Tabiatga qancha suv kerak?
Butun boshli ekotizimlarning kelajagi suvga bog‘liq bo‘lgan Quyi Amudaryo va Orolbo‘yi mintaqasidagi beshta muhofaza etiladigan hududdan Gazeta reportaji
2025-yilda O‘zbekiston Suv kodeksida ilk marotaba ekologik maqsadlarda suv chiqarish — tabiiy ekotizimlarni majburiy ravishda suv bilan ta’minlash tushunchasini mustahkamladi. Gazeta suv tanqisligi ko‘llar va to‘qay o‘rmonlarini qanday o‘zgartirayotgani hamda ekologik maqsadlarda suv chiqarish nima uchun ularning yashab qolishida muhim masalaga aylanayotganini o‘rganish maqsadida Quyi Amudaryo va Orolbo‘yidagi beshta muhofaza etiladigan hududda bo‘ldi.
2025-yilda O‘zbekiston Suv kodeksida ilk marotaba ekologik maqsadlarda suv chiqarish — tabiiy ekotizimlarni majburiy ravishda suv bilan ta’minlash tushunchasini mustahkamladi. Gazeta suv tanqisligi ko‘llar va to‘qay o‘rmonlarini qanday o‘zgartirayotgani hamda ekologik maqsadlarda suv chiqarish nima uchun ularning yashab qolishida muhim masalaga aylanayotganini o‘rganish maqsadida Quyi Amudaryo va Orolbo‘yidagi beshta muhofaza etiladigan hududda bo‘ldi.
Orolbo‘yi ekotizimlari yillar davomida suvning ularga qoldiq tamoyili asosida, ya’ni qishloq xo‘jaligi, sanoat va shaharlar ehtiyojidan ortgan resurslar hisobiga ajratilishidan aziyat chekib keladi. Yovvoyi tabiatning suv balansida kafolatlangan ulushi bo‘lmagani uchun ko‘llar qurib, to‘qay o‘rmonlari siyraklashib bormoqda.

Vaziyatni o‘zgartirish maqsadida O‘zbekistonda atrof-muhitni kafolatlangan hajmda suv bilan ta’minlashi kerak bo‘lgan mexanizm — ekologik maqsadlarda majburiy suv chiqarish amaliyoti joriy etila boshlandi. Uning mohiyati shundaki, suvning bir qismi tabiiy ekotizimlarga sug‘orish emas, balki o‘simlik va hayvonot dunyosini saqlab qolish maqsadida chiqarilishi lozim. 2025-yilda ekologik maqsadlarda suv chiqarish majburiy huquqiy me’yor sifatida O‘zbekistonning yangi Suv kodeksida (122-modda) ilk bor mustahkamlab qo‘yildi.

Ushbu mavzuga e’tiborni jalb qilish maqsadida O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi BMT Taraqqiyot dasturi hamda Global ekologik jamg‘arma bilan hamkorlikda “Aral Sea Wetlands” loyihasi doirasida uch kunlik media-ekspeditsiya tashkil etdi va unga Gazeta ham qo‘shildi. Safarning asosiy maqsadi — ekologik maqsadlarda suv chiqarish amaliyotini qonunosti hujjatlarida mustahkamlab, uni hayotga tatbiq etishga erishishdir.

Ekspeditsiya yo‘nalishi Buxoro va Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidan o‘tadi. Dengizko‘ldan tortib, sobiq Orol dengizining chekkasidagi Sudochegacha bo‘lgan beshta alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududga tashrif buyurish rejalashtirilgan. Bu manzillarni bir jihat birlashtirib turadi: bu yerda suv hozircha bor, lekin yildan-yilga kamayib bormoqda. Biz bilan birga bu yerdagi ekotizimlarni o‘n yillar davomida o‘rganib kelayotgan olimlar ham yo‘lga chiqdi. Joylarda guruhimizga inspektorlar, o‘rmonchilar va alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar rahbarlari qo‘shiladi.

Birinchi manzil — Dengizko‘l.
Dengizko‘l
Asfalt kutilganidan ancha tez tugaydi. Yo‘l Buxorodan janubi-g‘arbga – Olot tumani tomon, Turkmaniston chegarasiga tobora yaqinlashib boradi. Deraza ortidagi manzara asta-sekin o‘zgaradi: paxtazorlar va uzumzorlar o‘rnini sho‘rxok dasht va siyrak saksovul to‘plari egallaydi. Mashina ortidan qo‘zg‘algan chang havoda uzoq vaqt muallaq turadi.

Bu poyonsiz, qaqragan tekislikka boqib, qayerdadir shu atrofda bir paytlar mahobati sabab mahalliy aholi “dengiz” deb atagan Dengizko‘l yastanib yotganini tasavvur qilish qiyin. Suv havzasining maydoni 50 ming gektarni tashkil qilgan. Olot davlat o‘rmon xo‘jaligi kadastr mutaxassisi Mahmud Ro‘ziyevning so‘zlariga ko‘ra, hozirda uning maydoni qariyb 25 ming gektarga teng.

Nihoyat, ko‘z o‘ngimizda Dengizko‘l namoyon bo‘lib, yaltirab turgan suvi ko‘zni qamashtiradi. Qirg‘oq bo‘ylab qorga o‘xshash oqish tuz qatlami yastanib yotibdi. Shamol oftobda qizigan loyqaning quyuq, dim hidini olib keladi.
Ko‘lning muqim qirg‘oq chizig‘i yo‘q. Dengizko‘lning sathi va maydoni mavsumga qarab o‘zgarib turadi. Ko‘l to‘lganda, undagi suv hajmi ikki milliard kub metrdan oshadi.

Texnika fanlari doktori va “Aral Sea Wetlands” loyihasining suv resurslari bo‘yicha komponenti rahbari Malika Ikromovaning so‘zlariga ko‘ra, bir vaqtlar Dengizko‘lni Amudaryoning irmog‘i bo‘lgan Zarafshon to‘yintirgan. Endilikda daryo bu yerga yetib kelmaydi. Suv havzasi deyarli butunlay kollektor-drenaj va filtratsiya suvlaridan, ya’ni dalalardan o‘tib qaytgan suvdan oziqlanadi. Shu sababli ham u ancha sho‘r.
Bu suvni daryoga qayta oqizmasdan, aynan Dengizko‘lga yo‘naltirish – oqilona murosali yechim. Shu tariqa biz suv ombori sathini saqlab qolamiz va quyi oqimdagi daryolar suvining sifatini buzmaymiz.
deydi Malika Ikromova.
Sohil tuprog‘idagi oq sho‘r qatlam suvning yuqori darajada minerallashganidan dalolat beradi. Uning miqdori har litrda o‘rtacha 25,7–26,8 gramni, kollektor suvlari quyiladigan joylarda esa taxminan 19,5 gramni tashkil etadi.

Taqqoslash uchun: dengiz suvining sho‘rligi bir litrda taxminan 35 gramni tashkil etadi, shu sababli Dengizko‘l o‘z tarkibiga ko‘ra chuchuk suvli ko‘ldan ko‘ra dengizga yaqinroq turadi.

Suvning o‘zi qattiq va ishqoriy bo‘lib, tarkibida qum, loy, bakteriya va plankton kabi ko‘plab muallaq hamda organik moddalar mavjud.
Bu yerdagi o‘simliklar dunyosi ham atrofdagi landshaft singari oddiy: saksovul, shuvoq, sho‘ralar, yulg‘un. Suvning chekkasida qalin qamishzorlar qad rostlagan. Mutaxassislarning tushuntirishicha, ular ko‘l va quruq dasht o‘rtasida tabiiy to‘siq vazifasini bajaradi. Qamishzorlarda jazirama va sho‘r changga moslashgan tulki, quyon, kaltakesak, toshbaqa va ilonlar yashaydi.
реклама
реклама
Dengizko‘l ko‘chib yuruvchi qushlarning asosiy qo‘nim, uya qurish va qishlash maskanlaridan biridir. O‘zbekistonda qishlaydigan suv parrandalarining 40 foizdan ortig‘i sovuq mavsumni aynan shu yerda o‘tkazadi. Shu bois ham 2001-yildayoq bu suv havzasi mamlakatda birinchilardan bo‘lib Ramsar konvensiyasi doirasida muhofaza qilinadigan suvli-botqoqli hududlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha mutaxassis, 45 yildan ortiq tajribaga ega Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator Xalilulla Sherimbetovning ta’kidlashicha, bunday ko‘llarni saqlab qolish uchun suv resurslarinitaqsimlashda ularning ekologik ehtiyojlarini hisobga olish muhim. Suv oqimining yetarli emasligi suv sathi maydonining qisqarishiga, qushlar va baliqlarning yashash sharoiti yomonlashishiga hamda qirg‘oqbo‘yi ekotizimlarining tanazzuliga olib keladi.
2012-yilda suv sathini ushlab turish va sho‘rlanishini kamaytirish uchun ko‘lning shimoli-g‘arbiy qismida to‘g‘on qurilgan. Bu qisman yordam bergan bo‘lsa-da, ekspeditsiyaning boshlanishiga sabab bo‘lgan asosiy savolga javob bera olmadi: suvning bir qismi qishloq xo‘jaligi, sanoat va shaharlar tomonidan olinmasidan avval Dengizko‘lga kafolatli tarzda yetib borishi shartmi?
Ekologik maqsadlarda suv chiqarish — bu shunchaki minimal suv hajmi emas. Asosiysi, u kerakli joyga, kerakli mavsumda va zarur sifatda yetib borishi lozim. Masalan, bahorda, qushlar in qurishni boshlagan paytda.
deydi Malika Ikromova.
Ortda oppoq tuzli qirg‘oq va sarobga singib borayotgan ufqni qoldirib, mashinaga qaytamiz. Oldinda — Qizilqum qo‘riqxonasi va butunlay boshqa suv — hali ham oqib turgan suv bor.
Qizilqum qo‘riqxonasi
Dengizko‘ldan Qizilqumgacha bo‘lgan yo‘l Amudaryo bo‘ylab o‘tadi. Har kilometrda manzara o‘zgarib boradi: dasht o‘rnini qumlarga bo‘shatib beradi, qumlar esa kutilmaganda to‘qay o‘rmonining yashil devori oldida uzilib qoladi.

“Qarang, bir metr ham o‘tish joyi yo‘q”, — deydi ekolog Murod Nosirov ikki tabiiy landshaft chegarasida to‘xtab. Uning so‘zlariga ko‘ra, cho‘l florasi va faunasi deyarli hech qachon to‘qay o‘rmoni bilan bu qadar yaqin qo‘shni bo‘lmaydi.
Qolaversa, bu to‘qay — to‘rang‘ilzor (to‘rang‘il — Markaziy Osiyoning qayir to‘qaylarida o‘sadigan cho‘l teragi turi), demak, u endemik va hatto reliktdir. Aytishlaricha, bunday o‘rmonlar Amudaryo bo‘ylab ulkan to‘rang‘il massivlari yastanib yotgan davrlardan beri deyarli o‘zgarmagan. Hozirda ulardan faqat alohida orolchalar qolgan, xolos.
deya tushuntiradi Murod Nosirov.
Qizilqum davlat qo‘riqxonasi 1971-yilda Buxoro va Xorazm viloyatlari hududida, Turkmaniston bilan chegara yaqinida, Amudaryoning o‘rta oqimida tashkil etilgan. Dastlab uning maydoni 3 985 gektar bo‘lgan. Bugungi kunda qo‘riqxona 10 311 gektar maydonni egallaydi: shundan 7 134 gektari Qizilqumning cho‘l qismiga, 3 177 gektari esa Amudaryo bo‘yidagi to‘qayzorga to‘g‘ri keladi.

“1972–1973-yillarda bu yerda hali katta o‘rmon bor edi. O‘sha yillari tevarak-atrofdagi barcha yerlar tekislanib, paxta ekish uchun haydab yuborilgan. O‘rmon faqat bizning hududda – taxminan 20 kilometrlik ensiz bir yoʻlak holida saqlanib qoldi, holbuki ilgari to‘qay butun 60 kilometrga cho‘zilgan edi. Atrofdagi o‘rmon yo‘q bo‘lgach, Amudaryo aynan daraxtlar qolmagan tomondan qirg‘oqni yuva boshladi. Ilgari daryo qishlog‘imizdan uch kilometr narida edi, hozir esa juda yaqin kelib qolgan”, – deydi qo‘riqxona direktori Mirzag‘ali Qilichev. U bu yerda qariyb 30 yildan beri ishlaydi: 1997-yildan — inspektor, 2000-yildan esa direktor sifatida.
U platoning chetiga ishora qiladi. Jarlik kesimida bosilib qolgan loyning g‘ovak qatlamlari ko‘rinib turardi – bu suv sathi yillar davomida qanday o‘zgarganining izlari edi.

«“Suv sathi birdaniga pasaymagan. Sekin-asta, yildan-yilga pasaygan, shuning uchun ham chiziqlar go‘yo maxsus kesilgandek tekis”, – deb tushuntiradi Qilichev.
Qo‘riqxonadagi to‘qay va cho‘l shunchaki qo‘shni emas, ular bir-birini ushlab turadi. Daryo bo‘ylab turang‘il, tol, jiyda, qamish; qumlarda esa saksovul, cherkez, sho‘ralar va efemerlar o‘sadi. Aynan shu ziddiyat qo‘riqxonaga qiymat bag‘ishlaydi: daryo bo‘yidagi tor hududga siqqan bu ikki bir-biriga o‘xshamaydigan olam baliqlardan tortib sudralib yuruvchilar va yirik tuyoqlilargacha bo‘lgan 300 ga yaqin umurtqali jonivor uchun makonga aylangan.

Qo‘riqxonaning tashkil etilishiga sababchi bo‘lgan asosiy tur — buxoro bug‘usi yoki xonguldir. Uning izlarini qotib qolgan loyda ko‘rish mumkin.
Ishimizni boshlagan paytda bu yerda bor-yo‘g‘i oltita bug‘u bor edi. Mutaxassislar o‘z vaqtida bu hududning sig‘imini taxminan 200 bosh deb baholashgan. To‘qayzorlar kengaygani tufayli bug‘ular soni ham ortdi. Hozir ularning soni 300 ga yaqin.
deydi Mirzag‘ali Qilichev.
Buxoro bug‘usi — qo‘riqxonaning yagona noyob jonzoti emas. Uzoq vaqt davomida Turkmaniston qoraqulog‘i bu yerdan butunlay yo‘qolib ketgan, deb hisoblanardi, to bir kuni fotoqopqonga “tushib qolmagunicha”.
Xuddi shunday, yo‘qolib ketgan deb sanalgan O‘rta Osiyo qunduzi ham topildi. Keyinroq — jayronlar, jayralar. Ular bu yerda avval ham yashagan, lekin yillar davomida odamlar ko‘ziga ko‘rinmagan. Texnologiyalar ko‘p narsani o‘zgartirdi: endi biz ilgari faqat taxmin qilgan narsalarimizni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib turibmiz.
deya hikoya qiladi Akmal Abdullayev,
“Aral Sea Wetlands” loyihasi menejeri.
Fotoqopqonlar — inspektorlar “Aral Sea Wetlands” loyihasi tufayli olgan uskunalarning bir qismi xolos. Fotoqopqonlar bilan birga qo‘riqxonaga durbinlar, chodirlar va quyosh panellari ham topshirildi. Bularning barchasi qo‘riqxonada bir necha kunlab mustaqil ishlash imkonini beradi.

