“Ortiqcha vazn — intizomning yo‘qligi emas, balki kasallik”
Ortiqcha vaznga qarshi kurashishga qaror qilgan insonlar hikoyalari va bu borada bariatrik jarrohlik ularga qanday yordam bergani haqida
O‘zbekistonda katta yoshdagi aholining 64 foizi ortiqcha vazn yoki semizlikdan aziyat chekadi. Ba’zilar uchun ortiqcha vazn kundalik hayotda cheklovga aylanadi: erkin harakatlanish, odatiy yumushlar bilan mashg‘ul bo‘lish va sevimli kiyimlarini kiyishga xalaqit beradi. Gazeta vazn yo‘qotish yo‘lida insonlar nimalarni boshdan kechirishi va zamonaviy bariatrik jarrohlik ularga qanday yechimlar taklif qilishi haqida hikoya qiladi.
O‘zbekistonda katta yoshdagi aholining 64 foizi ortiqcha vazn yoki semizlikdan aziyat chekadi. Ba’zilar uchun ortiqcha vazn kundalik hayotda cheklovga aylanadi: erkin harakatlanish, odatiy yumushlar bilan mashg‘ul bo‘lish va sevimli kiyimlarini kiyishga xalaqit beradi. Gazeta vazn yo‘qotish yo‘lida insonlar nimalarni boshdan kechirishi va zamonaviy bariatrik jarrohlik ularga qanday yechimlar taklif qilishi haqida hikoya qiladi.
2016-yilda tibbiyot fanlari doktori Shuhrat Hoshimov qabuliga vazni 236 kilogramm bo‘lgan erkak keldi. Bariatrik operatsiya — vaznni kamaytirish uchun jarrohlik amaliyotini zudlik bilan o‘tkazish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emasdi: klinikadagi operatsiya stoli 200 kilogrammdan ortiq yuklamaga dosh bera olmasdi.

Bemor nihoyatda samimiy va ochiqko‘ngil inson bo‘lib chiqdi. Hamshiralarga gullar sovg‘a qilar va tinmay hazillashardi: “Qizlar, men aslida juda chiroyliman, shunchaki butun chiroyimni yog‘ yashirib turibdi”. O‘zi esa ertalablari karavotdan zo‘rg‘a qo‘zg‘alardi.

Vaznini ruxsat etilgan 200 kilogrammgacha kamaytirish uchun bemorning oshqozoniga vaqtincha silikon ballon kiritildi, u oshqozon hajmining katta qismini egallardi. Erkak juda kichik porsiyalar bilan to‘ya boshladi. Bir necha oy ichida 36 kilogramm vazn “ketdi”. Shundan so‘ng ballon olib tashlandi va bemorni operatsiyaga tayyorlash boshlandi.
Shuhrat Hoshimov. Surat: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston kattalar o‘rtasida ortiqcha vazn tarqalishi bo‘yicha 63,7 foizlik ko‘rsatkich bilan Markaziy Osiyoda yetakchilik qilmoqda. Turkmaniston va Tojikistonda bu ko‘rsatkich 58 foizga, Qozog‘istonda — 56,5 foizga, Qirg‘izistonda — 56,2 foizga yetadi. Buning sabablari ko‘p. Shulardan biri — milliy oshxona.

Palov, manti, issiq somsa — madaniy kodimizning bir qismi. Faqat bunday taomlarning kaloriyasi ajdodlarimiz tomonidan og‘ir jismoniy mehnatga moslab “hisoblangan”. Bir tarelka palovni “yoqish” uchun kun bo‘yi dalada mehnat qilish kerak. XXI asrda esa odam yog‘li ovqatni to‘yib yeydi, mashinaga o‘tirib ofisga boradi va kechgacha kompyuter qarshisida o‘tiradi, deydi shifokor Shuhrat Hoshimov.

Yuqori kaloriyali ovqatlar va kam harakat turmush tarzidan tashqari, gadjetlarga qaramlik ham vaziyatni og‘irlashtiradi. Yoshlar yarim tungacha smartfonga termulib o‘tiradi, buning oqibatida uyqu davomiyligi qisqaradi. To‘yib uxlamaslik ishtahani boshqaruvchi gormonlarga ta’sir qilib, semirish xavfini oshirishi mumkin.

“Tana bo‘ysunmay qo‘yganda”

Muammoni anglash har bir insonda o‘ziga xos tarzda kechadi, lekin har qanday holatda tana bo‘ysunmay qolgan paytdan boshlanadi.

Turmushga chiqishidan oldin Mahmudaning vazni 42 kilogramm edi. Bo‘yi 156 santimetr bo‘lgan bu ayolning qomati ixcham, deyarli nimjon ko‘rinardi. Ayol hozir 41 yoshda. Sanitarka bo‘lib ishlaydi, uch nafar farzand tarbiyalayapti. Butun hayoti — palatalar, uy va bozor o‘rtasida bir maromda kechadigan aylanma harakatdan iborat.

O‘sha ixchamgina Mahmuda bilan bugungi Mahmuda o‘rtasida butun bir hayot yotibdi: vaqt o‘tishi bilan ayolning tanasi asta-sekin o‘ziga bo‘ysunmay qo‘ydi. Hammasi 38 yoshida og‘ir hissiy zarba bilan boshlandi — farzandini yo‘qotdi. Keyin pandemiya boshlandi va Mahmuda Zangiotadagi yuqumli kasalliklar majmuasiga tushib qoldi. Kovidni og‘ir o‘tkazdi. Ayol JSST tomonidan og‘ir holatlar uchun tavsiya etilgan gormonal preparatning yuqori dozalarini qabul qildi. Kasallikni yengishga muvaffaq bo‘lindi, biroq organizm boshqacha hisobni taqdim etdi: bungacha 74 kilogramm atrofida saqlanib turgan vazn keskin ko‘tarilib, 94 ga yetdi.
Illyustrativ surat: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
Boshqa bir toshkentlik Shuhrat Y.ning kritik nuqtaga olib borgan yo‘li boshqacha kechdi. Tana vazni 165 kilogrammga yetguniga qadar u sayohat qilishni yaxshi ko‘rardi, notanish shaharlarda soatlab piyoda sayr qila olardi. 40 yoshdan so‘ng kilogrammlar birin-ketin ortib boraverdi va sekin-asta uning hayot yo‘nalishi uy eshigi bilan avtomobil eshigi orasidagi masofagacha qisqardi.
реклама
реклама
2020-yilgi pandemiya bu erkak uchun ham burilish nuqtasi bo‘ldi. Mashinalar qatnovi taqiqlandi, ko‘chalar bo‘shab qoldi va shunday sokin kunlarning birida keksa otasi Shuhratga qo‘ng‘iroq qilib: “Shuhrat, kel, menga osh damlab ber”, dedi.
Illyustrativ surat: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
Shuhrat 57 yoshda. Taomlarni juda yaxshi tayyorlaydi. Faqat ota uyigacha bo‘lgan yo‘l — o‘nta bekat va svetofor yonidagi besh metrcha keladigan qiyalik. 165 kilogramm vaznli odam uchun bu to‘siq emas, balki sinov: har 10-15 metr piyoda yurganda tana og‘ir, bo‘g‘uvchi hansirash bilan jazolaydi.

Qarindoshlar otamga aytishgan: “Qanday qilib keladi? O‘zi semiz bo‘lsa. Yo‘lning yarmigacha ham yetolmaydi”. Men esa yo‘lga chiqdim. Otam chaqiryapti, qanday bormayman? Mashina yo‘q, hammayoq jimjit. Ketyapman, sekin, asta, qadam-baqadam... Ketyapman va o‘ylayapman: bir tomondan otamning istagini bajo keltirish kerak, ikkinchi tomondan esa naqadar og‘ir, bo‘g‘ilyapman, havo yetishmayapti, — deb eslaydi Shuhrat.

O‘sha kuni u otasining oldiga yetib bordi. Lekin aynan shu yo‘lda uning dunyosi naqadar tor va cheklanib qolgani haqidagi achchiq o‘y uning qalbini o‘rtab yubordi.

““Iroda kuchi”ga ishonish — jamiyatning yanglish fikri”

Jamiyatning shifokorlar qarshi chiqadigan asosiy yanglish fikri — bu “iroda kuchi”ga ko‘r-ko‘rona ishonishdir.

““Kamroq ovqatlanish va sport bilan shug‘ullanish” haqidagi maslahatlar aksariyat hollarda mantiqsiz, — deya tushuntiradi jarroh Shuhrat Hoshimov. — Bu bosqichda ortiqcha vazn intizomning yo‘qligi emas, balki to‘laqonli kasallik”.
O‘z tanasining jismoniy bosimi bilan birga inson hayotiga ijtimoiy bosim ham kirib keladi.

Mahmudaning tashqi ko‘rinishidagi o‘zgarishlar uyda ham, ishxonasida ham e’tibordan chetda qolmadi. Birinchi bo‘lib eri o‘zini chetga oldi: “Sen to‘lishyapsan, biror narsa qil”. Opa-singillari ham qo‘shilishdi: “O‘zingga qara, semirib ketyapsan-ku”. Kasalxonadagi hamkasblari ham ochiqchasiga gapirishdi: “Nega bunchalik to‘lishib ketyapsiz? Bo‘yingiz past, Bo‘g‘irsoqqa o‘xshab qolyapsiz”.
Illyustrativ surat: Joachim Schnurle / Unsplash
Shunday paytlarda Mahmuda ichidan zil ketardi, alam qilardi.

“O‘zimga mos kiyim topa olmaganimdan juda asabiylashardim. Bo‘yim pastligi sababli bozordan hech narsa tanlay olmasdim. Keksa ayollarga mo‘ljallangan xunuk bichimdagi kiyimlarni sotib olishga to‘g‘ri kelishi alam qilardi. Erim: “Nima kiyib olding? Senga yarashmaydi, gavdaliroq odamlarga mo‘ljallangan kiyim qidir”, deb tanbeh berardi”, — deydi Mahmuda.

Kasallik faktini qabul qilishdan oldin, Mahmuda va Shuhrat muammoni mustaqil hal qilishga urinishlarning berk ko‘chasidan o‘tishdi.

Turli parhezlar, ozdiruvchi choy va qahvalar, yog‘ “yondiruvchi” qo‘shimchalar yordamida u 10 kilogramm (94 dan 84 gacha) vazn tashlashga muvaffaq bo‘ldi, shundan so‘ng tarozi mili butunlay qotib qoldi.

Shuhrat ham “o‘zini qo‘lga olishga” harakat qildi: ovqatlanish miqdorini qisqartirdi, istalgan bo‘sh vaqtida yurish uchun uyiga va ishiga ikkita yugurish yo‘lakchasini sotib oldi. Ramazon paytlari 10-12 kilogramm vazn tashlashga erishardi, lekin keyin vazn “foizlari” bilan qaytib kelardi: 120, 150, 165 kg...
Mahmuda ham, Shuhrat ham “Ozempik” yoki “Munjaro” kabi ommabop dorilar yordamida ozishga urinib ko‘rishmagan, lekin shifokorlar amaliyotida bunday holatlar tez-tez uchrab turadi.

Jarroh Shuhrat Hoshimov bu dorilarni tanqid qilmaydi, lekin ularni vaqtinchalik qo‘ltiqtayoq deb ataydi.

“Menda bunday dorilarni qabul qilgan bemorlar bo‘lgan. Ularni qabul qilib yurgan paytingda yeging kelmaydi, ozasan. Qabul qilishni to‘xtatdingmi — vazning qaytadi, ustiga-ustak qo‘shimchasi bilan, bu esa odamni ruhan sindiradi. Bunday dorilar boshqa narsa uchun kerak. Masalan, qand miqdori yuqori bo‘lgan bemor keladi va asoratlar xavfi tufayli uni darhol operatsiya qilib bo‘lmaydi. Shunda biz endokrinologlar bilan birgalikda operatsiyani xavfsiz o‘tkazish uchun qand miqdorini, shu jumladan, shunday in’yeksiyalar yordamida ham, ruxsat etilgan darajagacha pasaytiramiz”, — deb tushuntiradi shifokor.

“Shunchaki nafsini tiyib, kamroq yesin”

Semizlik tibbiyot bayonnomalarida ko‘p omilli kasallik sifatida ko‘rib chiqiladi. U bir qator xavfli tashxislarni — qandli diabet, yurak-qon tomir kasalliklari, bo‘g‘im va umurtqa pog‘onasi shikastlanishlari, gipertoniya hamda onkologik kasalliklarni keltirib chiqaradi. Ayollarda ortiqcha vazn bepushtlikka, erkaklarda esa impotensiyaga sabab bo‘lishi mumkin.

Mahmudaning birinchi bo‘lib o‘t pufagi dosh bera olmadi, uni olib tashlashdan oldingi tekshiruv paytida shifokorlar qandli diabet tashxisini qo‘yishdi. Ayol shifokorlar bilan ko‘ziga yosh olib bahslashdi: “Menda hech qanday diabet yo‘q!” Bir vaqtlar uning buvisi shu kasallikdan vafot etgandi, shuning uchun tashxisga ishongisi kelmasdi. Biroq diabet allaqachon o‘zini namoyon qila boshlagandi: chidab bo‘lmas qichishish va ta’sirlanish paydo bo‘ldi, yurak taxikardiyadan tez urib ketardi, og‘ir lanjlik bosardi. Asab tizimi ham izdan chiqdi — Mahmuda yaqinlariga zarda qilardi, ishxonada tortishardi va arzimagan narsaga ham yig‘lab yuborishi mumkin edi.
Surat: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
Dori va ukollar yordam bermadi, qand ko‘rsatkichlari 10 dan 25 mmol/l gacha sakrab turdi, ko‘rsatkich 30 mmol/l ga yetganda esa Mahmuda koma oldi holatida kasalxona karavotiga yotqizildi. U yerda, osma ukollar ostida yotib, u nihoyat shifokorlarning: “Bunday qand miqdori bilan yashab bo‘lmaydi — siz shunchaki komaga tushib qolasiz”, degan so‘zlarini “eshitdi”.

Vaznni kamaytirish va diabet remissiyasiga erishish uchun Mahmuda bariatrik operatsiya qildirishga qaror qildi. Qo‘rquvlari ko‘p edi: “Pulni berib, pichoq ostiga yotsang-u, diabet qolib ketsachi? Vazn ham ketmasachi?”
Oila bu qarorga keskin munosabat bildirdi, lekin o‘sha paytga kelib Mahmudani boshqalarning fikri qiziqtirmasdi. Yillar davomidagi ta’nalar va diabetik komadan doimiy qo‘rquv “Men buni o‘zim va sog‘lig‘im uchun qilyapman”, degan qarorga kelishga yordam berdi.
Jarroh Shuhrat Hoshimovning e’tirof etishicha, u “shunchaki nafsini tiyib, kamroq yesin” deb o‘jarlik qiladigan erlar oldida muntazam ravishda ma’ruza o‘qishiga to‘g‘ri keladi. Bunday holatlar uchun shifokorning kompyuterida maxsus taqdimot tayyorlab qo‘yilgan.

“Men har doim bemorning tarafidaman. Bunday erni monitor oldiga o‘tqazib, grafiklar, statistika, tadqiqot ma’lumotlarini ko‘rsataman. Unga: “Tushuning, semizlik — bu kasallik. Ertaga bu fonda og‘ir yondosh kasalliklar rivojlanadi. O‘ylab ko‘ring, operatsiyasiz xotiningiz 10–12 yil kamroq yashaydi. Axir farzandlaringizga ona, sizga esa sog‘lom, faol va baxtli rafiqa kerak”, deyman”, — deb hikoya qiladi u.

Erlarni ishontirish muhim, chunki 70 foiz hollarda operatsiya pulini aynan ular to‘laydi. Biroq Shuhrat Xurshidovich ko‘pincha teskari manzarani ham ko‘radi: konsultatsiya paytida er xotiniga “Men sen bilanman, yoningdaman, qo‘llab-quvvatlayman”, deydi. Bunday erkak sevgan ayoli operatsiyani yengil o‘tkazishi va tezroq tiklanishi uchun har qanday xarajatga tayyor. Shifokorning aytishicha, hamma narsa er-xotin o‘rtasidagi munosabatlarga bog‘liq.
Surat: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
Shuhratni operatsiya stoliga o‘lim qo‘rquvi olib keldi — uning atrofidagi ortiqcha vaznli odamlar birin-ketin hayotdan ko‘z yuma boshladi.

“Qirg‘izistonda yaqin do‘stim vafot etdi, atigi 42 yoshda edi. Semizlik oqibatida yuragi to‘xtab qolgan. Qozog‘istonda ko‘p yillar davomida men uchun ishlagan — tovar tashigan haydovchi vafot etdi. Yo‘l yurib turgan joyida, qatnov vaqtida olamdan o‘tdi. Yukni Ust-Kamenogorskkacha olib bordi, u yerdan qo‘ng‘iroq qilishdi — kasalxonaga tushib qolibdi, tamom, undan ayrildik. Shifokorning aytishicha, o‘lim sababi — ortiqcha vazn. Chimkentda 35 yoshli yosh shifokor tanishim bor edi. O‘zi shunday derdi: “Shuhrat, ikkalamiz ham vazn masalasini hal qilishimiz kerak! Men shunchaki ulgurmayapman, har kuni operatsiyaga kirishim kerak”. Mana, ulgurmadi”, — deydi erkak.

Chiqish yo‘lini ilgari vazni 180 kilogramm atrofida bo‘lgan, keyin esa jarrohlik amaliyoti yordamida keskin ozib ketgan tanishi ko‘rsatdi. “Bo‘g‘irsoq edi, kelishgan yigitga aylandi”, — deya ta’riflaydi uni Shuhrat.

O‘zbekistonda bariatrik jarrohlik o‘zi nima?

O‘zbekistonda birinchi bariatrik operatsiyalar taxminan 40 yil oldin amalga oshirilgan, lekin o‘shandan beri deyarli hamma narsa o‘zgardi. 2015-yilda Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya va BAAda bir qator davlatlarda malaka oshirib qaytgach, Shuhrat Hoshimov hamkasblari bilan birgalikda mamlakatda birinchi marta laparoskopik usulda oshqozonni jarrohlik yo‘li bilan kichraytirish amaliyotini o‘tkazdi.

“Ilgari bariatrik operatsiyalar ochiq usulda, qorin bo‘shlig‘ini kesish orqali amalga oshirilar edi. Katta odamlarda kesim ham katta bo‘ladi, teri osti yog‘ qatlamining qalinligi tufayli buning boshqa iloji yo‘q”, — suhbat davomida Shuhrat Xurshidovich “semizlik” tibbiy atamasini kamdan-kam ishlatib, bemorlarni “katta odamlar” deb atashni afzal ko‘radi. “Mos ravishda, yaralar og‘ir, asoratlar va yiringli jarayonlar bilan bitar edi. Bugungi kunda biz kesishlarsiz, kichik teshiklar orqali ishlaymiz. Bu minimal jarohatlanish va tez tiklanish imkonini beradi. Bemorlar avvalgidek 7–10 kun emas, balki 2–3 kunda oyoqqa turishadi”.
Surat: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
Zamonaviy texnologiya quyidagicha: qorin bo‘shlig‘iga kichik teshiklar orqali laparoskopik teleskop kiritiladi, u ichki a’zolarning tasvirini monitorga uzatadi. Keyin endoskopik stepler — maxsus tibbiy asbob ishga tushadi, u me’daning bir qismini kesib olib, bir vaqtning o‘zida to‘qimani qisadi va “tikadi”. Bo‘sh shar kabi puchaygan, kesilgan bo‘lak ehtiyotkorlik bilan teshiklardan biri orqali, uni bir yarim-ikki santimetrgacha biroz kengaytirgan holda, tashqariga tortib olinadi.

Bariatriya plastik yoki kosmetik jarrohlik emas, shuning uchun bemorlar operatsiya stoliga qat’iy tibbiy protokollarga muvofiq yotqiziladi. Jahon standartlariga ko‘ra, operatsiya uchun ko‘rsatma sifatida tana vazni indeksining (TVI) 40 dan yuqori bo‘lishi yoki odamda yondosh kasalliklar: qandli diabet, gipertoniya, bo‘g‘imlarning yemirilishi va boshqalar paydo bo‘lgan hollarda, 35 dan yuqori bo‘lishi qabul qilingan.
реклама
реклама
Ko‘pincha bariatrik jarrohlarga bemorlarni boshqa mutaxassislikdagi shifokorlar: endokrinologlar, travmatologlar, ginekologlar yo‘naltiradi. Ortiqcha vazn ba’zan ona bo‘lishga to‘sqinlik qiladi va Shuhrat Xurshidovich sobiq bemorlari unga qo‘lida chaqaloqlar bilan tushgan suratlarini yuborganida juda xursand bo‘ladi. Ba’zida odamning bo‘g‘imlari shunchalik yeyilgan bo‘ladiki, ularni sun’iy bo‘g‘imlarga almashtirish talab etiladi, lekin protez tana og‘irligini ko‘tara olmaydi. Shunda travmatolog avval bariatrik operatsiya yordamida ortiqcha vazndan xalos bo‘lishni tavsiya qiladi.
Konsultatsiyaga keladigan erkaklar va ayollarning motivatsiyasi turlicha.

“Bemorlarimning 70 foizi — ayollar. Buning hech qanday uyaladigan joyi bo‘lmasa ham, ular operatsiyaga faqat tashqi ko‘rinish uchun borayotganliklarini deyarli hech qachon tan olishmaydi. Xudbin bo‘lib ko‘rinishdan qo‘rqishadi. “Erim uchun, bolalarim uchun”, deyishadi. Men bunday hollarda: “O‘zingiz uchun qiling. O‘zingiz baxtli va sog‘lom bo‘lsangiz, oilangiz ham baxtli bo‘ladi”, deb aytaman”, — deydi shifokor.

Uning so‘zlariga ko‘ra, erkaklardagi asosiy talablar — sog‘liq yoki karyera.

“Ortiqcha vaznli odam o‘zidan uyaladi, erkaklarda esa bu ishonchsizlik potensiya bilan bog‘liq muammolar tufayli yanada kuchayadi. Vazn tashlaganlaridan so‘ng ular faolroq bo‘lishadi, o‘ziga bo‘lgan ishonchni qaytarishadi va ko‘pincha lavozimlari ko‘tariladi. Bundan tashqari, karyera to‘g‘ridan-to‘g‘ri jismoniy holatga borib taqaladigan sohalar ham mavjud — harbiylar, huquqni muhofaza qilish organlari. Menda shunday bemorlar ham bo‘lgan”, — deya aniqlik kiritadi Hoshimov.
Surat: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
O‘zbekistonda bemorlarning yana bir toifasi mavjud bo‘lib, shifokor ularni “kelin-kuyov” deb ataydi. Ularni shifokor huzuriga ota-onalari olib kelishadi, chunki an’anaviy turmush tarziga ega ko‘pchilik oilalarda nikoh masalalarini aynan ota-onalar hal qiladi. Ular ortiqcha vaznni sog‘liq bilan bog‘liq muammo sifatida emas, balki oila qurish yo‘lidagi to‘siq sifatida qabul qilishadi.

“Ota-ona 20 yoshli yigitni maslahatlashish uchun olib kelyapti. Vazni 150 kilogramm, kechalari kompyuterda o‘tiradi, pissa yeydi va shirin gazli ichimliklar ichadi. Ota-onasi xafa: “O‘g‘limga hech kim turmushga chiqmayapti, yordam bering”. Yoki turmushga berish, nevara ko‘rish istagida qizlarini olib kelishadi. Ya’ni, ortiqcha vazn va hayot sifatining yomonlashuvi tibbiy yordamga murojaat qilish va operatsiya uchun pul to‘lashga har doim ham yetarli motivatsiya beravermaydi, nikoh omili esa bunga turtki bo‘ladi. Ehtimol, oila qurish masalasi bo‘lmaganida, bunday bemorlarning bir qismi mutaxassisga murojaat qilmagan bo‘lardi”, — deydi jarroh.

“Men normal yashash uchun hamma narsaga tayyorman, sen esa — yeyish uchun”

Doktor Hoshimovning 11 yillik bariatrik amaliyoti davomida atigi 15 ga yaqin odam qaytadan operatsiya stoliga yotgan. Oshqozon — mushakli a’zo, agar u doimiy ravishda ovqat bilan “zo‘riqtirilaversa”, yana cho‘zilib ketishi muqarrar.

Operatsiyadan keyingi birinchi oyda bemor Shuhrat deyarli hech narsa yemadi. Bitta tovuq tuxumini ham yeyolmay, bedana tuxumiga o‘tdi. Ikki-uch qoshiq sho‘rva va bir piyola suyuq bo‘tqa — bor-yo‘q ovqati shu edi. U har kuni minus 0,5 kg ni ko‘rsatuvchi tarozini hayajon bilan kuzatib bordi. Biroz vaqt o‘tgach, vazni 105 kg da to‘xtadi — eng yuqori ko‘rsatkichidan 60 kilogramm yo‘qotdi. Qon bosimi me’yorlashdi, holdan toydiruvchi jig‘ildon qaynashi va shishlar yo‘qoldi. Yana bir o‘ziga xoslik paydo bo‘ldi — tana ochlik impulslarini yuborishni to‘xtatdi.

“Ilgari oshqozon va boshim: “Qani, ovqatlanaylik!” deb xitob qilardi. Hozir unday emas. Ovqatlanishni o‘zim unutmasligim kerak, soat bo‘yicha ovqatlanishga harakat qilaman. Agar kuchdan qolib, boshim og‘irlashayotganini his qilsam, demak, kaloriya kamayib ketgan, tamaddi qilib olishim kerak. Sumkamda ozgina yong‘oq, mayiz yoki sifatli shokolad olib yuraman. Lekin endi yevropaliklardek ovqatlanaman. Men Yevropada bo‘lganman va ko‘rganman: katta likopcha olib kelishadi, unda ikki qoshiq ovqat bo‘ladi, shuni ham yeb tugatishmaydi! Ilgari bir lagan oshni bir o‘zim yeyishim mumkin edi, hozir esa men ham ular kabiman”, — deydi erkak.

Surat: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
Shuhrat operatsiya tafsilotlarini ko‘pchilik tanishlariga oshkor qilavermaydi.

“Odamlar har xil, — deb xo‘rsinadi u. — Kimdir to‘g‘ri tushunadi, kimdir esa shunchaki kamroq yeyish kerak edi, deb gapirishni boshlaydi. Bir kuni mehmonda edim, odatdagidek o‘z me’yorimni yeb, to‘xtadim. Bir kishi: “Nima, oshqozoningni kestirib, endi ovqat yeyishga qo‘rqyapsanmi?” deb masxara qila boshladi. Bu juda yoqimsiz holat edi. Men unga shunday javob berdim: “Menga qara, oshna, men normal yashash uchun hamma narsaga tayyorman, sen esa ko‘p yeyish uchun hamma narsaga tayyorsan. Farqiga boryapsanmi?” U xijolat bo‘lib, indamay dasturxondan turib ketdi”.

Biroq, agar u nafas olishga va harakatlanishga qiynalayotgan odamni ko‘rib qolsa, befarq o‘tib ketmaydi. Uning uchun bu uzib bo‘lmaydigan yordam zanjiridir. Shuhrat o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashadi va tushuntirish uchun vaqtini ayamaydi.

“Vaznim tufayli ahvolim juda og‘irlashib qolganida, duo qildim va Yaratgan menga operatsiya haqida aytib bergan insonni, keyin esa yaxshi shifokorlarni yubordi”, — deya hikoya qiladi u.
Bariatrik operatsiyadan so‘ng Mahmuda va Shuhratning hayoti tubdan o‘zgardi. Shuhratning aytishicha, u yana sayohat qilyapti va sevimli shaharlari bo‘ylab soatlab piyoda kezyapti — nafas qisishidan asar ham yo‘q.

“Yozda Ostonaga xizmat safariga — yirik xalqaro ko‘rgazmaga bordim. To‘rt kun ketma-ket ertalabdan kechgacha pavilonlarda kilometrlab yo‘l bosdim. Ortiqcha vaznli odam bunday qila olmasdi!”, — qaytib kelgan yengillik unga samimiy, deyarli bolalarcha quvonch baxsh etadi.
Mahmuda ham mamnun. Operatsiyadan keyingi birinchi oydayoq 20 kilogramm vazn yo‘qoldi. Ortiqcha vazn bilan birga teridagi azobli qichishish va yallig‘lanishlar ham ketdi, qondagi qand miqdori me’yoriga qaytdi. Bugungi kunda uning vazni 57 kilogramm. U sanitarkaning og‘ir ishini xuddi avvalgidek — ortiqcha kuch sarflamasdan uddalayotganini, zinapoyalardan osongina ko‘tarilayotganini va o‘ziga yoqqan kiyimlarni kiyishi mumkinligini aytadi. So‘nggi suratlarning birida ayol egnida atirgul shaklidagi hashamatli yengli fuksiya rangidagi ko‘ylakni ko‘rish mumkin.

“Ortiqcha vazn insonni “yarimta” qilib qo‘yadi, — deydi Mahmuda xayrlashayotib. — To‘laqonli yashay olmaysan, xohlaganingdek kiyinolmaysan. Qaytadan butun inson bo‘lish uchun ham vaznni me’yoriga qaytarish kerak”.

“Shunchaki statistikani to‘plash emas, balki vaziyatni qanday o‘zgartirishni tushunish kerak”

Semizlikni davolashning xalqaro protokollari AQSh, Kanada va Yevropada o‘tkazilgan ko‘p yillik tadqiqotlar asosida yaratilgan. Ya’ni, me’yorlar “o‘rtacha yevropalik” asosida ishlab chiqilgan.

“Standartlar universal bo‘lsa-da, biz har xilmiz, — deb tushuntiradi Shuhrat Hoshimov. — Jahon tibbiyot hamjamiyati hozirda irqiy omil tushunchasini faol muhokama qilmoqda. Negroid irq vakillari yuqori TVI bilan yashashi va metabolik jihatdan sog‘lom qolishi mumkin. Osiyoliklarda esa, aksincha, asoratlar — diabet, yurak va qon tomirlarining zararlanishi ancha past ko‘rsatkichlarda rivojlana boshlaydi. Agar bugungi kunda TVI 35 ikkinchi darajali semizlik bo‘sag‘asi deb tan olingan bo‘lsa, dalillar bazasi to‘planishi bilan irqqa qarab farqlanish sodir bo‘lishi mumkin. Masalan, negroid irqi uchun — 37 va osiyo irqi uchun — 33”.
Surat: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
Aynan shu sababli doktor Hoshimov jamoasi Milliy olimpiya qo‘mitasi huzuridagi Respublika sport tibbiyoti markazi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda metabolizmni genetik tadqiq qilish bo‘yicha ilmiy loyihani boshladi. Ushbu ish uchun Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi grant ajratdi.

“Hozir butun dunyoda badavlat odamlar o‘z genomlarini o‘rganishga kirishib ketishdi. Shaxsiy test ko‘p narsalar haqida ma’lumot bera oladi: qanday kasalliklarga moyillik bor, qanday tahlillarni topshirish kerak, qanday rasionga rioya qilish lozim, qaysi sport turi tanaga eng yaxshi natija beradi. Agar bu yondashuvni butun mamlakat miqyosiga tatbiq qilsak-chi? Genetik kesim davlatning qarorlari uchun asos bo‘la oladi. Aholi metabolizmining o‘ziga xos xususiyatlarini tushungan holda, milliy darajada bolalar bog‘chalari va maktablardagi rasionni o‘zgartirish yoki odamlar jarrohlik stoligacha yetib bormasligi uchun qaysi sport turlarini rivojlantirish va subsidiyalash kerakligini aniqlash mumkin”, — deydi shifokor.

Semizlik tashxisi qo‘yilgan har qanday odam tadqiqot ishtirokchisiga aylanishga harakat qilib ko‘rishi mumkin. Bemorlar uchun bu bariatrik operatsiya narxini pasaytirish imkoniyati hamdir, chunki sarf qilinadigan materiallarining bir qismi grant doirasida xarid qilinadi. Operatsiyaning imtiyozli narxi odatdagi 19-20 mln so‘m o‘rniga 15-16 mln so‘mni tashkil etadi. Aniq summani oldindan aytish qiyin. U stasionarda yotish davomiyligi, yondosh kasalliklarning bor yoki yo‘qligi hamda boshqa omillarga bog‘liq.

Shu bilan birga, Shuhrat Xurshidovich barcha xohlovchilarni qabul qilavermaydi. TVIdan tashqari, u bemorning motivatsiyasi va operatsiyadan keyingi tavsiyalarga rioya qilishga tayyorligini ham baholaydi.

“Insonda shaxsiy, ongli istak bo‘lishi kerak. “Meni tadqiqotga jalb qiling, men esa divanda o‘tirib, chips yeyishda davom etaman”, degan variant o‘tmaydi. Biz uchun shunchaki statistika to‘plash emas, balki vaziyatni qanday o‘zgartirishni tushunish muhim. Ishtirokchilar dinamikada kuzatib boriladi: genetik tahlil o‘tkaziladi, operatsiya qilinadi, so‘ngra ikki, uch oy va yarim yildan so‘ng metabolizm kuzatiladi. Bu insonni faol vazn tashlash bosqichidan barqarorlashuvga va oxir-oqibat sog‘lom ovqatlanishga bosqichma-bosqich olib o‘tish imkonini beradi”, — deb ta’kidlaydi jarroh.

Ikki yillik keng ko‘lamli tadqiqot yakunlariga ko‘ra, Shuhrat Hoshimov semizlikni davolashning yangi algoritmlarini ishlab chiqishni va ularni O‘zbekiston tibbiyot muassasalarida sinovdan o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Matn muallifi: Yekaterina Soy.

Muharrir: Viktoriya Abdurahimova.

Suratlar muallifi: Yevgeniy Sorochin.


Matn va grafik materiallar bo‘yicha barcha huquqlar Gazeta’ga tegishli.

Gazeta internet nashrining saytida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan havola orqali tanishish mumkin.


Qiziqarli voqealarni bilasiz va ularni dunyo bilan bo‘lishishni istaysizmi? Hikoyangizni sp@gazeta.uz manziliga yuboring.

Made on
Tilda