“Eski mahsulot sotsak, xaridorlarning ko‘ziga qanday qaraymiz?”
Buxorodagi “Ko‘klik” dehqon bozoridan reportaj
“Eski mahsulot sotsak, xaridorlarning ko‘ziga qanday qaraymiz?”
Buxorodagi “Ko‘klik” dehqon bozoridan reportaj
80 yillik “Zelyoniy” bozor arzon va yashil muhiti bilan mashhur. Ro‘zada ko‘p duo olganini yig‘lab eslagan Madina opa, 20 yildan beri uyiga gaz bormaydigan sutchi xola, sotuvchilarni himoya qiladigan xaridorlar-u Qur’on tilovati ostida pishadigan nonlardan iborat bozor Ramazonni qanday kuzatib qo‘ydi? Reportaj.
80 yillik “Zelyoniy” bozor arzon va yashil muhiti bilan mashhur. Ro‘zada ko‘p duo olganini yig‘lab eslagan Madina opa, 20 yildan beri uyiga gaz bormaydigan sutchi xola, sotuvchilarni himoya qiladigan xaridorlar-u Qur’on tilovati ostida pishadigan nonlardan iborat bozor Ramazonni qanday kuzatib qo‘ydi? Reportaj.
Buxoroning Eski shahar qismida ikkita bozor bor. Biri xalq tilida “Kolxoz bozor” deb ataladigan Markaziy dehqon bozori bo‘lsa, ikkinchisi — “Ko‘klik” dehqon bozori. Shahar aholisining hisobiga ko‘ra, yoshi 80 dan oshgan, Turkiy Jandiy ko‘chasidagi “Ko‘klik” bozori arzonligi va o‘ziga xos yashil muhiti bilan tanilgan.

Qur’on tilovati ostida non yopadigan Jo‘rabek aka, ro‘za kunlari ko‘p duo olganini yig‘lab eslagan Madina opa, “Oqlikka xiyonat qilib bo‘lmaydi”, deya sutlarini sof sotadigan, uyiga 20 yildan beri gaz bormaydigan nometanlik xola va boshqa sotuvchilardan iborat bozor Ramazonni qanday kuzatib qo‘ydi? Gazeta reportaji.
Ramazonning oxirgi kuni. Xalq tilida “Zelyoniy bozor” deb ataladigan bu joydan material tayyorlashga kechikmay degan hadik bilan 30 kilometrlik Vobkent tumanidan ertaroq yo‘lga chiqdim. Savdo tong 6:00 da boshlanishini aytishgandi, lekin bozorga 4:30 da yetib kelibman.

Ko‘chalar chiroq bilan yoritilgan, kimsa ko‘rinmas, bozor darvozasi ham berk edi. Kichik tirqishdan ichkariga mo‘ralaganda ko‘zim to‘rdagi yorug‘ xona va chaqqonlik bilan zuvala qilayotgan novvoyga tushdi. Chamasi tunda ish boshlagan yoki kecha uyiga ketmagan ko‘rinadi.
Atrofga razm solaman. Darvoza yonidagi peshlavha bu yerni “Sharq dehqon bozori” MCHJga qarashli “Ko‘klik” dehqon bozori filiali deb tanishtiradi. Peshtoqida esa yashil harflar bilan “Zelyoniy bazar” deb yozib qo‘yilgan. Mutassaddilar xalq tilida qolib ketgan eski nomni o‘zgartirgilari kelmagan chog‘i degan yaxshi gumonga bordim.

20 daqiqalar o‘tib, bir amaki velosipedda ko‘rinish berdi. Qo‘lidagi kalitning ovozi chiqqanda Hizrni ko‘rgandek quvondim. Darhol salom berib, maqsadimni aytdim. O‘zini bozor qorovuli deb tanishtirgan bu inson esa ochiq chehra bilan ichkariga taklif qilib, savdo boshlanguncha novvoyxonada turishimni aytdi. Novvoy Jo‘rabek aka Murodov bilan suhbatimiz shu nuqtadan boshlanib ketdi.
“Mijoz yeganda rahmat aytadigan non tayyorlash — mashaqqat” — novvoy
Kunduzi davlat ishida ishlab, tuni bilan non yopib chiqadigan Erkinoy onaning bu hunariga uch o‘g‘lidan faqat kichkinasi — Jo‘rabek akagina qiziqish bildirgan. Jo‘rabek aka novvoychilikka nega ishqi tushganini o‘zi ham bilmaydi, buni ehtimol, xamirning yumshoqligi uchundir deb izohlaydi. Hatto bir yil avval Rossiyada haydovchilik qilganda ham non zuvalash-u, yasashning ko‘p xumori tutganini aytadi.

