Surat: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
Oʻzimiznikilar
Dasturchi Mariya Shinkaryova — Sankt-Peterburgdan Toshkentga ko‘chib kelgani, “stalinka”ni restavratsiya qilgani va o‘zbek tilini o‘rganayotgani haqida
Surat: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
Oʻzimiznikilar
Dasturchi Mariya Shinkaryova — Sankt-Peterburgdan Toshkentga ko‘chib kelgani, “stalinka”ni restavratsiya qilgani va o‘zbek tilini o‘rganayotgani haqida
Mariya Shinkaryova — IT sohasida dasturiy ta’minotni ishlab chiqish bo‘yicha rahbar, sayyohatchi va eski xonadonlarni restavratsiya qilishni yaxshi ko‘radigan inson. Uch yil avval turmush o‘rtog‘i bilan Sankt-Peterburgdan Toshkentga ko‘chib kelgan. “O‘zimiznikilar” loyihasi doirasida u bu yerda hayotini qanday yo‘lga qo‘yayotgani, o‘zbek tilini qanday o‘rganayotgani, mahalliy madaniyatni kashf etayotgani va nima uchun Toshkentni ko‘p qatlamli shahar deb bilishi haqida so‘zlab berdi.
Mariya Shinkaryova — IT sohasida dasturiy ta’minotni ishlab chiqish bo‘yicha rahbar, sayyohatchi va eski xonadonlarni restavratsiya qilishni yaxshi ko‘radigan inson. Uch yil avval turmush o‘rtog‘i bilan Sankt-Peterburgdan Toshkentga ko‘chib kelgan. “O‘zimiznikilar” loyihasi doirasida u bu yerda hayotini qanday yo‘lga qo‘yayotgani, o‘zbek tilini qanday o‘rganayotgani, mahalliy madaniyatni kashf etayotgani va nima uchun Toshkentni ko‘p qatlamli shahar deb bilishi haqida so‘zlab berdi.
“O‘zimiznikilar” — Gazeta va “Yangi O‘zbekiston” universitetining (New Uzbekistan University) birgalikdagi loyihasi. U yashash uchun O‘zbekistonni tanlagan xorijliklarni uchratganimizda yoki ular bilan tanishganimizda bizda doim beixtiyor uyg‘onadigan qiziqishdan kelib chiqdi. Tahririyat qahramonlar bilan birga odamlar nima uchun mamlakatimizga ko‘chib kelib, shu yerda yashab qolayotgani, uni nima uchun yoqtirishi, o‘zbekistonliklardan nimalarni o‘rganishi va qanday o‘zgarishlarni kutayotganini tushunishga urinadi.
Bolaligi, ko‘chish va ko‘pmadaniyatlilik haqida
Men asli Chimkentda — Qozog‘iston janubidagi, Toshkentdan 120 kilometr masofada joylashgan kichik bir shaharchada tug‘ilib o‘sganman. Iqlimi jihatidan bu ikki shahar bir-biriga juda o‘xshash.

Otam Uzoq Sharqda tug‘ilgan, lekin uning butun nasl-nasabi Markaziy Osiyo — Qirg‘izistonning Talas vodiysidan bo‘lib, shajarasi Yekaterina davrigacha borib taqaladi. Bobom Markaziy Osiyoning beshta tilida gaplasha olgan.

Onam esa Chimkentdan. Uning xolasi rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi bo‘lib, Toshkentda yashagan, pochchasi esa fan nomzodi bo‘lib, universitetda psixologiyadan dars bergan. O‘smir paytlari onamni sayohatlarda o‘zlari bilan birga olib yurishgan va u O‘zbekiston poytaxtida tez-tez bo‘lib turgan, shuning uchun bu shahar unga begona emasdi. Onam birinchi kursni ToshDUning (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti) matematika fakultetida o‘qigan, keyin o‘qishini Chimkent texnologiya institutiga ko‘chirgan.

