Toshkent shahridagi daraxtlar soni va yashil maydonlar haqida aniq ma'lumotlar mavjud emasligiga qaramay, shaharda yashillik sezilarli darajada kamayganligiga mutaxassislar va poytaxt aholisining ishonchi komil.
"
Hamma narsa pulga borib taqaladi, — deydi "Gazeta.uz"ga O'zbekiston landshaft san'ati uyushmasi raisi Tatyana Yugay. — Shaharda yer — juda katta pul turadi. Istirohat bog'lari ichida mehmonxonalar, bolalar maydonchalari, turar-joy majmualari qurilmoqda".
O'zbekistonda qurilish maydonlari uchun hududlarni tozalashda butun boshli o'rmonlar kesilmoqda. 2019-yilning atigi 9 oyida Ekologiya davlat qo'mitasi tomonidan qurilish ehtiyojlari uchun 63,5 ming tup daraxtni kesishga
ruxsat berilgan — va bu faqat qonun doirasidagisi.
Kesilgan o'simliklarning o'rnini qoplash uchun yangi daraxtlar ekish, kamdan-kam istisnolardan tashqari, hisobdorlik uchungina amalga oshiriladi. Hatto shaharlarimizga bog'larni qaytarish bo'yicha ishlab chiqilgan "Yashil makon" milliy dasturida ham yiliga 200 million tupdan daraxt ekish vazifasi qo'yilgan, ularni o'stirish emas. Shuning uchun daraxtlar ko'pincha sug'orish muammosini hal qilmagan holda o'tqazilmoqda.
O'rmon xo'jaligi instituti ilmiy kotibi Bahram Mamutovning "Gazeta.uz"ga ma'lum qilishicha, shaxsiy kuzatuvlariga ko'ra, poytaxtda ikki metr balandlikdagi "voyaga yetgan" ko'chatlar ekilmoqda, biroq sug'orilmay qolayotgani ularning qizib ketishiga sabab bo'lmoqda. Noodatiy issiq harorat kuzatilgan 2023-yilning iyun oyida, hatto voyaga yetgan daraxtlarning barglari ham issiqdan va suvsizlikdan qovjirab qoldi. Shunday ekan, ildiz tizimi rivojlanmagan va hali yer osti suvlarigacha yetib borolmaydigan yosh daraxtlar haqida nima ham deyish mumkin?!
Tatyana Yugayning so'zlariga ko'ra, Toshkentda daraxtlar yomg'irlatish usulida sug'oriladi — ularga suv favvoralardan yomg'irdek sepiladi. Biroq, bu usul daraxtlarni emas, ko'proq maysazorlarni sug'orish uchun mos, deydi mutaxassis.