Foto: Mumtozbegim
“Ichindagi ichindadur”.
O‘g‘iloy Mahmudova hikoyasi
“Iroda” loyihasining navbatdagi qahramoni — O‘zJOKU talabasi O‘g‘iloy Mahmudova. Bolaligini bog‘chada ishlagan payti yashaganini ta’kidlagan O‘g‘iloyning hikoyasida qishloq ayolining o‘ziga yetarli vaqt ajratolmasligi, ijtimoiy bosimning ruhiyatga ta’siri va o‘zgarishlar odatda ichki anglovdan boshlanishi kabi masalalar aks etadi.

“Iroda” loyihasining navbatdagi qahramoni — O‘zJOKU talabasi O‘g‘iloy Mahmudova. Bolaligini bog‘chada ishlagan payti yashaganini ta’kidlagan O‘g‘iloyning hikoyasida qishloq ayolining o‘ziga yetarli vaqt ajratolmasligi, ijtimoiy bosimning ruhiyatga ta’siri va o‘zgarishlar odatda ichki anglovdan boshlanishi kabi masalalar aks etadi.

“Iroda” — sinovlarga boy hayoti haqida hikoyasi bor, ammo oʻzi haqida gap ketganida birinchi galda inson ekanligiga, qobiliyatu salohiyatiga eʼtibor qaratilishini istovchi vatandoshlarning kechmishlari berib boriladigan loyihadir. Unda oʻz hayot hikoyasi bilan boʻlishmoqchi boʻlganlar Telegramʻda @Iroda_loyihaBot orqali bogʻlanishi mumkin.
“Uzr, guruhdoshlar bilan toqqa chiqadigan bo‘lib qoldik”, — bitiruv oldi imtihonlarga tayyorgarlik sabab faqat yakshanbadagina bo‘sh bo‘lishini ta’kidlagan O‘g‘iloyning rejasi intervyu oldi birdan o‘zgaradi.

Kursdoshlarining kattasi bo‘lgan suhbatdoshimizning bu kabi tadbirlarni qoldirmasligi, aksincha, tashkillashtirishga bosh-qosh bo‘lishi bejiz emas. Bu uning uchun g‘animat lahzalar kolleksiyasini boyitish, hayotidagi xo‘p yaxshi o‘zgarishlarga sabab bo‘lgan talabalik gashtini surishning yaxshi bir usuli. U o‘ziga yarasha murakkabliklar bilan kechgan “oltin davri”ni, unga mezbonlik qilgan Toshkent bilan bog‘liq ilk taassurotini hecham unutmaydi.
Binoyidek ishing bo‘lsa, begona joyda nima bor?, qabilidagi gaplarga qaramay, Qashqadaryodan poytaxtga keldim. Bu yerda meni eng hayratga solgani — odamlarning g‘ayritabiiy nigoh bilan qaramagani, qo‘lini bigiz qilib ko‘rsatmagani bo‘ldi. To‘g‘ri, hanuz ayrim istisnoli holatlar uchrab turadi. Lekin, umuman olganda, Toshkent meni hamma qatori qarshilab, xilma-xillik tabiiyligini eslatgani, bu anglov esa erkinlik va xotirjamlikni bergani uchun ham qadrli”, — deydi qamashilik O‘g‘iloy Mahmudova.
Tanlov emas, majburiyat
“1998-yilning fevralida ko‘zi yorigan onam oradan 1−1,5 oy o‘tar-o‘tmay mavsumiy ekish-sug‘orish ishlariga ko‘maklashishga majbur bo‘lgan. U dalada payti menga opalarim qarashgan”, — deydi O‘g‘iloy.
O‘zbekistondagi qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat qilayotgan aholining qariyb 40 foizi ayollardan iborat. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning “Qishloq xo‘jaligi va qishloq hayotida gender holati bo‘yicha milliy tahlili“dagi fermer xo‘jaliklariga oid tadqiqotda aytilishicha, ayollar kun davomida taxminan 11,5 soat vaqtini samarali mehnatga, 4,5 soatini uy yumushlarini bajarishga va 5,5 soatini esa bolaga qarashga sarflaydi.
реклама
реклама
O‘g‘iloyning ta’kidlashicha, aksari yosh bolali ayollarning o‘zi va farzandiga yetarli vaqt ajratolmasligi ko‘pincha tanlov emas majburiyatdan. Bunga odatda tirikchilik, an’anaviy qarashlar, sharoit va infratuzilma bilan bog‘liq muammolar sabab bo‘ladi.
Chaqaloq yaxshi boqilishi uchun ona to‘yib ovqatlanishi, ratsioni foydali mahsulotlardan iborat bo‘lishi kerak, to‘g‘rimi? Lekin hali tug‘ruqdan to‘liq tiklanmay turib, dalada mehnat bilan andarmon bo‘lgan insonning sog‘ligi, taomnomasi qanday qilib qoniqarli bo‘lishi mumkin?
Dunyo mamlakatlarining ochlik darajasini baholovchi Global Hunger Indexʼning 2025-yilgi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 6,7 foizi to‘yib ovqatlanmaslik sabab bo‘y o‘sishidan orqada qoladi. 2,4 foizi ozg‘in va 1,3 foizi esa 5 yoshga yetmasdan vafot etadi.

YUNISEFʼning “Bolalar ovqatlanishi to‘g‘risida”gi hisobotida qayd etilishicha, bola sog‘lom o‘sib rivojlanishi uchun quyidagi sakkiz guruhdan hech bo‘lmaganda beshtasiga kiruvchi mahsulotlarni iste’mol qilishi kerak. Bular: ko‘krak suti, non mahsulotlari, ildiz mevalilar, rezavor-tropik mevalar, dukkaklilar, yong‘oq-urug‘lar, cut mahsulotlari, shuningdek, go‘sht mahsulotlari (jumladan, parranda va baliq), tuxum, A vitaminiga boy meva-sabzavot hamda boshqa meva va sabzavotlardan iborat.
“Bolalar bolaligini yashasin!”
Bolalikda osmon qadar yuksak bo‘lgan orzular inson ulg‘aygani sayin yerlashib boradi, degan qarash O‘g‘iloy Mahmudovaning taqdirida o‘z tasdig‘ini topmagan. "Katta bo‘lsang, kim bo‘lasan?", degan savolga u qishloqdoshlarining aksariyati chevarligidan kelib chiqib “tikuvchi” deya javob bergan. 
реклама
реклама
Aslida esa qizaloqning kasb bilan bog‘liq xohishi mutlaq boshqa — radio dastur va kino-multfilm qahramonlarining ovozlari ta’sirida u dublyajga oshno bo‘lgan.
Ba’zi qo‘ni-qo‘shni va qarindoshlarning ota-onamga aytgan gaplari menga shunchalik og‘ir ta’sir qilganidan, istaklarim haqida ovoz chiqarish tugul, xuddi o‘zimni orzu qilishga haqqi yo‘qdek bilardim. Yoshim kichik bo‘lsa-da, Ey xudojon, his qilishni bilmasam bo‘lmasmidi? Nega tuyg‘ular bilan yashash bunchalik qiyin, deb o‘ylardim. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bolaligim haqida unchalik ham gapirgim kelmaydi. Ammo yashaganlarim boshqalarga saboq bo‘lishini xohlayman. Bolalar o‘z bolaligini yashashi uchun ularning oldida bo‘lar-bo‘lmas masalalarni gaplashmaslik, umuman, ularga tarbiya berishdan avval kattalarning o‘zi “ulg‘ayishi” kerak.
Tashqarida nima bo‘lganda ham oila davrasida u doim mehr-muhabbatni his qilgan. Masalan, shamollab qolgan payti otasining pech cho‘g‘ida sholg‘om pishirib bergani — uning eng iliq xotiralaridan.

Aslida ushbu sabzavotni bemaza bilsa-da, dadasining mehrini ifodasi ekani, qolaversa, uni yeb tuzalish do‘xtirga borib, ukol olgandan yaxshiroq tuyilgani uchun ham o‘sha sholg‘omning ta’mi og‘zida qolgan.
“Boshlang‘ich sinfda o‘qiyotgan paytlarimda vitamin yetishmovchiligi bilan bog‘liq raxit tashxisi qo‘yilgan. Ba’zi ko‘rsatmalarni yozib bergan shifokor, ularga amal qilgach qayta ko‘rikdan o‘tishimni tayinlagan. Bu tashxis qanchalik asosli bilmadim, lekin men keyin boshqa bu masala bilan tibbiyot muassasalariga borganim yo‘q. Bunga sharoit va imkon bo‘lmagan”, — tushuntiradi u.
Raxit — asosan erta yoshdagi bolalarda D vitamini, kalsiy va fosfor yetishmasligi oqibatida kelib chiqadigan xastalik. O‘zbekistonda ushbu kasallik 1 yoshgacha bo‘lgan chaqaloqlarning taxminan 27 foizida uchraydi.
O‘zgarishlar ichki anglovdan boshlanadi
Mang‘it qishlog‘idagi 38-sonli maktabda tahsil olgan O‘g‘iloy Mahmudova hadebam ko‘chaga chiqmagan. To‘y va marosimlarga, maktab bozoriga ham bormagan. Qatnaydigani faqat maktabi bo‘lgani uchun ta’limni uydan davom ettirish haqidagi “tavsiyalar”ni qabul qilmagan.
“Muloqot qilish, fikr almashish insonning ruhiyati va rivojlanishi uchun muhim. Shuning uchun, ayniqsa, nogironligi bor shaxslarning ijtimoiylashishini rag‘batlantirish, ular o‘zini jamiyatga begona emas, uning bir qismi sifatida his qilishiga ko‘maklashish kerak”, — deydi u.

U 2014−2017-yillari Qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejida o‘qigan. O‘qishni tamomlagach, buyog‘iga nima qilishini o‘ylab tushkunlikka tushib qolgan. O‘zini uy yumushlari, mutolaa bilan chalg‘itmoqchi bo‘lgan.

O‘sha “Yolg‘izlikning yuz yili”dek “O‘tkan kunlar”ida kitoblar unga hayot faqat “Yulduzli tunlar”dan iborat emasligi, quyoshli kunlar hali oldindaligini eslatgandek bo‘lgan. Kutubxonaga borgan kunlarining birida esa ustozi unga ta’limni davom ettirishni maslahat bergan.
Qarshi davlat universitetiga hujjat topshirishga borganimda, hayotimda ilk bor ko‘plab nogironligi bor insonlar bilan qarshilashdim. Yigit-qizlardagi harakatchanlik va hayotga bo‘lgan ishtiyoq menga boshqacha ta’sir qildi. Qaysidir ma’noda hammaning o‘z dardi va muammosi borligi, lekin nima bo‘lganda ham inson o‘z hayoti oldida mas’ulligini anglagandek bo‘ldim. O‘shandan boshlab o‘z oldimga turli maqsadlar qo‘yishga va ularga erishish uchun harakat qilishga ahd qildim.
Ketma-ket uch yil o‘qishga kira olmagan O‘g‘iloy pazandachilik va tikuvchilikni o‘rgangan. Karantin paytida qo‘shni bolalarni maktabga tayyorlab, ularga harf o‘rgatgan. Natijada mahalla bolalari qatori jiyani ham birinchi sinfga o‘zbek va rus alifbosini tanib, yozish-chizishni o‘rganib borgan. Bolaning savodini xolasi — O‘g‘iloy chiqarganidan xabar topgan ustozlar unga bog‘chada ishlashni taklif qilishgan.

“Bolaligimni bog‘chada ishlagan paytim yashadim. Bolajonlar bilan birga o‘ynardik, shug‘ullanib, zavqlandik. Men ularga, ular menga mehr qo‘ydi. Ba’zida mendan beg‘uborlik bilan ‘Bog‘cha opa, nega kichkina bo‘lib qolgansiz’, deb ham so‘rashardi. Mendan ‘kasha’ni oxirigacha yemaganim sabab bo‘lgani haqidagi javobni olgach, ‘bo‘ldi, endi bo‘tqamni oxirigacha tugatib qo‘yaman’, deyishardi”, — tabassum qiladi u.
O‘sha kezlar O‘g‘iloy o‘zini sportda ham sinab ko‘rgan. Og‘ir atletika bilan shug‘ullanib, parasportchilarning tuman musobaqasida uchinchi o‘rinni olgan. “Kuchayib ketib” Parij-2024 paralimpiya o‘yinlarida qatnashishni, chempion bo‘lib O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘kka ko‘tarishni istagan.

Lekin qo‘li qayrilishi bahonasida shifokorga borganida — sportning ushbu turi bilan shug‘ullanishda davom etsa, suyaklariga jiddiy zarar yetishi mumkinligidan xabar topgan.

“Sportni tashlashga majbur bo‘ldim, to‘g‘ri. Natija ham men kutgandek bo‘lmadi. Lekin, fikrimcha, urinib ko‘rganim, buning uchun o‘zimda jur’at topganimning o‘zi bir g‘alaba. Muhimi men kimgadir nimanidir isbotlash uchun emas, o‘z imkoniyatlarimni kashf qilish uchun harakat qildim”, — deydi 2022-yilda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetiga davlat granti asosida o‘qishga kirgan O‘g‘iloy.
O‘g‘iloy Mahmudova nogironligi bor insonlar va inklyuzivlik haqida ko‘proq gapirilishi, ularni qiynayotgan muammolar yoritilishini istaydi. Chunki O‘zbekiston faqat Toshkentdan iborat emas.

Poytaxtda panduslar yetishmasligi yoki svetoforlar gapirmasligi kabi muammolar o‘rinli ravishda muhokama qilinayotgan bir paytda, chekka hududlardagi ayrim insonlar nogironligi sabab uyida “qamalib” yashyotgan bo‘lishi mumkin.

Ular orasida ta’lim olish, tibbiy xizmatdan foydalanish, hatto o‘z hayotini mustaqil tanlash huquqidan mosuvo, mavjud imtiyozlardan ham bexabar qolayotganlar bor katta ehtimol bilan.
Masalan, nogironligi bor shaxslarning oila qurish masalasi ham e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan mavzulardan. Sababi stereotiplarni deb
qarshilik va bosimlarga duch kelayotganlar yo‘q emas. Voyaga yetgan har bir inson o‘z hayoti bilan bog‘liq boshqa masalalar singari turmush qurish yo qurmaslikni ham o‘zi hal qilishi kerak. Atrofdagilar, ayniqsa, yaqinlari esa u qarorni hurmat qilishi lozim.
Bir paytlar his-tuyg‘ular yashashni qiyinlashtiradi deb bilgan O‘g‘iloy bugun inson aslida faqat aqli emas hislari bilan ham insonligi, ularsiz odamning tirik murdadan farqi bo‘lmasligini tushunib yetgan. “Magistraturani psixologiya bo‘yicha o‘qib, odamlarga yordam berishni xohlayman”, — deydi u.
Materialni Guliraʼno Musayeva tayyorladi.
Fotosuratlar muallifi: Mumtozbegim/ Gazeta

Matn va barcha grafik materiallarga boʻlgan huquqlar Gazeta nashriga tegishli. Gazeta internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? Oʻz hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda