“Fanatlik – O‘zbekistonni sevganimizdan”
Fan-klub Jahon chempionatida terma jamoani
qanday qo‘llab-quvvatladi?
“Fanatlik – O‘zbekistonni sevganimizdan”
Fan-klub Jahon chempionatida terma jamoani qanday qo‘llab-quvvatladi?
Futbol bo‘yicha Jahon chempionati doimo muxlislar bayramiga aylanadi. Gazeta Amerika va Meksika ko‘chalarida o‘z chiqishlari bilan yodda qolgan fan-klub, O‘zbekistonning ilk o‘yinida qur’aga tanga yetkazgan Javohir Shermuhammatov va terma jamoaga 8-yildan buyon muxlislik qiladigan amerikalik Konnor Merkle haqida hikoya qiladi.
Futbol bo‘yicha Jahon chempionati doimo muxlislar bayramiga aylanadi. Gazeta Amerika va Meksika ko‘chalarida o‘z chiqishlari bilan yodda qolgan fan-klub, O‘zbekistonning ilk o‘yinida qur’aga tanga yetkazgan Javohir Shermuhammatov va terma jamoaga 8-yildan buyon muxlislik qiladigan amerikalik Konnor Merkle haqida hikoya qiladi.

Ushbu material

ko‘magida tayyorlandi

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston fan-klubi a’zolari Amerika, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tayotgan Jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasining guruh bosqichi o‘yinlarida futbolchilarni qo‘llab-quvvatladi. Gazeta futbol muxlislarining terma jamoaga qanday dalda bergani va ruhan yelkadosh bo‘lgani, Atlantada yashovchi Konnorning O‘zbekiston futboliga qanday qiziqib qolgani va tarixiy o‘yinni boshlab berish uchun tanga tashlash marosimida ishtirok etgan Javohir haqida hikoya qiladi.

Tahririyat chempionat boshlanishidan avvalroq fan-klubning Andijondagi tayyorgarlik jarayonlaridan ham reportaj tayyorlagan edi.
O‘zbekiston – Kolumbiya
O‘zbekiston va Kolumbiya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin 18-iyun kuni Meksikadagi olamshumul “Atsteka” stadionida bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston fan klubi a’zolari “Atsteka”ga “Temuriylar keldi! Boburiylar keldi!” deya hayqiriqlar bilan kirib bordi. O‘sha uchrashuvdagi Abbosbek Fayzullayevning goli JCHda O‘zbekiston kiritgan birinchi gol bo‘ldi.
Fan-klub rahbari Nodirjon To‘ychiyevning eslashicha, o‘yin oldidan ko‘pchilik kolumbiyalik muxlislar bilan yuz berishi mumkin bo‘lgan to‘qnashuvlar haqida ogohlantirilgan. Biroq, hammasi do‘stona muhitda o‘tdi — muxlislar futbolkalarini almashishdi, esdalik uchun suratga tushishdi, ko‘plab kolumbiyaliklar esa o‘zbekistonliklardan milliy do‘ppilarni sovg‘a sifatida olishdi.
“80 mingdan ortiq odam sig‘adigan maydonda 150 nafar muxlis bilan O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashga, futbolchilarimizni yolg‘izlatib qo‘ymaslikka harakat qildik. Hech kimdan cho‘chiganimiz yo‘q, 90 daqiqa tinim bilmay muxlislik qildik”.

Nodirjon To‘ychiyev
Andijon fan-klub rahbari
“38 million ovoz”
Kam sonli muxlis borishi mumkinligini inobatga olgan holda Coca Cola avvaldan O‘zbekiston ahlining futbolchilarni qo‘llab-quvvatlovchi ovozlarini yig‘a boshlagan edi.

“Kolumbiya muxlislari ozgina bo‘lgan o‘zbekistonliklarni “yeb qo‘ydi”. Bizning futbolchilarga mana shu narsa yetishmadi. Shu jihatini o‘ylab, O‘zbekistonning turli nuqtalaridagi universitetlarga borib, odamlarning ovozlarini yig‘ib keldik. Va yakunda Sevara Nazarxon bilan “Olg‘a, O‘zbekiston” nomli qo‘shiq tayyorladik”, — deydi bloger va Coca Cola hamkori Javohir Shermuhammatov.
Shu bilan birga, Javohir O‘zbekiston va Kolumbiya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda hakamlarga o‘yindan oldingi qur’ani o‘tkazish uchun tanga yetkazib beruvchi sifatida ham tanlab olingan edi.

