Foto: Xolida Musulmon / Gazeta
O‘zbek quruti qanday tayyorlanadi?
Ishtixonlik Habibulla Sulaymonov hikoyasi
O‘zbek quruti qanday tayyorlanadi?
Ishtixonlik Habibulla Sulaymonov hikoyasi
Samarqand viloyatida yashovchi 72 yoshli Habibulla Sulaymonov 30 yildan beri hovlisida qurut tayyorlaydi. Mavsum paytida uning oilasi oyiga uch-to‘rt tonnagacha ushbu quritilgan sut mahsulotini ishlab chiqaradi. Tayyor qurutlar O‘zbekistonning turli hududlaridagi bozorlarga yetkaziladi. Gazeta sayyohlarni doim hayratga soladigan sho‘r mahsulot qanday tayyorlanishini kuzatdi.
Samarqand viloyatida yashovchi 72 yoshli Habibulla Sulaymonov 30 yildan beri hovlisida qurut tayyorlaydi. Mavsum paytida uning oilasi oyiga uch-to‘rt tonnagacha ushbu quritilgan sut mahsulotini ishlab chiqaradi. Tayyor qurutlar O‘zbekistonning turli hududlaridagi bozorlarga yetkaziladi. Gazeta sayyohlarni doim hayratga soladigan sho‘r mahsulot qanday tayyorlanishini kuzatdi.
Samarqand viloyatining Ishtixon shahridagi Sulaymonovlar xonadoni hovlisiga kirishingiz bilan nordon suzma hidi dimog‘ingizga uriladi. Temirdan yasalgan baland moslamalarga terib qo‘yilgan yog‘och patnislarda endigina tayyorlangan qurutlar qurimoqda. Bahorning mayin quyoshi oppoq qurutlarning dumaloq yuziga iliq nur sochadi.

72 yoshli Habibulla Sulaymonov qator terilgan patnislar oralab sekin yurib, yo‘l-yo‘lakay to‘xtab qurutlarning qay darajada quriganini tekshiradi. Ishtixon tumanidagi fermer xo‘jaligida uzoq yillar agronom bo‘lib ishlagan Habibulla aka 30 yildan oshiq vaqtdan beri qurut tayyorlash bilan shug‘ullanadi.
Qo‘shni xonadan suzma aralashtirilayotgan uskuna shovqini eshitiladi. Uy ichida oq xalatdagi ayollar rang-barang ko‘rpachalar ustida yonma-yon o‘tirib, hosil bo‘lgan quyuq suzmani kaftlari orasida mohirlik bilan aylantirib, ko‘z ochib-yumguncha uni bir xil, dumaloq qurutchalarga aylantirib qo‘yadi.
реклама
реклама
“Biz tomonda qurut qiladiganlar ko‘p edi. Biz ham bir urinib ko‘raylik dedik. Avvaliga faqat o‘zimiz, bolalarimiz uchun tayyorlardik. Keyin tanish-bilishlar, qo‘ni-qo‘shnilar kirib qolib, qiziqa boshladi. Tatib ko‘rib, sotib olishardi. Bir necha yildan keyin qurutni bozorga ham olib chiqdik. Dastlab bir necha savat sotardik, keyinchalik esa savdo asta-sekin yurishib ketdi”, — deydi Habibulla aka.
Sulaymonovlar oilasi dastlabki o‘n yil davomida qurutni to‘liq qo‘lda tayyorlagan. Buning uchun avval sutdan suzmaga o‘xshash quyuq nordon sut mahsuloti olinadi — Samarqandda uni “chakki” deb atashadi.

“Chakki” tayyorlash jarayoni qiyin emas, biroq sabr talab qiladi. Qatiq bir necha qavat dokaga solinib, bir necha soatga osib qo‘yiladi. Zardobi to‘liq sizib chiqqach, massa quyuqlashadi — qurut uchun asos ham shu tariqa tayyor bo‘ladi. Habibulla akaning aytishicha, Samarqand chakkasi Toshkentnikidan ancha farq qiladi: u ko‘rinishidan yumshoqroq va ko‘pchigan, ta’mi esa mayin nordonligi va qaymoqsimonligi bilan ajralib turadi.
Ish yurishib ketgach, oila tayyor suzma xarid qila boshlagan. Habibulla aka o‘g‘illari bilan har kuni eng yaqin bozorlargacha borib-kelish uchun qariyb 100 kilometr yo‘l bosgan. Hozir esa sut mahsulotlari har kuni Qo‘shrabot tumanining Jo‘sh qishlog‘idan yetkazib beriladi. Sulaymonovlar bir oyda sut yetkazib beruvchilardan 10–12 tonnagacha suzma sotib oladi.

Qurut tayyorlash uchun suzma tuzlanadi va quyuq hamda bir xil massaga kelguncha yaxshilab aralashtiriladi. Hosil bo‘lgan massa kichik kubik shaklida kesib chiqiladi. Mukammal yumaloq shakl berish uchun qurutlar shisha doska ustida dumaloqlanadi, so‘ngra patnislarga teriladi. Habibulla akaning aytishicha, faqat bitta patnisning o‘ziga 300 dan ortiq qurut sig‘adi, hovlida esa bunday patnislardan o‘nlab bor.
Jarayonning eng murakkab bosqichi — quritish. Qurut qotishi uchun erkaklar patnislarni hovliga, ochiq havoga olib chiqadi. Oradan vaqt o‘tgach, mahsulot uzoq vaqt quyosh ostida qolmasligi uchun yana ichkariga olib kiriladi. Uy sharoitida qurutlar bir tekis qurishi uchun vaqti-vaqti bilan ag‘darib turiladi. Tayyor qurutning o‘ziga xos jihati — u tashqi tomondan qattiq bo‘lsa-da, yeganda biroz uvalanib ketadi.
“Bizning ishda ham mavsumiylik qishloq xo‘jaligidagi kabi yaqqol seziladi. Bahor va kuzda to‘rt tonnagacha qurut tayyorlaymiz, qish va yozda esa ikki tonna atrofida bo‘ladi. Ta’til paytlari hamda yangi meva-cheva mavsumida savdo ancha susayadi. Sovuq, yomg‘ir yoki qorli kunlarda qurutni quritish odatdagidan ko‘ra ko‘proq vaqt talab qiladi.”, — deydi Habibulla aka.

Sulaymonovlar oilasining asosiy mahsuloti — oddiy toza qurut. Biroq ba’zan buyurtmaga ko‘ra qalampir va rayhon qo‘shilgan, ta’mi biroz achchiqroq qurut ham tayyorlanadi.
Tayyor qurut qop-qop qilib mamlakat bo‘ylab tarqaladi. Hovliga muntazam ravishda “Damas”larda savdogarlar kelib, mahsulotni Toshkent, Namangan, Andijon, Farg‘ona va boshqa viloyatlar bozorlariga olib ketadi. Habibulla akaning aytishicha, ba’zan Samarqand quruti Qozog‘iston va Qirg‘izistongacha ham yetib boradi.
Yillar o‘tib, ish hajmi bilan birga ishchilar safi ham kengaygan. Bugun Habibulla aka bilan birga 16 kishi mehnat qiladi. Ular orasida oila a’zolari ham, qo‘ni-qo‘shnilar ham bor.

“Har kimga ish topib berishga harakat qilamiz: kimdir suzmani aralashtiradi, kimdir qurutlarni dumaloqlaydi, yana kimdir patnislarni tashiydi. Bir savat qurut uchun 3 500 so‘m to‘lanadi. Odatda ishchilar bir kunda 50 taga yaqin savat tayyorlashga ulguradi — bu 150–175 ming so‘m degani. Shunday qilib, bir haftada qariyb bir million so‘m ishlab topishadi”, — deydi xonadon egasi.
реклама
реклама
Qurutdan topilgan daromad hisobiga oila mashina sotib oldi, uyni ta’mirladi, farzandlarining to‘yini qildi, Sulaymonovlar esa haj safarini ado etdi.

“Savdoda eng muhimi — odamlarni aldamaslik. Na tarozida, na gapda. Men uchun eng muhimi halollik, sifatga qat’iy rioya qilish va men bilan birga mehnat qilayotgan insonlarga g‘amxo‘rlik qilish”, — deydi Habibulla aka.
Kelgusida Habibulla aka o‘zining qurut brendini yaratishni orzu qiladi — uni qulay, zavod usulidagi qadoqda chiqarib, mamlakat bo‘ylab sotishni istaydi. Shunda uning qo‘li bilan tayyorlanadigan qurutni imkon qadar ko‘proq odam tatib ko‘rishi mumkin bo‘ladi.

Matn muallifi: Farzona Xamidova.

Mirolim Isajonov suhbatlashdi.

Suratlar muallifi Xolida Musulmon.

Matn va grafik materiallarga bo'lgan barcha huquqlar Gazeta'ga tegishli. Gazeta.uz saytida joylashtirilgan materiallardan foydalanish shartlari bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli ma’lumotlarni bilasizmi va ularni dunyo bilan baham ko‘rmoqchimisiz? Hikoyangizni sp@gazeta.uz manziliga yuboring.

Made on
Tilda