Dubayga tashrif buyuruvchilarning aksariyati dunyodagi eng gavjum aeroportlardan biri hisoblangan Dubay xalqaro aeroportiga (DXB) qoʻnadi. Shu sababdan ham aeroport doim yoʻlovchilar bilan gavjum. Lekin shahar janubida yana bir boshqa tayyoragoh — Al-Maktum aeroporti (DWC) ham boʻlib, unda harakatlanish erkinroq, navbatda turmasdan nazoratlardan bemalol oʻtish mumkin. Shahardan 30 daqiqalik masofada joylashgani uchunmi, bu aeroportda reyslar nisbatan kam.
Pasport nazorati vaqtida qoʻlingizga ichida 24 soat davomida foydalansa boʻladigan, 1 Gb internet paketi bor bepul sim-karta tutqaziladi. 1 sutkadan soʻng uning hisobini oʻzingiz toʻldirib, bemalol foydalansangiz boʻladi.
Dubay toʻqqizta tumanga boʻlingan, ularning har biri oʻnlab kichik hududlardan iborat: tarixiy va zamonaviy, goʻzal va oddiy, boy va qashshoq, xavfsiz va xatarli. Umuman olganda, shaharni bir nechta shartli zonalarga boʻlish mumkin:
Downtown — boshni aylantiruvchi osmonoʻpar binolar, goʻzal xiyobonlar va ulkan savdo markazlari joylashgan hudud;
Jumeirah — toza dengiz va uning boʻyidagi turar-joylar, keng qumli plyajlar va rivojlangan infratuzilma hududi;
Jumeirah palma oroli — besh yulduzli mehmonxonalar, hashamatli restoranlar va komfort plyajlar hududi;
Deira — sharq bozorlarini oʻzida jamlagan eng qadimiy hudud;
Bur Dubai — anʼanaviy bozorlar va etnik restoranlari bilan mashhur boʻlgan hudud;
Marina va Jumeirah — shunchaki plyajdagi dam olishni, zamonaviy restoranlarni va suv mashgʻulotlarini xoʻsh koʻruvchilar hududi;
Al Barsha va Barsha hududlari — butun oila uchun koʻplab qiziqarli tadbirlar topsa boʻladigan, jumladan, brend doʻkonlar, restoranlar, karting va yopiq changʻi kurorti uchun mos hududlar.