Foto: Viktoriya Abduraximova / Gazeta
“O‘z davrining mo‘jizasi”
Toshkentning Katta teatr maydonidagi favvorasi tarixi
Alisher Navoiy nomidagi DAKT oldidagi favvora me’mor Aleksey Shchusev g‘oyasining bir qismi sifatida 1950-yillarning boshlarida barpo etilib, tez orada Toshkentning eng mashhur joylaridan biriga aylangan. Bu yerda uchrashuvlar belgilangan, spektakllardan so‘ng sayr qilishgan va bazmlar o‘tkazilgan. Gazeta uning bunyod etilishi va o‘zgarishlari tarixi haqida hikoya qiladi.
Alisher Navoiy nomidagi DAKT oldidagi favvora me’mor Aleksey Shchusev g‘oyasining bir qismi sifatida 1950-yillarning boshlarida barpo etilib, tez orada Toshkentning eng mashhur joylaridan biriga aylangan. Bu yerda uchrashuvlar belgilangan, spektakllardan so‘ng sayr qilishgan va bazmlar o‘tkazilgan. Gazeta uning bunyod etilishi va o‘zgarishlari tarixi haqida hikoya qiladi.
Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik opera va balet katta teatri binosi oldida, mana, 74-yildirki, suvning ovozi jarang sochadi. Maydonning qoq markazidagi favvoraning keng sakkiz qirrali hovuzidan o‘nlab suv oqimlari yuqoriga ko‘tarilib, quyoshda tovlanuvchi yaxlit bir devor hosil qiladi. Eng baland suv oqimi uning yuragidan — bronza g‘o‘za ko‘sagidan yuqoriga otiladi. Doira bo‘ylab esa pastroq oqimlar har tarafga tarqaladi. Oqshomlari ular mayin yoritilib, suv manzarasiga hajm va o‘zgacha sehr bag‘ishlaydi.
Xalq orasida «Paxta» deya nom olgan favvora teatr loyihasining muallifi – atoqli me’mor Aleksey Shchusev sharofati bilan bunyod etilgan. Urushdan keyingi yillarda, qurilish ishlari yakunlanib borayotgan bir paytda, me’mor bino oldidagi maydon qanday bo‘lishi kerakligi haqida o‘ylay boshlaydi.

DAKT muzeyi mudirasi Yuliya Seryakovaning so‘zlariga ko‘ra, me’mor uchun teatr alohida holda mavjud bo‘lmagan – u teatrni yaxlit ansamblning bir qismi sifatida qabul qilgan. Bu ansamblning har bir elementi umumiy taassurotni kuchaytirishga xizmat qilishi kerak edi. Favvora esa muallif g‘oyasining so‘nggi chizgisi bo‘ldi.

“1946-yili Toshkentga tashriflaridan birida Shchusev hamkasblarini to‘plab, ularga o‘zining yangi g‘oyasini taqdim etadi. Qo‘lida eskizlar solingan katta jildni ushlagan holda shunday deydi: “Eshitishimcha, bu yerda “suvda aks etgan narsa ko‘kda ham davom etadi”, degan gap bor ekan. Keling, teatr oldiga favvora quraylik. Ham chiroyli bo‘ladi, ham odamlarga yoqimli bo‘ladi”. Shunday qilib, Aleksey Viktorovich sharqona abadiylik tushunchasiga amal qilgani holda, bu joy haqidagi xotirani saqlab qolishni istagan”, – deya hikoya qiladi Yuliya Seryakova.
Shchusev 1949-yilda o‘z g‘oyasining amalga oshganini ko‘ra olmay olamdan o‘tdi. Uning loyihasini shogirdlari va hamkasblari amalga oshirishdi. Favvora qurilishi 1951-yilda boshlandi. Qurilish ishlariga “Тошгипрогор” loyiha institutining muhandis va me’morlaridan iborat katta jamoa jalb qilindi.

Granit va bronzadan ishlangan elementlar me’mor V. Y. Shalashov loyihasi asosida tayyorlangan, suv oqimlarining me’moriy yechimi esa V. Y. Arxangelskiy tomonidan ishlab chiqilgan. Mozaik bezaklar L. G. Karashga tegishli. Loyihaning qurilish qismiga muhandis A. V. Bernatovich, gidrotexnika qismiga muhandis V. Maslov, yoritish tizimiga esa muhandis A. K. Arzumanov rahbarlik qilgan.
реклама
реклама
Markaziy haykaltaroshlik elementi — paxta ko‘sagi Moskvadagi SSSR Badiiy jamg‘armasining 3-sonli haykaltaroshlik fabrikasida bronzadan quyilgan. Ukrainadagi konlardan qazib olingan granitga ham o‘sha yerda ishlov berilgan.

“Paxta mintaqa iqtisodiyotining eng muhim tarmog‘i edi. Uning timsoli o‘sha davr me’morchiligi va amaliy-bezak san’atida ko‘p qo‘llangan. Favvora badiiy g‘oyani davrning mafkuraviy mazmuni bilan bog‘lagan”, — deya tushuntiradi Yuliya Seryakova.
O‘zining o‘lchami va murakkab tuzilishi bilan hayratga soladigan favvoraning ochilish marosimi 1952-yil may oyining oxirida bo‘lib o‘tdi va shahar hayotidagi muhim voqeaga aylandi.
“Yangi favvora so‘nggi yillarda Sovet Ittifoqi shaharlarida qurilgan eng yirik inshootlardan biri bo‘ldi. Sirtqi qirrasi sayqallangan granit hoshiya bilan o‘ralgan, diametri 32 metr keladigan sakkiz burchakli hovuzining suv sig‘imi ming kubometrgacha. Markazi paxta ko‘sagi shaklida yasalgan o‘zagidan otilib chiquvchi 126 ta suv oqimi jonli, jilvakor piramidani hosil qiladi”, — deb yozgan edi “Pravda Vostoka” gazetasi o‘zining 1952-yil 28-maydagi 121-sonida.

“Pravda Vostoka” gazetasining 1952-yil 28-maydagi 121-sonida bosilgan favvoraning tunda olingan surati. Surat muallifi: A. Palexov.
Xuddi shu nashrda favvoraning murakkab gidrotexnika va elektrotexnika inshooti ekani qayd etilgan. Yer ostida kuchli dvigatellarga ega nasos xonalari joylashgan bo‘lib, ular bir soniyada 200 litrgacha suvni tepaga ko‘tarib berardi. Yoritish effekti rangli filtrga ega oynavand chiroqlar tizimi yordamida yaratilgan. Chiroqlar rangining tuslari har o‘n soniyada o‘zgarib turgan.

“Favvora o‘z davrining chinakam muhandislik mo‘jizasiga aylangan. Ayniqsa, uning yoritilishi kishini hayratga solardi: XX asr o‘rtalari uchun bu noyob va deyarli aqlbovar qilmas texnik yechim edi”, — deydi Yuliya Seryakova.
Teatr muzeyi mudirasining so‘zlariga ko‘ra, favvora tez orada uchrashuv va sayrlar maskaniga aylangan. Kechqurunlari bu yerga suv va yorug‘lik jilvasini tomosha qilish uchun oilaviy tashrif buyurishardi. Teatr maydonida uchrashuvlar belgilanar, spektakllardan so‘ng sayr qilishar, iliq yoz oqshomlarida hordiq chiqarishardi.

“Teatr maydoni poytaxt mehnatkashlarining sevimli dam olish maskanlaridan biriga aylandi. Favvora atrofidagi barcha o‘rindiqlar hamisha band bo‘ladi. Bu yer, ayniqsa, suv oqimlari yoqut, qahrabo, feruza rangli chiroqlar bilan tovlanadigan kechki paytlarda gavjum bo‘ladi”, — deyilgan edi “Pravda Vostoka” gazetasining o‘sha sonida.
реклама
O‘nlab yillar davomida favvora deyarli to‘xtovsiz ishlab turdi. Uning texnik tizimlari va mexanizmlari yetarlicha mustahkam ishlangan bo‘lib, ko‘pchiligi belgilangan xizmat muddatidan ancha uzoqroq ishladi. Biroq vaqt o‘z hukmini o‘tkazdi: uskunalar ishdan chiqa boshladi, ularga texnik xizmat ko‘rsatish esa tobora qiyinlashib bordi.
2010-yilda favvorani modernizatsiya qilib, uni musiqiy favvoraga aylantirishga urinishdi. Seryakovaning so‘zlariga ko‘ra, favvora haqiqatan ham qisqa muddat “kuylay boshlagan” — turli rejimlarda yoritilgan.

“Hammasi juda jozibali, chiroyli ko‘rinardi. Lekin shundan so‘ng u sho‘rlik butunlay yaroqsiz holga kelib qoldi: ichi butunlay yemirilishni boshladi”, — deydi suhbatdosh.

Oradan 15-yil o‘tibgina teatr maydonini rekonstruksiya qilish doirasida favvora ta’mirlandi — yer ostiga yuqori bosimga mo‘ljallangan yangi quvurlar va suv ta’minoti tizimlari o‘tkazildi. Biroq teatr muzeyi mudirasining ta’kidlashicha, uning dastlabki texnik imkoniyatlarini to‘liq tiklashning imkoni bo‘lmadi.
Favvora timsoli shu qadar ifodali va Toshkent shahri tarixi bilan chambarchas bog‘lanib ketgan ediki, uni poytaxtning boshqa qismlarida ham barpo eta boshladilar. Inshootlarning o‘lchami va materiallari o‘zgargani bilan kompozitsiyaning o‘zi o‘zgarishsiz qoldi.

Bugungi kunda bunday favvoralarni Toshkent davlat transport universitetining bosh binosi oldida, Markaziy vokzalga kiraverishda, Brodvey sayilgohida va Chorsu bozori hududida ham ko‘rish mumkin.

Matn muallifi: Фарзона Хамидова.

Suratlar mualliflari: Yevgeniy Sorochin va Viktoriya Abduraximova.

Matn va grafik materiallarga bo‘lgan barcha huquqlar Gazeta'ga tegishli. Gazeta.uz veb-saytida joylashtirilgan materiallardan foydalanish shartlari bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.


Qiziqarli ma‘lumotlarni bilasizmi va ularni dunyo bilan baham ko‘rmoqchimisiz? Hikoyangizni sp@gazeta.uz manziliga yuboring.

Made on
Tilda