Surat: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
Oʻzimiznikilar
Matematik Valdo Arriagada — Toshkent kontrastlari, vaqtga maftunlik va matematika nima uchun san’at ekani haqida
Surat: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
Oʻzimiznikilar
Matematik Valdo Arriagada — Toshkent kontrastlari, vaqtga maftunlik va matematika nima uchun san’at ekani haqida
Valdo Arriagada — chililik-kanadalik matematik, soatlar kolleksioneri va rok-musiqa ixlosmandi. U Bagam orollari, BAA va Xitoyda ishlagan, bir yil avval esa “Yangi O‘zbekiston” universiteti taklifiga binoan Toshkentga ko‘chib kelgan. “O‘zimiznikilar” loyihasi doirasida professor matematik nima uchun olimdan ko‘ra ijodkorga yaqinroq ekani, shahar uni qanday kontrastlar bilan hayratda qoldirgani va soatlarga bo‘lgan muhabbat qanday qilib YouTube kanalini yaratishga olib kelgani haqida so‘zlab berdi.
Valdo Arriagada — chililik-kanadalik matematik, soatlar kolleksioneri va rok-musiqa ixlosmandi. U Bagam orollari, BAA va Xitoyda ishlagan, bir yil avval esa “Yangi O‘zbekiston” universiteti taklifiga binoan Toshkentga ko‘chib kelgan. “O‘zimiznikilar” loyihasi doirasida professor matematik nima uchun olimdan ko‘ra ijodkorga yaqinroq ekani, shahar uni qanday kontrastlar bilan hayratda qoldirgani va soatlarga bo‘lgan muhabbat qanday qilib YouTube kanalini yaratishga olib kelgani haqida so‘zlab berdi.
“O‘zimiznikilar” — Gazeta va “Yangi O‘zbekiston” universitetining (New Uzbekistan University) birgalikdagi loyihasi. U yashash uchun O‘zbekistonni tanlagan xorijliklarni uchratganimizda yoki ular bilan tanishganimizda bizda doim beixtiyor uyg‘onadigan qiziqishdan kelib chiqdi. Tahririyat qahramonlar bilan birga odamlar nima uchun mamlakatimizga ko‘chib kelib, shu yerda yashab qolayotgani, uni nima uchun yoqtirishi, o‘zbekistonliklardan nimalarni o‘rganishi va qanday o‘zgarishlarni kutayotganini tushunishga urinadi.
“Matematika — meni qiziqtiradigan yagona fan”
Men Chili poytaxti Santyagoda tug‘ilganman. Bolaligim o‘sha yerda o‘tdi, boshlang‘ich ta’limni oldim. Ochig‘ini aytsam, maktabni tamomlaganimdan keyin nima bilan shug‘ullanishni istayotganim haqida aniq tasavvurga ega emasdim. Chili universitetining (Universidad de Chile) tibbiyot fakultetiga o‘qishga kirdim va u yerda bir yarim yil davomida tibbiyot texnologiyalarini o‘rgandim. Bu men uchun azob edi — tibbiyot meni mutlaqo qiziqtirmasdi.
Bir kuni matematik analiz darsiga kirib qoldim, u yerda o‘qituvchi limit tushunchasini tushuntirayotgan edi. Bu konsepsiya meni o‘ziga tortdi! Yuragim jiz etdi: mana, men xohlagan narsa. Shundan so‘ng yana Chili universitetining Janubiy Amerikada eng nufuzli hisoblangan fizika va matematika fanlari fakultetiga o‘qishga kirdim. “Fuqarolik matematik muhandisligi” mutaxassisligi bo‘yicha tahsil oldim. Bakalavriat va magistraturani tamomladim.
Universitetda meni muhandislikdan ko‘ra matematikaning o‘zi ko‘proq qiziqtirardi. Muhandislarga ish topish osonroq va maoshi yuqoriroq deb hisoblanadi. Lekin bu narsa meni tashvishga solmasdi. Shu bilan birga, matematikaga yoki umuman biror narsaga juda ishqibozman deb ham ayta olmayman. Shunchaki, bu meni chinakamiga qiziqtiradigan yagona fan bo‘lsa kerak.
Magistrlik dissertatsiyamni sof matematikaga, aniqrog‘i, solenoidlarning topologik jihatlariga bag‘ishladim. Buni tushuntirish qiyin, lekin tasavvur qilish mumkin. Bitta ipni oling va uning o‘rtadagi uchdan bir qismini kesib tashlang. Sizda ikkita kichik kesma hosil bo‘ladi. Ularning har biri bilan xuddi shunday qiling — va buni cheksiz davom ettiring. Natijada chiziq bo‘ylab chang zarralari tizmasini eslatuvchi nuqtalar to‘plamiga ega bo‘lasiz, bu Kantor to‘plamidir. Agar aylanalarni olib, ushbu tuzilmadan foydalangan holda ularni ma’lum bir tarzda bir-birining ichiga joylashtirsangiz, solenoid hosil bo‘ladi. Buning yordamida nima qilish mumkin? Masalan, orbitalarning bir-birining atrofida buralishlari sonini turli usullar bilan o‘lchash mumkin. Bu zerikarli tuyulishi mumkin, lekin buning o‘ziga xos go‘zalligi bor — ayniqsa matematik uchun.
Oilamning bir qismi uzoq vaqtdan beri Kanadada yashab kelgan, shuning uchun magistraturani tamomlagandan so‘ng u yerga bordim. Toronto universiteti doktoranturasiga topolog Boris Xesin rahbarligida o‘qishga kirdim. Faqat shahar menga yoqmadi: katta, sershovqin va haddan tashqari nam edi. Ustiga-ustak, o‘z uyim yo‘q edi — dastlabki bir necha kun ofisda uxlashga to‘g‘ri keldi.
Bir kuni kafeteriydagi notanish odamlar yonimga kelib: “Torontoda shafqatsiz bo‘lish, o‘zingni himoya qila olish kerak”, deyishdi.
Shahar menga to‘g‘ri kelmasligini tushundim. Monrealga ko‘chib o‘tdim va Monreal universitetida doktoranturani tamomladim. Dissertatsiyam kompleks dinamika va differensial tenglamalarga bag‘ishlangan edi.

