Oʻzimiznikilar
Portugaliyalik matematik Toshkentdagi hayot, “Yangi O‘zbekiston” universitetidagi ish va o‘zini shu yerga tegishli deb his qilishiga nima sabab bo‘lishi haqida
Gonsalu Pintu — portugaliyalik matematika professori. 40 yillik pedagogik faoliyati davomida Bagama orollari, Qozog‘iston va Ummonda ishlagan. 2023 yildan buyon Toshkentda istiqomat qiladi va “Yangi O‘zbekiston” universitetida fakultet rahbari hisoblanadi. “Oʻzimiznikilar” loyihasi doirasida janob Pintu O‘zbekistonga qanday kelib qolgani, bu yerdagi nimalarni yoqtirishi va nega u bilan futbol haqida gaplashadigan notanish odamlar o‘zini bir vaqtning o‘zida ham shu yerlik, ham begonadek his qilishga majbur qilishi haqida so‘zlab berdi.
Gonsalu Pintu — portugaliyalik matematika professori. 40 yillik pedagogik faoliyati davomida Bagama orollari, Qozog‘iston va Ummonda ishlagan. 2023 yildan buyon Toshkentda istiqomat qiladi va “Yangi O‘zbekiston” universitetida fakultet rahbari hisoblanadi. “Oʻzimiznikilar” loyihasi doirasida janob Pintu O‘zbekistonga qanday kelib qolgani, bu yerdagi nimalarni yoqtirishi va nega u bilan futbol haqida gaplashadigan notanish odamlar o‘zini bir vaqtning o‘zida ham shu yerlik, ham begonadek his qilishga majbur qilishi haqida so‘zlab berdi.
“Oʻzimiznikilar” — Gazeta va “Yangi O‘zbekiston” universitetining (New Uzbekistan University) birgalikdagi loyihasi. U yashash uchun O‘zbekistonni tanlagan xorijliklarni uchratganimizda yoki ular bilan tanishganimizda bizda doim beixtiyor uyg‘onadigan qiziqishdan kelib chiqdi. Tahririyat qahramonlar bilan birga odamlar nima uchun mamlakatimizga ko‘chib kelib, shu yerda yashab qolayotgani, uni nima uchun yoqtirishi, o‘zbekistonliklardan nimalarni o‘rganishi va qanday o‘zgarishlarni kutayotganini tushunishga urinadi.
Matematika — genimda bor
O‘qituvchi bo‘laman deb hech qachon o‘ylamaganman. Maktabda unchalik tirishqoq emasdim. Aytish mumkinki, dangasa bola edim. O‘qish men uchun birinchi o‘rinda turmasdi. Faqat 15 yoshlarimda jiddiy shug‘ullana boshlaganman — unda ham o‘zimga yoqqan narsalar bilangina. Ungacha futbol o‘ynab, “ko‘ramiz, nima bo‘larkin” qabilida yashardim. Bolalar bilan ba’zan katta bo‘lganimizda kim bo‘lishimiz haqida gaplashardik, lekin bu suhbatlarimiz o‘yinlar, televizor va shunchaki hayotdan zavqlanishdan nariga o‘tmasdi.
Surat: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
Otam bir necha yil harbiy-dengiz bilim yurtida dengizchilik fanidan dars bergan — u yerda matematik hisob-kitoblarsiz imkonsiz. Onam uy bekasi edi, lekin maktabdagi sevimli fani matematika bo‘lgan. Opam birinchi daromadini matematikadan repetitorlik qilib ishlab topgan, akam maktabda shu fandan dars bergan. Mening ikki nafar farzandim bor, ikkalasi ham muhandis. Bunda aniq bir gap bor. Balki bu genlar darajasidadir.

