Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”
Chegaradagi dengiz
Hududi salkam Andijon viloyatidek keladigan Sariqamish ko‘lidan fotoreportaj
Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”
Chegaradagi dengiz
Hududi salkam Andijon viloyatidek keladigan Sariqamish ko‘lidan fotoreportaj
Beruniy yashagan davrlarda uning nomi “Qiz dengizi” edi. Dengizdan kam joyi yo‘q – uzunligi 100-120 (taxminan Toshkentdan Gulistongacha bo‘lgan masofa), eni 30-40 km atrofida, bu qirg‘og‘idan narigisi ko‘rinmaydi. Asrlar bo‘yi necha bor qurib, so‘ng yana suvga to‘lgan bu joy hozir shunday ataladi – Sariqamish.
Beruniy yashagan davrlarda uning nomi “Qiz dengizi” edi. Dengizdan kam joyi yo‘q – uzunligi 100-120 (taxminan Toshkentdan Gulistongacha bo‘lgan masofa), eni 30-40 km atrofida, bu qirg‘og‘idan narigisi ko‘rinmaydi. Asrlar bo‘yi necha bor qurib, so‘ng yana suvga to‘lgan bu joy hozir shunday ataladi – Sariqamish.
Hozir suvi Orol dengiziga ham yetib bormayotgan Amudaryo bir zamonlar Sariqamish botig‘ini ham suv bilan to‘ldirib turgan. Uning suvga to‘lib ko‘lga aylanishi ham, so‘ng qurib qolishi ham aynan daryoga bog‘liq edi. Amu suvlari Sariqamishga so‘nggi bor 1878-yilgi toshqinlar vaqti quyilgan. Shundan so‘ng vaziyat o‘zgargan.

1971-yili Turkmanistondagi Daryolik kollektorining yorilib, toshqin yuz berishi oqibatida botiq yana suvga to‘lib, hozirgi ko‘rinishdagi ko‘l yuzaga kela boshlagan. Aynan shu davrlarda suv havzasi asosan dalalarni sug‘orishda foydalanilgan suvlarni tashlash va kollektorlardan kelayotgan suv sabab to‘ladi.

1977-yili ko‘l yuzasining maydoni 1500 kvadrat kilometrni tashkil etgan bo‘lsa, 1985-yili bu ko‘rsatkich 3200, 2006-yili esa salkam 4 ming kvadrat kilometrga yetgan – bu qariyb Andijon yoki Sirdaryo viloyatlari maydoniga teng hudud, degani. Shuning to‘rtdan biri O‘zbekiston, qolgani esa Turkmanistonga qaraydi.

O‘rta asrlarda Sariqamish atrofida hayot qaynagan – odamlar yashaydigan manzilgohlar ko‘proq va nisbatan kattaroq edi, aholi dehqonchilik va hunarmandchilik bilan shug‘ullangan. Bugun esa sohilda baliqchi va ovchilarning kamsonli muvaqqat chaylalari va yerto‘la-uylarini ko‘rasiz, xolos. Ular ham bu yerda doimiy yashamaydi.
реклама
реклама
Mo‘ynoqdan Sariqamishgacha bo‘lgan 5-6 soatlik masofa davomida (bu yerga to‘g‘ridan-to‘g‘ri, tep-tekis yo‘l yo‘q) cho‘l va undagi qurib-qovjirab ketgan o‘simliklarga o‘rganib qolgan ko‘zni har qanday yashillik birdan quvontiradi.

Sohilning yaqindagina suv ostida bo‘lgani yaqqol sezilib turgan qismida yashilliklar asta-sekin bosh ko‘tarayotganini ko‘rasiz. Ko‘l atrofini o‘rab olgan, lekin suvning o‘zidan uzoqroq bo‘lgan o‘simliklar esa, xiyla baland bo‘lsa-da, allaqachon qo‘ng‘ir tusga kirgan.

Qirg‘oq manzarasi shugina o‘tlaru baliqchilarning qayiqlari bilan cheklanmaydi. Qay bir qismi chig‘anoq qoldiqlariga to‘la. Yana bir joyda to‘lqinlar qirg‘og‘ga qayerdan kelib qolgan saksovul shoxlarini tinimsiz savalaydi.
Sariqamish odamlarsiz gavjum. Uni ko‘chmanchi qushlar saltanati deb ham ta’riflashadi. Oqqushlar, saqoqushlar, qoshiqburunlar, g‘ozlar, o‘rdaklar, so‘nggi yillarda esa flamingolar uning doimiy tashrifchilariga aylangan.

To‘g‘ri, gavjumlik darajasi 30-40 yil avvalgidek emas. Hikoya qilishlaricha, mo‘ynoqlik ikki brakonerning har biri bir necha ming g‘oz, o‘rdak, qashqaldoqlarni otib qo‘lga tushgach, “nega buncha ko‘p qushni otdilaring, baribir hammasini yeb tugata olmaysanlar-ku”, deb savol berilganida, ular: “Qushlar millionlab edi, o‘zimizni to‘xtata olmay qoldik!”, deb javob bergan ekan.
реклама
реклама
Sariqamish nafaqat qushlar, balki zog‘orabalik, laqqa, do‘ngpeshona, tovonbaliq, moybaliq, ilonbosh kabi baliqlar makoni ham. Baliqlar bilan bog‘liq vaziyat o‘ziga xos va bunda ko‘lning O‘zbekiston hamda Turkmaniston qismlaridagi suvning mineralizatsiya darajasi ahamiyatga ega.

Ko‘lning O‘zbekistonga tegishli shimoliy qismida tuzlilik darajasi nisbatan yuqoriligi sabab bu yerda baliqlar ko‘paymaydi, chunki uvildiriqlar bunday sho‘r suvda yashab ketolmaydi. Bu sharoitda katta (ulg‘aygan) baliqlarning sevimli oziqasi hisoblangan mayda qisqichbaqalar yaxshi ko‘payadi.

Shu tariqa, baliqlar ko‘lning suvi chuchukroq Turkmaniston qismida ko‘payib, kattaroq bo‘lgach qisqichbaqa “tanovul qilish” istagida O‘zbekiston tarafga suzib o‘tadi va shu yerda to‘rga tushadi: Sariqamish baliqchilari har yili yuzlab tonna baliq ovlaydi.
Sariqamishda faol hordiqning boshqa shakllari (masalan, baliq ovi, safarilar va hokazolar)ni yo‘lga qo‘yish mumkindek ko‘rinadi. Adog‘i yo‘q suv, qumli sohilni ko‘rib, beixtiyor suvga tushgisi keladi odamning. Manzara beqiyos. Boshlanishiga eng oddiy birlamchi sharoitlar, infratuzilma bo‘lsa, bu yerga kelgan odam tashqi dunyodan uzilib qolmasa, ehtimol, Sariqamish yoz kunlari sayyohlar gavjum bir turistik makonga aylangan bo‘lardi.
Fotoreportaj muallifi: Madina A’zam / “Gazeta.uz”.
Fotoreportaj O‘zbekiston Tabiat resurslari vazirligi va Qoraqalpog‘iston Tabiat resurslari vazirligi ko‘magida tayyorlanadi.
Barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron pochta manziliga yuboring.
Made on
Tilda