Himoyadan so‘ng Kalgarida postdoktoranturani o‘tadim. 2013-yilda Bagam orollari universitetining (The University of The Bahamas) taklifini qabul qildim — u yerda uch yil davomida taklif etilgan professor sifatida ishladim. Shartnoma tugamasidan oldin Abu-Dabidagi Xalifa universiteti (Khalifa University) meni dotsent lavozimiga ishga taklif qildi. U yerda yetti-sakkiz yil ishladim, keyin Xitoyga ko‘chib o‘tdim.
Bagam orollari. Valdo Arriagadaning shaxsiy arxividan olingan surat
Xitoyda yashash oson kechmadi. Uydan tashqarida ovqatlana olmasdim — taomlar achchiq va noodatiy edi. Bir kosa ugra buyurtma qilib, yeyishni boshlaysan — va birdan ichidan nimadir mo‘ralab qoladi: qandaydir suyak, oyoqcha yoki nimaningdir tumshug‘i. Buning ustiga, iqlimi nam, haftasiga to‘rt marta yomg‘ir yog‘ardi. Mahalliy hayvonot olami ham o‘ziga xos syurprizlarni taqdim etardi. Bir kuni yugurish paytida tog‘ning ancha baland qismiga ko‘tarilib ketibman, u yerda tashlandiq buddaviylar ibodatxonasiga kirib qoldim va ro‘paramda menga tikilib turgan silovsinga ko‘zim tushdi. Qo‘rqib ketganimdan orqamga o‘girildim-u, tezda pastga tushib ketdim.
Xitoyda ekanimda elektron pochtamga “Yangi O‘zbekiston” universitetidagi bo‘sh ish o‘rni haqida xabar keldi. Bundan biroz oldin sayohatchi tanishlarimdan biri Markaziy Osiyoda bo‘lib qaytgan va an’analar hamda zamonaviylik kontrasti bo‘lgan Toshkent uni juda hayratga solganini aytgandi. Chang‘i uchish mumkin bo‘lgan tog‘larning borligi esa qo‘shimcha afzallik edi. Mamlakat haqida hech bo‘lmaganda qandaydir tasavvurga ega bo‘lish uchun YouTube’da bir nechta sayohat bloglarini ko‘rib chiqishga qaror qildim. Universitetning taklifini esa qabul qildim.
“Matematika bilan shug‘ullanish uchun katta pul kerak emas”
Aminmanki, sof matematika — bu san’at, demak, matematik — olimdan ko‘ra ko‘proq ijodkor. Gʻoyani o‘ylab topish, uni rivojlantirish va uning to‘g‘riligini isbotlash nihoyatda qiyin. Bu jarayon juda katta kuch talab qiladi, ammo uning o‘zi kishiga ulkan qoniqish baxsh etadi — hatto oxir-oqibat g‘oya noto‘g‘ri bo‘lib chiqishi mumkinligini bilsangiz ham.

