Gʻafur aka zilzila kunlari qattiq hayajonlanganlaridan boʻlsa kerak, toʻsatdan hamma tishlari qimirlab qoldi. Tish doktoriga qatnab yurgan kunlarimizning birida chiqishlarini kutib oʻtirgan edim. Sobiq Kirov koʻchasining boshida uy-joysiz qolganlarga qator-qator chodirlar qurib berilgan ekan.
Bir vaqt qarasam, Gʻafur aka bir chodirning oldida yigʻlab turibdilar. Oʻn yasharcha oʻgʻil bola kitob oʻqib oʻtiribdi, kichkina qiz bola uxlab yotibdi, yonginalarida ovqat pishmoqda, onalari koʻrinmaydi. Qani endi Gʻafur akani ovutib boʻlsa! Shunday kuyunib yigʻlar edilarki, men ham oʻzimni tuta olmadim.
Oʻsha kezlari kundalik hayotlarida, uyqularida ham halovat boʻlmadi. Har kuni ertalabdan shahar aylanib Fanlar akademiyasiga, Yozuvchilar uyushmasiga borar, doʻstlar, hamkasblar bilan uchrashar, hol-ahvol soʻrashar, qarindoshlar, yor-u doʻstlar, Eski shahardagi qoʻshnilardan ham xabar olib kelar edilar.
Bu tabiiy ofat Gʻafur akani shunchalik dahshatga soldiki, oʻz oilalarini oʻylab emas, jonajon xalqimizni oʻylab tashvishga tushdilar. Shuncha yillik hayotimizda koʻplab ogʻir kunlarni boshdan kechirdik — urush dahshatlari, qanchadan-qancha farzandlar, jigarbandlar dogʻlari... Shu tufayli bu tabiiy ofat xalqi uchun jonini ayamaydigan, uning dardkashi, hamdami, jonkuyar inson Gʻafur aka uchun juda ogʻir boʻldi…
Oʻsha kunlari oʻrtancha qizimiz Olmosxon va kuyovimiz Qudratillani farzandlari Durbek va Joʻrabek bilan hovlimizga koʻchirib olib kelgan edik. Ular chodirda turishardi…Katta oʻgʻlimiz Mirza Ulugʻning uyi shikastlangani uchun Qibraydagi bogʻida turadi. Ikki nabiramiz — Muxtor, Yulduzxon bizlar bilan birga… Kichik oʻgʻillarimiz — Mirza Abdulqodir ToshDUda uchinchi kursda, Mirza Xondamir birinchi kursda oʻqiydilar. Ularning nihoyatda ishlari koʻp. Hovlining bexavotir yeriga uchta karavot qator qoʻyilgan…
17-iyunda Gʻafur akani Yozuvchilar uyushmasiga chaqirishdi. Tushga yetib kelishlarini aytib chiqib ketdilar… Ovqatlanish davomida: “Meni Qozonga, Abdulla Toʻqayning 80 yillik yubileyiga chaqirishibdi, Yozuvchilar uyushmasiga mening nomimga telegramma kelibdi. Men sizlarni Odessaga olib borib qoʻyaman, ertasiga Qozonga uchib ketaman. Yubileyni oʻtkazib, besh-olti kunda Odessaga qaytaman, bir dam olamiz. Shaharning qiziq joylarini tomosha qildiraman”, – dedilar.
Hazilakam yoʻlmi: Toshkent — Odessa — Qozon! Notobroq yurgan Gʻafur akaning shunday uzoq yoʻlda toliqib qolishidan qoʻrqdim. “Shunday bir vaqtda uzoq joyga borib dam olmasak nima qilardi?” – deb eʼtiroz bildirdim. Gʻafur aka aniq bir javob bermadilar. Ertasidan yubileyda soʻzlaydigan nutqlarini yozishga kirishdilar, safarga tayyorgarlik koʻra boshladilar.
Toʻxtovsiz yer qimirlab turganidan boʻlsa kerak, juda koʻnglim gʻash. Yana bir marta yalingansimon: “Siz yubileyni oʻtkazib kelsangiz-da, keyin bolalarni Fargʻona tomonga olib borib, hammamiz birga dam olib qaytsak”, – dedim.
“Mirza Abdulqodir kechalari drujinada navbatchilik qiladi, kunduzi buzilgan yerlarda ishlaydi. Olmosni bolalar bilan yolgʻiz qoldirishga aslo koʻnglim boʻlmayapti”, deb toʻgʻrisini aytdim. Gʻafur aka esa: “Olmos yolgʻiz emas, Qudratilla yonida, Mirzo Ulugʻ bilan Dildor har kuni shu yerda, Mirzo Abdulqodir azamat, aqlli yigit, mening oʻrnimda uyga boshchilik qilib turadi, nimadan qoʻrqasiz? Toshxonni koʻring, yer qimirlagandan beri qizginamni rangi ketib qoldi, dengizda choʻmilib, dam olib kelsin”, – dedilar.
Toʻgʻrisini aytsam, Gʻafur aka bilan dunyoni narigi burchagiga borishga ham tayyor edim. Bu gal nimagadir yuragim gʻash. Shunday qilib, Odessaga boradigan, Xondamirni, Yulduzni olib ketadigan boʻldik.
Baʼzan betoblanib qolganlarida qoʻrqib ketsam, Gʻafur akam qoʻrqmang, oppoq oyi, men hali 84 yoshga kiraman, koʻrasiz, oʻylab qoʻygan qanchadan-qancha sheʼrlarni yozaman, qiladigan ishlarim, yozadigan gaplarim juda koʻp. Undan tashqari, Mirzolarni uylantiramiz, Toshxon bekachtni uzatamiz, shunday ajoyib toʻylar qilayki, hamma balli desin, hatto Muxtorjonning qizini uzatib, toʻyini koʻramiz”, – derdilar.
Men Gʻafur akani 84 yoshga kirishlariga astoydil ishonar edim. Chunki nihoyatda hayotga chanqoq, ruhan tetik bu kishida boʻlgan yuksak orzu-umidlar oldida 84 yosh hech gap emasdek edi…
Odessa. Yubiley ertaga — 24-iyunda boshlanar ekan. Menga bir qancha topshiriqlar berdilar. «Toʻrt-besh kunda kelaman, zerikmay, xafa boʻlmay, yaxshi dam olinglar”, – dedilar. Tayyor turgan mashinada yana aeroportga joʻnadilar. 25-iyun kuni Gʻafur akadan yaxshi yetib olganlari haqida telegramma oldim.
Kunlar bir xilda oʻtmoqda, bolalar uchun dengiz, choʻmilish qiziq, mening yuragim hamon gʻash. Buni bolalarga bildirmay, ular bilan dengizga borib choʻmilamiz. Xondamir bilan Toshxon, Yulduzni olib shaharga tushdik, magazinlarga kirdik, pochtaga kirib Toshkent bilan soʻzlashmoqchi boʻldik. Liniya buzuq. Uch kun pochtaga qatnadik, bir xilda gap, har gal telegramma yuboramiz.
1-iyulda Gʻafur aka kechasi Qozondan keldilar… Gʻafur aka Qozonda uy bilan bir necha marta soʻzlashmoqchi boʻlibdilaru, lekin telefon qila olmabdilar. “Pravda”da 28-iyun kuni Toshkentda 7 balli zilzila boʻlganligi yozilgan ekan. Gʻafur aka qattiq tashvishga tushib, uyga telefon qilar, liniya buzuq boʻlib soʻzlasholmay, telegramma yuborganlar. Gazetaning xabaridan juda xavotir olganlarini, bu tariqa tashvish bilan dam olib tura olmasliklarini aytdilar. Men turli sabablar koʻrsatib tasalli berdim. Tinchiganday boʻldilar, keyin kitob oʻqib yotib, uxlab qoldilar. Men sekingina bolalardan xabar olgani tushdim.
Ikki soatlardan keyin yaxshi dam olib tushdilar. Ammo Toshkentga borib shahardan, bolalardan xabar olib kelishga qatʼiy qaror qilganliklarini aytdilar. Men bir oʻzlari ketishlariga sira koʻnmadim. “Bir hafta boʻlsa ham yaxshi dam oldik, hammamiz birga ketamiz”, deb turib oldim. Gʻafur aka koʻngandek boʻlib, yana bir marta telefon bilan soʻzlashishga harakat qilmoqchi boʻldilar. Tushdan soʻng bizlarni olib shaharga tushmoqchi, bolalarni oʻynatib kelmoqchi edilar. Gʻafur aka bilan Xondamir naridan-beri ovqatlanishdi…
Bir vaqt hovliga chiqsam, Gʻafur aka bilan Xondamir koʻrinishmaydi. Demak, menga bildirmay shaharga tushib ketishgan. Soat oltida kelishdi. Gʻafur aka menga uzr aytdilar: “Siz borsangiz, xoynahoy, bilet olishimga qarshi boʻlardingiz. Jon onasi, xafa boʻlmang, Toshkentdan, uydan xabar olib, bir haftaga qolmay, Mirza Abdulqodir bilan qaytib kelaman. Ayniqsa, Mirza Abdulqodirdan xavotir olyapman…”.
Gʻafur aka Qozonda oʻtkazgan olti kunlari yilday uzoq boʻlib tuyulganini, bizlarni koʻrgilari kelib sogʻinganlarini, bundan keyin hech qachon mensiz yura olmasliklarini aytdilar. Men esa: “Nega boʻlmasa, mendan maslahatsiz, bir oʻzingizga bilet olib keldingiz? Bizni tashlab ketyapsiz?”, – deb ginaxonlik qildim. “Aytdim-ku, shu safardan keyin sizsiz yurmayman, men, albatta, Mirza Abdulqodir bilan tezlikda yetib kelaman…”.
Shunday qilib, Gʻafur akani olib qolishga ham, u bilan birga ketishga ham chora topolmadim. Noiloj Olmosxonga xat yozdim: “Dadang sizlardan xavotir olib bu yerda turolmadilar. Dadangni ehtiyot qil. Mirza Abdulqodirga xatimni oʻqib ber”. Pochtaga kirib, “Dadangni kutib olinglar”, – deb telegramma berdik.
Deyarli har kuni pochtaga boramiz, Toshkent bilan aloqa uzilgandan telefon orqali soʻzlasha olmaymiz. Nihoyat, 7-iyulda Olmosdan xat oldik. Xursandligimdan yuragim yorilay dedi. Olmosxon juda mufassal xat yozibdi…
Hamma oila aʼzolarimizning sogʻ-salomatligini, qaysi kuni nima ish qilganlarigacha hamma-hammasini yozibdi. Dadasining qaytib kelish-kelmasliklari toʻgʻrisida hech gap yoʻq. “Shuncha mayda-chuydalargacha yozibdimi, demak, yer qimirlash avvalgidek kuchli emas ekan”, – deb oʻyladim.
Shunday boʻlsa ham Gʻafur akasiz hordiq chiqarish koʻngilsiz tuyulib, 10-iyulga Toshkentga qaytishga bilet oldik.
10-iyul. Jomadonlar tayyor boʻldi, bolalar bilan kechki ovqatdan chiqayotgan edik, kimdir: “Gʻulomova, sizni Toshkentdan telefonga”, deb qoldi. Men bogʻning burchagida telefon budkasi borligini bilmas edim. Boshida sevinib ketdim. Kechasi yoʻlga chiqishimizning xabarini beraman, deb oʻyladim. Birdan hayajonlanib ketdimmi yoki yomon eshitildimi, bilmayman, trubkani Xondamir oldi: “Oʻquvchi bolalarni sanatoriyga olib kelgan samolyot boʻsh ketarmish, biz shu samolyotda ketarkanmiz”, – dedi.
Men shunda ham Gʻafur aka toʻgʻrilarida yomon xayolga bormadim. Bizni yozuvchilar — ikki-uch kishi kuzatib chiqdi. Shuning uchun koʻnglim toʻq boʻldi. “Bir yomon voqea boʻlsa, yozuvchilar biz bilan birga ketishar edi-ku”, – deb oʻyladim.
Samolyotga chiqqanimizda Xondamir menga koʻrinmadi. Bundan shubhalandim, ammo uxlayotgandir, deb oʻzimga taskin berdim. Samolyot biron yerda toʻxtamay, Toshkentga yetib keldi. Samolyotdan pastga qaradim, shunda ham Gʻafur akani qidiraman. Samolyotning tagida mashinalar, Gʻafur akaning eng bino qoʻygan oʻgʻillari Mirza Abdulqodir koʻzlari qizarishdan shishib ketgan, boshini egib turibdi. Doktorlar, doʻstlar...
Ey, zolim falak, boshimga qanday qora kunlarni solding?...