Jo‘rabek aka novvoyxonasining yoshini “Zelyoniy bozor” bilan teng deb biladi — maktabga chiqishidan oldin ham bu novvoyxona bo‘lgan. Uning o‘zi bu yerni 10 yil avval ijaraga olib turmush o‘rtog‘i bilan yuritishni boshlagan. Er-xotin to‘rt yillik mehnatidan to‘plangan pulga binoni sotib oladi.
Bolalik xotiralarini eslarkan, “U paytlar novvoyxonalar kam bo‘lardi. Odamlar nonga buyurtma qilib, dasturxonini tashlab ketar, onam uyimizdagi katta tandirda nonlarni yopib, „falonchiga buncha, pistonchiga buncha non“ deb o‘rab qo‘yardilar”, — deydi.
Saharlab keladigan mijozlarni kuttirmaslik uchun non tayyorlashni tunda boshlash kerak. Jo‘rabek aka taxminan soat 1:30 — 2:00 larda novvoyxonaga keladi. U ishining eng katta qiyinchiligi sifatida ham aynan shuni ko‘rsatadi — “Hamma shirin uyquda yotganda siz uyg‘onib, tandir qarshisida hozir bo‘lishingiz kerak”. U hazillashib, o‘zini tunda faol bo‘ladigan ko‘rshapalakka ham o‘xshatib qo‘yadi.

Xamirni maxsus apparat tayyorlab beradi. Bir xalta un, ikki kilogramm margarin yog‘i, suv va xamirturushni apparatga solsa, 20−25 daqiqada qorib beradi. 4−5 soat tinib turgach, novvoy zuvala qilishni boshlaydi.
реклама
реклама
Zuvalalar ko‘tarila boshlaganda Jo‘rabek aka nonlarni yasay boshladi. “Faqat suv va yog‘ning ichida bo‘lganidan novvoylarning qo‘li noziklashib ketadi”, — deb kulib qo‘yadi u. Magnitafonda Qur’on tilovati eshitilib turibdi. “Qur’on tinglab pishgan nonlar boshqacha bo‘lsa kerak-a?”, deyman. Novvoyning yuziga kamtarona kulgu yuguradi.

Shu payt eshikdan bir ayol kirib bir zuvala xamir olib ketdi. Qo‘shnilar ertalab bo‘g‘irsoq pishirgudek bo‘lsa, ko‘pincha xamir qilib o‘tirmay, Jo‘rabek akadan sotib olarkan.
“Issiq tandirning oldida tik oyoqda ishlashning o‘zi bo‘lmaydi. Shuning uchun novvoylik bilan ko‘pincha erkaklar shug‘ullanadi. Tandirning issig‘i ayollar salomatligiga zararli. Shuni o‘ylab, ba’zan onam qanday eplagan ekanlar deb qolaman”, — deydi Jo‘rabek aka.
Tandirdan bir kunda o‘rtacha 200 ta non chiqadi. Ular “Ko‘klik” dehqon bozoridan ortib qolgudek bo‘lsa, “Kolxoz bozor”dagi tanish sotuvchiga beriladi. Qo‘shimcha buyurtmalar esa kunlik miqdorga xalal bermaydi. Ammo ko‘proq ishlashga to‘g‘ri keladi. Bir to‘yda 600 ta buyurtma tushganda Jo‘rabek aka xotini bilan 20 soatdan oshiq vaqt davomida dam olmasdan ham bozor, ham to‘y uchun non pishirgan.

