lorand universitetining media va kommunikatsiyalar yo‘nalishida tahsil oladi.
O‘zbekistonda Ramazon shukuhi boshqacha. Hamma bir-birini tabriklaydi, ro‘zadorning yonida ovqat tanovul qilinmaydi. Iftorliklar esa faqat ovqatlanish emas, balki yaxshi insonlar bilan diydorlashish, oila davrasida vaqt o‘tkazib, ular bilan suhbatlashishni anglatadi.
Budapeshtda bo‘lsa Ramazonga xos o‘zgachalik deyarli sezilmaydi. Shunga qaramay, masjidlar va musulmon davlatlarning elchixonalari ro‘zadorlarni tabriklab, ushbu ayyomni chiroyli o‘tkazishga harakat qiladi.
Umuman olganda, chet eldagi hayot va bu yerda musulmon bo‘lish iymonimni, sabrimni mustahkamlayapti, deb o‘ylayman. Xorijda individualizm kuchli. Shaxsan o‘zim musulmonlar bilan yashasam-da, doim ham birga iftorlik qilmaymiz.
Sababi hammaning o‘z shaxsiy rejasi bor. Ba’zan avtobusda, ayrim payt professorning yonida yoki ko‘chada yurganda iftorlik qilib olishga to‘g‘ri kelishi mumkin.
“
Biroq atrofimdagi odamlar g‘arb madaniyatiga mansub bo‘lishiga qaramay, mening ro‘zadorligimni hurmat qiladi. Men ham o‘z navbatida ularning “g‘arbcha erkinliklari”ni qabul qilaman.
Vengerlardan o‘rgangan eng foydali narsam bu sog‘lom ovqatlanish bo‘lsa kerak. Kaloriyasi ko‘proq bo‘lgan qaynatilgan mahsulotlar yeyishga harakat qilaman. Iftorlikni ikki qismga bo‘lib — kam-kamdan ovqatlanishni odat qildim. Bu hazm qilishni osonlashtirib, yengillik hisini beradi.
Barno Dusiyarova xorijlik doʻstlari bilan iftorlikda
Iftorlik dasturxoni
Iftorlik dasturxonim shohona emas. Lekin non, mevalar, avokado va pishloq singari to‘yimli ham foydali mahsulotlardan iborat. Masalan, yasmiq sho‘rva va yengil salat ham bo‘ladi. Vengriyaning milliy ovqati bo‘lgan gulyash, o‘zbek taomlaridan, albatta oshni tayyorlab turaman.
Mehmondorchilikdan maqsad — diydorlashish
Jasurbek Tursunov — 2009-yildan beri Singapurda istiqomat qiladi. Toyota Motors kompaniyasining Singapur bo‘limida ishlaydi.
O‘zbekistonda Ramazon jamiyat hayotiga chuqur singib ketgan. U bilan bog‘liq odatlar, nafaqat oila, balki mahalla va masjidlarda ham yaqqol seziladi.
Ramazon paytida, ba’zi ish soatlari qisqarishi yoki kunduzi tamaddixonalarda mijozlarning cho‘g‘i kamayishi mumkin.
Singapurda esa Ramazon ko‘proq individual va oilaviy muhitga xos kechadi. Ro‘za tutish esa ko‘proq shaxsiy ibodat sifatida qabul qilinadi.
Jamoat joylarida diniy jihatdan neytrallik kuzatilsa-da, musulmonlarga nisbatan hurmat saqlanadi. Ish vaqtlari deyarli o‘zgarmaydi, kundalik hayot doimgidek davom etadi.
Biroq musulmonlar aholining taxminan 15 foizinigina tashkil qiladigan Singapurda Ramazon uchun turli shart-sharoitlar mavjud deya olaman. Odamlar gavjum joylar yoki musulmon aholi ko‘p bo‘lgan hududlarda ramazon bozorlari tashkil qilinadi.
Mazkur bozorlarda odatda Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarining oshxonalariga xos taomlarni tatib ko‘rish mumkin.
Ramazon bozori
Ramazon bozori
Ramazon bozori
Ramazon bozori
“
Qolaversa, masjidlarda ham iftorlik dasturxonlari yoziladi. U yerda turli millat va sharoitdagi insonlar bilan yuzlashasiz. Shunday davralarda bo‘lgach, hatto oddiy narsalarga ham boshqacha e’tibor bilan qaray boshlaysiz. Bunday vaziyatlar, umuman olganda, musofirchilikning o‘zi insonni eng avvalo insoniylikni e’zozlashga, oila va qarindoshlarni yaxshiroq qadrlashga o‘rgatadi.
Xorijda yashay boshlaganimdan keyin ratsionim ancha sog‘lomlashgan. Ramazonda tanovul qiladigan ovqatlarim esa yana ham soddalashadi. Ko‘pincha yengil, oson hazm va kam isrof bo‘ladigan yeguliklarni iste’mol qilaman.
Jasurbek Tursunov oila aʼzolari bilan
Jasurbek Tursunov oila aʼzolari bilan
Odatda iftorlik dasturxonimizdan xurmo, suvda qaynatilgan tuxum, tofu va mevalar, o‘zbek taomlaridan mastava o‘rin oladi. Farzandlarimning istagiga binoan ba’zida osh ham pishirib turaman.
Do‘stlarimnikida bo‘ladigan iftorliklarda ham asosan yengil va muvozanatli ovqatlar tortiladi. Hamma bunga normal holat sifatida qaraydi. Sababi mehmondorchilikdan asosiy maqsad — diydor va suhbatlashish.
Guliraʼno Musayeva suhbatlashdi. Matn va grafik materiallarga boʻlgan barcha huquqlar Gazetaʼga tegishli. Gazetaʼda eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan havola orqali tanishish mumkin.
Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? Oʻz hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.