Toshkentga kelgach, muolajalarning aksari bepul ekaniga qaramay qiynaldik. Ayrim ehtiyojlarni oʻzimiz amallasak, gohida boshqalardan yordam kutishga majbur edik. Bizga shu yerda yashaydigan Artyom ismli 35 yoshli yigit yordam qoʻlini choʻzdi. U tanishimiz ham emasdi. Oʻsimta haqida bilganimizda «baribir chet elga borib davolanamiz, buning uchun esa pul kerak boʻladi», deb yordam beruvchi odamlar izlay boshladik. Artyom biz bilan aloqaga chiqib, oʻzining oilasi, bolalari yoʻqligi va Amalni moddiy tomondan qoʻllay olishini aytdi. Dori-darmonmi, nima kerak boʻlsa, barini olib berardi. Amalning tugʻilgan kuniga planshet, PlayStationʻlar sovgʻa qildi. Shifoxonadagi boshqa bolalarga ham sovgʻa-salomlar olib kelardi, uni hamma bilardi.
Bir haftacha avval, Amalda oʻsimta qayta chiqqandan keyin u menga telefon qildi. Endi bizga yordam berolmasligini aytib, kechirim soʻradi. Begona boʻlishiga qaramay, qilgan yaxshiliklari uchun undan butun umr minnatdorman, baraka topsin!
Shifokorimiz kerak boʻlsa chet eldan vrach chaqirishlarini aytdi. Ammo ona sifatida koʻnglim xotirjam emas. Agar qaysidir davlatga oʻzimiz borishimizga toʻgʻri kelsa, yana moddiy yordamga muhtoj boʻlamiz. Tezroq operatsiya boʻlsinu, tuzalsin. Bolam azoblardan qutulsin, orzu-niyatlariga yetganini koʻraylik. U «katta boʻlsam prezident boʻlaman», deydi.