So‘nggi o‘n yil ichida men 30 ga yaqin tadqiqot ishlarini nashr ettirdim. Ko‘pincha buning uchun faqatgina bir varaq qog‘oz, ruchka va munosib suhbatdoshlar kerak bo‘ladi. Ulardan biri — hamkorim va yaqin do‘stim Xorxe Uentutripay. U Chilining go‘zal Patagoniya mintaqasida yashaydi va Chilidagi Avstraliya universitetida (Universidad Austral de Chile) dars beradi. Masofa uzoqligiga qaramay, biz doimo aloqadamiz va fikr almashib turamiz. Toshkentlik hamkasblarim ham juda katta yordam berishadi.
Surat: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
Sof matematikaning yana bir afzalligi shundaki, bu soha bilan shug‘ullanish uchun katta pul kerak emas. Bir necha yil oldin Chilida tadqiqotlarimni Ilmiy va texnologik tadqiqotlar milliy komissiyasi (CONICYT) qo‘llab-quvvatlagan. Kanadada esa butun mamlakat bo‘ylab olimlarni qo‘llab-quvvatlaydigan NSERC — Tabiiy fanlar va muhandislik tadqiqotlari kengashidan moliyaviy yordam oldim. Bu yerda — O‘zbekistonda ham talabalarim moliyaviy yordam olish maqsadida turli dasturlarga ariza topshirib kelishadi.
“Qarashlar va o‘qitish metodologiyalarining xilma-xilligi — foydali”
Dars berishda bitta e’tiqodga amal qilaman: matematikani o‘rganish mas’uliyati talabaning o‘z zimmasida. Men matematik analizni tushunib olishga yordam berishim mumkin, lekin talabaning o‘zi o‘qishni istamasa, unga yuzta o‘qituvchi va repetitor yollasangiz ham, yordam berolmaydi. Matematikani yaxshi ko‘radiganlar doimo o‘z aqlini mashq qildiradilar. Bizda bunday talabalarni osongina ilg‘ab olish mumkin — ularning aksariyati kampus yo‘laklarida shaxmat o‘ynaydi yoki kutubxonada qo‘shimcha vaqt o‘tkazadi.

