“Katta qirg‘in”dagi qatag‘on
Unda ayollar nima uchun qamalgan, bolalarning taqdiri qanday kechgan?
1930-yillardagi “Katta qirg‘in”da 18 mingdan ortiq — ziyoli-yu uy bekasigacha bo‘lgan xotin-qizlar Sovet hokimiyati tomonidan surgun qilingan. Ayrimlari qamoqxonalarda homilador bo‘lib qolgan, ba’zilari qaytgach farzandini topolmagan bu mahbuslar orasida o‘zbek ayollari ham bo‘lgan.
1930-yillardagi “Katta qirg‘in”da 18 mingdan ortiq — ziyoli-yu uy bekasigacha bo‘lgan xotin-qizlar Sovet hokimiyati tomonidan surgun qilingan. Ayrimlari qamoqxonalarda homilador bo‘lib qolgan, ba’zilari qaytgach farzandini topolmagan bu mahbuslar orasida o‘zbek ayollari ham bo‘lgan.


“9 milliondan ortiq ayollar mamlakatimizdagi davlat idora va muassasalarida ishlaydi. 100 mingga yaqin ayol — muhandis va texniklar fabrika va zavodlarimizda faoliyat yuritadi. Kolxoz tuzumi dehqon xotin-qizlarning faolligini uyg‘otdi, ularni sotsialistik qishloq xo‘jaligi taqdiriga ta’sir ko‘rsatuvchi katta kuchga aylantirdi. Sotsialistik dalalarda 18 million mehnatkash xotin-qiz mehnat qilmoqda. Qishlog‘imizda ayollarning kolxoz raisi, boshqaruv a’zosi, brigadir va traktorchi bo‘lishi oddiy hol. Kolxozlarda 57 mingdan ortiq ayol traktorchi mehnat qilmoqda”.




Правдаgazetasi. 1938-yil, 8-mart.
“Sotsialistik vatanning jonboz patriot xotin-qizlari” maqolasi.

“Faqat SSSRdagina ayol tom ma’noda erkin bo‘ldi. U davlatni boshqarishda, sotsialistik jamiyat qurishda faol ishtirok etmoqda. Stalin Konstitutsiyasida ‘SSSRda xotin-qizlarga xo‘jalik, davlat, madaniy va ijtimoiy-siyosiy hayotning barcha sohalarida erkaklar bilan teng huquqlar beriladi, deb yozib qo‘yilgan. Bu huquqlar sotsializm mamlakatining butun boyligi bilan ta’minlangan”.

“Коммунист” gazetasi. 1938-yil, 8-mart.
“Sotsialistik mamlakatning baxtli ayollari” maqolasi.

“Sovet ayoli uchun maktab va oliy o‘quv yurtlarining eshiklari keng ochilgan. 1936−1937 o‘quv yilida boshlang‘ich va o‘rta maktablarda ta’lim olayotgan qizlar soni 13 millionga yetdi, oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan ayollar soni esa talabalar umumiy sonining 41 foizini tashkil etdi. Xalq xo‘jaligining barcha sohalarida, madaniyat sohasida ko‘plab ayol mutaxassislar faoliyat yuritmoqda. Faqat yirik sanoatning o‘zidagina 1937-yilda 100 mingga yaqin ayol muhandis va texniklar ishlagan; mamlakatimizda 50 mingga yaqin ayol shifokor bor”.




“Комсомольская Правда” gazetasi.
1938-yil, 8-mart.
“8-mart — Xalqaro Kommunistik xotin-qizlar kuni haqidagi VKP (b) MK qarori”

“Sovet davlatida ayol jamiyatning to‘la huquqli a’zosi bo‘lib, uning qarshisida keng hayot yo‘li ochiq. Kapitalistik jamiyatda ayollar aholining eng huquqsiz, eng ko‘p ekspluatatsiya qilinadigan va eng ko‘p jabrlangan qismidir. Yevropaning aksari mamlakatlari, jumladan Germaniya, Italiya, Fransiya, Avstriya va boshqalarda, Janubiy Amerikaning 16 davlatida, Yaponiya, Xitoy, Misr hamda ko‘plab mustamlaka mamlakatlarida ayollar barcha siyosiy huquqlardan mahrum etilgan”.


“Авангард” gazetasi. 1938-yil, 8-mart.
“Kapitalistik mamlakatlarda ayollarning huquqsizligi” maqolasi.
1938-yilning 8-martida Sovet matbuoti asosan xotin-qizlarga yaratilgan sharoitlar, ularning yutuq va huquqlari haqida yozgan. Ayni paytda “Katta qirg‘in” avjiga chiqqan — qatag‘on qurbonlari va surgun qilinganlar orasida esa xotin-qizlar ham bor edi.
Qatagʻon qilingan xotin-qizlar
Foto: Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi ekspozitsiyasidan
Fuqarolik va insoniy haqlari toptalgan, aksariyati beayb mazlumalar “bayram”ni sovuq qamoqxona va lagerlarda — oilasi, farzandlaridan uzoqda “qutlagan”.
“Katta qirg‘in
1937−1938-yillardagi “Katta qirg‘in” — Oktabr to‘ntarilishidan SSSR parchalangunicha bo‘lgan, Lenin va Stalin “me’morligi”dagi qatag‘onlar ichida eng chirkin, qonlisi edi. Ushbu qatliom 1937-yil 30-iyulda, “Sobiq quloq qilinganlar, jinoyatchilar va boshqa sovetlarga qarshi unsurlarni qatag‘on qilish operatsiyasi haqida”gi 00447 sonli buyruq bilan boshlangan.
Mazkur buyruqda qatag‘on qilinadigan shaxslar ikki toifaga bo‘lingan. Birinchi toifaga “quloqlar”, jinoyatchilar va boshqa aksilsovet unsurlarning eng ashaddiy dushman deb hisoblanganlari kiritilgan.

Ularni zudlik bilan hibsga olib, ishlari “uchliklar” tomonidan ko‘rib chiqilgach, otuvga hukm qilish belgilangan.

Tasvir “Tarixiy hujjatlarning elektron kutubxonasi” — “Docs.historyrussia”dagi hujjat asosida vizuallashtirilgan
Ikkinchi toifaga faoliyati nisbatan sustroq bo‘lsa-da, baribir dushman deb baholangan qolgan barcha shaxslar kiritilgan. Ular hibsga olinib, 8 yildan 10 yilgacha muddatga lagerlarga yuborilishi, ular orasidagi eng ashaddiy va ijtimoiy jihatdan xavfli deb topilganlar esa “uchlik” qarori bilan xuddi shu muddatga qamoqxonalarga jo‘natilishi belgilangan.
Тройки НКВД — SSSR Ichki ishlar xalq komissarligining ishlarni suddan tashqari tartibda koʻrib, hukm chiqarish vakolatiga ega boʻlgan hududiy organlari.
реклама
реклама
1992-yilda tashkil etilgan Arxivlarni maxfiylikdan chiqarish komissiyasi, yerosti metall bunkerlarida saqlangan maxfiy materiallar orasidan — respublikalar va oblastlar bo‘yicha qancha odam qatag‘on qilinishi belgilangan hujjatlarni topgan.

Shu asosida, “Trud” gazetasining 1992-yil 4-iyundagi sonida, “Raznaryadka asosida otuv yoki bolsheviklar buni qanday amalga oshirgandi” (“Расстрел по разнарядке, или Как это делали большевики”) maqolasi e’lon qilingan.

Respublika NKVD xalq komissarlari hamda oʻlka va viloyat NKVD boshqarmalari boshliqlari tomonidan taqdim etilgan hisob maʼlumotlariga koʻra, Markaziy Osiyo hududi boʻyicha qatagʻonga tortilishi lozim boʻlgan shaxslarning quyidagi soni tasdiqlanadi:

Jami 224 ming 400 nafar kishini otish va qamash bo‘yicha rejalar aks etgan hujjatda O‘zbekiston SSRdan hammasi bo‘lib 4750 — birinchi kategoriya bo‘yicha 750, ikkinchi kategoriya bo‘yicha 4000 nafar kishini qatag‘onga mahkum qilish belgilab qo‘yilgan.

SSSR Ichki ishlar xalq komissarligi (keyingi o‘rinlarda NKVD) Davlat xavfsizligi bosh boshqarmasining “Tarixiy hujjatlarning elektron kutubxonasi”dan joy olgan quyidagi namunalar orqali qirg‘inning ko‘lamini tasavvur qilish mumkin.
00447-sonli buyruq chiqqanidan soʻng sovet ittifoqida:
15-avgustgacha
100 ming 990 nafar shaxsga
(1545 nafari Oʻzbekistonda) hibsga olingan.
14 ming 305 kishiga
(175 nafariga Oʻzbekistonda) hukm oʻqilgan.
30-sentyabrgacha
248 ming 244 kishi
(6566 nafari Oʻzbekistonda) hibsga olingan.
143 ming 339 kishiga
(1523 nafariga Oʻzbekistonda) hukm oʻqilgan.
1938-yil 15-yanvargacha
575 070 kishi
(10700 nafari Oʻzbekistonda) hibsga olingan.
584 ming 899 kishiga
(10700 nafariga Oʻzbekistonda) hukm oʻqilgan.
1938-yil 1-martgacha
jami 60 ming 6420 kishi
(10250 nafari Oʻzbekistonda) hibsga olingan. 61 ming 2472 kishiga
(10700 nafariga Oʻzbekistonda) hukm oʻqilgan.
1936-yil 1-oktyabrdan 1938-yil 1-iyulgacha — 1 420 711 nafar kishi
(32 413 nafari Oʻzbekistonda) hibsga olingan. 1 124 000 kishiga hukm oʻqilgan. Qamoqqa olinganlarning 21 ming 880 nafari oʻzbek boʻlgan.
Tarix fanlari nomzodi, dotsent Nilufar Joʻrayevaning “Social Sciences and Humanities Research Fundamentals” jurnalida chop etilgan maqolasida esa 1937−1938-yillarda Oʻzbekistonda 41 ming kishi qamoqqa olinib, ulardan 6920 nafari otib tashlangani, qolganlari esa uzoq oʻlkalarga surgun qilingani aytiladi.
“Kioskalar oldida odam ko‘p. Gazetalar har kuni xalq dushmanlari to‘g‘risida quloch-quloch maqolalar bosib chiqaradi. Fitrat, Cho‘lpon, Qodiriy, G‘ozi Yunus, Elbek, Usmon Nosirlarni fosh qiluvchi maqolalarning keti uzilmaydi. Ular bu xil hujumlardan qamalganlaridan keyin ham qutilishmadi”.
Said Ahmad
Yoʻqotganlarim va topganlarim” kitobidan parcha
Katta qirg‘inda O‘zbekistondan minglab begunoh kishilar — vatanparvar rahbarlar, ma’rifatparvar ijodkorlar, siyosatning noto‘g‘riligiga aqli yetgan ozodlik kurashchilari qatag‘onga uchradi, otuvga hukm qilindi, jismonan mahv etildi. Ularning orasida ziyoli — 4 qator she’r yozgani, Germaniyada ta’lim olgani uchun dushmanga chiqarilgan ayollar, 00486-sonli buyruq asosida hech qanday dalil-isbotsiz olib ketilgan uy bekalari ham bor edi”, deydi tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyining ekspozitsiya bo‘limi boshlig‘i Azizaxon Ahrorova.

NKVDning 00486-sonli “Vatan xoinlarining ayollari va farzandlarini qatag‘on qilish tadbiri to‘g‘risida”gi buyrug‘i 1937-yil 15-avgustda, “Katta qirg‘in” doirasida imzolangan.

Unda “vatan xoini” deb sudlanganlarning xotinlarini ijtimoiy xavflilik darajasiga ko‘ra 5−8 yildan kam bo‘lmagan muddatga lagerlarga yuborish belgilab qo‘yilgan.

Stalin qatagʻonlari davridagi tergovchi kabineti. Tomskdagi “NKVD tergov qamoqxonasi” memorial muzeyida qayta tiklangan ekspozitsiya
Foto: “nkvd.tomsk.ru”
“Deylik 8 yil belgilangan muddati yakuniga yetgan bo‘lsa-da, ayblov olib tashlanmagani uchun surgundan 25 yil o‘tganidan keyin qaytgan ayollar ham bo‘lgan”ligini ta’kidlagan Aziza Ahrorova o‘zining “O‘zbekiston SSRda xotin-qizlarning qatag‘on qilinishi” nomli dissertatsiyasida — qamoqqa olingan ayollarning yoshi asosan 30−40 atrofida bo‘lganiga e’tibor qaratgan.

00486 sonli buyruq chiqqan — 1937-yil avgustidan, 1938-yil 15-oktabrgacha bo‘lgan davrda, to‘liq bo‘lmagan ma’lumotlarga ko‘ra, 18 mingdan ortiq “vatan xoinlari”ning rafiqalari qatag‘on qilingan. Aziza Ahrorovaning tushuntirishicha, hali qo‘l yetib bormagan va o‘rganilmagan hujjatlar mavjudligi sababli O‘zbekiston hududida qamoqqa olingan va qatl etilgan o‘zbek xotin-qizlarining aniq soni hozircha noma’lum.
“Arxiv hujjatlari tahlil qilinganda, ayollarga deyarli ayni — eri bilan qanchadan buyon birga yashayotgani, tanishlari, uyiga kimlar, nima maqsadda kelgani haqidagi va shunga o‘xshash savollar berilgani ma’lum bo‘ldi. Ayollar turmush o‘rtog‘ining aksilinqilobiy faoliyatiga sheriklik qilish va buni hukumatdan yashirishda ayblangan. Ammo ularning aksariyati shuncha yil birga yashagan umr yo‘ldoshining hukumatga qarshi ish qilmagani, uning aksilinqilobiy faoliyatiga ishonmasligini ta’kidlagan”, — deydi Aziza Ahrorova Gazeta`ga bergan intervyusida.
O‘zbekiston Xalq komissarlari sovetining rais o‘rinbosari Jo‘ra To‘rabekovning rafiqasi — 1937-yil 2-oktyabrda qamoqqa olingan Sora To‘rabekovaning tergov jarayoni Aziza Ahrorovaning ayollarning so‘roq qilinishiga doir fikrlariga bir isbot bo‘la oladi.
Sora Toʻrabekovaning “jinoiy-arxiv ishi”ni qaydnomasidan parcha.
Manba: “Qor qoʻynida lolalar”.
Savol:
To‘rabekov Jo‘raga turmushga chiqqaningizga ancha bo‘lganmi?
Javob:
Men To‘rabekov Jo‘raga 18 yoshimda, 1917-yili turmushga chiqqanman. O‘tgan vaqt ichida u bilan birga yashab keldim.
Savol:
Eringiz aksilinqilobiy millatchilik tashkilotining a’zosi sifatida qamoqqa olingan. Uning aksilinqilobiy faoliyati to‘g‘risida nimalarni bilasiz?
Javob:
Erim To‘rabekov Jo‘raning aksilinqilobiy faoliyati to‘g‘risida hech narsani bilmayman.
Savol:
Uning yaqin do‘st-yorlaridan kimlar ko‘proq uyingizda bo‘lishgan?
Javob:
Uyimizga, ayniqsa, bozor kunlarida To‘rabekovning quyidagi yaqin do‘st-yorlari ko‘proq kelib turishar edi: 1) Shirin Hamidov — O‘zK (b)P MK xodimi, 2) Boltayev — u so‘nggi paytda Xorazmda ishlagan, 3) G‘ulom Yoqubov — erim bilan birga Moskvada o‘qishgan, 4) Shermatov Abdusattor va 5) Ahmadbekov — O‘zMIQ sobiq kotibi.
Savol:
Yuqorida nomlari qayd etilgan kishilar uyingizda to‘plangan paytda nimalar to‘g‘risida gaplashishgan?
Javob:
Men ular suhbatlashgan paytda ulardan sovetlarga qarshi birorta ham gapni eshitmaganman. Umuman, ular bilan birga o‘tirmaganman.
Savol:
Tergovga shu narsa ma’lumki, siz sobiq mas’ul xodimlarning sizga yaqin bo‘lgan xotinlari o‘rtasida aksilinqilobiy millatchilik ruhidagi targ‘ibotni olib borgansiz. Shu haqda ko‘rgazma bering.
Javob:
Men hech qachon millatchilik ruhidagi gaplar va targ‘ibot bilan shug‘ullanmaganman.
Savol:
Siz tergovdan millatchilik va aksilsho‘roviy faoliyatingizning hammaga ma’lum bo‘lgan faktlarini yashiryapsiz. Tergov eringizning aksilsho‘roviy faoliyati to‘g‘risida haqqoniy ko‘rgazma berishni sizga tavsiya qiladi.
Javob:
Men erimning aksilsho‘roviy millatchilik faoliyati va aksilinqilobiy tashkilotga mansub bo‘lganligi to‘g‘risida hech narsani bilmayman.
Ko‘rsatmalar odatda rus tilida olingan. Xudoyorxonning nabirasi — Saodatxon Aminovaning “Toshturma”dan yozgan arizasi esa ruscha bilmaganlar qanday so‘roq qilingani haqida tasavvur beradi. Saodatxon 1938-yil 13-iyulda, aksilinqilobiy qozoq millatchilik tashkilotida ishtirok etganlik va josuslikda shubhalanib, qamoqqa olingan.
“Men rus tilini mutlaqo bilmayman. Yana dahshatli so‘roqlarning takrorlanishidan qo‘rqqanim uchun tishim o‘tmagan qog‘ozlar tagiga imzo chekmasdan ilojim qancha edi. Negaki, avvalgi so‘roqlar natijasida sihat-salomatligim ado bo‘lgan, agar bunday so‘roqlar yana takrorlangudek bo‘lsa, ularga dosh berolmasligim aniq edi”.
Saodatxon Aminova
Aziza Ahrorovaning qayd etishicha, rus tilini bilgan yoki tarjimon bo‘lgan taqdirda ham tergovda ayollar tazyiq ostida moslashtirilgan spravkalarga imzo qo‘yishga majburlangan. Buni u Germaniyada o‘qib qaytgan Maryam Sultonmurodovaning taqdiri misolida tushuntiradi. Ma’lum bo‘lishicha, Maryam Sultonmurodovaga 5 oylik qizini olib qo‘yish bilan tahdid qilinib, ayblov qog‘oziga imzo qo‘ydirilgan.
“Mening Nega hech qanday dalilsiz, faqat tuhmat va yolg‘onlarga asoslanib, sof sovet ayolini badnom qilmoqchi bo‘lasizlar?, degan savolimga tergovchi ochiq qilib: Men inqilob soldatiman, mendan nimani talab qilsalar, shuni bajaraman, dedi. Agar siz yana o‘jarlik qilaversangiz, go‘dagingizni tortib olib, siz bilan boshqacha gaplashamiz, dedi. Mening biror jinoyat qilganim yoki qilmaganligimning ham hech kimga qizig‘i yo‘q edi. Chunki endi hammasi menga ayon bo‘lgandi. Shundan so‘ng ular mendan nimani xohlagan bo‘lishsa, hammasiga qo‘l qo‘ydim”.
Maryam Sultonmurodova
SSSR prokuraturasiga yozilgan arizadan parcha
Axloq tuzatish-mehnat lagerlari
“Vatan xoini” va “xalq dushmani” deb e’lon qilinganlar, shuningdek, ularning 00486-sonli buyruq asosida qatag‘on qilingan rafiqalari qamoq va majburiy mehnat lagerlariga yuborilgan. GULAG — Axloq tuzatish-mehnat lagerlari bosh boshqarmasi SSSRdagi majburiy mehnat lagerlari tizimini boshqargan tuzilma edi.
ГУЛАГ — Главное управление исправительно-трудовых лагерей
“GULAG tarix muzeyi” 1918-yildan 1960-yilgacha SSSRda faoliyat yuritgan sovet lagerlari tizimi tarixi va geografiyasini aks ettiruvchi “Sovet lagerlarining interaktiv xaritasi”ni ishlab chiqqan. “GULAG map”da “Katta qirg‘in” bo‘layotgan 1937-yilda — umumiy soni 30 ming atrofida bo‘lgani aytiladigan mehnat tuzatish lagerlarida 820 ming 881 nafar mahbus saqlangani, 25 ming 376 nafari vafot etgani, 1938-yilda 996 ming 367 nafar mahbus bo‘lgani, ularning 90 ming 546 nafari o‘lgani aytiladi.

Foto: “Kazinform”
реклама
реклама
Nilufar Jo‘rayevaning maqolasida aytilishicha, 1939-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, NKVD majburiy mehnat lagerlarida jazo muddatini o‘tayotganlarning 23 ming 855 nafari, 1942-yil 1-yanvarga kelib esa 26 ming 907 nafari ya’ni 2 foizi o‘zbek bo‘lgan.
Tarixchilar Arseniy Roginskiy va Aleksandr Danielning tadqiqotida yozilishicha, 1937-yilning iyulida G‘arbiy Sibir va Qozog‘istonda ayollar uchun maxsus lagerlar tashkil qilish buyurilgan. Lekin ular tayyorlab ulgurilmagani tufayli 00486 sonli buyruqda mahbuslarni jo‘natish kerak bo‘lgan joy sifatida Moskva yaqini, Mordoviyada joylashgan Temnikovskiy mehnat tuzatish lageri — “Temlag” ko‘rsatilgan.

1937-yil sentabrga kelib u yerda “vatan xoinlari”ning oila a’zosi bo‘lgan ayollar uchun birinchi maxsus bo‘lim tashkil etilgan. Lekin “Temlag”ga yuborilganlar sig‘may qolgani bois qo‘shimcha lager punktlari bo‘shatila boshlangan.
Mahbus ayollarning eslashicha, “Temlag”da 7 mingga yaqin “vatan xoinlari”ning oila a’zosi bo‘lgan xotin-qizlar saqlangan. Mavjud ma’lumotlarda esa aslida ularning soni biroz kamroq, taxminan 4500−5000 nafardan iborat bo‘lgani qayd etiladi. “Temlag” maxsus bo‘limidan so‘ng Tomskda ham mahalliy qamoqxonaga tutash shunday bo‘lim ochilgan. 1937-yil oxiridagi holatga ko‘ra, unda “vatan xoinlari”ning 4 mingga yaqin ayol oila a’zosi jazo o‘tagan.
Xotin-qizlarning ayrimlari chindan ham erkaklar qamoqxonasi, masalan, “Butirka” (бутирская тюрьма)ga yuborilganini tasdiqlagan tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Aziza Ahrorova o‘zbek ayollarining aksariyati “Toshturma”da bo‘lgani, ba’zi ziyoli ayollar esa Sibir, Magadanga jo‘natilganini qo‘shimcha qiladi.

“Qamoqxonada ‘bu ayol-ku, aybsiz-ku’ degan munosabat bo‘lmagan — erkaklar qanday qiynoqqa solingan bo‘lsa, ayollar bilan ham xuddi shu holat bo‘lgan. Zo‘ravonlik asosida bolalar ham dunyoga kelgan. Ayrimlarining ko‘zi yoriganidan keyin chaqaloqlari tortib olingan. Bolalarga bir mahal 80 grammdan sut berilgan — juda ko‘p bolalar vafot etgan. Eri, bolasining taqdiri noma’lum va yana tazyiqlarga uchragan mahkum ayollarning ruhiy holati qanday bo‘lganini bir tasavvur qilib ko‘ring”, — deydi Aziza Ahrorova.


Uning aytishicha, qamoqxonada homilador bo‘lib qaytgan ayollardan biri Maqsuda Isxoqova edi.

Maqsuda Isxoqova. U Akmal Ikromov bilan birga ishlagani uchun “aksilinqilobiy-millatchilik tashkiloti”ning aʼzosi sifatida 1937-yil 29-sentyabrda qamoqqa olingan eri — Gʻani Isʼhoqovdan 1−2 oy oʻtgach hibsga olingan.
Foto: Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi ekspozitsiyasidan
“U qamoqdan chiqqanidan to 1985-yili, vafot etguniga kadar qamoq va surgundagi hayotini eslamaslikka urindi, shu haqda gap ochilganda halqumiga tosh kelgandek nafas olishi og‘irlashib, qora dasturxonni ochishga toqati yo‘qligini ma’lum qilib turdi. Lekin… u chekayotgan alam uning yuz-ko‘zlaridan yaqqol ko‘rinib turardi. U qamoqda bo‘lganida tergovchi uni istaganicha haqoratladi, istaganicha tahqirladi va istaganicha zo‘rladi. Xullas, Maqsuda opa qamoq va surgundan bir qizcha bilan qaytdi. Uning erini vahshiylarcha o‘ldirgan qotil bu qizchaning otasi edi”.
Naim Karimov
Qor qoʻynida lolalar”dagi Maqsuda Isxoqovaga bagʻishlangan ocherkdan parcha
ALJIR va oʻzbek ayollari
Odatda jazoga hukm qilingan ayollar doimiy ravishda bir lagerdan boshqasiga o‘tkazib turilgan.

Masalan, Birgina “Butirka” qamoqxonasining o‘zidan Qozog‘istondagi “Vatan xoinlari rafiqalarining Aqmo‘lindagi lageri” — ALJIRga 1600 nafar ayol olib kelingan. SSSRning turli nuqtalari — O‘rta Osiyo, Moskva, Leningrad, Ukraina, Gruziya, Armanistondan keltirilgan mahbuslar shunchalik ko‘pligidan ALJIRda joy yetmagan paytlar ham bo‘lgan.

ALJIR muzeyi ekspozitsiyasidan
Foto: “Alzhir.kz”
АЛЖИР — Акмолинский лагерь жён изменников родины
XX asrda Qarag‘anda mehnat-tuzatuv lagerining Aqmo‘la viloyatidagi R-17 majburiy mehnat lageri bo‘lgan ushbu joy 2007-yilda “Siyosiy repressiya va totalitarizm qurbonlarining xotirasiga bag‘ishlangan “ALJIR memorial muzey kompleksi”ga aylantirilgan.
ALJIR memorial muzey kompleksi
Ayanchli voqealarning ramzi sifatida muzeyning tashqi hududida Motam arkasi, ALJIRda boʻlgan 62 millat vakilining ruhini abadiylashtirish maqsadida xorijiy mamlakatlarning elchixonasi tomonidan oʻrnatilgan Esdalik belgilari, “Umidsizlik va kuchsizlik”, “Kurash va umid” kompozitsiyalarini koʻrish mumkin. Shuningdek, “Koʻz yoshlari” stelasi, “ijtimoiy xavfli va antisovet faoliyatga qodir” sifatida qaralgan ayollar saqlangan bino — barak, Alash parki, lagerda jazo oʻtagan 7 ming ayolning ismi yozilgan Xotira devori ham bor.
ALJIRda qariyb 8 ming ayol jazo muddatini to‘liq o‘tagan.
Unga “ayb”i — “vatan xoinlari”ning rafiqasi, onasi, opa-singli yoki qizi bo‘lgan xotin-qizlar “krasnuxa” nomi bilan mashhur bo‘lgan qirmizi rangdagi “stalinskiy vagon”larda tashilgan.
“Ayollar erlari bilan uchrashuvga ketayotganiga ishongani uchun ham chiroyli kiyingan, ammo ularni lagerga yo‘l kutgan. Vagon ichida joylashgan ikki qavatli so‘rilar — ‘burjuyka’ yordamida isitilgan. Ayollar maktub bitgan. Yo‘lda ularga non, qog‘ozga o‘ralgan seld balig‘i berilgan, ayollar o‘sha qog‘ozni mayda bo‘laklarga bo‘lib, bir tomoniga tishlangan barmoqlaridan chiqqan qon bilan ‘Biz tirikmiz, hammasi yaxshi, bizni Qozog‘istonga olib ketishmoqda’, deya yozib, orqa tomonida manzilni ko‘rsatishgan”, — deb yoziladi virtual sayohat qilsa bo‘ladigan muzeydan joy olgan eksponatlardan biri — qirmizi vagonga berilgan ta’rifda.

Ushbu majburiy mehnat lageriga yangi kelgan mahbuslar bo‘ronli va qorli kunlarda, jazirama issiq va yomg‘irda o‘zlari uchun baraklar qurib, ichiga yog‘och so‘rilar o‘rnatgan. Qamish yordamida isitilgan — pechga ertayu kech qamish solinsa-da, baraklar ichidagi harorat 6−8 darajadan oshmagan. Mahbuslar tikuv fabrikasida ishlagan, dalalarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish-saralash, poliz-bog‘dorchilik, chorvachilik bilan shug‘ullangan.
“Ayollar sahar 4 da uyg‘otilib, kun davomida 15 soatlab ishlashga majburlangan. Lager Qozog‘istonning chekka hududida joylashgani hisobiga yozda jazirama, qishda esa qahraton sovuq — bunday sharoitda kun bo‘yi ishlash esa oson emasdi. Mehnat og‘irligidan qorovul har kuni aravada o‘lik ayollarni tashigani haqida ma’lumotlar bor”.
Aziza Ahrorova
ALJIR muzeyi ma’lumotlariga ko‘ra, lager mahbuslari orasida eng ko‘p rus millatiga mansub ayollar bo‘lgan. Undagi statistikada o‘zbek millatiga mansub ayollardan 6 nafarining ismi sharifi qayd etilgan, shu bilan birga, ulardan to‘rt nafari — Zina Ahmetova, Halima Joldaspayeva, Amina Ibragimova va Habiba Inagamovaning tug‘ilgan joyi sifatida Qozog‘iston ko‘rsatilgan.

“O‘zbekistonda tug‘ilgan Rahbar Shermuhamedova va Tojixon Ahmedovalar ALJIRda jazo muddatini o‘tagan. Rahbar Shermuhamedova — 1937-yil 7-sentyabrda ‘Xalq dushmani’ sifatida hibsga olinganida O‘zbekiston K (b)P Markaziy Qo‘mitasida qishloq xo‘jaligi bo‘limining mudiri bo‘lgan Mirmuslim Shermuhamedovning rafiqasi edi. Tojixon Ahmedova esa — 1937-yil 3-avgustda qamalgan jamoat arbobi va jurnalist Abdulhay Tojiyevning ayoli bo‘lgan. U 1937-yilning 14-sentyabrida, ‘o‘ng trotskiychi aksilinqilobiy blok a’zosining xotini’ sifatida hibsga olingan”, — deydi Aziza Ahrorova.
“…1938-yilgacha Toshkent turmasida azob chekdim. (Keyinchalik Tojixon Ahmedovani Mordoviya SSRga jo‘natdilar) So‘ngra… 1939-yildan 1941-yilga qadar Karelo Fin oblastining Samara uchastkasida Dolino pochta bo‘limi doirasida ishlatishdi. Qilmagan ishim qolmadi. Sigir sog‘dim, novvoylik qildim, qurilishda ishladim, jazo muddati tugagunga qadar — 1945-yilgacha bo‘yoqchilik qildim. 1945-yil aprelida erkin yurishga ijozat tegdi. 1948-yil sentabrigacha yana ishladim. Keyin yo‘llanmaga ko‘ra, Qozog‘iston SSRning Sariog‘och tumaniga ishga keldim. Bu yillar ichida mensiz o‘sib urushga ketgan o‘g‘lim Uchqun bedarak yo‘qoldi… .
Tojixon Ahmedova
“Karlag”dan yozilgan tarjimayi hol
“1937-yilning 30-sentyabrida hibsga olingan Rahbar Shermuhamedova 1943-yilda, jazo muddatini o‘tab qaytganida — uyi olib qo‘yilgan, eri otib tashlangan, qizlari esa bolalar uyiga berib yuborilgandi”, — deydi Aziza Ahrorova.
“Men kamoqda 11 oy yotganimdan keyin SSSR NKVDsi qoshidagi Maxsus majlis tomonidan Vatan xoini oilasining a’zosi sifatida mehnat-tuzatuv lagerlarida o‘tash sharti bilan besh yilga ozodlikdan mahrum etilganimni e’lon qilishdi. 1956-yili men ishni qayta tekshirib chiqishlarini so‘rab, ariza yozdim va 1957-yil fevralida Moskvadan ishning qayta ko‘rib chiqishayotgani haqidagi javobni oldim. Men asossiz ravishda qamalganim uchun meni oqlashlari shart, deb hisoblayman… Hozir mening ikkita qizim bor. Ular jazo muddatini o‘tayotgan paytimda Qozog‘istondagi bolalar uyida edi. Jazo muddati tugagach, 1944-yili ularni axtarib topdim va hozir ular bilan birga yashamoqdaman. Erimning va mening qamoqqa olinishim qizlarimning hayot yo‘lida o‘z izini qoldirdi, nohaq qamalgan (men shunday hisoblayman) otalarining dog‘i hozirga qadar ularning manglayidan ketmagan. Erim va mening qamalishim munosabati bilan oilamiz uy-joydan mahrum bo‘ldi. Bu ham qizlarim tarbiyasida aks etmay qolmadi…”.
Rahbar Shermuhamedova
Repressiyalar haqidagi eng katta elektron ensiklopediyalardan hisoblangan “Bessmertniy barak”ning xotiralar kitobida esa ALJIRda bo‘lgan ayollar orasida Toshkentda tug‘ilib o‘sgan Mariam Tokjanovaning ism-familiyasi ham bor. Shuningdek, millati boshqa lekin O‘zbekistonda tug‘ilganlar sifatida Оlga Chaxvadze, Zinaida Chuprakova, Yevgeniya Shisterlarning ism-shariflari ham qayd etilgan.
Sarson qolgan bolalar
“1937-yildan 1939-yilgacha sobiq ittifoqda 15 yoshgacha bo‘lgan 25 mingdan ortiq bola oilasidan ajratib olingan — bolalar uylari va mahalliy bog‘chalarga, boshqa oilalarga berib yuborilgan. 15 yoshdan kattalari ‘ijtimoiy xavfli’ hisoblanib qamoqqa olingan”, — tushuntiradi Aziza Ahrorova.
Onasi Toshkentga ko‘chib kelgan va o‘z vaqtida komsomolga a’zo bo‘lmagani uchun hibsga olingan Nelya Simonovaning xotiralari bolalar uylaridagi sharoit va munosabatlar qanday bo‘lgani haqida tushuncha beradi.
“Bolalik xotiralarim, bolalar uyida o‘tgan yillar hofizamga juda aniq muhrlanib qolgan. Bu xotiralar ko‘p yillardan beri meni tinch qo‘ymaydi. Bolalar uyimizda go‘daklardan tortib maktab yoshidagi bolalargacha yashardi. Shart-sharoitimiz og‘ir edi, bizni yaxshi ovqatlantirishmasdi.
Chiqindixonalarni titkilashga, o‘rmonda rezavor mevalar bilan qorin to‘ydirishga majbur bo‘lardik. Ko‘plab bolalar kasal bo‘lardi, vafot etardi. Ammo eng dahshatlisi — u yerda bizni tom ma’noda xo‘rlashardi. Bizni kaltaklashar, arzimagan sho‘xligimiz uchun uzoq vaqt tiz cho‘kib turishga majbur qilishardi… Bir kuni kunduzgi uyqu payti hech uxlay olmadim. Tarbiyachimiz Dina xola boshimga o‘tirib oldi. Agar o‘shanda o‘girilib olmaganimda, balki hozir tirik bo‘lmasdim”.
“GULAG bolalari” (“Дети ГУЛАГа”) kitobidan parcha

Aziza Ahrorovaning qo‘shimcha qilishicha, o‘sha davr tartibiga ko‘ra, jazo muddatini o‘tayotgan ayollarga turmush o‘rtog‘ining otilgani to‘g‘risida xabar berilmagan.


Shuning uchun ayollar qayta-qayta ariza yozib, turmush o‘rtog‘i va bolalarini qidirgan — lekin ba’zi bolalarning taqdiri noma’lum bo‘lgan.

SSSRdagi GULAG konslageri
Foto: “The New Criterion”
Masalan, Kimyo Ashurova 1937-yilda eri — Tojikiston KP MQ kotibi O‘rinboy Ashurov bilan ketma-ket qamoqqa olingan. Ularning uch farzandi — 7 va 5 yoshlik qizi hamda 10 oylik chaqalog‘i yetimxonaga topshirilgan.
“Qamoq azobini aytishga yurak dov bermaydi. Har ikkita ayolga bittadan karavot. Men menshevichkalar bilan birga yurardim. Oramizda Liza ismli ayol boʻlib, u juda ziyrak, koʻp narsani bilguvchi edi. U: ‘Sizlarni Sibir oʻrmonlari kutyapti!’, deb bizni jismoniy jihatdan tarbiyaladi. Yaʼni har kuni badantarbiya, sovuq choʻmilish, ogʻir mashqlar bilan shugʻullanardim. Oradan ikki yarim yil oʻtdi. Shuncha muddat men qizlarimning xayoli bilan yashadim. Ularni bir marta koʻrsam, diydorlariga toʻysam, mayli oʻlsam-da, armonim yoʻq edi. Bir kuni qamoqqa yangi bir ayol kirib keldi. Nazoratchi toʻsatdan: ‘Fuqaro Ashurovning xotini kim?’, deb soʻradi. Unga tikilib turib, yuragim ‘shigʻ’ etib ketdi. U esa bamaylixotir soʻzladi: ‘Qizing Klaramidi? U bolalar uyida oʻlib qoldi!!!’. Bundan-da azobliroq, mudhishroq xabar bormi, ona uchun?! Koʻz oldimni zulmat qopladi. Koʻrgan tushlarimni esladim. …Klaramni dadasi olib ketmoqda edi. Men uni chaqirar edim: ‘Ketma, qizim, ketma! Onaginangni tashlab ketma! Axir emizikli eding-ku, qara, koʻksimga sutlarim toʻldi!’”.
Kimyo Ashurova
Qor qoʻynida lolalar”dan parcha
Aziza Ahrorova o‘z tadqiqoti davomida Kimyoxon Ashurovaning o‘rtancha qizi — Dinara bilan suhbatlashib, uning kechmishiga doir xotiralarini tinglagan. Dinara ota-onasi qamoqqa olingach opa-singillari bilan maxsus xalq dushmanlarining farzandlari saqlanadigan bolalar uyiga joylashtirilgani, u yerdagi qiyinchiliklar va och qolgani haqida aytib bergan.

Ma’lum bo‘lishicha, Dinaraning tog‘asi uch oy o‘tgach ariza asosida u va uning opasini bolalar uyidan olib ketgan. Lekin arizada ism-familiyasi ko‘rsatilmagan uchinchi farzand — Klaraning keyingi taqdiri noma’lumligicha qolgan.
“Ota-onalar qamoqqa olingach hamma narsa — pullar, bolalarga tegishli kiyim-kechak va o‘yinchoqlar ham olib ketilgan. Buvimiz qari ota-onamiz qamoqda iltimos, pulimizni qaytarib bering. Yeyishga nonimiz yo‘q, buvim ishlolmaydi, deb yozgan bolalar arizalarida. Bundan tashqari, ularga vatan xoinining qizi, farzandi degan tamg‘alar yopishtirilgan. Tazyiqlar sabab o‘qiyolmay, maktab almashtirishgan. Eng yomoni bir umr ruhiy travma bilan yashashgan”.
Aziza Ahrorova
00486-sonli buyruq asosida hukm qilingan ayollarning jazoni o‘tash muddati 1942−1943 yoki 1945−1946-yillarda nihoyasiga yetishi kerak edi. Biroq, muddati tugagan bo‘lsa-da, ularning deyarli hech biri o‘z vaqtida ozod qilinmagan.

Bunga Ikkinchi jahon urushi davrida, 1941-yil 22-iyunda chiqarilgan — 221-sonli direktiva bilan lager, qamoqxona va koloniyalardan aksilinqilobchilar, banditlar, retsidivistlar va boshqa xavfli jinoyatchilarni ozod qilish taqiqlangani sabab bo‘lgan.

Kelasi yili “vatan xoinlari”ning oila a’zolari orasida jazo muddati tugayotganlarni ozod qilishga ruxsat beruvchi yangi direktivalar chiqarilgan. Lekin tarixchilar — Arseniy Roginskiy va Aleksandr Danielga ko‘ra, bu shartli “ozodlik” edi.
Chunki 1942-yil 29-apreldagi 185-sonli direktivada “jazo muddatini o‘tab bo‘lgan barcha mahbuslarni ozod etib, ularni urush tugaguniga qadar lager-qurilishning ish olib borayotgan hududiga biriktirgan holda, chiqib ketish huquqisiz NKVD lagerlarida yollanma ishchi sifatida qoldirish” belgilangandi. Bu kabi “ozod qilinganlar”ga, odatda, pasport berilmagan. Buning o‘rniga lager ma’lumotnomasi bilan cheklanilgan.
Nogironlar, keksalar va farzandi bor ayollarni lagerlarda ishlatishning imkoni bo‘lmasa, lager boshlig‘i ularni o‘z ixtiyoriga ko‘ra “umumiy tartibda” ozod qilishi mumkin bo‘lgan. “Shu bilan birga, lager boshlig‘ida “salbiy tavsiflangan” mahbusni umuman ozod qilmasdan, urush oxirigacha lagerda saqlab qolish huquqi bo‘lgan.
“Shu sababli urush yillarida qamoq muddati tugagan ko‘plab ayollar uchun ozodlik faqat rasmiy tusda bo‘lib, amalda lager zonasidan tashqariga ko‘chirilish bilangina cheklangan. Ular faqat 1946-yil mayidan keyin to‘liq ozod qilindi. Biroq ozod etilganlarning barchasining pasportida rejimli hududlarda propiska qilishni cheklash haqidagi qayd mavjud edi. Bu esa vatan xoinlari oila a’zosi sifatida qatag‘on qilingan ayollarning aksariyati o‘z tug‘ilib-o‘sgan shaharlariga qayta olmasligini anglatardi”.
A. Daniel, A. Roginskiy
qatagʻon qilingan ayollar haqidagi tadqiqotdan
Aziza Ahrorovaning ma’lum qilishicha, bu mavzuga oid hali tadqiq qilib ulgurilmagan hujjat hamda ma’lumotlar bisyor. Ularni o‘rganish ishlari hamon davom etmoqda.
Ha, ziyoliyu oddiy odamlar, erkak-ayol, keksayu bolalarni qon qaqshatgan “Katta qirg‘in” Lenin va Stalin “me’morligi”dagi qatag‘onlarning eng chirkin, qonlisi edi. Ammo o‘sha qatag‘on mashinasi — shaxsiy manfaatini “davlat uchun” degan bahona ortiga yashirgan mulozimlar, nima buyurilsa, shuni so‘zsiz bajaradigan “soldat”larsiz bunchalik shiddat bilan ishlamagan bo‘lardi. Tepadan berilgan buyruqqa qulluq qilgan adolatsiz sud, xalq uchun emas, amaldorlarning tantiqliklariga moslashtirilgan qonunlar va totalitar tizimning bunday hadsizliklarini oqlab-ko‘klab bergan matbuot bu mashinaga yoqilg‘i bo‘lgan.

Bu qora kunlarning achchiq sabog‘i shu — hokimiyat, uni ma’lum muddat boshqargan shaxslar, umuman, hech narsa abadiy emas. Tarix zulmni ham, zolimni ham unutmaydi. Kelajak avlod esa kun kelib, hamma narsani o‘z nomi bilan ataydi — biz bugun bir vaqtlar “vatan uchun” degan shior ostida sodir etilgan qilmishlarni jinoyat, “vatan xoini” deb tamg‘alanganlarning aksariyatini chinakam vatanparvar sifatida tan olayotganimiz kabi.
Materialni Guliraʼno Musayeva tayyorladi.
Matn va barcha grafik materiallarga boʻlgan huquqlar Gazeta nashriga tegishli. Gazeta internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? Oʻz hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.
Made on
Tilda