Novvoyimiz uch xil — garmqoq, xonaki va “lepyoshka” nonlar tayyorlaydi. Hammasining narxi bir — 5 ming so‘mdan. Asosan “lepyoshka” talabgir bo‘lsa-da, qolgan ikkisi, ayniqsa, garmqoqning sodiq mijozlari bor. Garmqoq — tandirda uzoq vaqt davomida qotirib pishiriladigan, “suxari”ga o‘xshash non Buxoro shevasida aynan shunday ataladi. Keksalar yoki hazm qilishda muammosi bor insonlar yaxshi pishgan deya shuni yeydi.
Bozorga kelgan odam issiq non olmasdan ketmaydi hisob. Asosiy xaridorlar bozor joylashgan Eski shahardagi Turkiy Jandiy mahallasi aholisi. Agar nonlar hali tandirda bo‘lsa, ular 15−20 daqiqalab kutib o‘tiradi.

Jo‘rabek aka mijozlaridan “Sizning noningiz yaxshi, yumshoqqina”, degan gaplarni ko‘p eshitadi. U non ham, novvoy ham ko‘p bugungi davrda raqobatbardosh bo‘lishi uchun sifatli va halol ishlash kerak deb hisoblaydi.
“Nondan nonning farqi bor. Mijoz yeganda rahmat aytadigan non tayyorlash — mashaqqat. Gap — halollik, mahsulotlarni solishda to‘g‘ri bo‘lish va sabrda. Ayrim nonlarning suvi qochib, tez qotib qoladi. Bu yog‘ni kam solish, olovni baland qilishdan. Hatto bir martagina qaysidir mahsulotdan kam solinsa ham xaridor darrov sezadi va bunday novvoyxonadan qochadi”, — deydi suhbatdoshimiz.
Jo‘rabek aka novvoylikning ortidan boyib ketmagan bo‘lsa-da, cho‘ntagi biror kundirki, pulsiz qolmagani, hunari bor ekan, ertasidan ham xavotir olmasligini aytadi. Bitta niyati — o‘g‘liga ham bu kasbni o‘rgatish. Ehtimol, o‘g‘il otaning yo‘lidan ketmas, ammo onasidan meros kasbining yashab qolishi va zurriyotining hech bo‘lmaganda bitta hunarli bo‘lishi Jo‘rabek aka uchun muhim.
Soat 5:30. Tong g‘ira-shira yorishardi. Bozor asta jonlandi: sutchilar, meva-cheva sotuvchilar va go‘sht do‘konlari ish boshladi. Jo‘rabek aka bilan suhbatimizni shu nuqtada tugatib, ularning yoniga otlandim.
“Ramazonda ko‘p duo oldim”, — 10 yoshidan beri savdoga chiqadigan Madina opa
10 yoshida dadasiga ergashib, “Kolxoz bozor”ga savdoga chiqqan jajji Madina bugun 37 ga to‘lgan. O‘sha kunlardan beri bozorning g‘ala-g‘ovuri unga begona emas. Turmush qurgandan so‘ng kelinlik uyiga yaqin “Zelyoniy bozor”da savdo qila boshlagan. Mana, shunga ham 13 yil bo‘lib qolibdi.

Madina opa asosan meva-cheva va pomidor-bodring sotadi. Bugun sotadigan mahsulotlarini kecha shomdan keyin “Kolxoz bozor”dagi ulgurji savdodan olib kelib, o‘zining rastasiga joylab, ustini yopib ketgan. Umuman olganda, ikkichi qo‘l bo‘lgan boshqa sotuvchilar ham doim shunday yo‘l tutadi — rastalarga esa bozordagi kameralar ko‘z-quloq.
Madina opa mahsulotlarining ustini ochadi-da, keyin darrov chelakka suv olib, o‘zining hududini salqinlatadi. Bunday sharoitda meva-sabzavotlar tetik turadi. Ular tez yomon bo‘lib qolmasligi uchun ham sotuvchi faqat bir kunga yetadiganini olib keladi. Shundanmi, shu paytgacha biror marta qaysidir mahsulotini tashlab yuborganini eslolmaydi — hammasi xaridorini topib ketadi.
Sifatli narsa tez sotiladi, mijozlar ham xursand, siz ham baraka topasiz”, — deydi u. Ikkinchi yoki uchinchi qo‘l sotuvchilari o‘zlari oladigan mahsulotning yangi yoki eskiligini tez payqaydi. Masalan, Madina opa bir kun avval kirgan do‘konida nimalar borligini eslab qoladi. Keyingi kun o‘shalar orasiga qo‘shilgan mahsulotlar bo‘lsa, demak, shunisi yangi degan taxminga boradi. “U yerda do‘konlar ko‘p. Bozorni aylanib, tanlab-tanlab olamiz-da”, — deb ta’kidlaydi u.
Madina opa ko‘p yillik bozorchi bo‘lib qolishning siri — nafaqat yaxshi mahsulot sotish, balki xaridorlarga ham xushmuomala bo‘lishda, deb biladi. Shuning uchun uning doimiy mijozlari allaqachon paydo bo‘lgan. Hatto undan nimadir olishmasa ham bozorga yo‘li tushganda kelib, so‘rashib ketishadi.

