Brayton Bichdagi
“Kichkina Toshkent”
O‘zbek do‘konlari tarmog‘i qanday qilib Nyu Yorkning diqqatga sazovor maskaniga aylandi?
Tashkent Supermarket — o‘n yil ichida Koni Aylend avenyusidagi bitta do‘kondan butun Nyu York bo‘ylab beshta filialgacha kengaygan, milliy taomlar taklif etuvchi issiq oshxonaga ega do‘konlar tarmog‘i. Gazeta ushbu biznes qanday yo‘lga qo‘yilgani, minglab xaridorlarni nima bilan o‘ziga jalb etishi hamda nega palov, manti va issiq non uchun bu yerga odamlar shaharning hamma burchaklaridan kelishini o‘rganish maqsadida ular orasida eng dong‘i ketgani — Brayton-Bichdagi filialiga tashrif buyurdi.
Tashkent Supermarket — o‘n yil ichida Koni Aylend avenyusidagi bitta do‘kondan butun Nyu York bo‘ylab beshta filialgacha kengaygan, milliy taomlar taklif etuvchi issiq oshxonaga ega do‘konlar tarmog‘i. Gazeta ushbu biznes qanday yo‘lga qo‘yilgani, minglab xaridorlarni nima bilan o‘ziga jalb etishi hamda nega palov, manti va issiq non uchun bu yerga odamlar shaharning hamma burchaklaridan kelishini o‘rganish maqsadida ular orasida eng dong‘i ketgani — Brayton Bichdagi filialiga tashrif buyurdi.
O‘zbekistonda mehmonni osh bilan siylash, barra mahsulotlar xarid qilish uchun bozorga olib borish, qadimiy shaharlarni ko‘rsatish va ko‘p asrlik an’analar bilan tanishtirish odat tusiga kirgan. Shuning uchun ham mamlakatimizni ko‘pincha mehmondo‘st va samimiy deb atashadi. Biz mehmonlarga o‘zlarini o‘z uylaridagidek his etishda yordam berishdan mamnun bo‘lamiz.

Vatanidan minglab kilometr olisda ham mehmonlarga nisbatan ana shunday munosabatni saqlab qolgan o‘zbekistonliklar bor. Dunyoning eng talabchan megapolislaridan biri — Nyu Yorkda o‘n yildan ortiq vaqtdan beri issiq taomlar tayyorlanadigan oshxonaga ega Tashkent Supermarket do‘konlar tarmog‘i faoliyat yuritib kelmoqda. Nyu York meri Zohran Mamdaniga bu yerdagi mantilar manzur bo‘lgan, mashhur amerikalik aktrisa Sara Jessika Parker esa Manxettendagi beshinchi filial ochilishini orziqib kutganini tan olgan.

Gazeta muxbirlari Brayton Bichdagi supermarketda bo‘lib, uning menejeri Fazliddin Asrorqulov bilan tarmoqning ichki tuzilishi, o‘zbekona reseptlarning moslashtirilishi hamda to‘yimli tushlik narxini 10-15 dollar atrofida ushlab turish mexanizmlari haqida suhbatlashdi.
Tumanning “yuragi” —
“Kichkina Toshkent”
Brayton-Bich avenyudagi do‘kon — tarmoqdagi birinchisi emas, shunga qaramay, aytish mumkinki, eng taniqlisi. U tumanning eng gavjum chorrahasida, metro estakadasi ostidagi burchakda joylashgan.

Supermarket menejeri Fazliddin Asrorqulovning so‘zlariga ko‘ra, bu yer yuqori piyodalar oqimini hisobga olgan holda tanlangan: Nyu York aholisining salmoqli qismi jamoat transportidan foydalanadi va bu yerdagi harakat ertalabdan to kechgacha tinmaydi.

“Bir tomondan to‘g‘ridan-to‘g‘ri plyajga chiqiladi, ikkinchi tomonda — metro, tepada esa poyezd yurib turadi. Odamlar shu yerda stansiyadan chiqishadi — bu Braytondagi eng serqatnov joy. Nyu Yorkda ko‘pchilik uyda ovqat pishirmaydi — vaqt yo‘q, hamma band. Ular do‘konga kirib, kerakli narsasini olib ketaveradi”, — deya tushuntiradi u.
Brayton Bich tumani odatda “Kichik Odessa” deb yuritiladi. Bu nom unga XX asrning ikkinchi yarmida boshlanib, 1990-yillarda kuchaygan sobiq SSSR mamlakatlaridan kelgan muhojirlar oqimidan so‘ng o‘rnashib qolgan. Tarmoqning birinchi shoxobchasi 2012-yilda Koni Aylend avenyusida ochilgan edi. Bu asta-sekinlik bilan o‘ziga mijoz to‘plagan, minimal infratuzilmaga ega kichik do‘kon edi. Oradan besh yil o‘tib, 2017-yilda Brayton Bichdagi filiali ishga tushdi.

“Bruklinda o‘zimiznikilar ko‘p. O‘zbekiston, Toshkent haqida tasavvurga ega bo‘lgan rusiyzabonlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Shuning uchun ham do‘kon nomi ularga tanish tuyuladi”, — deydi Asrorqulov.
Asosiy xaridorlar – yaqin-atrofdagi uylarda yashovchi aholi. Menejerning fikricha, ularni o‘ziga tortadigan narsa faqatgina bu yerning yaqinligi va qulayligi emas. Gap jamoa har bir mayda narsada ko‘rsatishga harakat qilayotgan o‘zbekona mehmondo‘stlikdadir. Agar xaridor biror mahsulotni topa olmasa, xodim unga kerakli rastagacha hamrohlik qiladi, tanlashga ko‘maklashadi va kuni yaxshi oʻtishini tilaydi.

“Mijoz birinchi o‘rinda. Hamisha yuzda tabassum bo‘lishi kerak. Shu sababli bir marta kelgan odam doim qaytib keladi”, — deydi Fazliddin.
реклама
реклама
Bugun bu chorrahani ko‘pchilik “Kichkina Toshkent” deb ataydi, chunki bu yerga ulkan qozonlarda pishirilgan palov, qovoqli qaynoq manti, shuningdek, Buxoro, Samarqand va Toshkent reseptlari asosida yopilgan non uchun atayin kelishadi.

Doʻkon ichkarisi qanday tuzilgan

Do‘kon ichkarisi taxminan 16–20 ta bo‘limga, jumladan, kirishdagi xavfsizlik xizmati, kassa, go‘sht, shirinlik, non mahsulotlari, baqqollik, meva-sabzavotlar bo‘limlari, ikkita oshxona va fudbarga ajratilgan. Isitiladigan patnislar va sovitkichli peshtaxtalarga 210 xildan ortiq taom, salat, pishiriq va desertlar qo‘yilgan.

Faqatgina fudbarning o‘zida taomlarni tortish va to‘ldirib borish bilan 36 nafarga yaqin xodim shug‘ullanadi. Brayton filialida jami 200 dan ortiq kishi mehnat qiladi. Menejerning so‘zlariga ko‘ra, ish jarayoni “hech qachon to‘xtamaydi” – do‘kon haftasiga yetti kun, tonggi soat oltidan yarim tungacha ishlaydi.
Ko‘pchilik taomlar an’anaviy o‘zbek reseptlari asosida tayyorlanadi. “Palovni o‘zgartirib bo‘lmaydi”, — deydi Asrorqulov ishonch bilan.

Ayrim taomlar mahalliy xaridorlarga moslashtirilgan: masalan, bir qator taomlarda yog‘ miqdori O‘zbekistondagiga nisbatan kamaytirilgan.

Mijozlar orasida, ayniqsa, qovoq va ismaloqli manti juda xaridorgir.
Do‘konda nonlar hududiy reseptlar asosida — Toshkent, Buxoro, Samarqand nonlari, patir, obinon, lepyoshka kabi turlarda yopiladi. Har bir non turiga o‘z novvoyi biriktirilgan bo‘lib, ular yangi xodimlarga hunar o‘rgatadi.
Do‘kondagi barcha mahsulotlar — halol. Agar mahsulot tarkibida talablarga mos kelmaydigan masalliq aniqlansa, u peshtaxtaga qo‘yilmay, ta’minotchiga qaytarib yuboriladi.

Go‘sht Nyu Jersidagi USDA standartlari bo‘yicha sertifikatlangan o‘zimizning halol kushxonadan keltiriladi; kolbasa va go‘sht mahsulotlari esa “Baht” savdo belgisi ostida ishlab chiqariladi.
“Biz ishlab chiqarishdan do‘konlarga yetkazib berishgacha bo‘lgan butun jarayonni nazorat qilamiz”, — deya tushuntiradi Fazliddin. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQShda bir xil yuqori sifatni ushlab turish oson emas — bu katta xarajat va doimiy nazoratni talab etadi.
Mahsulotlarning taxminan 20 foizi, jumladan, quruq mevalar, yong‘oqlar, zig‘ir yog‘i O‘zbekistondan olib kelinadi. Mahalliy brendlarning ayrim tovarlari Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlaridagi distribyutorlar orqali import qilinadi. Logistikani to‘rt-beshta ixtisoslashgan kompaniya amalga oshiradi. Qolgan mahsulotlar MDH mamlakatlari va amerikalik ishlab chiqaruvchilar hisobidan shakllantiriladi.
Tashkent Supermarket tarmog‘ida Nyu-Yorkda istiqomat qiluvchi turli millatlarga mansub mingga yaqin kishi ishlaydi. Xodimlar orasida O‘zbekiston, Rossiya, Ukraina, Meksika va boshqa mamlakatlardan kelganlar bor. Garchi Brayton Bichda rus va o‘zbek tillari ham kam eshitilmasada, ish jarayonidagi muloqot ingliz tilida olib boriladi. Agar xodim ingliz tilini bilmasa, u moslashib olguniga qadar o‘z ona tilini biladigan hamkasblari yordam berib turadi.

“Taomlarimizning oʻzi – reklama”

Tashkent Supermarket fudbarida 10–15 dollarga to‘yib ovqatlanish mumkin — bu yerdagi bir hissa palov restorandagidan ikki-uch baravar arzon turadi. Fazliddin Asrorqulovning so‘zlariga ko‘ra, hamyonbop narxlar ishlab chiqarish miqyosi va o‘z xomashyo bazasiga egalik bilan izohlanadi.

“Narxni past ushlab turish uchun ko‘proq ishlab chiqarish kerak. Va mahsulotlarning aksariyati o‘zimizdan chiqadi”, — deydi u.

Aksariyat taomlar uchun go‘sht o‘z kushxonasidan olinadi, bu esa tannarx va sifatni nazorat qilish imkonini beradi.
Ovqatni faqat do‘konning o‘zidan olib ketish shart emas. Tashkent Supermarket AQShda mashhur bo‘lgan Grubhub, Uber Eats va DoorDash kabi oziq-ovqat yetkazib berish xizmatlari bilan ham ishlaydi, yirik filiallarida esa buyurtmalarni eshikgacha yetkazib beruvchi o‘z kuryerlari ham bor.

Do‘konning ijtimoiy tarmoqlar va reklama bilan shug‘ullanadigan alohida jamoasi mavjud. Biroq, menejerning aytishicha, asosiy o‘rinni baribir taom va servis egallaydi.

“Mahsulotlarimiz, taomlarimiz va xodimlarimizning o‘zi tabiiy reklamaga aylanib qolgan”, — deydi u ishonch bilan.
Fazliddinning aytishicha, Nyu Yorkda “sarafan radio” yaxshi ishlaydi. Oziq-ovqat blogerlari do‘kon haqida xabar topib, ularning videolari virusdek tarqalguniga qadar supermarket shaharda allaqachon mashhur bo‘lib ulgurgan edi.
реклама
реклама
Nyu York shahar kengashi a’zosi Zohran Mamdani intervyularidan birida Tashkent do‘konining mantisini tatib ko‘rishni tavsiya qilgan.

“Yaqinda janubiy Bruklindagi “Tashkent” degan joyda manti yedim. Aql bovar qilmas [darajada mazali]. Albatta kirib ko'ring”, — deya o‘rtoqlashgandi u.

Menejerdan ushbu izohdan so‘ng savdo oshdimi, deb so‘ralganda, u shunchaki jilmaydi: “Bizda shundog‘am manti doim yetishmaydi. Chiqariladi-yu, tugaydi. Chiqariladi-yu, tugaydi”.
Oddiy kunlarda bu yerda turli xaridorlarni uchratish mumkin. Gazeta muxbirlari ularning bir nechtasi bilan suhbatlashdi.
Lilya O‘zbekistonda ulg‘aygan, Bruklinda yashaydi va bu yerga deyarli har kuni keladi.

“Vatan sog‘inchi bor, uyga talpinaman — hech narsani yashirmayman, — deydi ayol go‘sht tanlar ekan. — Bu yerdagi mahsulotlar doim sifatli, barra, pokiza ekanini bilaman. Va eng asosiysi — halol”.

Sem va Meri supermarketga birinchi marta kelishlari — plyajga ketayotib, yo‘l-yo‘lakay kirishga qaror qilishibdi. Ular o‘zbek taomlari haqida deyarli hech narsa bilishmasdi va yangi biror narsa tatib ko‘rishni xohlashdi.

Yana bir xaridor, mahalliy fuqaro, bu yerga muntazam kelib turadi va har safar manti olib ketadi. U mantini birinchi marta Rokeuey Bichdagi Uma’s nomli o‘zbek restoranida yeb ko‘rgan va o‘shandan beri hamma yerdan qidiradi.

“Bu yerdagi mevalar ham doim ajoyib. Tanlov katta, sifati yaxshi”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Har bir filial devorlariga O‘zbekiston shaharlari manzaralari tushirilgan plakatlar osilgan. Asrorqulovning so‘zlariga ko‘ra, bu yerdagi muhit O‘zbekiston hissini berishi kerak. Yangi mijoz ilk bor milliy taomlarni tatib ko‘rib, bu nima va qayerdan ekanini so‘rasa, xodimlar tushuntirib berishadi. Tarmoqning asosiy vazifasi ham shu — taomlar orqali tashrif buyuruvchilarni o‘zbek madaniyati bilan tanishtirish.

Davlat Umarov suhbatlashdi.

Matn muallifi: Zilola Toirova.

Muharrir: Viktoriya Abduraximova.

Suratlar muallifi: Yevgeniy Sorochin.


Matn va grafik materiallarga bo‘lgan barcha huquqlar Gazetaʼga tegishli. Gazeta veb-saytida joylashtirilgan materiallardan foydalanish shartlari bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.


Qiziqarli ma’lumotlarni bilasizmi va uni dunyo bilan baham ko‘rmoqchimisiz? Hikoyangizni sp@gazeta.uz manziliga yuboring.

Made on
Tilda