“Qayerdan kelganingiz kamchilik emas, aynan ustunligingiz bo‘lishi mumkin”.
Jahon banki bosh ofisidagi o‘zbekistonlik mutaxassis Nigoraxon Sodiqova hikoyasi
“Qayerdan kelganingiz kamchilik emas, aynan ustunligingiz bo‘lishi mumkin”.
Jahon banki bosh ofisidagi o‘zbekistonlik mutaxassis Nigoraxon Sodiqova hikoyasi
Nigoraxon Sodiqova Jahon bankining Vashingtondagi bosh ofisida global savdo va raqamli iqtisodiyot yo‘nalishida ishlaydi. U “Xorijdagi o‘zbekistonliklar” loyihasida AQShgacha bo‘lgan yo‘li, raqobatli stajirovkadagi muvaffaqiyati va faoliyati haqida so‘zlab berdi.
Nigoraxon Sodiqova Jahon bankining Vashingtondagi bosh ofisida global savdo va raqamli iqtisodiyot yo‘nalishida ishlaydi. U “Xorijdagi o‘zbekistonliklar” loyihasida AQShgacha bo‘lgan yo‘li, raqobatli stajirovkadagi muvaffaqiyati va faoliyati haqida so‘zlab berdi.
Xorijdagi o‘zbekistonliklar

«Gazeta.uz» tahririyati «Xorijdagi o‘zbekistonliklar» loyihasi doirasida xorijda tahsil olayotgan yoki xorijiy oliy o‘quv yurtlarini tamomlab, chet elda ishlayotgan hamyurtlarimiz bilan suhbatlarni eʼlon qilib boradi. Biz vatandan uzoqdagi hayot, xorijiy taʼlimni tanlash sabablari va qahramonlar duch kelgan sinovlar haqida suhbatlashamiz.

Loyihaning boshqa maqolalari

Ta’lim menga kasbdan ko‘ra ko‘proq narsa — tanlash imkonini berdi
“Yaxshi o‘qishing yoki o‘qimasligingni o‘zing tanlaysan, ammo har bir tanlov kelajakdagi imkoniyatlaringni belgilaydi”. O‘smirligimda dadam menga bu gapni ko‘p takrorlardilar. O‘sha paytda mag‘zini to‘liq chaqmagan bo‘lishim mumkin, ammo bugun ta’lim menga bergan eng katta narsa — diplom emas, balki tanlash erkinligi bo‘lganini yaxshi anglayman. Ya’ni qayerda o‘qish, qaysi sohada ishlash va qaysi yo‘nalishdan ketishimni o‘zim belgilay olish imkoniyati.

Men Toshkentdagi Vestminster universitetida xalqaro savdo huquqi bo‘yicha o‘qidim. Keyin Savdo-sanoat palatasida yurist sifatida ish boshladim. Dastlab sudlarda tadbirkorlarning manfaatlarini himoya qilish, qarzdorliklarni undirish bilan shug‘ullandim. Keyinchalik qonunchilik yo‘nalishiga o‘tdim — tadbirkorlikka to‘sqinlik qilayotgan normalarni tahlil qilib, qonunlarga o‘zgartirishlar bo‘yicha takliflar tayyorlar edim.
Chikago univeristeti bitiruv marosimi.
Shuningdek, rivojlangan mamlakatlarga xizmat safarlariga chiqib, ularning savdo-sanoat palatalari ishini o‘rganar, bu tajribani O‘zbekiston sharoitida qanday joriy qilish mumkinligi ustida izlanardim. Bu yerdagi professional tajribam davomida qonunlarni faqat huquqiy hujjat sifatida emas, ularning biznes va iqtisodiyotga real ta’siri nuqtai nazaridan ko‘rishni o‘rgandim. Ba’zan bitta qoida tadbirkor uchun yangi imkoniyat ochadi, ba’zan esa aksincha — uning yo‘lida to‘siqqa aylanadi.

2017-yilda turmush o‘rtog‘im magistraturada o‘qish uchun Amerikaga ketdi. Aslida, hech qachon xorijda yashashni maqsad qilmaganman. Ishim joyida, faoliyatimdan qoniqardim. Ammo bir yildan keyin o‘g‘lim bilan turmush o‘rtog‘imning yoniga ko‘chib bordik.
“
Shu paytgacha o‘qib, ishlab, o‘z yo‘lini topgan inson sifatida Amerikaga kelib, uyda o‘tirib qolish fikri meni cho‘chitardi. Men allaqachon nimani xohlashimni bilar, o‘qishim va o‘z sohamda ishlashim kerak edi.
Chikagodagi ilk kunlar.
Turmush o‘rtog‘im bilan maslahatlashdik. “Qaysi yo‘nalishda ishlamoqchisan, o‘zingni qayerda ko‘rasan?”, — dedi. Uzoq izlandim va tushundimki, menga Jahon banki yoki BMT kabi xalqaro tashkilotlar mos keladi. Chunki O‘zbekistonda qilgan ishlarimni aynan shu tuzilmalarda global miqyosda davom ettirish mumkin edi.

Bu tashkilotlarga ishga kirish talablarini o‘rganib chiqdim. Asosan yetakchi universitetlar bitiruvchilari, xalqaro loyihalarda tajribaga ega, tillarni yaxshi biladigan nomzodlarga ustunlik berilarkan. Menda faqat bitta narsa yetishmasdi — kuchli magistratura ta’limi.

Amerikadagi bir nechta universitetga hujjat topshirib, qabul xatlari oldim, oxirida Chikago universitetini tanladim. Birinchidan, bu yerdagi dastur bir yillik edi. O‘sha paytda ikki yil o‘qish oilaviy sharoitimizga to‘g‘ri kelmasdi. Turmush o‘rtog‘im endigina magistraturani bitirgan, farzandimiz bor, shuning uchun men bemalol o‘qib yurolmasdim. Ikkinchidan, eng katta grant ham aynan shu universitet tomonidan taklif qilindi. Akademik reputatsiyasi ham yuqori edi.
Nigoraxon Sodiqova Markaziy Amerikaning Beliz davlatidagi safarda.
Qizig‘i, shu universitetga hujjat topshirish jarayonida bitta jiddiy muammo bor edi — oliy matematika. Chikago universitetida yo‘nalishdan qat’i nazar, hatto huquqshunos yoki siyosatshunos bo‘lsangiz ham matematikadan imtihon topshirish talab qilinadi. Men esa bakalavrning birinchi kursidan keyin bu fanga qaytmaganman.

Turmush o‘rtog‘im “Sen oldin ham bilmayman degan narsalaringni o‘rgangansan. Buni ham o‘zlashtirib olasan” deb meni ruhlantirdi. O‘zlari bilan birga shug‘ullanishni boshladik, parallel ravishda O‘zbekistondan ham o‘qituvchi oldik. Imtihondan o‘tishim uchun kamida 70 ball kerak. Buni ham o‘zim uchun bir “chellenj” deb qabul qilib, uch oy davomida juda qattiq tayyorlandim. Buni qarangki, 97 ball olibman.
“
Shunda bir narsani angladim — agar o‘zimga aniq maqsad qo‘ysam, qanchalik qiyin bo‘lmasin, oxirigacha borarkanman. Balki yodlab olgandirman, balki vaqtinchalik o‘rgangandirman, hozir so‘rasangiz, hech narsani bajarolmasman, lekin imtihonga kirib murakkab statistik masalalarni yechib chiqqanman.
Shu tariqa Chikago universitetining “Davlat siyosati tahlili va xalqaro savdo” (Public policy analysis and international trade) yo‘nalishida o‘qishni boshladim.

Jahon bankida stajirovka
O‘qishning dastlabki kunlardanoq Jahon banki va BMTga o‘zimni tanishtirib, stajirovka o‘tash istagim haqida xatlar yozdim. Uch oydan keyin Jahon bankida “Biznes faoliyatini tartibga soluvchi qonunlar va investitsiyalar” (Bunisess regulations and invesment) yo‘nalishida onlayn stajirovkam boshlandi.

Bu turdagi tashkilotlarda sifatli ishlar va tashabbuslar juda muhim. Ularga topshiriq bajaradigan emas, balki jarayonni o‘zgartiruvchi, yangilik kirituvchilar kerak. Raqobat juda kuchli edi. Xalqaro tashkilotlarga kelganda atrofingizda rivojlangan davlatlardan, nufuzli universitetlarni bitirgan kuchli mutaxassislar bo‘ladi.
Ulardan yangi qarashlarni o‘rganib, yanada rivojlanishingiz mumkin. To‘g‘ri, avvaliga o‘zingizni solishtirib, “Menda ulardagi imkoniyatlar bo‘lmaganku”, deb o‘ylab ham qolasiz. Ammo jarayon sizga boshqacha xulosalar ham beradi.

O‘sha paytda raqamli savdo bo‘yicha global databaza yaratish ustida ishlardik. 2020-yil, pandemiya davri — elektron savdo faqat Amazon bilangina cheklanib qolmay, butun dunyo bo‘ylab kengayishni boshlagan payt. Biz raqamli savdoni rivojlantirish uchun mamlakatlarda qanday sharoit va qonunlar bo‘lishi kerakligini o‘rganyapmiz.
Shu jarayonda teskari narsani tushundim. Aynan mening O‘zbekistonda tug‘ilib, rivojlanayotgan mamlakat muhitini ichidan bilganim ustunligim ekan. Shuning uchun men masalaga faqat Vashington yoki rivojlangan davlat nuqtai nazaridan qaramasdim.
“
O‘zimga oddiy savollar berardim. Toshkentda bu ishlashi mumkin, lekin viloyatlardachi? Internet yetarli bo‘lmasa, odamlarda raqamli ko‘nikmalar yo‘q bo‘lsachi? Onlayn to‘lov tizimi ishlamasachi? Iste’molchi internetdan mahsulot sotib olganda uning huquqini himoya qiladigan qonun bo‘lmasachi?
Bu yondashuv esa menejerlarni qiziqtirib, men bilan yaqinroq ishlashlariga sabab bo‘ldi. Boshqa stajorlar ham juda kuchli edi, lekin ularning barchasi rivojlangan mamlakatlardan kelgan yoki amerikalik bo‘lgan. Internet yoki elektr yetib bormagan hududlar muammosi ularga begona edi.
Shuningdek, turli mamlakatlar qonunlarini o‘rganib, solishtirib, qaysi joyda nimasi yetishmayotgani yoki ortiqchaligini aniqlardik. Bu jarayonda ayrim stajorlar faqat ochiq manbalar bilan cheklanardi. Agar ma’lumot topilmasa, shunchaki “yo‘q” deb belgilashardi. Men esa Jahon bankining turli davlatlardagi ofislariga yozib, aniq ma’lumot olishga harakat qilardim. Chunki bugun yo‘q deb yozilgan qonun ertaga chiqib qolsa, ishimiz ishonchliligiga putur yetkazardi.

Natijada tekshiruv paytida mening ishlarim to‘liq, batafsil va kamchiliklarsiz chiqardi. O‘zbekistonda qonunchilik bilan ishlashdagi tajribam ushbu stajirovka jarayonini ancha osonlashtirgan. Yakunda intervyu bosqichi ham bo‘ldi va umumiy natijalarga ko‘ra ishga men qabul qilindim.

Bugungi faoliyat
Jahon banki butun dunyo bo‘yicha faoliyat yuritadi. Bank ichida ayrim jamoalar ma’lum mintaqa yoki mamlakatlarga ixtisoslashgan. Men esa xalqaro savdo bo‘limda qonunchilik yo‘nalishida ishlayman.

“Raqamli savdo” ko‘pchilikka juda texnik tushuncha bo‘lib eshitilishi mumkin. Aslida esa uning ma’nosi juda oddiy. Masalan, kichik shaharda yashaydigan inson internet orqali biznes ochmoqchi. U mahsulotini nafaqat o‘z shahrida, balki butun mamlakat yoki xorijda sotmoqchi.
“
Uning oldida savollar paydo bo‘ladi. Biznesni onlayn ro‘yxatdan o‘tkaza oladimi? Elektron imzo ishlaydimi? Onlayn to‘lov qabul qila oladimi? Mijoz ma’lumotlarini qanday saqlashi kerak? Tovar boshqa davlatga sotilsa, ma’lumotni chegaradan tashqariga uzatish mumkinmi? Xaridorning huquqlari qanday himoya qilinadi? Mahsulotini chegaradan qanday o‘tkazadi?

Agar shu zanjirning bitta joyi ishlamasa, biznesning o‘sishi qiyinlashadi. Bizning ishimiz ana shu to‘siqlarni topish va davlatlar bilan ularni qanday bartaraf etish mumkinligini o‘rganishdan iborat.
So‘nggi yillarda Afrika, Karib havzasi, Lotin Amerika va Janubiy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarda ishtirok etdim. Afrika qit’asining oltita davlatida 2023−2025-yillarda “Afrikada raqamli savdo” (Digital Trade in Africa) nomli yirik loyiha ustida ishladik.

Qizig‘i shundaki, mamlakatlar turlicha bo‘lsa ham, ulardagi ko‘plab muammolar o‘xshash edi. Imkoniyatlar poytaxtlarda to‘plangan, hududlarda infratuzilma zaif, raqamli ko‘nikmalar yetishmaydi, bozorga yangi kompaniyalarning kirishi qiyin yoki qonunchilik texnologiyadan ortda qolgan.

Nigoraxon Sodiqova Nigeriya safarida.
Onlayn savdo platformalari mavjud, lekin odamlar “buyurtmam kelmasachi?”, “pulimni qaytarib ola olamanmi?” degan savollarga javob topolmaydi. Ma’lumotlar xavfsizligi ham katta muammo — odamlar o‘z ma’lumotlari qayerda saqlanayotgani va kimlar foydalanishini bilmagani uchun raqamli xizmatlarga ishonmaydi.

Biz davlat tashkilotlari uchun treninglar o‘tkazdik, qonunchilik va boshqa tizimli muammolarni hal qilish bo‘yicha takliflar berdik. Tayyorlangan qonunlar bir nechta bosqichli muhokamalardan o‘tib, amaliyotga joriy etila boshladi.

Infratuzilmaga sarmoya kiritildi, raqamli savdo bo‘yicha yangi kompaniyalar paydo bo‘ldi, aholi uchun o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi. Ayrim mamlakatlarda bu jarayon hali ham davom etmoqda. Bularning har birida Jahon bankining turli guruhlari ishtirok etib, umumiy jarayonda juda katta jamoa mehnat qildi.

Beliz safari.
Afrikada ko‘rgan bir kompaniya fikrimni o‘zgartirdi
Benin davlatidadagi xizmat safarida GoZem kompaniyasi menda katta taassurot qoldirdi. Kompaniya dastlab transport platformasi sifatida paydo bo‘lgan. Unga ilgari Uber’da ishlagan tadbirkor asos solgan bo‘lsa-da, mahalliy muammoga tayyor xorijiy modelni ko‘chirib qo‘ymay, Afrika sharoitiga mos yechim yaratgan.

Gap shundaki, Afrikaning ayrim hududlarida taksi yetishmovchiligi sabab odamlar mototsikl va velosipedda harakatlanadi. GoZem platformasi orqali esa mashinasi yo‘q odam ham ishlay oladi.
Kompaniyaning to‘rt qavatli ofisida odamlarning hayoti bosqichma-bosqich o‘zgaradi. Birinchi qavatda smartfon ishlatish, internetdan foydalanish, transport haydash kabi birlamchi bilimlar o‘rgatiladi. Kompaniya transport va texnika bilan ham ta’minlaydi. Ikkinchi qavatda mijoz topib beriladi — odamlar ishlay boshlaydi. Lizing asosida olingan mashina esa vaqt o‘tib ularning o‘z mulkiga aylanadi.

Uchinchi qavatda esa ma’lumotlar yig‘iladi va tahlil qilinadi. Qaysi mahsulot qayerda yaxshi sotilayotgani aniqlanib, kompaniyalarga sotiladi. Shu tariqa bitta ilova orqali ilgari ishsiz bo‘lgan inson hunarli, ishli, transportli bo‘ladi. Hayoti tubdan o‘zgaradi. Ana shunday kichik o‘zgarishlar bilan mamlakat ham rivojlana boshlaydi.
Shunda men taraqqiyot har doim katta davlat dasturi yoki milliardlab dollarlik loyihadan boshlanmasligini ko‘rdim. Ba’zan bitta yaxshi g‘oya, bitta kompaniya yoki bitta to‘g‘ri qoida minglab odamlarning imkoniyatini o‘zgartirishi mumkin.

Shuning uchun raqamli iqtisodiyot haqida gapirganda men uchun texnologiyaning o‘zi emas, u oddiy insonga qanday yangi imkoniyat berdi, degan savol asosiy o‘ringa chiqadi.
Ishimizning eng muhim qismi — 2020-yil stajirovka davrimda boshlangan raqamli savdo bo‘yicha databazani yakunlab, uni kitob va global qo‘llanma shaklida nashr etish bo‘ldi. Men uning hammualliflaridanman. Kitob va qo‘llanmada rivojlanayotgan va kambag‘al mamlakatlarda raqamli savdo rivoji uchun zarur shartlar bosqichma-bosqich tushuntirilgan.

O‘zbekiston misolida aytsak, maqsad oddiy: onlayn savdo kompaniyalar ko‘paysin, biror taksi xizmati bozorda yolg‘iz o‘yinchi bo‘lib qolmasin, tanlov ko‘payib, narxlar pasaysin. Istalgan odam onlayn platforma ochib, bemalol biznes qila oladigan muhit shakllansin. Eng muhim g‘oya esa infratuzilma, kadrlar va qonunchilik muammolari parallel ravishda hal qilinsin.

Bugun bu qo‘llanmani rivojlangan davlatlarda taqdimot qilib beryapmiz. Investorlar yagona veb-platforma orqali mamlakatlardagi sharoit, kuchli va zaif jihatlar, qonunchilik holatini ko‘ra oladi. Boshqa davlatlar ham Afrikadagi loyihamizni ko‘rib, birga ishlashga qiziqish bildiryapti.
Shunday qilib, Jahon bankidagi vazifam — muammoni aniqlash va unga mos yechim topish. Tayyor model yo‘q. Har safar biror mamlakat bo‘yicha ish boshlaganda alohida o‘rganamiz, o‘sha yerning o‘ziga safarlar qilib, haqiqiy holat bilan tanishamiz. Natijalar esa real hayotdagi o‘zgarishlarda ko‘rinadi.

Shunday yirik loyihaning bir qismi bo‘lish va uning samarasini ko‘rish juda katta motivatsiya beradi. Men uchun muvaffaqiyat qilayotgan ishimning ta’siri bilan belgilanadi. Men tayyorlagan tahlil, taklif yoki loyiha natijasida biror tadbirkorga biznes qilishi osonlashsa, biror yoshga yangi imkoniyat ochilsa yoki hech bo‘lmasa bitta insonning hayoti yengillashsa, demak, qilayotgan ishimning ma’nosi ham bor.

Aslida, eng katta professional maqsadim ham shu — ishim orqali odamlar uchun imkoniyatlarni biroz bo‘lsa ham ko‘paytirish. Kelajakda shu tajribamning kattaroq qismini O‘zbekiston bilan bog‘lashni xohlayman.
Xalqaro tashkilotlarda o‘zbekistonliklar ko‘payishi muhim
2026 — 2027-yilda e’tiborimizni ko‘proq Markaziy Osiyo davlatlariga qaratyapmiz. Bu ishlarning bir qismini 2025-yilda boshladik. Xususan, Tojikiston bilan iqtisodiy loyihalar doirasida raqamli savdoni rivojlantirish ustida ishlayapmiz.

Markaziy Osiyo mamlakatlarida raqamli savdo bilan bog‘liq muammolar o‘xshash. Monopoliya kuchli, ochiqlik kam. Bozorda ko‘pincha bitta o‘yinchi ustun bo‘lib, boshqalarning kirishi qiyinroq kechadi.
O‘zbekistondan tashqarida yashaganim uchun mamlakatdagi o‘zgarishlarni ba’zan chetdan ham kuzataman. So‘nggi yillarda raqamlashish juda tezlashdi. Bilim olish, xizmatlardan foydalanish, biznes qilish va axborotga yetishish imkoniyatlari oldingi avlod bilan solishtirib bo‘lmaydigan darajada kengaydi.
“
Endi keyingi muhim bosqich — raqamlashishni ko‘proq raqobat va ko‘proq imkoniyatga aylantirishdan iborat bo‘ladi. Men uchun yaxshi raqamli iqtisodiyot — bitta katta platformaning paydo bo‘lishi emas. Yaxshi raqamli iqtisodiyot — uning ortidan yana o‘nta, yuzta kompaniya paydo bo‘la oladigan muhitning bo‘lishi. Tadbirkor bozorga kirishi oson bo‘lsa, raqobat kuchayadi. Raqobat kuchaysa, xizmat sifati oshadi, narx pasayadi va eng asosiysi — iste’molchining tanlovi ko‘payadi.
Ishlayotgan bo‘limimda o‘zbekistonlik yagona xodimman. Jahon banki juda katta tashkilot, boshqa bo‘limlarda ham vatandoshlarimiz bor. Hamkasblarim mening O‘zbekistondan ekanimni bilganda, iliq qabul qiladi. Ishimiz mamlakatlar bilan bog‘liq bo‘lgani uchun O‘zbekiston qayerda joylashgani, uning madaniyati, jamiyati va odamlarining dini haqida umumiy tasavvurlari bor. Eng kamida, O‘zbekistonni Pokiston bilan adashtirishmaydi.
Bu yerda odamlar ochiqroq, mas’uliyat ko‘proq shaxslarning o‘zida. Ishga kim nechida kelib, nechida ketgani emas, natija muhim. Karera qanday bo‘lishi ham ko‘p jihatdan insonning o‘z tashabbuslariga bog‘liq.

Ishdagi murakkab vaziyatlarda o‘zimning eng yaxshi tomonimni ko‘rsatishga harakat qilaman. Chunki bir insonning xatti-harakati orqali butun bir millat haqida xulosa qilinishi mumkin. Bir joyda nohalollik yoki mas’uliyatsizlik qilib qo‘yish, “o‘zbeklar shunaqa ekan” degan noto‘g‘ri tasavvur paydo bo‘lishidan cho‘chiyman. Xalqaro tashkilotlarda o‘zbekistonliklar ko‘payishi muhim, deb hisoblayman. Chunki ular O‘zbekiston haqidagi real tasavvurni aniqroq bera oladi.
Xorijda farzandlar ta’lim-tarbiyasi
Xorijga ko‘chib kelib, farzandlarni katta qilish va tarbiyalash ham katta mas’uliyat talab qiladi. Bolalarim nima bilan shug‘ullanayotgani, kimlar bilan o‘rtoq ekani, qanday kitoblar o‘qiyotgani, nimaga qiziqayotganini bilishga har doim vaqt topaman. Maktabdagi tadbirlarini qoldirmaslikka harakat qilaman. Turmush o‘rtog‘im bilan ularga ko‘proq ishimiz, nimalarni o‘rganayotganimiz, o‘zgartirayotganimiz haqida gapirib berishni odat qilganmiz.

O‘ylashimcha, ota-onaning karerasi ham bola uchun bir namuna. “Otam mana bunaqa ish qiladi, onam mana bunaqa ish qiladi” degan xulosalar bilan bolaning fikrlari, maqsadlari o‘zgarib boradi.
“
Ammo siz qanchalik katta va buyuk ish qilayotgan bo‘lmang, bolangiz sog‘lig‘i, o‘qishi yoki tarbiyasida rivojlanishdan orqada qolayotgan bo‘lsa, bu yomon signal. Chunki siz hech kimga bolangizchalik mas’ul emassiz. Muhimi, bu ikkisi orasida muvozanat topa bilish.
O‘g‘lim maktabida matematikadan doim birinchi o‘rinda yuradi. Amerika ta’limidagi matematika o‘qitilishi O‘zbekistonnikidek kuchli emas. Boshida vazifalarning osonligini ko‘rib hayron qolgandik. Agar shu darslar bilan cheklansa, bilimi dunyoning top universitetlariga yetmaydi deb, O‘zbekistondan onlayn o‘qituvchi ham olganmiz. Baribir matematika fan sifatida bizning diyordan chiqqan, bu bo‘yicha biznikilarning oldiga tushadiganlar kam bo‘lsa kerak.

O‘rta maktabga o‘tayotganda Amerika prezidentining oltin medali bilan taqdirlandi. Boshlang‘ich maktabning bitiruv tadbiri edi, hamma bolalarga qanaqadir o‘rinlar, darajalar berilyapti, ammo o‘g‘limning ismi chiqmayapti. Nahotki, biror kichik unvonchaga loyiq ko‘rilmagan bo‘lsa, o‘qishlariga yaxshi e’tibor bermadimmikan, deb o‘zimdan ham shubhalana boshlagan edim.
Keyin direktor chiqdi. “Jimlik saqlaymiz, Amerika prezidenti imzosi tushirilgan unvonimizni topshiramiz”, dedi. Prezident ham yosh bolalarning ishiga aralasharkan-da, dedim ichimda. Birdan o‘g‘limning ism-familiyasini o‘qib eshittirishsa bo‘ladimi? Qarasam, u sahnaga chopib chiqib ketyapti. Bunaqa unvon olishidan o‘zi ham xabarsiz bo‘lgan ekan.
Avvalo gumonlarim noto‘g‘ri chiqqanidan, keyin esa mening o‘g‘lim shu unvonga loyiq ko‘rilganidan xursand bo‘ldim. Nominatsiyaning nomi “Akademik mukammalik” (Academic excellance) edi. U barcha fanlar bo‘yicha yuz balldan ham yuqori natija olgan o‘quvchilarga berilarkan.

O‘zbekistonda bo‘lgan paytimizda o‘g‘lim ruscha bog‘chaga borardi, tili ruschada chiqa boshlagan. Lekin Amerikaga kelganimizdan keyin uyda o‘zbekcha gaplashaverganimizdan ona tilini o‘rganib ketdi. Qizim shu yerda tug‘ildi, inglizcha bog‘chaga boradi. Hali o‘zbekcha gapirmayaptikuya, lekin tushunadi. Muloqot darajasida o‘rganishi uchun harakat qilamiz.
“
Farzandlarimiz qayerda yashamasin — ular baribir o‘zbek, o‘zbekning bolalari. O‘z ona tili va dinini unutmasligi kerak deb hisoblayman. Bizning ildizlarimiz kim, qayerdan kelib chiqqanmiz, qanaqa yashaymiz, insonlarimiz qanaqa, umuman, an’analarimiz va madaniyatimiz til orqali saqlanadi. Shuning uchun ularni imkon qadar tez-tez O‘zbekistonga olib borish tarafdoriman.
Ayollar ta’limi va karerasi nega muhim?
Ayolning ta’lim olishi va kasbiy rivojlanishi faqat uning o‘zi uchun emas, oilasi va jamiyat uchun ham muhim. Farzandlar onasining mehnati, qarorlari va intilishlaridan o‘rnak oladi. Shunday ekan, ayoldan “oila yoki ish” deb tanlashni so‘rash o‘rniga, ikkalasini birga olib borishiga sharoit yaratish kerak deb o‘ylayman.
O‘zbekistonda ishlaganimda jamoada ko‘proq erkaklar bo‘lardi. Bir marta prokuraturadan chiqqan inson rais o‘rinbosari bo‘ldi. “Prokuraturada men hech qachon ayollar bilan ishlamaganman, bu yog‘i qanaqa bo‘larkan?”, degan edi. 2017-yilda yangilangan Savdo-sanoat palatasi qonunini shu inson bilan birga yozdik.
“
Ketayotganimda esa: “Nigora bilan ishlaganimdan keyin avvalroq ham ko‘proq ayollarni ishga olmaganimga afsuslandim. Chunki ayollar mas’uliyatliroq bo‘larkan”, degandi. Ba’zan ayolning qobiliyatiga shubha uning ishini ko‘rmasdan turib paydo bo‘ladi. Birga ishlash, mas’uliyatni bo‘lishish va natijani ko‘rish esa bu qarashni o‘zgartiradi.
Menimcha, ayollar uchun imkoniyatlarni kengaytirishning ahamiyati ham shunda. Imkoniyat berilmasa, qancha bilim va qobiliyat ko‘rinmay qoladi? Jamiyatning rivoji esa har bir inson o‘z salohiyatini ishga sola olishiga bog‘liq.
Xorijga ketmoqchi bo‘lganlarga maslahatlar
Har bir inson hayoti davomida bir marta bo‘lsa ham vatanidan ko‘chib boshqa davlatda yashab ko‘rishi kerak ekan, degan xulosadaman. Dunyo juda katta va keng, xilma-xil odamlar, fikrlar va dunyoqarashlar bor. Ular bilan tanishish, albatta, zavqli jarayon.

Eng muhimi, borayotgan joyingiz, sharoitlarini yaxshilab o‘rganing. Ertaga hamma narsadan kechib ketib, men xohlagan joy bu yer emas ekan demaslik uchun o‘zingizdan oldin o‘sha yo‘lni bosib o‘tgan vatandoshlaringiz bilan suhbatlar qiling.
Xorijda magistratura ta’limini olmoqchi bo‘lgan insonlar, avvalo, o‘qishdan maqsadni aniqlab olishlari lozim. Keyinchalik ilmiy faoliyatni davom ettirishadimi yoki karera boshlashadimi? Agar maqsad karera bo‘lsa, ehtimoliy ish joyi variantlarini ham ketishdan oldin ko‘rib olish va ularning talablariga javob beradigan ko‘nikmalarni ham shakllantirish kerak. Chunki darslar, vazifalar, imtihonlar juda murakkab. Parallel ravishda ish qidirish, tanishlar orttirish uchun vaqt ham, kuch ham qolmaydi.
Agar birinchi marta migratsiya qilayotgan bo‘lsangiz va o‘sha mamlakatda sizdan avval borib yashayotgan yaqin hamrohingiz bo‘lmasa, ikki yillik magistraturani tanlaganingiz ma’qul. Odatda birinchi yil o‘sha mamlakat, uning odamlari va qonunlariga moslashish, ikkinchi yil esa ilmiy ish yozishga ketadi. Aks holda, bir yilning o‘zida moslashish va ilmiy ish yozish anchayin qiynab qo‘yishi mumkin.
Mening holatimda turmush o‘rtog‘imning tajribasi Amerikaga moslashishimni osonlashtirdi. Shuning uchun bir yil ichida o‘qishni boshlab tugatishga ham, ishga kirishga ham ulgurdim.

Umuman olganda, xorijda o‘qish yoki xalqaro tashkilotda ishlashni istagan insonlar, avvalo, faqat universitet yoki tashkilot nomini maqsad qilib olmasliklari muhim. Avval o‘zingizga “Men qanday muammoni hal qilishni xohlayman?” degan savol bering. Shundan keyin universitet, diplom, stajirovka va ish joyi shu maqsadga olib boradigan vositaga aylanadi.
Qolaversa, o‘zingizni boshqalar bilan ortiqcha solishtirmang. Xalqaro maydonga chiqqanda qayerdan kelganingizni yashirish yoki undan uyalish kerak emas. Ba’zan aynan o‘sha tajriba boshqalar ko‘rmaydigan narsani ko‘rish imkonini beradi. Sizning mamlakatingiz, tilingiz, boshdan kechirgan muammolaringiz, professional tajribangiz — bularning barchasi intellektual kapitalingiz hisoblanadi. Buni men yuqorida o‘z hayotim misolida ham ko‘rsatdim.
Va albatta, imkoniyatni kutib o‘tirmang. Men universitetga kirganimning dastlabki kunlaridanoq o‘zim ishlashni xohlagan tashkilotlarga yoza boshlaganman. Ko‘p xatlarga javob kelmaydi. Ko‘p eshiklar ochilmaydi, lekin ba’zan bitta eshik ochilishining o‘zi yetarli. Muhimi hech qachon to‘xtab qolmaslik kerak.
Materialni Ziyoda Ramazonova tayyorladi. Qahramonning shaxsiy arxividagi suratlardan foydalanildi.
Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.
Made on
Tilda