Menga birinchi kurs talabalaridan ko‘ra ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi kurs talabalari bilan ishlash ancha osonroq. Masalan, hozir men differensial tenglamalardan dars beraman — bu bakalavriatning ikkinchi yili. Bu fanni tanlagan talabalar allaqachon nimaga erishmoqchi ekanliklarini bilishadi va o‘qishga jiddiy yondashishadi. Birinchi kurs talabalari esa, aksincha, endigina o‘z yo‘lini izlayapti va ba’zan o‘qishda yetarlicha tirishqoqlik ko‘rsatishmaydi — bir paytlar o‘zim bilan bo‘lgani kabi.
“Yangi O‘zbekiston”dagi o‘qituvchilar jamoasi ancha xilma-xil: AQSh, Yevropa va Osiyodan kelgan mutaxassislar bor — bu, menimcha, katta afzallik. Masalan, Yevropada matematika o‘qitish Amerika ta’limidan pragmatik, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yondashuvi bilan farq qiladi. U yerda, ayniqsa Fransiya va Italiyada, matematika jiddiy fan hisoblanadi: isbotlar ko‘pincha butun boshli sahifalarni egallaydi va eng mayda tafsilotlargacha ishlab chiqiladi. O‘qitish an’analarining bunday xilma-xilligi universitetimizning qimmatli boyligidir.
Shahardagi kontrastlar haqida
Men Toshkentga 2025-yil yozining oxirida uchib keldim. O‘shanda qattiq jazirama edi, keyinchalik bilsam, bu yerda yilning ko‘p qismida shunday issiq ob-havo hukm surarkan. O‘shanda shaharni asosan piyoda aylanib o‘rgandim. Dam olish kunlari o‘zim yashaydigan Qori-Niyoziy ko‘chasidagi “Akay City” turar-joy majmuasidan Taras Shevchenko maydonigacha piyoda borardim. Kontrastlar, jumladan, zamonaviy binolar va sovet davri inshootlarining yonma-yonligi meni hayratda qoldirardi. Shahar o‘z an’analariga chuqur bog‘langandek, shu bilan birga, yetarlicha dunyoviy.
Surat: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
Toshkentda mashinalar juda ko‘p. Ularni hamma joyda, hatto piyodalar yo‘laklarida ham qoldirib ketishadi. Hamma haydovchilar ham piyodalarga yo‘l beravermaydi, garchi chorrahalarda buni talab qiluvchi aniq belgilar bo‘lsa-da. “Stop” belgisi shunchaki taklif emas, balki bajarilishi shart bo‘lgan talab. Mashinani ehtiyotsizlik bilan haydashadi, ayniqsa yoshlar. Talabalarimga: “Yo‘lda ehtiyot bo‘linglar. Ertangi darsda har biringizni ko‘rishni xohlayman”, deb aytaman.

Shunga o‘xshash holatni 11 yil oldin, 2015-yilda Abu-Dabida kuzatganman. Shaharda va trassalarda harakatlanish haddan tashqari xavfli edi. U yerda haydash madaniyati vaqt o‘tishi bilan o‘zgardi, bu yerda ham o‘zgaradi. Piyodalar mashinalarni aylanib o‘tishi uchun ko‘priklar va yer osti yo‘laklarini qurish yechim emas, deb hisoblayman. Haydovchilik madaniyatini oshirish ustida ishlash, ya’ni haydovchilar piyodalar va velosipedchilarni hurmat qilishi va aksincha bo‘lishi to‘g‘ri yechim bo‘ladi. Toshkentda yo‘l harakati xavfsizligi sohasida ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rishni istardim.
Bu yerda yoki boshqa joyda qolish bo‘yicha uzoq muddatli rejalarim yo‘q. Umuman olganda, O‘zbekiston, ba’zi kamchiliklariga qaramay, menga oila uchun juda yaxshi joydek tuyuladi. Ayniqsa, Toshkent. U jahon standartlari bo‘yicha xavfsiz, namlik darajasi past (nam havoga umuman toqat qilolmayman!), iqlimi iliq va tashrif buyurish mumkin bo‘lgan qiziqarli joylari ko‘p. Afsuski, Gʻarbda xavfsizlik tobora ko‘proq faqat puli yetadiganlar uchun imtiyozga aylanib bormoqda. Bu yerda esa butunlay boshqacha. Umid qilamanki, shunday bo‘lib qoladi.