O‘smirlik yoshimning oxirlarida o‘zim ham matematika bilan shug‘ullanishga qaror qildim — bu maktabda menga yoqadigan yagona fan edi. Kimyoni ham yaxshi ko‘rardim, lekin matematikachalik emas. Jismoniy tarbiyani ham! Garchi sportchilik karyerasi uchun yetarlicha yaxshi bo‘lmasam ham.
Lissabon universitetiga hech qanday aniq rejalarsiz o‘qishga kirganman. 1980 yillarda Portugaliyada matematika bo‘yicha magistratura dasturi yo‘q edi, o‘qish besh yil davom etardi. Uchinchi kursda mutaxassislik tanlash kerak edi. Meni matematika bir vosita sifatida emas, balki tafakkur usuli sifatida o‘ziga tortardi, shuning uchun oxirgi ikki yilni algebra kurslariga bag‘ishladim. O‘qishni bitirgach, NOVA universitetiga o‘qituvchi yordamchisi lavozimiga ariza berdim va qabul qilindim — shu tariqa shu kasbda qolib ketdim. Biror narsani o‘zgartirish fikri ham kelmagandi.
Lissabondan Bagama orollari, Qozog‘iston va Ummonga
Men Lissabonda katta bo‘lganman va deyarli butun umrimni shu yerda o‘tkazganman — bizda oila a’zolariga yaqin joyda yashab qolish odat tusiga kirgan. Lissabon juda go‘zal shahar: tepaliklar ko‘p, iqlimi yoqimli, daryoning shundoqqina bo‘yida joylashgan. Qishda havo harorati taxminan 8–10 darajagacha pasayadi, yozda esa ba’zan 40 darajagacha ko‘tariladi.

Bolaligimda ko‘chada deyarli sayyohlarni uchratmasdim. Faqatgina hashamatli plyajlar yoki qimmatbaho mehmonxonalarda uchratish mumkin edi. Atrofda faqat portugaliyaliklar. Mamlakat Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lgach, hamma narsa o‘zgardi. Erasmus ta’lim almashinuv dasturi paydo bo‘lib, ilk talabalar Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveysariya va boshqa davlatlarga yo‘l olishdi. Men o‘zim esa chet elga ilk bor doktoranturada o‘qiyotganimda chiqdim — ilmiy rahbarim Shotlandiyaga ketgan ekan, men ham uning ortidan bordim.
Bakalavr darajasini Lissabon universitetida oldim-u, ishlash uchun boshqa bir universitetga — NOVAʼga (Universidade Nova de Lisboa) joylashdim. Ular bir-biridan tubdan farq qilardi. Men o‘qigan universitet deyarli yuz yildan beri mavjud bo‘lib, an’anaviylikni saqlab qolgan edi. O‘qituvchilik faoliyatimni boshlagan universitet esa atigi 11 yillik edi. U zamonaviy, amaliyotga ko‘proq yo‘naltirilgan, ilg‘or g‘oyalarga ega dargoh edi.

Bizni assistentlikka ishga olishgach, darhol amaliy mashg‘ulotlar o‘tishga qo‘yishardi — uch-to‘rtta guruh, haftasiga taxminan to‘qqiz soat. Biz qaysidir ma’noda professorlardan mustaqil, to‘g‘ridan-to‘g‘ri talabalar bilan ishlardik. Ikki yildan so‘ng ochiq himoyadan o‘tib, yuqoriroq lavozimni egalladim. 1988 yilda aspiranturaga kirib, uni 1992 yilda tamomladim.
Surat: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
Asta-sekin tizim o‘zgarib bordi. Talabalar o‘qituvchiga savollar bilan kelishi mumkin bo‘lgan qabul soatlari (office hours) majburiy qilib qo‘yildi. Bu men uchun yangilik, g‘ayrioddiy holat edi. Talabalik paytlarimda professorning kabineti eshigini taqillatishga aslo jur’at qilolmasdim. Agar biror savol tug‘ilsa, uni dars paytida berardim.
Aksariyat professorlarim talabalar bilan o‘zaro masofa saqlashardi. Talaba bilan salomlashish yoki «ahvoling qalay?» deb so‘rash aqlga sig‘maydigan ishday tuyulardi. Ular qo‘pol bo‘lgani uchun emas, shunchaki shunday madaniyat mavjud edi: o‘qituvchining martabasi yuqori, talabaniki esa past.
O‘zim ularning o‘rniga o‘tirganimda, talabalar bilan ularning tilida gaplashishga, ular ta’lim olayotgan sohadan misollar keltirishga harakat qilardim. Ba’zan ular meni ismim bilan chaqirishardi, bundan meni sira jahlim chiqmasdi.
2008 yili jahon moliyaviy inqirozi yuz berdi. Men ishlagan universitet deyarli yopilish arafasida edi — har holda, menga shunday tuyulgandi. Oyliklar kechiktirilgani uchun chet eldan ish qidirishga qaror qildim.

