Birinchi portlash soat 10:40 da Ichki ishlar vazirligi binosi yaqinida, Yusuf Xos Hojib ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylar oldida yuz bergan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, to‘q qizil rangli “Zaporojets” mashinasiga o‘rnatilgan qo‘lbola “bomba”ning og‘irligi 200 kilogrammgacha yetishi mumkin edi.
Portlash to‘lqini 200 metr masofadagi obyektlarga jiddiy zarar yetkazgan, xususan, yaqin-atrofdagi binolarning oynalari chil-chil bo‘lgan; odamlar orasidagi aksariyat jarohatlanishlar aynan siniq shisha parchalarining uchib kelishidan edi. Portlash o‘rnida eni 3,1, chuqurligi 1,2 metrlik o‘ra paydo bo‘lgan.