“Tangani olib, maydonga tusha boshlaganimdagi qaltirog‘imni sezib, futbolchilarimizni tushungandek bo‘ldim. Tangani hakamga topshirdim, Hames Rodriges bilan ko‘rishdim, keyin Eldor Shomurodov bilan. Unga “aka, omad tilayman, biz sizlarga ishonamiz, 38 million o‘zbekistonliklar ovozini o‘zim bilan olib keldim” dedim-da, chiqib ketdim”, — deya Javohir o‘z taassurotlari bilan bo‘lishadi.
O‘zbekiston – Portugaliya
20-iyun kuni Hyuston shahrida AQSHdagi eng yirik halol bozorlar tarmog‘idan biri — ASR Food Market egasi Azamat Hamroqulov va uning jamoasi o‘zbekistonlik muxlislarga palov tayyorashdi. Osh pishguncha fan-klub O‘zbekistonning Portugaliyaga qarshi o‘yini uchun repertuaridagi chiqishlarni takrorlab oldi.

Tayyorgarlik jarayonlariga qo‘shilmagan, chetda turib tasvirga olish bilan mashg‘ul bo‘lgan o‘zbekistonliklarni Nodirjon aka “hamma bloger bo‘lib ketdi” deya biroz koyiydi.

“Pulingiz, moshinangiz bo‘lsa, o‘zingizniki, omadingizni bersin. Lekin O‘zbekiston uchun fanatlik qilish shart”, — dedi u.
Bundan tashqari, Hyustondagi o‘zbekistonliklar jamiyati a’zolari ham futbol muxlislari uchun tadbir tashkil qildi. Bu yerda fan-klub a’zolari o‘zlarining hayqiriqli chiqishlari bilan faol ishtirok etib, boshqalarni ham terma jamoa uchun jonkuyarlik qilishga chorladi.

“Shu kuni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston va Turkiyadan muxlislar keldi. O‘yin-kulgu qildik, chiqishlarimizni birgalikda bajardik”, — deydi Nodirjon To‘ychiyev.
“Ko‘pchilik o‘zbeklarimiz chekka-chekkada turishdi. Kelinglar, qo‘shilinglar, birgalikda bajaraylik deganda kelishmadi. Lekin qo‘shilganlari ham bo‘ldi, ularga rahmat. Bizda odamlarning kibrini yo‘qotish kerak deb o‘ylayman. Ko‘chada ularga rahbarlik qilolmaymiz albatta, lekin stadion va uning atrofida harakatlarimizni birgalikda bajarsak, chiroyli bo‘ladi, degan qarash shakllanishi kerak”, — deya fan-klub rahbari biroz ranjiganini yashirmadi.
23-iyun kuni Texasning NRG stadionida O‘zbekiston terma jamoasi Portugaliyaga qarshi o‘yin o‘tkazdi. Biroq natija (5:0) hech kimni xursand qilmadi. Nodirjon aka maydondagi muxlislarning 90 foizi portugaliyaliklar ekanini aytarkan, o‘yinga chipta olgan o‘zbekistonliklar yoki O‘zbekistonni qo‘llovchi muxlislar har xil joylardan o‘rindiq band qilganini ko‘radi.

“Ayrim o‘zbeklarni yonimizga chaqirib, birgalikda muxlislik qilishni instagandik, lekin u yerda tartib qattiq ekan, nazoratchilar chiptadagi sektorni ko‘rib, “joyingga borib o‘tir” der ekan. Shunday bo‘lsa-da, o‘zbekcha muloyimlik bilan “pliz, pliz” deb bir necha kishini yonimizga olib keloldik”, — deydi u.
Nodirjon To‘ychiyevning so‘zlariga ko‘ra, fan-klub a’zolari o‘yin davomida o‘zbek milliy cholg‘ularini chalishni rejalashtirgan, biroq jiddiy cheklovlarga duch kelishgan.

“O‘yinlarga karnay-surnaylarni olib kirmoqchi edik, lekin juda muammoli ekan. Kim chalsa, paportini ko‘rsatishi, rasmga tushishi kerak ekan. Shunday bo‘lsa-da, Portugaliya bilan o‘yinda karnayni olib kira oldik”, – deydi Nodirjon To‘ychiyev “karnay-surnay nega ko‘rinmadi?” degan savolga javoban.
O‘yindan keyin o‘zbekistonliklarning kayfiyati tushib ketdi. Biroq fan-klub o‘zida kuch topib, umidni yo‘qotmaslik uchun tashqariga chiqib yana o‘yin-kulgu qilishga, futbolchilarni ruhan qo‘llab-quvvatlashga harakat qildi. Ehtimol, haqiqiy muxlislikning belgilaridan biri ham shudir.

“Tashqarida amerikalik bormi, portugalmi yoki boshqa millat vakili, barchasi bilan raqsga tushdik, o‘yin kulgu qildik, o‘zbekona qo‘shiqlar, “g‘ayra-g‘ayra”larni aytdik.”, — deydi To‘ychiyev.
O‘zbekistonning amerikalik muxlisi
Atlantada yashovchi Konnor asli kelib chiqishi Germaniyadan. O‘zi ma’lumotlar tahlilchisi. Shuningdek, ko‘p vaqtini futbolga bag‘ishlaydi.

“Mening oilam Germaniyadan, shuning uchun futbol har doim hayotimizning bir qismi bo‘lib kelgan. Esimni taniganimdan beri men o‘yinlarni tomosha qilganman, stadionlarga borganman va birorta ham o‘yinni o‘tkazib yubormaslikka harakat qilganman”, — deydi Konnor.

Oilaviy an’analardan tashqari, uni futbolga doim jalb qilgan narsa, shubhasiz, bu eng xalqaro sport turi ekanligida.

“Ko‘plab mashhur sport turlari mavjud, ammo futbol butun dunyo bo‘ylab odamlarni birlashtiradi. Qaysi mamlakatdan ekanligingiz yoki kimligingiz muhim emas — hamma bu o‘yinning bir qismi bo‘lishi mumkin. Shuning uchun men har doim xalqaro turnirlar, milliy chempionatlar va milliy terma jamoalar o‘yinlarini qiziqish bilan kuzatib borganman”, — deb tushuntiradi u.
Konnor 2018-yildan beri O‘zbekiston terma jamoasini kuzatib keladi. O‘sha paytda u kollejda o‘qiyotgan va do‘sti bilan qolardi. Bir kuni kechqurun telefonida Jahon chempionati saralash natijalarini ko‘rib chiqayotganda, Konnor O‘zbekiston terma jamoasini payqadi.

“Men ularning natijalariga duch kelaverdim. Jamoa yaxshi natijalarga erishdi, tez-tez durang o‘ynadi va kamdan kam hollarda gol o‘tkazib yubordi. Bu mening e’tiborimni tortdi”, — deb eslaydi u.
If a building becomes architecture, then it is art
Konnor milliy terma jamoa haqida o‘qiy boshladi va O‘zbekiston hech qachon Jahon chempionatida o‘ynamaganini va faqat 1990-yillarning o‘rtalaridan, Sovet Ittifoqi qulaganidan keyin mustaqil jamoa sifatida ishtirok etganini bildi. Uning aytishicha, o‘shanda u o‘zbek futboliga chinakam qiziqib qolgan.

«Men jamoaning har bir sikl bilan kuchayib borishini, rivojlanishini va Jahon chempionatiga yo‘llanma olish orzusi uchun kurashishda davom etishini kuzatishga juda qiziqardim. Aynan shu narsa meni o‘ziga jalb qildi», — deydi Konnor.
O‘shandan beri Konnor O‘zbekiston terma jamoasining o‘yinlarini o‘tkazib yubormadi va ayniqsa, uning 2026-yilgi Jahon chempionati saralash turniridagi chiqishini diqqat bilan kuzatib bordi. Ayniqsa, 2026-yilgi jahon chempionati saralash turniri uning uchun juda hayajonli bo‘ldi. O‘shanda, deb eslaydi u, Suriyaga qarshi o‘yinni ko‘rish uchun tungi soat ikkigacha uxlamagan va jamoa pley-offga chiqishiga umid qilgan.
«Jamoa shu safargi Jahon chempionati saralash o‘yinlarida Qatarga yutqazganida, qo‘shimcha vaqtga 13 daqiqa qo‘shib berishgandi. Men bundan juda g‘azablanganman. Tabloda besh daqiqa ko‘rsatildi, 13 daqiqa o‘tdi va yakunda Qatar g‘alaba golini urib ketdi. Men o‘sha paytda juda hissiyotga berilganimni eslayman», — deydi Konor.
Konnor jamoaga bo‘lgan sadoqati so‘zsiz va maydondagi muvaffaqiyatlarga bog‘liq bo‘lmagan kamdan kam muxlislardan biridir. Bunday muxlislar uchun natijadan ko‘ra yo‘l muhimroq.

O‘zbekiston terma jamoasi o‘z tarixida birinchi marta jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritganida, u darhol do‘stlariga qo‘ng‘iroq qilib: «Ular buni uddalashdi! Ular buni uddalashadi deb aytgandim-ku!», – deya xursandchiligini bo‘lishadi.
O‘zbekiston va Kongo o‘rtasidagi o‘yinni tribunada turib tomosha qilayotgan Konnor
Konnorning oila a’zolari, ayniqsa, onasi o‘g‘lining “kichik” jamoalarga muxlislik qilishini juda iliq qabul qiladi. Biroq oilaviy qoida shunday: O‘zbekiston Germaniya bilan o‘ynagan taqdirda Germaniyaga qarshi muxlislik qilish mumkin emas.