O‘shanda ingliz tilida dars berish tajribam yo‘q edi. Bagama orollaridan taklif tushgach, rozi bo‘ldim. Bu menga yangi eshiklarni ochdi — rezyumeyimda yangi satr paydo bo‘ldi. Odamlar ko‘radi: o‘z ishini biladi, ingliz tilida dars beradi, demak, olamiz.

Bagama orollarining o‘zi dam olish uchun ajoyib maskan, biroq yashash uchun juda qimmat. Boshqa ish topishim bilanoq u yerdan ketdim. Avval Qozog‘istonga, keyin Ummonga. Sayohat qilishni rejalashtirmagan edim, lekin sharoit shuni taqozo etdi.
“Har safar nimadir o‘zgarardi va ketishga to‘g‘ri kelardi”
Qozog‘istonda moslashishim qiyin bo‘ldi. Ostonada 2015 yildan 2017 yilgacha, hammasi bo‘lib ikki yil yashadim. Hozirgidek smartfonim va Google Maps’im yo‘q edi. Esimda, konserva bankasi sotib olgandim. Qo‘ziqorin deb o‘ylaganman, lekin u pashtet bo‘lib chiqqan. O‘qishni bilmasdim, rasmlariga qarab tanlardim.

Nazarbayev Universityʼda (NU) ishlaganman, kampusning o‘zida yashaganman. Har bir binoning o‘z qabulxonasi bor edi va u yerda ishlaydigan qizlar ingliz tilida bemalol gaplashishardi. Ulardan biri menga taksi chaqirib, boradigan manzilimni qog‘ozga rus tilida yozib berardi. Ana shunaqa, qog‘ozlar bilan yashaganmiz.

O‘sha paytga kelib universitet avvalgi shuhratini yo‘qotib bo‘lgandi — bu yaqqol sezilib turardi. Mamlakatda ayrim o‘zgarishlar yuz berayotgan, byudjetlar boshqacha taqsimlanayotgan edi. Men ham boshqa joy izlashga qaror qildim.
Hindistondagi bir universitetdan taklif tushdi. Biz avvaliga u yerga vaziyatni o‘rganib, taklifga rozi bo‘lish yoki bo‘lmaslikni hal qilish uchun oilaviy sayyoh sifatida bordik. U yerda uch-to‘rt kun bo‘lib, rad javobini berishga qaror qildik. Juda gavjum, sershovqin ekan. Ob-havosi ham o‘ta issiq va nam. Qolaversa, men hind taomlarini uncha xushlamayman — achchiq yeguliklarni yoqtirmayman. Ayolimga ham u yer ma’qul kelmadi.

Ummondan lavozim va mansab pillapoyalaridan ko‘tarilish borasida yaxshi taklif oldim. Va uni qabul qildim. U yerda olti yil — 2023 yilgacha yashadim. 2020 yilda Ummon sultoni Qobus bin Said vafot etdi, uning vorisi esa butunlay boshqacha qarashlarga ega inson bo‘lib chiqdi. Yana hamma narsa tubdan o‘zgarib ketdi.
Ummonda. Gonsalu Pintuning shaxsiy arxividan olingan surat
Universitetning tibbiy xizmatlarning bir qismi endi sug‘urta bilan qoplanmasligi haqidagi e’loni barchasiga so‘nggi nuqtani qo‘ydi. Bu meni o‘ylantirib qo‘ydi: yoshim o‘tib boryapti; mabodo biror kor-hol yuz bersa-yu, sug‘urta bo‘lmasa-chi...
Uyga qaytib, xotinimga yana hujjat topshirishni boshlashimni aytdim.

Hali-hanuz u yerda qolgan do‘stlarimdan bo‘lgan voqealarni eshitib, vahimaga tushaman. Vaqtida ketganimdan xursandman, garchi u yerda yashash menga juda yoqardi.
O‘sha kuni kompyuter qarshisida o‘tirib, bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi navbatdagi xabarnomani ochganimda “Yangi O‘zbekiston” universitetiga ko‘zim tushdi. Qozog‘istonlik talabalar menga juda yoqardi. O‘zbekistonliklar haqida eshitmagan bo‘lsam-da, ular ham qozog‘istonlik talabalardan qolishmasa kerak, deb o‘yladim. Sinab ko‘rishga qaror qildim. Jarayon juda tez kechdi va men Toshkentga keldim.

Rafiqam doim men bilan birga ko‘chib yuradi. O‘zbekiston ham bundan mustasno emas. U odamlarga foyda keltirishni yaxshi ko‘radi: qayerda yashamaylik, doim biror kutubxona topib, o‘sha yerga ko‘ngilli sifatida borardi. Toshkentda esa haftada bir marta Respublika bolalar kutubxonasiga yordamlashib turadi.
“Odamlar meni mamlakatga foyda keltiryapti, deb hisoblashadi”
Menga aeroportdayoq pul almashtirishni maslahat berishdi. Adashmasam, 400 dollarim bor edi. So‘mni olgach, ko‘zlarimga ishonmadim — qo‘limda bir dasta pul turardi. Millionlar! Odamlar o‘zi bilan shuncha naqd pul olib yurishini tasavvur ham qilmagandim, vaqt o‘tib ko‘nikib ketdim. Endi bu yerga keladiganlarga doim o‘zlari bilan konvert olib kelishni maslahat beraman — hamyonning o‘zi aniq yetmaydi.
Yetib kelganimdan so‘ng qanday kurslardan dars berishimni aytishdi va o‘quv dasturini tuzishda menga erkinlik berishdi. Hamkasblarim bilan tanishdim. Ulardan biri Alisher Ikromov menga va boshqa yangi xodimlarga juda yaxshi munosabatda edi. Bir necha kun bizni turli restoranlarga olib borib, tushlik qildirib yurdi, osh va somsa qanday taom ekanini tushuntirdi. Dorilarni qayerdan sotib olish mumkinligini ko‘rsatdi. Google Maps o‘rniga “Yandeks Xaritalar”ni o‘rnatib, undan foydalanishni o‘rgatdi. Bu uning vazifasiga kirmasdi, lekin u, chamasi, bizning qanchalik esankirab qolganimizni tushungandi — va yordam berdi.

Birinchi yakshanba kuni katoliklar ibodatxonasi — Isoning Muqaddas Yuragi soboriga borishga qaror qildim. Qaysi avtobusga va qayerdan minish kerakligini bilmaganim uchun bir soat piyoda yurdim. Hozir jamoat transportidan foydalanaman. Asosan avtobusdan. Metroni yoqtirmayman — u yer juda gavjum, qolaversa, yer ostida yurish menga yoqmaydi.
Talabalar bilan. Gonsalu Pintuning shaxsiy arxividan olingan surat
Gohida yoshlar yonimga kelib, “Kimsiz?”, “Qayerdansiz?”, “Bu yerda nima qilyapsiz?” deb so‘rab qolishadi. Kulgi qilish uchun emas, shunchaki samimiy qiziqish tufayli. Bagamada ham menga shunday savollarni berishgan, lekin u yerda odatda bunday savollar tagida “birovlarning ish o‘rnini egallab olyapsan” degan piching yotardi. Bu yerda esa unday emas. Aksincha, odamlar meni mamlakat berayotgan imkoniyatlardan shunchaki foydalanayotgan odam deb emas, balki unga foyda keltiryapti, deb hisoblashadigandek tuyuladi.
Infratuzilma, farmatsevtika va til toʻsigʻi haqida
Bu yerdagi shahar ahli juda mehmondo‘st — buni sizga istalgan kishi aytishi mumkin. Toshkent ham yam-yashil, sarishta va yoqimli shahar. Bu yerda yashash qulay. Biroq piyoda yurish ba’zan juda xavfli. O‘zim ham bir-ikki marta yiqilib tushdim. Endi doim oyoq ostiga qarab yurishga to‘g‘ri keladi.

Shahrimizda yangi maskanlar paydo bo‘layotganidan xursandman. Ular o‘z jozibasini uzoqroq saqlab qolishini istardim. Masalan, universitet yonidagi ko‘prikka plitkalar yotqizildi, gullar ekildi — juda chiroyli bo‘ldi, lekin bu bir necha oyga tatidi, xolos. Fikrimcha, shahar muhitiga ko‘proq e’tibor qaratish lozim. Bu ham shaharliklar, ham shahrimizga ilk bor tashrif buyuruvchilar uchun muhim.
Men payqagan yana bir jihat farmasevtika va xizmat ko‘rsatish sohasi bilan bog‘liq. Portugaliyada Dorixonalar assosiatsiyasi faoliyat yuritadi va tizim juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan: agar biror dori mavjud bo‘lmasa, uni odatda ertasi kuniyoq olib kelib berishadi.
Men dorixonalarga dori-darmonlar muntazam yetkazib berilishiga o‘rganib qolganman. Shu sababli bu yerda bir kuni kerakli dorini topish uchun bir nechta shoxobchani aylanib chiqishga to‘g‘ri kelgani meni ajablantirdi. Axir odamlar dorixonaga shunchaki xarid uchun emas, balki yordamga muhtoj bo‘lgani uchun kelishadi, shunday ekan, tizimning tez va uzluksiz ishlashini ayniqsa qadrlaysan kishi.
Surat: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
Ba’zida muloqotda qiyinchiliklar yuzaga keladi: dorixona xodimi inglizcha gapirmaydi, men esa o‘zbekcha yoki ruschani bilmayman. Bunday paytlarda hamkasbim Alisher ko‘p yordamga keladi: kerakli dorixonalarni topishda ko‘maklashadi, navigator orqali dorixonalar manziliga havolalar yuboradi. Uning yordamisiz qiynalgan bo‘lardim. Deyarli hamma inglizchani biladigan Ummondan keyin bu, ayniqsa, seziladi. Shu bilan birga, yoshlarning til kurslariga faol qatnayotganini ko‘rib turibman. Turizmni rivojlantirayotgan mamlakat uchun bu, shubhasiz, muhim yo‘nalish.
“Talabalardan o‘zim zarur deb bilgan narsalarni talab qilaman”
Meni qattiqqo‘l o‘qituvchi deb bilishadi, ba’zan hatto haddan tashqari. Lekin talablarim yuqori bo‘lsa-da, imtihonlardan 100/100 ball to‘playdigan talabalarim ham bor. Men birinchi kurs talabalariga matematik tahlildan (Calculus) ikkita kurs o‘taman va ulardan o‘zim zarur deb bilgan narsalarni talab qilaman.

Yaxshi talabalar bor, lekin o‘qituvchilarning orzusini ro‘yobga chiqaradigan ilg‘or talabalar ham bor: aqlli, mehnatsevar, iqtidorli. Faqat shundaylargina eng yuqori baholarga munosib. 300 nafar talabadan, balki, besh nafarchasi fanni 93% va undan yuqori darajada o‘zlashtirgan.