Bolaligimda — chegaralarni kesib o‘tish nisbatan bemalolroq bo‘lgan paytlarda — men ham Toshkentga kelib turardim. Biz xolamning oilasini yo‘qlab kelardik.
Maktabni Qozog‘istonda tamomlaganman. Sinfda 11 kishi o‘qirdik, ko‘pchiligimizning kelib chiqishimiz aralash millatga mansub edi, shu sababli millatlar soni o‘quvchilar sonidan ham ko‘p bo‘lgan. Sinfdoshlarim orasida nemislar, tatarlar, koreyslar, o‘zbeklar, ruslar va polyaklar bor edi. Men uchun ko‘pmillatlilik tabiiy hol bo‘lgan.
Ilm-fandan IT sohasiga
17 yoshimda Chimkentdan Sankt-Peterburgga ko‘chib o‘tdim. D. F. Ustinov nomidagi “ВОЕНМЕХ” Boltiq davlat texnika universitetiga o‘qishga kirdim. Bu o‘quv yurtini ko‘pincha “Peterburg Baumankasi” deb atashadi (Moskvadagi N. E. Bauman nomidagi MDTUga ishora — tahr.). Aerokosmik fakultetining plazmagazodinamika kafedrasida besh yil tahsil olib, gidroaerodinamikani o‘rgandim.

Oddiy so‘zlar bilan tushuntiradigan bo‘lsak, gidroaerodinamika — suyuqlik va gazlarning harakati haqidagi fan. U aviatsiya, kosmonavtika va qurilishda qo‘llaniladi. Masalan, kosmik raketani uchirish uchun havo oqimi uning korpusini qanday chetlab o‘tishini hisoblash kerak. Ko‘p qavatli bino qurishda esa shamol unga qanday ta’sir qilishini tushunish muhim. Havo yoki suyuqlikda joylashgan har qanday ob’yekt shunday hisob-kitoblarni talab qiladi.

O‘qish davomida “Nave-Stoks” tenglamalarini, suyuqlik oqimi va turbulentlikni tadqiq qildim.
Mariya Shinkaryovaning shaxsiy arxividan olingan surat.
Universitetni imtiyozli diplom bilan tamomladim. Diplom topshirish marosimida fakultetning eng yaxshi bitiruvchisi sifatida Petropavlovsk qal’asida to‘pdan o‘q uzdim. Keyin meni aspiranturada ko‘rishni istashdi, biroq ilm-fan uchun yetarlicha sabr-toqatli va, ehtimol, yetarlicha iqtidorli emasligimni tushunib yetgandim. Eng asosiysi — ilm bilan shug‘ullanishni o‘zim istamasdim.

Olim — bu uzoq vaqt hech qanday natijasiz ishlay oladigan odam. Masalan, Tomas Edison lampochkani ixtiro qilguncha bir necha ming xil usulni sinab ko‘rgan. Bu butunlay boshqacha tafakkur tarzi. O‘qishdan so‘ng men yo ilmiy-tadqiqot institutiga ishga kirib, maxfiy loyihalarda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritishim, yo o‘z yo‘limdan ketishim mumkin edi. Ma’lum bo‘lishicha, ilmiy-tadqiqot institutlariga faqat Rossiya fuqarolarini ishga olisharkan, menda esa faqatgina yashash uchun ruxsatnoma bor edi. Fuqarolikni rasmiylashtirgunimcha tijoriy IT sohasiga ishga kirdim — o‘sha paytlar bu unchalik nufuzli soha hisoblanmasdi. Shu tariqa bu soha meni o‘ziga tortib ketdi.
“Til har doim eshiklarni ochadi”
Turmush o‘rtog‘im Aleksandr butun umr geymdevda — ya’ni videoo‘yinlar yaratish sohasida ishlab keladi. 2022-yilda u East Games kompaniyasi ofisini kengaytirayotgani sababli O‘zbekistonga amaliyotga kelish taklifini oldi. Ko‘p o‘tmay, unga loyihaga rahbarlik qilish va jamoani noldan tuzish taklif etildi. Bu har qanday rahbarning orzusi. U mendan: “U yerda bir-ikki yil yashab turamizmi?” — deb so‘radi. Men esa: “Muammo yo‘q”, — deb javob berdim.
Rossiyada “Яндекс.Деньги”, “ВКонтакте”, Mail.ru, Arrival kabi IT-kompaniyalarda va Virtus.pro kibersport jamoasida ishlaganman. Oddiy ijrochilikdan tortib rahbarlikkacha — turli lavozimlarda faoliyat yuritganman. Ayrim kompaniyalar xalqaro bo‘lgani uchun Serbiya, Qozog‘iston va Isroilga xizmat safarlariga borib turardim.

O‘zbekistonga ko‘chib kelgach, mobil o‘yinlar ishlab chiqish sohasida dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri bo‘lgan Playrixʼga ishga o‘tdim. U yerda foydalanuvchilar tomonidan 600 million marta o‘rnatilgan ilovani chiqargan reliz jamoasiga rahbarlik qildim. Jamoa bilan chinakamiga ter to‘kib ishladim. Oxir-oqibat juda holdan toydim va katta mamnuniyat bilan kompaniyadan ketdim. Bir muddat ishlamaslikka — sayr qilib, xayollarimni tartibga keltirishga qaror qildim.
Mahalliy hamjamiyatda tasodifan Road24’da dasturchilik bo‘yicha vakansiyaga ko‘zim tushib qoldi. O‘zbek tilini bilish majburiy talab edi, shuning uchun avvaliga nomzodimni ko‘rib chiqishni ham istashmadi, lekin baribir suhbatga chaqirishdi. Ularning “Нам нужен узбекский” (“Bizga o‘zbek tilini biladigan odam kerak”), degan qat’iy gapiga javoban men “O‘zbekcha ozgina bilaman, o‘rganyapman”, deb javob berdim. “O! Gap yo‘q!” — deyishdi ular hayron qolib. Til har doim eshiklarni ochadi.

Ko‘pchilik Road24 faqat jarimalardan iborat deb o‘ylaydi. Aslida esa, biz allaqachon haydovchilarga mo‘ljallangan butun boshli ekotizimga aylanganmiz: ilova 7 million marta o‘rnatilgan, har oy 3 million noyob foydalanuvchi — bularning barchasiga deyarli marketing xarajatlarisiz erishdik.

Meni kompaniyaga bir yarim yil oldin ishga olishgan va butun boshli dasturiy ta’minotni ishlab chiqish vazifasini ishonib topshirishgan. Shu vaqt ichida biz ish jarayonlarini qayta yo‘lga qo‘ydik, jamoa yig‘dik. “Avtosignal”ni ishga tushirdik: endi avtomobil egasiga o‘z raqamingizni oshkor qilmagan holda qo‘ng‘iroq qilish yoki yozish mumkin. Avtoturargohlarni integratsiya qildik. Sug‘urta xaridini yo‘lga qo‘ydik, TVEFJMS uchun esa barcha sug‘urta kompaniyalariga mos yagona protokol ishlab chiqdik. Yordam — yo‘lda yordam ko‘rsatish: evakuator chaqirish, qat’iy belgilangan narxda shina almashtirish xizmatini ishga tushirdik. Shuningdek, avtobozorni ham. Bir yirik xolding shunga o‘xshash ilovani 60 nafar xodim bilan bir yarim yil davomida ishlab chiqqan edi. Bizning uch kishilik jamoamiz bu ishni uch haftada uddaladi.
Road24 jamoasi. Mariya Shinkaryovaning shaxsiy arxividan olingan surat.
Kompaniyamizda 20 ga yaqin xodim ishlaydi, ularning aksariyati o‘zbekistonliklar, bu esa ongli ravishda qilingan tanlov. Biz O‘zbekiston aholisi uchun ilova yaratayotganimiz sababli, jamoaning o‘zi ham undan foydalanishi muhim. O‘zi foydalanadigan mahsulotni yaratar ekan, inson uni deyarli har doim yaxshiroq qilishga intiladi.

Xodimlarning aksariyati uch tilda so‘zlashadi, bir qismi esa faqat o‘zbek tilida. Ishxonadagi muhit yaxshi: an’anaviy oilalarda tarbiya topgan yigit-qizlar ham, dunyoviy qarashlarga ega insonlar ham bor. Biz bir dunyoda yashayotganimizni va o‘zaro kelishib ishlashimiz kerakligini tushunamiz.
Shunga qaramay, bosh ijrochi direktor (CEO) bilan ancha vaqt til topisha olmaganmiz — ikkimiz ham qiziqqonmiz, o‘z fikrimizni himoya qilishda hissiyotlarga berilamiz. Asosiy kelishmovchilik ish jadvali yuzasidan bo‘ldi. U intizom va ofisga ertalab soat to‘qqizda kelish muhim, deb hisoblardi. Men esa asosiy e’tiborni behuda o‘tkazilgan soatlarga emas, balki bajarilgan vazifalarga qaratish kerak, degan fikrdaman. Menga “monitor qo‘riqchilari” kerak emas.