Inspektorlar hududni yil davomida nazorat qilib boradi, biroq yozda ularning asosiy vazifasi to‘qayni yong‘inlardan himoya qilishga aylanadi. Quruq o‘t va qamishzorlar bir zumda alanga oladi, eng yaqin aholi punktidan bir soatdan ortiq yo‘lsizlikda joylashgan to‘qaydagi olovni o‘chirish esa deyarli imkonsiz. Shu sababli, yong‘in xavfi yuqori bo‘lgan mavsumda bu yerda kecha-yu kunduz navbatchilik qilinadi.
Darvoqe, qo‘riqxonaning asosiy zaif nuqtasi Dengizko‘lniki bilan bir xil — suv tanqisligi. To‘qay o‘rmoni, ayniqsa, iyul va avgust oylarida, ya’ni turang‘il urug‘ sochib, unib chiqishi uchun nam tuproqqa muhtoj bo‘lgan paytda muntazam namlanib turishi kerak. Biroq mutaxassislarning tan olishicha, tabiiy toshqinlar ancha vaqtdan buyon o‘rmon ichkarisiga yetib bormayapti. So‘nggi yillarda Amudaryo sathi ko‘pincha yerosti suvlari sathidan pasayib ketmoqda va daryoning o‘zi ayrim joylarda namlik berish o‘rniga, uni tortib olib, zovur vazifasini o‘tay boshlayapti. Ilgari o‘rmonni toshqin suvlari oziqlantirgan joylarda endi nasos stansiyalaridan foydalanishga to‘g‘ri kelmoqda. Va yana o‘sha savol tug‘iladi: daryo oqimining bir qismi nafaqat qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari, balki tabiiy ekotizimlarni asrab qolish uchun ham kafolatli tarzda yo‘naltirilishi kerak emasmi?

Qo‘riqxonadan quyosh botayotganda, jaziramaning tafti nihoyat qaytgan paytda yo‘lga chiqdik. Inspektorlarning aytishicha, ayni shu vaqtda bug‘ular o‘rmon chetiga o‘tlash uchun chiqadi. Qizilqumda ular bizga ko‘rinish bermadi. Lekin oldinda Xorazm viloyati bor, u yerda Buxoro bug‘ularini nafaqat pitomnikda, balki yovvoyi tabiatda — mahalliy to‘qay o‘rmonlari orasida ham uchratamiz.
Xorazm milliy tabiat bog‘i
Xorazm viloyatida Amudaryo qadimiy delta bo‘ylab yoyilib oqadi. Qizilqumda qirg‘oq bo‘ylab ingichka yo‘lak bo‘lib o‘sgan o‘simliklar olami bu yerda birdaniga kengayib ketadi. Biz bir kunning o‘zida ikkita qo‘riqlanadigan hududni – yosh Xorazm milliy tabiat bog‘i hamda ancha oldin tashkil etilgan, biroq xalqaro maqomni yaqindagina olgan Quyi Amudaryo biosfera rezervatini ko‘rishimiz kerak.

“Bizgacha Xorazmda na qo‘riqxona, na milliy bog‘ bo‘lgan. Bunday hududlar bu yerda umuman yo‘q edi”, – deydi bog‘ning ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Otabek Qilichev bizni kiraverishda kutib olar ekan.
Xorazm milliy tabiat bog‘ini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni Vazirlar Mahkamasi 2019-yil dekabrda imzolagan, 2020-yilda esa bog‘ ochilgan.

Bog‘ o‘z faoliyatini Xorazm viloyatining beshta tumani hududidagi Amudaryoning qadimiy deltasida joylashgan 21 688 gektar yerdan boshlagan edi. Hozirda uning maydoni 26 718 gektarni tashkil etadi – o‘tgan yili bog‘ hududiga Sarimoy qishlog‘i tomonidan yana besh ming gektarga yaqin yer qo‘shib berildi. Kelajakda, Qilichevning so‘zlariga ko‘ra, bog‘ hududi 156 ming gektargacha, ya’ni qariyb olti barobarga kengayishi kerak.
Bog‘ paydo bo‘lguniga qadar bu joy ancha ayanchli ahvolda edi. Odamlar bu yerga hordiq chiqargani kelib, axlat qoldirib ketar, daraxtlarni kesishardi. Hudud deyarli qarovsiz qolgan, odamlarni uni muhofaza qilish zarurligiga ishontirish esa oson kechmadi.
bog‘ning tashkil etilishida bosh-qosh bo‘lgan Xalilulla Sherimbetov suhbatga qo‘shiladi.
реклама
реклама
Pitomnikning asosiy yashovchisi – Buxoro bug‘usi bo‘lib, u haqda bizga Qizilqum qo‘riqxonasida so‘zlab berishgan edi. Faqat u yerdagi populyasiya soni hisoblangan miqdordan oshib ketgan bo‘lsa, Xorazmda uni qayta tiklash kerak bo‘ladi. Dastlabki 20 tasi boshqa qo‘riqxonalar va tabiat bog‘laridan olib kelindi. Hozir pitomnikda ularning soni 25 taga yetdi. Bog‘ning maqsadi esa ularning bosh sonini 100 taga yetkazishdir.
Buxoro bug‘usi populyasiyasini tiklash – bog‘ xodimlari ishining bir qismi, xolos. Yaqin-yaqingacha juda kam ma’lum bo‘lgan mahalliy flora va faunani o‘rganish ham muhim vazifaga aylandi. Bir necha yil ichida mutaxassislar ilgari mavjud bo‘lmagan ma’lumotlarni to‘pladilar.

Bugungi kunda bog‘da Xorazm viloyatining 246 tur hayvoni (shundan 53 tasi “Qizil kitob”ga kiritilgan) va 254 turdagi o‘simlik (31 turi “Qizil kitob”ga kiritilgan) haqida ma’lumotlar bor.
“Qizil kitob”ning 2019-yilgi nashrida Xorazm viloyati areallar xaritasida umuman qayd etilmagan – go‘yo bu yerda o‘sha turlar yo‘qdek. Besh yil davomida biz yiliga ikki marta, bahor va kuzda hisob-kitob ishlarini olib bordik, fotoqopqonlar o‘rnatdik va natijada avval statistikaga tushmagan turlarning mavjudligini tasdiqladik.
deydi Otabek Qilichev.
“Aral Sea Wetlands” loyihasi doirasida bog‘ga ko‘rsatilgan texnik yordamning ramzi — Amudaryo quyi oqimidagi milliy bog‘larda qurilishi rejalashtirilgan o‘nta kuzatuv minorasidan biri bo‘lgan 12,5 metrlik minora hisoblanadi.

Minoradan yulg‘unzorlar osha yugurib o‘tayotgan quyonlarni ko‘rdik. O‘tloq chetidagi qumda esa kechasi yoki sahar tongda bu yerga chiqqan hayvonlarning izlari aniq ko‘rinib turibdi.
“Milliy bog‘ — bu qo‘riqxona emas, bu yerga odamlar kelishi mumkin. Dam olish hududida ular tabiatni shunchaki suratlarda emas, balki o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, minora hayvonlar uchun xavfsiz: kuzatuvchi o‘rmonga kirmaydi, podani bezovta qilmaydi, shunchaki tepaga ko‘tarilib, durbin bilan kuzatadi. Undan tadqiqotchilar ham hayvonlar hisobini yuritish uchun foydalanadi. Juftlashish davrida erkak bug‘ular bo‘kiradi, ularni yaqinlashmay va bezovta qilmay, balandlikdan sanash osonroq”, — deya tushuntiradi Xalilulla Sherimbetov.
Quyi Amudaryo biosfera rezervati
Xorazm milliy bog‘idan boshlanuvchi yo‘l shimolga, Qoraqalpog‘iston chegarasi tomon olib boradi. Bu yerda, Amudaryoning quyi oqimida, Nukusdan qariyb 90 kilometr masofada Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati (QADBR) joylashgan.

Bu joyning tarixi 1971-yilda Badayto‘qay qo‘riqxonasining tashkil etilishi bilan boshlangan. 2011-yilda Vazirlar Mahkamasining 243-sonli qarori bilan u biosfera rezervatiga aylantirilgan. Xalilulla Sherimbetovning so‘zlariga ko‘ra, bunday maqom tabiatni muhofaza qilish, ilmiy tadqiqotlar va tabiatdan cheklangan tarzda foydalanishni birga olib borish imkonini beradi. Bugungi kunda hudud uchta zonaga bo‘lingan: qo‘riqlanadigan zona (taxminan 11,5 ming gektar), bufer zona (qariyb 6,7 ming gektar) va o‘tish davri yoki xo‘jalik zonasi (50 ming gektardan ortiq).
Qo‘riqxona hududida ilmiy faoliyatdan boshqa hech narsa qilish mumkin emas: faqat tadqiqotlar va monitoring olib boriladi, boshqa har qanday faoliyat to‘liq taqiqlangan. Bufer zona tashqi ta’sirlarning qo‘riqxona markaziga yetib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun kerak. Undan keyin esa xo‘jalik zonasi keladi: bu yerda xo‘jalik yuritishga ruxsat etilgan, biroq u ekologlar bilan kelishilgan bo‘lishi va qo‘riqlanadigan hududga zarar yetkazmasligi shart.
deydi Xalilulla Sherimbetov.
2021-yilda qo‘riqxona xalqaro miqyosda e’tirof etildi — u YUNESKOning «Inson va biosfera» dasturi doirasidagi Butunjahon biosfera rezervatlari tarmog‘iga kiritildi.
Shu bilan birga, ekspeditsiya yo‘nalishidagi boshqa manzillar singari, QADBR ham suv tanqisliginiboshdan kechirmoqda. Mutaxassislarning fikricha, to‘qay o‘rmoni tiklanishga ulgurmasdan, tez sur’atda qurib bormoqda. Buning bir nechta sababi bor: Amudaryo va grunt suvlari sathi pasayishda davom etyapti, bahorgi toshqinlar deyarli kuzatilmay qo‘ydi, bu esa o‘rmonning endi tabiiy namlik olmasligini anglatadi. Ilgari daryoning o‘zi suv tarqatgan joylarga bugun suvni nasoslar yordamida yetkazib berishga to‘g‘ri kelmoqda. Suv kanallar tarmog‘i orqali qo‘riqxona bo‘ylab tarqalib, tuproqqa namlik qaytaradi. Bu kanallar yoqasida allaqachon yangi maysalar ko‘karmoqda, namli taqirlarda esa suv ichish uchun kelayotgan hayvonlarning izlari qolgan.
To‘qayning tiklanishi qiyinlashayotganining yana bir sababi bor — bu Buxoro bug‘ulari sonining haddan tashqari ko‘pligidir. Qizilqum qo‘riqxonasida mutaxassislar uning populyasiyasini qayta tiklash ustida ishlayotgan bo‘lsa, bu yerdagi muammo buning aksidir. So‘nggi bahorgi sanoqqa ko‘ra, rezervatda 1 580 dan ortiq tuyoqli hayvon yashaydi.
Qo‘riqxona maydoni — yetti ming gektarga yaqin. Bundan 10–15 yil avval mutaxassislar bu hudud 700 boshdan ortiq hayvonni oziqlantira olmasligini hisoblab chiqishgan. Hozir esa ularning soni ikki barobar ko‘p. Bu endi haddan tashqari ko‘payish degani. Bug‘ular o‘rmonning tabiiy yangilanishi uchun shundoq ham yetishmayotgan yosh to‘rang‘i novdalarini yeb qo‘yyapti.
deya hikoya qiladi Nodirbek Madaminov,
rezervat direktori.
Bu yerda vaziyatdan chiqish yo‘li ancha yillardan beri muhokama qilinadi. Hayvonlarni ko‘chirish murakkab va sekin kechadigan jarayon: avvalo, bug‘u uchun mos joy topish, so‘ngra hayvonni uxlatib, yangi yashash makoniga xavfsiz yetkazish kerak.
Populyasiya sonining ko‘pligi yana bir muammoni — odamlar bilan nizolarni keltirib chiqarmoqda. Qo‘riqxona har tomondan aholi punktlari bilan o‘ralgan va bug‘ular muntazam ravishda dalalarga chiqib turadi.
Mahalliy aholi QADBR bilan doim sudlashadi. Ularning aytishicha, bug‘ular hosilni payhon qilgan. Lekin bu xalqaro konvensiyalarga kiritilgan, “Qizil kitob”dagi tur bo‘lgani uchun sudda har safar bir narsani isbotlaymiz: agar tomorqangizni himoya qilmoqchi bo‘lsangiz, o‘zingiz to‘siq bilan o‘rang — bug‘ularga tegish mumkin emas.
deydi Xalilulla Sherimbetov.
Aynan shunday vaziyatlarda biosfera rezervatining oddiy qo‘riqxonadan asosiy farqi yaqqol namoyon bo‘ladi. Uning ko‘p bosqichli zonalarga bo‘linishi inson va yovvoyi tabiat o‘rtasidagi aloqani imkon qadar kamaytirishga qaratilgan. Bufer zona asosiy antropogen yuklamani o‘z zimmasiga olib, odamlar va yovvoyi tabiat o‘rtasidagi ziddiyatlar ehtimolini pasaytiradi.
Sudoche
Sudoche ko‘liga Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumani orqali boriladi. Sholizorlar sho‘rxok bilan, u esa yangi Orolqumning oppoq qumi bilan almashinadi. Yarim asr avval dengiz tubi bo‘lgan joydan ko‘lgacha tuproq yo‘l yotqizilgan. Aynan shu yerda fojia ko‘lami yaqqol namoyon bo‘ladi. Dengiz shunchaki chekinmaganini, balki yuzlab kilometrga surilib ketganini anglaysan kishi.
Safarimizning so‘nggi manzili bo‘lgan Sudoche ko‘li suv tugab, bir paytlar dengiz tubi bo‘lgan hudud boshlanadigan chegarada joylashgan. Bu yerda uning nomining kelib chiqishini turlicha izohlashadi. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish va bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha mutaxassis To‘ra Xoliqovning aytishicha, bir farazga ko‘ra, Sudochye nomi “suvi duchchi” (qoraqalpoqchadan tarjimasi “chuchuk suv”) so‘z birikmasidan kelib chiqqan.

Buyurtmaxona bosh inspektori Qutlimurod Aytmurodovning fikricha esa, ko‘lga nomni sila, ya’ni sudak balig‘i bergan.

“Ilgari bu yerda bu baliq juda ko‘p bo‘lgan, uni ovlashgan, tuzlashgan – shundan “Sudak”, keyinchalik esa “Sudoche” nomi kelib chiqqan”, – deya izoh beradi u.

Har ikki taxmin ham bir paytlar bu joylarda suv mo‘l bo‘lganidan dalolat beradi.
Sudoche ko‘li – Orol dengizining sobiq qo‘ltig‘i deyish mumkin. U dengiz bilan Ravshan kanali orqali tutashgan edi. 1960-yilda dengiz chekingach, bu bog‘liqlik uzilgan va bu yerda maydoni 33–35 ming gektar bo‘lgan ko‘l qolgan. 1970-yillarda suv sathi pasayishda davom etib, hajmi qisqargan. So‘ng bu yerga kollektor-drenaj suvlari yo‘naltirila boshlagach, 1980-yillarga kelib ahvol biroz yaxshilangan. 2000–2001-yillarda ketma-ket ikki yil suvsiz kelib, ko‘l yana deyarli butun hajmini yo‘qotgan.
deya hikoya qiladi Malika Ikromova.
Bugun avvalgi yaxlit Sudoche ko‘li yo‘q. Suv sathi pasayishi bilan u alohida ko‘llar tizimiga — Katta Sudoche, Oqqushpa, Begdulla-Oydin va Qorateren kabi ko‘llarga bo‘linib ketgan.

Bizni olib kelishgan Katta Sudoche qirg‘og‘ida suvning asta-sekin chekinayotgani yaqqol ko‘rinib turibdi. Eng chekkada qamish ko‘karib yotibdi. Sal narida, suv yetib bormaydigan joylarda qamish sarg‘ayib, qurib qolgan. Undan ham narida esa go‘yo yong‘indan qolgandek qop-qorayib yotibdi. So‘ngra butunlay yo‘qolib, o‘rnini yalang‘och sho‘rxok zaminga bo‘shatib beradi. Bu yo‘l-yo‘l izlarda ko‘l chekinishi tarixi ayniqsa aniq ko‘zga tashlanadi.
Bu yerdagi suv hayvonlar va qushlar uchun yaroqli bo‘lib qolayotgani Sudocheni ularning migratsiya yo‘lidagi eng muhim suv havzalaridan biriga aylantirmoqda.

“Migratsiya vaqtida bu yerda noyob hushtakchi oqqush, pushti saqoqush va boshqa suvda suzuvchi qushlarni uchratish mumkin. Ular shu yerda dam olib, keyingi parvoz oldidan kuch to‘playdi”, — deya tushuntiradi To‘ra Xoliqov.

Bahorgi migratsiya davrida Sudoche orqali 100 mingdan ortiq qush uchib o‘tadi.

“Suv-botqoqlik hududi Ramsar konvensiyasiga muvofiq xalqaro maqomga ega bo‘lishi uchun bir vaqtning o‘zida 20 mingta qushning bo‘lishi kifoya. Bu yerda esa ushbu ko‘rsatkich bir necha barobar yuqori”, — deb ta’kidlaydi Xalilulla Sherimbetov.
Sudochening asosiy doimiy “aholisi” — bu pushti flamingo. Xorijiy sayyohlar bu yerga aynan uni deb tobora ko‘proq kelmoqda. Qutlimurat Aytmuratovning so‘zlariga ko‘ra, bu flamingolar migratsiya vaqtida to‘xtab o‘tadigan, hatto in ham quradigan O‘zbekistondagi yagona maskan.
Sudoche hududida jami 230 ga yaqin qush turi qayd etilgan. Bundan tashqari, bu yerda O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan yigirmaga yaqin hayvon turi, jumladan, turkman quloni, jayron, qoraquloq va oq dumli suvburguti yashaydi.

Sho‘rlanishning yuqoriligi Sudoche ekotizimining o‘ziga xos xususiyatlaridan biriga aylangan. So‘nggi yillardagi o‘lchovlarga ko‘ra, ko‘llar tizimida suvning minerallashuvi har litrda 2,8–4,1 gramni tashkil etadi, kollektor-drenaj kanalida — 4,7 gramm atrofida, Qorateran ko‘lida esa 7,4–8,5 grammga yetadi. Bu yerdagi suv loyqa, yashil tusli va botqoq hidiga ega, tiniqligi esa 15–20 santimetrdan oshmaydi. Bunday sharoitda sho‘rlanish oshganda paydo bo‘ladigan mayda qisqichbaqasimon — artemiya ko‘payadi. U ko‘lda yashovchi ko‘plab qushlar uchun ozuqa manbai hisoblanadi.
Biroq mutaxassislar mavjud muvozanat juda mo‘rtligicha qolayotganini ta’kidlaydilar. Suv oqimi kamaygani sari sho‘rlanish ortib boradi, bu esa ko‘l ekotizimini asta-sekin o‘zgartirmoqda.
Bugungi kundagi asosiy muammomiz — suv. Yildan-yilga uning miqdori kamayib bormoqda. Bizga kelayotgan suv asosan kollektor-drenaj suvi. Yana bir ehtimoliy manba bor, lekin undan foydalanish uchun olti kilometrcha kanal qazish kerak. Suv kamayib, bug‘lanish davom etar ekan, uning sho‘rligi ham ortadi. Bu holat hayvonlarga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi — ular bu joylarni tark eta boshlaydi.
deydi Qutlimurat Aytmuratov,
buyurtmaxona bosh inspektori.
Bu yerda baliqchilik hamon saqlanib qolgan, lekin faqat belgilangan me’yorlar doirasida. Buyurtmaxona inspektorlari ovlanayotgan baliq hajmini va uning qayta tiklanishini nazorat qilib boradi. Aytmurodovning so‘zlariga ko‘ra, suv oqimi kamaygani tufayli hozirgi ov hajmi avvalgilari bilan taqqoslab bo‘lmaydigan darajada pasaygan.

Bir paytlar baliqchilik mahalliy aholining asosiy mashg‘uloti bo‘lganini Sudochye sohilidagi vayron bo‘lgan uylar va eski baliq omborining devorlari yodga solib turadi. 1966-yilgacha bu yerda Urga baliqchilar qishlog‘i joylashgan, biroq Orol dengizi chekingach, u huvillab qolgan.
Nafaqat ko‘lning o‘zi, balki uning tabiatni muhofaza qilish maqomi ham o‘zgardi.

“Ilgari bu yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan “Sudoche” buyurtmaxonasi edi. 2002-yili mutaxassislar hududni o‘rganib chiqqach, biz bu yerda yuridik shaxs sifatida davlat buyurtma qo‘riqxonasini tashkil etishga qaror qildik: o‘z yeri, o‘z muhofazasi bo‘lgan, byudjetdan moliyalashtiriladigan. 2020-yilda esa bu yerdan 200 kilometr narida, deltaning boshqa tarmog‘iga yaqinroq joyda “Oqpetkey” nomli ikkinchi hududni barpo etish to‘g‘risida qaror chiqdi. O‘shandan beri inspektorlar ikki guruhga bo‘lingan: bir qismi bitta hududni, ikkinchi qismi esa boshqasini qo‘riqlaydi”, — deydi Xalilulla Sherimbetov.
реклама
реклама
Uning so‘zlariga ko‘ra, buyurtmaxona — qo‘riqxonadan keyin turuvchi, muhofaza rejimi qat’iyligi bo‘yicha ikkinchi o‘rindagi alohida muhofaza etiladigan tabiiy hudud toifasidir. Bu yerda ancha moslashuvchan rejim amal qilsa-da, asosiy vazifa qimmatli turlar va ekotizimlarni saqlab qolishdan iborat.
2023-yil 30-aprel kuni Sudoche ko‘li Ramsar konvensiyasining xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suvli-botqoqli hududlari ro‘yxatiga kiritildi. Malika Ikromovaning so‘zlariga ko‘ra, bu ko‘lni saqlab qolish nafaqat mahalliy mutaxassislarning vazifasi, balki davlatning bevosita majburiyatiga aylanganini anglatadi.

Biroq, xalqaro maqomning o‘zi asosiy muammo — suv tanqisligini hal qilmaydi. Shu sababli qirg‘oqdagi suhbat, xuddi marshrutning avvalgi har bir nuqtasidagidek, yana yangi Suv kodeksining 122-moddasi va ekologik maqsadlarda suv chiqarish masalasiga borib taqaladi.

“Bunday ko‘llarni saqlab turish va ularning holati yomonlashishining oldini olish uchun ekologik maqsadlarda suv chiqarish zarur. Endi, umid qilamanki, Sudochye hech qachon butunlay yo‘qolib ketmaydi. Loyiha doirasida biz suv resurslarini integratsiyalashgan boshqarish rejasini ishlab chiqyapmiz va Mo‘ynoq tumani tajriba hududi sifatida tanlandi. Bu yerda biz qishloq xo‘jaligi, sanoat, baliqchilik va ilk bor majburiy yo‘nalish sifatida ekologiya manfaatlarini inobatga oladigan suv boshqaruvi tizimini joriy etyapmiz”, — deydi Ikromova.
Asosiy amaliy savol — ko‘lga aynan qancha suv kerakligi — hozircha ochiq qolmoqda.

— Ekologik maqsadlarda suv chiqarishning minimal hajmi belgilandimi? — deya so‘rashdi jurnalistlar.

— Hozircha ekologik maqsadlarda suv chiqarishning alohida me’yori yo‘q, — deya javob berdi ekspert. — Amudaryo deltasiga va umuman Orolbo‘yi hududiga suv yetkazib berishning tarixan belgilangan limiti yiliga 4,2 milliard kubometrni tashkil etadi. Bu Davlatlararo muvofiqlashtiruvchi suv xo‘jaligi komissiyasi bayonnomasida mustahkamlangan va yilning suv bilan ta’minlanganlik darajasiga qarab har yili qayta ko‘rib chiqiladi. Bu raqam butun mintaqa uchun umumiy, shuning uchun hozirda loyiha doirasida me’yoriy hujjatlar ustida ish olib borilmoqda. Avval ko‘llarning maydonini, bug‘lanish hisobiga yo‘qotiladigan suv hajmini hisoblab chiqish va shundan keyingina alohida ekotizimlarni saqlab turish uchun qancha suv talab etilishini aniqlash kerak. Biz hozir aynan shu ishdan boshlayapmiz.

Matn va suratlar muallifi: Orifjon Hoshimov.

Muharrir: Viktoriya Abdurahimova.


Matn va barcha grafik materiallarga boʻlgan huquqlar Gazetaʼga tegishli. Gazetaʼda eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.


Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? Oʻz hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda