Foto: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
“Ishga ketib, tirik qaytmaganlar”.
Xizmat paytida fojiali vafot etgan ichki ishlar xodimlari xotirasiga bag‘ishlanadi
“Ishga ketib, tirik qaytmaganlar”
Xizmat paytida fojiali vafot etgan ichki ishlar xodimlari xotirasiga bag‘ishlanadi!
O‘zbekistonda mustaqillikdan keyin 127 nafar ichki ishlar xodimi xizmat vaqtida fojiali halok bo‘lgan. Gazeta so‘nggi yillarda vafot etgan xodimlarni xotirlaydi. Ular orasida o‘t o‘chirish, suv talashganlarni tinchlantirish, mast haydovchini to‘xtatish, ayolni eridan himoyalash paytida vafot etganlari bor.
O‘zbekistonda mustaqillikdan keyin 127 nafar ichki ishlar xodimi xizmat vaqtida fojiali halok bo‘lgan. Gazeta so‘nggi yillarda vafot etgan xodimlarni xotirlaydi. Ular orasida o‘t o‘chirish, suv talashganlarni tinchlantirish, mast haydovchini to‘xtatish, ayolni eridan himoyalash paytida vafot etganlari bor.
25-oktabr — ichki ishlar organlari xodimlari kuni. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mustaqillikdan bugungi kungacha 127 nafar ichki ishlar organi xodimi (IIO) xizmat vazifasini bajarish davomida yoki jangovar harakatlarda fojiali tarzda halok bo‘lgan. Gazeta 2017−2025-yillarda vafot etgan 6 nafar IIO xodimini xotirlaydi.

Ular orasida o‘t o‘chirish, suv talashganlarni tinchlantirish, yuqori tezlikda kelayotgan mast haydovchini to‘xtatish, oilaviy janjalda ayolni eridan himoya qilish chog‘ida vafot etgan xodimlar bor.
Katta leytenant
Abdurasul Abduvaliyev
1986-yil 4-mayda Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida tug‘ilgan. O‘z tumanida profilaktika inspektori lavozimida xizmat qilgan.

2025-yil 1-iyul kuni mast fuqaroni zararsizlantirish chog‘ida og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan.
Marhum katta leytenantni turmush o‘rtog‘i Dilbarxon Sotvoldiyeva bilan xotirlaymiz.
Bir necha soat ichidagi fojia
Voqea 2025-yil 1-iyul kuni shom mahalida sodir bo‘lgan. O‘sha kuni men bolalar bilan onamlarnikida edim. Kechki payt olti yarimlarda turmush o‘rtog‘im bilan gaplashdik, “ishdan qaytishda olib ketaman, tayyor bo‘lib turinglar”, — dedi. Qarayapman, sakkizdan o‘tdi ham daraklari bo‘lmadi. To‘qqizlarda o‘zim telefon qildim. Ko‘tarmadilar, juda ko‘p marta telefon qildim, javob yo‘q. Yuragim bezovtalana boshladi.

Odatda turmush o‘rtog‘imga telefon qilsam, agar yonida odam bo‘lsa, “o‘zim qayta qilib yuboraman” deb SMS yozib qo‘yardi. Bu safar na telefonimni ko‘tardi, na SMS yozdi. Vahimadaman. Bolalarni yotqizaman deb harakat qilib tursam, katta o‘g‘lim telefon qilib qoldi. “Oyi”, deb yig‘layapti. Nima bo‘ldi, tinchlikmi desam, “ona, otam o‘lib qolibdi”, — dedi. Nima deganing u, qanaqasiga otang o‘lib qoladi, men yaqinda gaplashgandim, desam, “bilmayman, birov o‘ldirib qo‘yibdi”, — dedi.

Uyimdagilarga aytdim, akam meni olib ketdi. Xo‘jayinimning xolalari telefon qildi. “Vahima qilmang, Dilraboxon, shoshilinch tibbiy yordam markaziga olib ketishibdi, hali tirik ekan”, — dedi. Shu gap bilan biroz hovurimdan tushdimu, lekin baribir yuragim hapqiryapti-da, tezroq yetib borishni istayapman. Aytib berish ham, tasavvur qilish ham qiyin holat.

Hali uyga yetmagandik, akam “nima qilamiz, qaynonangni ham ovolamizmi”, — dedi. Bilmayman, sharoitga qaraymiz, deb javob berdim. Kelsak, ko‘cha to‘la odam, tez yordam mashinalari turibdi. Bo‘ldi, to‘xtang, aka, uyga kiramiz, dedim. Kirsam, qaynonam dod deyapti. Keyin bilsam, allaqachon erimning joni uzilgan ekan.
“Kulib turib, mardlarcha halok bo‘ldi”
Bir oila bo‘lgan ekan. Er ichib kelgan, uyda janjal qilgan, keyin xotin “uchastkovoy” chaqirgan. Ana o‘sha paytda erim “smena”si tugab, “noch”dan chiqayotgan, chaqiruvlarga boshqa navbatchilar borishi kerak bo‘lgan. Ammo erim avvalroq u ayolga himoya orderini olib bergan, “yana biror muammo bo‘lsa, telefon qilasiz”, degan ekan. Shuning uchun ham u erimga telefon qilgan.

Eshitishimga qaraganda, janjal 50 ming so‘m pulni deb chiqqan. Yo eri, yo xotini so‘ragan, tortishishgan. “Men seni sog‘ holatimda o‘ldirolmayman, ichib kelib o‘ldiraman”, deb er chiqib ketgan. Shu orada ayol inspektor, ya’ni erimni chaqirgan. Mahalla raisi bilan ikkisi yo‘lga chiqishgan.
Orada qaynonam telefon qilib, “ovqatga kelasanmi?”, deb so‘rasa, “quyib turaveringlar, ona, janjal bo‘lib qoldi, shundan o‘tib, keyin boraman”, degan. Yetib borishsa, haligi kishi ko‘chada xotinining orqasidan ketayotgan ekan.

Xo‘jayinim uni to‘xtatmoqchi bo‘lib, “aka, to‘xtang” deb borganda, qayrilib, yurak sohasiga pichoq tiqib yuborgan. Shu voqeadan bir necha soniya oldin raisga telefon kelib qolgan, javob berish uchun sal chetga o‘tgan ekan. Keyin erim “uh, rais!” degan. Rais shunday qarsa, erim tizzalab qolgan ekan.

Bukchayganini ko‘rib, bir narsa bo‘libdi shekilli, yo biror joyiga qattiq tepib qo‘ydimi deb, oldiga kelsa, ko‘krak qafasidan, yurak sohasidan qon otilib chiqayotgan bo‘lgan. Tizzalab qolgan mahalda pichoq tepaga ko‘tarilib, yurak sohasi besh-o‘n santimetr ochilib qolgan.

Keyin rais dod degan, u erkak qochib ketgan. Bitta kelinchak yugurib chiqib, bolish qo‘ygan, qonni to‘xtatishga harakat qilishgan. Qayerdandir bir Nexia mashinasi kelib qolgan. Unga solib, katta yo‘lga chiqib ulgurmaslaridan, kulib turib jon bergan ekan.
Raisning oldiga bordim. Oxirgi so‘zi nima bo‘lgan, ayting, iltimos desam “to‘g‘risi, kelin, pichoqni tiqib yuborganda „uh, rais“ dedi. Shundan boshqa gapirmadi, lekin kulib turib, mardlarcha jon berdi”, — dedi. O‘sha qotilning sudi ham bo‘ldi, 19 yilga qamaldi.
Xuddi eshikdan kirib keladigandek
Erimni topshirgan mahallarimizdan to hozirgacha qulog‘imga ovozi eshitiladi, chaqirgandek, ko‘zimga ko‘ringandek bo‘laveradi. Qaynonamga kimdir chaqirdimi, deb qo‘yaman. Yo‘q deydi. Uzoq safarga ketganu, xuddi kirib keladigandek mahtal bo‘lib o‘tiraman.

Menku bolalarimni erkalab, sal ovunaman, lekin qaynonamga nihoyatda qiyin bo‘lyapti. Hali ham o‘ziga kelolmayapti. Ko‘cha-ko‘yda formalilarni ko‘rib qolsa, hech o‘zini bosa olmaydi. Boshi kasaldan chiqmayapti, qon bosimi oshadi. Bir necha kun oldin shifoxonaga yotqizib kelganmiz. Uch qiz va bitta o‘g‘li bor edi, yagona o‘g‘lidan ayrilganini qabul qilishi oson bo‘lmayapti.
Erim ota-onasini juda qadrlar edi. Dadamiz oldinroq o‘tib ketganlar, onamizga hech qachon baland gapirmagan, noto‘g‘ri gapirib qo‘ysalar ham biror marta to‘g‘rilamagan, ish buyursalar ham doim xo‘p degan, ko‘ziga tik qaramagan o‘g‘il bo‘lgan.

Opa-singillarining ham ko‘ngliga qarab, charchab ishdan kelgan bo‘lsa ham, birga gaplashib o‘tirar, tashlab qo‘yish kerak bo‘lsa, “bo‘linglar, tayyorlaninglar, o‘zim olib borib qo‘yaman”, deb turardi. Men charchab keldim, dam olishim kerak, degan narsa yo‘q edi.
Bolalarim go‘dak holida ulg‘ayib qoldi
Biz kursdosh bo‘lganmiz. Andijon davlat universitetining informatika va axborot texnologiyalari fakultetida o‘qiganmiz. Besh yil bir-birimizga ko‘ngil qo‘yib, turmush qurdik. Menga ham sira qattiq gapirmagan, doim “onasi, onasi” deb ko‘nglimga qarab yurardi.

Hozir katta farzandimiz 12, o‘rtanchamiz 9 va kenjamiz 2,5 yoshda. Dadasi o‘tib qolganini bilishadi, aqlini tanigani uchun so‘rashmaydi. Ba’zida chidamay, rasmini quchoqlab olib, dod deb yig‘lab tursam, “yig‘lamang, ona”, deb kirib kelishadi.
Kichigimga otangiz qanaqa qilib kular edi, desam, kulishini o‘xshatib beradi. Otangiz qayerga ketgan, desam, “otam jannatda”, deydi. Kecha jurnalistlar kelishgandi, otangizning ishxonasidan kelishyapti ekan, o‘g‘lim desam, “buva, otam kelyaptimi?”, debdi. Otangiz emas, ishxonasi, otangiz ketgan edi desam, “ey, otam jannatdaku,” deb qo‘ydi.
“
Bir kun ovqatlanib o‘tirsak, “ona, yuring, otamning oldiga borib kelaylik”, — dedi. Voy, qayerga boramiz desam, “qabristonga borib kelaylik”, — dedi. Mabodo mashinada qabristonning yonidan o‘tib ketayotsak, “tushib otamning oldiga kirib chiqaylik”, — deb so‘raydi. Bolalarim go‘dak holida ulg‘ayib qoldi.
Orzularimiz ko‘p edi
Erim ichki ishlar sohasida besh yil ishladi. Og‘ir vaziyatlar bo‘lsa, aytmasdi. Telefoni 24 soat yoniq turar, kechqurunmi, kunduzimi soat nechida chaqiruv bo‘lsa, chiqib ketardi. O‘zim o‘qituvchiman, tongda avval meni ishga tashlab, keyin o‘zi ketardi.

Juda ko‘p gaplashardik. Bir kuni mashinada hangoma qilib ketayotsak “onasi, yaqinda o‘laman, qutulasiz”, deb kulgandi. Men ham hazillashib “nimaga qutulasiz deysiz, yerga kirsangiz qulog‘ingizdan, osmonga chiqsangiz oyog‘ingizdan tortib pastga tushirib olaman, mendan qutulaman deb o‘ylamang”, degandim. Qaynonamga ham kulgu orasida shunaqaroq gap aytgan ekan. Insonga o‘limi sezilarmikan yoki har bir so‘zga ehtiyot bo‘lish kerakmikan, bilmadim.
Sevishib turmush qurganimizgami ikkimizning shunaqangi ko‘p orzularimiz bor edi. Bitta katta orzusini amalga oshirib ketdi. 8-may kuni qaynonam, bolalar, xolamizni olib Buxoro, Samarqandni ziyorat qildik. “Onamni aylantirib kelsam edi” deb niyat qilib, ishdan bo‘sh vaqti bo‘lishini uzoq kutgandi. Endi qolgan orzularimizni o‘zim amalga oshiraman.
Katta serjant Elbek Primov
1984-yil 10-oktabrda Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida tug‘ilgan. Ko‘kdala tumani IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi (YHXB)da katta inspektor lavozimida xizmat qilgan.

2024-yil 9-iyul kuni Ko‘kdala tumani “Chiyal” MFY hududida avtomobilini mast holda, yuqori tezlikda boshqarib ketayotgan haydovchini to‘xtatmoqchi bo‘ladi. Haydovchi avtomobilidan tushib, qishloq ichiga qochadi.

Uni ushlash maqsadida orqasidan borganda haydovchi o‘tkir tig‘li jism bilan inspektorning chap bel va chap tirsak sohasiga tan jarohati yetkazadi. Oqibatida Elbek Primov vafot etadi.

IIV binosidagi “Xotira maydoni”da uni xotirlash uchun marmar lavh o‘rnatilgan.
Marhum katta serjantni qaynukasi Muzaffar Xolmurodov bilan xotirlaymiz.
Mashinani to‘xtatishmasa, bog‘cha bolalarini urib ketishi mumkin ekan
2024-yil 8-iyul dadamga YHXBdan “Primov Elbek og‘ir tan jarohati bilan Qashqadaryo viloyati tez tibbiy yordamga keltirildi”, deb xabar berishgan. Shifoxonaga borsak, operatsiya bo‘limiga olib kirishgan ekan. Ikki soatlardan keyin shifokorlar “bo‘lmadi” deb aytishdi.

Mast haydovchini to‘xtatganda qishloq ichiga qochib ketgan, kuyovim uni ushlash uchun orqasidan borganda pichoq bilan avval taloq, keyin yurak sohasiga og‘ir shikast yetkazgan.
Foto: Oilasining shaxsiy arxividan. Elbek Primov — chapdan birinchida.
Qarshida yangi hovliga ko‘chishganiga ko‘p bo‘lmagandi. Hovli hali to‘la bitmagan, ko‘chasi ham ta’mirlanayotgandi. Soat uchlarda Qashqadaryo YHXB, IIB boshliqlari yangi hovliga ko‘chgan ekan, ta’ziyadan oldin kam-ko‘sti bo‘lsa, to‘ldiraylik deb, odamlarni hasharga olib borishgan. Keyingi kun ertalab janozagacha ishlashgan. Biz esa “morg”dan oltilarda chiqdik. To‘qqizda janoza namozi o‘qildi.

Kuyovim YHXBdan oldin OMON (alohida topshiriqli militsiya otryadi)da ishlagan. Tezkor tarbirlarda ko‘p yurardi. Shuning uchun ham katta yurak bilan mast odamning ortidan ketishga botingan. Ham haydovchi 58 yoshli odam ekan. Bu yoshdagi kishining oldida pichoq bor, shikast yetkazadi deb o‘ylamagan chog‘i.

Qotil 18 yilu 5 oyga qamaldi. Katta xodimlarning aytishicha, agar mast haydovchini to‘xtatishmaganda unaqa yuqori tezlikda oldindagi bog‘cha bolalarini bosib ketishi mumkin bo‘lgan ekan.

Erka kuyovim, haddim sig‘ib hamma narsani gaplashadigan insonim edi. Juda kamtar odam edi. Ishdan kelganda ko‘chada bir qo‘shnisi dala chopyaptimi yoki uyini ta’mirlayaptimi, formasini almashtirib, darrov yordamga chiqardi. Hangoma aytib, faqat kulib, kuldirib yurardi. Onasi, aka-ukalari, qarindosh-urug‘i “hozirgacha Elbekni ishda deb tasavvur qilamiz”, deyishadi.
“Bolalarim prezidentni himoya qilib yuradi”, derdi
Uch o‘g‘li bor. Hozir kattasi 11-sinf, o‘rtanchasi 6-sinf o‘qiyapti, kichkinasi endi 4 yoshda. “Bollarimni ko‘ra olmayapman, ish bilan bo‘lib diydoriga to‘yolmayapman”, deb yurardi.
“
Kichigi dadam qachon keladi, qayerga ketgan deb so‘rayverdi. Oxiri qabriga ziyoratga olib borib, dadang shu yerda, vafot etgan, endi uning ortidan yaxshi ishlar qilib, duolar olib keladigan farzand bo‘linglar, degandim. O‘shanda “dada, men keldim, sog‘indim seni. Chiq, meni ko‘rmaysanmi? Bo‘lmasa men oldingga kiray, seni ko‘ray”, — deb, ichimni zil-zil titratgandi.
Ikki yildan beri har kuni kechqurun singlimnikidaman. Bolalar kasal bo‘lib, otasini sog‘inib, ichikkanidan shifoxonalarga yotib chiqdi. Singlim ham qattiq stressga tushib, olmagan ukoli, ichmagan dorisi qolmadi. Oxiri do‘xtirlar ham viloyatlarni aylantiring, sal bo‘lsa ham unutadi, dedi.

Elbek qarz degan narsani yomon ko‘rardi. Singlimning aytishicha, o‘sha kuni ertalab uydan chiqib ketayotganda hech qilmagan ishini qilibdi. “Birortadan qarzing yo‘qmi, do‘kon-po‘konlardan”, deb so‘rabdi. Singlim yo‘q, desa, “qara-da, men ketgandan keyin chiqib kelamsin”, degan ekan. O‘sha payt singlim e’tibor ham bermagan, keyin eslab aytib bergandi.
“
Pichoqlanishidan bir kun oldin bolalari bilan Telegram’da tinimsiz gaplashgan. Ko‘ngli sezganmi, “o‘g‘illarim, men bo‘lamanmi, yo‘qmi, sizlar prezidentning oldida yuradigan yigit bo‘lasizlar, prezidentni himoya qilasizlar, davlatni himoya qilasizlar. Davlatga, prezidentga, xalqqa hech qachon ikkilik (xiyonat) qilmanglar. Hali sizlarni kattalar qidirib keladi”, degan ekan.
Elbek Primovning katta o‘g‘li sobiq ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov bilan.
Haqiqatan ham kattalar qidirib keldi. Janozasida kelishdi, o‘g‘illari sobiq ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov bilan ko‘rishdi. Hozirgi vazir Aziz Toshpo‘latov ham kompyuter, sovg‘a-salomlar jo‘natdi. Har bayramlarda tinimsiz xabar olishadi.

Katta o‘g‘lining bo‘yi uzun bo‘lganiga “Davlat xavfsizlik xizmatida ishlaysan” deb yurarkan, hozir shunga harakat qilyapti. O‘rtanchasi prokuror bo‘laman, deydi. O‘zi ham prokurorlardek dona-dona, chiroyli gapiradi. Kenjasi dadasining sohasidan ketaman deydi. Hozir ham otasining shapkasini kiyib, qo‘liga tayog‘ini ko‘tarib yuradi.
Safdor Alibek Shodmonov
1990-yil 28-fevralda Samarqand shahrida tug‘ilgan. 2010-yildan IIO yong‘in xavfsizligi tizimida xizmat qila boshlagan. (Yong‘in xavfsizlik tizimi 2019-yildan FVV tarkibiga o‘tkazilgan — tahr.).

Kattaqo‘rg‘on tumani ichki ishlar bo‘limida katta yong‘in o‘chiruvchisi bo‘lgan. 2017-yil 20-dekabr kuni Kattaqo‘rg‘on shahridagi ko‘p qavatli xonadonlardan birida sodir bo‘lgan yong‘inni o‘chirish vaqtida halok bo‘lgan.

Alibek Shodmonov vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan. IIV binosidagi “Xotira maydoni”da uning sharafiga marmar lavh o‘rnatilgan.
Marhum safdorni onasi Sanobar Shodmonova bilan xotirlaymiz.
O‘sha kuni boshqacha xayrlashgandi
2017-yil 19-dekabrda ishga jo‘natdim. O‘sha kungi tungi navbatchiligida shu voqea bo‘libdi. Jamoasining boshlig‘i edi. Menga aytishlaricha, yong‘in tugagach ko‘zdan kechirish uchun xonadonga kirgan, burchakda yig‘ib qo‘yilgan to‘rtta ko‘rpacha tarafda yashirin “rozetka” yoki “udlinitel” bo‘lgan, uni ko‘rmay, qo‘li nam holatda ko‘rpachaga tegib, tok urgan.

“Duo qiling, ayajon, men yaxshi ishlab kelay” deb, chopib ketardi. O‘sha kuni ham shunday duo olib ketdi. Ko‘chaning boshigacha bordi-da, yana qaytib keldi. Nimaga qaytib kelding, desam, “aya, pulim oz ekan, pul olib chiqib bering”, — dedi. Olgan oyligini “o‘ziz xarjlarsiz” deb menga keltirib berardi. Pul berdim, so‘ng yana ketdi, shu bo‘yi orqasiga qarab-qarab ketdi.

Hamma qarindoshlarim xabar topgan. Xo‘jayinim Rossiyada edi, unga ham aytishgan, o‘sha payt yo‘lga chiqqan. Menga qanday aytishni bilmay kechasi soat birlarda qaynilarim, ovsinlarim “Alibekning mazasi bo‘lmabdi”, deb olib ketishdi. Borsam, shunaqa gap, bolaginam yo‘lda tamom bo‘lgan ekan.
10 yilda hali hech kim unutmadi
Vatan himoyasi yo‘lida mardlarcha halok bo‘ldi, deyishganda ha, yaxshi, qisqa yashagan bo‘lsa ham shuncha ish qildi, deyman. Lekin baribir yomon bo‘laman, bolam yosh o‘ldi, bolalariga to‘ymay ketdi. Orzulari, niyatlari ko‘p edi. Bittagina o‘g‘il edi, o‘rnini bosadigani yo‘q. Mana o‘n yil bo‘lsa ham qiynalaman.

Alibegim juda mehribon bola bo‘lib o‘sgan, maktabidan ham faqatgina yaxshi gap eshitardim. izmatdan qaytib, shu yo‘lni tanladi. Dadasi o‘qitamiz deganda, bitta o‘g‘il deb yonimizdan ketkizgimiz kelmagandi.

Biz o‘t o‘chirishni qiyin soha desak ham o‘zi xohladi-da. Amakilari, ko‘p qarindoshlarimiz o‘t o‘chiruvchi bo‘lib ishlaganiga, ularga havas qilgan. Mashinani yaxshi haydagani uchun boshliqlari ko‘p chaqiruvlarda shuni olib ketardi. 7 yilcha ishladi.
Dadasi chetda 25 yillar ishladilar. Oilaning boshi, erkagi bo‘lib, hamma mas’uliyatni o‘ziga olib, kam-ko‘stlarimizni to‘ldirib yurardi. Uch singlisiga ham juda mehribon edi.

Bir so‘zli, qilaman degan ishini bajarmay qo‘ymas, ish va boshqa masalalar taroziga turganda birdan o‘zini ishga bag‘ishlardi. Otamning yuzini yerga qaratmasligim kerak, yaxshi ishlashim kerak, deb yurardi doim. Biror qiyin ishga kirishishdan oldin bir marta telefon qilib, “mendan xavotir olmanglar, telefon ham qilmanglar, o‘zim chiqib qilaman” der, keyin o‘zi “yaxshiman” deb aytib qo‘yardi.

O‘n yilda hali hech kim unutgani yo‘q. Sinfdoshlari, hamkasblari ko‘p xabar oladi, to‘lib-toshib kelishadi, yolg‘izlatishmadi. O‘zi yo‘q bo‘lsa ham haligacha rahmat eshitib kelyapman.
O‘g‘liga qarab bolamni qayta katta qilayotgandek bo‘laman
Qizi 13, o‘g‘li 10 yoshga kirdi. Dadasi o‘qigan maktabda o‘qishadi. O‘sha paytlar qizi sal kattaroq bo‘lgani uchun aytsak, tushundi. O‘g‘li esa “dadam keladi” deb kutib yashadi, so‘ng ichikib qolgandan keyin, 5 yoshida o‘rgatdik. Dadang hozir oramizda yo‘q, senga tepadan qarab, qilgan ishlaringni ko‘rib o‘tiradi, dedik.
“
Xudoga shukur, esli, o‘qishda faol bolalar. Dadasidek faqat yaxshi gap eshitaman. Sog‘inib yig‘lashadi. Bobolaring bor, shu dadalaring o‘rnida deymiz. Tushunishadi. Ikkovi ham ingliz tilini qattiq o‘rganyapti. Qizi o‘qituvchi bo‘laman, deydi, o‘g‘li forma kiyaman, deydi. Endi unga forma kiydiramizmi, yo‘qmi, bilmayman.
Ba’zan o‘zimdan xafa bo‘lib ketaman, boshqa ishga qo‘ysak yoki dadasi o‘zlari bilan Rossiyaga olib ketsalar bo‘larkan, deyman. O‘g‘ilchasi xuddi o‘ziga o‘xshaydi, bolamni boshqatdan katta qilyapman deb qo‘yaman.

Ilohim xizmatdagi hech bir o‘g‘lon bilan mening bolamnikidek vaziyat bo‘lmasin, ishlari baroridan kelib, oilalari bag‘riga sog‘-salomat qaytishsin. Hech qaysi ota-onaga mening boshimga tushganlar tushmasin. Farzand dog‘i juda yomon ekan.
Katta leytenant Ilhomjon Xaydarov
1989-yil 17 cyentyabrda Andijon viloyati Izboskan tumanida tug‘ilgan. IIV akademiyasida o‘qigan. Izboskan tumani IIBning Jinoyat qidiruv guruhi katta tezkor vakili lavozimida xizmat qilgan.

2018-yil 23-noyabr kuni xizmat vazifasini bajarish vaqtida bir guruh bezorilar tomonidan urib, tan jarohati yetkazilishi oqibatida kasalxonada vafot etgan.
Marhum katta leytenantni otasi Inomjon Xaydarov bilan xotirlaymiz.
Voqea qanday bo‘lgan?
2018-yil 22-noyabrda ukasining tug‘ilgan kuni edi. Kechki payt soat oltilarda telefon qilib, “dada, tort-port oldizlarmi yoki olib boraymi?”, — dedi. Oldik, o‘g‘lim, hamma yog‘ni chiroyli qilib qo‘ydik, sen kelsang bo‘ldi, dedim. “Bugun navbatchi ekanman, meni kutmanglar, borsam ham kechqurun boraman”, — dedi. O‘n birlargacha kutdik, kelmadi, endi har doimgi navbatchiligi deb, uxlashga yotdik.

23-noyabrga o‘tar kechasi xizmat vazifasini bajarib, tungi reydga yurishganda besh-olti ichgan bolalar to‘planib turishgan ekan. Soat o‘n ikkidan o‘tyapti, hamma uyiga ketsin deyishsa, bularning talabini bajarmay janjal chiqarishgan. Bolalar qattiq jismli temirlar bilan qurollangan ekan, yo shu temir bilan, yo katta tosh bilan o‘g‘limga shikast yetkazishgan.
Bomdodga turgan mahalimiz qo‘shnim “Ilhomjon qayerda?” deb telefon qildi. Navbatchilikda dedim. O‘g‘limga qilsam, telefoni o‘chiq. Besh daqiqalar o‘tib, qo‘shnimiz yana qildi. “Aka, Ilhomjonni kimdir urib qo‘yibdi, hozir militsiya bo‘limini oldidaman, odamlar to‘plangan, mashina juda ko‘p”, — dedi.

Keyin biz chiqib borsak, narigi urgan bolalarni so‘roq qilishayotgan ekan. Rahbarlaridan biri chiqib, “jarohati og‘ir ekan, o‘tib qolibdi, uzr so‘raymiz, sabr tilaymiz”, — dedi.
“Vatan uchun xizmat qilib o‘laman”
Qarindosh-urug‘lariga nihoyatda oqibatli, doim xabar olib yurardi. Kamgap, ko‘proq eshitadigan edi. Eng ajralib turadigan jihati esa odamlarga qarab faqat kulib turardi. Har safar ishga chiqib ketayotganda bir yarim yashar qizini quchoqlab, o‘ynatib ketardi. Ko‘chaga o‘zim kuzatib qo‘yardim. Ota-bola uyda gaplashmaydiganlarimizni ko‘chada gaplashardik.

O‘g‘lim yaxshimisan, ishlaring yaxshimi, o‘zingni ehtiyot qil, deb duo qilib jo‘natardim. Bolam 29 yoshida, eng barvasta davrida dunyoni tark etdi, boshimizda bor ekan. Sakkiznchi sinfdan boks bilan shug‘ullangan. Litseyni bitirib, akademiyaga topshirdi. Birinchi yil kirolmay, armiyaga ketdi. Buxoroda chegara qo‘shinlarida xizmat qilib, imtiyoz olib, keyingi yil o‘qishga kirdi.
O‘zim soliq sohasida ishlaganman. O‘qishga topshirishidan oldin ichki ishlar sohasida ishlash, xodim bo‘lish oson emasligi, juda og‘ir, mas’uliyatli, xavf-xatar ko‘p ish ekanini ko‘p tushuntirganman. “Dada, agar o‘lish peshonamizda yozilgan bo‘lsa, vatan uchun xizmat qilib o‘laman-da”, deb baribir shu sohani tanladi.
“
Ish boshlaganda ham bolam, to‘g‘ri ishla, to‘g‘ri yur, qo‘lingda “delo” turmasin, bitta bo‘lsa ham sudga chiqaradigan bo‘lsang sudga chiqarib, prokuraturali ishi bo‘lsa, unga yuborgin, derdim. Shunaqa qilardi, ko‘nglim to‘q edi.
Ko‘chada yurganingda ehtiyot bo‘l, o‘g‘riga ham, to‘g‘riga ham yaxshi gapir, biror jinoyat qilgan bo‘lsa, o‘zidan kerakli ma’lumotlarini olib, materialini kerakli joyga chiqarib yubor, qo‘pol gapirma, jinayotchiga ham yaxshi gapirsang, o‘zining aybini aytadi, deb kelardim. Eng ko‘p aytganim shu “ehtiyot bo‘l” degan jumla bo‘lsa kerak.
Yasminaxon Ilhomjon qizi
Kursdoshlari, hamkasblari, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, hokimlar ko‘p hol so‘rab keladi. Bayramlarda doim yo‘qlashadi. Qizchasi ham hozir 10 yoshga yaqinlashib qoldi.
Maktabda Inomjonova Yasminaxon Ilhomjon qizi deb chaqirishgan ekan, bir kun kelib, qarab turdi-da, “dadam o‘lganmi?”, deb so‘radi. Yo‘q, o‘lmagan, dadangning ismi oldin Ilhomjon edi, hozir Dilyorbek, deb qo‘ydim. Onasi boshqa turmush qurdi, nevaram ham ular bilan. Uydagi dadasidan ko‘ngli sovub qolmasin, deb hali haqiqatni aytmadik. Lekin baribir bir kun aytamiz.
Leytenant Doniyor Ortiqov
1988-yil 13-martda Farg‘ona tumanida tug‘ilgan. 2014-yildan IIOda xizmat qila boshlagan. Oltiariq tumani IIBda profilaktika inspektori bo‘lgan.

2017-yil 14-avgust kuni tumandagi qishloqlardan birida huquqbuzarni tartibga chaqirganda, qo‘lidagi oshxona pichog‘i bilan leytenantning ko‘krak qismiga 3 marotaba sanchib, voqea joyidan qochib, yashiringan. Oqibatda inspektor og‘ir tan jarohati olib, vafot etgan.

Doniyor Ortiqov vafotidan keyin “Mardlik” ordeni bilan mukofotlangan, IIV Farg‘ona akademik litseyida halok bo‘lganlarning xotirasi uchun xotira burchagi tashkil etilgan.
Marhum leytenantni onasi Mahbuba Ortiqova bilan xotirlaymiz.
Ikkinchi marta farzand dog‘ini ko‘rdim
2017-yil 14-avgust dushanba kuni ishga yubordim. Qishloqda ikkita odam suv talashib janjal ko‘targan, hamkasbi o‘zi eplolmay, Doniyorjonni yordamga chaqirgan. O‘g‘lim ulardan birining qo‘lidan tutib, “kel, uka, tashqariga chiqaylik, hamma senga qarayapti” deb olib chiqib ketayotganda, o‘sha yigit yengining ichidan pichoqni chiqarib, o‘g‘limning yuragiga sanchgan. Arzimagan narsa, bitta suvni deb meni o‘g‘lim yo‘q bo‘ldi-da.
“
Voqea kunduzi soat o‘n birlarlarda bo‘lgan. Xo‘jayinim masjidga peshin namozini o‘qishga ketgandilar. Bir payt qarasam, soat o‘n ikkilarda eshikning tagida turibdilar. Tavba, masjidga borib, peshinni o‘qimay kelibdimikan, desam, hovlida qaynog‘amning o‘g‘li ham o‘tiribdi. Voy tuzukmisizlar, tinchlikmi, nima bo‘ldi, desam, shu xabarni aytishdi. U yog‘i nima bo‘lganini bilmayman, bir qarasam, ko‘cha to‘la odam ekan…
Ertalab o‘zi yurib chiqib ketgan zabardast bolangizni to‘shakka solib, jonsiz holatda olib kelishsa, qiyin ekan. O‘sha kuni har doimgidek duo olib, ishga jo‘nadi. Orqasidan qizi chiqib “bo‘pti, dada, yaxshi borib keling” dedi, burilishga yetguncha ham qizi qarab turdi. Qiziga qo‘lini silkitib-silkitib ketib qolgandi bolaginam.
Katta o‘g‘lim ham o‘n sakkizga kirganda shunaqa uchta iflosning qo‘lida o‘lgandi. Unga ham 32 yil bo‘libdi. Ikkinchi marta ham farzand dog‘ini ko‘rdim. Endi ilojingiz yo‘q ekan, yaxshiga kun, yomonga o‘lim yo‘q, deb bekorga aytishmagan ekan-da, nimayam qilardik.

Pichoq suqqan odam yosh, ikkita bolasi bor, ko‘p jinoyatlarni qilib, to‘rt martacha sudlangan ekan. 18,5 yilga qamaldi. Endi joni ichida bo‘lsa, bir kun kirib keladi. Meniki yo‘q bo‘ldi, tuproqqa aralashib ketdi.

29 ga kirgan bolamni ko‘mib kelishdi. Qizi o‘shanda 2 yoshar edi, hozir beshinchi sinfda o‘qiyapti. Onasi boshqa turmush qurdi, nevaram ham birga ketgan. Har zamonda kelib, xabar oladi. Qo‘shnilar “voy mana bu qizaloq kimning qizi?” deyishsa, “birinchi o‘rinda Doniyorjonning qiziman, keyin boshqalarni” — deydi.
“Kolxozda qiynalib ishlaganlarizning o‘rniga yaxshi kunlarni ko‘rsatamiz”, derdi
Bolamning intilishi nihoyatda kuchli edi. Dadasi bilan men kolxozda ishlab qiynalib, yetti bolani katta qilganimizni ko‘rib, “sizlar qiynalganlaringni biz bu yog‘dan chiqarib beramiz” deb tinmay harakat qilib, TATUga o‘qishga kirgan.

Ustozlaridan ham doim maqtov eshitardim. O‘qishni bitirib, uch yil maktabda dars berdi. Ichki ishlarga kiraman deb orzu qilib, qiziqib yurardi. Keyin shu sohaga o‘tib ketdi.

Hozir kimga ro‘para kelib qolsam, voy falonchi akam deb mehr bilan eslashadi. O‘zi xizmat qilgan Oltiariqdagi chollar ham uyga kelib, u haqda ko‘p yaxshi gaplar aytib, duo qilib ketishgan.
Doniyor Ortiqovning qizi. Foto: Oilaning shaxsiy arxividan.
Ishidan qiyinchiliklar, yomon xabarlarni sira olib kelmasdi. “Aya, qarang, mana bu yerda juma kuni peshingacha kirakashlar bepul qatnar ekan”, falonchi joyda mana bunaqa yaxshi narsa bo‘libdi, deb faqat yaxshiliklarni yetkazib yurardi bolaginam.

Xudoyim shu sohada ishlayotgan yigit-qizlarni tan-jonlarini sog‘ qilib, umrlari, rizqlariga baraka bersin. Topganlari to‘ylarga, yaxshilik kunlarga nasib qilsin. Yomon halokatlardan o‘zi asrasin!
Mayor Nodirjon Mardonqulov
1985-yil 4-may kuni Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida tug‘ilgan. IIV akademiyasini tamomlagan. 2006-yildan IIVda xizmat qila boshlagan. Dang‘ara tumani IIBda profilaktika inspektori lavozimida ishlagan.

2024-yil 26-avgust kuni soat 20:45 larda ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo o‘tayotgan shaxslarning jazoni o‘tash tartibiga amal qilishlarini tekshirgani borgan vaqtida, spirtli ichimlik iste’mol qilgan fuqaro qo‘lidagi oshxona pichog‘i bilan old ko‘krak qafasi o‘ng tomoniga zarba bergan. Oqibatda mayor og‘ir tan jarohati olib, vafot etgan.

Nodirjon Mardonqulov “Mardlik” ordeni bilan mukofotlangan. Dang‘ara tumanidagi 31-umumta’lim maktabda uning byusti o‘rnatilgan.

Нодиржон Мардонқулов «Мардлик» ордени билан мукофотланган. Данғара туманидаги 31-умумтаълим мактабда унинг бюсти ўрнатилган.
Marhum mayorni uning turmush o‘rtog‘i Zahro Mardonqulova bilan xotirlaymiz.
Mash’um kecha
Turmush o‘rtog‘im 2024-yil 26-avgust kuni tushlik uchun uyga keldi. Har doim shoshib yurardi, ovqatni ham shoshib yeb, tezda chiqib ketardi. Negadir o‘sha kuni shoshmadi. Men hovlida kir yuvib turgandim. Bahorda o‘zi payvand qilgan olma, noklarning daraxt bo‘lib ketganini ko‘rib, xursand bo‘lib gapirib berdi.
“
“Katta o‘g‘limizni uchuvchi qilamiz, aviatsiya yo‘nalishida o‘qitamiz, Javohirjonni xususiy maktabga o‘tkazamiz, kuchli bilim berarkan, 90 foizdan ziyod o‘quvchisi o‘qishga kirarkan”, — dedi. Bolam yanayam yaxshi maktabda o‘qirkan deb men ham xursand bo‘ldim. Odatda bunaqa bemalol va xotirjam gaplashib o‘tirolmasdik. Keyin “bugun navbatchilikdaman” deb ketdi.
Vaqt topsa har doim uydan ovqatlanar, ko‘cha ovqati yemasdi. Navbatchilikda bo‘lsa, kechki ovqatga harakatimni qilay deb o‘zi yaxshi ko‘radigan loviyali osh qildim. Qaynonam bilan kutib o‘tirdik. Keldi-da, “shoshayapman, tez yeyman-u qaytaman”, — dedi.

Birpasda chaqiruv keldi. Xizmat mashinasiga chiqib, jo‘nadi. Har doim xayrlashib, tez ichkariga kirardim, bu gal ko‘nglim sezgandek to ko‘rinmay qolgunicha ortidan qarab turibman shekilli.
Doniyor Mardonqulov turmush o‘rtog‘i bilan. Foto: Oilaning shaxsiy arxivi.
Soat kechki o‘n yoki o‘n birmikan bolalarni uxlatib, hovliga chiqsam, tog‘am, qaynisingillarim kirib kelishdi. “Kiyinib chiqing, bir yerga borib kelamiz”, — deyishdi. Yuragim shuvillab ketdi. Xo‘jayinimga nimadir bo‘lganini tushundim. Shunda ham o‘ta qo‘rqinchli narsani o‘ylashni xohlamay, mashinada avariya-pavariya bo‘lgan bo‘lsalar, qo‘l yo oyoqlari lat yegandir-da deb o‘yladim.

Yo‘ldamiz, qayerga ketayotganimizni hech kim aytmayapti, tinmay yig‘lab borardim. Bir joyda to‘xtadik, mashinadagilar tushib, binoga kirib ketdi. Men ham sekin tushib, binodagi yozuvni o‘qisam, Qo‘qon shahar sud-tibbiy ekspertiza deb yozilgan ekan.

O‘shanda ham jarohati chuqurroq bo‘lsa, ekspertiza qilishga olib kelishgandir, deb o‘yladim. Yana indashmadi, keyin ortga qaytdik. Uyga kelsam, amakilar to‘n kiyib, qiyiq boylaganini ko‘rib tamom bo‘ldim.
Voqea qanday bo‘lgan?
Keyin o‘zi nima bo‘lganini eshitdik. Ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo o‘tayotgan shaxsni jazoni o‘tash tartibiga amal qilayotganini tekshirishi kerak bo‘lgan. Borsa, u odam chiqib ketgan ekan.

Uydagilaridan “qani?” deb so‘rasa, dalaga chiqib ketdi deyishgan. “Bu paytda uyda o‘tirishi kerak edi, nimaga chiqib ketib qoldi?” deb so‘rab turganda o‘zi ham kirib kelgan. “Nimaga sen bizni tekshirasan?”, deb baqir-chaqir qilishgan.
“
O‘zi u odam mast yoki qanaqadir nasha chekkan ekan. Oshxonadan pichoq ko‘tarib chiqib, erimga sanchib yuborgan. O‘zini himoya qilmoqchi bo‘lib, mashinasidan dubinkasini olmoqchi bo‘lsa, pichoqni ko‘krak qafasiga urgan, bu safar yurakka tekkan.
Tez yordam qidirib qolishgan, qishloqda tez yordam yo‘q edi. Yonidagi yoshlar yetakchisi o‘zining mashinasiga solib, olib ketgan. Yo‘lda yetakchiga nimadirlar deb gapirib kelayotgan bo‘lgan, bir payt ovozi chiqmay, qo‘lidan telefoni shilq etib tushib ketgan. Shu payt joni uzilgan.
“Pensiyaga chiqsam, super opoqi bo‘lib yuraman”, derdi
Odamlar orasida jiddiy, kamgap, yaqinlari davrasida ochiq inson edi. Turmush o‘rtog‘i bo‘lganim uchun emas, haqiqatdan tan berganim uchun aytyapman, juda halol inson edi. Pora, pul aralashgan ishlarni doim rad qilib kelardi. Lavozimi, nomidan hech qachon foydalanmay, oddiy yashashni tanlagan. Hammani bir xil ko‘rib, bir xil muomala qilardi.
Juda tartibli, tozalikka talabchan inson edi. Aytilgan joyga, aytilgan payt yetib borar, uydagi ish hujjatlarini ham bir tekis taxlab qo‘yar, bitmagan ishlarini ovqatu, uyquni yig‘ishtirib bo‘lsa ham bajarib qo‘yardi.
“
Militsiya xodimining xotini ham askar bo‘ladi. Har qanaqa holatga shay turasiz. “Trevoga” bersa, coldatday darrov sakrab turasiz, narsalarni tayyorlaysiz, uxlamay kutib olasiz. Qanchalik mashaqqatli bo‘lmasin, erimning kasbi mening ham kasbimga, hayotimning bir qismiga aylangandi.
“Pensiyaga chiqsam, super opoqi (bobo) bo‘lib yuraman”, deb niyat qilardi. Jigarlariga juda mehribon edi. Onasining dilini og‘ritmay ketdi, ko‘nglim to‘q deb yuraman. Onamning ham eng yaxshi ko‘rgan kuyovi edi.
Uchta farzandimiz bor. Katta o‘g‘lim 15, qizim 12, kichkina o‘g‘lim esa 10 yoshda. Hammasini birdek ko‘rar, qizi bitta bo‘lgani uchun ham ko‘p erkalatardi. Bo‘sh vaqti bo‘ldi deguncha bolalarni olib, daryoning bo‘yigami, toqqami aylantirgani olib ketardik.

“Pensiyaga chiqsam, sizlarni maza qilib aylantiraman, ko‘p joylarga olib boraman”, — derdi. Oyda bir dam olish kuni bo‘lsa, shuni ham bolalar bilan o‘tkazib olardi. Bolalarimiz kichkinaligida dadasini juda oz ko‘rgan. Uxlab yotganda chiqib ketar, yana uxlab qolishganda kirib kelardi.
Kattalarim meni ezilmasin deb, yig‘isini ko‘rsatmaslikka harakat qiladi. Lekin ko‘ngli to‘lib ketganda bir-biri bilan urushib, bahona topib bo‘lsa ham o‘zini u taraf, bu tarafga urib, “sog‘indim, dadajon” deb yig‘lashadi. Mayli, ichidagini chiqarib olishsin, deb qo‘yib beraman. Yo‘qligi har qachon ham bilinadi.
Davom etish kerak ekan
Janozadan bir kun oldin tasavvurimda hayot tugab qolgandek edi. “Kirib, xayrlashib chiq” deyishsa ham, kirmayman, meni tog‘-toshlarga chiqarib yuboringlar, deb yig‘lardim. Go‘yo maraka-marosimini tan olmasam, erim ham o‘lmagandek, kirib keladigandek xayol o‘tardi. Jasadini ko‘rsam, o‘lganiga ishonib qolaman degandim. Lekin baribir ertalab xayrlashdim.
“
Ko‘p vaqt mazam bo‘lmay davolandim. Hozir Favqulodda vaziyatlar vaziri bo‘lgan Azizbek Ikromov o‘shanda Farg‘ona viloyat IIB boshlig‘i edi. Bir kun uyimizga kelib, “Eringiz shu yurtning tinchligi yo‘lida halok bo‘ldi. Endi yolg‘izman deb o‘ylamang, ortingizda Ichki ishlar vazirligi, butun O‘zbekiston turibdi, biz har doim qo‘llab-quvvatlaymiz”, — dedi. Shu gap ancha kuch va dalda bo‘lib, o‘zimni qo‘lga olishga harakat qildim.
Uyimiz ham, mashina ham kreditga olingandi. Erimning orqasida shuncha qarzi bor, savol-javobi qanday bo‘ladi, tezroq yopishim kerak deb ich-etimni yeb yurgandim. Azizbek Ikromov mashina va uyning krediti to‘langani bo‘yicha hujjatni ham qo‘limga tutqazdi. Qarzi bo‘ynida qolib ketmaganiga ham shukur.
Sobiq IIV rahbari Po‘lat Bobojonov, vazir maslahatchisi Zokirjon Almatov va IIO xodimlari marhum Nodirbek Mardonqulovning oilasi bilan.
Nima bo‘lsa ham bolalar uchun davom etish kerak ekan. Erim olgan uyga ko‘chib o‘tdim, kichik kiyim-kechak ishlab chiqarish korxonasini ochdim. Mahsulotlarimizni chetga ham eksport qilamiz. Bolalarimizni qanday inson sifatida ko‘rishni xohlagan bo‘lsa, qo‘limdan kelgancha harakat qilib, erimning niyatlarini amalga oshiraman.

Salkam 15 yil bir-birimizga hamrox boʻldik. Qurʼon tilovatlarim, duolarimda Aloh taolo erimni shahidlar qatorida qoʻshishini koʻp soʻrayman. Oxirati obod boʻlsin!
Materialni Ziyoda Ramazonova tayyorladi.
Marhum xodimlarning portret suratlarini Shahzod Habibullayev qayta ishladi..

Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.
Made on
Tilda