FOTO: MUSHTARIY OQBOYEVA / "GAZETA.UZ"
«Cho'l ustidagi hashamat»
Qatar nimasi bilan mashhur?
Qatar — madaniy o'ziga xoslik va zamonaviylikni jam qilgan, dengiz va sahro bag'ridan joy olgan, qolaversa, butun dunyodan kelgan odamlar bir yerda uchrashadigan mamlakat. Atigi 11 571 kvadrat kilometr (butun boshli Toshkent viloyatidan ham kichikroq) hududga ega mazkur arab davlatining poytaxti Doha Fors ko'rfazi suvlari bilan yuvilib turuvchi yarimorolda joylashgan.

"Gazeta.uz" muxbiri Easybooking kompaniyasi tomonidan OAV xodimlari uchun Qatar poytaxti Dohaga uyushtirilgan bir haftalik info-turda bo'lib qaytdi. Ular Toshkentdan Qatarga Centrum Air aviakompaniyasi tomonidan yo'lga qo'yilgan to'g'ridan-to'g'ri reys orqali uchdi.

Mazkur materialda "Gazeta.uz" muxbiri Mushtariy Oqboyeva ko'rgan-kechirganlari, Qatar poytaxtining o'ziga xos maskanlari, qoidalar va baʼzi foydali maslahatlar bilan bo'lishadi.
CEIC Data
CEIC Data maʼlumotlariga ko'ra, 2015-yil dekabrida Qatarga rekord darajada ko'p sayyoh — 2 929 630 kishi kelgan.

Koronavirus tufayli 2020-yilda ko'rsatkich 581 659 kishigacha kamayib ketdi. 2022 yilda Qatar pandemiyadan avvalgi ko'rsatkichlarni yana tiklashga, yana millionlab sayyohlarni jalb qilishga muvaffaq bo'ldi.
Taqqoslash uchun, Qatar O'zbekistondan 40 karra kichik. Mamlakat ichkarisi cho'llardan iborat, qirg'oq chizig'i esa qumtepaliklar bilan qoplangan. Shahar hududini esa, xuddi Dubay kabi, «sahrodan tortib olingan yerlar» deya taʼriflash mumkin. Ayni vaqtda, Qatar nafaqat zamonaviy osmono'par binolari, balki tabiati bilan ham qiziq.
реклама
реклама
Ayniqsa, futbol bo'yicha 2022-yilgi Jahon chempionatidan so'ng mamlakatga qiziqish yana-da ortdi. Aynan shu musobaqa gaz va neftga boy ushbu Yaqin Sharq mamlakatining turizm salohiyati va imkoniyatlarini, o'z bag'rida yashirib yotgan sirlarni butun dunyoga ko'z-ko'z qilish imkonini berdi.
Nega aynan Qatar?
Futbol bo'yicha jahon chempionatiga mezbonlik uchun Qatar ancha tayyorgarlik ko'rdi. Cho'l ustida zamonaviy, ko'ngilochar va diqqatga sazovor obyektlar, osmono'par binolar ko'p. Ularga qarab, «arxitektor xayoliga kelgan istalgan chizmani real hayotda qurib ketavergan» degan o'y o'tishi tabiiy. Binolar arxitekturasining hech biri boshqasini takrorlamaydi. Tiniq suvli plyajlarda syorfing, dayving, kayaking kabi suv sporti turlari bilan shug'ullanish uchun barcha imkoniyat bor.

Qatar poytaxti Doha sayohatchilar uchun qulay: undan dunyoning 150 dan ortiq shaharlariga to'g'ridan-to'g'ri reyslarni amalga oshiriladi. Mamlakat shoping ixlosmandlari uchun ham jozibador manzil: tax free sharofati bilan brend buyumlarni, oltin va elektronika mahsulotlarini juda qulay narxda xarid qilish mumkin.
Qatarda maydan sentabrgacha jazirama yoz - harorat odatda +45 darajadan yuqori bo'ladi. Qatarga ilk bor kelgan odam aeroport eshiklaridan tashqariga chiqishi bilanoq issiq va namgarchilikni his qiladi. Oktabr-noyabrdan to mart-aprelgacha ob-havo nisbatan iliq bo'ladi, havo harorati hatto +12…+15 darajagacha pasayishi mumkin.

Doha ham Dubay kabi subtropik cho'l iqlim zonasida joylashgan bo'lsa-da, Dohada havo salqinroq bo'ladi. Yomg'irlar asosan bahorda, mart oyida kuzatiladi. Qatarda juda ko'p narsaning imkoni bor, juda ko'p narsa qilsa bo'ladi, lekin qorbola yasash yoki qorbo'ron o'ynash uchun imkoniyat deyarli yo'q.
Qatarda maydan sentabrgacha jazirama yoz - harorat odatda +45 darajadan yuqori bo'ladi. Qatarga ilk bor kelgan odam aeroport eshiklaridan tashqariga chiqishi bilanoq issiq va namgarchilikni his qiladi. Oktabr-noyabrdan to mart-aprelgacha ob-havo nisbatan iliq bo'ladi, havo harorati hatto +12…+15 darajagacha pasayishi mumkin.

Doha ham Dubay kabi subtropik cho'l iqlim zonasida joylashgan bo'lsa-da, Dohada havo salqinroq bo'ladi. Yomg'irlar asosan bahorda, mart oyida kuzatiladi. Qatarda juda ko'p narsaning imkoni bor, juda ko'p narsa qilsa bo'ladi, lekin qorbola yasash yoki qorbo'ron o'ynash uchun imkoniyat deyarli yo'q.
Qatar aholisi 3 mln nafardan ortiq
Arablar bu sonning yarmidan kamrog'ini tashkil etadi. Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Shri-Lanka, Nepal kabi Janubiy Osiyo mamlakatlaridan kelib, Qatarda yashab, ishlab qolganlar yetarlicha ko'p.
Rasmiy tili – arab tili
Ingliz tili juda ommalashgan. Ingliz tilini Intermediate (B1) darajasida bilish Qatarda bemalol yurish uchun yetarli. Aynan shu daraja bilan bozorlarda sotuvchilar bilan savdolashib, arzonroqqa xarid qilish imkoni ham bo'ladi.
реклама
реклама
Qatar nimasi bilan boy?
Qatar iqtisodiyotining asosi — gaz va neft qazib chiqarish, uni qayta ishlashdir. Qazilma boyliklardan olingan daromaddan har bir fuqaro o'z ulushiga ega. Barcha qatarliklar hech bir istisnolarsiz boy hisoblanadi, chunki ularning ijtimoiy xarajatlari davlat tomonidan to'liq qoplanadi. Neft va gaz qazib olish umumiy davlat daromadlarining 70 foizidan ortig'ini, yalpi ichki mahsulotning 60 foizidan ortig'ini va eksport tushumining qariyb 85 foizini tashkil qiladi. Qatar dunyodagi uchinchi eng yirik tasdiqlangan tabiiy gaz zaxirasiga ega, uni eksport qilish bo'yicha esa 2-o'rinda turadi. Bundan tashqari YAIMda xizmat ko'rsatish sohasining ulushi ham katta.
Qatarga qanday borish mumkin va bunga qancha pul ketadi?
Eng yaxshi usul — samolyotda uchish. Hozir Centrum Air aviakompaniyasi
Dohaga haftasiga bir marta to'g'ridan-to'g'ri reyslarni yo'lga qo'ygan.
Sayohat uchun Easybooking.uz kompaniyasi taqdim etadigan bir haftaga mo'ljallangan ekskursiya (tur)larni ham sinab ko'rish mumkin.
Turlar 4 mln 700 ming so'mdan boshlanadi.

Buning ichiga quyidagi xizmatlar kiradi:
1
Borish-kelish aviachiptalari
2
Transfer xizmati
3
Mehmonxonada yashash
4
Nonushta
5
Shahar bo'ylab ekskursiya
6
Viza olish xizmati ushbu narx ichiga kiritilmagan
Qatarga ketayotgan kishi o'zi bilan nimalarni olishi kerak?
Qatar – issiq o'lka. Shuni hisobga olib, sayohatchi o'zi bilan yengil kiyimlarni olib, qalin kiyimlarni bemalol uyida qoldirishi mumkin. Pulni, imkoni bo'lsa, naqd AQSH dollari ko'rinishida yoki VISA-kartada saqlash tavsiya qilinadi. Sababi, Qatarda bankomatlar kam uchraydi, valyuta ayirboshlash shoxobchalarida ham biroz byurokratiya kuzatilishi, sizdan viza hujjati va pasport so'ralishi mumkin.

Qatarda sohillar, akva-park va yirik-yirik suv havzalari ko'p. U yerda cho'milish kiyimisiz suvga tushish mumkin emas. Shu sababli ochiq oyoq kiyim va cho'milish kiyimi olish kerak. Issiqda tana kuymasligi uchun yengi uzun kiyimlar kiyish tavsiya etiladi. Qatarda ham istalgan uslubdagi kiyimni kiysa bo'ladi, bunga taqiq yo'q. Lekin, mahalliy aholi o'z qadriyatlariga mos kiyinishdan voz kechmagan. Qolaversa, quyoshdan saqlanish uchun krem va soyabon ham chemodandan o'rin olishi mumkin.

Tamaki chekuvchilar uchun ham har yerda do'kon topish biroz mushkul. Shu sababli bu jihatni ham inobatga olish kerak.
Qatarda qayerlarga borsa bo'ladi?
Qatarga bog'liq so'nggi voqealardan kelib chiqib tavsiya qilish mumkin bo'lsa, u holda yangi qurilgan futbol stadionlari alohida eʼtiborga sazovor.
Dohadagi Flag Plaza ostida suratga tushing
2022-yil oktabrida ochilgan Flag Plaza maydoni poytaxt xaritasida tashrif buyurish kerak bo'lgan maskanlardan biridir. Obyekt Islom sanʼati muzeyi bog'i yaqinida joylashgan bo'lib, u yerga Qatarda o'z vakolatxonasiga ega 119 mamlakat va davlatlararo tuzilmalarning bayroqlari o'rnatilgan (ular orasida O'zbekiston bayrog'i yo'q, chunki obyekt ochilgan vaqtda O'zbekistonning Qatarda diplomatik missiyasi yo'q edi).
Mashinistsiz metropoliten
Qatar metrosi 2022-yilgi futbol bo'yicha jahon chempionatiga mezbonlik qilish rejalarining muhim qismi bo'ldi. 2019-yilda qurilishi boshlangan inshoot hozir to'liq ishlamoqda. Metro mashinistsiz boshqariladi, shunga qaramay juda tez, zamonaviy va xavfsiz. U Dohadagi katta savdo markazlariga ulangan - ularning ichidan chiqmay turib, metroga tushish mumkin.

To'liq avtomatlashtirilgan, uzunligi 60 metr bo'lgan metro poyezdlarining har biri bir vaqtning o'zida 416 yo'lovchini sig'dira oladi, vagonlari esa uch toifaga ajratilgan: standart, oilaviy (11 va undan kichik yoshdagi bolalari bilan qatnaydigan yolg'iz ayollar va erkaklar yoki ayollarning o'zi uchun) va Gold Club Travel Card egalari.

реклама
реклама
Toza va keng, Wi-Fi'ga ham ulanish imkonini beradigan poyezdlar soatiga 100 kilometr tezlikda harakatlana oladi. Metroda bir martalik chipta 2 Qatar riyali (0,55 AQSH dollari)ga teng. Bir kun bemalol yurish imkoniyatini beruvchi standart chipta narxi 6 riyal (1,65 dollar).

Metro platformalari xavfsiz - kutish maydoncha va poyezd yo'li oynavand to'siq bilan ajratilgan. Poyezdga chiqqan yo'lovchi yerosti liniyasini ham bemalol ko'rishi mumkin. Metro qurilishiga futbol sabab bo'lganini vagonlarga bezak sifatida o'rnatilgan sport to'plaridan ham bilsa bo'ladi. Xullas, bo'sh vaqtda aylanish uchun yaxshi attraksion.
The Pearl Island – Qatar marvaridi
Фото: thepearlqatar.com
Dohaning G'arbiy Sohil hududida joylashgan Marvarid oroli baʼzi manbalarda «Arab Rivyera»si deb ham taʼriflanadi. Mintaqadagi eng nufuzli ko'chmas mulk majmualaridan biri hisoblangan mazkur hududda hamma narsa eng mayda detallarigacha o'ylangan.
Qatar marvaridi uchga bo'lingan
1. Venetsiyadan ilhomlangan Qanat kvartali

Rang-barang binolar, go'zal suv havzalari va ko'priklar bilan hayratda qoldiradi. Aynan shu hududda chiroyli fotosuratlar olish, galereya va ijtimoiy tarmoqlarni ajoyib tasvirlar bilan boyitish mumkin.
2. Porto Arabia'ni hashamatli yaxtalar, har qanday didga mos keluvchi restoranlar va zamonaviy turar-joy majmualari bilan jihozlangan zamonaviy O'rtayer dengizi ruhidagi joy deb taʼriflasa bo'ladi.
3. Medina Centrale esa bog'lari, o'yin maydonchalari, ko'plab kafe va do'konlari mavjud qiziqarli hudud.
Baliq Market
Mina tumanida ajoyib baliq bozori bor. Kirishingiz bilan billur devor muzlatilgan baliqlarning yana-da yorqin ko'rinishiga yordam berayotgandek tuyiladi. Bozorda xilma-xil dengiz jonivorlarini topish mumkin.
Qatar milliy muzeyi
Cho'l atirguli
Muzeyning tashqi ko'rinishini yaratishda cho'llarda uchraydigan atirgul shaklidagi kristalldan ilhom olingan. Qatar bozorlarida eng ko'p tarqalgan esdalik sovg'alardan biri ham aynan shu – "cho'l atirguli"dir.

– Milliy muzey 50 riyal sarflab kirishga arziydimi?
– Ha.
Sabablar:
  • Avvalo, binoning noodatiy dizayni va arxitekturasi kishini o'ziga tortadi;
  • Muzeyda Qatar tarixi, buguni va kelajagini shaffof oynalar ortidan ko'rish mumkin;
  • Qatarning neftgacha va neftdan keyinggi hayoti qanday bo'lganini ko'rib, tushunib olsa bo'ladi;
  • Bolalar bilan borsa bo'ladi;
  • Har bir eksponat va tarixiy voqeaning 3D va multiplikatsion tarzdagi talqini mavjud;
  • Qatar ayollarining boshdan kechirgan sinovlari keng yoritilgan;
  • Muzeydagi chiroqlar installyatsiyasini albatta ko'rish kerak. "Sizning miyangiz menga, mening miyam sizga" loyihasi xalqaro miqyosda taniqli shveysariyalik rassom Pipilotti Rist tomonidan yaratilgan.
    реклама
    реклама
    Muzeyda turli millat vakillarini uchratish mumkin, masalan o'zbeklarni ham. Turmush o'rtog'i va qizi bilan muzeyni aylanib yurgan Jamshid Nurmuhammedov ham Qatarga bir haftaga dam olishga kelgan.
    "Qatar havosini biz ham juda issiq deb o'ylagandik, lekin hamma kirgan joylarimizda konditsioner bor. Yaxshi tomonlari - hamma joyda, hatto savdo nuqtalarida ham azon ovozi eshitiladi. Namoz vaqti odam qayerda bo'lishidan qatʼiy nazar, namozini qazo qilmay maxsus ajratilgan joylarda o'qishi mumkin ekan", — deydi u.
    Jamshid
    Nurmuhammedov

    Konditsionerli ko'chalarni ko'rganmisiz?
    Jaziramadan saqlanish uchun nafaqat ichkarida, balki ochiq osmon ostida ham sovuq shabadani his qilish mumkin. Qatar madaniy qishlog'idagi Katara Plaza atrofida konditsionerli ko'cha mavjud. Salqin havodan ichkariga kirganda esa Fransiyaning mashhur do'konlari tarmog'i Galeries Lafayette'ni ham topish mumkin. Do'konlarda mahsulotlar sifati va brendiga qarab, narxlar oshib boraveradi.

    Katara Plaza'dan chiqib, bolalar savdo markaziga, katta sovg'a shaklidagi ulkan binoga borish, u yerdan Qatar ov uyushmasi Al Gannas'ni ko'rgani borish mumkin. Madaniyat qishlog'ida yog'och uychalarda taom sotilayotganini ko'rsangiz, bilingki, siz hozir Tasty Street'dasiz. Kirish bepul, oilaviy dam olish uchun yaxshi manzil.
    Yaqinlarga sovg'ani qayerdan past narxda sotib olish mumkin?
    Dohada esdalik sovg'alarni Suq Voqif bozoridan olish mumkin. Bu shahar markazidagi kiyim, qo'lbola usulda tayyorlangan sumka yoki esdaliklar, sovg'alar, milliy shirinliklar, ziravorlarni arzon narxda olsa bo'ladigan gavjum bir joy. Bozorda mahalliy hamda chet ellik sotuvchilar sizga xushmuomalalik bilan murojaat qiladi. Aylanib yurgan xaridorlarni ko'rib, kim qatarlik, kim esa mehmonligini bilib olsa bo'ladi. Aynan shu manzilda Qatarning mahalliy aholisi qanday hayot kechirishiga guvoh bo'lasiz.
    Bozorda valyutani Qatar riyaliga almashtirib beradigan shoxobcha, undan sal nariroqda esa bankomat mavjud. Bozor rastalarida mamlakat rahbari Tamim bin Xamad al-Tanining portreti tushirilgan buyumlar juda ko'p. Bunday tasvirlarni bozordan tashqari istalgan boshqa jamoat joylarida ham ko'rish mumkin.
    Qatardan esdalik va sovg'a uchun nimalar olib ketish mumkin?
    • Qatar nomi tushirilgan magnitlar (5 riyal)
    • Futbol bo'yicha 2022 yilgi jahon chempionatiga oid suvenir va esdaliklar (20 riyaldan boshlanadi)
    • Cho'l atirguli nomli kristall toshlar (2 tasi 50 riyal)
    • Qamishdan tayyorlangan sumka yoki shlyapalar (50 yoki 60 riyaldan boshlanadi)
    • Ziravorlar (og'irligiga qarab)
    • Shirinlik va quritilgan mevalar (kilosi 20 riyaldan boshlanadi, mahsulot turiga qarab farq qilishi mumkin)
    • Choy (15 riyaldan boshlanadi)
    • Kofe (60 riyaldan boshlanadi)
    • Ayollar kiyimi: abaya (u dizayni va matosiga, qolaversa, sotilayotgan joyiga qarab farqlanadi; 200 riyaldan boshlanadi)
    • Ayollar kiyimi: sharf (30-40 riyaldan boshlanadi)
    • Ko'zoynaklar (brendiga qarab farqlanadi)
    • Kiyimlar (turiga qarab farqlanadi)
    • Atir (turiga qarab farqlanadi)
    • Charmdan tayyorlangan aksessuarlar (50 riyaldan boshlanadi)
    • boshqa buyumlar.
    Tuya va burgutlarni ko'rgani borishni unutmang
    Suq Voqif'ning chekkasida qatarliklarning chuqur hurmatiga sazovor bo'lgan yirtqich qushlar do'koni – Falcon Souq joylashgan. Binoning ko'rgazma zalida lochin va boshqa qushlar yog'och o'rindiqlarda turadi, ularning boshlari odatda oddiy yoki bezakli qalpoqlar bilan yopilgan. Do'kon sotuvchisining nazorati ostida lochinni qo'lga olish mumkin - buning uchun 10 riyal to'lash kerak. Bu yerdagi lochinlar odatda ochiq kimoshdi savdolarida minglab dollarga sotiladi.

    Shuningdek, bozor yaqinida tuyalar saqlanadigan joy ham bor. Ularni suratga olish yoki minib ko'rish ham mumkin (faqat u yerda taralayotgan hid yoqimsizroq bo'lishi mumkin).
    Qatarning Ichki dengizida safari
    Qatar janubidagi Al-Xor Adaid plyaji tasavvur qilish mumkin bo'lgan eng noodatiy, ammo jozibali joylardan biri. U Dohadan taxminan 80 km uzoqlikda joylashgan, unga to'rttala g'ildiragi ham yetakchi bo'lgan yo'ltanlamas mashinada borgan maʼqul. Eng zo'r adrenalinni aynan shu mashinada qumliklar ustida yurganingizda his etasiz. Xavfli attraksionlardan qolishmaydi.

    Aynan shu manzil sahro va dengiz uchrashadigan kam sonli joylardan biri. Dengiz va cho'lni bir nuqtada dunyoning yana 2 joyida: Sahroi Kabir (Janubiy Afrika) va Sahara cho'lida (Marokash) ko'rish mumkin.

    Al-Xor Adaiddagi Ichki dengiz Qatar va Saudiya Arabistonini ajratib turuvchi chegara hisoblanadi. YUNESKO tomonidan tan olingan ushbu hudud baliq ovlash, lager yoki quyoshning suvga qarab botib borishini tomosha qilish uchun juda mos keladi.
    Eshkak eshishni sevuvchilar maskani
    Al-Xor shahridan shimolda joylashgan Al Thakira Mangroves kayaking, yaʼni baydarkada eshkak eshish uchun qulay joy. Suv juda chuqur emas. Atrofni yashil butasimon daraxtlar qoplab turadi, hech qanday xavfli yirtqich suv hayvonlari uchramaydi. Shuningdek, unga yaqin joyda Binafsha orol ham bor - nomi shunday bo'lgani bilan, orol asosan yashil rangda. Bu joyda ham sport bilan shug'ullanish, ham chiroyli suratlar olish mumkin.
    Hilton Salva & Beach Resort
    Majmua qayiqda suv sporti bilan shug'ullanish va delfinlarni tomosha qilishga taklif etadi. Mehmonxona yonidagi plyajda maxsus kemalar bor. Unga o'tirib, dengiz tomon suzing va delfinlarning ajoyib harakatlariga guvoh bo'ling. Undan qaytgach, maxsus rezina qayiqlarga o'tirib, haqiqiy suv sporti zavqini his qilib ko'ring.
    Qatar Venetsiyasi
    Venetsiyaning kichik bir nusxasi bo'lgan Villaggio Mall'ga shoping uchun boriladi. Dohaning g'arbiy chekkasidagi Al-Vaʼb ko'chasida va Aspire hududida joylashgan ushbu savdo markaziga har kuni o'rtacha 50 ming kishi tashrif buyuradi.

    U ham boshqa savdo markazlari kabi - atrof to'la do'konlar (Louis Vuitton, Christian Dior, Gucci, Valentino va Dolce Gabbana kabi hashamatli brendlar magazinlari haqida gapirmasa ham bo'ladi), savdo rastalari, ovqatlanish shoxobchalari, ko'ngilochar maskanlar.
    реклама
    реклама
    Qatar aeroporti bog'ini aylanib chiqishni unutmang
    Avvalo, yuklarni ro'yxatdan o'tkazib bo'lgan yo'lovchi chiqish darvozasiga borguncha unga ulkan sariq ayiq unga oq yo'l tilaydi. Qatar aeroportidan uchib ketish uchun darvozalar ko'p va unga yetib olguncha yana bir haydovchisiz maxsus poyezdga chiqish kerak bo'ladi. Undan tushib, yuqoridagi yozuvlarga adashmay kutish joyiga qarab yurish kerak bo'ladi. Aeroport ichida yo'lovchilar kutish vaqtini faqat bino devorlari yoki do'konlarga termulib emas, balki haqiqiy bog'ni aylanib yoki o'sha yerda uxlab o'tkazishlari mumkin.

    Aeroportda cho'milish, sport yoki SPA-markaziga kirish, shug'ullanish yoki dam olib, uxlab olish ham mumkin edi. Biroq Centrum Air samolyoti yo'lovchilarni qabul qilishni boshladi. Yana Qatarda ko'rishguncha!
    Materialni Mushtariy Oqboyeva tayyorladi.
    Fotosuratlar muallifi: Mushtariy Oqboyeva/ «Gazeta.uz».

    «Gazeta.uz» muallifligidagi grafik materiallar, shuningdek, matnga bo'lgan huquqlar «Gazeta.uz»ga tegishli. «Gazeta.uz» internet-nashri saytiga joylashtirilgan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

    Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O'z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

    Made on
    Tilda