Фото: Евгений Сорочин / Gazeta
“Teatr — bu taqdir”
Artistlar, pedagoglar va sahna orti xodimlari — DAKTdagi faoliyati, kasbining o‘ziga xos jihatlari va sahna sehri haqida
79 yil mobaynida DAKTda Yevropa va rus klassikasi hamda milliy mumtoz asarlar asosida yuzlab spektakllar sahnalashtirildi. Bu muvaffaqiyatlar ortida nafaqat artistlar, balki har kuni parda ortida zahmat chekayotgan insonlar ham turibdi. Butunjahon teatr kuni munosabati bilan Gazeta sahna hayoti va sehrini ta’minlab kelayotgan odamlar bilan suhbatlashdi.
79 yil mobaynida DAKTda Yevropa va rus klassikasi hamda milliy mumtoz asarlar asosida yuzlab spektakllar sahnalashtirildi. Bu muvaffaqiyatlar ortida nafaqat artistlar, balki har kuni parda ortida zahmat chekayotgan insonlar ham turibdi. Butunjahon teatr kuni munosabati bilan Gazeta sahna hayoti va sehrini ta’minlab kelayotgan odamlar bilan suhbatlashdi.
Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik Katta teatri Toshkentning eng mashhur va taniqli me’moriy ramzlaridan biridir. Bino taniqli sovet me’mori A.V. Shusev rahbarligida loyihalashtirilgan va qurilgan. Qurilish 1939-yildan 1947-yilgacha davom etgan.

Loyiha O‘rta Osiyo okrugi harbiy qurilish boshqarmasining harbiy quruvchilariga ishonib topshirilgan edi. Ular bilan yonma-yon turli mutaxassislikdagi 500 dan ortiq yuqori malakali ishchilar ham mehnat qildi. Ular orasida urush paytida Toshkentga evakuatsiya qilingan ko‘plab mutaxassislar ham bor edi. Qurilishning so‘nggi bosqichida (1945-yil kuzida) yapon harbiy asirlar ham ishga jalb etildi.

Binoning badiiy dizayniga noyob ganch o‘ymakorligini yaratishga buyurtma olgan xalq hunarmandlari katta hissa qo‘shdi.
1947-yil 6-noyabrda teatrning baland o‘yma eshiklari Muxtor Ashrafiy va S. Vasilenkoning “Baxt vodiysi” operasi premerasiga tashrif buyurgan ilk tomoshabinlar uchun tantanali ravishda ochildi.

1948-yilning mart oyida DAKTga buyuk o‘zbek shoiri Alisher Navoiy nomi berildi. 1959-yilda teatr akademik maqomini, 1966-yilda esa “Katta teatr” nomini olgan.

79 yil davomida uning sahnasida yuzlab spektakllar — Yevropa klassikasidan tortib milliy bastakorlar asarlarigacha — namoyish etildi. Bu yerda buyuk balerinalar Natalya Dudinskaya, Mariya Semyonova, Mayya Plisetskaya, Bernara Kariyeva, Galiya Izmaylova, opera xonandalari Irina Arxipova, Yelena Obrazsova, Halima Nosirova, raqqosalar Tamaraxonim, Mukarram Turg‘unboyevalar porlagan.
Biroq sahna — bu ishning ko‘zga ko‘rinadigan qismi, xolos, uning muvaffaqiyati esa ko‘p jihatdan har kuni parda ortida mehnat qiladigan insonlarga bog‘liq. Butunjahon teatr kuni munosabati bilan Gazeta o‘z hayotini DAKTga va sahna san’atiga xizmat qilishga bag‘ishlagan insonlar bilan suhbatlashdi.
Balet truppasi
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Vladislav Yegay Toshkentda tug‘ilib o‘sgan. Poytaxtdagi oddiy maktabda o‘qigan Vladislav na sahna, na raqs haqida o‘ylagan. Xoreografiya bilim yurti pedagoglari maktabga kelib, jismoniy tayyorgarligi nuqtai nazaridan mos keladigan bolalarni tanlab olganidan keyin hammasi o‘zgardi. 10 yoshli Vladislav ularning nazariga tushdi.

1958-yildan boshlab sakkiz yil davomida uning hayoti xoreografiya bilim yurtidagi o‘qish va qat’iy tartib asosida kechdi. Har kuni erta tongdan boshlanib, bir necha soat davom etadigan klassik va xalq raqslari mashg‘ulotlari, musiqa, aktyorlik mahorati va sahna harakati darslari umumta’lim fanlari bilan birga olib borilardi. Intizomga rioya etilishi kuzatib borilardi: kechikishlarga yo‘l qo‘yilmas, dars qoldirishlar nazorat qilinardi.

Ustozlar nafaqat texnika, balki kasbga bo‘lgan munosabatni ham o‘rgatishgan. Ular balet — shunchaki san’at emas, balki sabr-toqat va matonat talab qiladigan mashaqqatli mehnat ekanini tushuntirishgan.
Xoreografiya bilim yurti bitiruvchilari orasidan Katta teatrga sanoqlilarigina qabul qilinardi: truppaga faqat kasbiy talablarga javob beradiganlar olinardi. Qaror imtihon namoyishi natijalariga ko‘ra qabul qilinardi, namoyishni DAKT bosh baletmeysteri Anatoliy Kuznetsov kuzatib borardi. Vladislav Yegay saralashdan o‘tgan ikki kishidan biri bo‘ldi. 1967-yilda u teatrning balet truppasiga qabul qilindi.

“Familiyamni aytishganda, shu yerda — teatrda qolishimni angladim. 12 yoshimdan bolalar spektakllarida sahnaga chiqib, gastrollarga borib, sahna orti hayotini yashab kelardim. O‘shandayoq teatr men uchun qadrdon maskanga aylanib ulgurgandi”, — deya eslaydi xoreograf.
Truppadagi dastlabki yillar voqealarga boy va tig‘iz o‘tdi. Yosh artistlar repertuarni tezda o‘zlashtirishi, repetitsiyalar va chiqishlarda qatnashishi, qat’iy tartibga ko‘nikishi kerak edi. Kun badanni chiniqtirish va jismoniy holatni saqlash uchun majburiy dars bilan boshlanardi, so‘ngra repetitsiyalar — avval ommaviy sahnalar, keyin esa pedagoglar bilan yakka tartibda ishlanardi. Ba’zan mashg‘ulotlar kechgacha davom etar, so‘ng spektakl boshlanardi. Artistlar uyga yarim tunda qaytib, ertasi kuni yana teatrga kelishardi. Kasbiy odat — sahnaning kun tartibi bilan yashash shu tariqa shakllangan.

Vaqt o‘tishi bilan Vladislav Yegay balet solisti bo‘ldi: o‘z sahnasida ko‘plab chiqishlar qildi, truppa bilan mamlakat bo‘ylab va xorijga gastrollarga bordi. U ishtirok etgan sahna asarlari qatoridan “Oqqush ko‘li”, “Uyqudagi go‘zal”, “Qarsildoq”, “Jizel”, “Zolushka”, “Bog‘chasaroy fontani”, “Afsonalar vodiysi”, “Raymonda”, “To‘maris” va “Humo” kabi asarlar joy olgan.

“Bir safar Moskvada chiqish qildik, spektakldan so‘ng mashhur teatr rejissori Boris Lvov-Anoxin yonimga keldi. Chiqishim unga juda manzur bo‘lganini aytib, bir xatoimni ko‘rsatdi: „Artist nomerni ijro etib bo‘lgach, obrazdan darhol chiqib ketmasligi kerak. Hatto sahnada hansirab turgan vaqtingda ham senga yuzlab ko‘zlar tikilib turadi. Ular orasida aynan senga qarab turadigani albatta topiladi. Shu sababli sahnada charchoqni sezdirmaslik kerak — bunga faqat parda ortidagina yo‘l qo‘ysa bo‘ladi“. Uning so‘zlarini o‘zimga qoida qilib oldim”, — deya hikoya qiladi Vladislav Yegay.
Ish zavq bag‘ishlash barobarida yuksak jismoniy chidamlilikni talab qilardi. Artist bir necha bor oyoq kaftini jiddiy sindirib olgan, paylarini cho‘zdirgan va jarrohlik amaliyotlarini boshdan kechirgan. Ba’zan og‘riq bilan ham chiqish qilishga to‘g‘ri kelgan, chunki solistning o‘rnini bosadigan odam topish qiyin, spektaklni bekor qilish esa imkonsiz.

“Baletda jarohatlar — odatiy hol. Menda har xili bo‘lgan, lekin bir safar jiddiy jarohat oldim: oyog‘imga og‘ir temir hassa tushib, suyagimni maydalab yubordi. O‘shanda birinchi marta tanam avvalgi zo‘riqishlarga dosh berolmayapti, degan fikr keldi. Baletda tana tez qariydi — 35 yoshga borib kuch-quvvat avvalgidek bo‘lmaydi, tiklanish ham sekinlashadi”, — deya tushuntiradi Yegay.

U 38 yoshida sahnani tark etdi, biroq teatrdan ketmadi. Bu maskan bilan juda ko‘p narsa — xotiralar, odatiy hayot maromi, shogirdlar uni bog‘lab turardi. Yegay bor e’tiborini shogirdlariga qaratdi — yosh raqqoslar bilan ishlay boshladi: avvaliga pedagog, so‘ngra jamoaning tashkilotchisi va rahbari sifatida. U raqs guruhini tuzib, mumtoz va xalq raqslarini sahnalashtirdi, artistlarni tanlovlar va gastrollarga tayyorladi, ularga kasbni egallashda ko‘maklashdi, qiyin damlarda — jarohatlardan so‘ng tiklanishda, muvaffaqiyatsizlikda va charchagan paytlarida ularni qo‘llab-quvvatladi.
Bugungi kunda Vladislav Yegay kasaba uyushma qo‘mitasiga rahbarlik qiladi, repetitsiya jarayonlari, rollarning taqsimlanishi, spektakllarning sahnalashtirilishi va truppaning kasbiy yuksalishini nazorat qiladi.

U balet — nafaqat texnika, balki obraz yarata olish mahorati ham ekaniga qat’iy ishonadi.

“Sahnada shunchaki harakatlarni bajarish yetarli emas. Rolni yashash, qahramon xarakterini tushunish, musiqani his etish kerak. Tomoshabin professional atamalarni bilmasligi mumkin, lekin samimiylikni darhol his qiladi. Artist jonsiz raqsga tushsa, bu ilk daqiqalardanoq seziladi”, — deydi xoreograf.
Teatr bugun ham Vladislav Yegay uchun hayotining muhim va odatiy bir qismi bo‘lib qolmoqda. U buni sahnaning o‘ziga xos joziba kuchi bilan bog‘laydi.

“Bir marta olqishlarni eshitdingizmi, tamom — usiz yashay olmaysiz. Odamlar charchaydi, kam maosh oladi, jarohatlanadi, lekin qolishadi, chunki teatr ularning taqdiriga aylanadi”, — deydi u ishonch bilan.
Opera truppasi
DAKT opera truppasining yetakchi solisti Saida Mamadaliyeva Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Oilasida professional musiqachilar bo‘lmasa-da, u bolaligidan qo‘shiqchilikka mehr qo‘ygan. Saidaning otasi qizining ovozini tinglashni juda yaxshi ko‘rardi. Uning iltimosiga ko‘ra, Saida uyda tez-tez qo‘shiq aytib berar, maktabda o‘tkaziladigan konsertlar va bayramlarda qatnashardi. O‘sha paytda bu shunchaki sevimli mashg‘ulot edi va u sahna haqida kasb nuqtai nazaridan hali o‘ylab ko‘rmagandi.
Maktabni tamomlagach, Saidaning otasi gazetada Termiz musiqa bilim yurtiga qabul haqidagi e’lonni ko‘rib qolib, qiziga o‘qishga topshirib ko‘rishni taklif qiladi.

“O‘shanda hatto bu qanday o‘quv yurti ekanini, u yerda nimalar o‘qitilishini ham tushunmasdim. Meni eshitib ko‘rishlari uchun olib borishganda, o‘qituvchi biror qo‘shiq aytib berishimni so‘radi. Men Nasiba Abdullayevaning qo‘shig‘ini kuylab berdim. U diqqat bilan tinglab, shunday dedi: „Ovozing yaxshi ekan. Opera xonandaligi bo‘yicha o‘qishing kerak“. Bu so‘zlar bir umrga yodimda qolgan”, — deya eslaydi Saida Mamadaliyeva.

Shunday qilib, 1988-yilda bo‘lajak san’atkor o‘zini katta sahnaga olib chiqqan yo‘lga qadam qo‘ydi. U bilim yurti dargohida o‘zi uchun ilk bor klassik vokal va opera olamini kashf qildi. Asta-sekin mashg‘ulotlar zavq bag‘ishlay boshladi, o‘quv konsertlarida tomoshabinlar oldidagi chiqishlar esa o‘ziga ishonch bag‘ishlardi. Saida Mamadaliyeva o‘z yo‘lini topganiga tobora amin bo‘lib borardi.
1992-yilda bilim yurtini tamomlab, O‘zbekiston davlat konservatoriyasining vokal bo‘limiga o‘qishga kirdi. O‘qish intizom va muntazamlikni talab etardi: har kuni ovoz, nafas olish va repertuar ustida ishlashga to‘g‘ri kelardi.

“Men nafaqat qo‘shiq aytishni, balki musiqani tushunishni, sahnani his etishni, partnyorlar bilan hamnafas ishlashni o‘rgandim”, — deya eslaydi Saida Mamadaliyeva.

Talabaga xalq artisti va opera xonandasi Saodat Qobulova alohida yordam ko‘rsatdi: u murakkab partiyalarni tahlil qilishga ko‘maklashdi, o‘zining sahna tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Aspiranturada uning rahbarligi ostida Saida Mamadaliyeva o‘z repertuarini kengaytirib, nafaqat milliy operalar, balki Yevropa klassik asarlarini ham ijro eta boshladi.
Mamadaliyeva konservatoriyada o‘tkaziladigan konsertlarda tez-tez qatnashib turardi. Chiqishlarining birida u dirijyor Dilbar Abdurahmonova va rejissyor Firudin Safarovning e’tiborini tortdi. Ular yosh xonandaga “Layli va Majnun” operasidagi Layli partiyasini tayyorlashni taklif etishdi. Repetitsiyalarni o‘qish bilan bir vaqtda olib borishga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa-da, obraz ustida ishlash Saida Mamadaliyeva uchun taqdirini belgilab beruvchi hodisa bo‘ldi. Partiyani muvaffaqiyatli ijro etganidan so‘ng, 1997-yili u teatrning opera truppasiga qabul qilindi.

“Katta teatr sahnasiga ilk bor chiqqanimda juda hayajonlanganman. Bu katta mas’uliyat edi. Ro‘parangda — ulkan zal, tomoshabinlar, orkestr. Biroq musiqa sadolari yangrashi bilan qo‘rquv g‘oyib bo‘ladi. Sen obrazga kirib yashay boshlaysan va qolgan hamma narsani unutasan”, — deydi Mamadaliyeva.
Saida Mamadaliyeva teatrda qariyb 30 yil davomida o‘zbek va xorij bastakorlarining operalarida o‘nlab partiyalarni ijro etgan. Uning asosiy rollari orasidan Muxtor Ashrafiyning “Dilorom” operasidagi Dilorom, Sulaymon Yudakovning “Maysaraning ishi” asaridagi Oyxon, Pyotr Chaykovskiyning “Yevgeniy Onegin” operasidagi Tatyana, Jorj Bizening “Karmen” operasidagi Mikaela, Sharl Gunoning “Faust” operasidagi Margarita va Jakomo Puchchinining “Madam Batterflyay” asaridagi Chio-Chio-san obrazlari o‘rin olgan.

“Opera xonandasi kasbi — chidamlilik va to‘liq fidoyilikni talab qiladigan doimiy mehnat. Hech bir partiya jiddiy tayyorgarliksiz bo‘lmaydi: matnni yodlash, qahramon xarakterini tushunish, sahnadagi xatti-harakatlarni o‘ylab chiqish kerak. Ba’zan bir rol ustida oylab ishlaysan. Shunday paytlar bo‘ladiki, ovozing toliqib, tanang dam olishni talab qilib turganda ham sahnaga chiqasan. Lekin tomoshabinlarning olqishlarini eshitganingda, barchasi bekor ketmaganini tushunasan, yanada ko‘proq ishlash uchun kuch va istak paydo bo‘ladi”, — deya e’tirof etadi Saida Mamadaliyeva.
Orkestr
Teatrda ikkita orkestr faoliyat yuritadi: opera va balet spektakllari, gala-konsertlar, musiqiy kechalarga jo‘r bo‘ladigan simfonik orkestr hamda katta ijrochilik tajribasiga ega 70 ga yaqin musiqachini birlashtirgan faxriylar orkestri. Ikkinchisiga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, dirijyor Fazliddin Yoqubjonov rahbarlik qiladi. U DAKTda 25 yildan buyon ishlab kelmoqda.

Fazliddin Shamsutdinovich aslida samarqandlik. Unda musiqaga muhabbat bolaligidanoq uyg‘ongan. Sahnaga ilk bor maktab o‘quvchisi bo‘lgan paytida chiqqan. O‘qituvchilari uning ovozini payqab, bolakayga Samarqand madaniyat uyida chiqish qilishni taklif etishgan. U yakkaxon va xor tarkibida kuylab, festivallar va tanlovlarda qatnashgan. O‘smirlik davriga kelib esa ovozi o‘zgara boshlagan.

“Xormeyster bo‘lib ishlagan amakim: „Ovoz yo‘qolishi mumkin, lekin dirijyor doim kerak bo‘ladi“, degan edi. O‘shanda men shunchaki qo‘shiq aytishni emas, balki musiqani boshqarishni va boshqalarni o‘z ortimdan ergashtirishni istayotganimni anglaganman”, — deb eslaydi Yoqubjonov.
1962-yilda Fazliddin Shamsutdinovich Samarqand musiqa bilim yurtining xor dirijyorligi bo‘limiga o‘qishga kiradi va u yerda tajribali dirijyor Lidiya Sidorovadan saboq oladi. Oradan to‘rt yil o‘tib, 1966-yilda O‘zbekiston davlat konservatoriyasi talabasi bo‘ladi. Shu yo‘nalishdagi tahsil unga musiqa nazariyasini, turli janrlardagi partituralarni chuqurroq o‘zlashtirishga va sahna amaliyoti ko‘nikmalarini takomillashtirishga yordam bergan.

“Dirijyor orkestrni ich-ichidan his qilishi, har bir cholg‘uni eshitishi va uning umumiy tovushdagi o‘rnini tushunishi kerak. Bu ko‘nikmalarni yaxshiroq o‘zlashtirish uchun konservatoriyada tuba cholg‘usini chalishni o‘rgandim va o‘n yildan ortiq vaqt davomida shu bilan shug‘ullandim”, — deya hikoya qiladi Fazliddin Shamsutdinovich.
Ikkinchi kursda Yoqubjonovni Hamid Olimjon nomidagi Samarqand viloyat musiqali drama teatriga jo‘natishadi, u yerda milliy dirijyorlarga ehtiyoj katta edi. Bu yerda ishlash oson kechmadi: ikki yil davomida u Toshkent va Samarqand o‘rtasida qatnab, oliy ma’lumot olishni repetitsiyalar va chiqishlar bilan birga olib bordi.
1971-yilda konservatoriyani tamomlagach, Fazliddin Shamsutdinovich taniqli o‘zbek bastakori va dirijyori Muxtor Ashrafiy qo‘lida opera-simfonik dirijyorlik mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishni davom ettirishga qaror qiladi. O‘zining keyingi taqdirini ko‘p jihatdan belgilab bergan ustozini u hanuzgacha otam deb ataydi.

1979-yilda O‘zbekiston SSR Madaniyat vazirligi Yoqubjonovni Taras Shevchenko nomidagi Kiyev akademik opera va balet teatriga ikki yillik amaliyotga yuboradi va u yerda u taniqli ukrain dirijyori hamda pedagogi Stefan Turchak bilan ishlaydi. Keyinroq esa Moskvada dirijyor Fuat Mansurov qo‘lida o‘z mahoratini oshiradi.
A. Navoiy nomidagi DAKTga Yoqubjonov 2002-yilda Bernara Kariyevaning taklifi bilan kelgan — taniqli balerina va xoreograf o‘sha paytda teatrga rahbarlik qilardi. U Fazliddin Shamsutdinovichga bosh dirijyor lavozimini taklif etadi. Simfonik orkestr o‘sha vaqtda qiyin davrni boshdan kechirayotgandi: sozandalarning bir qismi ketib qolgan, repertuar esa qisqargandi.

“Orkestr bilan ilk bor uchrashganimda atigi 40 kishini ko‘rdim — kerakli tarkibning hatto yarmi ham yo‘q edi. „Qolganlar qani?“ deb so‘radim. „Boshqa hech kim yo‘q“, deb javob berishdi. Lavozimga tayinlanganimdan ikki kun o‘tib, ishdan bo‘shash haqida ariza yozdim, lekin Bernara Rahimovna ketishimga yo‘l qo‘ymadi”, — deya eslaydi dirijyor.
Orkestrning yangi rahbari zimmasiga jamoani qayta tiklash va uni avvalgi ijro darajasiga qaytarish vazifasi yuklatilgandi. Yoqubjonov jamoaga konservatoriya va musiqa bilim yurtlari bitiruvchilarini taklif qila boshladi. Yosh sozandalarni shaxsan o‘zi tinglovdan o‘tkazdi, o‘zlashtirishda ularga yordam berdi va jamoada ishlashni o‘rgatdi.

“Ba’zan rahbariyatdan: “Qanaqangi “bolalar bog‘chasi”ni yig‘ib oldingiz?” degan e’tirozlar bo‘lardi. Men esa bir-ikki yildan so‘ng bu “bolalar bog‘chasi” teatrning faxriga aylanishini aytardim. Bugun Katta teatr orkestrining deyarli hammasi — mening shogirdlarim. Bir paytlar ular endigina ish boshlayotgan sozandalar edi, hozir esa o‘zlari yangi avlodga ustozlik qilmoqda”, — deydi Fazliddin Shamsutdinovich.

2020-yilda Fazliddin Yoqubjonov bosh dirijyorlik lavozimini tark etdi. U o‘z qarorini kasbidan charchagani bilan emas, balki o‘rnini yosh hamkasblariga bo‘shatish, ularga rivojlanish imkoniyatini berish istagi bilan izohlaydi. Biroq teatrdan butunlay keta olmadi.
2023-yilda esa Fazliddin Shamsutdinovichga Opera va balet san’atini rivojlantirish davlat dasturi doirasida yangi jamoa — faxriylar orkestrini tuzish taklif qilindi. Tarkib bir oy muddatga shakllantirildi. Undan DAKT orkestri va Milliy simfonik orkestrning sobiq sozandalari joy oldi. Jamoaga “Katta teatr ustozlari orkestri” deb nom berildi. Uning faoliyat tamoyili — ustoz-shogirdlik: tajribali sozandalar yoshlarga bilim berib, kasbni egallashlariga ko‘maklashadi. Orkestrga “Maysaraning ishi”, “Shoir yuragi”, “Dilorom” kabi repertuardagi sahna asarlariga jo‘r bo‘lish ishonib topshirilgan. Musiqachilar konsert dasturi bilan mamlakatning turli shaharlari bo‘ylab gastrol safarlarida bo‘lib turadi.

Fazliddin Yoqubjonov dirijyorlik qilishda, solistlar bilan ishlashda va yosh sozandalarga ustozlik qilishda davom etmoqda. Uning tan olishicha, hatto dam olish kunlari ham ishga borgisi keladi: “Teatr ohanrabodek o‘ziga tortadi va bir umr siz bilan qoladi”.
Dekoratsiya sexi
DAKT bosh rassomi, atoqli o‘zbek bastakori Yunus Rajabiyning nabirasi Davron Rajabov 25 yildan buyon teatrning vizual qiyofasini yaratib keladi.

Davron aka bolaligidan san’atni, xususan, musiqani hayotning tabiiy bir bo‘lagi deb bilgan. U umrini ijodiy kasbga bog‘lashini bilardi, tanlov fursati kelganda esa oilaviy yo‘ldan emas, o‘z yo‘lidan borishga qaror qildi. 1985-yilda Rajabov P. P. Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurtiga o‘qishga kirib, teatr rassomi va sahnalashtiruvchi rassom Georgiy Brim guruhiga tushadi. 1989-yilda esa ustozi ortidan A. N. Ostrovskiy nomidagi Toshkent davlat teatr va rassomlik institutining teatr dekoratsiyasi bo‘limiga o‘qishga kiradi.

“Teatr rassomlari asta-sekin barcha yo‘nalishlarni o‘zlashtirib boradilar. Birinchi kursda asoslarni, ikkinchi kursdan — dramatik spektakllarni, uchinchi kursdan — qo‘g‘irchoq teatri spektakllarini, to‘rtinchi kursda esa opera va baletni o‘rganadilar. Bitiruvga kelib talabalar turli teatrlarda va sahna san’atining har xil turlari bilan qanday ishlashni tushunib yetadilar”, — deydi Davron Rajabov.
U kasbiy faoliyatini ikkinchi kursligidayoq Davlat rus yosh tomoshabinlar teatrida (keyinchalik O‘zbekiston yoshlar teatri — tahr.) boshlagan. Rejissyor Nabi Abdurahmonov rahbarligidagi kichik jamoada ishlash unga eskizlar chizishdan tortib, dekoratsiyalarni o‘rnatishgacha bo‘lgan kasbning turli qirralarini tezda o‘zlashtirish imkonini bergan. Uning ilk ishi Aleksandr Melnikovning ko‘cha artistlarining sarguzashtlari haqidagi “Masxarabozlar qissalari” spektakli bo‘lgan.

2001-yilda Rajabovning kursdoshi va o‘sha paytdagi DAKT bosh rassomi Zubaydullo Botirov Davron akaga sahnalashtiruvchi rassom o‘rnini taklif qiladi. Katta teatrga o‘tish u uchun yangi bosqich bo‘ldi: bu yerdagi sahna va dekoratsiyalar ancha keng ko‘lamli, mas’uliyat esa balandroq edi. Har bir spektakl yanada murakkab yechimlar, aniq hisob-kitoblar va o‘nlab mutaxassislarning o‘zaro hamjihatlikda ishlashini talab etardi.
Bugun bosh rassomning ish kuni butaforiya, duradgorlik va rassomlik sexlarini ko‘zdan kechirishdan boshlanadi. U dekoratsiyalar ustidagi ishlar qanday ketayotganini tekshiradi, ustalar bilan tafsilotlarni muhokama qiladi va muddatlarga aniqlik kiritadi. Eskizlardan tortib, sahnaga o‘rnatilgunga qadar sahna bezaklarini yaratishning barcha bosqichlarini nazorat qilish uning vazifasiga kiradi.

Dekoratsiyalar ustidagi ish rejissyor bilan spektakl konsepsiyasini muhokama qilishdan boshlanadi. So‘ngra jamoa eskizlarni ishlab chiqadi va ular tasdiqlangach, texnik chizmalar tayyorlanadi. Shu chizmalar asosida konstruksiyalar hisob-kitob qilinadi, materiallar tanlanadi va o‘rnatish usuli belgilanadi. Shundan keyin ish ishlab chiqarish sexlariga o‘tadi: duradgorlik ustaxonasida karkaslar, butaforiya sexida esa bezak elementlari yasaladi. Konstruksiyalarga qo‘yiladigan asosiy talablar — mustahkamlik, turg‘unlik va xavfsizlikdir.

“Ilgari dekoratsiyalar ko‘pincha yumshoq materiallardan — asosan, gazlama va to‘rdan yasalgan bo‘lsa, hozir yog‘och, metall, zamonaviy kompozit materiallardan foydalaniladi. Hajmli konstruksiyalar, murakkab mexanizmlar, sahnaning harakatlanuvchi qismlarini yaratish imkonini beradigan yangi texnologiyalar paydo bo‘ldi. Ba’zi dekoratsiyalar spektaklning o‘zida shaklini o‘zgartirib, butunlay boshqacha vizual taassurot uyg‘otadi. Shu sababli bugungi kunda rassomdan nafaqat ijodiy nigoh, balki o‘ziga xos muhandislik tafakkuri ham talab qilinadi”, — deydi Davron Rajabov.
Dekoratsiya sexi oldida turgan eng murakkab vazifalardan biri — an’ana va zamonaviy yechimlar o‘rtasidagi muvozanatni topish. Sahna bezaklari zamon talablariga mos kelishi va ayni paytda klassik qoidalarni ham hisobga olishi kerak. Rajabovning so‘zlariga ko‘ra, rassomlarning ishi shunchaki “chiroyli manzarani” yaratish bilan cheklanmaydi — ular spektakl makonini shakllantiradi, bu makonda har bir detal umumiy g‘oyaga xizmat qiladi.

“Bundan 20 yil avval qo‘limizda bor narsalar bilan ishlardik: bir spektakldan bir detalni, boshqasidan ikkinchisini olib, yangi sahna asarini bezatardik. Bugun esa har bir spektakl noldan boshlanadi va eng mayda elementlarigacha o‘z dekoratsiyasiga ega bo‘lishi shart. Masalan, „Yevgeniy Onegin“ ustida ishlayotganda boshqa birorta spektaklda qo‘llanilmaydigan alohida dekoratsiyalar to‘plamini yaratdik. Tomoshabinni hayratda qoldirish uchun har safar sahna bezagiga yangicha yondashishga, takrorlamaslikka harakat qilamiz”, — deydi Davron Rajabov.
Spektakl ustidagi ish repetitsiyalar paytida ham davom etadi: rassom dekoratsiyalarning yorug‘lik, harakat va hatto tovush bilan uyg‘unlashishini kuzatib boradi. Zarurat tug‘ilsa, o‘zgartirishlar kiritiladi — o‘lchamlar moslashtiriladi, konstruksiyalar mustahkamlanadi, ranglar yechimi o‘zgartiriladi.

“Ayniqsa, „Oqqush ko‘li“ ustidagi ish xotiramda muhrlanib qolgan, — deya eslaydi Rajabov. — Yengillik, havodorlik muhitini yaratishimiz kerak edi, shu bois matolar va yoritishning g‘ayrioddiy uyg‘unligidan foydalandik. Butun orqa fon qo‘lda chizilgan, liboslar va dekoratsiyalar esa bir-biriga g‘oyatda mos tushgan edi”.
Har bir namoyish oldidan jamoa sahnaning tayyorligini — dekoratsiyaning barcha qismlari to‘g‘ri o‘rnatilganmi, mexanizmlar soz ishlayaptimi — tekshiradi. Spektakldan so‘ng konstruksiyalar ehtiyotkorlik bilan qismlarga ajratiladi, tozalanadi va omborga jo‘natiladi. Ular u yerda keyingi namoyishni kutib, oylar va hatto yillar davomida saqlanishi mumkin.

“Kasbimizdagi eng murakkab narsa — g‘oyani ro‘yobga chiqarish, — deydi Davron Rajabov. — Ko‘p narsa o‘ylab topish mumkin, biroq uning sahnada ishlashiga erishish muhim”.
Rajabovning so‘zlariga ko‘ra, xorijiy teatrlarning gastrol safarlari ijodiy jamoaning kasbiy yuksalishi uchun muhim manba bo‘lib qolmoqda. Har gal DAKTga xorijiy jamoalar tashrif buyurganda, u eng qiziqarli yondashuvlarni o‘zlashtirish maqsadida ularning sahna bezaklari, texnik yechimlari va sahna makonini o‘zgartirish usullarini o‘rganadi. 2023-yilda Davron aka hamkasblari bilan mashhur “La Skala” (Italiya) teatrida amaliyot o‘tab, u yerda sahna asarlarining tayyorlanishi va teatr xizmatlari ishining tashkil etilishini kuzatdi.

“Teatr — bir umrlik muhabbatga o‘xshaydi. Unda hamma narsa bo‘ladi: quvonch ham, charchoq ham, hayajon ham, ilhom ham. Bu yerda men o‘zimni tirik his qilaman. Parda tushib, tomoshabinlar olqishlayotganida, men bu sehrning bir zarrasi o‘z mehnatim samarasi ekanini anglayman”, — deya tan oladi rassom.
Liboslar sexi
Marina Andreyeva liboslar sexida 2003-yildan beri ishlaydi, biroq teatrga bolaligidanoq bog‘lanib qolgan. Uning ota-onasi ham teatrda xizmat qilgan: otasi balet artisti, onasi esa liboslar ustasi bo‘lgan. Qizaloqni onasi tez-tez o‘zi bilan ishga olib kelar, u sahna liboslarining yaratilishini kuzatib turardi. Vaqt o‘tishi bilan bu uning kasb tanlashida hal qiluvchi omil bo‘ldi.

“Teatrdagi birinchi ish kunimni eslasam, hozirgacha etim jimirlab ketadi. Oddiy kostyumer bo‘lib ishga kirgandim, menga esa „Karmen“ operasidagi solistlarni kiyintirishni topshirishdi. O‘zimda aqlbovar qilmas mas’uliyat va hayajon his qildim. O‘sha paytda teatr sahnasida Olga Aleksandrova, Lyudmila Adjimamudova, Tamara Danilova singari yorqin artistlar chiqish qilishardi… Ish orasidagi tanaffuslarda bir zumga bo‘lsa-da ularni ko‘rish, qanday kuylayotganlarini eshitish va, albatta, liboslari risoladagidek turganiga ishonch hosil qilish uchun sahna ortiga yugurardim”, — deya jilmayib eslaydi liboslar ustasi.
Andreyeva qariyb 20 yildan beri ayollar liboslari sexiga mudirlik qiladi. U sahna liboslarining holatiga mas’ul: ularni asrash va restavratsiya qilish haqida deyarli hamma narsani biladi, spektakllarga tayyorligini nazorat qiladi, rassomlar va sahnalashtiruvchi rejissyorlar bilan hamkorlikda ishlaydi.

Teatr liboslari rejissyor g‘oyasiga asoslanib rassom yaratgan eskizlardan boshlanadi. Bichuvchilar va tikuvchilar tikuv sexida har bir qahramon uchun gazlama, andaza tanlab, libos tikishadi. Bir spektakl uchun o‘nlab liboslar tayyorlanishi mumkin. Kiyib ko‘rish jarayoni grimxonalarda o‘tadi va u yerda kostyumerlar libosning bichimi va qulayligini ko‘zdan kechiradi.
Teatrda liboslarni saqlash uchun bir nechta xona ajratilgan: balet, solistlar va xor uchun alohida. Kiyimlar spektakllar va personajlar bo‘yicha osib qo‘yilgan, har bir kostyumda ijrochining ismi yozilgan yorliq bor. Agar artist teatrni tark etsa, libos o‘sha roldagi boshqa ijrochiga topshiriladi.

Marina Andreyeva balet liboslari saqlanadigan xonani eng sevimli xonasi deb biladi. Bu yerda “Oqqush ko‘li”dagi to‘rli balet liboslari (pachkalar), “Qarsildoq”dagi Klaraning bayramona ko‘ylaklari va kordebalet artistlari uchun sichqon boshlari, “Jizel”dagi yengil, shaffof yubkalar hamda korsajlarni ko‘rish mumkin. Uning yonidagi kiyimilgichlarda “Shahrizoda”dagi sharq go‘zallarining tillarang va feruza ranglarda ishlangan qimmatbaho liboslari “Don Kixot”dagi lo‘li ayollarning olabayroq yubkalari bilan bahslashib turgandek. Shu yerning o‘zida ko‘plab bosh kiyimlar, qo‘lqoplar, yelkapo‘shlar va sahna obrazining boshqa unsurlari o‘z fursatini kutib turibdi.

Marina Andreyevaning so‘zlariga ko‘ra, balet liboslari nafaqat chiroyli, balki funksional ham bo‘lishi lozim. Ular harakat erkinligini ta’minlashi va ayni paytda og‘irlikka bardosh berishi uchun ipak, to‘r, organza kabi yengil, lekin pishiq matolardan tikiladi. Liboslar tez-tez yuvilib, tozalangani sababli parvarishlash oson bo‘lishi va jilosini yo‘qotmasligi kerak. Kostyumerlar balet liboslarini tikishda shakl va turg‘unlikni ta’minlovchi to‘r qatlamlar hamda metall halqali karkaslardan foydalanadilar.
Ikkinchi xonada opera truppasi solistlarining liboslari saqlanadi. Bu liboslar o‘zining hashamati va detallarining nozik ishlangani bilan ajralib turadi. Ayniqsa, Shostakovichning “Ledi Makbet” operasidagi Ledi Makbetning tilla kashtali baxmal ko‘ylagi va Motsartning “Figaroning uylanishi” asaridagi Suzannaning to‘r va marvaridlar bilan bezatilgan oppoq libosi ko‘zga yaqqol tashlanadi.

Ayrim liboslar o‘nlab yillar avval tikilgan bo‘lsa-da, bugungi kunda ham zamonaviy sahna asarlarida foydalaniladi va bir necha avlod san’atkorlari tomonidan kiyib kelinmoqda. Masalan, Aleksandr Borodinning “Knyaz Igor” operasi uchun yaratilgan an’anaviy sharqona liboslarning faqat ayrim detallarigina yangilanib, asl qiyofasi saqlab qolingan.
Uchinchi xona xor kostyumlari uchun ajratilgan. Ular, odatda, bir butun vizual qatorni hosil qiluvchi bir xil liboslar to‘plamidan iborat bo‘ladi. Xor liboslari qulay, harakatga to‘sqinlik qilmaydigan va uzoq vaqt kiyishga yaroqli bo‘lishi lozim — artistlar ularda ko‘p vaqt o‘tkazadi, aksariyat hollarda sahnada tik turadi yoki harakatda bo‘ladi. Bunday liboslarni tikishda yeyilishga chidamli, havo o‘tkazadigan va parvarishlash oson bo‘lgan matolardan foydalaniladi.
Teatrda premera oldidan o‘tkaziladigan repetitsiya yoki spektaklning ichki namoyishlari bo‘lib o‘tayotganda, liboslar bo‘limi xodimlari zalda hozir bo‘lishadi. Marina Andreyevaning ta’kidlashicha, bu ularning ishining muhim bir qismi, negaki liboslarning artistlar egnida qanday turishini faqat sahna chiroqlari yorug‘ida va harakat paytidagina to‘laqonli baholash mumkin.

“Sahnada libos kiyim almashtirish xonasidagidan butunlay boshqacha ko‘rinadi, — deydi u. — Ba’zan oddiy xona yorug‘ida benuqson tuyulgan ko‘ylak, sahnadagi yorug‘likda o‘z shaklini yo‘qotib, jonsiz ko‘rinishi yoki, aksincha, haddan tashqari yaltirab ketishi mumkin. Shu sababli, biz nimani to‘g‘rilash kerakligini diqqat bilan kuzatib, tahlil qilamiz. Qayerinidir kaltalatish, hajmini kichraytirish, ba’zan esa matoni butunlay almashtirish kerak bo‘ladi”.
Spektakl kuni kostyumerlar liboslarni tayyorlaydi: bug‘lab dazmollaydi, tugma, zamok va bezaklarini tekshirib chiqadi. Zarur bo‘lsa, kiyinish xonasining o‘zida aktyorning qad-qomatiga moslab to‘g‘rilab qo‘yadi.

Tayyor kostyumlar, hamma narsa qo‘l ostida turishi uchun, grimm xonalari ro‘parasiga tartib raqami bilan osib qo‘yiladi. Spektakl vaqtida kostyumerlar parda ortida navbatchilik qilib, artistlarga sahna ko‘rinishlari orasida tezda kiyim almashtirishga yordamlashadi — ba’zan buning uchun bir necha soniya vaqt bo‘ladi, xolos. Zarurat bo‘lsa, ular o‘sha yerning o‘zida tugma qadashi, ilmoqni o‘tkazishi, bosh kiyimni yoki kostyumni to‘g‘rilab qo‘yishi mumkin.

Spektakldan so‘ng kostyumlar saralanib, kir yuvish xonasiga jo‘natiladi. Ayrim matolarni suvda yuvish mumkin emas, shuning uchun ular qo‘lda tozalanadi yoki maxsus vositalar yordamida ishlov beriladi. So‘ngra kostyumlar dazmollanib, saqlash joyiga qaytariladi. Ular muntazam ravishda tekshirib turiladi va zarurat tug‘ilsa, restavratsiya qilinadi.
Marina Andreyeva o‘z ishi haqida iliqlik bilan shunday deydi: “Men uchun teatr — san’at dargohi, undagi sehr parda ko‘tarilishidan ancha avval boshlanadi. U insonlar bilan tirik: parda ortida unga xizmat qiladigan, sahnaga chiqadigan va tomoshabinlar zalida o‘tirgan odamlar bilan. Haqiqiy hissiyotlarni boshdan kechirishga, san’at bilan muloqotga kirishishga ehtiyojmand tomoshabinlar bor ekan, teatr yashayveradi”.

Matn muallifi: Farzona Hamidova.

Suratlar muallifi: Yevgeniy Sorochin.

Matn va grafik materiallar bo‘yicha barcha huquqlar Gazeta’ga tegishli. Gazeta internet nashrining saytida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan havola orqali tanishish mumkin.


Qiziqarli voqealarni bilasiz va ularni dunyo bilan bo‘lishishni istaysizmi? Hikoyangizni sp@gazeta.uz manziliga jo‘nating.

Made on
Tilda