Oxir-oqibat buni “qonuniylashtirishga” erishdik. Aslida xodimlar avval ham ishga biroz kechikib kelishi mumkin edi, lekin biz bu tartibni rasman mustahkamlab qo‘ydik. Endi har kuni ertalab soat 10 da stendap o‘tkazamiz: hamma onlayn yig‘ilishga ulanib, vazifalar va muammolarni muvofiqlashtirib oladi, so‘ngra o‘zi uchun qulay rejimda ishini davom ettiradi. Men xodimlarga maksimal darajada erkinlik berishga harakat qilaman, lekin natija talab qilaman.
“Raqobat — hamisha yaxshi”
So‘nggi paytlarda ko‘plab tanishlarim O‘zbekiston haqida savollar bilan menga yozishyapti: bu yerda to‘lov tizimlari qanday ishlaydi, soliqlar qanaqa, bozorga qanday kirsa bo‘ladi. Yangi qonunlar, masalan, ingliz huquqi to‘g‘risidagi qonun qabul qilinmoqda. Bularning barchasi xorijiy kompaniyalarni o‘ziga jalb qilyapti.
Hozir keng ommalashgan va yuqori maosh taklif qilayotgan arab mamlakatlari bilan solishtirsak, men Amirliklarda ham, Saudiya Arabistonida ham bo‘lganman. Mening nazarimda, u yerlarda yashash zerikarli. U yerga faqat hayotda bir marta beriladigan noyob ish taklifi uchungina ko‘chib o‘tishim mumkin edi. Toshkentda esa har dam olish kunlari do‘stlarim bilan kelishib olishimizga to‘g‘ri keladi: qayerga boramiz, kimda qanday rejalar bor. Muammo biror mashg‘ulot yo‘qligida emas, aksincha, tanlov imkoniyatlarining haddan tashqari ko‘pligida.

Raqobat — hamisha yaxshi. Rossiyaga qarang: banklar eng yaxshi ilovani yaratish uchun o‘zaro kurashgan va natijada butun bir moliyaviy ekotizim shakllangan. Hamma bir-biriga xalaqit bermay, bellashsa, bu faqat foydaga ishlaydi.
“Ta’mirlash — jon-u dilim”
Toshkentda qolishimiz aniq bo‘lgach, uy masalasi bilan shug‘ullanishga qaror qildik. Bizda norezidentlarga qiymatning eng kam chegarasisiz uy-joy sotib olish imkonini beradigan IT-viza bor edi. Avvaliga Shimoliy vokzal yaqinida bir kvartirani ko‘rdik. Keyin Nukus ko‘chasidagi 1939-yilda qurilgan “stalinka”ga kirdik — turmush o‘rtog‘im ikkimizni tok urgandek bo‘ldi! Bu tuyg‘uni tushuntirish qiyin, lekin bu bizning uyimiz ekanini o‘sha zahoti anglagandik. Uch kundan keyin bitimni rasmiylashtirdik. O‘z xonadonimizga oradan yarim yil o‘tib — 2024-yil avgustda to‘liq ko‘chib o‘tdik.
Ta’mirlash — jonu dilim. Butun umrim davomida shu ish bilan shug‘ullanib kelaman: avval Sankt-Peterburgdagi uyimda, keyin qaynonamnikida, so‘ngra Chimkentda — ota-onamnikida. Eski uylarni tartibga keltirishni yaxshi ko‘raman, “o‘zing yasa” (DIY) va apsaykling (ijodiy qayta ishlash) haqidagi videolarni miriqib tomosha qilaman.

O‘zingiz qayta ta’mirlashni istamaydigan darajada tayyor uyni sotib olish deyarli imkonsiz. Har kimning o‘z didi bor, men esa hamma narsa qanday ko‘rinishda bo‘lishi kerakligi haqida o‘z tasavvurimga ega edim. Masalan, men uchun oshxona yuzasida hech narsa turmasligi, ayniqsa, cho‘mich-kapgirlar uchun ilgaklar bo‘lmasligi muhim; shuningdek, omborxona va alohida garderob bo‘lishi kerak. Bularning barchasini noldan boshlash osonroq. Bu ancha arzonroq ham tushadi.
Ta’mirlashning eng qiyin qismi eshiklar bo‘ldi. Biz eski eshiklarni restavratsiya qilishga qaror qildik, lekin ustalar masalasida omadimiz kelmadi. Ular avvaliga ishga ishtiyoq bilan kirishdi-yu, keyin ishdan qochadigan, bir ishni tugatmay turib boshqasiga o‘tib ketadigan va vaqtini to‘g‘ri taqsimlay olmaydigan bo‘lib qolishdi. Shunda onamdan dadamni bir haftaga “qarzga berib turishini” so‘radim. Dadam quruvchi, uning qulog‘iga lag‘mon osib bo‘lmaydi. Dadam kelganidan so‘ng bir hafta ichida butun xonadonning devorlari bo‘yaldi, ikkita garderob yig‘ildi, barcha eshiklar o‘rnatildi, kafel choklari to‘ldirildi — shundan keyingina nihoyat ko‘chib o‘tdik.
Oradan vaqt o‘tib, tanish-bilish orqali tor doirada ancha tanilgan, qo‘li gul usta — Baxtiyor aka bilan tanishib qoldik.
U nega eski eshikni tashlab yuborishni istamaganimni tushundi. Tilog‘ochdan ishlangan pol taxtalarini topib, ularni yelimlab chiqdi — natijada yaxlitidan to‘rt baravar arzonroq stoleshnisa tayyor bo‘ldi. Oynamizni ham o‘sha kishi restavratsiya qilib berdi, hozir esa Yangiobod bozoridan topilgan narsalardan bufet yasayapti. Endi uni do‘stlarimiz bilan navbatma-navbat “bo‘lishamiz”. Ba’zan bir-birimizga yozib turamiz: “Menga qara, Baxtiyor aka haliyam senga kerakmi? Endi olib ketsam bo‘lar?”
Ta’mirlash ishlari tufayli Telegram’da 500 kishilik hamjamiyatimiz paydo bo‘ldi. Tajriba almashamiz, nimani qayerdan topish mumkinligini aytamiz. Toshkentda hamma narsa bor, faqat qayerdan izlashni bilish kerak, xolos. Ta’mirdan keyin ko‘pincha bo‘yoq, kafel, furnituralar ortib qoladi — ularni ozroq kerak bo‘lganlarga berib yuborsa bo‘ladi. Rossiyada “Avito”da bu juda ommalashgan, bu yerda esa hali unaqasi yo‘q.
Piyoda sayrlar va sevimli yo‘nalishlar
Toshkent — ko‘p qatlamli shahar. Bu yerda an’anaviy mahallalar qad rostlagan Eski shahar ham, zamonaviy Tashkent City ham bor. Fayzli Nukus ko‘chasi, “Госпитальный” bozori, Anhor kanali bor. Shahar go‘yo hamma narsa aralashib ketgan katta bir qozon. Menga shu xilma-xillik ichida bo‘lish yoqadi.

Hozircha o‘zimni bu yerlikdek his qilmayman, lekin sayyoh ham emasman. To‘rt yil ichida ancha “toshkentliklashib” qoldim. Bir paytlar butun shahar kanallar va ariqlar bilan qoplangan bo‘lgani uning o‘ziga xosligidir. Hatto hozirgi jaziramada ham Anhor bo‘yida salqin — shunday suvi va daraxtlari bor joylar ko‘proq bo‘lishini istardim.
Biznikiga mehmonlar kelsa, ularni o‘zimning sevimli yo‘nalishim bo‘ylab sayr qildiraman. Sayrni Ming O‘rikdan boshlaymiz, so‘ng Amir Temur shohko‘chasidagi 45-uy — aholi buzib yuborilishidan saqlab qolgan 1927-yilga oid me’moriy yodgorlik tomon yo‘l olamiz. Keyin Taras Shevchenko ko‘chasi orqali “Marvarid” (“Jemchug”) uyga o‘tamiz. Undan so‘ng Anhor kanali bo‘ylab, “Nomenklatura uylari” yonidan o‘tib, “Navro‘z” bog‘iga boramiz. Va, albatta, Hazrati Imom majmuasi, kanallari ko‘p Qalqovuz mahallasi hamda Chorsu bozorini ziyorat qilamiz. Ba’zan sayr yo‘nalishimiz qariyb 30 ming qadamga cho‘ziladi va mehmonlarim ko‘pincha uyga holdan toyib qaytishadi.
Kam qavatli tarixiy binolarning o‘rniga ko‘p qavatli uylar qurish uchun buzib tashlanayotganiga tez-tez guvoh bo‘laman. Bu holat shaharning turli tumanlarida yuz beryapti. Vaholanki, xuddi Darxondagi kabi, aynan shunday binolar sayyohlarni o‘ziga tortadigan maskanlarga aylanishi mumkin edi. Ularni buzish emas, asrab-avaylash va qayta tiklash kerak.
Surat: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
Agar qiyoslaydigan nimadir bo‘lsa, Toshkentda piyoda yurish qulay. Saudiya Arabistonida eng yaqin piyodalar o‘tish joyigacha besh kilometr yurishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Kuala-Lumpur va Birlashgan Arab Amirliklari ham piyodalar uchun mutlaqo moslashtirilmagan, qolaversa, u yerlarning iqlimi issiq. Toshkentda esa barcha sevimli joylarimni bemalol aylanib chiqa olaman. Masalan, Shota Rustaveli ko‘chasini tartibga keltirishdi: yursangiz, hamma yoq yam-yashil.