Ko‘chirmakashlikka qo‘l uradiganlar ham bor. Ba’zan ayrim talabalarning bunga hotirjamlik bilan yondashishi kishini hayratga soladi. Goʻyoki bu tabiiy hol, meʼyordek.
O‘qituvchilik faoliyatim davomida hamkasblarimning ko‘plab hisobotlarini ko‘rganman, lekin ba’zan qanday qilib hamma talabalar yuqori bahoga o‘zlashtirishi mumkinligini hech aqlimga sig‘dira olmaganman. Masalan, Portugaliyada 20 ballik baholash tizimi joriy qilingan va o‘qituvchi ushbu shkaladagi barcha raqamlardan foydalanishga haqli.
Darhaqiqat, qattiqqo‘l o‘qituvchi bo‘lsam kerak, lekin odamlar aytganchalik emas. Rafiqam tasdiqlashi mumkin: uy vazifalarini tekshirishda ancha yumshoqroq yondashaman — ehtimol, shu yo‘l bilan yuqori talablarni muvozanatga keltirishga urinarman. Bu talablar meniki emas, ko‘proq bozor talablari. O‘zingiz o‘ylang, bitiruvchi ish beruvchi oldiga borganda ishni eplolmasligi ayon bo‘lsa, bu unchalik yoqimli holat emas. Men uchun son emas, sifat muhimroq: bazaviy ko‘nikmalarni ham qiynalib o‘zlashtirgan 200 ta mutaxassisdan ko‘ra, 100 ta puxta tayyorlangan mutaxassis yetishtirgan afzal.
“Akademik faoliyat erkinlikni taqozo etadi”
“Yangi O‘zbekiston” universitetida ish jadvalim odatiy — ertalab soat to‘qqizdan kechki oltigacha. Agar kechqurunga biror ish rejalashtirilmagan bo‘lsa, vaqtliroq ketishim mumkin. Mashg‘ulotim tushlikka to‘g‘ri kelsa, ertalab basseynga tushib chiqishga ulguraman. Asosiysi, o‘z ishini sidqidildan bajarish. Yevropada buni akademik erkinlik deb atashadi va men o‘z jamoam uchun aynan shunday yondashuvni ma’qul ko‘raman.
Agar eng yaxshi mutaxassislarni jalb qilmoqchi bo‘lsangiz, ular oʻrgangan va talablariga mos keladigan sharoitlarni yaratishingiz kerak. Masalan, obro‘-eʼtiborli va tajribali nemis yoki amerikalik mutaxassisga soat 09:00 dan 18:00 gacha ofisda bo‘lish majburiyati bilan ish taklif qilsangiz, katta ehtimol bilan, u taklifingizni rad etadi.
Surat: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
Akademiklar shusiz ham ko‘pincha dam olish kunlari ishlaydi, shu sababli ular uchun o‘z vaqtini mustaqil taqsimlash muhim. Tushunaman, bu boshqa mamlakat va o‘zgarishlarni har kuni joriy qilib bo‘lmaydi, biroq ish jadvali — to‘g‘ri yo‘nalishdagi kichik, lekin muhim bir qadam. “Yangi O‘zbekiston” universiteti rahbariyati buni yaxshi tushunadi va imkon qadar shunday yondashuvni qo‘llaydi.

Bu talabalar uchun ham muhim: ular 17-18 yoshidan turli mamlakat va madaniyat vakillari orasiga tushib qoladi. Ular hayotni o‘rganadi. Erasmus dasturida qatnashgan portugallarning birinchi avlodi (hozir ular 40-50 yoshda) dunyoni mening avlodimga qaraganda yaxshiroq tushunadi. Bizning talabalarimiz ham shunga o‘xshash tajribani hatto ulardan ham ertaroq yoshda, BAA va Xitoy bilan almashinuv dasturlari orqali orttirmoqda. Mamlakatlar ro‘yxatini kengaytirishni rejalashtiryapmiz, biroq buning uchun vaqt va reputatsiya kerak. Hammasini bir zumda qurib bo‘lmaydi.
“O‘zbekiston menga sabrli bo‘lishni o‘rgatdi”
Universitetda o‘zimni shu yerlikdek his qilsam-da, shaharda hali ham begonaman. Bu, ayniqsa, mayda-chuyda holatlarda bilinadi.
Masalan, yaqinda deyarli inglizcha gapirmaydigan shifokor qabuliga bordim. U mening portugaliyalik ekanimni bilishi bilan darhol futbol haqida suhbat boshlab, portugal futbolchilarining ismlarini ayta ketdi. Suhbatni qo‘llab-quvvatlashdan mamnun bo‘ldim. Notanish odamlar bilan qurilgan bu kabi suhbatlar meni bir vaqtning o‘zida ham shu yerlik, ham begonadek his qilishga majbur qiladi.
O‘zbekiston menga sabrli bo‘lishni o‘rgatdi. Yangi joyda ko‘plab qiyinchiliklar, vazifalar va qoidalar bo‘larkan, ularni yozib olish va o‘zlashtirish kerak. Biror ish o‘z vaqtida bitmaganda sabrli bo‘lishingiz lozim. Men ham jahl qilish o‘rniga kutish va munosabat bildirishga shoshilmaslikni o‘rganyapman. Ehtimol, bu yoshga ham bog‘liqdir. Professor-o‘qituvchilar tarkibida eng yoshi ulug‘lardan biriman. Yoshlikni juda qadrlayman, lekin ayrim lavozimlar tajriba talab qiladi, shuning uchun universitetga bir nechta “sochi oqarganlar”ning ham foydasi tegadi, deb hisoblayman.

10 yildan keyin, ehtimol, bu yerda bo‘lmasman. Nafaqaga chiqaman, rafiqam uyga qaytishni istaydi. O‘zim ham nabiralarim bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishni xohlayman. Ularning bolaligidan bahra olib qolishni istayman. Biroq hozircha shu yerda ekanman, chinakamiga foydam tegishi mumkinligiga ishonaman.
Surat: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
Blits
— O‘rgangan birinchi o‘zbekcha so‘zingiz?

— Rahmat.

— Sevimli o‘zbek taomingiz?

— Mastava yoki palov, ayniqsa, Andijoncha palov. Uni ilk bor talabalarimiz uyushtirgan Navro‘z bayramida tatib ko‘rganman. To‘q rangli guruch juda mazali ekan. Lekin ertalab soat sakkizda palov yeyish baribir menga biroz g‘alati tuyuladi.

— Hali ham ko‘nika olmagan taomingiz bormi?

— Umuman olganda, milliy oshxona menga yoqadi, lekin palovning ba’zida juda yog‘li tayyorlanishiga o‘rgana olmadim. Undan keyin mazam qochadi.

— Toshkentga tashrif buyurgan barcha mehmonlarga, albatta, ko‘rsatadigan joyingiz bormi?

— Mustaqillik maydonidagi Xotira va qadrlash maydoni. Bu, ehtimol, eng go‘zal maskan emasdir, lekin juda muhim joy: urushda halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning ismlari bitilgan kitoblar, Motamsaro ona haykali – bularning bari juda ta’sirli. Va, albatta, Alisher Navoiy nomidagi Katta akademik teatr. Men opera san’ati shaydosiman, teatr maydoni ham menga juda yoqadi.

Matn muallifi: Zilola Toirova.

Muharrir: Viktoriya Abduraximova.

Suratlar muallifi: Yevgeniy Sorochin.

Materialda Gonsalu Pintuning shaxsiy arxividan olingan suratlardan foydalanilgan.


Matn va grafik materiallarga bo‘lgan barcha huquqlar Gazetaʼga tegishli. Gazeta veb-saytida joylashtirilgan materiallardan foydalanish shartlari bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.


Qiziqarli ma’lumotlarni bilasizmi va uni dunyo bilan baham ko‘rmoqchimisiz? Hikoyangizni sp@gazeta.uz manziliga yuboring.

Made on
Tilda