Surat: Yevgniy Sorochin / Gazeta
Nyu-York Markaziy bog‘i qanday tashkil qilingan?
Shaharsozlik namunasi sanalgan maskandan
Gazeta fotomuxbiri Yevgeniy Sorochin reportaji
Shaharlar hammabop jamoat bog‘lariga muhtoj. Nyu-York Markaziy bog‘i bunday maskan qanday bo‘lishi mumkinligining yorqin misolidir: katta, har bir jihati puxta o‘ylangan va qurilishlardan himoyalangan bog‘. Uni asrab-avaylash uchun jamoat tashkilotlari ham, shahar ma’muriyati ham birdek javobgar. Gazeta fotomuxbiri Yevgeniy Sorochin bog‘da bir necha soat vaqt o‘tkazib, uning qanday tashkil etilganini, shahar ahli va dunyoning turli burchaklaridan kelgan sayyohlarni nimasi bilan o‘ziga jalb qilishini suratlarga muhrladi.
Shaharlar hammabop jamoat bog‘lariga muhtoj. Nyu-York Markaziy bog‘i bunday maskan qanday bo‘lishi mumkinligining yorqin misolidir: katta, har bir jihati puxta o‘ylangan va qurilishlardan himoyalangan bog‘. Uni asrab-avaylash uchun jamoat tashkilotlari ham, shahar ma’muriyati ham birdek javobgar. Gazeta fotomuxbiri Yevgeniy Sorochin bog‘da bir necha soat vaqt o‘tkazib, uning qanday tashkil etilganini, shahar ahli va dunyoning turli burchaklaridan kelgan sayyohlarni nimasi bilan o‘ziga jalb qilishini suratlarga muhrladi.
O‘zbekistonda shaharlarga shunchaki obodonlashtirilgan yangi hududlar emas, balki aholi uchun ochiq va qurilishlardan himoyalangan to‘laqonli jamoat bog‘lari zarurligi haqida tobora ko‘proq so‘z yuritilmoqda.

Nyu-York Markaziy bog‘i — katta shahardagi puxta o‘ylangan jamoat maskanining eng mashhur namunalaridan biri. Uning tabiiydek tuyuladigan rang-barang landshafti me’morlar, muhandislar va bog‘bonlar mehnatining samarasidir.

Gazeta fotomuxbiri Yevgeniy Sorochin bir necha soat davomida bog‘ni boshdan-oyoq kezib chiqib, uning asosiy diqqatga sazovor joylari va tafsilotlarini suratlarga muhrladi.

Bog‘ning yaratilish tarixi

1840-yillar. Nyu-York jadal o‘sib bormoqda. Shaharga irland va nemis muhojirlari tobora ko‘proq ko‘chib kela boshlagan. Ular shundog‘am yetarlicha xilma-xil bo‘lgan aholi safiga qo‘shiladi — bu vaqtga kelib shaharda golland, ingliz, fransuz, shotland va skandinaviyalik ko‘chmanchilarning avlodlari, shuningdek, afro-amerikaliklar va yahudiylar istiqomat qilib kelayotgandi.

Shahar zichlashib, jamoat joylari yetishmasligi esa yanada yaqqolroq sezila boshlaydi. O‘sha davrda mavjud bo‘lgan ayrim istirohat bog‘lari va xiyobonlar xususiy bo‘lib, faqat badavlat nyu-yorkliklargina ularga kirish imkoniga ega edi.

Jurnalistlar, me’morlar va shahar islohotchilari bunday holatga qarshi chiqadilar. Ular hukumatni Nyu-Yorkda katta jamoat bog‘i — odamlar boyligi va kelib chiqishidan qat’iy nazar tashrif buyurishi mumkin bo‘lgan keng bir makon yaratishga chaqiradilar.
Nyu-York, AQSh, 2025-yil dekabr.
Surat: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
1853-yilda Nyu-York shtatining qonun chiqaruvchi organi istirohat bog‘i yaratishni ma’qulladi. Shahar Manxettenning 59- va 106-ko‘chalari orasidagi yer uchastkalarini egalaridan sotib ola boshladi, 1857-yilda esa komissiya bo‘lajak bog‘ loyihasi uchun tanlov e’lon qildi.

33 ta ariza orasidan yozuvchi va fermer Frederik Lou Olmsted hamda yosh ingliz me’mori Kalvert Voning Greensward nomli rejasi g‘olib chiqdi. Ular toshloq va botqoq hududni tabiiydek ko‘rinadigan va qo‘l tegmagan tabiatni eslatuvchi puxta loyihalashtirilgan landshaftga aylantirishni taklif qilishdi.
Markaziy bog‘ qurilishi 1858-yilda boshlanib, 16 yil davom etgan. Qurilish ishlariga 20 000 dan ortiq ishchi jalb qilingan. Ular me’morlar chizmalariga asosan relyefni o‘zgartirish uchun tepaliklarning bir qismini tekislagan, botqoqliklarni ko‘mgan, turtib chiqqan qoyalarni porox yordamida portlatib, maydalagan.
Asosiy muhandislik vazifalaridan biri shaharni bog‘ning ichiga yashirish edi. Sharqdan g‘arbga o‘ta olishni ta’minlash maqsadida 66-, 79-, 86- va 96-ko‘chalarda to‘rtta kesib o‘tuvchi yo‘l (transverse roads) yotqizilgan, biroq ular yer sathidan pastga tushirilib, nishabliklar va qalin daraxtzorlar bilan berkitilgan. Yuqorida — atigi bir necha metr naridagi maysazorda sayr qilayotgan odam pastda nima bo‘layotganini ko‘rmaydi.
реклама
реклама
Bir harakatni boshqasidan berkitish tamoyili bog‘ning qolgan infratuzilmasini ham belgilab berdi. Bog‘ ichida 30 ta ko‘prik va arkalar qurilgan. Ayrimlari piyodalar, otliqlar va transport yo‘nalishlarini bir-biriga to‘qnash kelmasligi uchun ajratib tursa, boshqalari landshaft kompozisiyasining bir qismi sifatida xizmat qiladi. Barcha ko‘prik va arkalar atrofdagi manzara bilan uyg‘un turli materiallardan (cho‘yan, granit, tosh, g‘isht va yog‘och) yasalgan.
Deylhed (Dalehead Arch) tosh arkasi bog‘ning janubiy qismida joylashgan bo‘lib, 1860–1862-yillarda me’mor Kalvert Vo loyihasi asosida bunyod etilgan.
Bog‘ning o‘ziga xosligi, ayniqsa, shahar muhitida yaqqol namoyon bo‘ladi. Atrofdagi Manxetten XIX asr boshlarida tasdiqlangan qat’iy to‘rtburchakli ko‘chalar to‘ri asosida chizilgan bo‘lib, bu uslub oqilona, tejamkor, lekin orolning tepalik va soylardan iborat asl relyefini deyarli hisobga olmagan. Markaziy bog‘ esa bu qoidadan eng katta istisno bo‘lib, unda to‘g‘ri chiziqlar o‘rniga egri-bugri yo‘laklar va tabiiy landshaft shakllaridan foydalanilgan.

Bog‘ tabiati va uning jonivorlari

Bugungi kunda bog‘ning maydoni 341 gektarni tashkil qiladi. Hududda 170 dan ortiq turdagi 20 000 ga yaqin daraxt o‘sadi. Ular orasida mahalliy eman, qayrag‘och, zarang va chinorlar, shuningdek, boshqa o‘lkalardan maxsus keltirilgan turlar ham bor.
Bog‘da jami to‘qqizta suv havzasi mavjud. Ulardan eng yirigi Jaklin Kennedi Onassis suv ombori bo‘lib, u 86- va 96-ko‘chalar oralig‘ida joylashgan va taxminan 43 gektar maydonni egallaydi. Bu yerda suvda suzuvchi va ko‘chmanchi qushlarni muntazam kuzatish mumkin.
Hovuz va ko‘llarda besh turdagi toshbaqa hamda turli xil baliqlar yashaydi. Bu yerda faqat catch-and-release (“tut va qo‘yib yubor”) tamoyili asosida baliq ovlashga ruxsat etilgan.

Maysazorlarda 2 400 ga yaqin olmaxon yugurib yuradi – ularni hatto 2018-yilda Central Park Squirrel Census nomli maxsus loyiha doirasida sanab ham chiqishgan.
Bog‘ orqali qushlarning yirik migratsiya yo‘nalishi o‘tadi, shu sababli bu yerda qirg‘iy, boyo‘g‘li, qizilishton, o‘rdak va g‘oz kabi 200 dan ortiq qush turi qayd etilgan. Ular uchun eng jozibador maskan The Ramble bo‘lib, u taxminan 15 gektarlik maydondagi egri-bugri so‘qmoqlar, xarsangtoshlar va irmoqlardan iborat o‘rmonzor hududdir.
Bu yerga nafaqat sayyohlar, balki butun shahardagi byordvotcherlar (birdwatchers — qush kuzatuvchilar) ham oqib keladi. Ular dam olish uchun Manxettenning eng “yovvoyi” burchagini tanlagan ko‘chmanchi qushlarni soatlab kuzatadilar.
Bog‘ni kim qo‘llab-quvvatlaydi?
Bog‘ning kundalik parvarishi bilan Central Park Conservancy — shahar hokimiyati bilan hamkorlikda bog‘ni boshqaruvchi xususiy notijorat tashkiloti shug‘ullanadi. U moliyalashtirishning qariyb 75 foizini xususiy xayriyalar hisobidan ta’minlaydi, qolgan qismini esa shahar ajratadi.
Tashkilotga 1980-yilda landshaft tarixchisi Elizabet Barlou Rojers va bir guruh Nyu-York faollari tomonidan hududning tanazzuliga javoban asos solingan. 1970-yillar oxiriga kelib maysazorlar chang-to‘zonli bo‘m-bo‘sh yerlarga aylangan, yodgorliklar, ko‘priklar va qoyalar esa graffiti bilan qoplangan edi. Bu shaharning ko‘p yillar davomida, ayniqsa, 1970-yillardagi Nyu-York moliyaviy inqirozi davrida bog‘ni yetarlicha moliyalashtirmagani, shuningdek, uning qarovsiz qolgani va samarasiz boshqarilgani oqibati edi.
Bugungi kunda Central Park Conservancy’da 400 ga yaqin doimiy xodim faoliyat yuritadi. Ular maysazorlar, daraxtlar va suv havzalarini nazorat qiladi, shox-shabbalarga shakl beradi va kasal daraxtlarni davolaydi.

