Toshkent ramzlariga chizgilar: «O‘zbekiston» mehmonxonasi
«O‘zbekiston» mehmonxonasi – sayyohlar albatta borib ko‘rishlari kerak bo‘lgan Toshkentning asosiy diqqatga sazovor maskanlaridan biri. O‘z davrining olamshumul qurilishi bo‘lgan bu inshoot qisqa vaqt ichida poytaxt ramziga aylandi. «Gazeta.uz» toshkentliklar erkalatib «Uzbechka» deb ataydigan mehmonxona ramzlari hamda uning binosiga 50 yil davomida kiritilgan meʼmoriy o‘zgarishlar haqida hikoya qiladi.
«O‘zbekiston» mehmonxonasi – sayyohlar albatta borib ko‘rishlari kerak bo‘lgan Toshkentning asosiy diqqatga sazovor maskanlaridan biri. O‘z davrining olamshumul qurilishi bo‘lgan bu inshoot qisqa vaqt ichida poytaxt ramziga aylandi. «Gazeta.uz» toshkentliklar erkalatib «Uzbechka» deb ataydigan mehmonxona ramzlari hamda uning binosiga 50 yil davomida kiritilgan meʼmoriy o‘zgarishlar haqida hikoya qiladi.

Milliy bezakli brutalizm

«O‘zbekiston» mehmonxonasi 1974-yilning oktabrida — qurilish boshlanganidan besh yil o‘tib ochildi. Bino arxitektor Ilya Merport boshchiligidagi mualliflik jamoasi tomonidan loyihalashtirilgan. Mehmonxona qurilishi o‘n yillikning olamshumul bunyodkorlik ishlaridan bo‘ldi.

Modernizm davri arxitekturasi tadqiqotchisi, Tashkent Modernism loyihasi asoschisi Aleksandr Fyodorov loyihalashtirish bosqichida mehmonxona «Interist» deb nomlangani hamda qavatlar soni va sig‘imi kamroq bo‘lganini so‘zlab berdi.

«Biroq Toshkentning sovetlar davlatining „sharqiy fasadi“ va „vitrinasi“ sifatidagi ahamiyati asta-sekinlik bilan kuchayib borayotgani, xalqaro tadbirlar o‘tkazilayotgani hamda sayyohlar oqimi ortayotgani loyiha miqyosining kengayishiga olib keldi va u o‘sha davrning eng muhim qurilishlaridan biriga aylandi. Qavatlar soni 17 tagacha, sig‘imdorligi esa 750 ta o‘rindan 900 tagacha ortdi», — deya qayd etdi Aleksandr Fyodorov.
Mehmonxona arxitekturasi Yevropa va Sharq uslublarini o‘zida mujassamlashtiradi.

«„O‘zbekiston“ modernizmning turli yo‘nalishlari: oriyentalizm va brutalizm uslublarini o‘zida umumlashtirgan obyekt hisoblanadi. Sharqona fasadning yirik detallari hamda qariyb to‘mtoq yon tomonlari va restoran bloki tomida plastik bo‘g‘otlari bo‘lgan bino mahobati brutalizm xususiyatlarini ifodalaydi», — deydi Aleksandr Fyodorov.
реклама
реклама
G‘arbiy fasad dekorativ beton panjara bilan bezatilgan. Uning amaliy vazifasi dekorativlikdan ko‘ra muhimroq. U derazalarni quyoshning to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushadigan nurlaridan to‘sib turadi. Buning sharofati bilan binoga beziyon nur tushadi.
«Mualliflar jamoasi tomonidan topilgan panjarali yechim ham funksionallikni namoyon etadi, ham oriyentalizmning yorqin namunasi hisoblanadi. Respublika rahbariyatiga bu g‘oya juda yoqdi va yuqori darajada maʼqullangan bo‘lajak yirik obyektlarni loyihalashtirishda foydalanish uchun olinadi», — deydi Fyodorov.

Mehmonxona binosi tuzilish jihatidan baland inshoot hamda uning orqa tomoniga tutashuvchi ikki qavatli stilobat (ikkala bino uchun ham umumiy bo‘lgan pastki qavat — tarj.)dan tarkib topgan. Qurilmaning ochiq maydon uzra qad rostlagani hamda keng zinapoyalar uning mahobatidan so‘z ochib, balandlik hissini kuchaytiradi.
Baland bloklar va stilobat o‘rtasida galereya, suzish havzasi va restoranli ichki hovli o‘rnatilgan. Jazirama vaqtlarda bu yerdagi harorat maqbul holatda qoladi.
Hozirda mehmonxona fasadi oldida metroning Amir Temur stansiyasining kirish qismi joylashgan, biroq 1974-yilda u hali yo‘q edi — metro faqatgina uch yildan so‘ng — 1977-yilda paydo bo‘ldi. O‘sha vaqtlarda «Inqilob maydoni» deb nomlangan stansiyani ham Ilya Merport loyihalashtirgan.
Ochilish vaqtida yuqori qavat oynavand bo‘lgan. Kirish qismi ustidagi ayvoncha ham yo‘q edi, u 1990-yillar oxirida amalga oshirilgan rekonstruksiyadan keyin paydo bo‘lgan.

