Nima o‘qiymiz?
Bloger Nodir Nishonov tavsiya qiladi
Gazeta kitobxonlikni targ‘ib etishda davom etadi. “Nima o‘qiymiz?” loyihasining bu galgi mehmoni — “Dervish_nod”, “Qurultoy” va “Susambil” loyihalari muallifi Nodir Nishonov. U hayotining badiiy hamrohlari, mutolaaga doir mulohazalari va nega surat emas, siyrat uchun o‘qish muhimligi bilan bo‘lishdi.
Gazeta kitobxonlikni targ‘ib etishda davom etadi. “Nima o‘qiymiz?” loyihasining bu galgi mehmoni — “Dervish_nod”, “Qurultoy” va “Susambil” loyihalari muallifi Nodir Nishonov. U hayotining badiiy hamrohlari, mutolaaga doir mulohazalari va nega surat emas, siyrat uchun o‘qish muhimligi bilan bo‘lishdi.
“Nima oʻqiymiz?” loyihasi kitobxonlik madaniyatini yanada ommaviylashtirish maqsadida boshlangan. Biz bu loyihada olimlar, yozuvchilar, shoirlar, tarjimonlar, jurnalistlar va jamoat faollari bilan ularning nazarida oʻqish shart boʻlgan kitoblar va umuman adabiyot haqida suhbatlashamiz.
Men uchun kitob o‘qish bu — har gal yangi ufqlarni ochadigan noma’lum olamdagi sarguzasht. Har yangi asar ma’lum bir hayotni yashab ko‘rish, dunyoga boshqa nigoh bilan qarash imkonini beradi. Shu bois men mutolaani insoniyatning eng buyuk yutuqlaridan biri deb bilaman.

Mutolaa bu — sayohat

Mutolaa jarayonida inson boshqa mamlakatlar, davr va olamlarga sayohat qilishi, o‘zgalar taqdirini kuzatishi hamda real hayotda hech guvohi bo‘lolmaydigan voqealarni boshdan kechirishi mumkin.

Islom an’anasida ilk ilohiy amrning ham aynan “O‘qi!” bo‘lgani bejiz emas. Zero, o‘qish va o‘rganish orqali inson dunyoni, odamlarni, tarixni va o‘zligini yaxshiroq anglaydi.
Bizni cheksiz axborot oqimi, ijtimoiy tarmoqlar va qisqa kontent turlari qurshab olgan bugungi kunda, mutolaaning qadri yanada oshmoqda. Miyani chinakam charxlaydigan ushbu mashg‘ulot — diqqatni jamlashga o‘rgatadi, tanqidiy fikrlashni, tasavvurni rivojlantiradi.
Yaxshi kitob o‘ylashga undab, kitobxonda o‘qishni davom ettirish istagini uyg‘otadi. Sara spektakl yoki film kabi ta’sir qiladi — his-tuyg‘ularni junbishga keltiradi, ilhomlantiradi. Agar mutolaadan so‘ng o‘yga tolsangiz, kitobni muhokama qilishni yoki shu mavzudagi yangi asarlarni izlashni istasangiz, demak, u o‘z vazifasini bajargan.
Mutolaaning bir paradoksi bor. Unga tobora chuqurroq sho‘ng‘igan sari — bilimlar olami naqadar bepoyonligi va hali qancha narsa noma’lumligini yaxshiroq anglaysiz. Shu sabab bo‘lsa kerak, haqiqatan ham ko‘p o‘qiydigan odamlar o‘zlarini kamdan-kam hollarda hamma narsani bilaman, deb hisoblaydi.

Kitob yo yuksak badiiy qimmatga ega bo‘lishi, yoki yangi bilimlar berib, dunyoqarashni kengaytirishi kerak, deb hisoblayman. Adabiyot tanlayotganda uning muallifiga ham, janriga ham e’tibor beraman. Agar ijodi menga yaqin bo‘lgan yozuvchining yangi asari chiqsa, uni albatta o‘qishga harakat qilaman.
Asosiy ishim, shaxsiy media loyihalar va tarixiy blogim kunimning salmoqli qismini egallagani bois bugun, afsuski, kitob mutolaasiga avvalgidek ko‘p vaqt ajratolmayapman. Uzoq va shoshilmasdan o‘qish men uchun o‘ziga xos hashamatga aylanib qolgan — bunga faqat ish jadvalimdan ortgan vaqtdagina o‘zimga ijozat beraman.

Shunday bo‘lsa-da, mutolaa hamon kundalik hayotimning ajralmas qismi. Kasbiy faoliyatim taqozo qilgani sabab doimiy ravishda tarixiy tadqiqotlar, ilmiy monografiyalar va manbalar bilan ishlayman. Bu o‘z navbatida, bilimimni chuqurlashtirishga va sifatli kontent yaratishga yordam beradi.

Badiiy adabiyot esa men uchun ko‘ngil va hordiq mutolaasi. Ayniqsa, tarixiy romanlar, sarguzasht asarlar, fentezi va ilmiy fantastikani sevib o‘qiyman. Ilmiy adabiyotlarga kelsak, meni birinchi navbatda Markaziy Osiyo va unga qo‘shni hududlar tarixiga oid adabiyotlar qiziqtiradi.

“Xamsa”ga nima uchun faqat “stol kitobi” sifatida qaramaslik kerak?

Barchaga tavsiya qiladigan kitobim, bu shubhasiz, Alisher Navoiyning “Xamsa”sidir. Asar bilan tanishishni original matndan emas, balki uning zamonaviy nasriy bayoni yoki hozirgi o‘zbek tilidagi sifatli adaptatsiyasi — tabdilidan boshlashni maslahat beraman. Bu asarni osonroq tushunishga yordam beradi. Shundan so‘nggina asl nusxaga murojaat qilgan ma’qul.

Besh dostonda tarix, falsafa, muhabbat va inson tabiati haqidagi mulohazalar o‘zaro uyg‘unlashib ketgan. Kitob nafaqat Navoiy ijodini, balki mintaqamiz ma’naviy merosini ham chuqurroq anglashga ko‘maklashadi.

XV asrda fors tili — Markaziy Osiyoda, Hindiston-u Erondagi eng nufuzli til bo‘lgan, caroylarda ham shu tilda so‘zlashilgan. Turkiy til esa asosan ko‘chalarda, maishiy hayotda va harbiy maydonlarda qo‘llanilgan.

Albatta, chig‘atoy turkchasida she’r bitganlar ham bo‘lgan, biroq bu ko‘proq havaskorona ijod edi. Navoiy bo‘lsa o‘z “Xamsa”si bilan turkiy til ham saroylarda jaranglashga, g‘azallarda ifoda topishga munosib ekanini isbotlagan.
Ushbu asar undan avval yaratilgan “Xamsa”larni qayta anglagan va o‘zida nihoyatda boy tamaddun — juda ham katta sivilizatsion qatlamni mujassam etgan. Qahramonlari turli millat va elat vakili bo‘lgan Navoiy “Xamsa”sining jug‘rofiyasi bag‘oyat keng.
Unda Eron she’riyatiga xos an’analar, turli xalqlar, jumladan, arab afsonalari, Koshg‘ariy davridan buyon davom etib kelayotgan turkiy tilning go‘zal so‘zlari, tasavvuf falsafasi, eng muhimi, Temuriylar davlatiga xos madaniy muhit uyg‘unlashgan.
Qolaversa, har bir mutaxassis “Xamsa”dan bevosita o‘z sohasiga aloqador jihatlarni topishi mumkin. Masalan, tasviriy san’at vakillari miniatyuralar va xattotlik san’atidan did, ilhom oladi. Din hamda tarix bilan shug‘ullanuvchilar esa tasavvuf g‘oyalari bilan tanishadi.