Bog‘ni minglab xususiy donorlar ham qo‘llab-quvvatlaydi. Masalan, “Daraxtni vasiylikka oling” (Adopt-a-Tree) dasturi bo‘yicha istaganlar yangi ko‘chat ekish uchun 500 dollar yoki katta daraxt uchun 7500 dollar xayriya qilishlari mumkin. Katta daraxtlarni “vasiylikka olgani” uchun donor minnatdorlik ramzi sifatida Literary Walk (“Adabiy xiyobon”) hududiga o‘rnatiladigan granit yodgorlik toshini oladi.
2008-yildan 2010-yilgacha tabiatshunos yozuvchi Edvard Barnard va grafik-byordvotcher Ken Chaya Central Park Entire — Markaziy bog‘ning daraxtlari va landshaftlari aks etgan batafsil, illyustratsiyali xarita-yo‘lboshchini yaratish ustida ishladilar.

Ikki yarim yil davomida ular hududni piyoda kezib, har bir daraxtni qo‘lda qayd etib bordilar. Natijada ular bog‘dagi qariyb 20 000 daraxtning deyarli barchasini xaritaga tushirdilar. Xaritaning bosma nashri 2010-yilda chiqdi. Uning interaktiv versiyasi esa mobil ilova shaklida mavjud.

Diqqatga sazovor joylar

Markaziy bog‘ni ba’zan dunyodagi ochiq osmon ostidagi eng yirik san’at muzeyi deb atashadi. Avvaliga bog‘ mualliflari uni haykallar bilan bezatish bo‘yicha Yevropa an’anasidan voz kechishgan, biroq maydon, zinapoyalar, favvora va arkadadan iborat Bethesda Terrace me’moriy majmuasi bundan mustasno — u ommaviy san’at namunalari uchun asosiy makon sifatida loyihalashtirilgan edi.

Jamoat maydoni markazida favvora joylashgan bo‘lib, unga Emma Stebbinsning “Suv farishtasi” haykali o‘rnatilgan. Haykal suvning shifobaxsh kuchi haqidagi Injil rivoyatiga ishora qiladi va ayni paytda 1842-yilda Nyu-Yorkni toza suv bilan ta’minlay boshlagan Kroton akvedugining ochilishini ramziy ma’noda ifodalaydi.
Me’moriy majmuaning yana bir taniqli elementi — Bethesda Terrace Arcade yopiq arkli yo‘lagi hisoblanadi. Uning shifti enkaustika texnikasida geometrik va gulli naqshlar bilan bezalgan 16 000 ga yaqin sopol koshin bilan qoplangan. Bu texnikaning o‘ziga xosligi shundaki, naqsh rangli loydan yasaladi va koshin yuzasidagi o‘yiqlarga joylashtirilib, u bilan birga pishiriladi.

Texnika Yevropada XIII asrdan beri ma’lum bo‘lib, o‘rta asrlarda Angliyada sobor va abbatliklarning pollarini bezash maqsadida keng qo‘llanilgan. XIX asrda esa Angliyaning “Minton” zavodi ushbu an’anani qayta tiklab, Arkada uchun maxsus enkaustik koshinlar ishlab chiqargan.
Favvorali Bethesda Terrace — eng taniqli kinolokatsiyalardan biri. “Qasoskorlar” (2012) filmining so‘nggi sahnasida aynan shu yerda Tor Asgardga uchib ketish oldidan jamoasi bilan xayrlashadi. “Jon Uik: 2 qism” filmida Kianu Rivz franshizaning asosiy qahramonlaridan biri bo‘lgan Uinston bilan uchrashadi. “Uyda yolg‘iz 2” filmida esa kichkina Kevin kaptarlarni boqadi.

Kino ixlosmandlari uchun yana bir tashrif buyurishi shart bo‘lgan joy — 1862 yilda ko‘l ustida qurilgan nafis cho‘yan ko‘prik — Bow Bridgeʼdir. U Vudi Allenning “Manxetten” filmida va qahramonlar ko‘prikda qo‘shiq aytib, raqsga tushadigan “Maftuningman” filmi epizodida ko‘rinish beradi. “O‘rgimchak-odam 3” filmi chiqqanidan so‘ng ko‘prikka bo‘lgan qiziqish bir necha barobar ortgan — aynan shu joyda Piter Parker Meri Jeynga turmush qurishni taklif qilmoqchi bo‘ladi, lekin qiz u bilan munosabatlarga nuqta qo‘yadi.
Bog‘da xususiy shaxslar, professional va jamoat tashkilotlari hamda muhojirlar jamoalari tomonidan qilingan xayriyalar evaziga o‘rnatilgan ko‘plab yodgorlik lavhalari, barelyeflar va ayniqsa haykallar Nyu-Yorkning o‘ziga xos madaniy va migratsiya tarixi xaritasini yaratadi.
реклама
реклама
Masalan, nemis jamiyati bog‘ga faylasuf va dramaturg Fridrix Shillerning byustini sovg‘a qilgan; shotlandlar o‘z milliy shoiri Robert Byorns va adib Valter Skottga haykal o‘rnatgan, italyanlar vatanparvar Juzeppe Madzinining byustini, irlandlar esa shoir Tomas Mur haykalini o‘rnatishgan.
1945-yilda bog‘ hududida Polsha qiroli Vladislav Yagello haykali paydo bo‘ldi. U dastlab 1939-yilgi Jahon ko‘rgazmasining Polsha paviloni uchun yaratilgan edi. Haykal bog‘ga polyak-amerika tashkilotlari ishtirokida o‘rnatilgan.

Mo‘ljal olish

Hududda axborot kiosklari, bosma xaritalar va yo‘laklardagi ko‘rsatkichlar yordamida mo‘ljal olish mumkin. Eng kutilmagan usul bu — yoritkich ustunlaridir. Ularning har biriga to‘rt xonali kod o‘yib yozilgan bo‘lib, unga qarab turgan joyingizni aniqlash mumkin: kod eng yaqin ko‘ndalang ko‘cha va bog‘ning qaysi tarafida ekaningizni ko‘rsatadi.

Bu tizim dastlab xodimlar ta’mirlash uchun kerakli yoritkichni tezda topa olishlari uchun o‘ylab topilgan, lekin keyinchalik undan tashrif buyuruvchilar ham foydalana boshlagan. Kod favqulodda vaziyatlarda ham o‘z joylashuvingizni aniqlashga yordam beradi.

Bu tizim ishlamaydigan yagona joy — The Ramble. U yerda shunchaki yoritkich ustunlari yo‘q.
Bog‘ning hamma joyida o‘tirib dam olish uchun o‘rindiqlar o‘rnatilgan. Bu yerda ularning soni 9 000 dan ortiq — ko‘pchiligi odamlar xotirasiga atab qo‘yilgan yoki “Adopt-a-Bench” dasturi doirasida sovg‘a qilingan.
Nimalar bilan mashg‘ul bo‘lish mumkin?
Markaziy bog‘ga har yili 42 milliondan ortiq kishi tashrif buyuradi.

Odamlar bu yerda mamnuniyat bilan sayr qiladi, pikniklar uyushtiradi, yuguradi, velosiped va qayiqda uchadi, beysbol va boshqa sport o‘yinlarini o‘ynaydi.

Bolalar uchun har biri o‘ziga xos dizayn va attraksionlar to‘plamiga ega bo‘lgan 21 ta bepul o‘yin maydonchasi qurilgan.
Bog‘da muntazam ravishda ochiq tadbirlar va mahorat darslari o‘tkazib turiladi: kapalaklarning sirli bog‘iga yozgi sayrlar, shaxmat bo‘yicha ma’ruzalar va turnirlar, Seneca Villageʼga (bog‘ qurilishidan oldin Nyu-Yorkdagi afro-amerikalik yer egalarining eng yirik jamoasi) ekskursiyalar, bog‘bonlar hamrohligida Conservatory Garden bo‘ylab sayohatlar va byordvotching asoslari bo‘yicha mashg‘ulotlar shular jumlasidan.

Aksariyat tadbirlar bepul, ba’zilari esa pullik; ularning jadvali va tafsilotlari bilan bog‘ning saytida tanishish mumkin.

Matn muallifi: Zilola Toirova.

Muharrir: Viktoriya Abdurahimova.

Fotosuratlar muallifi: Yevgeniy Sorochin.


Matn va barcha grafik materiallarga boʻlgan huquqlar Gazetaʼga tegishli. Gazetaʼda eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.


Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? Oʻz hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda