Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Andijon voqealari davomida 73 ta avtomobilga, 20 ta binoga o‘t qo‘yilgan. “Terrorchilik harakatlari oqibatida jami 187 kishi halok bo‘lgan, ulardan 60 nafari tinch aholi bo‘lib, ularning ikkitasi voyaga yetmagan bola va bittasi ayoldir. Terrorchilar tomonidan 31 nafar huquqni muhofaza qilish organlari xodimi va harbiy xizmatchi o‘ldirilgan. Jinoyatchilar 70 kishini garovga olib, ulardan 15 nafarini vahshiyona o‘ldirgan”, - deyiladi idoraning 2005 yil sentyabridagi hisobotida. Yana 287 kishi (ularning 91 nafari tinch aholi, 49 nafari organ xodimlari) yaralangan.
Qurbonlar soniga doir rasmiy raqamlar xalqaro jamoatchilik tomonidan ko‘p marta shubha ostiga olingan. Bu shubhalar va tanqidlar O‘zbekiston rasmiylari tomonidan rad etilgan. “Andijonda 500 ta, 1000 ga yaqin odam halok bo‘ldi degan gaplar – noto‘g‘ri”, – degandi Andijon voqealari vaqtida O‘zbekiston rahbariyati tomonidan tuzilgan shtabga boshchilik qilgan va qurollangan shaxslar bilan muzokaralar olib borgan IIVning o‘sha vaqtdagi rahbari Zokirjon Almatov.