«U har doim yana-da qiziqroq kadrlarni qidirardi. Buning uchun u qurilish kraniga chiqar, o‘tib bo‘lmaydigan jarliklarga tushardi. U doim g‘ayrioddiy narsalarni suratga olishga, kadrga poetik yechim topishga muvaffaq bo‘lardi». Rejissyor Mastura Isxoqova «Toshkent haqida maktublar»da chop etilgan deyarli yagona tarjimai holida Nelya Ataullayevaning ijodga mehrini shunday
tasvirlagan.
Nelya Ataullayeva Toshkentda tug‘ilib o‘sgan. Uning onasi maktab o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan, otasi esa taʼlim sohasida davlat lavozimlarida mehnat qilgan. 1937-yilda, Stalin qatag‘onlari davrida oila qattiq zarbaga uchradi: Nelyaning otasi NKVD tomonidan xiyonatda gumonlanib hibsga olingan. U Nelya bilan singlisini oxirgi marta quchoqlab, tez orada qaytishga vaʼda beradi. Biroq vaʼdasini bajara olmadi. 1957-yilda oilaga uning otib tashlangani haqida xat keladi.
Otasi hibsga olinganidan keyin Neli oilasi doimiy ravishda ko‘chib yurishdi. Sovuq kunlarda otalaridan qolgan kitoblarni o‘qib isinishdi. Shunday kunlarning birida Nelya qatʼiyat bilan aktrisa bo‘lmoqchiligini eʼlon qildi. 1953-yilda Toshkent teatr va rassomlik institutiga o‘qishga kirdi. Talabalik yillarida u to‘rtta filmda, jumladan, “Yangi hovli”, “Oshiqlar” filmlarida suratga tushgan.