Qanday qilib Niderlandiya universiteti talabasi bo‘lish mumkin?

Karina Daulbayeva hikoyasi
Qanday qilib Niderlandiya universiteti talabasi bo‘lish mumkin?
Karina Daulbayeva hikoyasi

2022-yilda Karina Daulbayeva Yevropaning eng mashhur OTMlardan biri — dunyodagi eng yaxshi 50 ta taʼlim muassasalari qatoridan o‘rin olgan Amsterdam universitetiga o‘qishga kirdi. “Xorij diplomi” loyihasi doirasida u qanday qilib Niderlandiyaga ko‘chib o‘tgani, talaba xarajatlari va gollandlarning turmush tarzi haqida so‘zlab berdi.

2022-yilda Karina Daulbayeva Yevropaning eng mashhur OTMlardan biri — dunyodagi eng yaxshi 50 ta taʼlim muassasalari qatoridan o‘rin olgan Amsterdam universitetiga o‘qishga kirdi. “Xorij diplomi” loyihasi doirasida u qanday qilib Niderlandiyaga ko‘chib o‘tgani, talaba xarajatlari va gollandlarning turmush tarzi haqida so‘zlab berdi.

Xorij diplomi
«Xorij diplomi» — bu dunyoning turli mamlakatlariga o‘qishga ketgan o‘zbekistonlik talabalarning hikoyalaridan iborat loyihadir. Ular universitet va grantlar topish, imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rish, hujjatlar topshirish, xorijda o‘qish va yashashning o‘ziga xos xususiyatlari, shuningdek, xorijdagi taʼlimning ularning hayotiga taʼsiri haqida so‘zlab berishadi.

Ruknimizning yangi mehmoni Karina Daulbayeva bo‘ldi. U 2022-yilda Niderlandiyadagi Amsterdam universitetiga (UvA) o‘qishga kirdi. Hozirda «Media va kommunikatsiyalar» fakultetida tahsil olmoqda.

O‘qishga kirish bosqichlari haqida

Chet elda o‘qish istagi 6-sinfda ota-onam meni Toshkentdagi Britaniya maktabiga o‘tkazishganida paydo bo‘lgan. Yevropa va dunyoning turli mamlakatlaridan bo‘lgan o‘qituvchilar bizni britan tizimi bo‘yicha o‘qitishdi. Darslarda ular tez-tez o‘z vatanlari, madaniyati, mentaliteti va yashash tarzlari haqida so‘zlab berishardi. Shunday qilib, yil o‘tgani sari o‘zimni ilg‘or qarashlar va tanlash erkinligiga ega g‘arb fikrlash tarziga tobora yaqinroq his qila boshlayotganimni anglab
Amsterdamdagi talabalar kutubxonasi
2021-yilda 12-sinfni tamomlaganim bilan A-Level imtihonlar turkumiga (Buyuk Britaniya umumiy taʼlim dasturiga kiruvchi ikki yillik o‘quv kursi — tahr.) topshirdim. Yuqori sinf o‘quvchilari tanloviga ko‘ra 3-4 tadan fan bo‘yicha imtihon topshirishadi. Imtihon shakli 11-sinf bitiruvchilari topshiradigan yagona davlat imtihonini eslatadi. A-Level imtihonlarini aʼlo topshirib, 1000 dan ortiq xorijiy universitetlar, jumladan, eng yaxshi britan, Yevropa, Osiyo, Amerika OTMlariga o‘qishga kirish mumkin. Bunday sertifikat bilan bizga dunyo eshiklari ochildi, desa bo‘ladi.

Ammo o‘sha yili pandemiya tufayli ko‘plab mamlakatlarning chegaralari yopildi va faqat onlayn tarzda o‘qish mumkin edi. Men dam olishga qaror qildim va vaqtni boy bermaslik uchun rezyumeyimni bir nechta xorijiy kompaniyalarga yubordim. «Ekspo 2020» loyihasining HR-menejeri men bilan bog‘landi. Ungacha Dubayda jahon ko‘rgazmasi bo‘layotganini bilmasdim ham. Menga ko‘rgazma hududida joylashgan restoranda xostes lavozimini taklif qilishdi. Men rozi bo‘ldim, birinchidan, men uchun chet elda ishlash qiziq bo‘lgan, ikkinchidan, bu o‘zimni sinab ko‘rish va mustaqil hayotga qanchalik tayyor ekanligimni tushunish uchun yaxshi imkoniyat edi.
Dubayda yetti oy ishladim. Shu vaqt ichida media va kommunikatsiyalar sohasida ko‘plab mutaxassislarni uchratdim. Ularning ishga ijodiy yondashuvi, ijodiy loyihalar yaratish jarayoni menga yoqdi. Kelajakda men ham shu yo‘nalishga kirishni xohlayotganimni angladim, chunki xorijiy universitet diplomi karyera istiqbolimni kengaytiradi va xalqaro kompaniyalarda ham ishlashga imkon beradi.

Qaytganimdan so‘ng o‘zimga mos universitetlarni qidira boshladim. Men Angliyadagi to‘rtta universitetda to‘xtadim, chunki ularni va Amsterdam universitetini bizga maktabimiz tavsiya qilgan edi. U o‘zining media va kommunikatsiyalar fakulteti bilan mashhur, shuningdek, Yevropaning eng yaxshi universitetlaridan biri hisoblanadi ham. Uni aqatgina mashhurligi uchun emas, balki turmush darajasining yuqoriligi uchun ham tanladim. Maktabimizning geografiya o‘qituvchisi Gollandiyadan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatining meʼmorchiligi go‘zal, iqlimi qulay, odamlari bag‘rikeng, atrof-muhitga g‘amxo‘rlik qiladi. Bunday muhit meni o‘ziga jalb etmay qolmadi.
реклама
реклама
O‘qishga topshirish uchun bir dunyo hujjatlarni to‘plash kerak edi. Hech qanday imtihon yoki suhbat bo‘lmadi, chunki menda qariyb barcha Yevropa mamlakatlarida qabul qilinadigan A-Level sertifikati bor edi. Arizani may oyida Niderlandiyaga o‘qishga kiradiganlar uchun yagona sayt orqali topshirdim: ro‘yxatdan o‘tdim, shaklni to‘ldirim va hujjatlarni yukladim.
O‘qishga kirish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar
1
Xorijga chiqish pasportining skaner qilingan nusxasi
2
Maktab attestati yoki diplom
Taʼlim to‘g‘risidagi hujjatlarning notaral tasdiqlangan ingliz tilidagi tarjimasi. Men attestat o‘rniga imtihon natijalarimni yukladim.
3
Ingliz tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi sertifikat
Eng kami 92 ball bo‘lgan TOEFL yoki eng kamida 6,5 bo‘lgan IELTS sertifikatlari qabul qilinadi. Men britan tizimi bo‘yicha tahsil olganim uchun til bo‘yicha imtihon topshirishimga hojat bo‘lmadi.
4
Motivatsion maktub
Barcha o‘qishga kiruvchilar uchun majburiy bo‘lgan band. Qabul qilinish ehtimoli maktubning sifati va ishonchliligiga bog‘liq. Men nima uchun ushbu yo‘nalishni tanlaganim, shuningdek, kelajak uchun rejalarimni yozdim. Magistratura uchun qo‘shimcha ravishda kamida bitta tavsiya xati talab qilinadi.
5
Bank hisob raqami mavjudligi to‘g‘risidagi maʼlumotnoma
Universitetning o‘zi sizdan o‘qish va turar joy uchun to‘lash imkoniyatiga ega ekanligingizga ishonch hosil qilish uchun so‘raydi.
Qabul qilinganim to‘g‘risida bir oydan keyin bildim. Har kuni universitetga kirganlar ro‘yxatini tekshirardim, to o‘sha yerda o‘z ismimni topmagunimcha. O‘sha paytda qanday yorqin his-tuyg‘ularni his qilganimni tavsirlab berolmayman, chunki o‘qishga kirish — bu maqsad yo‘lidagi birinchi bosqich, eng qiyini oldinda edi. Ota-onam tanlovimni qo‘llab-quvvatlagani va har narsada menga yordam berganidan juda minnatdorman.

Birinchi navbatda dadam bilan bankka bordik, hisobda 10 ming dollarga yaqin pul borligi to‘g‘risida maʼlumotnoma oldik. Keyin yashash uchun joy topishim kerak edi. Universitet yotoqxonasida bo‘sh ish o‘rinlari bor edi, shuning uchun ariza topshirish vaqtida xonani bron qilish imkoniyatiga ega bo‘ldim.
Talaba vizasini migratsiya xizmati orqali rasmiylashtirdim. Ushbu xizmat hujjatlarimni universitetga yetkazdi. Ikki oydan keyin viza oldim. Eng yaqin konsullik joylashgan Qozog‘istonga borish va pasportimga muhr bostirishim qoldi. 24 avgust kuni Amsterdamga uchdim.

Aeroportda nafaqat erkinlikni, balki hayotim uchun katta masʼuliyatni ham his qildim. Kampusda menga xonamni ko‘rsatishdi. Shu bilan o‘zim bilan o‘zim qoldim. Bu yerda talabalarga joylashish va shahar bo‘ylab ekskursiyalar o‘tkazishga yordam berish odatiy hol emas. Birinchi kundan boshlab o‘z muammolaringizni o‘zingiz hal qilishni o‘rganishingiz kerak.
Amsterdam universiteti kampusi
Golland taʼlim tizimi haqida

Niderlandiya — byudjet davlati emas, bu yerda bepul o‘qishning qariyb imkoni yo‘q. Shartnomam yiliga 9000 yevroni tashkil etadi. Qabul qilingandan stipendiya dasturlarini qidirdim, lekin hech biriga to‘g‘ri kelmadim. Grantga hujjat topshirgan abituriyentlar o‘quv dasturining barcha talablariga javob berishi kerak. Ular odatda universitetlar tomonidan o‘rnatiladi. Yaxshi akademik ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan talabalar Holland Scholarship yoki Orange Tulip Scholarship raqobatbardosh stipendiyalari bilan qisman taʼminlanishlari mumkin.
Taʼlim tizimi chet elliklar uchun ingliz tilidagi ko‘plab kurslar va dasturlar bilan o‘ziga jalb qiladi. O‘qish 1-sentabrda boshlanadi.

Universitetlarda arizalarni qabul qilishning yagona muddati yo‘q. Aksariyat hollarda universitetlar bir o‘rin uchun raqobat, kampusdagi joylar mavjudligi va boshqa holatlarga qarab ularni o‘zlari belgilaydilar. Ammo hujjatlarni topshirishning oxirgi muddati ko‘pincha aprel-may oylariga to‘g‘ri keladi.
Niderlandiyadagi barcha OTMlarni tadqiqot universitetlari va amaliy fanlar universitetlariga bo‘lish mumkin. Amaliy universitetlarda o‘qish talabalarni mehnatga tayyorlashga qaratilgan. Dasturlar amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lish imkonini beradi va universitetdagi mashg‘ulotlar majburiy amaliyot hamda loyiha ishlari bilan mujassamlashtiriladi. Bakalavr darajasi odatda 4 yil davom etadi va 240 kreditdan iborat.

Agar magistraturada o‘qishni davom ettirishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, tadqiqot universitetlari sizga amaliy universitetlardan ko‘ra ko‘proq mos keladi. Ularning dasturlari akademik ko‘nikmalarni rivojlantirish va ilmiy martabaga tayyorlashga qaratilgan. Kursning davomiyligi ham farq qiladi. Bizning universitetimizda bakalavr darajasini 3 yil ichida 180 kredit bilan ham olish mumkin.
Akademik o‘quv yili ikki semestrga bo‘lingan. Mashg‘ulotlar haftada besh kun, seminarlardan ko‘ra ko‘proq maʼruzalar bilan o‘tkaziladi. Men haftasiga ikki marta uch soatlik seminarlarga qatnashaman. Maʼruzalar onlayn formatda yozib olinadi va ularni uydan turib tinglash, so‘ngra auditoriyada tinglagan mavzuingiz bo‘yicha javob berish mumkin.

Talaba barcha talabalar kirishi shart bo‘lgan majburiy fanlardan tashqari, o‘ziga fanlarni tanlash huquqiga ega. Odatda birinchi yilda tanlashga ikkita kurs beriladi. O‘qishning ikkinchi va uchinchi yillarida esa qo‘shimcha kurslar olish, yo‘nalishlarni o‘zaro umumlashtirish va bir vaqtning o‘zida amaliyotdan o‘tish mumkin. Semestr oxirida talabalar imtihon topshirishadi yoki ilmiy ish yozishadi. Hozir professorim bilan o‘z soham bo‘yicha ikkita tadqiqot ishini tayyorlayapman va ularni may oyining oxirida topshirishim kerak. Talabalar yiliga ikki marta taʼtilga chiqishadi: qishda noyabrdan yanvargacha va yozda uch oy.
реклама
реклама
Talabalar hayoti juda rangba-rang. Avvalo, do‘stona muhit o‘ziga jalb qiladi. Birinchi bosqich talabalari uchun tanishuv haftaligi o‘tkaziladi, unda barcha talabalar o‘z mamlakatlarini namoyish etishlari va uni boshqa talabalarga taqdimot qilishlari kerak. O‘qish davomida guruhda ishlash va professional muhitda muloqot qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga katta eʼtibor beriladi.

Universitetlarda sport seksiyalari, ilmiy markazlar, laboratoriyalar, o‘quv binolari, kutubxonalar mavjud bo‘lib, ularda darsdan keyin tahsil olish mumkin. Talabalar ziyofat uyushtirish, birgalikda bayramlarni nishonlash va shahar tashqarisiga sayohatlar uyushtirishni yaxshi ko‘rishadi. Qishda ko‘plab kishilar tog‘larga chiqishadi va chang‘i uchishadi.
Amsterdamning tungi ko‘chalari
Gollandiyaliklarning turmush tarzi haqida

Gollandiyada talaba bo‘lish qiyin va qimmat. Oylik xarajatlar 1000 dan 2000 yevrogacha bo‘lishi mumkin. Birinchi yil, ayniqsa, qimmatga tushadi. Xullas, kelganimdan keyin butun hafta hujjatlar uchun yelib-yugurdim. Avvalo, Gollandiyaga yashash uchun kelgan har bir chet el fuqarosi ro‘yxatdan o‘tishi va BSN yoki shaxsiy identifikatsiya raqamini olishi kerak. Bu kommunal to‘lovlarni to‘lash, bank hisobini ochish, ish haqi va sug‘urta olish uchun zarur.

реклама
реклама
Keyingi qadam — tibbiy sug‘urta va ishlash uchun ruxsatnomani rasmiylashtirishdan iborat. Yaxshi xabar shundaki, bu yerda talabalar uchun mehnat bozori juda rivojlangan. Xalqaro talabalar haftasiga 16 soat yoki ikki kun ishlashlari mumkin. Shuning uchun kelganimdan bir oy o‘tgach, men qahvaxonada barista bo‘lib ishlay boshladim. Hozir restoranda menejer bo‘lib ishlayman. Talabalar odatda ofitsiant, barista va styuardessa sifatida ishlaydi. Ular mehnatga munosib to‘laydilar — bir hafta ichida 200 yevrodan ko‘proq pul ishlab topish va masalan, ijara haqini to‘lash mumkin.
Amsterdamdagi eng katta muammolardan biri, bu — turar joy topishdir. Hatto mahalliy aholi ham har doim ham kvartira topa olmaydi, talabalar uchun esa ikki baravar mushkul. Birinchidan, yotoqxonadan joy talabalarga faqat bir yilga beriladi. Keyin o‘zingiz kvartira yoki studiyani ijaraga olishingiz kerak. Ikkinchidan, kvartirani ijaraga olish uchun talaba ish bilan taʼminlangani va barcha xarajatlarni qoplashga qodirligini isbotlashi kerak.
Men OTM yotoqxonasida yolg‘iz yashayman. O‘z oshxonasi va hammomi bo‘lgan studiyani ijaraga olganman. Yashash narxi oyiga 565 yevro. Bu Amsterdam uchun juda arzon, chunki odatda ijara 1000 yevrodan boshlanadi. Hozir dugonam bilan yashash uchun joy qidiryapman. Universitetim Amsterdam markazida joylashgan, shuning uchun shahar tashqarisida yashash noqulay, chunki yo‘l bir tomonga taxminan bir soatni oladi.
Velosipedlar — Niderlandiyada asosiy harakatlanish vositasidir. Menga bu madaniy stereotipdek tuyuldi, lekin bir necha kun yashab ko‘rganimdan so‘ng mahalliy aholining ikki g‘ildirakli transportni qanchalik yaxshi ko‘rishini anglab yetdim. Bu yerda velosipedlar odamlardan ko‘ra ko‘proq. Yo‘llarda velosipedchilar avtoulovchilar va baʼzan hatto piyodalarga nisbatan ustunlikka ega. Bu, asosan, jamoat transporti va benzin narxi, sport turmush tarzi va atrof-muhitga nisbatan ehtiyotkorona munosabat bilan bog‘liq.

Shahar bo‘ylab ko‘plab velosiped ijarasi nuqtalari mavjud. Men velosipedni Swapfiets xizmati orqali oyiga 18 yevroga ijaraga olaman. Har xil saytlardan arzon velosiped sotib olish ham mumkin, lekin ular katta ehtimollik bilan o‘g‘rilangan bo‘lishini hisobga oling. Bu yerda velosipedlarni o‘g‘irlash juda ommalashgan, shuning uchun ehtiyot bo‘lish va uni ishonchli tarzda qulflab qo‘yish kerak.

Bundan tashqari, faqat ruxsat etilgan joylargagina qo‘yib ketish juda muhim, aks holda velosipedingiz uchun tunda maxsus mashina kelib, uni olib ketadi, siz esa jarimaga tortilasiz. O‘z transportingizni qaytarib olish yigirma besh yevroga tushadi. Buni imkon qadar tezroq qilish kerak. Agar egasi uch hafta ichida velosipedini olish uchun kelmasa, u qayta ishlashga yuboriladi.
реклама
реклама
Gollandiyaliklar atrof-muhitga chin yurakdan qayg‘urishadi. Bu yerda yozilmagan qoida bor: tabiiy bo‘lgan hamma narsa — tabiatga qoldirilishi kerak. Axlat yig‘ish, suv kanallarini tozalash va o‘simliklar ekish uchun maxsus kunlar belgilangan. Shaharda daraxtlari va o‘rindiqlari bo‘lgan ko‘plab yashil bog‘lar barpo etilgan, ularda dam olish va vaqtni ko‘ngilli o‘tkazish mumkin.

Eng muhimi — axlat tashlamaslik. Bu yerda axlatni noto‘g‘ri joyga tashlaganlik uchun jarima qariyb bir oylik yotoqxona narxi bilan bir xil. Agar chiqindini maxsus idish yoki qutigacha olib bormasangiz, ertasi kuni politsiyachi eshigingizni taqillatadi va kamida 100 yevro jarima yozib ketadi. Fuqarolarning aksariyati qonunga juda itoatkor hamda barcha qoidalar va tartiblarga rioya qilinishini diqqat bilan kuzatib boradilar. Shuning uchun eʼtibordan aniq chetda qolmaysiz.
Bu hushyorlikning yaxshi tomoni ham bor: Niderlandiya dunyodagi eng xavfsiz mamlakatlardan biri hisoblanadi. Bu yerda jinoyatchilik juda past ko‘rsatkichga ega, politsiya esa hamisha samimiy va yordam berishga tayyor. Mahalliy aholi ham juda xushmuomala.

Niderlandiya — internatsional davlatdir. Uning madaniyati chet eldan bu yerga ko‘chib kelgan odamlarning anʼanalari bilan qorishib ketgan. Buning sharofati bilan dunyoning xilma-zil davlatlaridan do‘stlar topishingiz mumkin. Mening muloqot doiram asosan xuddi shunday chet ellik talabalardan iborat.
Do‘stlar bilan uchrashuv
Amsterdamda turli xil pablar, restoranlar, kafelar va talabalar uchrashadigan boshqa jamoat joylari ko‘plab topiladi. Issiq kunlari daryolar va kanallar bo‘ylab qayiqda sayr qilishingiz, mahalliy parklar yoki bu yerda “o‘rmon” deyish odatga aylangan bog‘larda dam olishingiz mumkin.

Yozda mahalliy aholi sohilda suzishni va quyoshda toblanishni yaxshi ko‘rishadi. Qishda shahar markazi jonlanadi, ko‘chalar bayramona bezatilib, yarmarkalar o‘tkaziladi. Menga Niderlandiyaning qayiqlar va kemalari, qirg‘oq bo‘ylab o‘rnatilgan tegirmonlari va dengizga qaragan uychalari bo‘lgan shimoliy qismi juda yoqadi. Kelajakda Italiya, Fransiya va Belgiya bo‘ylab sayohat qilish uchun yaxshi maoshli ish topmoqchiman.
Chet elda yashash menga nimani xohlayotganimni tushunish imkoniyatini berdi. Begona davlatda o‘zingizni topishingiz juda qiyin. Ammo vaqt o‘tishi bilan tanishlar orttirasiz, mahalliy madaniyat bilan tanishasiz, tilingizni yaxshilaysiz, qo‘shni mamlakatlarga sayohat qilasiz va tobora ko‘proq yangi muhitga sho‘ng‘iysiz, eng muhimi — mustaqil bo‘lishni o‘rganasiz va ulg‘ayasiz. Barcha yaqinlaringizdan uzoqda bu hayotda hamma narsa o‘zingizga bog‘liqligini to‘liq tushunib yetasiz. Bu, ehtimol, men o‘rgangan va hozirgacha o‘rganishda davom etayotgan eng katta saboqdir. Menimcha, uni to‘liq his qilish uchun bir yil yetarli emas.
Amsterdamdagi kruiz porti
Chet elda o‘qishni istagan har bir kishiga, avvalo, ko‘chib o‘tishga va hayotingizni o‘zgartirishga qanchalik tayyor ekanligingizni o‘ylab ko‘rishingizni maslahat beraman, atrofingizda sodir bo‘ladigan hamma narsa uchun javobgarlikni o‘z zimmangizga ololasizmi? Chet elda o‘qish, ayniqsa birinchi yil, hamma ham bardosh bera olmaydigan sinovga aylanadi. Ushbu “orzuni” ideallashtirmang, pushti rangli ko‘zoynaklarni bir necha kun o‘tiboq olib tashlash kerak bo‘ladi. Ota-onangiz sizning o‘rningizga qilgan ishlarni endi o‘zingiz bajarishga majbur bo‘lishingizga tayyor bo‘ling: o‘z byudjetingizni boshqarish, uy ijaraga olish, to‘lovlarni amalga oshirish, uy-ro‘zg‘or va sog‘liq muammolarini hal qilish, shuningdek, o‘qish va katta ehtimol bilan ishlash. Albatta, hamma narsani oxirigacha oldindan ko‘rishning iloji bo‘lmaydi, axir siz qiyinchiliklarga duch kelasiz, biroq hayotda so‘zsiz asqotadigan bebaho tajribalarga ega bo‘lasiz.
Matnni Farzona Xamidova tayyorladi.
Rus tilidan Sanjar Said tarjimasi.
Illyustratsiya: Eldos Fazilbekov / «Gazeta.uz».
Suratlar Karina Daulbayevaning shaxsiy arxividan olindi.

Barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar «Gazeta.uz» nashriga tegishli. «Gazeta.uz» internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.
Made on
Tilda