Xuddi shuningdek, tarixchilar Hirot muhitida Naqshbandiya tariqatining ta’sirini, xususan, “Sab’ai sayyor”dagi Bahrom obrazi orqali ko‘rishi mumkin. Filologlar esa chig‘atoy tili leksikasi, grammatikasi hamda turkiy, arab va fors unsurlarining o‘zaro uyg‘unligi orqali o‘sha davrning madaniy manzarasini anglaydi.

Bularning bari Navoiyning “Xamsa”siga shunchaki maktab va oliy ta’limda o‘qish majburiy asarlardan biri yoki “stol kitobi” sifatida qaramaslik kerakligini anglatadi, fikrimcha.

Taassurot qoldirgan adabiyotlar

Kitob o‘qishga bolaligimdan mehr qo‘yganman. Bunga katta buvam — Kamtar Otaboyevdan meros qolgan katta kutubxona, buvimning bolalar adabiyotlari xaridini yoqtirishi va onamning uyda turli asarlar ko‘p bo‘lishiga e’tibor qaratgani sabab bo‘lgan. “Bilmasvoy” haqidagi kitoblar bolaligimning eng yorqin xotiralaridan biri bo‘lsa, Redyard Kiplingning “Changalzorlar kitobi” — ilk iz qoldirgan asarlardan edi.

Chingiz Aytmatovning “Oq kema” qissasi va Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Sariq devni minib” romani esa o‘quvchiligimdagi yozgi ta’tilni bir nafasda, miriqib o‘tishiga sabab bo‘lgani yodimda. Ular tufayli o‘qish nafaqat maroqli bir mashg‘ulot, balki hayot haqida mushohadaga undovchi jarayon bo‘lishi mumkinligini anglaganman.

Voyaga yetgach adabiy qiziqishlarim doirasi kengaydi. Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani, “Kalila va Dimna” qadimgi hind yodgorligi, O‘tkir Hoshimov kitoblari hamda Pirimqul Qodirovning tarixiy romanlari, xususan, “Yulduzli tunlar”i qalbimdan joy olgan.
Erkin Vohidovning asarlari, Abdulla Qahhorning muhtasham hikoyalarini ham sevib o‘qiganman. Tarixni, madaniyatni va insonni teranroq tushunishga yordam bergan bu kabi asarlar bugun ham meni ilhomlantirishda davom etmoqda.

Shaxs sifatida shakllanishimda esa mifologiya, jahon adabiyoti va falsafaga oid asarlarning hissasi bor. Masalan, Nikolay Kunning “Qadimgi Yunoniston afsonalari”, Yuan Kening “Qadimgi Xitoy afsonalari” katta ta’sir ko‘rsatgan.

Bu ro‘yxatni Uilyam Shekspirning pesalari, buyuk nemis faylasufi Gyotening “Faust” asari, Yavdat Ilyosovning “So‘g‘diyona” romani bilan davom ettirish mumkin. Nil Geymanning “Amerika xudolari” va Filip Pulmanning “Shimoliy yog‘du” romani bilan boshlanuvchi trilogiyasi ham shular jumlasidan.
Bari bir-biridan farq qiladigan bu asarlarni bir jihat birlashtirib turadi. Ular o‘quvchini — insonning tarixdagi o‘rni, tiriklik, ezgulik va yovuzlik, mas’uliyat hamda tanlov erkinligi haqida mulohazaga undaydi.
Tarixchi sifatidagi qarashlarimni yanada boyitib, mustahkamlashda esa Jek Uezerfordning “Chingizxon va zamonaviy dunyoning yaralishi”, Piter Frankopanning “Buyuk Ipak yo‘li: matolar, qullar, ziravorlar, g‘oyalar va dinlar yo‘li” singari asarlari muhim o‘rin tutgan.

Mirzo Ulug‘bekning “To‘rt ulus tarixi”, Abulg‘ozi Bahodirxonning “Shajarayi turk” hamda Adib Xolidning “O‘zbekistonning tug‘ilishi” asarlari esa moziyga — murakkab va ko‘p qirrali jarayon sifatida qarashni o‘rgatgan.

Ahmad Tosho‘g‘il va Pelin Chiftning islom dini qabul qilinguniga qadar bo‘lgan turklarga bag‘ishlangan ilmiy ishlari, Abu Bakr Narshaxiyning “Buxoro tarixi”, Baxtiyor Bobojonovning “Qo‘qon xonligi: hokimiyat, siyosat, din” kabi tadqiqotlari bo‘lsa madaniyatlarning o‘zaro aloqadorligini anglash, manbalarga tanqidiy yondashish ko‘nikmasini rivojlantirgan.
Hozir qozog‘istonlik tarixchi Sulton Akimbekovning “Dashtlar tarixi” nomli fundamental tadqiqotini mutolaa qilyapman. Bu shoshilmay o‘qishni, xaritalar va tarixiy manbalarni solishtirib, muallifning fikrlarini qayta-qayta tahlil qilishni talab qiladigan ilmiy asar.

Unda muallif buyuk dasht tarixini alohida voqealar yig‘indisi sifatida emas, balki Yevroosiyo taraqqiyotiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan yaxlit tarixiy jarayon sifatida talqin qilgani menga, ayniqsa, ma’qul kelmoqda. Markaziy Osiyo tarixiga qiziqadiganlar uchun bu kabi kitoblar allaqachon tanish bo‘lgan voqea va tarixiy jarayonlarga yangicha nigoh bilan qarash imkonini beradi.

“Uzuklar hukmdori” nimasi bilan o‘ziga xos?

Britaniyalik adib Jon Ronald Ruyel Tolkinning “Hobbit”, ayniqsa, “Uzuklar hukmdori” asarlari adabiyotga bo‘lgan mehrimni oshirgan kitoblardan. Teran ma’noga ega bir olamni ochib bergan, axloqiy tanlovlar haqida o‘ylashga undagan ushbu trilogiya yillar o‘tsa-da, mening eng sevimli kitobim va hayotimning badiiy hamrohi bo‘lib qolmoqda.

“Uzuklar hukmdori” butun bir fentezi janrining rivojiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan. Asar “Garri Potter” muallifi Joan Rouling, “O‘rta dengiz afsungari” yozuvchisi Ursula Le Guin, “Taxtlar o‘yini” muallifi Jorj R. R. Martin va boshqa ko‘plab mashhur adiblarning o‘zi tan olganidek, ularni fentezi janrida ijod qilishga ilhomlantirgan.
Tolkin shu qadar ishonarli olam yaratganki, O‘rta Dunyo go‘yo real tarixning bir qismidek idrok etiladi. O‘ziga xos va qiziqarli uslubda yozilgan bu kitobning turli yoshda o‘qilganda, har safar yangi ma’nolar kasb etishi, ayniqsa, hayratlanarli.

Hayajonli jang sahnalari, muvaffaqiyatli yaratilgan antagonistlar, ular zamiridagi falsafa “Uzuklar hukmdori”ning bejiz XX asrning eng buyuk asarlaridan biri sifatida e’tirof etilmaganini ko‘rsatadi.

Qadriyatlar va insoniylik mohiyati haqidagi tasavvurlar go‘yo sarobga aylanib borayotgandek tuyilayotgan bugungi davrda, yaxshilikka ishonch uyg‘otadigan, umid qilishdan to‘xtamaslikka da’vat etadigan bu kabi asarlarni mutolaa qilish kerak, deb o‘ylayman.

“Boburnoma”ning benazirligi nimada?

“Boburnoma”, nazarimda, Markaziy Osiyoning eng yorqin tarixiy yodgorliklaridan biri bo‘lgan, benazir va o‘xshashi yo‘q asar. Kitobxon qarshisida quruq solnomalar emas, balki hukmdor, sarkarda, shoir va tarixiy voqealarning bevosita ishtirokchisi bo‘lgan shaxsning jonli hikoyasi namoyon bo‘ladi.

Zahiriddin Muhammad Boburning ko‘rgan kechirganlari, kechinmalari samimiy ifodalangan “Boburnoma” carguzasht asar sifatida ham o‘qish mumkin bo‘lgan yirik tarixiy manbadir.
U siyosiy tarix, geografik tavsiflar va etnografik kuzatuvlar orqali o‘sha davr hukmdorlari va aristokratiyasi qanday fikrlagani, yashagani, dam olgani hamda qanday qadriyatlarga amal qilgani haqida yaxshi tasavvur beradi. Asar bilan Temuriylar davriga sayohat qilish, o‘sha zamondagi olam va odamga Bobur nigohi bilan qarash, uning tafakkuri orqali voqealarni idrok qilish mumkin.
U shahar-u yo‘llar, qal’alar, harb ishi, bog‘lar, dehqonchilik, hunarmandchilik, iqlim va flora-fauna, qolaversa, musiqachilar, shoirlar-u olimlar bilan tanishtiradi. XV-XVI asrlar tarixi hayratlanarli darajada jonli va yaqin tuyiladi.

Yana bir muhim jihatiga e’tibor qaratish kerak. Ma’lumki, Muhammad Shayboniyxonning ko‘chmanchi o‘zbeklar bilan mintaqaga kirib kelishi Temuriylar davlatchiligining barham topishiga olib kelgan.

Ya’ni Bobur Hindistonga ketgach, mintaqada o‘zbek tarixchiligi uchun muhim bo‘lgan bir sulolaning davri yakuniga yetib, boshqa bir sulola siyosiy maydonga kirgan. “Boburnoma” esa mana shu o‘zgaruvchan o‘tish davrini qaysidir ma’noda Bobur siymosi orqali his qilishga nihoyatda katta yordam beradi.

Surat emas, siyrat uchun o‘qiylik!

Bugun mutolaa madaniyati juda qiziqarli o‘tish bosqichini boshdan kechirmoqda. Bir tomondan, biz hali haqiqiy kitobxon jamiyatga aylandik, deb bo‘lmaydi. Biroq, ayni paytda, yoshlar kitob o‘qimayapti, deyish ham mutlaqo noto‘g‘ri.

Aksincha, kitobga qiziqish bor, tobora ko‘proq sifatli tarjimalar paydo bo‘lmoqda. Nashriyotlar jahon bestsellerlariga bo‘lgan huquqlarni qo‘lga kiritmoqda.

Kitoblarning bezagi va dizayniga ham katta e’tibor qaratilmoqda. 10−15 yil avval kitob bozorini bunday darajada tasavvur qilish ancha mushkul edi va bu, shubhasiz, kishini quvontiradi. Shu bilan birga, boshqa bir tendensiya meni biroz xavotirga soladi.
Ijtimoiy tarmoqlarning adabiyotni ommalashishiga yordam berishi rost. Lekin, gohida kitob shaxsiy tajriba emas, balki omma oldidagi imijning bir elementiga, mutolaa esa o‘ziga xos poygaga aylanayotgandek taassurot uyg‘otadi.

Go‘yo bir oyda kim ko‘proq kitob o‘qigani, kim asarni tezroq tugatdi, kim o‘sha tillarda doston bo‘lgan adabiyotni mutolaa qilishi muhimroqdek.

Fikrimcha, mutolaa avvalo ichki, deyarli intim bir jarayon — insonning kitob bilan o‘zaro suhbati bo‘lib qolgani afzal. Zero, adabiyotning asl qimmati o‘qilgan sahifalar sonida yoki kitob bilan tushilgan chiroyli suratda emas, balki o‘zidan keyin qanday fikrlar, tuyg‘ular va savollar qoldirishidadir. Aynan shunday kitoblargina bir umr biz bilan bo‘ladi.

Matn va grafik materiallarga boʻlgan barcha huquqlar Gazetaʼga tegishli.

Gazetaʼda eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan

havola orqali tanishish mumkin.


Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? Oʻz hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda