2026-YIl BITIRUVCHILARIGA MUROJAAT
Davlat arboblari E’zozxon Karimova, Aziza Umarova, Bahodir Ahmedov, UNFPAning O‘zbekistondagi doimiy vakili Nigina Abaszade, Fransiya elchisi Ualid Fuk, jamoatchilik faollari Qobil Xidirov, Mo‘tabar Xushvaqtova hamda Teacher Azam Gazeta orqali 2025/2026 o‘quv yili bitiruvchilariga o‘z maslahatlari va tilaklarini bildirdi.
2026-YIl BITIRUVCHILARIGA MUROJAAT
Davlat arboblari E’zozxon Karimova, Aziza Umarova, Bahodir Ahmedov, UNFPAning O‘zbekistondagi doimiy vakili Nigina Abaszade, Fransiya elchisi Ualid Fuk, jamoatchilik faollari Qobil Xidirov, Mo‘tabar Xushvaqtova hamda Teacher Azam Gazeta orqali 2025/2026 o‘quv yili bitiruvchilariga o‘z maslahatlari va tilaklarini bildirdi.
O‘quv yili yakuniga yetar ekan, Gazeta o‘z an’anasiga sodiq qolgan holda, davlat arboblari, xalqaro tashkilotlar va jamoatchilikning faol vakillaridan 2025/2026 o‘quv yili bitiruvchilari va yoshlarga o‘z maslahatlari hamda tilaklari bilan murojaat qilishlarini so‘radi.

Ularga an’anaviy ravishda uchta savol berildi:

  1. O‘zingizni bitiruvchi deb tasavvur qilsangiz, nimalarni maslahat berardingiz?
  2. Yangi avlod vakillari qanday uchta muhim hislatlarga ega bo‘lishlari kerak?
  3. 2025/2026 o‘quv yili bitiruvchilariga maslahat va tilaklaringiz.

Ularning javoblarini e’tiboringizga havola qilamiz.
E’zozxon Karimova
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri
1. Bugungi kun bitiruvchisi bo‘lganimda, vaqtdan unumli foydalanib, yanada ko‘proq bilim olishni, har soniyadan unumli foydalanish zarurligini tavsiya qilgan bo‘lardim. Albatta, maktabni tamomlash bilan bilim olish jarayoni yakunlanmaydi. Shu sababli o‘zimga boshlang‘ich bilimlarni egallash qatorida dunyoqarashimni kengaytirishdan to‘xtamaslikni maslahat berardim.

Yoshlarga tez-tez ta’kidlaydigan gapim, ya’ni xatoga yo‘l qo‘yishdan qo‘rqmaslik kerakligini o‘zimga ham ko‘p bor uqtirib kelaman. Shu nuqtai nazardan aytishim kerakki, aslida har bir muvaffaqiyatsizlik bizni yanada kuchli qiladigan va to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatadigan saboqdir. O‘z ustimizda ishlash, mutolaa qilish va bugungi kun kechagidan ko‘ra yaxshiroq bo‘lishiga intilish hayotiy tamoyilimiz bo‘lsin.

2. Nazarimda, hozirgi avlod kelajakda quyidagi hayotiy tamoyillarga qat’iy amal qilib yashasa, katta muvaffaqiyatlarga erishadi:

Moslashuvchanlik va doimiy o‘rganish. Hozirgi davrda texnologiya va kasblarning har kuni yangilanayotgani, bugun egallangan bilim ertaga eskirishi mumkinligini to‘la anglash zarur. Yangi ko‘nikmalarni egallab borish va o‘z ustida muntazam ishlash allaqachon zamon talabiga aylandi.

Tanqidiy fikrlash. Bugungi axborot oqimi haddan tashqari ko‘p bo‘lgan davrda ma’lumotlarni saralash, faktlarni tahlil qilish zarur va bu yoshlarni noto‘g‘ri yo‘llarga kirib qolishdan asraydi.

Mas’uliyat va vatanparvarlik. Shaxsiy manfaati bilan bir qatorda ota-ona, jamiyat va Vatan kelajagi uchun ham mas’ul ekanini his qilish kerak. O‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lish orqali mamlakat rivojiga hissa qo‘shish eng oliy maqsad bo‘lishi darkor.
реклама
реклама
3. Bugungi yoshlar, eng avvalo, Yangi O‘zbekistonning poydevori, ertangi kunimizning bunyodkori ekanini hamisha yodda saqlashlari lozim. Sizlar bugun maktab ostonasidan katta hayotga qadam qo‘yar ekansiz, shu yurt va xalq osudaligi va rivojiga bevosita daxldor inson ekaningizni faxr bilan idrok eting. Buning uchun oldingizga katta maqsadlar qo‘ying. Bilim sizning eng yaqin do‘stingiz va eng kuchli qurolingizga aylansin, qaysi sohani tanlamang, uning eng yaxshi ustasi bo‘lishga harakat qiling.

Hayot yo‘lingizda doimo halollik va mehnatsevarlikni eng old qatorlarga qo‘ying. Yutuqlaringiz — ota-onangizning baxti, ustozlaringizning faxri va davlatimizning qudratidir. Barcha bitiruvchi yoshlarga oliy ta’lim muassasalariga kirishda yoki o‘zlari tanlagan kasb sirlarini egallashlarida katta zafarlar tilayman!
Bahodir Ahmedov
“Yangi O‘zbekiston” universiteti rektori
1. Bugun dunyo misli ko‘rilmagan sur’atda o‘zgarmoqda. Yangi texnologiyalar, ilm-fan va sun’iy intellekt hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Eng katta imkoniyatlar ham aynan shu sohalarda yaratilmoqda.

Hozirgi kunda O‘zbekiston yoshlari uchun dunyoning yetakchi universitetlari, xalqaro loyihalar, ilmiy markazlar va global mehnat bozori eshiklari ochilmoqda. Bu imkoniyatlardan foydalanish uchun sizlar ingliz tilini puxta o‘rganishingiz, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirishingiz va mustaqil fikrlash qobiliyatingizni doim rivojlantirib borishingiz zarur. Eng muhimi — o‘z bilim va salohiyatingiz bilan Vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shishni hayotingizning muhim maqsadiga aylantiring.

2. Men yangi avlod vakillari qiyofasida mazkur uchta muhim fazilatni ko‘rishni istardim:

Texnologiya va sun’iy intellekt bilan ishlash ko‘nikmasi. Sun’iy intellekt endi kelajak haqidagi tasavvur emas, u bugungi kunning haqiqatidir. Uni chuqur tushunadigan, to‘g‘ri qo‘llaydigan va uning imkoniyatlaridan jamiyat manfaati yo‘lida foydalana oladigan yoshlar kelajakda katta ustunlikka ega bo‘ladi.

Keng fikrlash va samarali muloqot qobiliyati. Bugun raqobat faqat mahalliy emas, balki global miqyosda kechmoqda. Shuning uchun chet tillarini bilish, turli madaniyat va qarashlarni tushunish, jamoada ishlash va o‘z g‘oyalarini aniq ifoda eta olish har bir zamonaviy mutaxassis uchun nihoyatda muhim.

Doimiy o‘qish va izlanishga intilish. Hozirgi davrda bir marta olingan diplom butun umrga yetarli bo‘lmasligi mumkin. Kim tez o‘rgansa, o‘zini doim rivojlantirsa va yangiliklarga ochiq bo‘lsa, kelajak aynan o‘shaniki.

3. Qadrli bitiruvchilar. Sizlar Yangi O‘zbekistonning eng katta boyligi, eng katta umidi va eng katta kuchisiz. Oldingizda ulkan imkoniyatlar bilan birga katta mas’uliyat ham turibdi. O‘zingizga ishoning, baland maqsadlar qo‘ying va ular sari qat’iyat bilan harakat qiling.

Ilm oling, texnologiyalarni o‘rganing, sun’iy intellektni o‘zlashtiring. Ammo eng muhimi — har qanday yutuq va bilim zamirida insonparvarlik, mas’uliyat va Vatanga sadoqat turishi kerakligini unutmang. Yo‘lingiz ochiq, orzularingiz baland, kelajagingiz porloq bo‘lsin!
Aziza Umarova
Prezident huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi, “Byurokratiyani bartaraf etish — 2030” dasturini amalga oshirish va innovatsiyalarni joriy etish bo‘yicha loyiha ofisining rahbari
1. O‘zimga eng avvalo, katta orzu qilishdan qo‘rqmaslikni maslahat bergan bo‘lardim. Ko‘pincha yoshlikda inson o‘z imkoniyatlarini o‘zi cheklab qo‘yadi. Aslida esa dunyodagi katta o‘zgarishlarni ham oddiy insonlar boshlagan.

Yana bir muhim maslahatim shuki, faqat “yaxshi o‘quvchi” emas, tashabbuskor inson bo‘lish zarur. Savol berishdan, fikr bildirishdan, oldinga chiqishdan qo‘rqmaslik kerak. Hozirgi zamonda faqat bilimning o‘zi yetarli emas, mas’uliyat ola bilish va jamoani ortidan ergashtira olish ham muhim hisoblanadi.

2. Uchta xislat:

Tashabbuskorlik va mas’uliyat. Yangi avlod muammoni ko‘ribgina qolmay, uni hal qilish uchun harakat qiladigan avlod bo‘lishi kerak.

Tanqidiy fikrlash. Axborot juda ko‘p bo‘lgan bugungi davrda mustaqil fikrlay olish, tahlil qilish va haqiqatni ajrata bilish muhimdir.

Empatiya. Texnologiya qancha rivojlanmasin, insonni inson qilib turadigan narsa bu boshqalarni tushunish, his qila bilish, qo‘llab-quvvatlash va jamiyat uchun foydali bo‘lish istagidir.

3. Aziz bitiruvchilar, sizlar juda tez o‘zgarayotgan dunyoda katta hayotga qadam qo‘ymoqdasizlar. Shuning uchun diplomdan ham muhimroq narsa — o‘rganishdan to‘xtamaslik qobiliyatidir. O‘zingizga ishoning. Xato qilishdan qo‘rqmang. Katta maqsadlar qo‘ying va ular uchun mehnat qilishdan charchamang. Yetakchilik bu faqat lavozim emas, balki mas’uliyat olish va boshqalar uchun namuna bo‘lishdir.

Hayotda doim adolat tomonida turishga harakat qiling. Ayniqsa, o‘zini himoya qila olmaydiganlar, ovozi eshitilmaydiganlar tarafida bo‘lishdan qo‘rqmang. Kuchli inson bu faqat muvaffaqiyatli inson emas, balki haqiqatni himoya qila oladigan inson hamdir.

Qizlarga shuni aytmoqchimanki, o‘z ovozingizni pasaytirmang. Katta maqsadlar qo‘yishdan uyalmang. Ilmda, texnologiyada, davlat boshqaruvida, biznesda har qanday sohada o‘z o‘rningizni topishingiz mumkin. Sizlar o‘z orzularingizni kichraytirmasligingiz kerak. Jamiyatga bilimli, jasur va mustaqil fikrlaydigan qizlar juda kerak. Ovozingiz, g‘oyalaringiz va yetakchiligingiz kelajakni o‘zgartira oladi.

Barchangizga katta yutuqlar, kuchli iroda va o‘z yo‘lingizni topish baxtini tilayman!
Ualid Fuk
Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi
1. Eng avvalo, o‘zimga chegaralardan tashqariga qarashga jur’at etishni maslahat bergan bo‘lardim. Bugungi kunda chet tillarini o‘rgangan, xalqaro tajribaga ega hamda ko‘p madaniyatli muhitda ishlash qobiliyatiga ega yosh bitiruvchilar biz yashayotgan dunyoni tushunish va shu orqali o‘z taqdirini boshqarish uchun zarur vositalarga ega.

Fransuz tili ana shu dunyoga ochiqlikka xizmat qiladi. Chunki u besh qit’ada yashovchi qariyb 400 million so‘zlashuvchini birlashtirgan ulkan madaniy, akademik, ilmiy va iqtisodiy makonga kirish imkonini beradi. Fransuz tilini o‘rganish esa kelajakka qilingan sarmoyadir. Zero 2050-yilga borib dunyo bo‘ylab qariyb 700 million kishi fransuz tilida so‘zlashadi.

Shu bois men yoshlarni ta’lim olish uchun fransuz tilini va Fransiyani tanlashga undayman!

2. Dunyoga nisbatan ochiq fikrlilik. Hozirgi kunda jamiyatlarimiz tobora o‘zaro bog‘liq bo‘lib bormoqda. Boshqa madaniyatlarni tushunish, xorijiy tillarda so‘zlashish hamda xalqaro hamkorlar bilan ishlay olish katta ustunlik va talab yuqori bo‘lgan ko‘nikmalardandir.

Moslashuvchanlik. Texnologik innovatsiyalar, ayniqsa, sun’iy intellekt rivoji ta’sirida kasblar tez sur’atlarda o‘zgarib boryapti. Yoshlar butun hayoti davomida o‘qish va moslashishda davom etishlari, shuningdek, yangi imkoniyatlardan foydalana olishlari zarur bo‘ladi.

Tashabbuskorlik. Jamiyatlar yangi g‘oyalarni ilgari sura oladigan, tashabbus ko‘rsatadigan hamda o‘z mamlakati taraqqiyotida faol ishtirok etadigan yoshlarga muhtoj. Ertangi dunyoda aynan ijodkorlik va ijtimoiy faollik hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.

Bu xislatlarning barchasini rivojlantirish borasida Fransiya yangi o‘zbek avlodiga ko‘p narsani taklif qila oladi. Bugungi kunda mamlakatimizdagi 3 500 dan ortiq oliy ta’lim muassasalarida qariyb 450 ming nafar xorijiy talaba tahsil olmoqda. Fransiya muhandislik, iqtisodiyot, sun’iy intellekt, energetika transformatsiyasi, siyosiy fanlar, san’at va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda xalqaro miqyosda tan olingan muassasalarda yuqori sifatli ta’lim olish imkonini beradi.

3. Bitiruvchilarga eng samimiy tabriklarimni izhor etmoqchiman hamda ularga o‘z oldilariga qo‘ygan maqsadlarini amalga oshirishda har tomonlama muvaffaqiyatlar tilayman. Ushbu bosqich tanlovlar, kashfiyotlar va imkoniyatlarga boy hayajonli davrning boshlanishidir. Men ularni o‘z salohiyatlariga ishonishga hamda doimo yuksak marralarni ko‘zlashga chorlab qolaman.

Nihoyat, ularga kelajakka ishonch bilan qarashlarini tilayman. Ertangi dunyo yangi yechimlarni yarata oladigan insonlar qo‘lida bo‘ladi. Fransiyada aynan shunday dunyoqarash hukm suradi.
Nigina Abaszade
BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA)ning O‘zbekistondagi doimiy vakili
1. Bitiruvchi bo‘lib qolganimda, o‘zgarishlardan qo‘rqmaslikni maslahat bergan bo‘lardim. Hayot kamdan-kam hollarda aniq reja asosida kechadi. Ammo aynan yangi imkoniyatlar o‘sishimizga va o‘zimizda kutganimizdan ham ko‘proq narsani kashf etishimizga yordam beradi. Shuningdek, o‘zimga zamon bilan hamnafas bo‘lishni va o‘z yo‘limni tanlashni maslahat bergan bo‘lardim — har bir insonning o‘z sur’ati, o‘z saboqlari va o‘z yutuqlari bor. Va, albatta, o‘rganishni, savollar berishni va yangiliklarga ochiq bo‘lishni, hech qachon to‘xtamaslikni ham aytardim. Zamonaviy dunyoda bitta kasbning o‘zi yetarli emas. Hozir siz integrator bo‘lishingiz, va ya’ni kamida bir nechta fan va ko‘nikmalarni birlashtirishni bilishingiz kerak.

Xalqaro taraqqiyot sohasida va yoshlar bilan ishlaganimda, ayniqsa, qizlar va yigitlar uchun o‘z iste’dodiga, rivojlanishiga va hayot yo‘lini mustaqil tanlashiga ishonish qanchalik muhimligini tushunaman — bu kelajakka sarmoya kiritishdir. Aynan bugungi kunda yoshlarga yo‘naltirilgan investitsiyalar ertaga yanada barqaror va muvaffaqiyatli jamiyatni shakllantiradi va har bir yosh uning muhim bo‘g‘ini hisoblanadi.

2. Menimcha, yangi avlod vakillari uchun mazkur uchta fazilatga ega bo‘lish ayniqsa muhim: tanqidiy fikrlashhamdardlik va mas’uliyat. Bugungi kunda atrofda juda ko‘p ma’lumotlar mavjud bo‘lib, ularni mustaqil ravishda tahlil qilish va o‘z xulosalarini chiqarish muhim ahamiyatga ega. Boshqa odamlarga nisbatan hurmat va insoniylikni saqlash ham muhimdir.

3. 2025/2026 o‘quv yili bitiruvchilari — avvalo, o‘zingizga va imkoniyatlaringizga ishonch tilayman. Siz dunyo tez o‘zgarayotgan va aynan sizning avlodingiz uning kelajagini shakllantiradigan juda dinamik zamonga qadam qo‘ymoqdasiz. Xatolardan qo‘rqmang — ular ham o‘sish va rivojlanishning bir qismidir. Yangi narsalarni dadil sinab ko‘ring, rivojlaning, o‘z yo‘lingizni izlang va orzularingizdan voz kechmang.

Hozirgi kunda dunyo, ayniqsa, adolatli, sog‘lom va inklyuziv jamiyat yaratishga tayyor bo‘lgan bilimli, tashabbuskor va jonkuyar yoshlarga muhtoj. Eng muhimi, o‘zingizga va boshqalarga nisbatan hurmatni saqlang, chunki bu bizni jamiyat sifatida kuchliroq qiladi.
Qobil Xidirov
Davletovuz Telegram kanali muallifi, jurnalist
1. Modomiki o‘zimni bitiruvchi sifatida tasavvur qilar ekanman, avvalo, o‘qish-o‘rganishning ko‘pi bo‘lmaydi. Ko‘proq o‘qigin, sinfda baholaring a’lo bo‘lgani bilan katta hayotda, oliy ta’limda, yangi tengqurlaring orasida biliming ancha sayoz ekanini bilib qolasan. Ixtisoslashgan fanlaringdan tashqari kitob o‘qish va adabiyot sevimli mashg‘uloting bo‘lsin. Odamlar bilan muloqot — eng katta bilim manbai. Yaxshi suhbatdosh bo‘l, eshitishni o‘rgan.

Ingliz tilini tezroq va yaxshi o‘rganib olgin. Bo‘lmasa, keyinchalik, ingliz tilini qayta-qayta o‘rganish bilan ovora bo‘lib qolasan. Ko‘proq do‘st va tanishlar orttir, O‘zbekistonni aylan, yurtingni kashf qil. Yaxshi inson bo‘lishga harakat qil, shoshilma. Moliyaviy mustaqillik va savodxonlikka intil. Buni qancha tez anglasang — shuncha yaxshi.

2. Menimcha, bugungi yangi avlod vakillari uchun quyidagi uch hislat zarur:

Birinchisi, mehnatkash va mehnatni qadrlaydigan inson bo‘lishlari kerak, deb o‘ylayman. Bu hozirgi kunda muhim fazilatdir.

Ikkinchisi, erkinlikka intiladigan, tolerant, bag‘rikenglik fazilatiga ega bo‘lish ham juda muhim hisoblanadi. Erkin odam atrofida hammaslaklarini tez topadi, kundalik hayotidan rozi bo‘ladi.

Uchinchisi, qo‘rqmaslik. O‘z fikri, pozitsiyasini bildirishdan, mutlaqo yangi sohada o‘zini sinab ko‘rishdan, yangi bilimlarni olishdan, yangi imkoniyatlar eshigiga kirishdan qo‘rqmaslik kerak.

3. Hozirgi yoshlar insoniyatning eng yaxshi davrlarida katta hayotga kirib kelmoqda. 2025/2026-yil bitiruvchilari bundan 15−25 yil avvalgi tengqurlaridan ancha farovon, to‘q jamiyatda yashamoqda. Ularga o‘zlarini yaxshi ko‘rishlari, o‘zlariga eng yaxshi narsalarni ravo ko‘rishlarini tilayman.

Qaror qabul qilishga shoshilmang, yomon odatlardan o‘zingizni ham, tanangizni ham asrang. Imkon bo‘lsa dunyoni kezing, netvorkingga ochiq bo‘ling. Seving, seviling. Muhabbat ham bu hayotdagi eng katta ne’mat.

Omad tilayman!
реклама
реклама
Mo‘tabar Xushvaqtova
Ekofaol, urikguli blogi asosichisi:
1. O‘zimga shuni aytardimki, hamma narsani darhol bilish shart emas. Ko‘pchilik bu paytda “qaysi yo‘lni tanlayman?”, “xato qilsamchi?”, degan xavotirda bo‘ladi. Lekin eng muhimi — harakat qilish va o‘zingni sinab ko‘rish. Xatolar ham bu tajriba, degani. Yana bir maslahat: o‘zingni boshqalar bilan solishtirma, har kimning vaqti va yo‘li turlicha bo‘ladi.

2. Yangi avlod vakillarida mujassam bo‘lishi kerak uchta muhim xislat:

Moslasha olish qobiliyati. Chunki dunyo juda tez o‘zgaryapti.

Tanqidiy fikrlash. Har qanday ma’lumotni tahlil qila bilish zarur.

Mas’uliyat va befarq bo‘lmaslik. Nafaqat o‘z hayotiga, balki jamiyat va atrof-muhitga ham ongli munosabatda bo‘lish muhimdir.

3.  2025/2026 o‘quv yili bitiruvchilariga tilaklarim: o‘zingizga ishoning va qo‘rqmasdan yangi imkoniyatlarni sinab ko‘ring. Hamma narsa birinchi urinishdayoq ideal bo‘lmasligi mumkin, lekin bu to‘xtash uchun sabab emas. O‘z qiziqishlaringizni yo‘qotmang, yaxshi inson bo‘lib qoling va qayerda bo‘lsangiz ham jamiyatga foyda keltirishga harakat qiling. Omad sizlarga yor bo‘lsin!
Teacher Azam
Bloger
1. Birinchi navbatda bu dunyoda bo‘layotgan vaziyat va o‘zgarishlarni, ya’ni urushlar, kuchlar taqsimoti, sun’iy intellektning ijtimoiy oqibatlarini inobatga olishini maslahat berardim. Shuningdek, O‘zbekistondagi ijtimoiy, iqtisodiy jarayonlar, ish bozoridagi vaziyatni inobatga olgan holda qarorlar chiqarishni aytgan bo‘lardim. O‘zi sevgan ish bilan shug‘ullanishdan tashqari, kerakli bilim va ko‘nikmalarga e’tibor qaratish ham muhimdir. Bundan tashqari, qanday mahoratlar kombinatsiyasi eng kuchli formulani beryapti? O‘sha formulani o‘zim uchun topishni ta’kidlardim.

2. Hozirgi davrda sun’iy intellektning katta to‘lqini ketyapti. Har doim mazkur to‘lqinda bo‘lish kerak. Shu bilan birga, qiziquvchanlik va qayshqoqlik hislatlari ham bo‘lishi lozim.

3. Shu yillardagi bitiruvchilarga har doimgidan qiyinroq bo‘ladi. Chunki dunyo o‘zgarmoqda, O‘zbekiston o‘zgarmoqda, texnologiyalar o‘zgarmoqda. Umuman biz mavhum zamonlarga qadam qo‘yyapmiz, oldinda nima bo‘lishini hech kim bilmayapti. Shu bois bitiruvchi uka-singillarimizga kuch-quvvat tilayman, bardam bo‘linglar, oxiri baxayr bo‘lsin.
2025-YIL BITIRUVCHILARIGA MUROJAAT
2024-YIL BITIRUVCHILARIGA MUROJAAT
2023-YIL BITIRUVCHILARIGA MUROJAAT
2022-YIL BITIRUVCHILARIGA MUROJAAT
2021-YIL BITIRUVCHILARIGA MUROJAAT
2020-YIL BITIRUVCHILARIGA MUROJAAT
Materialni Mirolim Isajonov tayyorladi.

Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.
Made on
Tilda