Toshkent avtomobillar shahriga aylanib boryapti, deyishadi: svetoforlar kam, o‘tish joylari tartibga solinmagan. Haqiqatda shunday. Bundan yaxshiroq qilish mumkinmi? Mumkin. Shunday qilish kerakmi? Ha. Poytaxtda piyodalar avtomobil haydovchilaridan ancha ko‘p va shahar birinchi navbatda ular uchun bo‘lishi kerak. Avtomobilda yurish qimmat va noqulay, jamoat transporti esa yaxshi bo‘lishi, piyoda sayr qilish esa barchaga oson bo‘lishi lozim. O‘zim ba’zan metrodan foydalanaman. U A nuqtadan B nuqtaga olib borib qo‘yadi va shuning o‘zi kifoya.
“Toshkentda odamlar orasidagi masofa qisqa”
O‘zbek tili kurslariga qatnagandim, lekin u yerda kundalik hayotda deyarli ishlatilmaydigan grammatika qoidalari va so‘zlar o‘rgatilishi menga yoqmadi. Shuning uchun kichik bir tadqiqot o‘tkazishga qaror qildim. Tilni yaxshi biladigan, millati o‘zbek bo‘lmagan bir necha kishidan ular tilni qayerda va qanday o‘rganishganini so‘rab-surishtirdim. Javoblar asosan uchta holatga borib taqaldi: armiyada, kollejning milliy guruhida o‘qish yoki mahallada yashash orqali. Men esa bularning ichidan jonli muloqot o‘zimga ko‘proq mos keladi, degan fikrga keldim.
Threads’da birga sayr qilish va til amaliyoti uchun o‘zbek tilida so‘zlashadigan dugona qidirayotganimni yozdim. Mingga yaqin xabar keldi! Umida bilan tanishdim: uning sochlari yorqin malla rangda, o‘zi juda o‘qimishli, elchixonada ishlaydi, o‘zbek adabiyoti va madaniyatini yaxshi biladi, o‘zbek tilidagi realiti-shouda qatnashadi. Birinchi uchrashuvdan so‘ng qo‘limda deyarli butun boshli adabiyotlar ro‘yxati paydo bo‘ldi.
Toshkentda odamlar orasidagi masofa juda qisqa ekanini payqadim. Sankt-Peterburgda odamlar shimolliklarga xos, kokos kabi yopiq bo‘ladi: sirti qattiq, ichi yumshoq. Bu yerda esa hech qanday “zirh”ni yorib o‘tish shart emas. Biror kishini bir-ikki marta ko‘rsangiz bas, uni sayrga yoki mehmonga taklif qilsa bo‘ladi. Bu menga juda yoqadi.
Surat: Mariya Shinkaryova / Threads.
Til bilish odamlarning sizga bo‘lgan munosabatini o‘zgartiradi. Mehmondo‘stlik darajasi oshib ketadi, deyolmayman-u, lekin shunchaki yoqimli. Bozorda o‘zbekcha gapirsam, menga katta hurmat bilan munosabatda bo‘lishadi va bajonidil yordam berishadi.

Hozir tilni yo‘l-yo‘lakay o‘rganyapman — kuniga bir-ikkita so‘z. Hamkasblarim mamnuniyat bilan yordam berishadi, urf-odatlar haqida ham so‘zlab berishadi. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek tilidagi videolarni tomosha qila boshladim. Hatto mahalliy filmlarni ko‘rishga ham urinib ko‘rdim. Birinchi filmni 2009 yili Peterburgda ko‘rgandim — “Super kelinchak”. O‘zbek madaniyatini tushunishni istaganlarga shu filmni doim tavsiya qilaman. Yana “Fotima va Zuhra”, “Tashlandiq” va Toshkent haqidagi eski sovet filmlari esimda.

Adabiyotlardan Dina Rubinaning “Ko‘chaning quyoshli tomonida” (“На солнечной стороне улицы”) qissasini va u asosida qamaldagi Leningraddan Toshkentga evakuatsiya qilingan odamlar haqida suratga olingan serialni yoqtiraman. Voqealar Amir Temur ko‘chasida sodir bo‘ladi. Ularni Shimoliy vokzalga olib kelishgan, ular shu ko‘cha bo‘ylab yurib, boshpana izlashgan. Kitobni o‘qib, serialni ko‘rganimda hali Peterburgda edim va qachondir aynan shu yerda yashashimni xayolimga ham keltirmagandim. Gʻaroyib tasodif. Yana Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani ham bor. Undagi voqealar Ming o‘rikda boshlanadi — mening mehmonlar uchun sevimli yo‘nalishim ham aynan shu yerdan boshlanadi.

Sevimli taomlar va milliy oshxona

Ko‘chib o‘tganimdan keyin ovqat borasida hech qanday syurprizlar bo‘lmasa kerak, deb o‘ylagandim — lekin adashgan ekanman. Shivit osh, manpar, mastava — ilgari ko‘rmagan taomlarim. Qozog‘istonda sumalak unchalik ommalashmagan. Nisholda ham yo‘q. Qozog‘iston bilan chegaradan o‘tsangiz, yo‘l yoqasida qimiz va shubat sotishayotganini ko‘rasiz. O‘zbekistonda qimiz ancha kam, lekin menga bu yerdagi ayron tayyorlash usuli yoqadi: suzmani olib, suv bilan aralashtirishadi, keyin muz, rayhon, olma va bodring qo‘shishadi. Men o‘zimiznikilarga ham uni aynan shunday tayyorlashni o‘rgatib qo‘yganman.

Bolaligimdan pishir-kuydirni yaxshi ko‘raman. Chimkentda meni doim ro‘yxat tutqazib bozorga jo‘natishardi va u yerda albatta koreys rastalariga kirib, sabzili salat va funchoza xarid qilardim. Bu yerda ham bularning hammasi bor. Uyda su-vid usulida go‘sht pishiraman, Tailandning tom kxa pastasi bilan sho‘rvalar tayyorlayman. Oshxona — uyimdagi eng sevimli joylarimdan biri.
Mariya Shinkaryovaning shaxsiy arxividan olingan surat.
Xaridni turli joylardan oz-ozdan qilaman. “Korzinka”dan soya suti va tofu, xitoy do‘konchalaridan fuchju nomli soya qushqo‘nmasini, “Госпитальный”dan esa edamame loviyasini olaman. Men pesketarianman — go‘sht yemayman, uning ta’mi, hidi va teksturasi menga yoqmaydi. Onam olti yoshimcha meni shifokorlarga olib yurgan, oxiri unga: “Bolani o‘z holiga qo‘ying, nima yegisi kelsa, shuni yesin”, deyishgan.

Milliy taomlari asosan go‘shtga asoslangan mamlakatda o‘zbek tilida eng ko‘p ishlatadigan iboram “Go‘shtsiz bormi?” bo‘ldi. Aslida bu umuman muammo emas — oqsil borasida hammasi joyida.
Sevimli taomim — manti. O‘zim uchun kartoshkali, qolganlar uchun esa to‘rtburchak qilib to‘g‘ralgan go‘shtli manti tayyorlayman. Bu an’ana bizda Peterburgda yashagan vaqtlarimizdan qolgan — onam meni turmushga uzatayotganida Qozog‘istondan mantiqozon va qozon olib kelib bergandi.

Mehmonga kelgan ota-onamni hayron qoldirishga harakat qilaman: ularni molekulyar oshxona restoranlariga, urf bo‘lgan sushi-barlarga olib boraman. Dadam har safar maqtaydilar-u, lekin doim “Bizning oshxonamiz baribir eng zo‘ri”, deb qo‘shib qo‘yadilar.
Mariya Shinkaryovaning shaxsiy arxividan olingan surat.
Joylardan “milliyka”larni — milliy taomlar pishiriladigan oddiy oshxonalarni yaxshi ko‘raman. Bular: “Anjir”, Shota Rustaveli ko‘chasidagi qurtobaxona, “Buxoro Premium”, Shevchenko ko‘chasidagi “Afsona”. Yana tasodifan Anhor bo‘yida, Olimpiya shon-shuhrati muzeyi yaqinidan bir joy topib oldim — chakalakzorlar orasiga kirsangiz, suv bo‘yidagi eski Al-Aziz kabobxonasidan chiqasiz.
Mamlakatda har bir hududning o‘ziga xos oshxonasi bor — buni rivojlantirish va ko‘rsatish kerak. Masalan, Xivada shivit oshi va Xorazm nonini pishirish bo‘yicha mahorat darsiga borganmiz, Buxoroda esa rayhon va jigar qo‘shilgan ko‘k palov tayyorlashni o‘rganganmiz. Toshkentda bunday mashg‘ulotlar yetishmaydi.
“Har bir joy o‘z izini qoldirgan”
Turizmni emigratsiya bilan adashtirmang, deyishadi. Bu yerda menga nimadadir qiyinchilik bo‘ldi, deb ayta olmayman. Bungacha turmush o‘rtog‘im bilan ko‘p sayohat qilganmiz, tezda moslashib ketganmiz va Toshkentda qulay hayot kechirish uchun hamma narsa bor, deb hisoblaymiz — hattoki, Peterburgdagi biz yoqtirgan klinikaning rahbari bu yerda mahalliy shifokor bilan qo‘shma klinika ochgan.

Turmush o‘rtog‘im bu yerdan Warhammer stol o‘yini hamjamiyatini topdi. Ular birgalikda figuralarni bo‘yash kunlarini uyushtirishadi, Qozog‘istonga musobaqalarga borib turishadi. Men esa Threads’dagi falsafiy klubga qo‘shildim. U yerda falsafiy ta’limotlar va nazariyalarni muhokama qilamiz — ba’zan olti soatlab.
O‘n yildan keyin qayerda bo‘lishimni kim biladi deysiz. Lekin hozir shu yerda ekanman, mahalliy jamoalar bilan birga IT’ni rivojlantirish, DIY hamjamiyatini yoyish, o‘zbek tilini o‘rganish va mahalliy madaniyatni o‘zlashtirishni istayman.
“Qayerda tug‘ilsang, o‘sha yerda keraksan” degan ibora menga hech qachon yaqin bo‘lmagan. Men 58 ta mamlakatda bo‘lganman, Qozog‘iston, Rossiyada yashaganman, hatto COVID paytida Ummonda bir oy qolib ketganman. Har bir joy o‘z izini qoldirgan, dunyoqarashimga ta’sir qilgan. Nazarimda, bu — inson hayotida yuz berishi mumkin bo‘lgan eng qiziqarli holat.
Blits
— Birinchi o‘rgangan o‘zbekcha so‘zingiz?

— Qozoq tilini bilganim uchun O‘zbekistonga kelganimda asosiy so‘zlarni bilardim: “Assalomu alaykum”, “Yaxshimisiz?”, “Charchamayapsizmi?”, “Tuzukmisiz?”, “Mayli”, “Xo‘p bo‘ladi”.

— Toshkentdagi sevimli faslingiz?

— Bahorni yoqtiraman — Izabella qulupnayi va tut mavsumi boshlanadi. Bu davrda birorta ham rezavorli daraxtning yonidan beparvo o‘tib ketmayman. Kuz ham zo‘r, bu yerda u uzoq davom etadi va iliq. Qishni esa tog‘larda chang‘i va snoubord uchish imkoniyati borligi uchun yaxshi ko‘raman.

— Hali ham ko‘nika olmagan o‘zbek taomingiz?

— Tuxum barak. Uni to‘yga taklif qilishganida Xorazmda, keyin yana bir marta Toshkentda yeb ko‘rganman. Shivit osh yoqdi-yu, lekin tuxum barak yoqmadi.

— Toshkent (O‘zbekiston) sizni qanday o‘zgartirdi?

— Bu yerda notanish odamga: “O‘xshash tomonlarimiz ko‘p ekan. Keling, birga qahva ichamiz?” — deb yozib, uchrashib ketish oson. Ekskursiya yoki barda tanishib, muloqotni davom ettirish ham oddiy hol.

Do‘stlarimiz bilan hatto o‘z an’anamiz paydo bo‘ldi — har juma “gap”ga yig‘ilamiz. Yaxshi ma’nodagi tanish-bilish ham odatga aylandi: har qanday vaziyatda avvalo kim bilan maslahatlashsam ekan yoki kim yordam bera olarkin, deb o‘ylaydigan bo‘ldim.

Matn muallifi: Zilola Toirova.

Muharrir: Viktoriya Abdurahimova.

Suratlar muallifi: Yevgeniy Sorochin.

Materialda Mariya Shinkaryovaning shaxsiy arxividan olingan suratlardan foydalanilgan.


Matn va grafik materiallar bo‘yicha barcha huquqlar Gazeta’ga tegishli. Gazeta internet nashrining saytida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan havola orqali tanishish mumkin.


Qiziqarli voqealarni bilasiz va ularni dunyo bilan bo‘lishishni istaysizmi? Hikoyangizni sp@gazeta.uz manziliga yuboring.

Made on
Tilda