Aleksey Xen: Men irrigatsiya va drenaj tizimi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash loyihasining bir qismini ko‘rgandim. Uni 2014-yil 30-maydagi
jaladan keyin 2015-yili “UzGASHKLITI” instituti ishlab chiqqan. Ammo Toshkentdagi jadal qurilishlarni inobatga oladigan bo‘lsak, hozir bu hujjat qanchalik dolzarb, degan savol ham tug‘iladi.
Kamoliddin Fayzullayev: Ular qandaydir rekonstruksiya variantini taklif qilgan bo‘lsa kerak, ammo ularning takliflariga, aftidan, ko‘p ham e’tibor berishmagan.
Biz yangi ma’lumotlar yo‘qligini tushunib yetgach, ularni o‘zimiz to‘play boshladik. Shu maqsadda Toshkentning irrigatsiya, drenaj va yomg‘ir suvlarini oqizish tizimlariga u yoki bu darajada aloqador barcha tashkilotlarning mutaxassislarini taklif qildik.
Bunday tashkilotlar naq 25 ta ekan! Ular uchtasi Avtoyo‘l qo‘mitasi tarkibidagi, ikkitasi shahar hokimligi tizimidagi, 8 tasi Toshkent shahar Obodonlashtirish boshqarmasi tizimidagi, 12 tasi esa tuman obodonlashtirish boshqarmalari tarkibidagi tashkilotlar edi.
Ushbu tashkilotlarning mutaxassislari o‘zlari javobgar bo‘lgan ariqlar, kollektorlar, kanallar, gidropostlar va boshqa obyektlar qayerda joylashganini ko‘rsatib berdi. Kimdir o‘z chizmalarini ko‘tarib keldi, boshqalar esa shahar xaritasidan ko‘rsatib berdi. Departamentimiz geodezisti Qobil Karimboyev barcha ma’lumotlarni bazaga kiritdi va har bir uchastkaga mas’ullarni, obyekt turlarini, tarmoqlarning yo‘q qilib yuborilgan qismlari va boshqa ma’lumotlarni raqamli xaritaga chiqarib berdi.