Surat: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
Oʻzimiznikilar
Rassom Ronald Klyayer — Niderlandiya va O‘zbekistondagi hayot, oddiy narsalardagi ko‘z ilg‘amas go‘zallik va
o‘zbekistonliklarning mingta portreti haqida
Ronald Klyayer — niderlandiyalik rassom, Gaagadagi Qirollik san’at akademiyasi bitiruvchisi. 1997-yilda u o‘z orzusiga ergashib — rangtasvir bilan shug‘ullanish maqsadida O‘zbekistonga ko‘chib kelgan. Hozir Toshkentda yashaydi va Toshkent xalqaro maktabida (TIS) dars beradi. Biz rassom bilan shahar va mamlakat haqidagi ilk taassurotlari, asosiy ko‘rgazma loyihalari hamda nima uchun anchadan beri begona yurtda o‘zini o‘zga sayyoralikdek his qilmay qo‘ygani haqida suhbatlashdik.
Ronald Klyayer — niderlandiyalik rassom, Gaagadagi Qirollik san’at akademiyasi bitiruvchisi. 1997-yilda u o‘z orzusiga ergashib — rangtasvir bilan shug‘ullanish maqsadida O‘zbekistonga ko‘chib kelgan. Hozir Toshkentda yashaydi va Toshkent xalqaro maktabida (TIS) dars beradi. Biz rassom bilan shahar va mamlakat haqidagi ilk taassurotlari, asosiy ko‘rgazma loyihalari hamda nima uchun anchadan beri begona yurtda o‘zini o‘zga sayyoralikdek his qilmay qo‘ygani haqida suhbatlashdik.
“O‘zimiznikilar” — Gazeta va “Yangi O‘zbekiston” universitetining (New Uzbekistan University) birgalikdagi loyihasi. U yashash uchun O‘zbekistonni tanlagan xorijliklarni uchratganimizda yoki ular bilan tanishganimizda bizda doim beixtiyor uyg‘onadigan qiziqishdan kelib chiqdi. Tahririyat qahramonlar bilan birga odamlar nima uchun mamlakatimizga ko‘chib kelib, shu yerda yashab qolayotgani, uni nima uchun yoqtirishi, o‘zbekistonliklardan nimalarni o‘rganishi va qanday o‘zgarishlarni kutayotganini tushunishga urinadi.
Niderlandiyadagi bolalik, antikvar soatlar va rok musiqasi haqida
Mendan qayerlik ekanimni so‘rashsa, Gaagadanman deb aytaman. Bu Notdorp deyishdan ko‘ra osonroq. Men tug‘ilgan shaharcha shunday ataladi. U Gaagadan 7-8 km uzoqlikda joylashgan. Odatiy golland qishlog‘i: kichkinagina, shinam, atrofi yashil dalalar bilan o‘ralgan. Aholisi yetti ming kishi atrofida. Diqqatga sazovor joylaridan bir nechta katolik va protestant cherkovlari bor. Mashinalar kam. Istalgan nuqtaga velosipedda yetib olish mumkin edi, bolaligimda men ham shunday qilardim.
Otamning kasbi mexanik. Gaaga bilan Rotterdam oralig‘idagi yo‘lning qoq o‘rtasida joylashgan qadimiy Delft shahridagi texnika universitetida ishlagan. Mexanika kafedrasi foydalanadigan barcha texnik jihozlarning sozligiga javob berardi. Onam bilan ham o‘sha yerda tanishgan — u kimyo laboratoriyasida ishlardi. Ular turmush qurishdi. Farzandlar dunyoga keldi: opam Shantal va men.

Biz ulg‘aygunimizcha onam uy bekasi bo‘lib, 14-15 yoshga to‘lganimizda yana ishlay boshladi. Zarurat yuzasidan emas, ko‘proq zavq olish uchun. DA drogeri tarmog‘i do‘konlaridan biriga ishga joylashdi va u yerda parfyumeriya bo‘limini boshqardi. Onam atirlarni juda yaxshi tushunardi va o‘z vaqtida rafiqam Galinani ham “Shanel”ga o‘rgatib qo‘ygandi.
Surat: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
Bizning avlodimizda tasviriy san’at bilan hech kim shug‘ullanmagan. Ona tomondan bobom mohir yog‘och o‘ymakori bo‘lgan. Gaagadagi qirollik oilasiga tegishli uchta saroyning biri — Nordeynde saroyida uning qo‘li bilan ishlangan balkonni ko‘rish mumkin.

Otam universitetdan ketib, mustaqil ishlashga qaror qilgach, sevimli mashg‘ulotini kasbga aylantirdi — soatsoz usta bo‘ldi. Ustiga-ustak, nafaqat bizning shaharchamizda, balki boshqa joylarda ham mashhur edi.

5-6 yoshligimda shanba kunlari Rotterdam yaqinidagi Dordrextga borib, tuzatish uchun soatlar olib kelardik. Dadam bobom qurgan ustaxonaga qamalib olib, ta’mirlashga kirishib ketardi. Antikvar soatlar — fransuz, ingliz, nemis soatlari uning jon-u dili edi. Esimda, bir safar xonalarning birida 30 ga yaqin turli xil model yig‘ilib qolgan: mayatnikli, kakkuli soatlar! Uyda tinimsiz soatlar zangi jaranglab turardi.
Bolaligimda ko‘p vaqtimni otamning ustaxonasida o‘tkazardim, lekin uning qiziqishi menga o‘tmagan. Ehtimol, men ko‘proq onamga o‘xshaganim uchundir — u texnikaga qiziqadiganlardan emasdi. Bu mening ko‘nglimdagi ish emasligini tushunardim. Shunga qaramay, otam menga boshqa muhim narsalarni: doim o‘z vaqtida kelishni, va’dada turishni va o‘z xatti-harakatlarim uchun javob berishni o‘rgatdi. Bir kuni futbol mashg‘ulotini qoldirib, do‘stlarim bilan aylanishga ketdim. Dadam bundan o‘sha kuniyoq xabar topib, nega mashg‘ulotga kelmaganimni tushuntirishim uchun meni murabbiyning oldiga borishga majbur qildi.

Ko‘pchilik bolalar kabi men ham rasm chizishni erta — to‘rt yoshlarimda boshlaganman. Buni unchalik ishtiyoq bilan qilmasdim. Vaqti-vaqti bilan qiziq bo‘lmay qolardi, tashlab ham qo‘yardim. Taxminan 12 yoshimda rok musiqasiga qiziqib qoldim. “Iron Maiden” guruhining ashaddiy muxlisi edim va ularning deyarli barcha albomlarida tasvirlangan Eddi (Eddie the Head) laqabli maskotini tez-tez chizib turardim. Yomon chiqmasdi. Do‘stlarim mendan Eddining rasmini qog‘ozga yoki daftarlariga chizib berishimni so‘ray boshlashdi. Buni bajonidil qilardim, lekin baribir rasm chizishga jiddiy qaramasdim. Bu haqda o‘ylab ham ko‘rmaganman.
Gaagadagi San’at akademiyasi, Rembrandt va Registon haqida
Dam olish kunlari oilamiz bilan ba’zan Amsterdamga borardik. Yo‘lga atigi bir soat vaqt ketsa-da, u yerga yetib olish uzoq deb hisoblanardi. O‘zbekiston uchun bu odatiy hol, Niderlandiya kabi kichik davlat uchun esa bu — “voy xudoyim, buncha uzoq” degani.

Ko‘proq narsa ko‘rish uchun kuni bo‘yi shahar aylanardik. Shu tariqa men birinchi marta Reyksmuzeumga (Niderlandiyadagi asosiy milliy muzey — tahr.) borib qoldim. U yerda golland rassomchiligiga oid katta kolleksiya saqlanadi. Rembrandtning o‘ziga — butun boshli bir zal ajratilgan! Bu ulkan asarlar, qoramtir portretlar mendek murg‘akkina bolakayda juda katta taassurot qoldirgandi. Ehtimol, yillar o‘tib san’at bilan shug‘ullanishdek ongli istak unib chiqqan urug‘ aynan o‘shanda qadalgandir.
Katta bo‘lganimda kim bo‘lishim haqida uncha ko‘p bosh qotirmasdim. Maktabni bitirayotgan yilimda to‘satdan bir qarorga keldim: rassomlik bilan shug‘ullanaman. O‘qishga kirish uchun Gaagadagi Qirollik san’at akademiyasini tanladim, lekin hatto birinchi saralash bosqichidan ham o‘tolmadim, vaholanki, bunday bosqichlar uchta edi. Oqibatda Rotterdam va uning atrofidagi Oliy maktab (HR&O — Hogeschool Rotterdam en Omstreken) talabasi bo‘ldim. Bir haftadan so‘ng kundalik pedagogik ikir-chikirlar va qog‘ozbozlik men uchun emasligini tushundim. Biroq stipendiya uchungina o‘qishni tashlamaslikka qaror qildim.

Bir yildan so‘ng yana badiiy akademiyaga kirishga urinib ko‘rdim — uchinchi saralash bosqichigacha yetib borgan bo‘lsam-da, omadim chopmadi. O‘zimga uchinchi marta urinib ko‘rish imkonini berdim. Agar yana bir yildan keyin ham o‘xshamasa, demak, taqdirimda yo‘q ekan, deb hisobladim. O‘sha paytga kelib akademiyaga kirish maqsadga aylangandi. Men aynan shuni xohlayotganimni aniq bilardim. Va 1993-yilda hammasi amalga oshdi.
Talabalik yillarida. Ronald Klyayerning shaxsiy arxividan olingan surat.
Yoshligimda badiiy didim juda tez o‘zgarib turardi. 1980-yillarda nemis neoekspressionistlari Markus Lyupers va Yorg Immendorfni yaxshi ko‘rardim. Ular ulkan xolstlarga rasm chizishar, ekspressiv tarzda ijod qilishar va menga san’at aynan shunday bo‘lishi kerakdek tuyulardi. Keyinchalik barokko davri rassomlari bilan qiziqib qoldim, so‘ngra abstraksiyaga berildim va dastlabki yillarda o‘zim ham shu uslubda ijod qildim.

1994-yilda onam tug‘ilgan kunimga Sankt-Peterburgga sayohat sovg‘a qildi. Avval hech qachon Rossiyada bo‘lmagandim, lekin Davlat Ermitaji, u yerda Rembrandt kartinalarining eng yirik kolleksiyalaridan biri saqlanishi haqida eshitgandim. Shu bilan birga, men faqat darsliklarda ko‘rgan realist-peredvijniklar — Surikov, Repin, Shishkinlarning asarlari jamlangan Rus muzeyi haqida ham bilardim. Ko‘z oldimda yangi dunyo ochildi. Oldinda esa butun hayotimni ostin-ustun qilib yuborgan yana bir olam kutib turardi.
San’at akademiyasining birinchi kursida o‘qib yurgan kezlarim, keyinchalik bilsam, asli toshkentlik bo‘lgan kursdoshimning ustaxonasiga kirib qoldim hamda devorda Registon tasviri va o‘zbek aviakompaniyasi logotipi tushirilgan “Welcome to Uzbekistan” plakatiga ko‘zim tushdi. Yo Xudoyim! Umrimda bunaqasini ko‘rmagandim. Samarqand haqida ham, O‘zbekiston haqida ham hech narsa eshitmagandim. Markaziy Osiyoda borligini men bilgan yagona mamlakat Qozog‘iston edi — u negadir “Risk” stol o‘yinida tilga olingandi.

Yozgi ta’til nihoyasiga yetayotgan paytda kursdoshim O‘zbekistonga bir-ikki oyga uchib borib kelishni taklif qildi. Nega endi yo‘q? Bu haqiqiy sarguzasht-ku! O‘qituvchimdan o‘qishga belgilanganidan kechroq qaytishga ruxsat oldim. Kursdoshimning qarindoshi menga taklifnoma yubordi. Rossiya elchixonasidan viza olib, Frankfurtdan to‘g‘ridan to‘g‘ri reys bilan Toshkentga uchdim. Orol dengizi ustidan uchib o‘tayotganimizda, “Qanday katta ko‘l”, deb o‘yladim. U esa qurib borayotgan edi. Qoraqalpog‘istondagi fojiadan xabarim yo‘q edi.
Toshkent, rassomlar bilan tanishuv va mehmondo‘stlik madaniyati haqida
1994-yil 30-avgustda bitta chemodan va bir o‘ram xolst bilan Toshkentga qo‘ndim. Aeroportda chiqish joylarini adashtirib, yo‘ldan adashib qoldim. Xodimlar yordam berishdi, yuklar beriladigan joyga kuzatib qo‘yishdi — men o‘zimnikini eng oxirida oldim. Ko‘chada do‘stlar kutib olishdi, mashinaga o‘tqazishdi va biz to‘g‘ri o‘sha oqshom osh berilayotgan Markaziy ko‘rgazmalar zaliga (MKZ) yo‘l oldik. Men hech narsani tushunmasdim: “Qanaqa osh?” (kuladi) Bino menda shunday kuchli taassurot qoldirdiki, birinchi ko‘rgazmam faqat shu yerda bo‘ladi, deb ahd qildim.

Toshkentdagi dastlabki kunlardanoq hayot qizg‘in tus oldi: meni ustaxonalarga olib borishar, rassomlar bilan tanishtirishardi. Futbol va nard o‘ynardik. Birgalikda osh damlardik. Eng hayratlanarlisi, ham san’at muhitida, ham shunchaki shaharda muloqot qilish nihoyatda oson ekanligi edi. Go‘yo atrofdagi hamma bir-birini taniydigandek, barcha do‘stdek tuyulardi. Taksiga o‘tirasiz, gap gapga ulanib ketadi — suhbatni to‘xtatib bo‘lmaydi.

Menga bo‘lgan e’tiborning kuchliligi qisman o‘sha paytda mamlakatda O‘zbekiston dunyoga ochilgan hozirgi davrga nisbatan chet elliklarning kamligi bilan izohlanardi. Ba’zida o‘zimni muzey eksponati yoki o‘zga sayyoralikdek his qilardim, lekin bularning barchasi allaqachon o‘tmishda qoldi.
Mehmondo‘stlik madaniyati ham meni hayratga solardi. Niderlandiyada mehmon — kutiladigan odam. Tashrif haqida oldindan kelishib olinadi. O‘zbekistonda esa tinimsiz mehmonga borardik: avval biror rassomnikiga, keyin uning do‘stlarinikiga, so‘ng do‘stlarining do‘stlarinikiga. Hamma joyda xuddi katta bayramdagidek dasturxon tuzalardi: palov, shashlik, qozonkabob.

Men tez-tez borib turadigan viloyatlardagi chekka qishloqlarda ham notanish odamlar meni uylariga taklif qilishar, mehmon qilishga intilishardi. Avvaliga mezbonlarni xafa qilmaslik uchun taklifni doim qabul qilardim, ammo vaqt o‘tishi bilan muloyimlik bilan rad etishni o‘rgandim. Hech kimni tashvishga qo‘yishni istamasdim, qolaversa, ishga bag‘ishlashim mumkin bo‘lgan vaqtimni ziyofatlarga sarflashga ko‘zim qiymasdi.
Surat: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
Toshkentga kelganimizdan ikki hafta o‘tib, eski bir «Moskvich»ga o‘tirib Samarqandga bordik va u yerda Registonni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Bu haqiqiy mo‘jiza edi! Hayratlanarli tarixiy obidalari hanuzgacha saqlanib qolgan Buxoro va Xivaga ham bordik.

Mendan nega ularni chizmasligimni ko‘p so‘rashadi. Javobi oddiy: rassom sifatida bu go‘zallikka hech narsa qo‘sha olmayman. U shundoq ham namoyon. Menga esa ko‘pchilikning ko‘zi ilg‘amaydigan qandaydir oddiy narsalardan go‘zallik izlash yoqadi. Masalan, eski mototsikllardan. Mahallalarni ularning haqiqiy hayoti, odamlari bilan birga yaxshi ko‘raman. Aynan shularni tasvirlash menga ma’qul.
1997-yilda Qirollik san’at akademiyasini tamomlagach, bu yerda bir yil yashash va orzumni ro‘yobga chiqarish — realizmni o‘rganish, rangtasvir bilan shug‘ullanish maqsadida yana O‘zbekistonga keldim. Do‘stlarim Mirzo Ulug‘bek tumanida ustaxona jihozlashga yordam berishdi. Dastlabki vaqtlar uchun pulim bor edi — Niderlandiyada bir necha oy bo‘yoqchi bo‘lib ishlab, biroz mablag‘ yig‘ib olgandim.

Ostrovskiy nomidagi Teatr va rassomlik institutiga o‘qishga kirib, u yerda O‘zbekiston xalq rassomi Javlon Umarbekov guruhida tahsil oldim. O‘qish menga ijodiy jarayon ichkaridan qanday tuzilganini ko‘rish va Toshkentning ijodkor yoshlari bilan tanishish imkonini berdi.
Rafiqasi bilan uchrashuv, Orol sharpalari va o‘zbekistonliklarning mingta portreti haqida
Kelganimdan bir necha oy o‘tgach, 1997-yilning dekabrida P. P. Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurtida bo‘lajak rafiqam — o‘qituvchi, san’atshunos Galina Luzanova bilan tanishdim. 26 yildan beri birgamiz.

Ilk marta uning tug‘ilgan kunida uchrashib qolgandik. Keyingi safar 1998-yilning fevralida, mening tug‘ilgan kunimda ko‘rishdik. Gala do‘stim — o‘qituvchi va rassom Hasan Aminov bilan meni tabriklash uchun ustaxonamga keldi. U kartinalarni tomosha qila boshladi — o‘shanda men abstrakt uslubda ijod qilardim. Asarlarim ajoyibligini, lekin art-diler sifatida ular kimni qiziqtirishi mumkinligini bilmasligini aytdi. Biroz o‘ylab ko‘rgach, ilk ko‘rgazmamni tashkil etishni taklif qildi. Uning mavzusi Orol dengizi fojiasi bo‘ldi.
Ronald Klyayer rafiqasi Galina bilan Moskvadagi Davlat Sharq muzeyida ko‘rgazma ochilishida.
Ronald Klyayerning shaxsiy arxividan olingan surat.
Qoraqalpog‘istonga bir necha bor safar qildim. Mo‘ynoq bo‘ylab kezdim, plyonkaga suratga tushirdim. Fotoapparat tugmasini tinimsiz bosganim sababli doim plyonka yetmay qolardi.

Qanaqasiga dengiz chekinishi mumkin? Hamisha suv toshqinlariga qarshi kurashib kelgan mamlakat vakili uchun bu voqea fantastika bilan barobar edi. Dengiz bilan birga ranglar ham g‘oyib bo‘lgandi — tevarak-atrof rangsiz va chang-to‘zon. Odamlar hali ham u yerda yashashda davom etyapti — biroq ayni paytda ular yo‘qdek. Qumliklarda qarovsiz qolgan kemalar yotibdi. O‘sha paytda baliq konserva kombinati hali ishlab turgandi. U yerda Kaspiydan keltirilgan baliq solingan konserva bankalarini qo‘lda yopishayotganini tasvirga olishga muvaffaq bo‘ldim.
Tasmaga muhrlangan kuzatuvlardan 25 ga yaqin asar dunyoga keldi va biz ularni 1999-yilda «Orolga nazar» ko‘rgazmasida namoyish etdik. Ko‘rgazma, xuddi orzu qilganimdek, Markaziy ko‘rgazmalar zalida ochildi va katta muvaffaqiyat qozondi. Nazarimda, endi o‘sha turkumdan yaxshiroq narsa yarata olmasam kerak, chunki uning muallifi yosh, hech narsadan tap tortmaydigan va ijodda bilimga emas, ko‘proq his-tuyg‘ularga tayanadigan inson edi. Hozir, ko‘proq realistik uslubda ijod qilar ekanman, o‘zimga bunday erkinlik bera olmayman — ma’lum bir qoidalarga amal qilishga to‘g‘ri keladi.
Gala bilan birgalikda amalga oshirgan yana bir yirik ko‘rgazma loyihamiz “Xalqlar do‘stligi. O‘zbekistonliklarning mingta portreti” deb nomlanadi. U rafiqamga portret chiza olishimni isbotlash maqsadida qilingan 10 yillik mehnat natijasida o‘z-o‘zidan paydo bo‘ldi (kuladi).

Bu janrga Orol turkumida ham, undan keyin ham murojaat qilganman. 2006-yildagi Surxondaryo safari esa burilish nuqtasi bo‘ldi. Meni mahalliy kolorit ham, odamlar ham anchadan beri o‘ziga tortardi. Bir oqsoqolning uyida mehmonda o‘tirganim esimda. Biz choy ichib o‘tirardik, kichkina derazadan uning yuziga juda chiroyli yorug‘lik tushib turardi. Xuddi Rembrandtnikidek. Men uni suratga oldim va keyin shu surat asosida portret chizdim.
Tez-tez viloyatlarga chiqib turganim sababli menda qiziqarli chehralar aks etgan ko‘plab suratlar to‘planib qolgan edi. Ilk bor 70 ta portretni 2013-yilda VII Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biyennalesida namoyish etganmiz. Ularni juda iliq kutib olishdi, lekin soni meni qoniqtirmadi: 70 ta nima degan gap? Na u yoqlik, na bu yoqlik. Hech bo‘lmaganda 100 ta bo‘lishi kerak, deb ishlashda davom etdim. Keyin 200, 300 taga yetdi — bu ham ko‘nglimdagidek emasdi. Men katta taassurot qoldiradigan raqamni qidirayotgan edim. Mingta bo‘la qolsin, deb qaror qildim. 2023-yilga kelib bu marraga yetdim va biz Markaziy ko‘rgazmalar zalida ko‘rgazma tashkil etdik.

Menimcha, bu konseptual jihatdan kuchli loyiha. Uning asosida «xalqlar do‘stligi» g‘oyasi yotadi — bu sovet o‘tmishidan qolgan tushuncha bo‘lsa-da, g‘oyaning o‘zi yaxshi edi. O‘zbekiston ko‘p millatli, bag‘rikeng mamlakat bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolmoqda, bu bilan faxrlansa arziydi. Bunday xilma-xillikni, ayniqsa hozir — dunyoda urushlar va boshqa nizolar sodir bo‘layotgan bir paytda asrab-avaylash kerak.
Surat: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
Bu ikki yirik loyiha oralig‘ida turli mamlakatlarda: Qozog‘iston, Ozarbayjon, Rossiya, Ukraina, Niderlandiya, Buyuk Britaniya, AQSHda shaxsiy ko‘rgazmalarim bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonda ham yakkaxon, ham jamoaviy art-loyihalarda ishtirok etishda davom etdim.

2018-yilda Ispaniyaga bordim, u yerda Malaga yaqinidagi Kompeta shaharchasida rassomlarning xalqaro simpoziumi bo‘lib o‘tdi. Biz to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘sha yerning o‘zida ijod qildik, ba’zi asarlarimni esa “Luz de la Vida” galereyasida qoldirdim.
Uy hissi, shahardagi o‘zgarishlar va o‘zi haqida
Toshkentdagi 30 yillik hayotim davomida bu shahar mening uyimga aylandi. Ilgari Niderlandiyaga qarindosh-urug‘larim va do‘stlarimni ko‘rishga yilda ikki marta borgan bo‘lsam, endilikda ko‘pincha borgim kelmayotganini sezaman. Ota-onam olamdan o‘tishgan, oilam esa shu yerda. Yaqinda qizim bilan qo‘ng‘iroqlashdim. U Rotterdamda yashaydi. “Dada, yozda Jamiroquai konserti bo‘larkan. Kelasizmi?”, deb so‘rab qoldi. Bu mening sevimli guruhim-ku. Borishga to‘g‘ri keladi (kuladi).

Niderlandiya — men tug‘ilib o‘sgan mamlakat. U ham butun dunyo kabi so‘nggi 20 yil ichida sezilarli o‘zgarganiga qaramay, u yerda o‘zimni erkin his qilaman. Oxirgi marta nevaralarim bilan Amsterdamda bo‘lganimizda birorta ham do‘konda golland tilida gapirishmayotganiga e’tibor berdim. Bir tomondan, tushunarli — sayyohlik shahri, boshqa tomondan esa g‘alati.
Toshkent ham tubdan o‘zgarib ketdi. Men 90-yillarda kelgan shahar endi yo‘q. Boshqa ko‘plab shaharliklar singari men ham poytaxt mahrum bo‘lgan sovet davrining qiziqarli binolariga achinaman. Xayriyatki, turar joy va binolar fasadlaridagi mozaikalar davlat muhofazasiga olindi.

Shaharning kengayish sur’ati, yo‘llarda mashinalar sonining ortib borayotgani xavotirga soladi. Taraqqiyot nazorat ostida va puxta o‘ylangan bo‘lishini, Toshkent aholining ehtiyojlarini inobatga olgan holda rivojlanishini va o‘ziga xosligini ta’minlab turgan jihatlarini saqlab qolishini istardim.
Toshkent meni ham rassom, ham inson sifatida ko‘p jihatdan o‘zgartirdi. Vazminroq bo‘lib qoldim — rulda ketayotganda so‘kinmayman, kamroq gapirib, ko‘proq tinglayman, arzimagan narsalarga asabiylashmayman.

Pedagogikaga mehr qo‘ydim, vaholanki, ko‘p yillar davomida mendan o‘qituvchi chiqmaydi, degan o‘y bilan yashagandim. 20 yildan beri Tashkent International School xalqaro maktabida ishlab, bolalarga rasm chizishni o‘rgatib kelaman. Yondashuvim asosida kreativ fikrlash yotadi. O‘quvchilarga “bunday qilish kerak, unaqa qilish mumkin emas” deb chegara qo‘ymayman. Bu bolani cheklab qo‘yadi, aslida esa unda “bunday qilsam nima bo‘larkin?” degan qiziquvchanlikni uyg‘otish muhimroq. Ijodning mohiyati ham ana shunda.
Surat: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
Blits
— Birinchi oʻrgangan oʻzbekcha soʻzingiz?

— “Mayli”, “boʻpti”.

— Sevimli oʻzbek taomingiz?

— Palov.

— Siznikiga mehmonga kelganlarga qaysi joylarni ko‘rsatasiz?

— Xirmontepa (Nikitin) ko‘chasining boshidagi “G‘ijduvon” kafesi. U yerdagi hamma narsani, ayniqsa kartoshka frini yaxshi ko‘ramiz.

Agar shahardan chetroqqa chiqadigan bo‘lsak — Surxondaryo viloyatidagi Boysun yoki Qashqadaryodagi Katta Langar qishlog‘i. Uning ortida, tog‘lar qo‘ynida Maydanak rasadxonasi joylashgan. Juda ajoyib joylar!

Muallif: Viktoriya Abdurahimova.

Suratlar muallifi: Yevgeniy Sorochin.

Materialda Ronald Klyayerning shaxsiy arxividan olingan suratlardan foydalanildi.


Matn va grafik materiallar bo‘yicha barcha huquqlar Gazeta’ga tegishli.

Gazeta internet nashrining saytida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan havola orqali tanishish mumkin.


Qiziqarli voqealarni bilasiz va ularni dunyo bilan bo‘lishishni istaysizmi? Hikoyangizni sp@gazeta.uz manziliga yuboring.

Made on
Tilda