Toshkentdan tashqari faqat Samarqandda bo‘lganman. Agar sotuvchi inglizchani bilmasa, yordam beradigan biror yosh-yalang har doim topilishini payqadim.
Bu yerda yoshlar zamonaviy dunyo realliklarini tushunishadi. Chet tilini bilmasdan xorijda o‘qish, talabalarni almashinuvga chaqirish va rivojlanish imkonsiz.
O‘zbekistonda odamlar o‘zbek va rus tillari o‘rtasida qanchalik oson o‘tishlari meni hayratga soladi. Masalan, Belgiyada uchta rasmiy til bor, lekin u yerda tillarni bunday aralashtirishmaydi va biridan ikkinchisiga tez-tez o‘tishmaydi. Kanadada ham shunga o‘xshash holat — u yerda odamlar yo ingliz, yo fransuz tilida gaplashishadi, lekin ikkalasini kamdan-kam aralashtirishadi. Bu yerda esa o‘zbek va rus tillaridan bir-biriga o‘tib foydalanishadi. Men buni g‘alati, ayni paytda juda qiziqarli deb hisoblayman.
Soat yig‘ish, vaqtga maftunlik va rok-musiqasiga muhabbat haqida
Bo‘sh vaqtimni turlicha o‘tkazaman. O‘tgan yili Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi bo‘ylab ko‘p yugurardim, o‘zim yashaydigan turar-joy majmuasida 25 qavatli zinadan tepaga va pastga tushib-chiqardim — bu yerda yemaslikning iloji bo‘lmagan ko‘plab mazali taomlar tanovulini kompensatsiya qilish uchun. Hozir dam olish kunlari ko‘proq qahvaxonalarda va uyda matematik masalalar ustida ishlayman.

Umuman olganda, “McDonald’s” tamaddixonasida matematika bilan shug‘ullanish menga juda qulay — atrofdagi shovqinga e’tibor bermay, o‘z ishlarimga diqqatni jamlay olaman. Toshkentda ko‘pincha “Park in Mall” savdo markazining birinchi qavatidagi turk qahvaxonasiga boraman. Choy ichib o‘tirib, ishlayman. Bir necha maqolalar g‘oyasi aynan bir piyola turk choyi ustida paydo bo‘lgan. Bu shunchaki ajoyib vaqt!
Surat: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
Men sodiq qolgan sanoqli qiziqishlarimdan biri — gitara chalish. Otam bolaligimdayoq menga asosiy nota va akkordlarni o‘rgatgan. Elektr va akustik gitaralarni chalaman. Ikkinchisini ko‘proq ma’qul ko‘raman — uning ovozi yumshoqroq, mayinroq. Gitaramni Toshkentga olib kelolmadim, lekin o‘tgan semestrda bir-ikki marta kampusdagi musiqa zaliga kirib, o‘sha yerda chalib turdim.

Ishga borishda har safar bir ko‘cha musiqachisini uchrataman. U Abdulla Qodiriy ko‘chasi va Mustaqillik shohko‘chasi kesishmasidagi ko‘prik ostida gitara chaladi. Asli gruziyalik, 1970-yillar rok musiqasi: “Iron Butterfly”, “Deep Purple” va boshqa ko‘plab guruhlarni yaxshi biladi. Uni har ko‘rganimda yoniga boraman va u o‘z gitarasini chalib ko‘rishimga ruxsat beradi.
Rokni yaxshi ko‘raman. “Creedence Clearwater Revival” guruhi qalbimdan chuqur joy olgan. Ular bor-yo‘g‘i to‘rt yil — 1968-yildan 1972-yilgacha ijod qilgan. O‘sha paytda hali dunyoga kelmagan bo‘lsam-da, bu guruh bilan o‘zgacha yaqinlikni his qilaman.
“Left a good job in the city
Workin' for the man every night and day
And I never lost one minute of sleepin'
Worryin' 'bout the way things might have been…”
Toshkentda jonli musiqa kechalarini o‘tkazib yubormaslikka harakat qilaman. O‘tgan bahorda uch kun ketma-ket Xalqaro forumlar saroyi orqasidagi Xalqaro jaz festivaliga bordim. Bu juda qoyilmaqom edi! O‘zbekiston davlat konservatoriyasida bo‘lib o‘tgan Rojdestvo qo‘shiqlari konsertiga ham borganman.
Shuningdek, qo‘l soatlarini kolleksiya qilaman. Avvaliga “Swatch” — plastik modellaridan boshlaganman, ularni talabalik yillarimda 30 dollardan sotib olardim. Bir paytlar kolleksiyamda mingga yaqin soat to‘plangan edi! Keyinchalik ularning ko‘pini sotib yubordim, lekin ishtiyoqim saqlanib qolgan.

Vaqt tushunchasi meni hamisha o‘ziga maftun qilib kelgan. U chiziqlimi? Faqat bir yo‘nalishda harakatlanadimi? U universal o‘zgaruvchi, biz Yerda ham, Oy yuzasida ham bir xil deb hisoblaydigan koordinataga o‘xshaydi, biroq zamonaviy fizika vaqtning nisbiy ekanini isbotlamoqda.
Surat: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
Ilgari dayving bilan shug‘ullanganimda, menga chuqurlikni o‘lchaydigan asboblar kerak bo‘lgan. Suv ostida soat mening hamrohimga aylanardi. Hozir ularni taqmayman, lekin hamma “Seiko”ning bir modelini muhokama qila boshlaganida, o‘ylab qoldim: menda ulardan bir nechta bor, nega kolleksiyam haqida so‘zlab bermasligim kerak? Shunday qilib, “Plastic Indices” YouTube kanalim paydo bo‘ldi. Unda soatning modeli, korpusining diametri va qalinligi, rangi hamda funksiyalari haqida gapirib, video sharhlar e’lon qilaman. Ularning ba’zilarida o‘rnatilgan kompas, boshqalarida esa termometr bor. Batareya bilan ishlaydigan kvars soatlar va mexanik soatlar bor — ular batareyasiz ishlaydi, o‘ylab qarasangiz, buning o‘zi hayratlanarli.
Blits
— Birinchi oʻrgangan oʻzbekcha soʻzingiz?

— “Rahmat”, “salom”.

— Sevimli oʻzbek taomingiz?

— Albatta, osh. Yana sho‘rvani ham yaxshi ko‘raman. Umuman olganda, bu yerdagi taomlar sarxil, toza va mazali. Osongina vazn to‘plash mumkin, shuning uchun biroz o‘zimni tiyishim kerak (kuladi).

— Siznikiga mehmonga kelganlarga qaysi joylarni ko‘rsatasiz?

— Islom sivilizatsiyasi markazi. Bu juda chiroyli joy. “Tashkent City Mall” va uning atrofidagi hududlar ham diqqatga sazovor.

Matn muallifi: Zilola Toirova.

Muharrir: Viktoriya Abdurahimova.

Suratlar muallifi: Yevgeniy Sorochin.

Materialda Valdo Arriagadaning shaxsiy arxividan olingan suratlardan foydalanildi.


Matn va grafik materiallar bo‘yicha barcha huquqlar Gazeta’ga tegishli. Gazeta internet nashrining saytida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan havola orqali tanishish mumkin.


Qiziqarli voqealarni bilasiz va ularni dunyo bilan bo‘lishishni istaysizmi? Hikoyangizni sp@gazeta.uz manziliga yuboring.

Made on
Tilda