“Bu mening birinchi Jahon chempionatidagi o‘yinim. Shuningdek, O‘zbekiston jamoasini birinchi bor ko‘rishim. Ularning bir vaqtda birga bo‘lishi men uchun hayratlanarli”, deydi hayajonini yashirmay Konnor.
O‘zbekiston – Kongo
Fan-klub Kongo bilan bo‘lgan o‘yin avvalida ham ko‘chalarda milliy kuy-qo‘shiqlar aytdi, to‘rt yilda bir bo‘ladigan futbol bayramini dunyo futbol muxlislari bilan birgalikda nishonladi.

Biroq Kongo O‘zbekistonning pley-off bosqichiga chiqish rejasini barbod qildi. Futbolchilarimiz dastlabki daqiqalarda faollik ko‘rsatgan bo‘lsa-da, natija faqat raqiblarni xursand qildi.
“Maydonning 75 foizi kongoliklar bilan to‘la edi, qolgan 25 foizida O‘zbekiston muxlislari. Uchinchi o‘yinda o‘zbekistonliklarni yaqqol sezish mumkin edi. Hamma birgalikda “O‘z-be-kis-ton” deganda quloqqa aniq eshitilayotgandi, birgalikda qiladigan hayqiriqlarimizda ham ular qo‘shilishdi. Bizga qo‘shilib, birga qo‘llab-quvvatlaganlarga katta rahmat. O‘zbekiston degan nomni qo‘rqmasdan, baralla aytishimiz kerak”, — deydi Nodirjon aka.
Ijtimoiy tarmoqlarda fan-klub a’zolarning Amerikada ishlab qolish uchun O‘zbekistonga qaytmagani haqida yozishdi. Nodirjon To‘ychiyev rostan ham ikki muxlis AQSHda ekani, lekin ular faqat JCHning final o‘yinlarini tomosha qilish sharti bilan qolganligini, va mundialdan keyin vatanga qaytishini ta’kidladi.
“Xalq sizlarni yaxshi ko‘radi!”
Fan-klub rahbari Nodirjon To‘ychiyev terma jamoa futbolchilarini tanqid qilganlarni yaxshilab o‘ylab, keyin fikr bildirishga chaqirdi. Uning fikricha, “futbolchilar endigina mundial tuzini tatib ko‘rdi, keyingilarida eplolmasa, tanqid qilsa arziydi”.
“Endi ular keyingi Osiyo chempionatiga tayyorgarlikni boshlashi kerak. Futbolchilarga aytadigan gapim — sizlar taslim bo‘lmang! Faoliyatini yakunlayotganlarga hammasi uchun rahmat. Ëshlarga esa “gazni bosish kerak” deymiz. Hali chet el klublarida ham o‘ynab, o‘sishingiz kerak. Yuragingizda faqat O‘zbekiston bo‘lsin, O‘zbekiston deb yurakni berib o‘ynang. Biz sizlarni hamisha qo‘llab-quvvatlaymiz! Xalq sizlarni yaxshi ko‘radi”,
— deydi Nodirjon To‘ychiyev.
AQSHning janubidagi Atlantadan o‘zbekistonlik futbolchilarni kuzatishda davom etadigan Konor terma jamoamiz imkoniyatlari va salohiyati haqida gapirarkan, O‘zbekistonning Osiyo kubogini yutishiga ishonch bildiradi.

“Barcha buyuk futbol millatlarining o‘ziga xos o‘yin uslubi bor. Ispanlarning tiki-takasi, bu oldinga-orqaga, ko‘p pas berish. Lekin O‘zbekistonning o‘rta va orqa chiziqqa e’tibor qaratishi ajoyib bo‘ldi. Yaqin kelajakda yigitlar haqiqatan ham OFK kubogini yutishi mumkin deb o‘ylayman. Ayniqsa, kelgusi musobaqada ularning imkoniyatlaringizni yuqori baholayman. Eron bu kubokni yutgan. Menimcha, O‘zbekiston ularni mag‘lub eta oladi. Nazarimda, endi O‘zbekiston Jahon chempionatining doimiy ishtirokchisiga aylanadi”, — deydi Konor ishonch bilan.
Materialni Davlat Umarov va Otabek Turdiyev tayyorladi.
Suratlarni Yevgeniy Sorochin olgan.

Matn va barcha grafik materiallarga bo`lgan huquqlar Gazeta'ga tegishli. Gazeta'da e'lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O`z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.
Made on
Tilda