Interyerlar

Mehmonxona xoliga kirganlarning nigohlari aylanasimon zinapoyaga tushadi.
Hozirda uning ikki tomonida lobbi-bar, bufet, «resepshn» mavjud. Avvallari zinapoyaning yonida oynali bar bo‘lgan.
Monumental sanʼat namunalari — barelyef va mozaikalar «O‘zbekiston» mehmonxonasining alohida faxri bo‘lgan. Ammo 90-yillardagi rekonstruksiya paytida barcha ishlar yo‘qotilgan.
Zamonaviy restoran interyerlari esa mana bunday ko‘rinishga ega.
Bugungi kunda qavatlarda avvalgi ko‘rinishning baʼzi izlari hali ham saqlanib qolgan: zinapoya oraliqlarida qavat raqami ko‘rsatilgan original to‘rtburchak plafonlar (shipga o‘rnatilgan lampa qopqog‘i – tarj.), marmar va parket, koridorlardagi ayrim alohida karnaylar.
реклама
реклама
Toshkentliklar «Uzbechka» deb ataydigan mehmonxonada 278 ta xona mavjud. 1990-yillar oxiridagi kapital taʼmirdan so‘ng xonalarda faqatgina parketlar originalligini saqlab qolgan bo‘lib, ular ham ayrim xonalarda gilamlar ostida qolib ketgan.
«O‘zbekiston» mehmonxonasi ramzlari — uning xodimlari
Mehmonxona ochilgan vaqtdan buyon 49 yil o‘tdi. U minglab insonlarni ish bilan taʼminlagan bo‘lib, ayrim xodimlar bu yerda bir necha o‘n yillardan buyon, su-shef G‘ayratjon Yunusov esa ochilganidan beri ishlab kelmoqda. Bu yerga u kulinariya bilim yurtini tamomlashi bilan oshpaz yordamchisi sifatida ishga olingan.
«Har kuni ishga kelar ekanman, qavatlarni sanar edim — mehmonxona kuchli taassurot uyg‘otar, alohida ajralib turar edi, chunki o‘sha vaqtlarda Toshkent hozirgiga qaraganda pastroq edi. Men bu yerda ishlayotganimda juda fahrlanganman», — deydi su-shef.
49 yil davomida restoran menyusi ko‘p marotaba o‘zgardi. Su-shefning so‘zlariga ko‘ra, yong‘oq va ziravorli antrekotlar (molning qovurg‘a go‘shtidan tayyorlangan taom turi – tarj.) birinchi marta «Uzbechka»da paydo bo‘lgan. Bu yerda shokoladli muss ham tayyorlangan. Qayta qurilishdan so‘ng amerikaliklar kelishdi va oshpazlarga pissa tayyorlashni o‘rgatishdi. Zamonaviy menyuga turli dengiz mahsulotlari — krablar, qisqichbaqa va steyklar kiritilgan.

«Agarda mendan nima buyurtma qilishni so‘rashsa, kiyevcha kotlet va olmali birogimizni tavsiya qilgan bo‘lardim», — deydi G‘ayratjon Yunusov.

17-qavatdagi barda mehmonlarni barmen Sherzod Nazarov kutib oladi. U ham 1993 yili bilim yurtini tamomlashi bilan darhol «Uzbechka»ga kelgan. Birinchi yili u ofitsiantning shogirdi bo‘lib ishlagan — yangi xodimlarni darhol tashrif buyuruvchilar oldiga ruxsat berishmaydi. 2002-yilda bu yerda bar ochildi va Sherzod barmen bo‘ldi.
Sherzodning fikricha, barmen — psixoterapevt bo‘lib, u kimga nima deyishini va kimga umuman tegmaslik yaxshiroq ekanini his qilishi kerak. Ko‘p yillik mehnati davomida uning doimiy «bemorlari» paydo bo‘lgan, ular shunchaki ichish uchun emas, balki birinchi navbatda u bilan suhbatlashish uchun kelishadi.
реклама
реклама
Bugun odamlar «O‘zbekiston» mehmonxonasiga xalqaro festivallar va diskotekalarning go‘zal davriga sho‘ng‘ish, ilgari erishib bo‘lmagan o‘ziga xos biror narsa bilan to‘qnashish uchun kelishadi. Ko‘pchilik quyosh botishini birgalikda tomosha qilish, manzaradan bahra olish va selfi qilish uchun yuqori qavatga tashrif buyuradi. Mehmonlar restoran yoki lobbida, xonalarda yoki ayvonda turgancha Toshkent ramzining ulug‘vorligi va atmosferasiga singib, uning suratini abadiy xotiralariga muhrlashadi.
Materialni Ivan Golovchenko tayyorladi.
Sanjar Said rus tilidan tarjima qildi.
Zamonaviy fotosuratlar muallifi: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz».
Arxiv fotosuratlar va hujjatlar «O‘zbekiston» mehmonxonasi va
Tashkent Modernism loyihasi rahbariyati tomonidan taqdim etilgan.

Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar «Gazeta.uz» nashriga tegishli. «Gazeta.uz» internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda