Qanday qilib Janubiy Koreya universitetiga o'qishga kirish mumkin?
Shahnoza Burhonova hikoyasi
2018-yili Janubiy Koreya universitetlaridan biriga o'qishga kirgan Shahnoza Burhonova Ulsandagi uch yillik tahsil davomida sayohat qilish bilan birga o'zi uchun koreys madaniyatini ham kashf etdi. "Xorij diplomi" loyihasida u Janubiy Koreyadagi hayoti va ushbu mamlakat ta'lim tizimi haqida hikoya qildi.
2018-yili Janubiy Koreya universitetlaridan biriga o'qishga kirgan Shahnoza Burhonova Ulsandagi uch yillik tahsil davomida sayohat qilish bilan birga o'zi uchun koreys madaniyatini ham kashf etdi. "Xorij diplomi" loyihasida u Janubiy Koreyadagi hayoti va ushbu mamlakat ta'lim tizimi haqida hikoya qildi.
Xorij diplomi
"Xorij diplomi" — bu dunyoning turli mamlakatlariga o'qishga ketgan o'zbekistonlik talabalarning hikoyalaridan iborat loyiha. Ular universitet va grantlar topish, imtihonlarga tayyorgarlik ko'rish, hujjatlar topshirish, xorijda o'qish va yashashning o'ziga xos xususiyatlari, shuningdek, xorijdagi ta'limning o'z hayotlariga ta'siri haqida so'zlab beradi.
Loyihaning navbatdagi mehmoni — Shahnoza Burhonova. U 2018-yili Ulsan universitetining Toshkent filialiga 1+3 dasturi bo'yicha o'qishga kirgan — Toshkentdagi bir yillik tahsildan so'ng o'qishini Janubiy Koreyada davom ettirgan.
Koreya madaniyatiga bo'lgan qiziqish haqida
Yashnobod politexnika kasb-hunar kollejida ikkinchi kursda o'qiyotganimda koreys madaniyatiga qiziqib qolganman. Tarixiy film va doramalarni (Sharqiy Osiyo teleseriallarning umumiy nomi — tahr.) tomosha qilib, k-pop (Janubiy Koreya estradasi janri — tahr.) musiqasini tinglar, koreys milliy taomlarini tayyorlashga harakat qilardim. Keyinroq koreys tili kurslariga qatnab, universitetga o'qishga kirguncha tilni bazaviy darajada o'zlashtirdim.
Seuldagi mashhur Gangnam tumani
Chet elda ta'lim olish maqsadida 1+3 dasturi asosidagi o'qishga kirishga qaror qildim. Bunday dastur Koreya universitetlarining O'zbekistonda faoliyat yurituvchi filiallarida bir yil, so'ng uch yil Janubiy Koreyada o'qishni nazarda tutadi. Shuningdek, Koreya universitetlarining Toshkentdagi filiallarida 2+2 va 3+1 dasturlari ham mavjud. Universitet tanlash bo'yicha menda uchta variant bor edi: Yodju texnika instituti, Puchon universiteti va Ulsan universiteti. Meni qiziqtirgan "Dasturlash va robototexnika" yo'nalishi esa ularning faqat bittasi — Ulsan universiteti (University of Ulsan)da o'qitilardi.
реклама
реклама
Koreya universitetlariga hujjatlar qabuli yiliga ikki marta: bahor va kuzgi semestrlarda, o'qish boshlanishidan bir-ikki oy avval ochiladi. Misol uchun, o'qish sentabrda boshlanadigan universitetlarga ariza iyulda, eng yaxshi universitetlarga esa umuman olti oy oldin topshirilishi kerak. Hali ochilganiga ko'p bo'lmagani bois, mening universitetimda ta'lim oktabr oyida boshlandi.

2018-yil yozining oxirida ariza topshirib, suhbatdan muvaffaqiyatli o'tdim — til va informatikani bilishim foyda berdi.
Birinchi yili Ulsan universitetining Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji (TPKIT)da joylashgan filialida o'qidik. Bizga dasturlash va koreys tili asoslaridan ta'lim berishdi. Ikkinchi semestr oxirida talabalarning bilimini tekshirish uchun Koreyadan professorlar taklif etildi. Ular darslarda ishimizni kuzatib, suhbatlar o'tkazib, eng yaxshi talabalarni saralab oldi.
Suhbatda, avvalo, o'qishga nima uchun aynan shu universitetni tanlaganingiz va orttirgan tajribangizni kelgusida qanday qo'llashni rejalashtirayotganingizni tushuntirib bera olishingiz kerak. Men Koreya oliy o'quv yurtlarida dasturlash yuqori darajada o'qitilishi, olgan bilimlarimni O'zbekistonda axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun qo'llamoqchi ekanimga ko'proq urg'u berganman.
Suhbatdan o'tgan talabalar ro'yxati iyulda universitet saytida e'lon qildi . Shundan so'ng viza olish uchun ikki hafta hujjat to'pladim.
Qabul uchun hujjatlar to'plami
1
O'rta maktabning 11-sinfini tamomlaganlik to'g'risida attestat yoki kollej diplomi
2
Koreys tilini bilish darajasi to'g'risida sertifikat
Nufuzli universitetga o'qishga kirish uchun 3 va undan yuqori darajadagi TOPIK kerak. Imtihon Janubiy Koreya elchixonasi huzuridagi Ta'lim markazida topshiriladi.
3
Ingliz tilini bilish to'g'risidagi sertifikat
IELTS 5.5 va undan yuqori yoki TOEFL 75 balldan kam bo'lmasligi kerak.
4
Motivatsion xat va tavsiyanoma
Tavsiyanoma o'qituvchilar tomonidan ingliz yoki koreys tillarida yozilishi kerak. Menga xatni universitet rahbariyati yozib bergan.
5
Portfolio
Unda shaxsiy ma'lumotlar va tanlangan ta'lim sohasidagi yutuqlar aks etishi kerak. Portfolioga barcha mukofotlar, sertifikatlar, ilmiy maqola va hokazolar kiritiladi.
6
Ta'lim rejasi
Universitet o'quv rejasi bilan tanishib chiqib, kursingiz uchun dars jadvali tuzishingiz kerak. Shunda komissiya sizni potensial talaba sifatida ko'radi.
7
Bank hisobvarag'idan ko'chirma
Bu o'qish uchun to'lov qila olishingizni tasdiqlovchi hujjat. Mening holatimda hisobimda 10 ming dollar bo'lsa kifoya edi. Agar o'zingiz ishlamasangiz, universitet ota-onangizning ruxsati va ularning yillik daromadi ko'rsatilgan xat so'raydi.
Janubiy Koreya elchixonasida bizni qayta suhbatdan va to'liq tibbiy ko'rikdan o'tkazishdi. Ba'zilar suhbat natijasi yoki salomatligi tufayli viza olishda muammolarga duch keldi. Hujjatlarim Janubiy Koreyaga ketishimga bor-yo'g'i bir hafta qolganida tayyor bo'ldi. Shunday qilib, 2019-yil 9-sentabr kuni Seulga uchib ketdim.
Aeroportda bizni ko'ngilli talabalar bilan to'la avtobus kutib oldi. Bu yerga kelgan birinchi kurs talabalarning har biriga ikkinchi yo uchinchi kurs talabalaridan "murabbiy" biriktiriladi. "Murabbiy"lar yangi kelganlarning moslashishiga yordam berish bilan birga birinchi semestrdagi o'zlashtirishni ham kuzatib boradi. Buning uchun ularga ta'lim bonuslari beriladi. Menga biriktirilgan ikkinchi kurs talabasi kampus bo'ylab ekskursiya uyushtirib, turar joyim bilan tanishtirgan.

Yotoqxonada qulay yashash uchun barcha sharoit bor. Har bir xonada hammom, hojatxona, barcha qavatlarda kir yuvish xonalari va umumiy oshxona mavjud. Birinchi qavat talabalar uchun ajratilgan bo'lib, u yerda dars qilish mumkin.
реклама
реклама
Bizni xonalarga ikki kishidan joylashtirishdi. Menga omad kulib boqib, o'zbekistonlik dugonam bilan bir xonaga tushdim. Ko'p hollarda mahalliy talaba xonadosh bo'ladi — chet ellik talaba yangi mamlakatga tezroq ko'nikib ketishi va koreys tili bilan muntazam shug'ullanishi uchun shunday qilinadi.

Bir butun guruh bo'lib borganimiz uchun bizni ajratib o'tirishmadi. Biz darslarga xuddi O'zbekistondagidek tarkibda qatnayverdik va boshida Koreyada ekanimiz ham unchalik sezilmadi. Darslar kelganimizning ertasigayoq boshlangan edi.
Seuldagi Starfield Library kutubxonasi
Koreya ta'lim tizimi haqida
Koreya ta'lim tizimi Yevropa standartlariga to'liq mos keladi. Aksariyat universitetlar xususiy. Ular o'rtasidagi raqobat xuddi ta'lim sifati kabi yuksak darajada. Talablari qat'iy ekani tufayli ham koreys universitetlarining diplomlari butun dunyoda tan olinadi.

Bakalavriat odatda to'rt yil davom etadi. O'quv yilini shartli ravishda ikki semestrga bo'lish mumkin — ular mart va sentabrda boshlanadi. Qishki ta'til uch oy davom etsa-da, ko'pincha dekabr oyida imtihonlar bo'lib o'tadi. Yozgi ta'til ikki oy — odatda iyul va avgustga to'g'ri keladi.

Darslar tong soat 10:00 dan boshlanib — orada tushlik uchun bir soatlik tanaffus bilan — kech 18:00 gacha davom etishi mumkin.
Janubiy Koreya universitetlarida kredit-modul tizimi amal qiladi. Har bir fan uchun 1 balldan 3 ballgacha beriladi. O'qish yakunida ballar jamlanadi. Har bir kursda ma'lum miqdorda kredit bor. Bu har bir universitetda har xil bo'ladi. Maxsus fanlardan o'rtacha 64 ball, koreys tilidan 24 ball, qo'shimcha fanlardan 15 ball to'plash kerak. Qolgan kreditlar talaba mustaqil tanlagan fanlardan olinadi.
O'qishni muvaffaqiyatli tamomlab, diplom olish uchun kamida 130 kredit to'plash kerak. Agar talaba ularni to'play olmasa, u yo ta'til payti kerakli fanlar bo'yicha o'qiydi, yoki yana bir semestr uchun qaytadan to'lov qiladi. Bitta fan narxi 55 dollardan boshlanadi. Bunaqasi — semestrni qayta o'qish — kamdan-kam bo'ladi, chunki universitetda talabalarning o'zlashtirishini nazorat qiluvchi maxsus bo'lim bor. Agar kimdir biror kurs bo'yicha yetarlicha ball to'play olmagani aniqlansa, u chaqirilib, ballni qanday olishi mumkinligi tushuntiriladi.
Darslarda qatnashish ham o'zlashtirishga ta'sir qiladi. Har bir talabaning telefoniga maxsus mobil dastur o'rnatiladi, bu dastur orqali o'qituvchi darsga kelgan-kelmaganlar haqida avtomatik tarzda xabar topadi. Rahbariyat davomatni shu tariqa nazorat qiladi. Uy vazifasini bajarish ham shunga o'xshash tizim bo'yicha ishlaydi — siz uni o'z vaqtida topshirmasangiz, sizga imtihonlarni topshirish uchun ruxsat berilmasligi mumkin — bunda hech qanday bahona sizni qutqarmaydi.
Semestr davomida talabalar oraliq va yakuniy imtihonlar topshiradi. Baholar jahon miqyosida tan olingan GPA (Grade Point Average) tizimi bo'yicha qo'yiladi, bunda eng past ball 1,0 — D, eng yuqori ball esa 4,5 — A+ hisoblanadi, baho ololmaganlarga F qo'yiladi.
Qanchalik yaxshi o'qisangiz, shuncha kam to'laysiz. Masalan, mening semestr uchun shartnomam 2000 dollar edi, lekin baholarim yaxshi bo'lgani uchun ikkinchi yarim yillikda 1500 dollar to'ladim. Keyinchalik shartnoma summasi 800 dollargacha pasaydi. Agar siz barcha fanlarni A+ bahoga yopolsangiz, tekinga o'qiysiz.
Chet ellik talabalar universitetning stipendiya va grantlariga da'vogarlik qilishi mumkin. A'lochi talabalarga har oyda 300−400 dollar stipendiya beriladi. Bu summa kundalik xarajatlar uchun bemalol yetadi.

Mamlakat hukumati Global Korea Scholarship dasturi doirasida to'rt yil davomida barcha o'qish va yashash xarajatlari to'liq qoplanadigan stipendiyalarni taqdim etadi. Ushbu stipendiyani olish uchun nafaqat yaxshi o'qish, balki universitet hayotida ham faol ishtirok etish kerak.
реклама
реклама
Hamma darslar koreys tilida olib borilsa-da,ingliz tilidagi dastur ham bor. O'qituvchilar jiddiy saralashdan o'tadi va eng yaxshilargina universitetlarda ishlash huquqini qo'lga kiritadi. Semestr davomida ularni rahbariyat nazorat qilib turadi. Misol uchun, talaba semestr uchun yakuniy bahosini ko'rishdan avval o'z o'qituvchisi va u dars beradigan fan haqida anonim sharh qoldirishi lozim . Bildirilgan fikr-mulohazalar e'tiborsiz qoldirilmaydi. Universitet saytida e'lon qilinadigan ushbu baholar asosida keyinchalik boshqa talabalar o'ziga o'qituvchi tanlashi mumkin.

O'zbekiston universitetlarda ham shunday tizim joriy qilinsa yomon bo'lmasdi, deb o'ylayman. O'zbekiston ta'lim tizimidagi jiddiy muammolardan biri bu — malakali kadrlarning yetishmasligi. Ko'pincha o'qituvchi yetarli darajada malakali emas yoki o'zi yaxshi bilmaydigan fanni o'qitadi. Oqibatda o'quvchilar mavzuni tushunishga qiynaldi, ishtiyoq pasayadi.

Janubiy Koreyada har bir o'qituvchi talabalarga o'z fanini sidqidildan yetkazib berishga intiladi, o'tilgan mavzuni tushuntirish va uyga vazifani qabul qilib olish uchun darsdan keyin qolishga ham doim tayyor.
Seuldagi Lotte World Tower osmono'par binosi
Talabalik haqida
Koreyadagi universitetlar juda katta hududni egallaydi. Ular kampuslarda joylashgan bo'lib, u yerda oshxona, kutubxona va yotoqxonadan tortib, bog' va yopiq muz maydonchasigacha hamma narsa bor. Qolaversa, turli xil sport to'garaklari, hobbilar bo'yicha klublar ham bor. Universitet yoqimli — o'qishga sho'ng'ish uchun ideal muhit yaratilgan.

Rahbariyat talabalarning ijtimoiy hayoti sifati haqida qayg'uradi. Har yili universitetlar mahalliy yulduzlarni taklif qiladi va konsertlar o'tkazadi, festivallar o'tkaziladi, talabalar esa ko'pincha imtihonlardan so'ng ziyofat uyushtiradi. Har semestrda bir universitetlararo chempionatlar o'tkaziladi, g'oliblar pul mukofoti va turli buyumlar bilan taqdirlanadi. Bu hatto sportga qiziqmaydigan talabalarni o'ziga qaratadi.
реклама
реклама
Talaba kartasi alohida e'tiborga loyiq. Unga stipendiya tushadi, bonuslar yig'iladi. Oziq-ovqat do'konida yoki tibbiyot muassasasida turli chegirmalar beradi. Karta bilan avtobus yoki poyezd chiptasini yarim puliga sotib olish mumkin, bu esa sayohatni yanada qulayroq qiladi.

Biz bu imkoniyatdan faol foydalanib, Janubiy Koreyaning ko'plab viloyatlariga safar qildik. 3,5 yillik o'qish davomida Koreyaning deyarli barcha katta shaharlarida bo'ldim. Zamonaviy Seul, tarixiy Tegu va Pusan kurorti eng sevimli joylarimga aylandi. Ulsanni ham yaxshi ko'raman — u Yapon dengizi bo'yida joylashgan. Darslardan keyin biz tez-tez sohil bo'ylab sayr qilar, pikniklar uyushtirardik.
Koreyada restoran va bar madaniyati juda rivojlangan.Bu yerda instagrambop interer va taomlarni o'zida mujassam qilgan maskanlar serob, o'ziga xos ichimligu shirinliklari bilan ma'lum, ajoyib muhitga ega qahvaxonalarning bir tumanda jamlangani esa hayratlantiradi. Har kuni yangi joyni kashf qilish mumkin.

Gastronomik bozorlarda tanlov kattaligiga qaramay, o'ziga xos bo'lgan koreys oshxonasi hammaga ham birdek ma'qul kelavermaydi. Eng mashhur taomlar cho'chqa go'shtidan tayyorlangani bois biz universitet oshxonasi va ko'chadagi tamaddixonalardan ko'ra ovqat yetkazib berish xizmatlarini afzal ko'rardik. Yotoqxonadan kvartiraga ko'chib chiqqach, bozor qilib, o'zimiz ovqat pishiradigan bo'ldik.
Janubiy Koreya — yashash uchun qulay mamlakat. Jamoat transportidan foydalanilsa, mahsulotlar bozordan va kiyim-kechak mahalliy brendlardan sotib olinsa, narxlar sizni ko'p ham qiynamaydi. Bu yerda eng qimmat narsa — turar-joy. Kommunal to'lovlar uchun esa oyiga o'rtacha 50 dollar sarflardik.
Ushbu mamlakatning yana bir afzalligi — chet ellik talabalarning haftasiga 20 soatgacha ishlashiga qonuniy jihatdan ruxsat berilgan. Bu oyiga taxminan 1000 dollar daromad keltirishi mumkin. O'zim birinchi semestrda to'yxonada ofitsiant bo'lib ishladim, keyin kafeda barista, so'ngra universitet ma'muriyatida professor assistenti bo'lib ishga kirdim.

Eng yaxshi universitetlarda o'qish yoki ish bilan bog'liq har qanday masalalarda sizga yordam beradigan International Office bo'ladi. Agar sizga yarim kunlik ish kerak bo'lsa, ushbu bo'limga murojaat qilasiz. Tashabbus rag'batlantiriladi.
Koreyada o'qigan yillarim davomida hayotim juda o'zgardi. Atrofimda butunlay boshqacha fikrlash qobiliyatiga va qadriyatlarga ega odamlar bor edi. Ular bilan suhbatlashib, ko'p narsalarni o'zim uchun qaytadan kashf qildim, dunyoga boshqacha nazar solishni, sayohat qilishni boshladim. Yangi do'stlar orttirdim, yangi sevimli mashg'ulotlarim paydo bo'ldi, shuningdek, yordam berishga shay bo'lganlar har doim ham yonimda bo'lmasligi va aksariyat hollarda qiyinchiliklarga o'zim yechim topishim kerakligini angladim.

Uyingizdan uzoqda mustaqil bo'la boshlaysiz, qaror qabul qilishni o'rganasiz va hayotiy tajribangiz ortadi. Shuning uchun bo'lsa kerak, xorijda yashaganlarning ko'pchiligi butunlay boshqa odam bo'lib qaytadi. Men ham bu borada istisno emasman.
Xorijiy oliy o'quv yurtlariga endigina o'qishga kirganlarga maslahatim shuki, universitetdagi vaqtingizni behuda o'tkazmang — o'qing, ish topishda haqiqatan ham qo'l keladigan zamonaviy bilimlar egasiga aylaning. Sabrli bo'ling va o'zingizni rivojlantirishga imkon qadar ko'proq vaqt ajrating — bunday imkoniyat boshqa bo'lmasligi mumkin.
Universitetning oldidagi gullagan sakura
Matnni Farzona Hamidova tayyorladi.
Rus tilidan Nazarbek Nazarov tarjimasi.
Illyustratsiya: Eldos Fozilbekov / "Gazeta.uz".
Fotosuratlar Shahnoza Burhonovaning shaxsiy arxividan.

"Gazeta.uz" muallifligidagi grafik materiallar, shuningdek, matnga boʻlgan huquqlar "Gazeta.uz"ga tegishli. "Gazeta.uz" internet-nashri saytiga joylashtirilgan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? Oʻz hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.
Made on
Tilda