Ramazon oyi bo‘lganiga suhbatimiz ham o‘z-o‘zidan shunga ulanadi. U ro‘zada hamma mahsulotlar har doim ham tez sotilavermasligi, savdo kam bo‘lsa ham barakasi bo‘lishini aytadi.
“O‘zi xaridorlarimiz rozi bo‘lsa, har doim rahmat aytib, duo qilib ketishadi. Lekin Ramazonda odamlardan doimgidan ham ko‘p duo oldim. Savdomning xayr-barakali bo‘lishi, oilamning tinch bo‘lishi, bola-chaqamning boshiga sog‘-salomat bo‘lishimni so‘rab duo qilishdi. Erim ishlash uchun Rossiyaga ketganlar, ularni ham eslab o‘tishdi. Baribir Ramazon boshqacha-da” — deb yig‘lab yuboradi Madina opa.
U yonidagi keksa hamkasbiga to‘rvadagi bodringini ko‘tarishga yordam berar ekan, onaxon “Bir xalta bodring ko‘tarardim-a, qanday davrlar edi-ya?”, deb zabardast yoshligini eslab oladi.
“Bu ayolni shunchalik yaxshi ko‘rganimdan onajonim deyman. Umuman, bozordagilarning biri akam, biri otam, biri opa-singlim. Hazil bilan ishimizni boshlab, hazil bilan yakunlaymiz, shularning boriga shukur”, — deydi Madina opa va ilk mijozning xaltasiga bodringlarni sola boshlaydi.
Ehtimol, kichkina bo‘lganidanmi, hamma bir-biriga yaqin-yaqin joylashganidanmi bozor ahli haqiqatdan inoq ko‘rinardi. Madina opaning aytishicha, ular tug‘ilgan kunlarida bir-birlariga sovg‘alar ulashar, Hayit arafasida uylariga mehmonga borar, bozorning o‘zida domlalarni chaqirtirib Qur’on tilovatlari qildirar ekan.
“Ertalab bozorda savdo qilib, keyin dars berishga ketardim”, — uyiga 20 yildirki gaz bormaydigan nometanlik xola
Ismini aytishni xohlamagan Buxoro tumani Nometan qishlog‘ida yashovchi 57 yoshli xola 20 yildan beri “Ko‘klik” dehqon bozorida ko‘kat va sut sotadi.

Ko‘katlarni bir kun avval tomorqasidan uzib, tayyorlab qo‘ysa, sutni sigirdan gohida o‘zi, gohida kelini sog‘ib oladi. Sigir jonivor ham bir kunda 6 litrcha sut beradi. Xolaning uyi va bozor orasi 20 daqiqalik yo‘l. Ertalab o‘g‘li olib kelib qo‘yadi.

реклама
реклама
U uzoq yillar Buxoro tumanidagi maktablardan birida geografiyadan dars bergan. Hatto o‘qituvchilik qiladigan kezlari ham ertalab kelib, mahsulotlarini sotib, keyin maktabga borganini aytadi. Ikki yil avval pensiyaga chiqqan bo‘lsa ham o‘zining ta’biri bilan aytganda, “zerikib qolmaslik, sog‘lig‘iga foydali bo‘lishi uchun harakatdan to‘xtamaslik maqsadida ham” savdoga chiqishda davom etyapti.

Bugun xolaning bozorini ismaloqlar ochib berdi. Uning aytishicha, chiroyli narsalar tez sotilib ketadi. Shuning uchun faqat tetik ko‘katlarni olib kelishga harakat qiladi. Agar ular savdodan qolib ketgudek bo‘lsa, qo‘ni-qo‘shnilarga tekinga berib yuboradi, juda yaroqsiz holatga yetganlarini mollarning yemiga qo‘shadi.
Sut mahsulotlarining esa allaqachon doimiy so‘rovchilari bor. “Sut oluvchilar mahsulotning sifatiga qaraydi-da, yeb, ichadi, ma’qul bo‘lsa, yana keladi, bo‘lmasa, yo‘q”, — deydi xola. Shuning uchun u doim sof sutni sotadi. “Oqlikka xiyonat qilib bo‘lmaydi”, — deydi u.
Xoladan “Sutingizning qaymog‘i olinganmi?” deb so‘rayman. U bo‘lsa, “Yo‘q, olinmagan. Qaymoq qilishga gaz yo‘q. 20 yildan beri shunday. Ovqat qilish uchun o‘choqdan, gaz balondan foydalanamiz. Uylarni o‘tinda isitamiz. Odamlarga qiyin. Vaholanki, uyimiz Buxoro shahriga yaqin. Mayli, tinchlik bo‘lsa, bo‘ldi. Shunisiga ham Xudoga shukur”, — deydi xola.
U mahsulotlarini “Zelyoniy bozor”da boshqa bozorlarga nisbatan arzonroqqa sotishini yaxshi biladi. Ammo bu yer qulayroq: rastalari bor — boshqa bozorlarda yerda o‘tirib sotishiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Erta ketadi — mijozlar soat 10:00 gacha kelgani uchun ham tez-tez sotadi-yu, uyiga ravona bo‘ladi.
Bozorning 2019-yildagi zamonaviy ta’mirida rastalari yangilanib, tepasi yopilgan. Kirish qismida uning ertalab 6:00 dan 16:00 gacha ishlashi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, savdo deyarli har doim 10:00 da tugaydi. “Sotuvchilar 16:00 gacha o‘tirmaydi. Ko‘pchiligi dehqon bo‘lgani uchun „ishimiz bor“, deb ketadi. Xaridorlar ham o‘rganib qolgan. 10:00 dan keyin kelmaydi”, — deydi bozor nazoratchisi Zilola opa.
Oilaviy sotuvchilar
56 yoshli Samandar aka 40 yildan oshibdiki, shu bozorda savdo qiladi. Bu kasb ham, shu bozorda ishlash ham ota-onasidan meros qolgan. Taqdirni qarangki, uning turmush o‘rtog‘i, o‘g‘li va kelini ham rizqini shu yerdan teryapti.
Samandar aka nega aynan “Ko‘klik” dehqon bozorida savdo qilishini aytar ekan, “Boshqa bozorda kuni bo‘yi savdo qilib, topgan pulingizni bu yerda ertalab 10 gacha ishlab qo‘yasiz. Muhimi, kuni bo‘yi tik oyoqda turmaysiz, kunduzi dam olasiz”, — deydi. U shu ishning ortidan uy, mashina olgani, kelin qilganini faxrlanib gapirib beradi.
“Agar eskisini sotsak, ularning ko‘ziga qanday qaraymiz?”, — tuxumbarak va bichak sotuvchi opa
48 yoshli Vazira Asadova turmush o‘rtog‘i bilan tuxumbarak va bichak sotadi. Uning asosiy xaridorlari bozor atrofidagi mehmonxona egalari. Ular bu tansiq taomlarni sayyohlarning ertalabki nonushtasi uchun sotib oladi.

Tuxumbarakni Vazira opaning o‘zi tayyorlasa, bichaklarni turmush o‘rtog‘i pishiradi. Onda-sonda farzandlari ham yordam berib turadi. Har kuni ikkisidan ham 100−150 tadan olib chiqishadi. Aprel, may, ayniqsa, mavsum bo‘ladi.
“To‘ylar uchun ham buyurtma olamiz. Lekin asosiy daromadimiz bozordan. Tuxumbarakni ruslar ko‘p so‘raydi. Ikki ming 500 so‘mdan sotaman, sexlarda besh ming so‘mdan kamiga bermaydi. Navro‘zgacha bir lagandan qovoqli bichak ham qilib kelaman. Yevropalik sayyohlar ko‘p oladi”, — deydi Vazira opa.

U tuxumni ham begona qilmay shu bozorning o‘zidan oladi. Vazira opa, garchi baraklarni mazali qilsa-da xonaki tuxumlardan foydalanmaydi. “Uyning tuxumida kuch ko‘p bo‘ladi. Qon bosimini oshirishi, tanada issiqlikni ko‘paytirib toshma toshirishi mumkin. Xohlovchilar o‘zi pishirib yesa bo‘ladi, lekin men keng ommaga sotaman. Ularga ziyon yetishini xohlamayman”, — deydi opa.
Odatda Vazira opa pishirib kelgan mahsulotlar uyga qaytib ketmaydi — hammasi sotiladi. Mabodo shunday bo‘lib qolsa ham keyingi kun ularni savdoga olib chiqmaydi. Har ertalab issiq va yangi pishirishi shart.
“Oluvchilarning deyarli bari ko‘p yillik mijozlarimiz. Ular har kuni yangi pishirishimizga ishonadi. Agar eskisini sotsak, ularning ko‘ziga qanday qaraymiz? Qanday qilib bu yerda savdo qilamiz? Nonimizni halol topishni xohlaymiz. Shuning ortidan bolalarni o‘stiramiz, uyimizga rizq kiradi axir. Kam bo‘lmayapmiz. O‘g‘limizni 33 million so‘m kontrakt to‘lab tibbiyot sohasida o‘qityapmiz. Bolalarim kelajakda shu yurtimizga, Buxoromizga kerakli inson bo‘lishini xohlayman”, — deydi Vazira opa.
18 yillik savdogar bu yerga kelgunga qadar tilla bozor, “Kolxoz bozor”larda ishlagan. Nihoyat “Zelyoniy bozor”dan o‘zi istagan tartib va sog‘lom muhitni topgan.
“Boshqa bozorlar katta bo‘lgani va har xil joydan odam kelgani uchun sotuvchilar orasida bir-birini ko‘rolmaslik, hatto tuhmat qilish holatlari ko‘p bo‘ladi. Tinch ishlashingiz uchun militsiyalarga pora berishingizga to‘g‘ri keladi. Bu yerda chekchiga 5 ming so‘m to‘lasam, boshqa bozorlarda 20−30 mingdan olishadi”, — deydi u.
Vazira opaning ta’kidlashicha, bozor atrofida yashovchi aholi, mijozlar ham sotuvchilarni xafa qildirib qo‘ymaydi. Ularning ishiga ortiqcha aralashuv bo‘lgudek holatlarda, “Buning narsasi bizga kerak, tegmang”, deb himoyalaydi.

“Avvallari atrofda yahudiylar ko‘p yashardi, katta mehmonxonalar egalari edi. Ular bozorga chiqqanda sig‘may qolardi. O‘shalar ham tartibni zo‘r saqlardi. Koronavirus sabab ko‘pi vafot etdi”, — deb qo‘shimcha qiladi u.
Darvoqe, bozor nazoratchisi Zilola opaning aytishicha, “Ko‘klik” dehqon bozoriga istalgan odam kelib savdo qilishi mumkin. Yagona talab — hamma o‘zining mahsulotiga ajratilgan rastadan joy olishi lozim. Sotiladigan narsa turiga qarab, joyning metridan kelib chiqib, ijara narx belgilanadi. “Eng arzoni 4 500 so‘mdan boshlanadi, mahsulot narxi o‘zgarishi bilan ijara narxi ham o‘zgaradi”, — deydi Zilola opa.
“Buxoro nisholdasi boshqacha tayyorlanadi”, — jondorlik Xolmurod aka
Jondor tumanidan bo‘lgan Xolmurod aka 25 yillik sotuvchi. Sumalakni xonadon kelinlari pishirsa, nisholda tayyorlash erkaklarning bo‘ynida. Bir urinishda 20 kilogramm nisholda tayyorlaydigan Xolmurod akaning aytishicha, Buxoro nisholdalari boshqa hududlarnikidan farq qiladi.
“Ayrim nisholdalarni idishga solsangiz, og‘irligi bo‘lmaydi. Biznikini taroziga qo‘ying, kamida 400 gramm chiqadi. Buning ikkita sababi bor. Birinchisi — biz qiyomga shakarni ko‘proq solamiz, ikkinchisi — massani apparatda emas, maxsus cho‘pda uramiz”, — deb tushuntiradi u.

Xolmurod aka faqat mavsum paytlari — fevraldan aprelgacha bozorga chiqadi. “Sumalak va nisholdani ham har doim bozori chaqqon bo‘lmaydi, shuning uchun yozda ko‘proq foyda keladigan dehqonchilik, ustachilik bilan shug‘ullanaman”, — deydi u.
“40 yil azob yebman, endi-endi biroz rohat ko‘ryapman”, — baliq sotuvchi Halima opa
63 yoshli Halima opa ko‘p yillardan beri turmush o‘rtog‘i bilan baliq savdosining ichida. Uning o‘zi “Zelyoniy bozor”ning kichik qismida o‘rtacha o‘lchamdagi sazanlarni sotsa, eri “Kolxoz bozor”da katta sazanlar bilan savdo qiladi. Halima opa mijozlarning xohishiga qarab, baliqlarni shu yerning o‘zida tozalab berishi ham mumkin.

Qolaversa, buyurtmalar bo‘lsa, uyida baliq pishirib ham beradi. Bu xizmatidan doimiy foydalanuvchilar bor. Masalan, hozir sotayotgan tozalanmagan va xom sazanlarining bir kilogrami 40 ming so‘m bo‘lsa, pishirilganda 150 ming so‘mga, kattalari 180 ming so‘mga aylanadi.
“O‘zim ovqatni yaxshi pishiraman. Xo‘jayinim ham maqtaydi. Mijozlarim ham rahmat aytib oladi. Nevaralarim shanba-yakshanba kunlari kelib „bibijon, baliq pishirib bering“, deyishadi. Shularning „bibijon“ degan tili uchun ham yashayman-da”, — deydi u.
Gapdan gap chiqib, reportajimiz kunida Halima opaning turmush qurganiga 40 yil to‘lgani ayon bo‘ldi. Bu hayot u uchun oson o‘tmagan. 5 farzandidan uch nafari voyaga yetgan kezlarida uyda gazdan chiqqan yong‘indan birvarakayiga kuyib vafot etgan. Hayot qolgan ikki farzandi esa turmush qirib, bola-chaqali bo‘lib ketgan ekan. Orada Halima opa diabet, oshib yuruvchi qon bosimi kasalliklarini orttirib ham olgan.
“Kecha eslab o‘tirgandim, 40 yil azob yebman, endi-endi biroz rohat ko‘ryapman. 300 ming so‘m pensiya olaman. Dorimga ham yetmaydi. Ishim esa yaxshi, birovga qaram bo‘lgan joyim yo‘q. Kunlik topgan pullarimni ukol-dorilarimga ishlataman”, — deydi opa.
Baliq sotuvchi xolaga “savdosini berishini” tilab, bozor ichiga yana ko‘z tashladim. Tinglaganlarimning bari bir zumda xayolimdan aylandi. Kimdir olayotgan, boshqa birov berayotgan kichik rastalarga qarab turib, hammamiz bu dunyoda rizqimizni terib yashaymiz, degan xayolga bordim.

Jin ko‘chalar bo‘ylab bozordan uzoqlasharkanman novvoy akaning “Non tandirda pishgani singari inson ham sabr va mehnat bilan pishadi” degan gapi qulog‘im ostida jarang sochib turardi.
Material boshida aytganimizdek, biz Ramazonda, bo‘lib ham Hayitdan bir kun oldin “Ko‘klik” bozoriga borgan edik. Tabiiyki, bozor uncha gavjum emas edi. Googleʼda sayyohlarning bozor haqida qoldirgan iliq fikrlaridan esa uning biz ko‘rgan va sizga ko‘rsatgandan-da ajoyib atmosferasi borligini bilish mumkin. Ana shunday gavjum chog‘larida yana bu manzilga kelishni ko‘ngilga tugib ortga qaytdik.
Materialni Ziyoda Ramazonova tayyorladi.
Fotosuratlar muallifi — Yevgeniy Sorochin.

Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.
Made on
Tilda