Foto: Madina A’zam / «Gazeta.uz»
Qulupnay, qulupnayjonim, qulupnayqizg‘aldoq!
Toshkent viloyatidagi beshariqlik qulupnaychilar «mahallasi»dan reportaj
Foto: Madina A’zam / «Gazeta.uz»
Qulupnay, qulupnayjonim, qulupnayqizg‘aldoq!
Toshkent viloyatidagi beshariqlik qulupnaychilar «mahallasi»dan reportaj
Bahor rostmanasiga qachon kirib keladi? Bodom gullaganidami? Boychechak ochilganidami? Yo mart boshlanmay So‘qoqda “mador-somsa” brendi uyg‘onganidami? Yo‘q, bahor qulupnay pishganida — katta yo‘l yoqalari, katta-kichik do‘konlaru bozorlar bu qizil rezavorga to‘lgan vaqtda kirib keladi! “Gazeta.uz” ayni qulupnay-murabbo mavsumida qulupnayzorlarni aylandi.
Bahor rostmanasiga qachon kirib keladi? Bodom gullaganidami? Boychechak ochilganidami? Yo mart boshlanmay So‘qoqda “mador-somsa” brendi uyg‘onganidami? Yo‘q, bahor qulupnay pishganida — katta yo‘l yoqalari, katta-kichik do‘konlaru bozorlar bu qizil rezavorga to‘lgan vaqtda kirib keladi! “Gazeta.uz” ayni qulupnay-murabbo mavsumida qulupnayzorlarni aylandi.
Qulupnay qanday yetishtiriladi?
Ilhom aka asli Farg‘onaning Beshariq tumanidan. Uning qishlog‘ida suv — muammo. Shu bois u 26 yildan beri Toshkent atrofidagi dalalarda oilasi bilan birga dehqonchilik qiladi. Uning hikoyasidan bu davr ichida Toshkent qanchalik kattalashib ketganini ham tasavvur qilasan kishi.
реклама
реклама
“Avvallari Qorasuv, TTZ, Yalang‘och taraflarda ukrop, kashnich, ko‘kpiyoz, selderey kabi ko‘katlar ekardik. 4 yildan beri qulupnay bilan shug‘ullanyapmiz”, — deydi u. O‘rta Chirchiq tumanidagi “Biznes al-Boriy” fermer xo‘jaligi tomonidan oilasiga ajratilgan 25 sotix yerda qulupnay yetishtirayotganiga salkam bir yil bo‘ldi.
Hozir terib olinayotgan qulupnaylar o‘tgan yilning avgustida ekilgan. “O‘shandan beri faqat dekabr va yanvarda dam oldik, xolos”, — deydi dehqon. Qulupnayni yetishtirish — haqiqiy mashaqqat, mehnati nozik va og‘ir. Ekib qo‘yish bilan ish bitmaydi: avgustdan to noyabrgacha kamida to‘rt marta chopiq qilasiz, bir necha marta dorilaysiz, zararli o‘tlar va qulupnayning o‘z barglaridan tozalaysiz.

“Bu narsa asosan suv bilan tirik — ekilganidan to o‘zini tutib ketgunicha har ikki kunda bir sug‘orish kerak”, — deya tushuntiradi xo‘jalik ish boshqaruvchisi Farrux Kabirov. Suvxo‘rligiga qaramay, qulupnay yomg‘irni “yoqtirmaydi”. “Yog‘ingarchilikdan asrash uchun ustini sellofan yopib chiqamiz. Bo‘lmasa chiritib yuboradi”, — deydi Ilhom akaning rafiqasi Adiba opa.
Ilhom akaning tushuntirishicha, qulupnayni sovuq urmaydi — havo juda sovib ketsa, gullashi biroz kechikishi mumkin xolos. Fevralning ikkinchi yarmida qulupnaylarning usti, ob-havo sharoitidan kelib chiqib, taxminan 15-20 kunga sellofan bilan yopiladi — ko‘chatlar bunday dimlovchi qobiq ostida o‘zini tutib olib, gullay boshlaydi.

“Martning ikkinchi haftalaridan, ko‘chatlar gullab, rangga kirib bo‘lgach, ob-havoning avzoyiga qarab, sellofanlar har kuni ochib-yopib turiladi. Yomg‘ir bo‘lsa - yopiladi, yog‘ingarchilik bo‘lmasa — ochiladi. 20 apreldan qulupnay pisha boshlaydi. 5 maygacha - pishib yetilishning avj pallasi!”, — deydi Ilhom aka Namozov.
“Biznes al-Boriy” fermer xo‘jaligining 16 gektar yeridan hozir 6 gektariga “Charli”, “Izabella”, “Viktoriya”, “Koreya”, “Malayziya” navli qulupnaylar ekilgan. Xo‘jalik ish yurituvchisi Farrux Kabirovning ta’kidlashicha, bu yerlarning hammasiga har doim ham qulupnay ekilavermaydi. Aslida, qulupnay ekishdan maqsad - bor-yo‘g‘i uni sotib, foyda ko‘rish emas. Bu rezavorning “sanitarlik funksiyasi” ham bor.

“Qulupnay ekilgan dala ko‘p chopiq qilinib, unga tez-tez o‘g‘it solinadi, shu bois yer ajriq va boshqa o‘tlardan tozalanadi. Zararli o‘simliklar chopilaversa, oxiri ular chiqmay qo‘yadi, — deya tushuntiradi Farrux aka. — Ayni vaqtda, har yili bir joyga qayta-qayta qulupnay ekaverish ham yerni charchatib qo‘yishi mumkin. Ikki-uch yilda bir, almashlab ekilsa — ana bunisi juda foydali”.
реклама
реклама
Bu yilgi reja ham shunday — hozir qulupnay ekilgan 6 gektarning 1 gektari qulupnay ko‘chatlarini yetishtirish uchun saqlab qolinadi (qulupnay urug‘dan emas, ko‘chatdan ko‘payadi), qolgani esa, qulupnaylar terib olingach, dam oldirilib, kuzga boshqa mahsulotlar ekiladi. “Ko‘chat chiaqrish jarayoniga 15 iyundan kirishamiz. U ham juda mayda ish — ko‘chatlar 40-45 kunda tayyor bo‘ladi”, — deya qo‘shimcha qildi xo‘jalik ish yurituvchisi.
Qulupnay qanday teriladi?
Anomal qishga qaramay, dehqonning baxtiga dalada qulupnay serob. Qulupnayni asosan ayollar teradi: Ilhom akaning rafiqasi Adiba opa va kelini ham hozir shu ish bilan band. Ular tongda shudring to‘kilishi bilan qulupnayni terishga kirishadi. Buyurtmani ertaroq topshirish kerak bo‘lsa, 7:00 dan — shudring to‘kilmay turib terimni boshlab yuboradi.
“O‘zingiz ko‘rib turibsiz, bularni donalab yig‘ib chiqish juda mayda ish, odamga katta sabr kerak”, — deydi kuniga 50 kilogacha qulupnay teradigan Adiba opa, lekin nolimaydi — chunki “daromad ham shunga yarasha”. “Boshida kilosini 25 ming so‘mdan sotdik, hozir 10 minggacha tushdi”, — deydi u. Sababi ma’lum — bozorda qulupnay ko‘paygan, taklif ko‘p.
“Biz aynan bir savdo tarmog‘i yoki tadbirkor bilan hamkorlik o‘rnatmaganmiz. Kim qancha xarid qilishini aytib kelsa yoki oldindan buyurtma bersa, shuncha meva sotamiz. Ayrimlar zavq olish qulupnayni terimchilar bilan birga o‘zi teradi”, — deydi Farrux Kabirov.

Adiba opaning qo‘shimcha qilishicha, qulupnay mavsumi ko‘pi bilan 10 iyungacha davom etadi. Keyin “estafeta”ni asta-sekinlik avjiga chiqa boshlayotgan olcha-gilos mavsumiga topshiradi.
Qulupnaychilar qanday yashaydi?
Ilhom aka rafiqasi Adiba opa, ikki o‘g‘li, kelini bilan birga dehqonchilik qiladi, kichik yoshdagi nevarasi ham ular bilan birga. Fermer xo‘jaligining qulupnay dalalari Ilhom akaniki kabi yetti oilaga bo‘lib berilgan. Bu 30-35 kishining bari Beshariqdan kelib, shu yerda yashab, shu yerda ishlaydi. Ish tartibi, yashash tarzi hammada bir xil.
Qulupnayzorga tutash o‘nlab chaylalar oldidan o‘tar ekansiz, qulupnaychilar mahallasida yurgandek bo‘lasiz. Chayla, u xomg‘ishtdan ko‘tarilgan bo‘lsa-da, o‘z nomi bilan chayla, ammo bu “xonadon”larning egalarida nolish yo‘q: har birining o‘z o‘chog‘i, qozon-tovog‘i bor, hatto elektr toki ham tortib kelingan — dunyodan bexabar qolmagan hech kim.

E’tiborlisi, “chayla” nomli bu uylarda mehmondorchiliklar ham bo‘ladi. Tanishuv davomida Ilhom akaning “xonadoni”ga kirganimizda, uning vodiydan mehmon bo‘lib kelgan onasi va qaynonasi gurunglashayotgan edi. “Xonadon”ning boshqa bir xonasida esa ularning nevara-kelini bolasini uxlatishga urinardi.
“Barchamiz Farg‘onaning bir hududidan bo‘lganimiz uchunmi, ahil yashashga harakat qilamiz. Bolalar bir-biri bilan o‘rtoqlashib ketgan, ayollarning ham o‘zaro munosabatlari yaxshi”, — deydi Ilhom aka. Qulupnay bahona hosil bo‘lgan mana shu ahillik sabab, ehtimol, hosil mo‘l, daromad yuqori, kayfiyat ko‘tarinkidir.
Matnni Mirolim Isajonov tayyorladi.
Fotosuratlar muallifi: Madina A’zam / “Gazeta.uz”.
Barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.
Made on
Tilda