Insonning butun hayoti qo‘l bilan bog‘liq: tug‘ilishi bilan uni qo‘lga olib, beshikka belaydilar, vafot etgach, qabristonga qadar qo‘lda ko‘tarib borib, go‘rkovning qo‘li bilan qazilgan qabrga tushiradilar. Mazali taom yeganlar - oshpazga “qo‘lingiz shirin ekan” deb, darddan xalos bo‘lganlar - shifokorga “qo‘lingiz yengil ekan” deb, xizmatdan ko‘ngli to‘lganlar - ustaga “qo‘lingiz gul ekan” deb rahmat aytadi.
Qo‘llar insonning mavqei va mashaqqatlaridan hikoya qiladi. Kaftlardagi chizig‘u yoriqlar, dog‘u chandiqlar kishilarning turmushi, kasb-koridan darak beradi. “Gazeta.uz” fotomuxbiri
Madina A’zam mana shunday qo‘llarning “gapiruvchi suratlari”ni bir loyihada jamlashga qaror qildi.
G‘oya 2023-yil boshidagi anomal sovuq kunlarda tug‘ilgan. Fotosuratchi
qor kurayotgan obodonlashtirish xizmati xodimlarini kuzatarkan, ularning aksari bir harakatni takrorlayotgani - “kuh-kuh”lab qo‘llarini isitayotganiga e’tibor qaratgan.