Suratda: Ossiano restorani / Atlantis, The Palm
Dubayda
yulduzlar bilan
kechki ovqat
Gazeta — “The Michelin Guide Dubai 2026” yo‘lko‘rsatkichidan o‘rin olgan, atayin sayohatga otlanishga arziydigan restoranlar haqida
Dubayda “The Michelin Guide Dubai” restoranlar yo‘lko‘rsatkichining 5-nashri taqdim etildi. Undan 122 ta maskan o‘rin olgan bo‘lib, shundan 20 tasi — yulduzli restoranlardir. Gazeta muharriri Viktoriya Abdurahimova xalqaro jurnalistlar guruhi tarkibida tantanali marosimda ishtirok etdi hamda odatiy kechki ovqatni aynan nima unutilmas voqeaga aylantirishini tushunish maqsadida bir nechta “Mishlen” restoranlarida bo‘ldi.
Dubayda “The Michelin Guide Dubai” restoranlar yo‘lko‘rsatkichining 5-nashri taqdim etildi. Undan 122 ta maskan o‘rin olgan bo‘lib, shundan 20 tasi — yulduzli restoranlardir. Gazeta muharriri Viktoriya Abdurahimova xalqaro jurnalistlar guruhi tarkibida tantanali marosimda ishtirok etdi hamda odatiy kechki ovqatni aynan nima unutilmas voqeaga aylantirishini tushunish maqsadida bir nechta “Mishlen” restoranlarida bo‘ldi.
Jurnalistikadagi 20 yillik faoliyatim davomida gastronomiya haqida hech yozmagandim. “Mishlen” yo‘lko‘rsatkichi haqida bilganlarim esa dunyoda nufuzi yoki moddiy imkoniyat sabab juda kam sonli odamlargina tashrif buyura oladigan eng sara restoranlarning qandaydir ro‘yxati borligi bilan cheklanardi, xolos. Bunday restoranlarga tashrif buyurishga muvaffaq bo‘lganlar esa buni xuddi Olimp ma’budlari ziyofatida bo‘lib, ambroziya, nektar va boshqa noz-ne’matlardan bahramand bo‘lgandek esga olishadi. Restoranlar ro‘yxatini har yili birdek hayrat va dahshat uyg‘otadigan anonim inspektorlar tuzadi va yangilab boradi.

Виктория Абдураҳимова
Gazeta муҳаррири
“Qizil yo‘lko‘rsatkich”ning deyarli muqaddas sanaladigan maqomini kino san’ati ham tasdiqlaydi. Masalan, “Ziravorlar va ehtiroslar” (2014) hamda “Shef Adam Jons” (2015) filmlarining bosh qahramonlari uni “Muqaddas kitob”ga (“Bibliya”) qiyoslashadi. Ushbu Gollivud filmlarida restoranlarning kelajagi ham, bosh oshpazlarning karerasi ham aynan “Mishlen” yulduzlariga bog‘liq edi.
“Nobu Dubai” restorani terrasasi, “Atlantis, The Palm”.
“Michelin Selected” toifasi
Haqiqiy hayotda esa “Mishlen” shunchaki maqsad emas, balki kasbiy rivojlanish uchun zarur bo‘lgan rag‘bat va e’tirof. Yo‘lko‘rsatkich, birinchi navbatda, oshxona sifatini hamda shu nuqtai nazardan bosh oshpaz va uning jamoasi mahoratini baholash uchun mo‘ljal vazifasini o‘taydi, unda qayd etilgan restoranlar soni esa muayyan shahar va butun mamlakatning gastronomik madaniyati darajasini belgilovchi ko‘rsatkichlardan biridir.
Restoranlarga yulduzlarni kim, qanday va nima maqsadda beradi?
“Michelin qizil yo‘lko‘rsatkichi” 1900-yildan beri chop etib kelinadi. Uni dunyoning yetakchi shina ishlab chiqaruvchilaridan biri — “Compagnie Générale des Établissements Michelin SCA” (yoxud “Michelin”) kompaniyasi nashr qiladi.

Dastlabki o‘n yilliklarda yo‘lko‘rsatkich haydovchilarga yo‘lda asqotgan. Uning sahifalarida xaritalar, yonilg‘i quyish shoxobchalari, ustaxonalar, mehmonxonalar va umumiy ovqatlanish joylarining manzillari berib borilgan. 1920-yillarning oxiriga kelib, restoranlarga oid qism alohida nashrga aylandi.

1926-yilda yo‘lko‘rsatkich ilk bor restoranlarga yulduz bera boshlagan — o‘shanda faqat bitta yulduz berilar edi. 1931-yilda esa muassasalarni yulduzlar bilan baholash va ularni tavsiyalar ro‘yxatiga kiritishning uch bosqichli tizimi joriy etildi.
Xuddi 90 yil avvalgidek, hozir ham yo‘lko‘rsatkich uchun anonim inspektorlar ishlaydi. Ular restoranlarga oddiy mehmon sifatida tashrif buyurib, oshxonaga baho berishadi. Bu vazifani yuksak darajada bajarishga professional tajriba imkon beradi — shtatdagi ko‘pchilik xodimlar HoReCa yoki media sohasida ishlash tajribasiga ega.

Yulduzlarni berish to‘g‘risidagi qaror turli inspektorlarning turli vaqtlarda restoranga qilgan bir necha tashrifi yakunlariga ko‘ra, jamoaviy tarzda qabul qilinadi.

Baholash mezonlari beshta: masalliqlar sifati, ta’mlar uyg‘unligi, oshpazlik texnikasini mukammal egallaganlik, bosh oshpazning o‘ziga xos uslubi va oshxonaning barqarorligi — taomlar sifati uzoq vaqt davomida birday yuqori bo‘lib qolishi lozim.
Bitta yulduz restoranning oshxonasi e’tiborga loyiq ekanini bildiradi. Ikkita yulduz bilan hatto rejalashtirilgan marshrutni o‘zgartirishga arziydigan maskanlar taqdirlanadi. Uchta yulduzga esa borib ko‘rish uchun atayin sayohatga otlanishga arziydigan restoranlar sazovor bo‘ladi. Ba’zan gap boshqa shahar yoki hatto boshqa mamlakat haqida borishi mumkin.
Yo‘lko‘rsatkichda boshqa farqlovchi belgilar ham bor. Masalan, “Bib Gourmand” 1997-yildan buyon hamyonbop narxda mazali taomlanish mumkin bo‘lgan restoranlarga beriladi. “Selected” toifasiga esa inspektorlar saralovidan o‘tgan, lekin alohida belgilarga ega bo‘lmagan, tashrif buyurish tavsiya etiladigan maskanlar kiritiladi.
122 ta restoran, 38 xil oshxona:
Dubaydagi “Mishlen” yo‘lko‘rsatkichi o‘zi nima?
2026-yilga kelib “Michelin qizil yo‘lko‘rsatkichi” 25 dan ortiq mamlakatni qamrab oldi. Markaziy Osiyo hozircha uning geografiyasidan chetda qolayotgan bo‘lsa, Fors ko‘rfazi mintaqasida yo‘lko‘rsatkich BAA, Qatar va Saudiya Arabistonidagi restoranlarga yulduzlar taqdim etib, ularni o‘z tavsiyalariga kiritib ulgurgan.

“Mishlen” yo‘lko‘rsatkichida e’tirof etilgan muassasalar soni bo‘yicha 178 ta bilan Amirliklar yetakchilik qilmoqda. Ularning uchdan ikki qismi so‘nggi yillarda jahonning gastronomik poytaxti sifatidagi nufuzini mustahkamlash ustida izchil ish olib borayotgan Dubay hissasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu nufuzli “qizil yo‘lko‘rsatkich” Yaqin Sharqdagi faoliyatini 2022-yilda aynan shu shahar restoranlari saralovi bilan boshlagan edi.
Oktyabr oyi boshida Dubayda “The MICHELIN Guide Dubai” yo‘lko‘rsatkichining beshinchi nashri taqdim etildi. Undan 122 ta restoran o‘rin olgan bo‘lib, bu ilk sondagiga nisbatan deyarli ikki barobar ko‘p. Ular mahalliy va xorijlik oshpazlar tomonidan rivojlantirilib, o‘ziga xos tarzda talqin qilib kelinayotgan dunyoning 38 xil milliy oshxonalarini taqdim etadi. Ular orasida zamonaviy Skandinaviya oshxonasining eng mashhur namoyandalaridan biri Byorn Fransen, turli mamlakatlardagi restoranlari jami 18 ta “Mishlen” yulduziga sazovor bo‘lgan fransiyalik oshpaz Yannik Alleno, o‘z mualliflik oshxonasida Markaziy Osiyo an’analariga, xususan, o‘zbek pomidorlariga murojaat qiladigan turkman millatiga mansub rossiyalik oshpaz Arslan Berdiyev va boshqa ko‘plab taniqli ijodkorlar bor.
реклама
реклама
“
“Bunday uyg‘unlik o‘z gastronomik qiyofasini shakllantirayotgan va butun dunyo pazandalik an’analari uchun ochiq bo‘lgan Dubay shahrining o‘ziga xos xususiyatini aks ettiradi. Rivojlangan mehmondo‘stlik sohasi shaharning global gastronomik yo‘nalish sifatidagi nufuzini mustahkamlashga qaratilgan intilishi, shijoati va qat’iyatini namoyon etib, tansiq taom ixlosmandlariga bu yerga qayta-qayta tashrif buyurish uchun yetarli asos beradi”, — dedi taqdimotda “Michelin” yo‘lko‘rsatkichining xalqaro direktori Gvendal Pullenek.
Bugungi kunda Dubayda uch yulduzli restoranlar soni ikkita. “Trèsind Studio” “Street Regis Gardens”da joylashgan bo‘lib, tashrif buyuruvchilarga zamonaviy talqindagi hind taomlarini taklif qiladi va yo‘lko‘rsatkichdan 2022-yildan beri o‘rin olib kelmoqda. Oshxonasiga bosh oshpaz Himanshu Sayni rahbarlik qiladigan mazkur maskan uchinchi yulduzini 2025-yilda qo‘lga kiritdi.

Yapon va Skandinaviya nafasi ufurib turgan zamonaviy Yevropa oshxonasiga ega, “FZN Dubai by Björn Frantzén” restorani “Atlantis, The Palm” mehmonxonasida joylashgan bo‘lib, o‘tgan yili yo‘lko‘rsatkichga ilk bor kiritildi — va birdaniga uchta yulduzga loyiq ko‘rildi.
Inspektorlar to‘rtta restoranni ikkita “Mishlen” yulduzi bilan e’tirof etdilar: “Il Ristorante-Niko Romito”, “Row on 45”, “STAY by Yannick Alléno” va “Orfali Bros”. Reytingning ko‘tarilishi “Orfali Bros” restoraniga dunyoda ikki yulduzga sazovor bo‘lgan, Yaqin Sharq oshxonasi taomlarini taqdim etuvchi ilk maskan bo‘lish imkonini berdi.

Bir yulduzli restoranlar soni 12 tadan 14 taga yetdi.

“Bib Gourmand” toifasida 22 ta muassasa e’tirof etilgan bo‘lsa, 80 ta restoran “Selected” toifasidan joy oldi.
“
“Bu yilgi natijalar ayniqsa quvonarli. Ular sohaning yuqori standartlarni saqlab qolayotgani va rivojlanishda davom etayotganini ko‘rsatmoqda. (...) Tan olingan restoranlar o‘zlariga qo‘yilgan yuksak talablarni qat’iy saqlab qolmoqda, yangi loyihalar, shu jumladan, mahalliy loyihalar ham kuch to‘plab, e’tirof qozonmoqda. Bularning barchasi oshpazlik mahorati oshib borayotganidan dalolat beradi (...)”, — dedi Dubay Iqtisodiyot va turizm departamenti (“Visit Dubai”) tarkibiga kiruvchi Dubay turizm va tijoriy marketing korporatsiyasi (DCTCM) bosh direktori Issam Kazim.
Yangi yo‘lko‘rsatkichning tantanali taqdimoti 2023-yilda ham xuddi shunday tadbirga mezbonlik qilgan muhtasham “Atlantis The Royal” mehmonxonasida bo‘lib o‘tdi. Bu joyning tanlanishiga sabab faqatgina muvaffaqiyatli tajriba emas. “The World’s 50 Best Hotels 2026” jahon reytingida to‘rtinchi o‘rinni egallagan bu besh yulduzli mehmonxona hududida “Mishlen” inspektorlari e’tirofiga sazovor bo‘lgan beshta muassasa joylashgan. Ulardan biri taniqli britaniyalik oshpaz Heston Blyumental rahbarlik qiladigan bir yulduzli “Dinner by Heston Blumenthal” restoranidir. Shuningdek, yo‘lko‘rsatkich “Arinana’s Persian Kitchen”, “La Mar by Gastón Acurio”, “Estiatorio Milos” va “Carbone Dubai” kabi maskanlarga ham kirib o‘tishni tavsiya qiladi.
Dubaydagi tashrif buyurishga arziydigan
oltita “Mishlen” restorani
Manzil: Dubai Marina, Al Emreef Street, Grosvenor House, 2-bino, 45-qavat
“Row on 45” restorani “Dubai Marina” rayonidagi “Grosvenor House” mehmonxonasining 45-qavatida joylashgan. Bu yerning bosh qahramoni — xalqaro faoliyatini Gordon Ramzining restoranlar guruhida boshlagan taniqli britaniyalik oshpaz Jeyson Atertondir. Uning Londondagi ikkita restorani — “Maze” va “Pollen Street Social” (ikkisi ham hozirda yopilgan) — hamda Nyu-Yorkdagi “The Clocktower” o‘z vaqtida bittadan yulduzga loyiq ko‘rilgan. Dubaydagi loyihaga esa “Mishlen” inspektorlari ochilganidan to‘qqiz oy o‘tib — 2024-yilda birdaniga ikkita yulduz taqdim etdi.
Restoran ilk daqiqalardanoq kishida chuqur taassurot qoldiradi. Uning interyeri hashamatli qirollik saroyini eslatadi: devorlarga gobelenlar tutilgan, yumshoq mebellarni hashamdor torsherlar bezab turibdi. Nigoh beixtiyor tilla hoshiyali suratlarga tushadi — sinchiklab qaralganda, ularga kimdir haddan tashqari qo‘rslik va bepisandlik bilan “tuzatish” kiritgani, hatto shunchaki bo‘yoq sachratib ketganini ko‘rish mumkin.
Saroyga xos hashamat ortidan bo‘y ko‘rsatib turgan bu isyonkorona ruh o‘ziga xos tarzda fransuz pazandachilik texnikasi va yapon mahsulotlarini uyg‘unlashtirgan Aterton oshxonasi bilan hamohang. Bosh oshpaz tajriba qilishdan qo‘rqmaydi, lekin bu shunchaki maqsad emas. Uning izlanishlari doim aniq hisob-kitob va qanday natijaga erishishni chuqur anglashga asoslanadi.
реклама
реклама
Kichik va shinam bu restoranda atigi 22 ta o‘rin bor. Mehmonlarni panoramali derazalar va nafis barga ega launjda kutib olib, u yerda yengil mualliflik tamaddilarini taklif qilishadi. So‘ngra ochiq oshxonali asosiy zalga kuzatib qo‘yishadi, bu yerda asosiy taomlar tortiladi: shirin amaebi krevetkasi, Satsuma Gyu A4 vagyu mol go‘shti, KUTCHAN 540 — ikki gradus haroratda 540 kun saqlangan kartoshka, unga kombu murabbosi, otoro tunetsi, ikra hamda yudzuli sabayon qo‘shib tortiladi. Yangi va sorbet ko‘rinishidagi yapon qovuni tatib ko‘rilgach, mehmonlarga kechani shinamgina kutubxonada qahva va istalgancha shirinliklar bilan davom ettirish taklif etiladi.
“Row on 45”ga tashrif buyurish uchun jami 3–4 soat vaqt ajratish kerak bo‘ladi: 17 ta taomdan iborat degustatsiya setini tatib ko‘rishga 2,5 soat ketadi, qolgan vaqtda esa har jihatdan ajoyib bo‘lgan bu maskanni tark etish uchun o‘zingizda kuch to‘playsiz.
Manzil: Jumeirah 2, Jumeirah Bay Island, Bvlgari Resort Dubai, 4-qavat
“Hōseki” — Yaqin Sharqdagi Mishlen yulduziga sazovor bo‘lgan ilk sushi restorani. Bunga restoran 2022-yilda muvaffaq bo‘ldi va o‘shandan beri o‘z maqomini muntazam ravishda tasdiqlab kelmoqda. Maskan “Jumeirah Bay” orolida, “Bulgari Resort Dubai” mehmonxonasining to‘rtinchi qavatida joylashgan. Balkonidan shahar va Fors ko‘rfazi manzarasi ochiladi.

“Hōseki” so‘zi yapon tilidan “qimmatbaho tosh” deb tarjima qilinadi. Oshxonaga rahbarlik qilayotgan oltinchi avlod sushi ustasi Masaxiro Sugiyamani xuddi shunday javohir deb hisoblash mumkin. U Tokioda tug‘ilib tahsil olgan, professional mahoratini esa, jumladan, “Sushi Kanesaka” restoranida oshirgan.
Restoran “omakase” formatida faoliyat yuritadi, ya’ni unda mehmon taom tanlashni bosh oshpazga ishonib topshiradi. Sugiyama menyuni tashrif buyuruvchilarning xohish-istaklari, fasl va to‘g‘ridan-to‘g‘ri Yaponiyadan keltiriladigan mahsulotlarni inobatga olgan holda tuzadi. Bosh oshpaz ta’minotchilar bilan shaxsiy aloqalarni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, mahsulotlarni aynan muayyan ishlab chiqaruvchilardan buyurtma qiladi va hatto vasabi yetishtiriladigan fermalarni ham o‘zi tanlaydi.
“Hōseki” oshxonasining butun jozibasi, mening nazarimda, — ta’mlarning soddaligi va sofligida bo‘lib, ular xoh turli xil tunes, yapon stavridasi, kambala bo‘lsin, xoh dengiz tipratikani yoki qirol qisqichbaqasi bo‘lsin, mahsulotlarning favqulodda yangiligi tufayli to‘liq namoyon bo‘ladi.
Katta peshtaxta ortida o‘tirib, mohir ustaning qanday ishlayotganini kuzatish o‘zgacha bir zavq: u pichoqni ustalik bilan ishlatadi, silliq va ayni paytda juda tez harakatlar bilan sushi yasaydi. Sugiyama juda hazilkash hamda samimiy va ochiqko‘ngil inson sifatida yoqimli taassurot qoldiradi.
Manzil: Jumeirah 1, Al Wasl Road, Wasl 51 Mall
Ochiq oshxonali, ixcham va juda shinam “Orfali Bros” bistrosi Jumeyra tumanidagi “Wasl 51” savdo majmuasida joylashgan. Unga Dubay gastronomik sahnasi yulduzlari — Suriyaning Halab shahridan kelgan aka-uka Muhammad, Vasim va Umar Orfali asos solgan.

Ular o‘z oshxonasini zamonaviy Yaqin Sharq oshxonasi deb ta’riflaydi, shu bilan birga o‘zlarini mintaqa doirasi bilangina cheklab qo‘ymaydi. Menyudan Halabning gastronomik an’analari, mahalliy mahsulotlar hamda turli mamlakatlarning pazandalik usullari o‘ziga xos tarzda uyg‘unlashgan taomlar o‘rin olgan.
Aka-ukalarning kattasi, o‘ziga rom etuvchi Muhammad Orfali — illyuzionist-oshpaz. Unda mehmonga taom tortishdan ko‘ra, uyiga esdalikdek olib ketadigan unutilmas taassurot qoldirish muhimroqdek tuyuladi.
Eng hayratlanarli pazandalik tryuklaridan biri — bulg‘or qalampiridan tayyorlangan basturma. Sirlar “fosh” bo‘lguniga qadar o‘zingizni xuddi haqiqiy qoqlangan go‘sht yeyotgandek his qilasiz. Yoki makkajo‘xori birdaniga bir nechta shakl va teksturada namoyon bo‘ladigan “Corn Bomb” yeguligi ham shular jumlasidan.

Taomlarning tortilishi ham o‘zgacha hayrat uyg‘otadi. Gaspacho variatsiyasi — pomidor, yangi va quritilgan qulupnay, kolrabi, shirin no‘xatdan tayyorlanib, qarshingizga yaxlit muz bo‘lagida tortiladigan “Mirage” sho‘rvasini esa esdan chiqarish mumkin emas.
Alkogolsiz ichimliklar ham alohida diqqatga sazovor. Aka-ukalarning o‘z fermentatsiya laboratoriyasi bo‘lib, u yerda kombucha, tepache, amazake va boshqa ichimliklar bilan tajribalar o‘tkazishadi. Jarayonda eng turfa xil masalliqlar — malina va chakandadan tortib yapon guruchi, yudzu va dudlangan olchagacha ishlatiladi. O‘zgachaligi bilan taomlardan aslo qolishmaydigan ushbu ichimliklarni degustatsiya tushligi yoki kechki ovqatiga alohida set sifatida buyurtma qilish mumkin.
Manzil: Palm Jumeirah, Crescent Road, Atlantis The Palm
“Hakkasan Dubai” restorani “Atlantis, The Palm” mehmonxonasida joylashgan. Bu yerda an’anaviy xitoycha retseptlar va uslublar yangicha talqin qilinib, zamonaviy kanton oshxonasi taomlari tayyorlanadi.

Restoranning eng asosiy xos taomi — Pekincha o‘rdak bo‘lib, odamlar bu yerga aynan u uchun kelishadi. U butun holida keltiriladi va bevosita mehmonlarning ko‘z o‘ngida tilimlanadi. Qarsildoq o‘rdak terisi va yumshoq go‘shti bilan birga yupqa blinchiklar, to‘g‘ralgan bodring va ko‘k piyoz tortiladi. So‘ng har kim o‘z ta’biga ko‘ra sous qo‘shib, xuddi “tako” kabi o‘rab tanovul qiladi.
Mehmonlar orasida dimsamlar juda mashhur. Bu — an’anaviy xitoycha yeguliklar bo‘lib, ular orasida turfa xil qiymali chuchvaralar ham bor. “Hakkasan”da ular, masalan, vagyu go‘shti, lobster, dengiz taroqchasi, qisqichbaqa va sabzavotlar bilan tayyorlanib, an’anaviy bambuk savatchalarda hamda tarelkada tortiladi.

Salatlardan esa qarsildoq o‘rdak go‘shti, pomelo, kedr yong‘og‘i va shalot piyozidan tayyorlangan “Crispy Duck Salad” juda ajoyib tanlov.
реклама
реклама
Shirinlik ixlosmandlari esa “Milk Chocolate & Hazelnut Parfait” — o‘rmon yong‘og‘i va iliq shokoladli praline qo‘shilgan, “Ferrero Rocher”ni eslatuvchi, lekin undan ham mazaliroq bo‘lgan shokoladli desertni albatta tatib ko‘rishlari kerak.
Manzil: Palm Jumeirah, Crescent Road, Atlantis The Royal
“Estiatorio Milos” restorani “Atlantis The Royal”da joylashgan. Bu Kostas Spiliadis tomonidan asos solingan yunon oshxonasi restoranidir. Ilk “Milos”ni u 1979-yilda Monrealda ochgan, vaqt o‘tishi bilan esa loyiha xalqaro tarmoqqa aylangan.

Bu yerda asosiy e’tibor baliq va dengiz mahsulotlariga qaratilgan. Mehmonlar o‘zlari tatib ko‘rmoqchi bo‘lgan mahsulotni bevosita tanlay olishlari uchun ular muz ustiga terib qo‘yiladi. Mahsulotlar O‘rta dengiz havzasidan keltiriladi va asosan oddiy usulda pishiriladi. Masalan, baliq grilda qovuriladi yoki tuzli qobiqda dimlab pishiriladi.
Menyuda yunon oshxonasining boshqa taomlari ham bor: yetiltirilgan feta pishlog‘i va sersuv pomidorlardan tayyorlangan salatdan tortib, grilda pishirilgan sakkizoyoq hamda yangi yopilgan non bilan tortiladigan an’anaviy gazaklar — mezegacha tanlash mumkin.
Manzil: Palm Jumeirah, Crescent Road, Atlantis The Palm
“Nobu Dubai” restorani “Atlantis, The Palm” mehmonxonasining 22-qavatida joylashgan. Fors ko‘rfazi manzaralari ochiladigan panoramali derazalarga ega ushbu maskanda Peru ta’siridagi yapon taomlari tayyorlanadi — bu uyg‘unlik bosh oshpaz Nobu Matsuxisaning tashrif qog‘oziga aylangan.

Eng mashhur taomlardan biri — miso bilan tayyorlanadigan qora treska. Baliq bir necha kun marinadlanadi, so‘ngra pishiriladi. Natijada u shirinroq, qizg‘ish qobiqli va mayin ta’mli bo‘lib chiqadi. Yana bir o‘ziga xos taom — xalapeno, sarimsoq, kashnich hamda sitrus-soya sousi qo‘shilgan sariqdum balig‘idan tayyorlangan sashimidir. Bu yerdagi qaymoqli-o‘tkir sous va yudzu bilan tortiladigan tempura qisqichbaqalari ham juda tansiq.
“Nobu”da taomlarni umumiy stolga buyurtma qilish taklif etiladi: dastlab sovuq gazaklardan boshlab, keyin issiq taom yoki sushiga o‘tish, kechki ovqatni esa shirinlik bilan yakunlash mumkin.

Shirinliklar orasidagi durdona — “Miso Cappuccino”. U xuddi kapuchinodek ko‘rinadi va sopol finjonda tortiladi. Mayin qahva ko‘pigi ostida uch qavatli lazzat yashiringan: o‘ta nozik krem-bryule, pekan yong‘og‘idan tayyorlangan krambl va vanilli muzqaymoq. Restoranga birgina mana shu shirinlik uchun ham kelsa arziydi.

Bosh oshpazning didiga ishonishni ma’qul ko‘radiganlar uchun esa omakase degustatsiya menyusi bor.

Matn muallifi: Viktoriya Abdurahimova.

Materialda muallif fotosuratlari, shuningdek, Dubay iqtisodiyot va turizm departamenti (DET) taqdim etgan fotosuratlardan foydalanildi.


Matn va grafik materiallar bo‘yicha barcha huquqlar Gazeta’ga tegishli.

Gazeta internet nashrining saytida e’lon qilingan materiallardan

foydalanish shartlari bilan havola orqali tanishish mumkin.


Qiziqarli voqealarni bilasiz va ularni dunyo bilan bo‘lishishni istaysizmi? Hikoyangizni sp@gazeta.uz manziliga yuboring.

Made on
Tilda